Habibulla Zayniddinov. Ibn Battuta (1989)

«Men shaharga yetib kelib, uning tashqarisida to‘xtadim. Hamrohlarimdan biri shahar qozisi Sadr Abu Xafs al-Bakri degan kishining huzuriga yo‘l oldi. U menga o‘z noibi Nuril Islomni yubordi. Nuril Islom kelib men bilan salomlashib hol-ahvol so‘rashgach, o‘z xo‘jasining oldiga qaytib ketdi. Shundan so‘ng qozi o‘z odamlari hamrohligida kelib men bilan ko‘rishdi. O‘zi yosh ersa-da, xizmatlari ulug‘ bo‘lgan qozining ikki noibi bor edi, biri hozir eslatilgan Nuril Islom, ikkinchisi esa, Olloh taologa e’tiqodi ustivor va fiqh ilmini suv qilib simirgan Nuriddin al-Kirmoniydir. Qozi bilan uchrashuv chog‘imizda u menga shunday dedi: “Shahrimizda azbaroi odam ko‘pligidan yo‘l topib yurishingiz amrimaholdir. Shu bois noibimiz Nuril Islom boshchiligida tongga yaqin kira olursiz”. Rozi bo‘lmaslikka ilojimiz qolmadi. Biz kimsasiz bir madrasaga qo‘ndik. Bomdod nomozidan keyin huzurimizga yuqorida nomi qayd etilgan qozi va u bilan shaharning martabali kishilari ham tashrif buyurdilar. Ular orasida mavlono Humomiddin, mavlono Zayniddin al-Maqsadiy, mavlono Rioyiddin al-Ridoviy, mavlono Jaloliddin al-Imodiy va Xorazm amirining imomi Shamsid din as-Sindjoriylar ham bo‘lib, ularning hammasi hurmatga munosib odamlar edi… » (N. Ibrohimov. Ibn Battuta va uning O‘rta Osiyoga sayohatlari. M. “Nauka”, 1988 yil. 74-bet.)

Ushbu satrlar sharqshunos olim N. Ibrohimov tomonidan nashrga tayyorlanib, 1988 yili Moskvada chop etilgan «Ibn Battuta va uning O‘rta Osiyoga sayohatlari» nomli kitobiga taalluqlidir. Ibn Battuta haqidagi bu kitob birinchi marta nashr etilgan bo‘lib, unda sayyohning hayoti va safar taassurotlari bayon qilinadi.

Ibn Battutaning to‘liq nomi Shamsiddin Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf al-Lavatiy at-Tanjiy bo‘lib, 1304 yili Marokashdagi Tanjir shahrida, o‘rta hol oilada dunyoga kelgan. O‘z shahrida savodini chiqargach, ilmga chanqoq sayyoh 1325 yili Makkaga yo‘l oladi. Munaqqid N. Ibrohimovning yozishicha, yigirma yetti yillik sayohati davomida Ibn Battuta yuzlab katta-kichik shaharlar, qishloqlarda bo‘lib, Shimoliy va G‘arbiy Afrika, Arabiston yarim oroli, Ispaniya, Turkiya, Eron, Sharqiy Yevropa, O‘rta Osiyo, Hindiston hamda nihoyat Xitoyga sayohat qilgan. Bu esa roppa-rosa 150 ming kilometrlik masofani tashkil etadi. Agar o‘sha davr nazari bilan qaralsa, har qadami xavf-xatarlarga to‘la mashaqqatli bo‘lgan o‘sha og‘ir yo‘lni bosib o‘tish kishidan sabr-matonat talab qilar edi.

Ibn Battuta qadami yetgan har bir mamlakatning shubhasiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotiga, madaniyatiga alohida e’tibor bergan. Ko‘rgan-kechirganlaridan tashqari eshitganlarini ham o‘z nazar-e’tiboridan qochirmagan. Ayniqsa, uning Qora Dengiz orqali Qrimga, so‘ngra Oltin O‘rda poytaxti Saroy Berkaga kelgandagi faoliyati N. Ibrohimov kitobida tarixiy dalillar asosida batafsil yoritilgan. Lekin biz uchun buyuk sayyohning 1333 yilning boshlarida O‘rta Osiyoga qilgan safari qimmatliroqdir.

Maqolamizning boshida sayyohning Xorazm poytaxti ko‘hna Urganchga yetib kelib, uning qozisi tomonidan kutib olinishiga iqtibos bergan edik. Xullas, sayyoh mashhur tarixiy shaxs Qutlug‘ Temur bilan ko‘rishgani haqida yozadi:

«Xorazm amiri darhaqiqat ismi-jismiga monand kishi edi. U, sulton Muhammad O‘zbekning ona tomonidan xolasining o‘g‘li bo‘lib, uning ulug‘ amirlaridan biri edi. Ayni vaqtda u Xurosonning voliysi (hokimi) hamdir. Uning o‘g‘li Horunbek sulton Muhammad O‘zbekning qiziga uylangan…

Qozi men bilan ko‘rishgani kelganda shunday dedi: «Amir seni ko‘rgani kelmoqchi edi, biroq tobi qochib qoldi. Keyin men amirdan hol-ahvol so‘ragani qozi bilan birga jo‘nadim.

Biz amirning uyiga keldik va hashamatli mehvariga (devonxonasi) kirdik. Xonalarga o‘ymakor duradgorlar jilo bergan. Biz gumbazi o‘ymakori naqshlar

bilan bezatilgan kichik uyga kirdik. Devorlariga rango-rang palaklar yozilgan, shiplariga shohi zardo‘zlar ilib qo‘yilgan. Amir shohi ko‘rpachada o‘tirardi, oyog‘ini, bodi qo‘zigani uchun ko‘rpaga o‘rab olgan edi. Bu kasallik turklar orasida keng tarqalgan. Borib amir bilan ko‘rishdim va u meni o‘z yoniga o‘tqazdi. Shuningdek, qozilar va faqihlar ham o‘tirishdi. Amir fotih Muhammad O‘zbek haqida surishtirdi. Boyolun xotun (Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxonning xotini, Konstantinopol qiroli Laskarisning qizi) va uning otasi hamda Qustantaniya shahri haqida ham so‘radi. Men unga bilganimcha hammasini so‘zlab berdim. Keyin taomlar tortildi. Qovurilgan tovuq, turna va kaptarlar, bo‘g‘irsoqlar, moyli kulchalar va turli qandolatlar keltirildi. Undan so‘ng barkashda tilla va kumush taxsimchalarga solingan ho‘l mevalar uzatildi. Ularda po‘stlog‘i tozalangan anorlar bo‘lib, yonida tilla va yog‘och qoshiqlar ham bor edi. Bir qancha iroqi chinni idishlardagi uzum va ajoyib qovunlar kishining ishtahasini ochib yuborardi.

Amir joriy etgan odatlardan biri shu ediki, u har kuni qozining qabulxonasiga kelib, o‘ziga ajratilgan kursiga o‘tirardi; uning bilan birga faqihlar va kotiblar ham kelardilar. Qozining ro‘baro‘siga esa, bosh amirlardan biri o‘tiradi, uning huzurida yorg‘uchi deb ataladigan sakkiz nafar sara turk amir va shayxlari bo‘ladi; bularning huzuriga odamlar da’vo-dastorlar bilan keladilar. Diniy ishlarga taalluqli janjallarni qozining o‘zi hal etadi, boshqa masalalarni esa, haligi amirlar ko‘rib chiqadilar. Ular ishlarni to‘g‘ri va adolatli hal etar, hech bir masalada zinhor qiziqqonlik qilmas, pora olmas edilar. Muddaiylar ham shunga ko‘nikib qolgan edilar, deb yozadi Battuta o‘z safarnomasida.

Shubhasiz, bu so‘zlar XIV asrda, O‘zbekxon zamonasida, islom dini Oltin O‘rda jamiyati yuqori tabaqasining hukmron ideologiyasi bo‘lib qolgandan keyin ham sud ishlarining bir qismi hamon yorg‘uchilar qo‘lida, ya’ni mo‘g‘ullarning odatdagi qonuni bo‘lgan Chingizxon yasosi asosida hukm qiluvchi sud’yalar qo‘lida bo‘lganligini yaqqol ko‘rsatadi. Ammo ana shu yaso asosida ish ko‘rish davom etishiga qaramay, bu yerda shariatning va uning namoyandalari bo‘lgan qozilarning ham ta’siri benihoya kuchli bo‘lganligini asar davomida payqash qiyin emas.

Shuningdek, Ibn Battuta Xorazm amiri Qutlug‘ Temurni odil, fuqaroparvar, uning zavjasini, ya’ni To‘rabek xotunni diyonatli, tavfiqli deb ta’riflar ekan, bularning say’i harakatlari bilan ko‘hna Urganch va Xorazmning boshqa talay joylarida olib borilgan yuksak qurilishlar, obodonlashtirish ishlarining adog‘i yo‘qligini, o‘sha davrlarda to Chingizxon istilosi (1221 yil)ga qadar Xorazmda aholi qanday zich bo‘lgan bo‘lsa, Qutlug‘ Temur davrida ham shunday aholi zich yashaganligini, hatto tongdan shomgacha odam tirband harakat qilganligi tufayli shahar go‘yo chayqalib turgan dengizga o‘xshashligini alohida mamnuniyat bilan hikoya qiladiki, bu tafsilot ko‘z oldimizda madaniyati har tomonlama kamol topgan, savdo ishlari rivojlangan qudratli davlatni gavdalantiradi.

Sayyoh Xorazmdan oqib o‘tadigan Amudaryoga ham e’tiborini qaratib: «…Xorazmning shundoq yonidan jannatdan ato etilgan to‘rt daryodan biri — Jayhun daryosi oqib o‘tadi. Bu daryo Itilga (Volga) o‘xshab ketadi», — deb yozar ekan, ushbu daryoni nafaqat hayot, balki xorazmliklar tijoratining manbai ekanligini ham qayd etadi.

Ibn Battuta Xorazmda qisqa vaqt turgandan keyin o‘sha davrlarda chig‘atoyilardan Aloviddin Tormashirin (1326—1334 yil) hukmronlik qilgan Movaraunnahrga yo‘l olgan. Umuman, u qayerda bo‘lmasin, hamisha birday iliq kutib olinganini qayta-qayta bayon qiladi. U dastlab olamga mashhur shaharlardan biri Buxoroga borayotib, uning nihoyasi Vobkentda to‘xtaganini shunday ta’riflaydi:

«Bu Buxoroga bir kunlik yo‘lda joylashgan, hovuzlari, bog‘-rog‘lariga ega chiroyli shaharchadir. Aholisi uzumni yil davomida saqlaydilar. Ularda ayniqsa, bir nav meva bo‘lib, uni al-allu (olxo‘ri) deb ataydilar. Odamlar uni quritib Hindiston va Xitoyga eltadilar. Yetilib pishgan mevalarni suvga chayib ichadilar. Quritilganlari esa nordonroq ta’m beradi. Bu meva ko‘p yumshoqki, bundayini Andaluziyada ham, Suriyada ham ko‘rmadim». Shundan keyin u, kun bo‘yi butkul bog‘lar, hovuzlar, daraxtzoru yam-yashil ekinzorlar oralab Buxoroga yetib borgan. Shaharni ziyorat qilar ekan, bu o‘lkada uncha ko‘p bo‘lmagan omon qolgan ba’zi inshootlardan boshqa Chingizxon davrida vayron etilgan masjid, madrasa va bozorlar hanuzgacha xaroba holida yotganini achinish bilan gapiradi. Undan so‘ng Buxorodan uzoq bo‘lmagan Fathobodga tashrif buyuradi.

U yerda Ibn Battuta mashhur din arbobi Sayfiddin al-Boharziyning nevarasi, yurtning ulug‘laridan biri mufti shayx Yahyo al-Boharziyning uyida mehmon bo‘lgan. Bu odam uning Ibn Battutaning tashrifi sharafiga shaharning taniqli kishilarini uyiga chorlagan. Qissaxonlar ajoyib ovozda Qur’on o‘qiganlar. Muftining o‘zi ma’ruzalar qilgani, turk va fors tillarida juda latif qo‘shiqlar aytilgani va boshqalar haqida sayohatnomada batafsil hikoya qilinadi.

Ibn Battuta shundan so‘ng Naxshobga (Qarshiga) borgan va sulton Tormashirinning qabulida bo‘lgani, u bilan qilgan muloqotlari hamda bu hukmdorning va eshitishi bo‘yicha uning o‘tmish taxtdoshlarining sifatlari, hamma-hammasi haqida muhim tarixiy ma’lumotlarni bayon etadi. Sayyoh bu yerdan Samarqandga borgani, N. Ibrohimovning yozishicha, o‘sha 1333 yiliyoq u O‘rta Osiyoga qilgan sayohatini yakunlab, Shimoli-Sharqiy Eronda, undan keyin Afg‘onistonda bo‘ladi. U yerdan esa, Hindiqush orqali 1333 yil 12 sentyabrda Hindistonga borgan va u yerda qariyb sakkiz yilcha turib qolgan. So‘ngra o‘zi ko‘pdan beri orzu qilgan Xitoyga borishga musharraf bo‘lgan. Tinib-tinchimagan bu donishmand sayyohning ayniqsa O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston to‘g‘risida yozib qoldirganlari, garchi o‘sha davr oddiy mehnat ahlining hayoti tarzini kam qalamga olib, ko‘proq hukmron sinf vakillarining ta’rifini keltirgan bo‘lishiga qaramay, o‘lkamiz tarixi, uning madaniyatiga oid bizgacha yetib kelmagan muhim manbalarni tuhfa etadi.

73 yil yashab o‘z vatanida vafot etgan zo‘r iroda, aql-idrok sohibi bo‘lgan bu arab sayyohining faoliyatini munaqqid N. Ibrohimov chuqur tahlil etganiga shubha yo‘q. Biroq mazkur kitob yozilayotganda ayrim nuqsonlarga yo‘l qo‘yilganligi ham sezilib qoladi. Masalan, munaqqid kitobning 10—11-betlarida: «Sarbadorlar Xurosonda o‘zlarining mustaqil davlatlarini tuzganlar. Bu davlat 1337 yildan to 1381 yilgacha yashagan», deb yozarkan: «Ibn Battuta u yerga borgan hamda bu haqda batafsil ma’lumot bergan… Ibn Battutaning sarbadorlar davlati to‘g‘risida keltirgan ta’riflari g‘oyat noyobdir», deydi. Biz muallifning yuqoridagi ma’lumotlariga ko‘ra Ibn Battuta o‘sha 1333 yiliyoq Hindistonga borib, u yerda uzoq yillar turib, so‘ng Xitoyga safar qilganligini nazarga olsak, ma’lumotlar oralig‘ida noaniqlik borday ko‘rinadi. Xo‘sh, u qanday qilib Sharqiy Xurosonga qaytishi va sarbadorlar harakatini ko‘rishi hamda u haqda batafsil yozishi mumkin, degan savol o‘z-o‘zidan tug‘iladi. Shuningdek, kitobning 120-betidagi 140-izohda: “Abu Yazid (Boyazid) Tayfur ibn Iso” haqida yozganida uni “IX asrda Bistomda tug‘ilib… 847 yilda vafot etgan”, deb ketgan. Vaholanki, sharqshunos olima Dilorom Yusupovaning 1980 yili Toshkent “Fan” nashriyotida chop etilgan “Mo‘jamali Fasixiy” («Fasixiyning majmualari*) asarida (68-betda) o‘sha olimning to‘liq ismi ham, uning 1341 yili vafot etgani ham aniq yozilgan. Lekin, shularga qaramay, kitobxonlarga garchi bu kitob hanuzgacha arab tilidan to‘liq ag‘darilmagan bo‘lsada, noyob tuhfa bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, o‘lkamiz tarixi va madaniyatini o‘rganishda bunday asarlar nihoyatda zarur. Ular to‘liq holda o‘z ona tilimizda chop etilsa, yana ham nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 5-son