Sulton Muhammad Hofiz Ko‘hakiy Toshkandiy (tug‘ilgan yili noma’lum, 1572 yili vafot etgan) o‘z zamonasining ko‘zga ko‘ringan yirik olimidir. U mashhur Ali Qushchi (to‘liq ismi-sharifi Aloviddin Ali ibn Muhammad Samarqandiy)ning nevarasi parkentlik mavlono Kamoliddinning o‘g‘li bo‘lib, ko‘proq toshkentlik Hofiz Ko‘ykiy deb tanilgan. Olim bir qancha vaqt Qo‘yliqda ham yashagan, binobarin, tarixning zarvaraqlarida mavlono Qo‘yliqiy deb yozilgan joylar uchraydi.
Toshkent shahrining Chig‘atoy darvozasidagi hozirgi «Kommuna» ko‘chasi o‘rnida joylashgan Hofiz Ko‘ykiy mahallasi qadimdan shu ulug‘ zotning nomi bilan atalib kelgan. Hofiz Toshkandiyning Parkentdan shu mahallaga kelib turib qolganligi ehtimol etiladi. Yukorida zikr qilingan «Ko‘ykiy» taxallusini Hofiz o‘zi tug‘ilib o‘sgan Parkentning Ko‘hak kishlog‘iga nisbatan qo‘llagan bo‘lishi mumkin. Zero, Ko‘hakiy so‘zi «Ko‘haktog‘», ya’ni tog‘lik Hofiz Ko‘hakiy deb atalishi haqiqatga yaqinroqdir.
Hofiz Ko‘hakiy Toshkandiy iste’dodli tarixchi, huquqshunos, tarjimon, shuningdek, geografiya, etnografiya, handasa, riyoziyot, falsafa va adabiyot sohalarini ham chuqur egallagan, ulardan o‘z ishida unumli foydalangan allomadir. Olim ilmining ravnaq topib, kamolot cho‘qqisiga chiqa boshlagan davri asosan shayboniyxonlardan Ubaydulloxon va Abdulloxon II davrlariga to‘g‘ri keladi. Uning bizgacha saqlanib qolgan asarlaridan «Risolai fifanniy at tavsir val kalom» («E’tiqodga oid ilmlar haqida risola») nomli qo‘lyozma kitobi o‘sha zamonda shuhrat topgan asar bo‘lganligi Hoji Xalifaning «Sijil Usmoniy» asarida aytiladi.
Hofiz arab, fors tillarini va adabiyotini yaxshi bilganligi tufayli Sharq hamda G‘arbda keng shuhrat qozonadi. U ilmiy ishlar bilan birgalikda mudarris (o‘qituvchi)lik ham qiladi, sayohatlarga chiqadi. Masalan, Hofiz o‘zining uzoq hayoti davomida Misr, Iroq, Suriya, Yaman, Saudiya Arabistoni, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Sharqiy Turkistonning Qashqar, Xo‘tan, Yorkent, G‘ulja kabi qator yirik shaharlarida va boshqa ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, o‘z bilim doirasini har tomonlama kengaytirgan sermahsul ijod sohibidir. «Sijil Usmoniy» kitobida aytilishicha, Hofiz Toshkandiy shaxsan Hindistonda ikki marta bo‘ladi, xususan, birinchi marta Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo hayotligida 1528 yili tashrif buyuradi («Sijil Usmoniy». O‘zSSR Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma fondi, inv. nom 2628. j, IV, 100 b.).
O‘shanda u Zahiriddin Muhammad Boburning tantanali qabul marosimida qatnashar ekan, saroydagi rasm-rusmlarni hamda Dehli, Haydarobod, Jaypur, Banoras, Kalkutta va boshqa joylardagi ko‘rgan-kechirganlari, mahobatli qurilish inshootlariyu u yerlarning ajoyibotlari haqida maroq bilan hikoya qiladi. Jumladan, Bobur o‘zining «Boburnoma»sida: «Ulug‘ osh tortilg‘onidan keyin… mulla Farruh va Hofiz boshliq bila kelganlarga chakmonlar kiydiruldi… Hofiz Toshkandiy va mulla Farruh boshliq Xojaning (o‘sha davrdagi Samarqand shohi Xoja Ubaydullaxon nazarda tutilayapti — H. Z.) mulozimlariga va boshqa o‘lka elchilariga ham oltundin, kumushdin tarkash bila in’omlar bo‘ldi», — deb eslaydi. 1569—1570 yillari ikkinchi marotaba borganida, Boburning nevarasi Jaloliddin Akbarshoh qabuliga kirishga musharraf bo‘ladi. Uning ayniqsa, Chingizxon va o‘zbek hukmdorlari haqida yozgan tarixiy asarlari bu kungi fan olamida juda muhim ahamiyatga egadir.
X asrda yashab o‘tgan Muhammad binni In’om degan olim Sharqiy Turkiston (Uyg‘uriston) mamlakati haqida, o‘sha yerning hoqoni Tomg‘ochxon binni Bug‘roxon nomiga fors tilida «Tarixi Turkiston» nomli kitob yozgan. XVI asr o‘rtalariga kelib, bu asarni Hofiz Ko‘hakiy Toshkandiy o‘zining ko‘p yillik sayohat taassurotlari, to‘plagan ko‘pgina qimmatli boy ilmiy materiallaridan foydalangan holda kengaytirib, «Tarixi Xitoy va ahvoli mulkho» nomi bilan turkiy, ya’ni ko‘hna o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Bu asarda Xitoy va Sharqiy Turkiston yerlarining tarixi, unda hayot kechirgan uyg‘ur, o‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa turkiy xalqlar tarixi, rasm-rusm, urf-odatlari, madaniyati, shaharlarning joylanishi, bepoyonligi, cheksiz go‘zalligi haqida keng va ajoyib ma’lumotlar beriladi. Hoji Xalifaning «Kashfu Zunun» asarida yozilishiga ko‘ra, XIV asr oxirlari va XV asr boshlarida ko‘pgina hunar peshagirlari va san’at turlarining namoyandalari qatori Ali ibn Muhammad Sayid ibn Sharif Jurjoniy va Sa’diddin Taftazoniy ham Samarqandda yashab ilmiy ishlar bilan shug‘ullangan, o‘sha davrning eng kuchli olim hamda faylasuflari hisoblanganlar. Xususan, allomai zamon deb ta’rif-tavsiflangan Taftazoniy Samarqand madrasalarida dars berar, saroy olimlariga sarbonlik ham qilar ekan. Hofizning esa ana shu ikki zabardast olim, Ali ibn Muhammad Sayid ibn Sharif Jurjoniy bilan Sa’diddin Taftazoniylarga bag‘ishlangan asari borligi ma’lum. Shuningdek, bu ikki olim o‘rtasidagi adabiyotshunoslik termini haqida munozaralarning mohiyatini yoritish maqsadida Hofiz Toshkandiy «Istiorai tamsila» kitobini ham yozgan. Bu kitobning bir nusxasini u Turkiyaga qilgan safarida Usmoniylar hukmdori Sulton Salimning vaziri Muhammad poshshoga hadya etgan («Sijil Usmoniy», IV j. 120 s.).
Hofiz Toshkandiyning yana bir mashhur «Tarixi oliy Chingiz» («Chingizxon va uning avlodlari tarixi») asari mo‘g‘ul tarixiga oiddir. Bu asar manbalarning nechog‘lik aniq va to‘laligi bilan o‘tmish tarixchilar asarlaridan bevosita ajralib turadi. Ushbu noyob kitobni yozishda u umrining yarmidan ko‘p qismini mo‘g‘ul hukmdorlari saroyida o‘tkazgan mashhur Eron tarixchisi — Bohovuddin Muhammad al-Juvayniy (XIII asr)ning «Tarixi jahonkushoi Juvayniy» («Juvayniyning jahonni fath etgan jahongir haqidagi tarixi») nomli fors tilidagi asaridan keng foydalangan.
O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Hofiz Toshkandiyning «Sharhi odobul al-munozara» («Odob-axloq bobida munozara kitobiga sharh») kitobining 1604 yilda Muhammad Zamon binni Lutfullo xattot tomonidan husnixat bilan Balx shahrida arab tilida ko‘chirilgan nusxasi, arab tilida yozilgan «Favoid Ziyoiya» nomli sharhlangan asari, o‘z ustozi mavlono Asomiddin Ibrohim Isfaroiliyning «Sharhul mezon al-adab» asariga yozgan ilmiy sharhi, fors tilida yozilgan «Ajolatul bayon fi sharhul mezon» («Kashfu Zunun», asar II, sahifa — 578, 5977), «Dasturil faroiz» kitoblari saqlanmoqda.
Mazkur asarlarni sinchiklab o‘rganish va ayrim kishilar qo‘lida saqlanib qolgan qo‘lyozmalarni qidirib topish toshkentlik bu yirik, zabardast olimning hayoti va faoliyatiga doir yanada to‘liqroq ma’lumot olish imkonini beradi, binobarin, o‘lkamiz fani tarixiga shubhasiz yana bir mazmundor sahifa qo‘shiladi, degan niyatdamiz.
Ammo hozirda, ulug‘ munajjim olim Ali Qushchining Toshkentda yashagan ana shu nevarasining nomini abadiylashtirish borasida hech qanday e’tibor berilmay kelinayotganligi, u yashagan va qadimdan uning tabarruk nomi bilan yuritilib kelingan mahalla bugungi kunda nechundir unutilayozganligi kishini ajablantiradi, albatta.
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 1-son