Habibulla Zayniddinov. Ahsikat (1989)

Samarqanddagi Afrosiyob tepaligi kabi qadimiy arxeologik yodgorliklardan biri — ko‘hna Axsikat eramizdan oldingi VI—V asrlarga oid ma’lumotlarga ko‘ra eramizning to XIX asr o‘rtalarigacha ham shu nom bilan atalgan. Uning xarobalari hozirgi Namangan muzofotining To‘raqo‘rg‘on mavzesi, Shahand qishlog‘i chegarasidadir. Unga Zadaryo mavzesining markazi bo‘lmish Jomashuydan Sirdaryoga qurilgan ko‘prik orqali o‘tiladi. Ko‘prikdan o‘tishingizdanoq o‘ng va so‘lda qadimgi Axsikat shahrining o‘tmishda ish bergan, davrlar o‘tishi bilan qulagan, yemirilgan bahaybat mudofaa devorlari, minora shaklidagi qorovul tepa (chink)lar, shahar ichkarisida esa, ko‘cha va ulkan qo‘rg‘on-qasr inshootlarining qoldiqlari ko‘zingizga tashlanadi.

Axsikat diyorida yashab, bolaligi o‘tgan shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘zining «Boburnoma»sida qayd etib o‘tadi. U: «Sayhun suyining shimoliy tarafidag‘i qasabalar: bir Axsidir. Kitoblarda Axsikat biturlar. Nechukkim, Asiriddin shoirni Asiriddin Axsikatiy derlar. Farg‘onada, Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qtur. Andijondin g‘arb sori to‘qqiz yig‘och (bir yig‘och 8 km) yo‘ldur. Umarshayx mirzo muni poytaxt qilib erdi. Sayxun daryosi qo‘rg‘onining ostidin oqar. Ko‘rg‘oni baland jar ustida voqe bo‘lubtur. Xandaqining o‘rnig‘a amiyq (chuqur) jarlardur… Farg‘onada muncha berk qo‘rg‘on yo‘qtur. Mahalloti qo‘rg‘ondin bir shar’iy yiroqroq tushubtur. «Deh kujou daraxton kujo» (qishloq qaydayu, daraxtlar qayda) masalini g‘olibo Axsi uchun aytibturlar. Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir nav’ qovundurkim, «Mir Temuriy» derlar, andoq qovun ma’lum emaskim olamda bo‘lg‘oy. Buxoro qovuni mashhurdur. Samarqandni olg‘on mahalda Axsidin, Buxorodin qovun kelturub bir majlisda kesturdum, Axsi qovunining hech nisbati yo‘q erdi», deydi.

…O‘tgan asrning uchinchi choraklarida chor Rossiyasi uyushtirgan arxeologik tadqiqotlaridan bu yerda deyarli natija chiqmadi. Ulardan so‘ng «mahalliy xalq» u yerni tartibsiz ravishda kavlab, qimmatbaho buyumlar qidira boshlaydi. Xuddi shu qidiruvlar davomida Axsi va Shahand xarobalaridan qadimgi oltin, kumush va boshqa buyumlar topilgan.

Arxeologik tadqiqotchilar O‘rta Osiyoning janubiy, janubi-g‘arbiy tomonlarida topilgan, misga cho‘kichlab ishlangan qadimiy buyumlarni eramizgacha bo‘lgan V—IV ming yillikka oid deb taxmin qiladilar. San’atdagi chin go‘zallik aslo eskirmaganidek, topilgan va topilayotgan talaygina yodnomalar ichida eramizdan avvalgi va eramizning XIII asrlariga qadar bo‘lgan davrlarga mansub go‘zal tabiat manzaralari, hayvonot olami, qushlar va boshqa turli jonzotlarning tasviri shunchalar lol qolarli darajada o‘ta mahorat bilan aks ettirilib, lojuvard tusda sir berilgan kulolchilik buyumlari har jihatdan kishi diqqat-e’tiborini o‘ziga tortadi. Sababi, bu buyumlarda fazoviy shakllarning badiiy tuzilishi, o‘simliksimon naqsh bezaklarning mazmunan teran, boy va xilma-xilligi, ranglarning hayotiy uyg‘unlashib, yorqin jilvagarlik kasb etib hamda baxt ramzi sifatidagi niliy bo‘yoqlarning g‘oyatda mohirona ishlatilganligidadir.

Shu narsa ravshanki, Sharq me’morchiligi, O‘rta Osiyoning boy kulolchilik san’ati juda qadim zamonlardayoq keng tarmoq otib rivojlangan edi. Xususan, ko‘hna Axsikatning ajoyib topilmalari ichida qo‘shquloq — ko‘zasimon idish, eramizning III asriga mansub zangori tusda sir berib sayqallangan guldon, X asrga oid, ichiga nozikta’b xattot tomonidan «Shu lagan egasiga oq yo‘l, shodlik sihat-salomatlik tilaymiz», deb yozilgan lagan va kosalar, yana o‘sha asrga taalluqli laganlarning biriga: «Boylikka intilishdan voz kechmoqlik saodatdir», degan arabiy yozuvdagi noyob topilmalarni ham Farg‘ona kulolchilik san’atining eng yorqin namunalaridan biridir, deb aytish mumkin. Bu kabi kulolchilik san’ati qadam-baqadam, davrma-davr yanada o‘sdi, taraqqiy etdi. Bunga VIII—XIII asrlarga tegishli hayvonlar, qushlar, tabiat, ov manzarasi, tantanali marosimlar, jangovar epizodlar hamda islomdan avvalgi mahalliy yozuv lavhalari tushirilgan sopol taxtachalar, ko‘za, ganch qinli billuriy siyohdon, xum va boshqalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Farg‘onaliklar ishlab chiqarib, Xitoyda ilohiy deb qaralgan nozik san’at turlariga kiruvchi yaltiroq rangli naqshinkor shishalar, chinnisozlik mahsulotlari, g‘oyat go‘zal va badiiy jihatdan yuksak ishlangan qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari, oltin va kumushdan yasalgan munchoqlar, uzuklar, bilakuzuklar, zebigardonu to‘g‘nog‘ichlar, tumorlar, najjor-naqqoshlar yaratgan juda go‘zal jiloli mo‘jizakor buyumlar, nafis to‘qilgan gazmolning juda pishig‘idan tortib, yupqasigacha bo‘lgan har xil turlari, o‘sha davrlarda nafaqat O‘rta Osiyoda, balki xorijiy o‘lkalarda ham talab katta bo‘lgan karbas (bo‘z) mahsulotlari, so‘zsiz, hunarmandchilikning yuksak darajada rivojlanganligini va ixtisoslashtirilganligini yaqqol ko‘rsatadi.

O‘rta Osiyoda sirkor sopol ishlab chiqarish VIII — IX asrlarga kelib ayniqsa keng quloch yozadi. Xususan, X—XII—XIII asr mo‘g‘ullar tajovuziga qadar sirlangan buyumlar yasash g‘oyat yuksak taraqqiyot darajasiga yetishganligini payqash qiyin emas. Bu davrdagi sopol idishlar shaklining ixchamligi va gullarining ko‘rkamligi bilan diqqatni o‘ziga tortadi. Xullas, o‘rta asr kulolchiligining ilg‘or usul va uslubi, xumdonlarning amaliy tuzilishi, shakli, qo‘llanilgan zaruriy asbob-uskunalarning sozligi va hokazolar bu san’atning o‘z davriga nisbatan kamolot cho‘qqisiga chiqqanligini ko‘rsatadi. Jumladan, Quva, Rishton, Urgut, Chust, Axsikat kulollari yasagan buyumlar alohida diqqatga sazovordir.

Turli rangdagi kesak yoki minerallar maydalanib, maxsus elakdan o‘tkazilgan, so‘ng unga yopishqoq suyuqlik (daraxt yelimi, tuxum oqi, asalari mumi va boshqalar) qo‘shib bo‘yoq qilingan. Shuningdek, bo‘yoqlar sun’iy usul bilan ham tayyorlangan. O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonda tayyorlangan bunday nafis va nozik sifatli bo‘yoqlarga chet mamlakatlarda ham talab katta bo‘lgan. Hatto, bu yelimli bo‘yoqlar Xitoy, Rossiya, Eron, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Arabiston, Hindiston kabi ko‘pgina mamlakatlarga muntazam ravishda chiqarib turilgan.

Yodgorliklar — yozma manbalarning guvohlik berishiga ko‘ra, farg‘onaliklar qadimdan konlarda ishlaganlar, mis va temir eritish bilan, temirchilik, metallardan turli xil harbiy va mehnat qurollari yasash, misgarlik, kandakorlik, aravasozlik, gilam to‘qish, namat bosish, degrezlik, pichoqchilik, bo‘z to‘qish, shohido‘zlik dastgohlari,zargarlik, binokorlik va boshqa ishlar uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni ishlash bilan qizg‘in shug‘ullanganlar. Jumladan, 1069 yilda yozilgan, turkiy tilining qimmatli yodgorligi bo‘lgan didaktik yo‘nalishdagi «Qutadg‘u bilig» («Saodatga yo‘llovchi bilim») nomli asarda, ayniqsa, hunarmandlarga yuqori baho beriladi. O‘z davrining ajoyib farzandi bo‘lgan alloma Yusuf Xos Hojib Bolasag‘uniy o‘zining ushbu asarida shunday deydi: «Ular sen uchun juda zarur kishilardir, sen ular bilan yaqin aloqada bo‘l: temirchi, etikchilar, o‘ymakor, misgarlar, suvchi, egarchi, binokor, toshchi (toshtarosh), o‘qchi, kamonchilarning foydasi katta. Xullas, bu dunyoning jamiki go‘zalliklari bulardan chiqadi»[1].

Saqlanib qolgan quyosh va suv soatlari, yulduzlarning jadvallari allomalarning zo‘r zakovatlari bilan ijod etilgan munajjimlik asboblar qadimgi Axsikatda ilmu fanning qay darajada rivoj topganligi va yuksalganligini ham yaqqol ko‘rsatadi.

Arab sayyohlari al-Maqdisiy va al-Istahriylarning (X—XI asrlar) bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Axsikat uch qismdan: Shahriston (shahar markazi bo‘lib, uning janubiy qismidan IX—X asrlarda asosiy savdo hamda ulug‘ ipak yo‘li tarmog‘i o‘tgan, shuningdek, bu shahar ayni bir vaqtda metallurgiya markazi ham hisoblangan), Rabot (shahar atroflari), nihoyat Arki a’lo (podshoh qarorgohi)dan iborat bo‘lgan. XII asr oxirlari — XIII asr o‘rtalarida yashab o‘tgan geograf, tarixchi olim Muhammad binni Najib al-Bakron o‘zining Xorazmshoh Aloviddin Muhammad Iga (1209 yili) bag‘ishlab yozgan «Jahonnoma» sarlavhali dunyo xaritasining sharhi (ilovasi)da: «Farg‘ona — Movaraunnahr hududidagi viloyat, uning poytaxti Axsikat deb ataladi. Nihoyatda xushhavo joy, Samarqanddan Farg‘onagacha 53 farsax (bir farsax 6—7 km) masofadir… Bu yerning (ya’ni Farg‘onaning) yaxshiligini bilib, qadimdan har joydan turli qavmlar ko‘chib kelib, imoratlar va ekinzorlar qilib turg‘un bo‘lib qolganlar. Xonadonlari har joyda, tillari ham har xil bo‘lgan. Ularni «har xona» deganlar. Bu so‘z iste’molda «Farg‘ona» bo‘lib ketgan»,[2] — deb yozadi. Yunon manbalarida Farg‘ona so‘zi «Parkana», qadimgi fors shevalarida «tog‘lar qo‘ynidagi oltin vodiy», Xitoy manbalarida esa, tog‘li o‘lka ma’nosini anglatgan ekan.

«Eramizdan avvalgi 11 asrlarda Farg‘ona aholisi chorva, yer xo‘jaligi bilan shug‘ullangan, paxta, yo‘ng‘ichqa, bug‘doy, sholi, uzum yetishtirishda tengsiz sohibkor bo‘lgan. Xitoyliklar uzumchilikni dastlab ana shu farg‘onaliklardan o‘rganishgan»[3]. O‘sha davrlarda O‘rta Osiyoga safar qilgan Xitoy sayyohi Chjan Syan Farg‘onaning bosh shahrini xitoycha Guyshuan (Axsikat) deb ataydi[4].

Farg‘onada maxsus otlar boqilgan, xitoyliklar bu otlarni «Muqaddas tulpor» deb bilganlar va ularga hatto sig‘inganlar, o‘z yurtlarida ushbu otlar uchun haykallar o‘rnatganlar.

Chjan Syan eramizdan oldingi 126 yili Farg‘onadan vataniga mazkur otlardan va beda urug‘idan olib borgan birinchi kishi sanaladi. Xususan, muarrix Yu. N. Aleskerov Chjan Syan esdaliklaridan misol keltirib, quyidagicha yozadi:

«…Davanning (Farg‘onani xitoylar shunday deb ataganlar: H. 3.) havosi g‘oyat musaffo, zilol suvlari doimo sharqirab oqib turadi. Davan tog‘ yonbag‘irlaridagi yayloqlarda tog‘ otlari irg‘ishlab yuradi. Yo‘q, ularni tog‘ otlari deyish kamlik qiladi. Ular chindan x,am samo otlari bo‘lib, terisi qam o‘zgacha, qizil, xuddi qon rangidadir. Bu otlar chunonam abjir, xipcha, oyoqlari uzun, qo‘ltiqlari tagida ko‘z ilg‘amas qanotlari bor. Ularga mingan chavandoz har qanday yeldirim yovni osonlikcha quvib yetadi. Har qanday uchqur yovdan ham xuddi shunday qochib qutila oladi»[5].

Xitoyning Sin va Xan (eramizdan avvalgi 255—206—25 yillar) sulolalarining imperatorlari shaxsan ana shu zotli otlarni qo‘lga kiritish maqsadida davanliklarga bu otlardan ko‘proq yuborib turishlarini iltimos qilib murojaat etganlar. Hatto bu borada ular o‘rtasida tez-tez jiddiy harbiy to‘qnashuvlar ham bo‘lib turganligi tarixdan ma’lum.

Mashhur sayyoh va olim Yoqut Xamaviy (1179—1229 yil) «Mo‘jam al-buldon» nomli asarida Farg‘ona haqidagi al-Istahriyning so‘zini keltirib shunday yozadi:

«Agar siz shahar o‘rtasidagi katta qo‘rg‘onga chiqib, undan Farg‘ona atrofiga nazar solsangiz, xuddi qog‘ozga chizilgan xaritaga yoki rangli suratga o‘xshagan bir manzaraga ko‘zingiz tushadi. Bu o‘lkaning bosh shahri (poytaxti) Axsikatdir. Movaraunnahrda qishloqlarning va aholisi ko‘proq bo‘lgan bundan boshqa shaharni ko‘rmadik, ekinzorlarining kengligi, chorvasining behisobligi uchun ham har bir qishloqning orasi bir manzilga yaqin keladi…»

Bu aytilganlar ko‘hna Axsikat san’ati, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy hamda moddiy va ma’naviy tarixidan bir tomchi, to‘g‘rirog‘i, unga bir ishora, xolos. Chunki Axsikat Iskandar Zulqarnayn qo‘shin tortib kelgan davrdan avval ham gullab-yashnagan, shuningdek, ko‘p marotabalar chet el bosqinchilari hujumidan xarobaga aylangan va yana qayta-qayta tiklangan. Oltin vodiy deb ataladigan Farg‘ona o‘lkasidagi mazkur Axsikat shahrining tarixi uzun, ko‘p qirrali bo‘lib, uni o‘rganish, bebaho tarixi xazinasiga yo‘l topish davrimiz olimlarining sharafli ishiga aylansa va ehtimolki, vaqti kelib, hozirda xaroba holida yotgan mazkur Axsikat asliga keltirilib qayta tiklash, haqiqiy ochiq havodagi muzey shaharcha holiga keltirishdek oliyjanob tadbirlar ham amalga oshib, bu yerga qadam ranjida qiluvchilarni xushnud etsa ajab emas.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 10-son

[1] Yusuf Xos Hojib. «Qutadg‘u bilig». «Fan», T., 1971 y. 667-b.
[2] H. Hasanov. Hofizu Abro‘, Haydar Mirzo, Filipp Yefremov. «Fan», T., 1964 y. 28-b.
[3] V. V. Bartold. Sochineniya. t. II, ch. I, M., 1963 g. 176-b.
[4] O‘sha joy. 199-b.
[5] Yu. N. Aleskerov. Samarkand. Izd. «Uzbekistan», 1967 g. 30-b.