Shu yil bo‘lib o‘tgan Respublika xotin-qizlar Soveti plenumida onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davrning dolzarb muammosi sifatida talqin qilindi. 1987 yili bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston xotin-qizlarining V s’ezdida ham turmushimiz tarzi va mehnatga oid ijtimoiy masalalar ko‘tarilgan edi. Garchi bu borada xotin-qizlar kengashlari olib borayotgan ishlar haqida ma’lumotlar, qarorlar, raportlar ko‘payayotgan bo‘lsa ham korxonalarda, qishloq sovetlarida, student va o‘quvchi qizlar davrasida amalga oshirilayotgan tadbirlar ayollarimiz mehnatini, turmush tarzini va madaniy saviyasini oshirishga keragicha ta’sir etolmayapti.
Masalan, respublikamiz paxta dalalarida xizmat qilayotganlarning aksariyati hali xotin-qizlar ekanligi hech kimga sir emas. Ularning mehnatini muhofaza qilish, madaniy saviyalarini oshirish, farzandlari uchun bog‘cha-yaslilar tashkil etish ko‘ngildagiday emas. Ayollarimizning, asosan, qishloq ayollarining faoliyati o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Mahalliy tashkilotlarda, kolxoz va sovxozlarda ularning qiziqishlari, orzu-istaklari bilan hech kim hisoblashmaydi. Oylik nafaqalari vaqtida to‘lanmaydi. Bolalarni bog‘cha va yaslilarga joylashtirish muammosi kolxozlarimizda haligacha hal qilinmagan. Mavjud bog‘chalar ham ibtidoiy usulda.
To‘g‘ri, ishlab chiqarish korxonalarida ayollar mehnatini muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena normalarini yo‘lga qo‘yish borasida qator tadbirlar amalga oshirilayapti. Bu hali dengizdan bir tomchi xolos!
Xotin-qizlarimiz va farzandlarimiz hayotini muhofaza qilishda ekologik omillar ta’sirini o‘rganish bo‘yicha olimlarimiz, ayniqsa shifokorlarimiz oldida katta vazifalar turibdi. Fikrimizcha, kengashlarimiz xotin-qizlar hayoti va mehnatiga oid quyidagi:
— meditsina sohasida — ayollarimiz salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolalar o‘rtasida yuz berayotgan o‘lim bilan bog‘liq kasalliklarni kamaytirish;
— iqtisodiy sohada — xotin-qizlarni sharoitiga mos mehnat bilan ta’minlash;
— ijtimoiy sohada — xotin-qizlar madaniy saviyasini oshirish, mehnat sharoitini yaxshilash masalalarini hal qilishi lozim.
Mana shunday dolzarb ishlar mavjud ekan, xotin-qizlar kengashlari o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalanishlari lozim. Buning uchun shu poklanish va qayta qurish davrida barcha shart-sharoitlar mavjuddir. Bu borada bizning tog‘day tayanchlarimiz — erkaklarimizning yaqindan yordamlari har qachongidan zarur. Chunki, keyingi ikki-uch yil oralig‘ida respublikamizda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xotin-qizlarimizning o‘zo‘zlariga o‘t qo‘yib yuborish hollari sodir bo‘ldiki, bu har bir ongli kishini tashvishga solmasdan qolmaydi.
Bog‘chalarni oziq-ovqat bilan ta’minlash juda yomon ahvolda. Bir so‘z bilan aytganda, ayollarimiz boshida mingta tashvish.
Bizning sotsialistik jamiyatimizda ayol o‘z qadr-qimmatini bilgan, haq-huquqini tanigan, ham axloqiy, ham ma’naviy tarbiya topgan bo‘lmog‘i shart. Ularning hayotga yengiltaklik bilan munosabatda bo‘lishlariga chek qo‘yishimiz, ularni sabr-toqat bilan to‘g‘ri yo‘lga solishimiz kerak. Axir, ulug‘ Vatan urushi yillarida bir etak farzandi bilan beva qolganlarida ham onalarimiz turmush qiyinchiliklarini zukkolik bilan yengganlar.
Masalan, mening volidam 5 farzand (eng kattamiz 13 yoshda edik) bilan qolib, otamni urushga kuzatganlar. So‘ngra moddiy ehtiyoj taqozo etib, otamning o‘rniga, zavodga borib ishladilar. Demak, u davrda ayollarimiz hozirgilardan ko‘ra matonatliroq, sabr-toqatliroq ekan-da!
Biz esa, to‘kin-sochin bir davrda yashayapmiz, farzandlarimizning usti but, qorni to‘q. Unda nega ko‘zimizdan yosh arimaydi? Unda nega gulday farzandlarni qoldirib ajralishlar sodir bo‘layapti?
Demak, yoshlarimiz ma’naviy tarbiyasida qusurlar anchagina ekan. Shuning uchun ham yoshlarimizning oiladagi munosabatlarida omonatlik sezilib turipti, ya’ni yosh oilalar bo‘lar-bo‘lmas gap-so‘zlardan to‘zib ketayapti.
Xo‘sh, buning oldini olish uchun nimalar qilishimiz kerak? Avvalo qiz-o‘g‘illarimizni e’tiqodli, mehr-muhabbatli qilib tarbiyalashimiz lozim. Buning uchun avvalo biz kattalar oilada o‘rnak bo‘lishimiz, ularning kamol topishini nazorat qilishimiz maqsadga muvofiqroq bo‘lardi.
Maktab islohoti munosabati bilan 9—10 sinflarda o‘quv programmasiga yangi «Oilaviy hayot etikasi va psixologiyasi» fani kiritildi. Bu omadi gap bo‘ldi. Ammo ushbu fan bo‘yicha xalqimiz urf-odatlari, milliy an’analarini e’tiborga olib yoshlarimizni hayot (turmush)ga tayyorlay oladigan va rang-barang mazmunli misollar bilan tushuntiradigan darslik haligacha yo‘q! Ochiq aytishimiz kerak, bu maorifchilarimizning, noshirlarimizning aybi. Nahotki «Prosvesheniye» nashriyotida chop etilgan «Oilaviy hayot etikasi va psixologiyasi» qo‘llanmasi yoinki T. M. Afanasevning 413 sahifadan iborat «Oila» nomli kitobi o‘zbek milliy madaniyati talablariga mos tushsa?! Nahotki, respublikamiz olimlari o‘zbek o‘quvchilarining turmush tarziga doir konkret misollar negizida ibratli fikrlar yoritilgan hamda milliy oilalarning axloqiy tarbiyasidagi o‘ziga xos psixologik holatlarga keng o‘rin ajratilgan darsliklar yaratish imkoniyatiga ega bo‘lmasalar!
Mamlakatimiz taraqqiyotini jadallashtirish uchun ilmli yoshlar kerak. Shu sababli o‘rta ma’lumot olgan o‘g‘il-qizlarimiz o‘z ilmlarini oshirish borasida hunar-texnika bilim yurtlari, texnikum va oliy o‘quv yurtlariga kirib o‘qiydilar. Ushbu dargohlarda ham «Oila etikasi va psixologiyasi»ning II qismidan saboq olishlari shart. Bunday qo‘llanma yoshlarimizga ham axloqiy, ham madaniy tarbiya berishi shubhasiz. Bordiyu noshirlarimiz, mutaxassislarimiz tashabbusi bilan shunday darslik yaratilib, ushbu qo‘llanma shaxsiy gigiyena qoidalarini ham o‘z ichiga olsa, ibratli ish bo‘lardi. Ana o‘sha vaqtdagina yoshlarimizning ongi har tomonlama mukammal shakllanardi.
Respublikamiz qishloqlarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlarimizning turmush tarzi e’tibor talabdir. Bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘p! Jumladan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, yig‘ib-terib olish borasida ayollarimiz — asosiy ishlab chiqaruvchi kuch. Paxta yetishtirishda esa asosiy mehnatni — zavjai muhtaramalarimiz bajaradi. Qishloqlarimizda mehnat qilayotgan ayol tong-sahardan uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajaradi: non yopadi, farzandlari va xizmatga shoshayotgan turmush o‘rtog‘iga nonushta tayyorlaydi, mol-holga qaraydi, so‘ng nari-beri tatinib dalaga otlanadi. (Shu o‘rinda erkaklarimizga ta’na qilishimiz balki o‘rinsiz bo‘lar, har holda, oilaning moddiy ta’minoti ularning zimmasida. Chopiq qilib, paxta terib ro‘zg‘orni tebratib bo‘lmaydi). Shu alfozda ayollarimiz farzandlarining o‘qishi va tarbiyasiga ko‘ngildagiday e’tibor bera oladimi? Albatta, yo‘q!
Dalada esa, chopiq, o‘toq, yagana, chekanka… jaziramadan, chang-to‘zondan toliqqan ayol kun og‘ishi bilan yana oilasi bag‘riga — farzandlariga intiladi. Ularning mehnat vaqti tongdan shomgacha. Yana supur-sidir, o‘choq bilan dasturxon orasida bo‘zchining mokisidek qatnash, kir-chir. Ayol sho‘rlik tun yarmidan oqqanda o‘ringa cho‘ziladi. Ana shunday mehnat jarayoni, dala ishlari boshlanishi bilan to kech kuzgacha davom etadi. Qani endi u ayolda madaniy dam olish, hordiq chiqarish uchun bo‘sh vaqt. Respublikamizda 200 mingga yaqin ayolning mehnati yetarli muhofaza qilinmayapti. Ular havo bosimi ifloslangan, sanitariya holati yomon sharoitda mehnat qilmoqdalar. Ba’zi bir korxonalarda balog‘at yoshiga yetmagan qizlarimiz ham mehnatga jalb qilinmoqda. Yangiyo‘l uy jihozlari fabrikasi, Jizzax akkumulyator zavodlarida ish sharoiti ayol organizmiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Is gazi normadan 10 barobar ortiq bo‘lgan korxonalarda ham ayollar mehnatga jalb qilingan. Axir qishloq xo‘jaligida qo‘llanilgan va qo‘llanilayotgan pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa kimyoviy dorilarning ayol organizmiga salbiy ta’sir qilayotgani haqida yana qancha gapirish kerak. Dunyoga kelayotgan go‘daklarimiz nimjon, rangi za’faron, kasalmandligining, respublikada kamqonlik, bolalar o‘limining yuqoriligiga bosh sabab shular emasmi axir?!
Yuqorida sharhlangan ayol mehnati omili davlat nuqtai nazaridan qaralishi, bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida o‘rganilishi shart. Shuningdek, bu albatta jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lishi, insoniylik nuqtai-nazaridan tahlil qilinishi, tadbirlar belgilanishiga erishishimiz kerak. Ana shundagina oilamizga farovonlik, xonadonimizga totuvlik, qut-baraka olib kirishimiz mumkin.
Kelinglar, aziz dugonalar, muhtarama onalar va nozik tabiatli qizlarimiz, o‘z qadrimizni tiklash, nazokatli va nafosatli bo‘lish uchun harakat qilaylik.
Habiba Ikromova, texnika fanlari doktori, professor
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 4-son