Inson xilqatining mohiyati va uning faoliyati haqida o‘ylaganimizda, daf’atan A. P. Chexovning mana bu so‘zlari xotiramizga keladi:
— Odamga, aslida, ikki metr joy bo‘lsa bas, deyishadi. Yo‘q, ikki metr joy murdaga kifoya. Insonga esa butun yer yuzi kerak.
Yana Chexovning quyidagi so‘zlari ibratli:
— Agarda har bir kishi, ko‘p emas, yerga atigi bittadan nihol qadab chiqsa, butun yer yuzi bog‘bo‘stonga aylangan bo‘lar edi.
Naqadar samimiyat bilan aytilgan istak! Bunday qaraganda, oddiy, jo‘n gapday, lekin zamirida qanchadan-qancha ma’no bor. Endi shu gapni, masalan, tarjimachilik ishimizga tadbiq etib ko‘raylik. Agar jahon adabiyotidan bittadan eng sara kitobni o‘girsak, tarjima kitoblarining soni va salmog‘i beqiyos oshadi.
Biz hammavaqt yaxshi tarjima haqida gapiramiz. Lekin tarjimani kim yaratadi? Tarjimon. Tarjimon esa tayyor holda osmondan tushmaydi. Bu ham shoir, nosir va dramaturg singari, san’atkor, iste’dod sohibi. Iste’dod esa ilohiydir. Maktabda o‘qitib shoir «tayyorlanmaganiday», maktabda o‘qitib tarjimon ham chiqazib bo‘lmaydi. Juda ham o‘ziga xos san’at. Injiq san’at.
Biz adiblarimiz bilan suhbatlashganimizda, ular o‘z tarjimonlaridan ko‘ngillari unchalik to‘lmayotganini aytishadi. Albatta, o‘zga xalq shoirini puxta-mukammal tarjimalarda o‘qishga ne yetsin. Lekin hammavaqt ham shunday bo‘lavermaydi-da.
Shoir Erkin Vohidov bilan Abdulla Oripov o‘z asarlarining boshqa tillarga chinakam vohidona va chinakam orifona tarjima qilinmayotganidan nolishadi. Erkin, olaylik, Sergey Yeseninning dilbar she’riyatini o‘zbek tiliga juda nozik tarjima qildi. Biroq rus tarjimonlari orasida Yeseninday bir zabardast shoir Erkinni shunday mahorat bilan ruschaga o‘gira olmadi. Esiz. Abdulla Qahhor A. P. Chexovni o‘zbek xalqiga tanitdi. Lekin rus tarjimonlari orasida Chexovday bir zukko adib Abdulla Qahhorni qiyomiga yetkazib tarjima qilib bermadi. (Konstantin Simonov bundan mustasno. U «Sinchalak»ni rus tilida juda yayratib yuborgan!)
Bunday olganda, o‘zbek yozuvchilarining asarlari ruschaga va qardosh xalqlar tillariga o‘girilmayapti, deb bo‘lmaydi. Olaylik, Abdulla Oripovning o‘sha «Birinchi muhabbatim» she’rini to‘rt-besh kishi ruschaga tarjima qilgan. A. Prelovskiy, S. Ivanov va boshqalar. Bular jilla yomon tarjimalar ham emas. Xususan, Sergey Ivanovning tarjimasi xiyla mukammal tarjima. Biroq shunisi borki, har qanday mukammal (adekvat) tarjima ham asliyat (original)ning o‘rnini yuz foiz bosolmaydi. Nima bo‘lgandayam asliyat asliyat-da!! Shu bois, mening xohishim shunday bo‘lardiki, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa o‘zbek shoirlari go‘zal she’rlarni yozaversinlar, tarjimonlar basma-basiga ularni o‘giraverishsin, lekin hech qachon asliyat ufqini zabt etisholmasin!
…Ammo bizga yaxshi tarjimalar kerak, albatta.
Agar mendan: «Bugungi kun tarjimalarining asosiy illati nimada?» deb so‘rasalar, men: «Bu, aksariyat, badiiy tarjimaning badiiy ijod sohasi ekanligini unutib qo‘yish, badiiy asarga xos jamiki xislat va fazilatlar tarjima asariga ham daxldor ekanligini yetarlicha tushunmaslikdan yo‘l qo‘yilayotgan nuqsonlarda o‘z ifodasini topmoqda», — deb javob qilgan bo‘lar edim.
Sabab?
Shuning uchunki, bizda istagan odam istagan narsani tap tortmay tarjima qila oladi! «Bu narsani tarjima qilishga tishim o‘tmaydi meni!» — deyishga jur’at etadigan bir mard deyarli yo‘q.
Biz juda yaxshi «materialistlarmiz». Hamma narsani moddiy borliqdan, moddiyunchilikdan keltirib chiqaramiz. Ayrim tanqidchilarimiz she’riyatni salkam ilg‘or dunyoqarash, ilg‘or ta’limotni qofiyaga solishdan iborat bir ish, deb tushunadi. Adabiyotning sinfiyligi va firqaviyligini bu zaylda, o‘ta ibtidoiy bir tarzda, 60— 70 yil oldingi tasavvurlar andazasida talqin qilish bilan hozirgi so‘z san’ati obidalarini o‘qib bo‘ladimi? Bunday aqidaparastlik, naqlbozlik iskanjasida turib, Chingiz Aytmatov, Yevgeniy Yevtushenko, Rasul Hamzatov, Nodar Dumbadze, Oljas Sulaymonov, Anor asarlarini idrok etish mumkinmi?
Ha, biz juda chapdast moddiyunchilarmiz. Biroq she’riyat — moddiy ashyo emas, balki ruhiy g‘izo jumlasiga kiradi. Uni, she’riy nafosatni ko‘krak bilan emas, qalb bilan «qabul qilinadi».
Badiiy ijod ijodkorning ruhiy holati bilan chambarchas bog‘liq. Ijodkorning ruhiy holati esa turg‘un emas, o‘zgarib turuvchi holat. Turg‘unlik ijodkorning inqirozga uchraganidan darak beradi. Binobarin, turg‘unlik holati, ilg‘or dunyoqarash bilan omuxtalangan holda, qanchalik yuqori pog‘onada voqe bo‘lmasin, bu ijodkorning qotib qolgani, inqirozga yuztuban ketganini ko‘rsatadi. Yoki aksincha, ijodkor o‘zining tetik, barhayot ruhiy holatini saqlab qolgani holda, atrof-muhitning o‘zi turg‘unlikka giriftor bo‘lgan ekan, bu adabning emas, balki uni o‘rab turgan o‘sha muhitning yuztuban ketganligidan dalolatdir.
«Yosh ruhiyati», deymiz. Bu nima? Turli yoshda kishi turlicha ruhiy holatda bo‘ladi. Bu esa uning ijodiga muqarrar ta’sir qiladi.
Alisher Navoiy butun umri davomida yozgan she’rlarini boshqa biron belgi-alomat asosida emas, balki umr fasllariga ko‘ra jamlaganini bilamiz: «Xazoyinul ma’oniy», yoki «Chor devon»ga — yoshlik, yigitlik, o‘rta yoshlik va keksalikda yozilgan she’riy asarlarini jamlagan. Chunonchi:
— tufuliyat (yoshlik) — 7—8 dan 20 yoshgacha bo‘lgan davr;
— shabob (yigitlik) — 20—35 yoshgacha bo‘lgan davr;
— kuhulat (o‘rta yoshlik) — 35—45 yoshgacha bo‘lgan davr;
— keksalik — 45—60 yoshgacha bo‘lgan davr.
Umr fasllariga ko‘ra ruhiy holatning o‘zgarishi va bu tabiiy kayfiyatning badiiy ijodga ta’siri tarjima san’atiga ham daxldor. Chunonchi, muallif 25 yoshda yozgan asarni 60 yoshlik keksa mutarjimning, yoki aksincha, muallif 60 yoshda yozgan asarni 25 yashar mutarjimning tushunishi, hazm qilishi va o‘girishi qiyin. Va bu tabiiy hol. Muallif-mutarjim munosabatida bunday yosh tafovutidan tashqari, ular yashagan davr orasida ham katta farq bo‘lsa-chi? Aytaylik, bu farq ming yillar sarhadiga borib taqalsa, bunday holda davr va umr tafovuti badiiy ijodda juda jiddiy tabiiy to‘siqni yuzaga keltirishi turgan gap.
Bir vaqtlar Abdulhamid Cho‘lpon yuksak shoirona kayfiyatlar bilan yurgan kezlarida A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romanini aruz vaznida tarjima qilmoqchi bo‘lgan. Tasavvur qiling: Pushkin — aruzda! Qaniydi endi, bu juda ajoyib ish bo‘lar edi-ku! (Darvoqe, asrimiz boshlarida «Baliqchi va baliq haqida ertak» asari, chindan ham, masnaviyda o‘girilgandi). Keyinchalik, Cho‘lponga o‘sha orzusini eslatganlarida, bu taklifni endi u rad etgan. Nega? «Mening hozirgi kayfiyatim «Evgeniy Onegin»ni aruz tugul, rosmana tarjima qilishga ham chog‘ emas», degan. Adabiyotdan uzoq, badniyat shaxslar shoirni tushunarmidi?! Voydod, musulmonlar, Cho‘lpon Pushkinni tarjima qilishni istamayapti! — deb ayyuhannos solishgan. Aslida esa, ayni o‘rinda o‘zbek shoiri ming chandon haq edi. Chunki she’r qorindan emas, qalbdan otilib chiqadigan laxcha cho‘g‘ ekanligini boshqalar qayoqdan bilsin!
Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelgan sohibqiron shoirlargina bir-birlarini tarjima qilsin. Holbuki, bizda ko‘pincha yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelish-kelmasligidan ko‘ra, tarjimaga to‘lanadigan qalam haqi miqdorining to‘g‘ri kelish-kelmasligi nazarda tutiladi va buning natijasida o‘zbekchaga o‘girilgan har uchta kitobdan ikkitasini asliyatga muqobil, mukammal (adekvat) tarjima deb bo‘lmaydi.