Hozir hamma qayta qurish tarafdori. Hech kim qarshi emas. Lekin poklanishni har kim o‘zicha tushunadi. Qochgan ham «xudo» deydi, quvgan ham… O‘g‘ri, muttaham, firibgar, poraxo‘r ham o‘z qilmishi yo‘rig‘ida ishini «qayta qurmoqchi» bo‘lsa, bundan sergaklanish kerak.
Qayta quruvchilarni uch toifaga — o‘nglar, so‘llar va markazchilarga bo‘lish mumkin. O‘ng qanotdagilar (ular orasida mash’um turg‘unlik davrining namoyandalari ham bor) o‘zlarining «yog‘liq joylarini» saqlab qolish yoki yo‘qotilgan mavqelarini tiklab olishlarida qayta qurish davri «o‘tkinchi davr» hisoblanadi. Ularda og‘zaki iqror, da’vat bilan dil rag‘bati bir-biriga qoyim emas. So‘llar tom ma’nodagi poklanish tarafdorlari. Ular iqtisod, ma’naviyot va mafkurada turg‘unlik davrining illatlariga butkul qarshi chiqmoqdalar va har qanday qabohatga zudlik bilan barham berishni talab etmoqdalar. Manfaat kishilari bo‘lmish arosatda qolgan markazchilarda esa (bularni «og‘machilar» desa ham bo‘ladi) biron qat’iy maqsad yo‘q. Ular zamona zayliga qarab — kimdan ko‘proq naf tegsa, o‘sha tomonga qulluq qiladilar. Olaylik, ayni bir odam biron mukofot, yangi xizmat lavozimi, faxriy unvon va yoki ilmiy daraja olish ilinjida yurgan bo‘lsa — o‘ng tomonga qarab ta’zim qiladi. Mabodo dilidagi niyati amalga oshmasa yoki biron sababga ko‘ra yuqoridan dakki yesa — darhol so‘llarga qo‘shilib oladi. Masalan, yaqindagina kattakon mansab kishisi bo‘lgan bir olim, amalidan «kavushi to‘g‘rilangandan» so‘ng, «Mana endi men «millatchi» bo‘laman!» — deb ovoza tarqatgan. Ana alfoz, ana saviya…
Demokratiyami — demokratiya, oshkoralikmi — oshkoralik. Quyosh hammaga baravar nur sochadi. Tenglik ham barchaga baravar bo‘lishi kerak. Shifoxonada bemorlarni millatiga, irqiga, jinsiga, mazhabiga qarab davolashmaydi-ku. Darddan barcha birday qutulishi lozim. Ba’zi bir qilayotgan ishlarimizga qaraganda, jilla bunday emasga ham o‘xshaydi. Ayrim to‘ralar va amaldorlar hamma birday illatlardan xalos qilinsa, uyog‘i qandoq bo‘larkin, deb vahimaga tushib qolganday. Qandoq bo‘lardi, ayni muddao bo‘ladi. Zotan, qayta qurishdan muddao ne: darddan, kulfatdan forig‘ bo‘lish emasmi?