G‘aybulloh as-Salom. Musibat nimadan boshlandi? (1990)

Hamma gap xotin-qizlarni ozod qilishdan boshlandi. Biz ularni cho‘rilikdan ozod qildik. Ozod qilib turib… mahkum etdik.

Keyinchalik, mamlakatda «yo o‘lish, yo qolish» ma’nosida, hayot-mamot masalasi hal bo‘layotgan bir davrda (1941 —1945), qonli urushga ketgan erlari, otalari, farzandlari, aka-ukalari o‘rnida ayollarimiz, lipasini shimarib, oyoqlariga qo‘njlik etiklarni ilib, paxta, lavlagi, g‘alla, jo‘xori ekish, ketmon chopish, traktor minish singari og‘ir mehnatni bajardilar. Bunday mashaqqat, xotin-qizlar uchun, jang maydonida qon to‘kish mashaqqatidan kam bo‘lgani yo‘q. Urush tugaganiga ham mana qirq besh yil bo‘ldi. Jahannamiy og‘ir mehnat esa ayollarning gardanida qolib ketdi. Sharq ayoli sotsializm tugul boshqa biron tuzumda bunchalik mehnatzada bo‘lgan emasdi. Past bo‘yli, mo‘ylovdor, cho‘tir bir dohiy «shon-sharaf va qahramonlik ishi», deb e’lon qilgan mehnat qishloq ahli, o‘zbek qiz-juvonlarining qaddini yomon bukdi, ularga bitmas-tuganmas kulfat keltirdi. Onalarimiz, xotin-qizlarimiz, opa-singillarimiz har kun, erta sahardan qoq tungacha «qahramonlik» qilaverib, iligi quriy boshladi.

O‘ylab tagiga yetolmayman. Axir, qahramonlik har kun bajaradigan yumush emas-ku. Agar bunday «shon-sharaf» ayollarni mayib qilsa, odamlarning yostig‘ini quritsa… nafratlanaman bunday «qahramonlikdan!» Menimcha, ayollar va o‘smirlar mehnatini ekspluatatsiya qilganligi, teng mehnatga teng haq to‘lamaganligi uchun aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish haqida maxsus qonun chiqarish kerak.

Yana bir gap. Butun matbuot, radio, teleko‘rsatuv, adabiyot yil bo‘yi paxtakor mehnatining ayanchli ekani haqida tinimsiz hamdardlik bildiradi-yu, yig‘im-terim boshlandi deguncha, hamma aytgan gaplarini go‘yo unutib, aynan teskari gaplarni ayta boshlaydi. Yalpi madhiyabozlik boshlanib ketadi. Har yili oktyabr-noyabr oylari bizda jazava mavsumi bo‘lib keldi. Bu borib turgan subutsizlik, munofiqlik emasmi? Chexov Ochumelov qiyofasida qattiq nafratlangan buqalamunlik jumhuriyat miqyosida ommaviy suratda, million karra yoyilib ketdi.

Teleko‘rsatuvlar, kino, adabiyot ro‘yrost aldaydi. Kimni? Mamlakatni chalg‘itadi. Ular ko‘pincha shunday tasvirlaydilarki, go‘yo paxta terimiga chiqish… hordiq chiqazish, ko‘ngil yozishga borishday bir gap. Odamlar atlas, shoyi, beqasam, adraslarni kiyib, shodon, yelka qoqib, xuddi raqsga tushganday paxtazorda yo‘rg‘alab yuradilar…

Yana bir narsa meni taajjubga soladi… Ellik yil ilgari shunday edi, hozir ham: yuqoridan kelayotgan rahbarlarga beli baquvvat, obod, tabiati go‘zal, iloji bo‘lsa sabzavotkor xo‘jalikni ko‘rsatishadi. Hali biron marta, biron rahbarning qoloq kolxozga borib, o‘zbekning haqiqiy ahvoli bilan tanishganini ko‘rganim yo‘q.

Kimni aldaymiz?

Nima uchun aldaymiz?

Qachongacha aldaymiz?..