Jumhuriyatimiz bo‘yicha o‘tgan yili 85 mingta jinoyat sodir etildi. Bu raqam burnog‘i yildagiga nisbatan 15 mingta ko‘pdir. Nadomatlar bo‘lsinki, jinoyatlar son jihatdangina oshmay, balki ularni sodir etish usuli jihatidan ham o‘zgarib ketdi. Johillik, qonxo‘rlikning dahshatli ko‘rinishlari qo‘llanildi. O‘q otuvchi, portlovchi, sovuq qurollardan foydalanib, omborlarga, savdo va pul bilan muomala qiluvchi muassasalarga, aholiga, xonadonlarga bosqinchilik hujumlari uyushtiradigan jinoyatchi guruhlar paydo bo‘ldi. Jinoyatchilikning yangi, uyushgan — REKET usuli keng tarqaldi. Ular qo‘rqitish, tazyiq o‘tkazish orqali mol-mulk talab qilish, odamlarni garovga ushlab turish yo‘li bilan boylik orttirishga kirishib ketdilar. O‘g‘irlik, talonchilik, firibgarlik, mashinalarni olib qochish, olib-sotarlik urchidi. Fohishabozlik, bangilik, ichkilikbozlik bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘lami kengaydi. Mingdan ortiq kishi vahshiyona qotillik qurboni bo‘ldilar. Yarim mingdan ziyod xotin-qiz zo‘rlandi. Bir necha ming odam avtomashina halokatiga uchrab, bevaqt olamdan ko‘z yumdi…
1958 yilda tug‘ilgan Abduqodir Abduyusupov Toshkent viloyati Kalinin nohiyasidagi «Ivanovo» davlat xo‘jaligida oilasi, 2 ta voyaga yetmagan bolalari bilan yashardi. 1988 yilda o‘ttiz yoshini o‘g‘irlikka qo‘l urish bilan «nishonladi». Sud unga 3 yil muddat bilan jazo belgiladi va uni Uzoq Sharq o‘lkasida o‘tashga mahkum etdi. Ammo Abduqodir jazo o‘tashni o‘ziga ep ko‘rmadi. Qamoqdan qochdi. Toshkentda Ahmad Bekov degan, avval ham qator jinoyatlar sodir qilib o‘z nomini bulg‘agan kimsa bilan topishdi. Jinoiy yo‘l bilan, mehnatsiz boylik orttirish yo‘liga kirgan S. Uralov, E. Toshmatov, E. Abdurasulov, D. Tillayevalar ham shu tariqa «qorong‘ida quyruq yalashdi»lar.
Qidiruv e’lon qilinganiga qaramay, qo‘lga tushib qolmasliklariga ko‘zi yetgan Abduyusupov hammaning ko‘z o‘ngida taralla bedod qilib yuraverdi, duch kelgan yerda dahshatli jinoyatlar sodir qilishdan toymadi. U o‘z jinoiy to‘dasining «harakat dasturi»ga ham ega edi. Kelishib olinganidek …shu yil 13 yanvar kuni Yangiyo‘l shahrida A. M. Mirsoatov boshqaruvida bo‘lgan «Jiguli» yengil avtomashinasini kira qilishib, xilvat joyda haydovchining bo‘g‘ziga pichoq taqab, bo‘yniga sirtmoq tashladilar, so‘ngra mashinani va marhumning kiyim-kechaklarini, o‘zaro bo‘lishib oldilar. Murdani esa suvga cho‘ktirib yubordilar. Hamtovoqlar 26 yanvar kuni yana navbatdagi «ov»ga chiqdilar. Toshkent shahar S. Rahimov nomli metro bekati yaqinida Q. Rajabov ismli shaxsga tegishli mashinani kira qilishib, yo‘lda uni ham xuddi avvalgi usulda o‘ldirishdi. Yalab to‘ymagan yovuzlar 3 fevralda Teshaboy Pirmatovning «Volga» mashinasini, 13 fevralda 3. Abdullayevga tegishli «Jiguli» yengil avtomashinalarini ham ana shunday dahshatli qotilliklar qilish yo‘li bilan egallab oldilar. Jabrlanuvchilarning buyum va pullarini o‘zlariga olib, mashinalarni esa anqov shaxslarni topib, aldab-suldab pullab yuborganlar. Ushbu to‘da ishtirokchilari bundan tashqari ham qator o‘g‘irlik, fuqarolarga nisbatan zo‘rlik ishlatish, urib jarohatlash, davlat muassasalarini talash va o‘t qo‘yish kabi jinoyatlarni sodir etib, juda katta miqdorda moddiy va ma’naviy zarar keltirganlar. Tinch-totuv hayot kechirishayotgan oilalarning boshiga kulfat keltirganlar. Ana shu jinoiy guruhning a’zosi Donoxon Tillayeva eri va to‘rtta yosh bolalarini tashlab, ayol, qolaversa ona bo‘laturib ana shu dahshatli jinoyatlarga bosh qo‘shgan…
Bu raqam va dastaklarni qayd etib, shusiz ham tinchi yo‘qolgan odamlarni vahimaga tushirish fikridan yiroqmiz. Jinoyatchilik ko‘lamining tinimsiz o‘sib borayotgani bugun hammani tashvishlantirmoqda. Hokimiyatning oliy idorasidagilardan tortib fuqarosigacha gap nimadaligini, mavjud muammolarning ildizi qayerdaligini va uni qanday bartaraf etish lozimligini izlashmoqda.
Huquq-tartibot mutaxassislari muammoning bosh sababi omma orasida ta’lim-tarbiya ishlarining bo‘shashib ketganligida, jinoyatchilikka qarshi kurashish idoralarining moddiy asosi yetarli emasligida, mavjud qonunlarimizning nomukammalligida, turmushimizda hukm surayotgan iqtisodiy tanglikda, deb qayd etmoqdalar. Mas’ul shaxslar uchrashuvlarda, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarida jinoyatchilikning ildizini ichkilikbozlikdan, ayrimlari bu ishga jamoatchilikning jalb qilinmaganligidan axtardilar. Birisi o‘tmish sarqitiga, ikkinchisi g‘arbdan andaza olishga, boshqasi Stalin davridagi «ur-sur» larga ishora qildilar. Turg‘unlik davri, milliy munosabatlarning o‘lda-jo‘ldaligi, huquq madaniyatining pastligi va hokazolar asosiy sabab qilib ko‘rsatildi. Birov jazoni kuchaytirish kerak desa, boshqasi: «Jazo qattiq, u odamlarni johillashtirib yubordi», deydi. Meni qalam olishga undagan narsa mutaxassis sifatida qaysidir ma’noda yuqoridagi fikrlarni mutloq rad etmagan holda, jinoyatning asl sababi haqidagi qarashlarga qo‘shilmasligim bo‘ldi. Fikri ojizimcha, avvalo «kasal»lik sababi to‘g‘ri aniqlangandagina uni davolash oson kechadi. Hozirgi belgilanayotgan tadbirlar oshqozoni ishdan chiqa boshlagan bemorni grippdan yoxud tish og‘rig‘idan muhofaza qilish bilan barobarday ko‘rinayapti.
Xo‘sh, bo‘lmasa asosiy sabab nimada?!
Onadan hech kimning jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmasligi hammaga ayon. Insonni inson, jamiyat tarbiyalaydi. Shunday ekan, adolatni o‘z adolatsizligimizdan izlasak to‘g‘riroqdir. Odam bolasi, kimning pushti kamaridan paydo bo‘lmasin, u inson. U ulg‘ayadi, har qancha kami-ko‘sti butun qilinmasin, ta’lim-tarbiya o‘rniga qo‘yib ado etilmasin, ko‘za kunda emas, kunida singanidek o‘zi sezmagan holda jinoyatga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Chunki hayotning qaysidir bir chorrahasida u adolatsizlikka ro‘baro‘ kelgan. Har qanday qonunga xilof harakat — jinoyat, adolatsizlikning bir ko‘rinishidir. Demak, adolatsizlik jinoyatni, jinoyat yangi adolatsizlikni keltirib chiqaradi. Agar adolat ustivor bo‘lmas ekan, jinoyat olami toraymaydi, aksincha, bolalab ketaveradi. Yig‘inlar, tadbirlar, qurollangan otryadlar, qamoqxonalar, yangi qonunlar, qo‘lni-qo‘lga berib kurashga shaylangan jamoatchilik ham uning qarshisida ojizlik qiladi.
Biz o‘g‘irlikni tahlil qilayotganimizda «mehnatsiz daromad yo‘liga kirganlar», davlat mulkini talon-taroj qilganlarni yoki poraxo‘rlarni — «molu-davlat orttirishga hirs qo‘ygan bir guruh shaxslar»… deb badnom qilishga o‘rganib qolganmiz. Lekin ana shu «…yo‘lga kirganlar», «hirs qo‘yganlar» qayerdan paydo bo‘ldi yoki nega «hirs qo‘ydi», degan savollarni chetlab o‘tib ketamiz. Axir «sababsiz oqibat bo‘lmaydi»-ku!
…Karim Hojiboyev ismli 17 yashar bola 1966 yilda otasining mashinasini yuvib-artib qo‘yish maqsadida haydab uyi yaqinidagi ariq bo‘yiga keladi. Shu payt allaqayerdan paydo bo‘lgan uchta bezori bolaning yuziga musht tushirishib, mashinani tortib olib qochadi. Og‘zi-burni qon, yuzi ko‘karib, shishib ketgan bola jon holatda mashina o‘g‘rilari ketidan yuguradi. Afsuski, sarson-sargardon bo‘lib, o‘tgan voqea bois otasidan qo‘rqa-pisa uyga kelganda uni militsiya xodimlari poylab turishgan edi, uni qamoqqa olishadi: Toshkent — Sirdaryo yo‘lida ona-bolani mashina bilan bosib, o‘ldirib ketganlikda ayblashadi.
Ota-ona va qo‘ni-qo‘shnilar bolaning uydan mashina haydab chiqqanini ko‘rishgani tabiiy.
Haydovchilik guvohnomasi yo‘q. Katta asfalt yo‘lda esa ikki kishining o‘ligi. Yuz qadam narida ag‘darilib yotgan «Volga»…
Yosh bolaning «meni urib, mashinani zo‘rlab olib qochib ketishdi», degan gapiga hech kim ishonmaydi. Adolat, haqiqat istab chekkan iztiroblari, ichki alami va adolatsizlikka qarshi qalbida tug‘yon urgan Karim sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi o‘shanda.
25 yoshida qamoqdan qaytgan yigitga hamma ola qaraydi. Ishga joylashish azobini boshdan kechiradi. Tengdoshlari uyli-joyli bo‘lib ketishgan, uni davralariga qo‘shishmaydi. Har kuni uni so‘rab-surishtirib ichki ishlar xodimlari kelib-ketib turishadi. Korxonada birorta hodisa yuz bersa, undan gumonsirashadi. Uylanay desa…
Xullas, jaholat qurboniga aylangan Karim o‘yga cho‘madi, ichkilik ichadi, daydib yuradi, turli «inson»larga duch keladi, o‘g‘irlik, bosqinchilik, talonchilik ko‘chasiga kirib qoladi…
Karim sudda o‘z «tarixi»ni so‘zlab berar ekan, uni shunday yakunladi:
— Men ham otamdek obro‘li, izzat-hurmatli odam bo‘lishni istardim. Unga taqlid qilishga urinardim. Yaxshi o‘qirdim, yurist bo‘lishni orzu qilardim. Onamni juda-juda yaxshi ko‘rardim. Voyaga yetib go‘zal va dono qiz bilan turmush qursam, bolalarim bo‘lsa, o‘z uyim, mashinam bo‘lsa, deb orzu qilardim. Hammasi bir kunda, o‘sha menga ishonishmagan kuni sindi. So‘ngra esa…
…Endi menga baribir. Taqdirga tan berishdan boshqa ilojim qolmadi. Adolat qiling, deb so‘ramayman… Yo‘q narsani so‘rashdan ma’no yo‘q!
Shu o‘rinda jamiyatdagi adolatsizlik jinoyatchilarni tug‘dirdi, ular aybdor emas, adolatsizlik aybdor, degan bir tomonlama fikrdan mutlaqo yiroqman. Shunday bo‘lsa-da, nega u yoki bu shaxs jinoyat yo‘liga kirdi, uning ongida, hissiyotida nopoklikka qo‘l urish fikri hayotining qaysi bosqichida yoki «muyulishi»da paydo bo‘ldi, degan savol yechimini topishning tarafdoriman.
Ana shu «bosqich» yoki «muyulish»larda u albatta qaysidir ko‘rinishdagi adolatsizlikka duch kelganligi shubhasiz. E’tibor bering-a, inson bolasi dunyoga keliboq tug‘ruqxonada «usti-bosh» almashtirishdan tortib, u yerdan «chiqib» ketganiga qadar turli munosabatlarni — «sovg‘acha» berib ardoqlanishni yoki turtkilarni boshdan kechiradi. Bog‘chaga qatnay boshlaganida esa, ota-onasi uni bu yerga «bir amallab» joylashtirganini eshitadi. So‘ng «qappaygan» tugun qo‘ltiqlagan «tarbiyachi»lariga ko‘zi tushadi. Lekin bu davrda u o‘z haqiga xiyonat qilinayotganini anglamaydi. Bugun qo‘g‘irchog‘ini, ertaga konfetini, indin esa egnidagi birorta kiyimini «yo‘qotib» qo‘yadi. Maktab yoshida u shakllana boshlaydi. Kimdir maktabga ham mashinada keladi, boshqasi qor, yomg‘ir kechib kalishda… O‘rtog‘i dang‘illama uyda yashaydi, alohida xonasi bor. U esa ukalari bilan bir xonada tiqilib yerda uxlaydi. Institutga ham «ikkichi» joylashib oladi. Boshqasining «hujjati» chatoq. Qo‘shni Yaltaga — dam olishga jo‘naydi, u esa paxta chopig‘iga. Birov minbardan turib va’z aytadi, u eshitib o‘tirishi kerak. Uning qo‘shaloq mashinasi garajda «gijinglab» turadi, bunisi esa velosiped shinasini axtarib tinkasi quriydi… Adolatsizlik ildizini ana shunday turmush tarzidan axtarish kerak!
Turmushimizda yana bir holat ham mavjudki, bu, jinoyat sodir bo‘lgach, adolatni qaror toptirolmay ovorai sarson, eshikma-eshik chopishdir. Har bir ochilmay qolgan jinoyat, bu — ikki bor adolatsizlikdir. Birinchidan, jinoyatdan jabrlangan taraf adolatga nisbatan ishonchini yo‘qotadi. Ikkinchidan, qo‘lga olinmaganligidan. Shu tariqa jumhuriyatimizda qar yili o‘n minglab jinoyat yopiqligicha qolib ketaveradi. O‘tgan yili esa, bu raqam 25 mingtaga yetdi. Agar har ikki tarafda o‘rtacha ikkitadan hisoblansa, demak, 100 mingga yaqin kishining adolat yo‘qligiga imoni komil bo‘ladi. Bu 161 ta qotillik, 309 ta og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazish, 81 ta xotin-qizning zo‘rlab nomusini poymol qilish, 2723 marta davlat mulkini o‘g‘irlash, 1592 ta bosqinchilik, 414 marta talonchilik hujumi, 15 mingga yaqin fuqaroning mulkini o‘g‘irlash kabi jinoiy ishlar ochilmadi, deganidir.
Xo‘sh, qachon adolat qaror topadi? Qachon bu zulmatga ziyo yetib keladi? Bu savollarga ko‘pincha, qo‘l qovushtirib o‘tirganimiz yo‘q, ishlayapmiz, izlanayapmiz, ammo kuchimiz yetmayapti, zarur mutaxassislar, tegishli jihozlar kamlik qilayapti, mablag‘ yo‘q kabi javoblar olasiz. Qisman shunday. Ammo asosan emas. E’tibor qilaylik-a! Yarim million kommunist, millioner-komsomol, minglab xodim ishlaydigan militsiya, prokuratura, sud, yustitsiya, advokatura, davlat xavfsizlik qo‘mitasi mavjud.
Sovet va boshqaruv idoralari, qishloq Sovetidan tortib Oliy Sovetgacha mandat olgan xalq deputatlari, turli nozirlik a’zolari, faxriylar kengashlari, mahalla nazoratchilari, ichkilikbozlikka qarshi jamoat tashkilotlari, ta’lim-tarbiya o‘choqlarining jonkuyarlari, madaniyat xodimlari, yozuvchi va jurnalistlar, millionlab kishi ishlaydigan turli idora va muassasa jamoalari… Ular jinoyatchilikka qarshi kurashga chorlangandirlar. Xo‘sh, mavjud shu kuchlar ozmi?
Qolaversa, jumhuriyatimiz viloyat, nohiya, shahar va qasabalardan iborat. Ularning har birida ichki ishlar idoralari mavjud va ular deyarli hamma joyda jamoatchi yordamchilariga ega. Yuzlab ko‘ngilli tartibni nazorat qiluvchilar safarbar etilgan. Amalda u yoki bu shaharga ikki kunga mehmonga kelgan kishi haqida tegishli ma’lumotlarni olish imkoniyati bor. Buni mazkur sohaning mutaxassisi bo‘lganim uchun ham aytayapman. Shu narsani ta’kidlamoqchimanki, bir parcha yer ham nazoratdan xoli emas. Deyarli har bir nojo‘ya harakatning oldini olish, bitta jinoyatchiga o‘ntagacha odamni safarbar etish mumkin. Aytaylik, har bir bolaning ota-onasi borligini hisobga olsak, e’tirozga o‘rin qolmaydi. Biz esa ana shunday imkoniyatimiz bo‘la turib, 85 mingta jinoyatning sodir etilishiga yo‘l qo‘ydik. Shuning 25 mingtasini «ko‘rmay» yoki «bilmay» qoldik. Bu farzandlarimiz, yaqinlarimizni o‘z holiga tashlab qo‘yganlikdan, javobgarlik hissidan yiroqlashib borayotganimizdan o‘zga narsa emas. Har birimiz «menga nima» qabilida ish tutishga odatlanib qolganmiz.
* * *
Bir marta jinoyat sodir qilgan shaxslarning aksariyati jazoni o‘tab qaytganlaridan so‘ng ko‘p o‘tmay yana jinoyat yo‘liga kiradilar. Nega? Shu kecha-kunduzlarda yuz berayotgan jinoyatlarning boshida ana shunday «tajriba»li kimsalar turganligi sir emas. Yana: «Nega?» degan savol tug‘iladi. E’tibor qilaylik: shaxs bir marta adashdi — jinoyat qildi. Uning xalq va davlat oldida qilgan adolatsizligiga odilona jazo belgilandi. U jazoni o‘tadi. Nazarimda, adolat qaror topa boshlaganday bo‘ldi. Ishoning, ulardan birortasi ham yana o‘sha mash’um qamoqxonaga qaytib borishni istamaydi. Ozodlikka, dog‘ni yuvishga nima yetsin. Bo‘lmasa, ularning yana jinoyat yo‘liga kirib ketishiga nima majbur qildi, deysizmi? Adolatsizlik! Unga ikki gapning birida qamoqda o‘tirib kelgansan, deb barmoq o‘qtalaverishdir. Odamlar o‘z orasiga qo‘shmay qo‘ydi. Militsiya har kuni izidan poylab yuradi. Uy-joy bilan ta’minlashni hech kim o‘ylamaydi. Ishga joylashayin desa korxona bo‘sag‘asidan qadam bostirishmaydi. Sodir etgan adolatsizligiga minba’d pushaymon bo‘lgan, endi yaxshi turmush kechiraman, deb ont ichib qamoqxonadan ozod etilgan kishiga bunday munosabatda bo‘lish, uning qalbida chechaklay boshlagan umid g‘unchalarini parchalab tashlaydi. U tirikchilik bois yana jinoyat yo‘liga kiradi.
Yaqin o‘tgan kunlarimizga bir nazar solaylik. Turg‘unlik yillarida qo‘shib yozishlar, poraxo‘rlik, to‘rachilik, buyruqbozlik va boshqa ijtimoiy adolatsizliklar tomir otganligini fuqaro yaxshi biladi. Partiya, sovet, huquqni himoya qiluvchi idoralar, jamoat tashkilotlari va butun jumhuriyat ahli bu qonunsizliklarni tugatishga, nohaqliklarning ildizini quritishga kirishdilar. Xalqning umidi cheksiz edi. Bo‘layotgan ishlar nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun mamlakat, hatto jahon jamoatchiligining diqqat-e’tiborini tortdi. Shunday bir paytda jinoyatchilik keskin o‘sa boshladi. Tashkiliy chiqishlar va ommaviy qon to‘kishlar sodir bo‘ldi. Bozorda narxnavo oshdi, poraxo‘rlik avjiga chiqdi. Odamlar millat «ayira» boshladilar. Ikki qavat qilib temir panjara qoplanmagan eshik-deraza, turli xilda hayqiradigan, jinoyatdan ogoh etuvchi «qopqon» moslamalar o‘rnatilmagan uy va hatto avtomashinalar qolmadi. Yangi telpak kiygan kishining bir qo‘li boshida bo‘lib qoldi.
Sabablarni esa hamon «qidirganimiz-qidirgan!» Hatto yuksak minbarlardan turib ham: «O‘zbekistonda ayrim nopok shaxslar muhim tarmoqlarni egallab olib, o‘z manfaatini ko‘zlab jinoyat qildi. Bunda o‘zbek xalqi aybdor emas», deb «nog‘ora chalindi»-yu, lekin amalda g‘ayritabiiy ishlar boshlandi. Tozalanish siyosati ostida «ho‘li-quruq»qa bab-baravar o‘t qo‘yildi. Mahalliy aholi vakillariga ishonchsizlik bildirildi. Minglab «o‘ta» ishonchli «kadrlar» O‘zbekistonga tartib o‘rnatish uchun safarbar qilindi. «Gdlyanchilar brigadasi» bir guruh jinoyatchilar to‘dasiga qo‘shib xalqni ham «ura boshladi». Ma’muriy idoralarga yuborilgan «ishonchli»lar Buturlin, Gaydanov, Didorenko, Laptev kabi yuzlab «desantchi»lar o‘zlariga «tashkilotchi», «faol» va «printsipial» degan nomlarni orttirish, unvon, orden-medallar, generallik pogonlarini bo‘lishib olish uchun «faoliyat» ko‘rsata boshladilar va bu yo‘lda haq-nohaq usullarning hammasidan inson huquqlarini oyoq osti qilib foydalandilar. An’anasi, urfi-odati, turmush madaniyati va tili-dini boshqa xalqning ko‘z yoshlari, qismati ularga zarracha ta’sir qilmadi. Mamlakatning hamma burchaklarida: «O‘zbekistonga mas’ul — rahbariy ishlarga xohlovchilar bo‘lsa, marhamat!» degan chaqiriqlar osib qo‘yildi. Kadrlarni tanlash, joylashtirish va ular uchun jon kuydirish ishi o‘zbek xalqi vakillari qo‘lidan olindi. «O‘zbekistonda hamma paxtakor», «Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi», degan ajabtovur shiorlar yoniga «o‘zbeklar ishi» qo‘shildi. Qamoqxonalarda «ur kaltak» davom etaverdi. Ma’lum vaqt o‘tgach, «o‘zbeklar ishi»ni bozorga solib, Gdlyan va Ivanovlar SSSR Xalq deputati bo‘lib oldilar. Gaydanov, Didorenkolar oltin pogon va orden olib, yuqoriga o‘sib ketishdi. Shuningdek ayrim rahbarlar ham masxaraboz «jonglyor»lardek xodimlarni o‘ynatib jumhuriyat, nohiya va viloyatlarning oyog‘ini osmondan keltirib, nihoyat jumhuriyat ahlidan «SSSR Xalq deputati» mandatini olishgach, bu yerni tashlab ketishdi. Shunisiga ham shukur!
Shunday qilib jumhuriyatimizga kelganlar qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarishdi. Odamlarning ko‘z o‘ngida adolatsizlik qilindi. Endi ularni haq so‘zga ishontirib ko‘ring-chi! Chunki tub ma’noda, jumhuriyat fuqarolari qatag‘on qilingan edi. Yuqorida aytilganidek, adolatsizliklarni odillik, fozillik bilan yengish o‘rniga, aksincha ish tutildi. Sodir etilgan ana shunday o‘zboshimchaliklar odamlarga ta’sir qiladimi? Qiladi! Ishonch yo‘qoladimi? Yo‘qoladi!
Kishilar ongida johillik qo‘zg‘atadigan, oqibatda jinoyatga qo‘l urishga majbur etadigan bunday adolatsizliklar son-sanoqsiz… Tog‘dan oqib yotgan suvdan ham arzon paxta narxi, egasi bilan hisob-kitob qilinmay tashib ketilayotgan qazilma boyliklari haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi…
Keyingi paytlarda «defitsit», «tanqislik» degan bir balo paydo bo‘ldiki, u hatto odamlar o‘rtasidan o‘zaro mehr-oqibatni, hurmat-izzatni ham ko‘tarib yubordi. Hozir jinoyatlarning aksariyati ana shu zaminda urchimoqda.
Xo‘sh, «kamyoblik» bilan bog‘langan jinoyatga qanday barham berish mumkin? Albatta, shu maqoladagi ikki satr taklif bilan masalani hal etib bo‘lmaydi. Avvalambor kamyoblik turmushimizda hukm surayotgan xo‘jasizlik oqibatidir. Xuddi quriyotgan dengiz, chiriyotgan hosil, yonayotgan korxona, nurayotgan imorat, kasaldan o‘layotgan mol, brak mahsulot va hokazolardek. Ana shu narsalar yig‘ilib bir butun «kamyoblik»ni tashkil qiladi. Xo‘jasizlik esa egasizlik degani. Barcha muammolarni hal qiladigan mas’ul idoralyrda o‘z ishini puxta biladigan, jonkuyar, ilmli tashabbuskor egalar yo‘q. Borlari esa, ega emas, ma’murlardir. Ana shu ma’murlarning ko‘pchiligi «bo‘yni bo‘sh», betga chopmaydi, qo‘l qovushtirib turadi, aytganingdan chiqmaydi, falon joydagi akalari qo‘l kelib qolishi mumkin, bersang yeydigan, ursang qochadiganlar xilidandir. Ularning aksariyati ma’lum mansabga o‘tirgach, «kamyob»larga qo‘li yetoladi, o‘zlarini ham, homiylarini ham ta’minlab turadilar. Bundaylar ommani o‘ylamaydilar. O‘zlari ishlamaydilar, boshqalarning ham oldinga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydilar. Ana shunday «ega»lar adolatni chetlab o‘tib, odamlar dilini qon qilib yuboradilar.
Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, so‘ng bo‘shab yotgan magazin peshtaxtalari, narxi osmonga chiqib ketgan bozorni chetlab o‘tib: «Nega o‘g‘irlading?», «Nega qimmat sotding?», «Nega tortib olding?» qabilida odamlarni quvalab yuramiz. Ular esa dahshatli jinoyatlar sodir etish bilan javob qaytaradilar.
Vaziyat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, har kim o‘z haqiqatini sirtiga chiqarishi kerak. Kichkina bo‘lsa ham yolg‘on, aldov mavjud joyda adolat qaror topmaydi. Faqat haqiqatni ochiq aytish bilan, har qanday odamda, tug‘ilgan paytidayoq tabiat ato qilgan va so‘ngra so‘nib, qalbining, ongining biror burchagida «bo‘g‘ilib» yotgan adolat hissini uyg‘otish kerak.
Mafkura kuchini, tadbirlar yo‘nalishini ana shunga qaratish har qachongidan zarurroqdir. Xalq orasiga chinakamiga kirish targ‘ibot va tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yish hammamizning burchimiz. Ma’muriy yo‘l bilan shoxiga yoki bargiga hujum uyushtirib jinoyat daraxtini qurita olmaymiz. U yana shox chiqarib, barglab «meva» beraveradi. Bu daraxtning ildizini oziqlanmas darajaga keltirganimizdagina maqsadga yetamiz. Bu mash’um ildizning nomi adolatsizlikdir!
Fayzulla Qilichev, katta adliya maslahatchisi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son