Jurnalning mazkur sonini (“Yoshlik”, 1988/2) tayyorlash chog‘ida redaktsiya xodimi Nurullo Otaxonov sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning xonadonida bo‘lib, «Alisher Navoiy va zamondoshlarimiz» mavzusida o‘zini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdi. O‘sha suhbat hukmingizga havola qilinmoqda.
– Erkin aka, avvvalo uzrimni aytay: men Alisher Navoiyni ko‘ngildagiday bilmayman. Boshqa soha kishilarini qo‘yaturaylik, aksari adabiyotchi tengqurlarimiz, hatto bizdan kattalar ham shunday deyishadi. Alisher Navoiy qurib ketgan she’riyat qasriga bizning ham kirgimiz, uning betimsol go‘shalarida sayr qilgimiz, go‘zalliklaridan bahramand bo‘lgimiz keladi, lekin… Hazrat ul qasrni tilsimlab ketibdilarmiki (yoki uni o‘zimiz qulflab tashlaganmizmi), maktabda, oliy o‘quv yurtida shuncha o‘qiganimiz bilan tilsimni ochadigan kalitni topolmay ovoramiz.
Bunday holga tushib qolishimizning sabablari ko‘p, albatta. Gapni ko‘ksimdagi armondan boshlaganimning boisi – Navoiyni yaxshi bilmay turib u haqda suhbat qurayotganimdan xijolatdaman. Shuning uchun mavzuni atay umumiyroq yo‘sinda tanladim.
Mana, yigirma birinchi asr ostonasida turibmiz. Alisher Navoiy tug‘ilganiga ham besh yuzu qirq yetti yil to‘ldi! Yurakda esa, vahima: biz dunyoning ko‘proq o‘tkinchi tashvishlari orasida o‘ralashib qolib, adabiyotimizning yuragi bo‘lmish Alisher Navoiydan uzoqlab ketmayapmizmi?
– Navoiyni ko‘ngildagiday bilmayman, dedingiz, Nurullo. Rostini aytsam, men ham bilmayman. Eng katta navoiyshunos ham shu gapni aytishi mumkin. Negaki, Navoiy – cheksiz va tubsiz ummon. Uning teranliklariga borib yetish ham, poyonsizligini fikran qamrash ham oddiy bandaning qo‘lidan keladigan ish emas. Ba’zan Navoiy baytlarini o‘qib turib, buni odam bolasi yozmagan, deb yuboraman.
Navoiyga aql bilan yetish mumkindir, uni tafsir qilish, fikrlarni, tashbehlarni, g‘oyalarni o‘rganish mumkindir, lekin unga his bilan yetib borish, ruhan yaqinlashish uchun qariyb Navoiyday hissiyot va ruhiyatga ham ega bo‘lish kerak. Bir xotira. Kunlardan bir kun mehmon yozuvchilar bilan Mirtemir domlaning uyiga bordik. Ustoz bizga o‘z ishxonasini ko‘rsatganda, mehmonlardan biri savol berib qoldi: “Domla, nega Navoiyning suvratini osib qo‘ymagansiz? Axir, har bir o‘zbek yozuvchisi xonasida uning portreti bor-ku”. Mirtemir domlaning javobi bunday bo‘ldi: «Men Navoiyning yuziga qarashga uyalaman. O‘zbek shoiri bo‘laturib uni ko‘ngildagidek bilmayman».
Bu, albatta, Mirtemirga xos kamtarlik va zakiylik bilan aytilgan so‘z edi, Navoiyni ko‘p o‘qiydigan, bu sehrli ijoddan hayratlanadigan odamning so‘zi edi. Lekin men boshqa narsani o‘ylayman, o‘ylab tashvishga tushaman, afsuslanaman. Xalqimizning ilmiy, madaniy saviyasi oshib bormoqda, deymiz-u, biz kundan-kun Navoiydan uzoqlashib ketmoqdamiz. Uning so‘zlaridangina, ohangidangina emas, ruhidan uzoqlashmoqdamiz. Navoiydagi chuqur insonparvarlik, mehr, fidoyilik tuyg‘ularidan ham uzoqlashmayapmizmi, deb tashvishga tushaman. Aytadigan ma’ruza, yozadigan maqolalarimizda “mehr” so‘zi kam, “qat’iy”, “beshafqat”, “printsipial” degan so‘zlar ko‘proq uchraydi. Navoiy so‘zni malham deb tushungan, biz uni qilich deb anglaymiz.
Yana bir xotira. Mushoira kechasida “gumburlatib” she’r o‘qigan shoir haqida nozikta’b bir she’rxon shunday degan edi: «Bamisoli sahnada o‘tin yorganday bo‘ldi». Navoiydan uzoqlashish, afsuski, she’riyatimizga ham xos belgi bo‘lib qoldi. Aksar shoirlarning she’rini o‘qiymanu ularning umrida Navoiy kitobini ochib ko‘rganiga shubha qilaman.
Navoiyni o‘qish esi bor ishqibozga she’r yozishnigina emas, she’r yozmaslikni ham o‘rgatadi.
Navoiyni o‘qimay qo‘yish – uni yo‘qotish bilan barobar. Navoiyni yo‘qotish esa, xalqimiz uchun o‘zlikni yo‘qotish demakdir. Negaki u – asl o‘zagimiz, tomirimiz, uzoq tariximiz jam bo‘lgan qomusimiz, ruhiy ne’matimiz.
Navoiyning tantiligi, teranligi, ulug‘ligi – avvalo o‘zbekning qalbiga xos, so‘ng umum jahonniki.
Uni yo‘qotishga haqqimiz yo‘q.
– O‘tgan asrda yashab o‘ggan mashhur mojor sayyohi, O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekisgon tarixini o‘rganishda juda katta xizmat qilgan yirik olim Herman Vamberi o‘rni kelganda Alisher Navoiy ijodi xususida yozib turib, bir holdan ajablanadi. Gapi so‘zma-so‘z yodimda yo‘q, lekin adashmasam, u bunday deydi: Alisher Navoiy asarlari oddiy xalqqa kam tushunarli ekaniga qaramay, O‘rta Osiyoda, ayniqsa o‘zbeklar orasida hamon ma’lum va mashhurdir; kechalari to‘planishib uning asarlarini o‘qiydilar, shoirlar deyarli barchasi uni o‘ziga ustoz deb biladi…
Erkin aka, Siz buni qanday sharhlaysiz? Umuman, Navoiy va xalq munosabatiga doir mulohazalaringizni aytsangiz.
– Vamberi aytgan navoiyxonlik davralari ham, afsuski, o‘tmish bo‘lib qolmoqda. Bunday davralarni ko‘rish bizga tengdosh bo‘lganlarga nasib etgan. Ulfatchilik rasmi qadimdan shunday edi: taomdan so‘ng «amri ma’ruf», ya’ni ma’rifat amrini ado etish, bilimdon kishilar suhbatini eshitish, kitobxonlik, bahsu munozara bo‘lar edi. Bunday o‘ltirishning «gap» deb atalishi ham shundan.
Esimda bor, tog‘amning ulfatlariga choy tashib xizmat qilib yurib ularning shunaqa ajoyib suhbatlaridan ko‘p bahramand bo‘lganman. Alixon Sog‘uniy, Chustiy, Ma’rufxo‘ja Bahodirov, aka-uka Shojalilovlar qatnashadigan bu ulfatchilik Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Mashrab she’rlarini talqin qilish bilan o‘tar edi. Men bu davraga o‘zim mag‘zini chaqolmagan baytlarni tayyorlab qo‘yardim, ko‘pchilik bo‘lib ular bu baytlarni sharh qilishar edi.
Yo‘l-yo‘lakay, mavzudan andak chekinib bo‘lsa ham, shu ulfatchilik bilan bog‘liq ikki voqeani aytib beray.
Fuzuliy devonida bir bayt bor:
Banimkim g‘amlarim bordir, biyirin ustina qo‘ysang,Chiqar kofir jahannamdan, kulib ahli azob o‘ynar.
Mazmuni bunday: Mening shunday g‘amlarim borki, ularni tuyaning ustiga qo‘ysang, kofir jahannamdan chiqadi, azob chekkanlar kuladi, o‘ynaydi… Ajabo, deyman, g‘amni tuyaning ustiga qo‘yish nimasi-yu, kofirning jahannamdan chiqishi nimasi? Bularning qanday aloqasi bor? Xattotning xatosimikin? Unday desam, hamma devonlarda shunday yozilgan.
Baytni o‘qib berganimda uni hech kim sharh qilolmadi. Majlis to‘rida Alixon Sog‘uniy ulfatlarni imtihon qilganday jilmayib o‘tirar edilar. Nihoyat u kishi, qani bir qo‘lni ochinglar, deb Fuzuliy haqqiga uzun duo o‘qib, so‘ng baytni sharh qilib berdilar. Qur’onda yozilishicha, kofir abadul abad jahannamda bo‘ladi. Tuya ignaning teshigidan o‘tsa, kofir do‘zaxdan chiqadi, ya’ni hech qachon chiqmaydi. Fuzuliy bayti shu oyatga ishora ekan. Mening shunday g‘amlarim borki, ular tuyaning ustiga ortilsa, tuya ipdek ozib ketadi va ignaning teshigidan o‘tadigan holga keladiyu kofir jahannamdan chiqadi…
Ikkinchi voqea.
Navbatdagi o‘ltirishda men o‘zim yangi mashq qilgan g‘azalimni o‘qib berdim. O‘ltirganlardan biriga bu g‘azalning bir bayti ma’qul kelib, uni men sira xayol qilmagan mazmunda sharhlay boshladi. Men, yoshlik – g‘o‘rlik, deganday, u hurmatli mo‘ysafidga e’tiroz bildirdim. Men unday demaganman, bunday deganman, deb o‘zim ko‘zlagan maqsadni aytdim. Shunda tog‘am meni koyigan bo‘lib: «Quloq solib jim o‘tir, sen bola narsa, nimani bilasan?» deganlari hech esimdan chiqmaydi…
Savolingizga qaytib, Nurullo, shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, Herman Vamberi zamonidayoq Navoiydan uzoqlashish jarayoni boshlangan, oddiy xalq avvalo savodsizlikdan, so‘ng esa tildagi o‘zgarishlar natijasida Navoiyni har tomonlama anglab yetolmagan. Lekin ziyolilar orasida o‘sha vaqtda shubhasiz Navoiyxon, Bedilxonlar ko‘p bo‘lgan. Hozirgi davr bilan solishtirib bo‘lmaslik darajada ko‘p bo‘lgan. U zamondan hamma jihatdan o‘zib ketgan bo‘lsak ham, bu jihatdan orqadamiz. Balki Navoiyni nashr qilish, uning nomini va asarlarini targ‘ib-tashviq qilish jihatdan yuz yil avvalgiga qaraganda yuz bor ustundirmiz, lekin Navoiyni rostmana bilmaymiz, desak to‘g‘ri bo‘lar. Bu bizning qashshoqligimiz.
Sabab? Sabab ko‘p. Avvalo, biz ulug‘ shoir yashagan davr tushunchalaridan juda uzoqdamiz. Til deyarli boshqa, alifbo butunlay boshqa, obrazlar sistemasi tamoman o‘zga. Boz ustiga, biz na Qur’onni, na hadisni, na Islom tarixini, na Islom falsafasini bilamiz. Mansuri Xalloj kim, desalar, Xoja Ismoil Buxoriy qanday asarlar yozgan, desalar, Mashrabning falsafiy dunyoqarashi qanday bo‘lgan, desalar, biz nima deb javob beramiz? Biz ulardan ko‘ra lyudoviklar, richardlar tarixini durustroq bilamiz. Bu manqurtlikning o‘zginasi.
O‘z qadrini bilmagan o‘zganing qadrini ne bilsin?
O‘z yurti, o‘z xalqi tarixi bilan qiziqmagan kishining jahon tarixini bilganidan ne naf?
Ota-bobolari so‘zlashgan tilni his qilolmagan, ular yozgan xatni tanimagan o‘g‘lon o‘g‘lonmi?
Angliyada bo‘lganimda, u yerlik madaniyat arboblaridan biriga savol berdim: nega inglizlarning yozuvi bilan o‘quvi o‘rtasida shuncha tafovut: «One» deb yozasizlar-u, «van» deb o‘qiysizlar («bir» degani), ba’zan ikki tovush bilan aytiladigan so‘zni to‘rtbesh harf bilan yozasizlar (masalan «they» yoziladi, «de» o‘qiladi)? Shuni oddiy qilib, qanday o‘qilsa, shunday yozsangiz bo‘lmaydimi?, Shunda ingliz tilini o‘rganish ham oson bo‘lardi, balki jahon tili bo‘lib qolardi, dedim.
U javob qildi: haqiqatan bunday tafovut faqat chet ellik til o‘rganuvchilar uchun emas, o‘zimiz uchun ham, o‘zimizning bolalar uchun ham ko‘p mushkullik tug‘diradi. Lekin biz yozuvimizni o‘zgartirmaymiz.
Negaki, asrlar davomida yaratilgan madaniyatimiz shu yozuvda bitilgan. Avlodlarimiz bu yozuvdan ajralib qolishini istamaymiz. Mayli, ingliz tili jahon tili bo‘lmay qo‘yaqolsin, dedi u hazil aralash.
Toshkentdagi sharqshunoslik va qo‘lyozmalar institutlarining fondida hali taxi buzilmagan, hech kim o‘qib o‘rganmagan, bu ketishda yaqin yuz yillar ichida birov o‘rganmaydigan qo‘lyozmalarning soni-sanog‘i yo‘q. Bular orasida Navoiyning barhayotlik vaqtida ko‘chirilgan, ulug‘ shoir o‘z qo‘li bilan ushlagan deya taxmin qilinuvchi devon ham bor.
Goh qayg‘uga tushaman, yana yuz yildan keyin bu asarlarni birov o‘qiy oladimi, deb yuragim eziladi.
– Navoiyshunoslikning ahvoli, umuman, klassik adabiyotimizni o‘qish-o‘qitish xususidagi fikringizni ham bilmoqchiydim… Biz oltmish student dorilfununning adabiyot bo‘limida besh yil (!) tahsil ko‘rdik, lekin Alisher Navoiyni bilmay bitirib ketaverdik. Hatto navoiyshunoslikka ixtisoslashib olgan muallimlarimizning o‘zlari ham saboqka muhtoj ekanlar. Albatta, biz ham oppoq emasmiz, o‘zimizda ham tirishqoqlik yetishmagandir ehtimol. Lekin baribir darslarda Navoiy g‘oyalarining o‘ta jo‘n talqin etilishi, obrazlar dunyosining to‘la ochib berilmasligi qilar ishini qildi: biz Navoiyni tushunishda majruh avlod bo‘lib voyaga yetdik. Kamiga, necha asrlar narida shakllangan, bugungacha o‘sib, bir-birini to‘ldirib, tajriba orttirib kelgan Sharq adabiyotshunosligi namunalaridan yetarli darajada bahramand emasmiz. Qolaversa, Sharq falsafasini, uning oqimlarini bilmasdan turib mumtoz adabiyotimizni his qilish, tushunish mumkin emas. Shu ma’noda, muhtaram olimlarimiz Alibek Rustamov, Najmiddin Komilovlarning keyingi paytlarda matbuotda e’lon qilingan maqolalari diqqatga sazovor. Unday maqolalarning chiqishi ikki jihatdan ibratli bo‘ldi: avvalo, klassik adabiyotni asliga yaqin tushunish mumkinligini ko‘rdik; ikkinchidan, bu sohada hali hech narsani bilmasligimizni ham bildik…
– Biz maktabda o‘qigan vaqtimizda nemis, ingliz, frantsuz tillariga munosabat o‘sha tillarda so‘zlashadigan ablah imperialistlarga bo‘lgan munosabatdek sovuq, bepisand bo‘lgan. Sho‘rlik chet tili o‘qituvchilariday beobro‘ o‘qituvchi bo‘lmas edi. Biz darsda ochiqdan-ochiq to‘polon qilib o‘tirardik va bu bilan go‘yo sinfiy dushmanga nafratimizni namoyish qilgan bo‘lardik. Maktab ma’muriyati ham bizni ortiq iskanjaga olmas, sinf rahbarlarimiz «yo‘liga»gina urishib qo‘yishardi. Shunday qilib bizning avlod maktabda chet tilini o‘rganolmay qolgan.
Aytmoqchimanki, har bir fanni o‘rganish o‘sha fanga munosabatdan boshlanadi. Filolog student Navoiyni bilmasa, osmon uzilib yerga tusharmidi, muhimi gapning ega-kesimini, ikkinchi darajali bo‘laklarini tahlil qilolsin, maktabda dars berganda avvalo shu kerak bo‘ladi – mana shunday fikr ma’muriyatda ustivor bo‘lgan joyda klassik adabiyot o‘rganilmaydi. Qolaversa, domlalarning o‘zi ham bu sohada chuqur bilimga ega emasligi ma’lum. Bunga ham o‘sha munosabat sabab bo‘lgan, ular o‘qigan vaqtlarida ham… «osmon uzilib yerga tushmagan».
Klassik adabiyotni o‘rganishning nazariy asoslarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Avvalgi suhbatimizda aytgan edim, yana takrorlayman. (Ahvol yaxshi tomonga o‘zgarmaguncha takror-takror gapirishning ziyoni yo‘q, menimcha.) Biz o‘tmish yozuvchilarini «biznikilar» va «begonalar» qilib ajratib, bo‘lib chiqqanmiz. Masalan, Navoiy bizniki, Husayniy – begona, chunki u podsho bo‘lgan. Nodira bizniki, Amiriy begona, u ham podsho bo‘lgan. Vazirga, malikaga chidash mumkin, podshoga shafqat yo‘q. Xon saroyiga yaqin bo‘lgan shoira Uvaysiy – bizniki, u ayol, lekin Fazliy Namangoniy – begona. U – saroy shoiri. Sufiyona she’rlar yozgan bir shoir – bizniki, boshqasi begona – u diniy-mistik shoir va hokazo va hokazo. Klassik adabiyotni bunday stereotiplarga bo‘ysundirish, miyamizdagi qoliplarga joylab chiqish o‘zi kulguli. Bunday munosabat bo‘lgan joyda klassik she’riyatni xolis o‘rganib bo‘ladimi?
Adabiyotshunoslikning tamg‘a sandig‘i katta ekan, uni sufiy, buni epigon, yana birovni klerikal deb yuz xil muhr-tamg‘alar bilan siylab chiqilgan. Men ham dorilfununda til-adabiyot fakultetida o‘qiganman. Lekin hali hanuz Mahzuna nega yaxshi-yu, Ado nega yomonligini bilmayman.
Nega Navoiy dostonlarini nashr etganda hamdu na’tlari, Xudoga va payg‘ambarlarga iltijo bilan aytgan so‘zlarini qisqartirish kerak? Eng buyuk falsafiy fikrlar, qolaversa, eng isyonkor tuyg‘ular o‘sha hamdu na’tlarda ifoda etilgan-ku!
Klassik adabiyotshunosligimiz o‘z qoliplaridan, hadiksirash odatidan qutulmaguncha bu ilmning tashviqotini yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi, axir bu sirli qulfga solingan kalitning o‘zi xato, u boshqa qulfniki.
Keyingi vaqtda Navoiy va boshqa shoirlarning g‘azallari tahlili gazeta-jurnallarda ko‘rinib turibdi. Men Alibek Rustamov, Najmiddin Komilovlarning tahliliga hech e’tiroz qilmayman. Ular bilgich olimlar. Lekin shunday tahlillarga ko‘zim tushadiki, ularni o‘qiganda beixtiyor: «Ey xudo, bunday tahlildan o‘zing asra», degim keladi.
G‘azalning mazmunini jo‘n gapirib berish – tahlil emas. Bu g‘azalni yechintirish. Uni shohona libosdan xoli qilib, ochiq tanasini ko‘rsatish xolos. Bunday tahlil she’rxonni sovutadi, shoirni beobro‘ qiladi.
She’riyat – matematik teorema yoki kimyoviy formula emaski, uni qism-qismlarga ajratib o‘rganilsa, kalla-pochasini ayirib taxtlansa. She’r – so‘z bilan aytib bo‘lmaydigan hissiyot. Unda musiqa bor, ko‘z ilg‘amas tovlanishlar bor, aql bovar qilmas sehr bor. She’rni oddiy so‘z bilan bayon qilib bo‘lmaydi. Lekin bu gapdan, Navoiy g‘azallarini sharhlash kerak emas, degan fikr chiqmasin. Faqat, sharhlaganda g‘azalning go‘zalligini, san’atini, mo‘jizaviy qudratini ham oz bo‘lsa-da ifoda qilish kerak bo‘ladi. Men ham Navoiyning bir-ikki g‘azalini sharh qilganman. Rost aytsam, sharhlardan o‘zimning ko‘nglim to‘lmaydi. Orzu qilamanki, Navoiyni sharhlaydigan odam avvalo o‘zida teran olimlik bilan nozikta’b shoirlikni uyg‘un qilgan odam bo‘lsayu u bor idrok va hissiy iqtidorini sarf qilib shu tabarruk ishga kirishsa, Alisher Navoiyni chinakam xalq mulkiga aylantirsa.
– Mamlakatimiz ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan bugungi ijobiy o‘zgarishlar adabiyotimiz tarixini o‘rganishimizda ham yangi imkoniyatlar yaratishi tabiiy. Shu ma’noda, o‘tmish madaniyatimizga munosabatda qanday o‘zgarishlar bo‘lishini istar edingiz?
– Biz yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘ygan xatolar ichida eng yomoni – oshkoralikdan chekinganimiz, desak to‘g‘ri bo‘lar. Xalqni kommunistik ruhda tarbiyalashni biz faqat birtomonlama ma’lumot berish deb tushundik. Hamfikrlarimizni eshitdik, qarshi tomonning gapiga mutlaqo quloq solmadik, radiosini bo‘g‘dik, kitobini yaqinlashtirmadik. Bir so‘z bilan aytganda, odamlarni fikr qilmaslikka, xulosalarni tayyor holda qabul qilishga o‘rgatdik.
Afsuski, bu hol o‘tmish adabiyotini, falsafasini o‘rganishga ham ta’sir ko‘rsatdi. Biz, hali aytilgandek, shoirlarni, faylasuflarni «biznikilar» va «begonalar»ga bo‘lib chiqdik. Begonalarga reaktsion, g‘ayriilmiy, g‘ayrimarksistik, degan tamg‘alarni bosib go‘yo bir sandiqqa solib qulflab qo‘ydik va, bu sandiqda kattakon ilon bor, ochsang – chaqadi, o‘ldiradi, deb odamlarni qo‘rqitib yurdik.
Axir 1937 yilda bir odamni yo‘q qilib yuborish uchun uyidan arab yozuvidagi kitob chiqishi kifoya edi. Bu kitob Qur’onmi, Abo Muslim sarguzashtimi, Alisher Navoiy devonimi – buning ahamiyati yo‘q edi.
Ana shunday qilib biz o‘tmishdan uzilib qoldik. «O‘tmishni sog‘inish», «o‘tmishni ideallashtirish» qabilidagi tayyor aybnomalar o‘z ishini qildi. Biz bugun na diniy aqidalarni, na tasavvuf asoslarini bilamiz. Ha, bilmaymiz va bilmasligimiz bilan kerilib qo‘yamiz. Vaholanki, faqat johilgina o‘z jaholati bilan maqtanadi. Vaholanki, V. I. Lenin, dunyo yaratgan barcha bilimlarni egallamay turib kommunist bo‘lish mumkin emas, degan.
– Erkin aka, bir oz o‘ng‘aysiz bo‘lsa-da, o‘zingizning ijodingizga tegishli mulohazamni ham aytsam. Gap «Yoshlik devoni» va an’ana xususida. Mana, devon bosmadan chiqqaniga yigirma yil bo‘libdi. Bizdan bitta-ikkita ko‘ylakni ortiq yirtganlarning guvohlik berishicha, o‘sha yillari «Yoshlik devoni»chalik mashhur kitob kam bo‘lgan! Garchi keyingi kitoblaringizda Siz mutlaqo boshqa shoir sifatida ko‘ringan bo‘lsangiz ham, ruhan baribir klassik adabiyotimiz an’analariga sodiq qolaverdingiz. She’riy intizom, ohang, musiqaviylik, fikriy teranlik, donishmandona nazar, boringki, falsafa – barchasi sharqona. Shuning uchun men Sizni ijod tomirlarida Sharq she’riyatining qoni oqib turgan yirik hamda (afsuski) so‘nggi vakil deb bilaman. Ajabki, Navoiy, Fuzuliy, Bobur g‘azallariga bor-yo‘g‘i bittadan muxammas bog‘lagansiz. Muayyan shoirlar ijodiga salaflarining ta’siri masalasini unga bog‘langan muxammaslarning soni va umuman sharq she’riyatida tez-tez qo‘llanilib turadigan obrazlarning nechog‘lik ko‘p uchrashi bilan o‘lchaydigan adabiyoshunoslik nazarida…
— Nimaga shama qilayotganingizni tushundim. Avvalo shuni aytishim kerakki, agar men Sharq she’riyati ruhini o‘ziga singdirgan so‘nggi shoir bo‘lsam, dunyoda eng baxtsiz shoir bo‘lar edim. Shukrki, bunday emas.
Yaqinda Tohir Qahhorning bir turkum g‘azallarini o‘qidim, Astoydil quvondim. G‘azalning o‘lmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Tohir bu ko‘hna vaznga yangi ruh, yangi o‘y, yangi jon beribdi.
Yigirma yil ilgari yozgan g‘azallarim bir kitobcha bo‘lib chiqqach, anchagacha g‘azal yozolmay yurdim. Ba’zi yozganlarimdan ko‘nglim to‘lmadi. Ular nari borsa «Yoshlik devoni» darajasida edi. Bilmadim, buni shuhratparastlik deysizmi, qarsaktalablik deysizmi, men harqalay har bir yangi yozgan kitobim avvalgilarini qay jihatdandir takrorlamaydigan, biror xususiyati bilan boshqacharoq bo‘lsa, deyman.
Yana bitta «Yoshlik devoni» yoki yana bir «Tirik sayyoralar» yozgim kelmaydi.
Sharq klassik she’riyati murg‘ak xayolim beshigini tebratgan, desam yanglishmasman. Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi. Men nima yozmay, qay janrda kuch sinamay bu mehr, bu ta’sir albatta namoyon bo‘ladi.
Sharq klassik she’riyati ta’sirida bo‘lish degani albatta aruz vaznida yozish yoki sharqona obrazlarni ko‘p qo‘llashni bildirmaydi. Ta’sir fikr qilish tarzida, his qilish tarzida ko‘rinadi. Navoiyning g‘azaliga muxammas bog‘lagan shoir unga ergashgan-u, bog‘lamagani ergashmagan degan gap ijodiy ta’sirni juda jo‘n tushunish, jo‘ngina emas, xato tushunish demakdir.
– Erkin aka, oxirgi savolim erkin mavzuda. Alisher Navoiy tug‘ilgan kun bahona ko‘nglingizda biz yoshlarga atalgan yana qanday gaplaringiz bor?
– Biz maqtanchoq odamlarmiz. O‘zimizni juda ma’rifatli, salaflarga qaraganda beqiyos olg‘a ketgan, komil odamlar deb o‘ylaymiz. Adabiyotimiz haqida gapirganda ham faqat uning rivoji, taraqqiyotini so‘zlaymiz. O‘z ko‘nglimizda biz oldindamiz-u, besh asr naridagi shoirlar orqada.
Menda savol tug‘iladi. Biz Navoiydan qaysi jihatimiz bilan o‘zib ketdik? Mahoratdami? Mutlaqo! Niyatimizning ulug‘ligi va pokligidami? Shubham bor. Inson qalbini anglab yetishdami? Insonparvarlik g‘oyasidami? Yana shubham bor. Navoiy har jihatdan bizga qaraganda pokroq, ulug‘roq, olijanobroq. U insonga mehrni kuyladi, odamlar o‘rtasida ular qaysi guruhga mansub bo‘lmasin, nifoq emas, birodarlik bo‘lishini orzu qildi. U odamzod qalbiga ilohiyat darajasidagi muqaddas bir poklik deb murojaat qildi.
Biz Alisher Navoiyni yaxshi ko‘ramiz, yaxshi ko‘rganda ham boshqalardan qizg‘anib, u bizniki, deb yaxshi ko‘ramiz. Lekin shu muhabbatimiz, qizg‘anishimiz darajasida uni bilamizmi?
Yugoslaviyada Struga shahridagi mushoira kunlarida qiziq bir voqea bo‘ldi. Anqaralik bir turk shoiri bilan tanishib qoldik. O‘ta millatparvar yigit ekan. Turkiy tilda yaratilgan barcha adabiyot usmonli turkniki degan e’tiqodini yashirmadi. Ayniqsa, Fuzuliyni juda yaxshi ko‘rar ekan. «Nega Fuzuliy ozarboyjonniki bo‘ladi, u axir usmonli turk tilida yozgan-ku», deb turib oldi. Qarasam, uni bu fikrdan qaytarishning iloji yo‘q. Fuzuliydan baytlar o‘qiy boshladim, u davom ettirdi. So‘ng u boshqa baytni o‘qidi, men g‘azalni davom ettirdim. Shu kun kechgacha Fuzuliyxonlik qildik. Tun yarmiga borib shu narsa ma’lum bo‘ldiki, men Fuzuliy g‘azallarini ko‘proq yod bilar ekanman. Maqtanib qo‘yay, turk shoiridan Fuzuliyni yutib oldim. U ikki qo‘lini ko‘tarib: «Erkin, Fuzuliy sanindir! Fuzuliy sanin!» ya’ni, Fuzuliy senikidir, dedi.
Ertasiga navoiyxonlik qiladigan bo‘ldik. Lekin tongda bizning safar yo‘limiz boshqa-boshqa yoqqa tushib qoldi. Bir hisobda bundan suyundim. Turk shoiriga Navoiyni yutqazib qo‘yishim hech gap emas edi. Bunday holni hech bir o‘zbekning boshiga solmasin.
Axir, yer ishlaganniki, shoir o‘qiganniki-da.
“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 2-son