Ergash Umarov. Eski o‘zbek alifbosi (1990)

Oshkoralik va demokratiya tufayli xalqimiz o‘zligini anglab yetmoqda. Ming yillik madaniyatimiz tarixida ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan yodgorliklarni o‘qib-o‘rganish imkoniyati tug‘ilmoqda. Endi bu yorug‘likdan bahramand bo‘lish maqsadida eski o‘zbek yozuvi bo‘yicha turli o‘quv qo‘llanmalari yaratila boshlandi.

Lekin bu qo‘llanmalardagi bir kamchilik kitoblardan kitoblarga o‘tib tarqalib ketmoqda. Hozir biz yigirma sakkiz arab harfiga to‘rtta forsiy belgini qo‘shib, eski o‘zbek alifbosi o‘ttiz ikki harfdan iborat deb ta’lim bermoqdamiz. Vaholanki, o‘zbek tili uchun eng zarur uch harf: alifu vov, alifu yoy, burun tovushi «ng» bu alifbodan tushib qolmoqda. Biz ana shu kamchilikning oldini olish uchun darsliklarni, umuman, eski o‘zbek alifbosini takomillashtirish kerak deb hisoblaymiz. Buning uchun darslik tuzayotgan olimlar qadim o‘zbek (turkiy) yodgorliklaridagi ma’lumotlardan to‘la foydalansalar yaxshi bo‘lar edi. Jumladan, darslikdagi so‘z boshida kelib u va o‘ harflarini ko‘rsatuvchi alifu vov, e va i harflarini aks ettiruvchi alifu yoy grafemalari maxsus harf sifatida alifboga kiritilishi kerak. Chunki bu belgilar mustaqil harf sifatida XI asrda bitilgan Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asaridan to XIX asr yodgorliklarigacha keng ishlatilgan. Bu belgilar tilimizda mustaqil harf sifatida ishlatilganligini Ulug‘bek, o‘zbek so‘zlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Arablar bu so‘zlarni alif bilan Alg‘bek, azbak shaklida yozsalar, o‘zbeklar ularni alifu vov harflari orqali o‘z talaffuziga mos ravishda Ulug‘bek, o‘zbek shaklida ishlatadilar. Shuningdek, alifboga o‘zbek tili uchun xos burun tovushi «ng» kiritilishi kerak. Bu tovush arab yozuvidagi hamma yodgorliklarda nun va kof harflari birikmasi vositasida ko‘rsatilgan. Qadimgi o‘zbek lug‘atshunoslari bu harfni alohida qayd etganlar. Jumladan, Sulton Husayn buyrug‘i bilan tuzilgan «Badoyi ul-lug‘at» muallifi Toli Hiraviy o‘ng so‘zi izohida n va g harflari birikmasi bir tovushni bildiradi, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, deb ko‘rsatadi.

Tilimizga xos bu uch belgi (alifu vov, alifu yoy, burun tovushi ng) eski o‘zbek alifbosidan o‘zining qonuniy o‘rnini olishi kerak. Shunda alifbomiz yanada puxta va mukammal bo‘ladi.

Va nihoyat, yana bir harf — alifi mamduda yoki maddali alif to‘g‘risida alohida to‘xtalish lozim. Ba’zi olimlar alifi mamduda eski o‘zbek tilida «o» harfini ifodalagan desalar, boshqalari cho‘ziq a harfini aks ettirgan degan fikrdalar.

Agar alifi mamduda«o» harfini ifodalasa, uni eski o‘zbek alifbosiga alohida harf sifatida kiritish kerak, agar cho‘ziq a ni ifodalasa kiritish kerak emas.

Bizningcha, ko‘pchilik turkshunos olimlarning fikrlariga hamda qadim turkiy qomuslardagi ma’lumotlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, alifi mamduda — cho‘ziq a ni ifodalagan. Shuning uchun uni eski o‘zbek alifbosiga mustaqil harf sifatida kiritib bo‘lmaydi.

Ergash Umarov, O‘zFA Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 9son