Emin Usmon. Mas’ullik (1991)

O‘zbekiston maorif vaziriga ochiq xat

BIRINChI XAT

Muhtaram vazir!

Bundan ikki yil muqaddam jumhuriyat radiosi orqali shu yuksak lavozimni egallab o‘tirgan sobiq hamkasbingizga murojaat qilib, bolalar tarbiyasi va maorif sohasidagi ayrim noto‘g‘ri ishlar xususidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashgan edim. Garchand o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan, katta-katta anjumanlar ona tilimizda o‘tkazilayotgan, ko‘cha-ko‘yda, jamoat qatnov vositalarida o‘z tilingda gaplashish aybsitilmay qo‘yilgan bo‘lsa-da, o‘zbek radiosining eshittirishlarini ko‘pchilik eshitmas, xususan, mo‘tabar shaxslarimiz bunga imkon topishlari mahol ekan, shekilli. Radio to‘lqinlari orqali aytilgan keskin, munozarali fikrlarimga hech kim na ijobiy, na salbiy munosabat bildirmadi. Bu nima, turg‘unlik davridan meros qolgan befarqlikmi yoki tepsa tebranmas, loqayd bo‘lib qolganimizning isbotimi? Bir qalamkash maktabdagi ahvol, bolalar tarbiyasidagi kamchiliklar haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashsa-yu, uning gapini eshitadigan odam topilmasa. Bu faqatgina jamoatchilik fikriga nopisandlik emas, balki o‘z qobig‘iga o‘ralib olish, qolipga solingan ko‘rsatmalardan, allaqachon siyqasi chiqqan biryoqlama, yanglish usullardan chekinishni istamaslik, yangicha o‘ylashdan, dunyoga ochiq ko‘z bilan qarashdan hadiksirash, xolos.

Maorif tariximizga bir nazar tashlasak yer yuzida yaratilgan birinchi darslik meloddan 2870 yil avval yashagan Misr hukmdorining vaziri Pitox Xutibning «Axloqnoma»sidir. Bizda ham shunday kitob bormi? Biz tarbiyaning mag‘zi axloq-odobda deb hisoblaymizmi? Agar shunday deb hisoblasak, mamlakatdagi qaysi maktabda axloq darsi o‘tiladi? Men yuqorida afsus bilan tilga olgan befarqlik munosabatining o‘ziyoq biz kattalarning axloqi, madaniyati ko‘ngildagidek emasligidan dalolat bermaydimi? O‘zaro hurmat, bir-birining fikrini eshita olish yuksak insoniy madaniyatni, samimiyatni taqozo etadi. Shu bois ulug‘ xitoy mutafakkiri Kongfuzi o‘zining «Vafodorlik» nomli kitobida: «Vafoning sharti mehribonlikdir», deb yozadi. U har tomonlama komil insonni voyaga yetkazish uchun avvalo inson qalbiga mehr-shafqat urug‘ini ekish zarurligini uqtiradi. Agar Kongfuzi ta’limotidan kelib chiqsak, maorifning bugungi ahvoli kishini quvontirmaydi. Avvalo Siz boshchilik qilayotgan vazirlikning nomi, vazifasi so‘nggi ikki-uch yil ichida bir necha bor o‘zgartirilgani, maorif degan so‘zning o‘zi ham iste’moldan chiqarib tashlangani, bu sohaga ajratiladigan pul harbiy sarf-xarajatlardan bir necha o‘n barobar kamligi bola tarbiyasi, ilm berishdek sharafli vazifa davlat tepasiga chiqib olgan har bir mansabdor shaxsning xohish-irodasiga bog‘liq ekani ko‘rinib turibdi.

Maorif degan ibora ma’rifatdan olingan. Maorifchilar ma’rifat, ya’ni ziyo tarqatuvchilardir. Afsuski, bugungi kunga kelib bu nuqtai nazarning o‘zi o‘zgarib ketdi, hatto maorifni xalq ta’limi degan sun’iy va zo‘rma-zo‘raki atama bilan almashtirdik.

Muhtaram vazir!

Nima uchun Sovetlar mamlakatida muayyan arboblar, harbiy xizmatchilar, savdo xodimlariyu har xil yulg‘ichlar tabaqasi o‘ta farovon yashaydi-yu, maorifchilar qo‘l uchida zo‘rg‘a tirikchilik o‘tkazishadi? Nega maorifchilarning maoshi 30 foizga oshgani holda partiya xodimlarining ish haqi yuz foiz, hatto undan ham ko‘proq miqdorda oshirildi? (Partiya va davlat nomidan ish ko‘ruvchi amaldorlar o‘rtasida avj olgan poraxo‘rlik, yulg‘ichlikka shu yo‘l bilan zarba berishmoqchi bo‘ldi, shekilli). Maoshi bir necha so‘mga ko‘paygan o‘qituvchi hamon uchma-uch tirikchilik qilyapti, sababi, narx-navo so‘nggi yillar mobaynida bir necha barobar ortib ketdi. Agar meloddan ilgarigi tariximizga nazar tashlasak, ma’rifatchilarning martabasi benihoya yuksak bo‘lganini, ularga juda katta maosh tayinlanganini, hatto ma’ruza o‘qiydigan minbarlari oltin bilan ziynatlanganini ko‘ramiz. Shu bois davlatni idora qilishga faqatgina bir guruh gapdon siyosatchiyu urishqoq harbiylar emas, birinchi navbatda olimu fozillar jalb etilgan. Elga ilm ziyosini tarqatuvchi kishilar e’zozlanib ELTABIR deb atalgan. Qadimgi Ediqut hoqonligida kitob yozish va hattotlik eng savobli ish hisoblangan. Mamlakatning barcha ma’rifiy ishlarini Bilka Kengash (Donishmandlar kengashi) boshqargan. Bu kengash qabul qilgan qaror na hukmdor, na vaziru vuzarolar tomonidan muhokama etilgan, aksincha, so‘zsiz bajarilgan. Eltabirlar odamlarning maslahatchisi, haqiqiy yo‘l ko‘rsatuvchisi bo‘lishgan. Ediqut (Saodatga yetaklovchi)ning poytaxti Turfon shahri bejiz «O‘rta Osiyoning yer osti kutubxonasi» deb atalmagan. Bu mamlakatda barcha dinlarni kamol toptirish va tadqiq etish, til o‘rganish, til orqali boshqa xalqlar madaniyatidan bahramand bo‘lish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bilka Kengash «Sanskrit — uyg‘urcha», «Xitoycha — uyg‘urcha», «So‘g‘dcha — uyg‘urcha» va yana boshqa o‘nlab tillarning lug‘atlarini tuzgan. Qadimiy Kusan (hozirgi Kuchor) shahrida voyaga yetgan uyg‘ur olimi Kumarojivo o‘nlab tillarni mukammal bilgan va sanskrit tilidan 384 jild kitobni tarjima qilgan. Qashqarlik Pirxuylon esa to hozirgacha buddoi olimlar qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiydigan yuz jilddan iborat «Umumiy aqidalar sharhi» nomli qomusiy asar yaratgan. Bu olimlar Sakyomunining: «Ilmdan, odob-axloqdan, saxovatdan va yaxshilikdan mahrum kishilar maxluq bilan teng. Ular baxtiqaro kimsalar», degan ta’limotiga amal qilib yashashgan. Ular uchun: «Hayot bamisoli shamol, kuch-quvvat bamisoli uchar qush, yoshlik bamisoli chaqmoq, mol-dunyo bamisoli toshqin suv — kelib ketadi; shunday ekan, xayrli ish qilish, fazilat uyidan joy olish» muhim bo‘lgan.

Eramiz boshlarida yashagan olimu fozillar, hatto qishloq muallimi ham o‘z jamg‘armasidan maktablar, ibodatxonalar, kutubxonalar qurishgan, o‘nlab, yuzlab shogirdlarni o‘z qaramog‘iga olib, ilm o‘rgatishgan. Bugungi qaysi muallim, qaysi professor bunday moddiy imkonga ega! Ijtimoiy tanglik hukm surgan bugungi sharoitda bunday savol ko‘ndalang qo‘yilishi g‘ayritabiiy.

Muhtaram vazir!

Qishloq o‘qituvchilari qanday yashashlariga e’tibor berganmisiz!? Ular aksariyati dalada dehqonchilik qilishadi, o‘z shogirdlariga qo‘shilib mol boqishadi, aks holda tirikchiligi o‘tmaydi. Kundalik turmush tashvishlari abgor qilgan bu bechoralarni ELTABIRlar deb atash qiyin. Shu bois hozir o‘qituvchiga hech kim havas qilmaydi, aksincha uning ustidan kulib yurishadi, yulg‘ichlikni, uddaburonlikni qoyil qilolmaydigan bu ziyolilar yashashni bilmaydigan uquvsiz zotlar deb hisoblanadi. Bugungi o‘qituvchilarning aksariy qismi darsliklarda yozilgan umumiy gaplarni bir amallab yod olib, to‘tiqushdek takrorlab kun o‘tkazishadi. Sababi, uning ijodiy izlanishga vaqti ham, imkoni ham yo‘q. Vaholanki, Sharq insoniyat yaralganidan buyon ilm-ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Sharqning maktab va oliy o‘quv yurtlarida ilohiy va barcha dunyoviy fanlar o‘qitilgan. 14-17 asrlarda hukm surgan Saidiya xonligidagi ilm-ma’rifatning qay darajada taraqqiy etgani haqida Sulton Abdurashidxonning «Tarixi Rashidiy» asarida batafsil ma’lumot beriladi. O‘sha davrda o‘qish mavsumi bahorda boshlanar, ungacha xalq «Navro‘z shoyi», «Hafta salom», «Mushoira kechasi», «Navro‘z qo‘shiqlari», «Navro‘z gap-gashtagi», «Navro‘z minbari», «Hofiz minbari», «Charxpalak», «Kurash», «Poyga» kabi sayil va tomoshalarda qatnashib vaqtixushlik qilar edi. Sayr-tomosha tugagach, ota-ona bolasini maktabga yetaklab kelardi-da: «Bolamizning jonini xudo bergan, et-suyagini biz berganmiz, baxt-iqbolini siz berasiz», deb muallimga topshirib ketishardi. Biz esa maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan norasida go‘dakka sen odam emas, hayvonsan, oftobda bitini boqib o‘tiradigan maymundan tarqagansan, deya uqtiramiz. Ilohiyot, insoniy qadriyat, dunyoning yaralishi haqida gard yuqmagan tasavvuri chil-chil singan bola shu asnodan boshlab maymunga xos xatti-harakatlar qilsa, chekka-chekkadan tanbeh beriladi, odamga o‘xshab yurishga undaladi. Tarbiya usulimizning xamirturushi chatoqligi mana shunda. Uni yaxshilamay va yangilamay turib komil insonni voyaga yetkazib bo‘lmasligi aniq. Lekin biz gapimizda sobitmiz: maymundan tarqaganmiz, ota-bobomiz maymun, ularning ajdodi bir hujayrali mahluqlar! Nechog‘li ayanch aqida!..

Vaholanki Qur’oni karimda Allohning buyruqlariga amal qilmagan xiyonatkor, munofiq qavm maymunga aylantirilgani haqida aytiladi. Muhammad alayhissalom o‘z hadislarida: «Har bir inson musulmon bo‘lib tug‘iladi, ota-ona noto‘g‘ri tarbiya usullari bilan uni kofirga aylantiradi» deydilar. Bu hadisning teran ma’nosini anglab yetadigan payt keldi.

Yaqinda matbuotda e’lon qilingan e’tiqod erkinligi haqidagi Qonun loyihasida din maktabga yaqin yo‘latilmasligi haqida alohida ta’kidlab o‘tilgan. Yetmish yil mobaynida dinni maktabdan, ma’rifat dargohlaridan qatag‘on qilib nimaga erishdik! Ko‘chalarni to‘ldirib yurgan sharm-hayosiz, aroqxo‘r, nashavand, yo‘lto‘sarlar ilohiyotdan, dindan butunlay bexabar, insoniyat taraqqiyotida proletariat (yo‘qsillar), diktaturasi nomi bilan shuhrat qozongan yangi tuzumning biron aqidasi, biron izmi ularning qalbiga em bo‘lmagan. Ha, shunday kimsalarni voyaga yetkazdik. Yetmish yildan beri maktabdan qatag‘on qilingan islom dini esa: «Beshikdalik chog‘ingizdan to lahadga kirguningizcha ilm tolibi bo‘ling», deya ta’lim beradi. «Kimki dunyo (boylik) istasa, savdo bilan shug‘ullansin, kimki oxiratni istasa, taqvo qilsin, kimki ikki dunyoda hurmatli bo‘lishni istasa, ilm olsin», deya o‘git beradi Muhammad alayhissalom. Bu o‘gitning nimasi yomon, nega uni eshitmasdan turiboq tahlikaga tushamiz.

Tarixdan ma’lumki, xalifa Xorun ar-Rashid davrida ilm-fan misli ko‘rilmagan darajada taraqqiy etdi. Musulmon sharqining Baytul hikmasi qurilib, yunon tilida bitilgan nodir kitoblarning deyarli hammasi arab tiliga tarjima qilindi. Uning o‘g‘li Ma’mun xalifaligida esa Tarjimonlar markazi ta’sis etildi, har yili yuzlab madrasalar qurildi, ma’rifat ishlari uchun xazina eshigi keng ochib qo‘yildi.

Sovet Ittifoqida qayta qurish jarayoni boshlanganidan buyon qancha kutubxona, oliy va o‘rta bilim yurti, maktab, madaniyat uylari qurilganining hisobini olsak, bizda insonning ma’naviy kamoli uchun xazinaning eshigi bemalol ochib qo‘yilmaganiga amin bo‘lamiz. Buning aksicha so‘nggi to‘rt-besh yil ichida mamlakat miqyosida had-hisobsiz oshxona, qahvaxona, behayo kinolar namoyish etiladigan muassasalar qad rostladi. Birgina misol, Toshkent shahri va atrof qishloq-nohiyalarning har qadamida kooperativ oshxona, kabobxona, moshina turadigan pullik joy, pullik hojatxona, milliy jamiyatga zid — (e’lon orqali er-ayolni topishtiradigan tashkilot), suv do‘konlari, aroq-sharob, tamaki bilan ochiqdan-ochiq chayqov qiladigan xonadonlar va hatto ochiqchasiga o‘g‘rilik, bosqinchilik qiladigan to‘dalar urchib ketdi. Lekin shu davr ichida poytaxt viloyatida bironta madaniyat uyi, bironta kutubxona, biron ilmiy markaz — ma’naviy oziq beradigan ma’rifat maskani ishga tushirilganini eslolmayman. Demak, odamlar uchun moddiy huzur-halovat ma’naviy lazzatdan ustun bo‘lib ketibdi. Odamlar bosh bilan emas, qorin orqali dunyoni his etadigan mavjudotlarga aylanishibdi. «Yashasin qorin!» degan shior kundalik zaruratga aylanibdi. Afsus!..

Frantsuz yozuvchisi Lebon: «Ilmga tashnalik musulmonlar olamidagi barcha mamlakatlarda juda kuchli edi», deb yozadi. O‘rta asrlardayoq ilmga tashna deb e’tirof etilgan xalqlarimiz zo‘r berib o‘z e’tiqodidan mahrum etilmoqda. Maktablarda ota-bobolar ixlos qo‘ygan din asoslarini o‘rganishdan cheklash bolalarimizning ma’naviyatini puch qilib qo‘ymoqda. Inson Xudo yaratgan eng oliy, eng mukammal zot deb biluvchi Islom dinida: «Har kuni Qur’ondan bir oyat o‘rganish yuz marta ibodat qilishdan afzal, bir kuniga asqotishdan qat’i nazar ilmu urfon bilan shug‘ullanish ming marta toat-ibodat qilishdan afzal», deb hisoblanadi. Eski maktablarimiz Sadriddin Ayniy yozganidek yalpisiga jaholat manbai bo‘lmagan, aksincha, o‘qitish yod olishga asoslanishining sababi, avvalo xotira charxlangan, qolaversa, matn ustida ishlash o‘rgatilgan. Bizning maktablarimizda esa badiiy asarlar juda kam o‘qitiladi, tarix soxtalashtirib o‘rgatiladi, aniq fanlarni o‘qitish ham biryoqlama. Masalan, kimyo, fizika sohasida kashfiyotlar asosan xorijiy olimlariga nisbat beriladi, al-jabr — matematika, falakiyot, tibbiyot bobida sharqda yuz bergan mo‘jizalar esa mutlaqo etirof etilmaydi. Bu qullarcha itoatgo‘ylik, o‘zligini unutish oqibatidir. Axir cho‘llarni o‘zlashtirish uchun yer osti suvlarini koriz usuli bilan bir necha terak bo‘yi ko‘tarishning o‘ziyoq Sharq xalqlari ancha-muncha ilmga ega bo‘lganidan dalolat bermaydimi! Ko‘hna Turfondagi korizlar hanuzgacha inson aqlini lol qoldiradi. Qozog‘iston va Xorazmda bu usulni qaytadan tiklashga urinilyapti. «Ilmni unutish ham ofat» deyilgan-ku. Bas, shunday ekan, biz nega o‘tmishdagi ma’rifat durdonalaridan bugungi avlodni bebahra etishimiz kerak.

Muhtaram vazir! Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar maorif sohasini, o‘qitish va tarbiya usullarimizni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Har tomonlama komil iisonni voyaga yetkazish uchun qadimiy o‘qitish usullaridan, tarbiya vositalaridan, zamonaviy yangiliklardan keng foydalanish kerak. Axir qadimiy maktablarda turk, toxor, xitoy, sanskrit, tang‘ut, ibtolit, arab, fors tillarini mukammal bilgan allomalar dars berishgan. Shu bois Sharq xalqlaridan o‘nlab qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Bugungi maorifni o‘sha davrdagi saviyaga yetkazish, buyuk allomalarni voyaga yetkazish uchun qadimiy o‘qitish usulining ilg‘or an’analarini bugungi maorifga tatbiq etish lozim. Xususan, bolalarni o‘zlarining odamligiga ishontirishni, haq bilan nohaqni, savob bilan gunohni, halol bilan haromni bir-biridan ajratishdan boshlash zarur. Busiz ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz mahol. Bu xayrli ishni amalga oshirish uchun avval darslik va qo‘llanmalarni butunlay qaytadan yozish, o‘qituvchilarni yangicha ruhdagi kurslarda qayta o‘qitish, bog‘chalarning faoliyatini tubdan o‘zgartirish kerak. Bugun zamonning yo‘rig‘i boshqa, davr talabi, odamlarning dunyoni anglashi, fikrlashi o‘zgacha, ertaga hayot batamom boshqacha bo‘lishi muqarrar. Bas, shunday ekan, maorif hayotdan orqada qolmasligi, ertangi kunda yashaydigan fikri teran, hayot hodisalarini xolis baholaydigan yangi avlodni tarbiyalashga hozirdan tayyor turishi lozim.

IKKINChI XAT

Muhtaram vazir! Turg‘unlik davri deb atalmish yigirma yildan ortiq davom etgan siyosiy va ma’rifiy karaxtlik davrining barcha jabru jafolarini eng avvalo maorif xodimlari bilan maktab o‘quvchilari tortishgani hech kimga sir emas. Sho‘ro o‘quvchilari qoniqarsiz baho olmaydi, degan o‘ta manfur va g‘ayriilmiy shiorni uzoq yillar uyalmay-netmay bayroq qilib yurdik. Chorak asr mobaynida hatto o‘z ismi-sharifini to‘g‘ri yozolmaydigan necha million chalasavodni voyaga yetkazdik. Qoniqarsiz baho olishi mumkin bo‘lmagan mana shu sho‘ro yoshlari bugun xalq xo‘jaligining turli jabhalarida xizmat qilishmoqda, peshqadamroqlari allaqachon ilmiy dargohlarda, oliy o‘quv yurtlarida mas’ul lavozimlarda ishlashmoqda. Aqlga nomuvofiq soxta shior ruhida tarbiyalangan bu avlod jamiyatga, xalqqa qanday naf yetkazishi mumkin. Har bir hujayrasigacha yolg‘on va soxtalik unsurlari singib ketgan bu avlod bugungi qayta qurish talablaridan esxonasi chiqib ketishi yoki befarqlik bilan «bunaqa g‘alvalarning nima keragi bor, har kim o‘z aravasini sudrab tinchgina yuravermaydimi», qabilidagi gaplari bilan odamlar qalbidagi ehtirosni, yaxshilikka, yangilikka, adolatga intilishni so‘ndirishga urinishi turgan gap. SSJI Oliy kengashi sessiyasida ichki ishlar vaziri ochiq e’tirof etganidek,

o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jinoyat, buzuqlik, nashavandlik va eng dahshatlisi odam o‘ldirish haddan tashqari ko‘payib ketganining asosiy sababi — turg‘unlik yillaridagi siyosiy ongimiz, vijdonimiz so‘qirligi, kelajak oldidagi mas’ullik hissini yo‘qotib qo‘yganimiz tufayli «nuqul yaxshi va a’lo bahoga o‘qiydigan» avlodni voyaga yetkazganimizdan emasmikin! Nima eksang, shuni o‘rasan, deydi dono xalqimiz. Kecha sepgan arpamizdan bugun sarxil bug‘doy ololmasligimizni, kecha noto‘g‘ri tarbiyalagan bolalarimizdan bugun yaxshi odamlar yetishib chiqmasligini oshkora tan olishimiz darkor. To‘g‘ri, xatoni tan olish qiyin. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga kishi o‘zini aybdor deb bilishi mushkul. Bugungi ayrim shiorbozlik va bo‘lar-bo‘lmasga ko‘krakka urishlarning ham hisob-kitobi borligini anglab yetish mahol. Lekin mamlakatda yuz berayotgan bugungi tub inqilobiy o‘zgarishlar es-hushimizni yig‘ishtirib olishni, har bir so‘z, har bir tashlangan qadam, qilingan ish uchun mas’ul bo‘lish lozimligini taqozo etadi.

Afsuski, maorif sohasida uchta vazirlikni birlashtirishdan boshqa biron bir o‘zgarish yuz bergani yo‘q. Qishloq bolalari hali ham dala ishlaridan butunlay ozod bo‘lmadi, oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlari talabalari goh qurilishlarda, goh paxta yig‘im-terimida, goh sabzavot ekilgan paykallarda ter to‘kishmoqda. Talabalarning qurilishda keltirgan foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq. Avvalo ular bunday ishlarga ixtisoslashmagan, hatto belkurak ishlatishga qam uquvi yo‘q. Necha minglab yigit-qizlar qurilishlardagi axlatu chiqindilarni yig‘ishtirishdan boshqa hech narsa bilan shug‘ullanishmaydi. Vaholanki, tuzukroq haq yozilsa bu ishlar quruvchilarning o‘zidan ortmaydi. Shuncha talabani ovorai sarson qilishning hojati ham yo‘q. Ularni ish bilan ta’minlash, turar-joy mas’uliyati, sog‘-salomat ota-onasiga topshirish tashvishi ham bartaraf etiladi.

Dalaning, xususan, paxtaning hamma og‘irchiligi o‘quvchilar bilan talabalarning gardaniga yuklab qo‘yilgani natijasida jumhuriyatimiz aholisining jismoniy taraqqiy etishi tashvishli ahvolda. Masalan: Ovro‘po davlatlarida so‘nggi yillarda odamlarning o‘sishi, ya’ii bo‘ychanligi uch-besh santimetrga ko‘tarilgan bir paytda jumhuriyatimiz odamlari xuddi shuncha santimetrga cho‘kkan. Demak, paxta va boshqa ekinlarga ishlatilayotgan mineral hamda zaharli dorilarning kasri tufayli odamlarimiz rezgilasha boshlagan.

Onam, bibi Xadicha rahmatli yer yuzida hayot boshlanganda odamlar biron joyga cho‘kib o‘tirsa soyasida qirq tuya soyalarkan, qiyomat yaqinlashganda odamlar yantoqning bargiga chiqib azon aytisharkan, agar shu ketish bo‘lsa, oxir zamon yaqinlashib qolibdi, bolam, odamlar haddan tashqari ushoqlashib ketishyapti, deya tashvishlanib gapirar edilar. Onamning tashvishi o‘rinli ekanligini yuqorida keltirilgan raqamlarning o‘ziyoq isbotlab turibdi. Yoki shunga bog‘liq ikkinchi bir misol. Taraqqiy etgan Ovro‘pa davlatlarida odamlarning o‘rtacha vazni oltmish kilogrammdan yuqori bo‘lgani holda jumhuriyatimiz aholisining o‘rtacha vazni ellik besh kilogrammga tushib qolibdi.

Bolaligining eng mas’ul, eng o‘yinqaroq, eng lazzatli onlarini dalalarda kattalar bilan barobar ishlab, uvat chetlarida, zovur bo‘ylarida mol boqib o‘tkazayotgan bolalarimizning iligi puch bo‘lib qolyapti. Maktab oshxonalarida tayyorlanadigan ovqatlarning sifati haddan tashqari yomon, narxi esa baland. Bir stakan quruq choy maktab yemakxonasida besh tiyin, kartoshkali perashka esa 4 tiyinning o‘rniga 14 tiyindan sotiladi. Biz faqatgina xalqning emas, hatto bolalarning ham haqiga xiyonat qilishga shu qadar o‘rganganmizki, ochko‘zligimiz, insofsizligimiz tufayli o‘z kelajagimizni mayib qilib qo‘yayotganimizni xayolimizga qam keltirmaymiz. Hozir fan-texnika sohasidagi mo‘jizalari, yuksak madaniyati bilan insoniyatni hayratga solayotgan Yaponiyada esa bolalar dasturxonida yaxna go‘shtdan tortib eng tansiq meva-chevagacha, sut mahsulotlarining hamma turidan tashqari, shirin-sharbat ichimliklargacha badastir ekan. Bu mamlakatda umuman bolalarning mayl-istaklari cheklanmas, ular istagan o‘yinini o‘ynar, ko‘ngli tortgan narsani yer, qiziqqan narsasini borib ko‘rar hamda eng zamonaviy kompyuter yordamida o‘zini qiziqtirgan savollarga javob izlarkan.

Yaponiyada axlatdan barpo etilgan orollar borligini yaxshi bilasiz. Mana shunday orollardan biri eng go‘zal va eng zamonaviy shaharga aylantirilgan. Yo‘rgakdan chiqqan chaqaloqdan tortib to balog‘at yoshiga yetgan bolalarning hammasi bu shaharchaning so‘lim xiyobonlarida istagancha o‘ynashi, cho‘milishi, dengiz mo‘jizalari bilan tanishishi, deqqonchilik ilmini, ishlab chiqarish usullarini, hayvonlar bilan muomalani o‘rganishlari mumkin. Falakiyot va fazogirlik sir-asrori bilan tanishish va bevosita o‘zlari ham shug‘ullanishlari uchun hamma shart-sharoit muhayyo. Olmoniyoda ham xuddi shunday shaharcha mavjud va uning darvozasi tepasiga: «Agar Hans besh yoshgacha biron narsa o‘rganmasa, bir umr no‘noq bo‘lib qoladi», degan lavha osib qo‘yilgan va bolalarni fan-texnika mo‘jizalari bilan tanishtirish uch oylik chaqaloq paytidanoq boshlanadi.

Bizning sho‘rpeshona bolalarimiz na to‘yib ovqat yeydi, na istagancha o‘ynab-kuladi, kompyuter degan narsa esa umuman yetti uxlab tushiga kirmagan. Muhtaram vazir, nega biz bolalarimizni bu ko‘yga solib qo‘ydik? Farzandlarimizning sog‘lig‘i, bilim olishi, ertangi kuni haqida qachon qayg‘uradigan bo‘lamiz? Ruhan, aqlan zaif, nimjon bolalar bizga hech qachon sharaf keltirmasligini, ular jamiyatning to‘laqonli fuqarolari emas, majruh va notavon kimsalar bo‘lib yetishishlarini nahotki anglab yetmayotgan, bu holdan aziyat chekmayotgan bo‘lsak! Nega shu paytgacha biron maktabda davlat rahbarlarining ko‘chma majlisi o‘tkazilmagan. Vaholanki, qishloq molxonasida yem-xashak tugab qolsa yoki ikkitagina sigir kasalga chalinsa butun xo‘jalikning kazo-kazolari zudlik bilan shu yerga yetib kelishadi. Go‘yo sigir odamdan aziz… Bizda shu paytgacha paxta yig‘im-terimi siyosiy masala, chorvachilik zarbdor front, yem-xashak jamg‘arish kechiktirib bo‘lmas vazifa, sabzavot yetishtirish bugungi kunning bosh talabi bo‘lib keldi. Lekin bola tarbiyasi, maktab o‘quvchilarining holidan xabar olish yuqoridagi balandparvoz shiorlarning soyasida yo‘q bo‘lib ketaverdi.

Mamlakatimizda harbiy sarf-xarajatlar uchun 70 milliard, maorif uchun atigi 3 milliard so‘m ajratilganining o‘ziyoq ta’lim-tarbiya ishining ahvoli nega nochorligini ko‘rsatib turibdi. Shu paytgacha biron maorif vaziri bu holdan norozi bo‘lib dod degani yo‘q.

Maktabga o‘gay nazarni isbotlovchi birgina misolni keltirib o‘taman. Juda ko‘p qishloq joylarda maktablar otaliq tashkilot tomonidan ta’mirlab berilmaydi. Xo‘jalik rahbarlari maktablarni tuzatishga ajratilgan fondimiz yo‘q deya yelkasini qisishadi. O‘qituvchilar o‘z kuchi bilan maktabni chalakam-chatti ta’mirlashdan chiqarayotgan, hatto majbur bo‘lib — ota-onalardan pul yig‘ib shikast-rextlarini tuzatayotgan maktablar ham yo‘q emas. Bu ayanchli ahvoldan nohiya, viloyat rahbarlarining xabari yo‘qmi? Bor. Lekin, o‘zi kurortga borishga, uzluksiz keladigan komissiyalarni yedirib-ichirishga pul topadigan xo‘jalik rahbarlarini insofga chaqirib qo‘yadigan bironta mard yo‘q. Nega maktablarimizning kuni tilanchilikka qoldi, deya shoshilinch majlis chaqirilib, vaziyat o‘rganilmaydi. Bultur bir oy ichida Toshkent nohiyasidagi ikki maktabda ikki o‘quvchi o‘zini osib qo‘ydi. Bu ish bilan militsiya xodimlaridan boshqa biron kimsa shug‘ullanmadi. Vaholanki, bu dahshatli fojeani butun nohiya aholisi o‘rtasida atroflicha muhokama qilish, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan bolalarni o‘z joniga qasd qilishga majbur etgan ijtimoiy sabablarni chuqur o‘rganish, bu hodisa islomda qattiq qoralanishi aytilib, tegishli xulosalar chiqarilishi kerak emasmidi? Bu mudhish hodisadan ehtimol siz ham xabar topmagan bo‘lishingiz mumkin. Ehtimol… Bunday befarqlik, birovning qismatiga beparvolik, xususan, tarbiyadek mas’ul va sharafli ishga nopisandlik qachon yo‘qoladi! Nega maktablarimiz xo‘jalik rahbarlariga qaram qilib qo‘yilgan! Nega yil boshidayoq har bir kolxozdan maktablar shikast-rextlarini tuzatish, ularni zamonaviy texnika, asbob-uskuna va boshqa ash’yolar bilan ta’minlash uchun sarflanadigan pul ajratib olinmaydi? Xo‘jalikni istagan ko‘yga sola oladigan nohiya firqa tashkilotining kotiblari nahotki bu xayrli ishga qodir bo‘lishmasa?

Mana shunday befarqlik tufayli bizning maktablarimiz, xususan, qishloq maktablari ibtidoiy ahvolda. Ularda zamonaviy ko‘rgazmali qurol, kompyuter degan narsalar haqida umuman, qech qanday tasavvurning o‘zi yo‘q. Qishloq maktablariga televizor ham endigina kirib kela boshladi. Bizning nazarimizda barcha insoniy haq-huquqlardan mahrum etilgan amerikalik qora tanli bolalar birinchi sinfdanoq kompyuter yordamida dars o‘tadi. Yaponiyadagi bolalar esa eng zamonaviy fan-texnika mu’jizasi bilan yo‘rgakdaligidayoq tanishib ulguradi. Nega bizda «dunyodagi eng ozod mamlakatning baxtiyor bolalari» bunday imtiyozlardan mahrum?

Muhtaram vazir! Siz bolalarimiz ona tilini o‘rganish HUQUQidan mahrum etilganini bilarmikansiz. Sizdan oldin shu amal kursisini egallab o‘tirgan sobiq hamkasblaringiz o‘zbek tili darslarini o‘ttiz foizga qisqartirishgan. Oqibatda ona tili va adabiyotni o‘rganish ikkilamchi bir narsaga aylandi. Shuning uchun o‘rta maktabni tugatgan yigit-qizlarimiz adabiyot haqida juda sayoz bilimga ega. Ularning aksariy qismi shoir bilan yozuvchining, adabiy janrlarning, egalik va kelishik qo‘shimchalarining farqiga borishmaydi, davolovchi doktorlar bilan fan doktorini bir-biriga chalkashtirib yurishadi. Buning ustiga vazirlik yoshlarimizning badiiy didini, idrokini battar o‘tmaslashtiradigan qaror chiqarib, ma’naviy tanazzulni battar tezlashtirdi. 1989 yildan e’tiboran o‘rta maktablarda til va adabiyotdan og‘zaki davlat imtihoni olib tashlanib, o‘rniga jismoniy tarbiya kiritildi. Bu nima, bosh bilan oyoqning farqiga bormaslikmi, muhtaram vazir! Butun mamlakatimizda milliy hissiyot uyg‘onib, har bir xalq o‘z tili va til orqali milliy madaniyatini yuksaltirish, ona tilida yaratilgan adabiyoti vositasida badiiy didini o‘stirish haqida qayg‘urayotgan bir paytda o‘zbek maorif vazirligi buning aksicha ish tutib, milliy madaniyatimizga, xalqning ma’naviy qiyofasini belgilaydigan muhim omil — tilga, shu tilda yaratilgan badiiy adabiyotga qaqshatqich zarba berilishining muddaosi nima?

Butun mamlakatimizda yuz berayotgan bahsu munozaralar asosan til va milliy madaniyat ustida bo‘lmoqda, millatlar o‘rtasida kelib chiqayotgan nizolar ham asosan til va milliy kamsitilishdan, undan keyingina ijtimoiy, iqtisodiy adolatsizliklardan kelib chiqmoqda. Tenglik, qayta qurish tufayli xalqlar o‘zligini taniyotgan, har bir sohada, xususan, milliy munosabatlarda demokratiya bo‘lishi talab qilinayotgan bir paytda maorif vazirligi xalqning milliy g‘ururini kamsitdi, ya’ni, bolalarni — millatimizning istiqbolini ona tiliga, adabiyotga muhabbatdan va shu mehr tufayli kamolga yetadigan iftixordan mahrum etdi. O‘zligidan iftixor etgan xalq tarixini, urf-odatlarini, madaniyatini yaxshi biladi. Tarixini yaxshi bilgan xalq ma’rifatli bo‘ladi. Ma’rifatdan insonparvarlik tug‘iladi. Nahotki maorif vazirligi insonparvarlikka qarshi bo‘lsa?!.. Men bunday fikrga ishongim kelmaydi. Biroq amaliyot butunlay boshqa narsani ko‘rsatib turibdi. Nahotki, maorif vazirligi uchun jismoniy tarbiya, ya’ni kuch-quvvat, epchillik bilan erishiladigan narsa aql va betakror tuyg‘ular orqali yetiladigan ruhiy zakovatdan, hissiy barkamollikdan avlo bo‘lsa? Agar shunday bo‘lmaganda bu sharmandali buyruq chiqarilmagan, yoshlarning didi, tafakkuri, dunyoni anglash, fikr yuritish qobiliyatiga zarba berilmagan bo‘lardi.

Men jismoniy tarbiyaga qarshi emasman. Bu soha jumhuriyatimizda qoniqarsiz ahvolda ekanligi hech kimga sir emas. Men faqatgina balog‘atga yetgan qizlarimiz qaddi-qomatini ro‘y-rost namoyish etadigan sharmanda kiyimlarda, oppoq sonlarini dirkillatib ko‘chalarda cholib yurishiga, kuchanib arqonga osilishiga, bo‘yi barobar balandlikka sakrashiga, turli xil og‘ir jismlarni irg‘itishiga qarshiman. Sharqona, azaldan xotin-qizlarga nafosat va nazokat ramzi deb qaralgan ayollardagi go‘zallik, sharm-hayo benihoya yuksak qadrlangan.

O‘z urf-odat va an’analarimizdan voz kechib, Ovro‘poga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish natijasida ayrim o‘quvchi qizlarimiz homilador bo‘lib qolishmoqda. Hatto markaziy televideniyeda leningradlik oltinchi sinf o‘quvchisi tug‘ib qo‘yganligini, uning bolasini butun sinf birgalikda tarbiyalashayotganini «iftixor» bilan gapirishdi. Vazirlik alohida rag‘bat bilan buyruq chiqargan jismoniy tarbiya ommalashgani, qizlarimiz yarim yalang‘och liboslarda irg‘ishlab yurishgani sayin bunday sharmisorlik battar avj olishi aniq.

Nahotki O‘rta Osiyo xalqlari o‘zlarining azaliy o‘qitish uslublarini joriy etish huquqlaridan mahrum bo‘lsa? Nega butun mamlakatda faqat bir xilda kiyinish va bir xilda o‘qitish joriy etilgan? Nega har bir xalqning o‘ziga xos xususiyatlari — muomala, kiyinish, jinslararo munosabatlar, fikrlash madaniyati inobatga olinmaydi? Men maktablarda har bir xalqning faqat o‘ziga xos uslubda kiyinishi joriy etilishi tarafdoriman. Jismoniy tarbiya o‘rniga qizlarimizga ko‘proq pazandalik, orastalik, tikuvchilik, muomala madaniyati, shaxsiy gigiyena o‘qitilishini istardim. Bizga mushaklari irg‘ib chiqqan erkakshoda qizlar emas, chinakam go‘zallik farishtalari kerak.

Muhtaram vazir! Maktablarimizdagi o‘qitish saviyasi Sizni qanoatlantiradimi? Bizning o‘quvchilarimiz hozirgi gullab-yashnagan Ovro‘po ilm-fan asoslarini Sharqdan o‘rganganini, Sharq mutafakkirlari esa o‘z navbatida qadimgi yunon va hind olimlaridan saboq olishganini hamda boshqa qit’alar uchun ko‘prik vazifasini o‘tashganini bilishmaydi. Tibbiyot fani qadimgi Yunoniston va Xitoydan keyin Sharqda benihoya taraqqiy etganini, bugungi jahon tibbiyoti Sharq tabobatiga asoslanishini eshitishmagan. Falakiyot (astronomiya), matematika, geodeziya, tuproqshunoslik, me’morchilik, falsafa, mantiq Sharqda misli ko‘rilmagan darajada yuksalganidan mutlaqo bexabar. Maktablarimizda barcha aniq fanlar va ijtimoiy ilmlar faqat Ovro‘poda kamol topgan deb hisoblovchi, Sharq madaniyatidan butunlay bexabar kimsalar tomonidan yozilgan darsliklar o‘qitiladi. Haligacha bu fanlar bo‘yicha o‘z tilimizda darsliklar yaratilmaganining o‘ziyoq Siz boshchilik qilayotgan vazirlikdagi mas’ul o‘rtoqlarning madaniyatimizga munosabati qandayligini ko‘rsatib turibdi. Bizning o‘quvchilarimiz bugungi algarifm fanining otasi al-Xorazmiy ekanini, tibbiyotda jarrohlikni Ibn Sino boshlab berganini, Beruniy geodeziya, jug‘rofiya, falsafa sohasida yangiliklar yaratganini, oliy matematikaning bobokaloni Qozizoda Rumiy ekanini, kub ildizlar tenglamasini Umar Xayyom yaratganini, Ulug‘bek bilan Ali Qushchi falakiyot ilmida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishganini, Sharq faylasuflari butun dunyo olimlari bilan hamkorlik qilishganini bilishmaydi. Bu o‘z xalqini ataylab omilikda saqlash emasmi! Bizning bolalarimiz haligacha «Devonu lug‘atit turk»da nimalar yozilgani haqida tuzukroq ma’lumotga ega emas, Navoiyni o‘qib tushunish u yoqda tursin, loaqal bu ulug‘ zot qanday asarlar yozganini, insoniyat tarixidagi xizmatlari nimalardan iboratligini bilishmaydi. Vaholanki, har bir xalqning faxrlanishga arziydigan allomalari, shoiru yozuvchilari, davlat arboblari bo‘ladi. Gurjilar Shota Rustavelini ilohiylashtirib ulug‘lashadi. «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon»ni o‘qimagan gurjini topish mahol. Bizning maktablarimizda biron marta bedilxonlik, navoiyxonlik, boburxonlik, mashrabxonlik o‘tkazilganmi? Axir, Sharqda azal-azaldan shunday an’analar bo‘lgan-ku. Nega tariximizdagi bunday xayrli ishlar bugungi kunimizga tatbiq etilmayapti! Nega bizning maktablarimizda folklor bayrami, Alpomish, Go‘ro‘g‘li kunlari o‘tkazilmaydi? Nega «Kim bo‘lsam ekan?» degan mavzu berilganda o‘quvchilarimiz sharqona odobu hayo, pokiza muhabbatu sadoqat ramzi bo‘lmish Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Otabegu Kumushga o‘xshashni orzu qilib emas, o‘z otasini ottirgan Pavlik Morozov yoki qarindosh-urug‘ini sinfiy dushman sifatida surgun qildirgan, qamattirgan qaysidir g‘ayritabiiy «qahramon»ga havasi kelib yozishadi! Nega bizning bolalarimiz Alpomishdek, Go‘ro‘g‘lidek, Namoz botirdek, general Jo‘rabekdek bo‘lishni istashmaydi? Nega chor Rossiyasining Turkiston o‘lkasiga bosqinida ko‘proq progressiv ahamiyat ko‘rganimiz holda arablarning yurishini biryoqlamalik bilan qoralaymiz? Nega bir yarim ming yil ilgarigi yozuvimizni o‘zgartirgan arabni so‘kamiz-u, ellik yil muqaddam bir yarim asrlik imlomizni yo‘qqa chiqargan davr siyosati haqida lom-mim demaymiz? Bu nima, muhtaram vazir, siyosiy omilikmi yoki aqliy noqislik? Yoinki sho‘rolar Ittifoqida V. I. Lenin tish-tirnog‘i bilan kurashgan velikorus shovinizmi hamon hukm surmoqdami? Sho‘ro Konstitutsiyasi bir xalq ikkinchi xalq ustidan hokimlik qilishiga izn bermaydiku. Nega shu narsani ko‘ra-bila turib hamon darsliklarimizda ijtimoiy adolat aks etmayapti?

Bunisi ham yetmagandek turg‘unlik davridagi yana bir xatoni sal boshqacha alfozda takrorlangani kishini hayratga soladi, Muhtaram vazir yana buyruqqa muvofiq uchta fandan qoniqarsiz baho olgan o‘quvchi pedagogika kengashining qarori bilan bemalol sinfdan sinfga o‘tkazilishi mumkin. Bu buyruq bilan turg‘unlik davridagi «sovet bolalari qoniqarsiz baho olishi mumkin emas», degan shiorning nima farqi bor? Bu buyruq bolalarni fikriy tanballikka, muallimlarni mas’uliyatsizlikka chorlamaydimi? Uchta fandan qoniqarsiz baho olgan o‘quvchi boshqa fanlarni to‘liq o‘zlashtirishi amrimahol. Bunday aqli noqis, ruhiy tanbal, yangi buyruq tufayli butunlay surbet bo‘lib olgan bola ulgaigach jamiyatimizga qanday naf keltirishi mumkin? U qaysi sohada ishlamasin, yon-veridagilarga faqat tashvish orttiradi. Hukumatning barcha qonun va qarorlariga nopisandlik bilan qaraydigan bo‘ladi, na ilmning qadriga yetadi, na kitob o‘qiydi, na san’at sirlaridan voqif bo‘ladi. Ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan jamiyatimizga kulfat keltiradigan buyruqlar imzolanayotgan paytda nahotki masalaning shu jihatlarini o‘ylab ko‘rolmasak!

Muhtaram vazir, jismoniy tarbiyani rivojlantirish haqida qayg‘urilgani yaxshi albatta, biroq jumhuriyatimiz maktablarining birontasi cho‘milish hovuziga ega emasligini bilarmikinsiz? (Mabodo istisno tarzida birontasida bo‘lsa, meni ma’zur tutgaysiz). Bolalarimizning yarmidan ko‘pi suzishni bilmaydi. Vaholanki, Olmaniyodek mamlakatda o‘z hovuziga ega bo‘lmagan bironta maktab yo‘q ekan. Umuman, Ovro‘poda bolalarga barcha qulayliklarga ega bo‘lmagan ilm maskani qurilmas ekan. Nega bizda bolalarga munosabat boshqacha? Nega bizning bolalarimiz hamma jihatdan kamsitilgan, maktablarimiz zamon ehtiyojining birlamchi talablariga ham javob bermaydi?

Muhtaram vazir! Agar siz boshchilik qilayotgan muassasadagi mas’ul o‘rtoqlar ma’qul ko‘rishsa, men ayrim taklif va istaklarimni o‘rtaga tashlab, hamkorlikka da’vat etmoqchiman. Maktablarimiz, oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlarimizda til, adabiyot va tarixni o‘qitish qoniqarsiz ahvoldaligini e’tiborga olib bunday ilm dargohlarida maxsus darslar o‘tish uchun shoirlarni, yozuvchilarni jalb etish lozim deb hisoblayman. Yozuvchi o‘z xalqining vijdoni, degan gap bor. (U o‘z xalqining vijdoni bo‘lishga munosib bo‘lsagina albatta). Bas, shunday ekan, yoshlarni vijdonli, e’tiqodli, insonparvar qilib tarbiyalashda, dunyoqarashini shakllantirishda qalam ahli bilan bo‘ladigan bevosita muloqot yaxshi samara berishiga aminman. Bir paytlari Toshkent Davlat dorilfununida shunday ish olib borilgani va yaxshi samara bergani R. Rahmonovning yozuvchi Habib No‘mon haqida xotirasida ta’kidlangani fikrimning isbotidir. Bunday darslarni yuqori sinflarda ham o‘tkazish zarur. Maktab o‘quvchilari orasida o‘z tarixiga, adabiyotiga, tiliga va uning ravnaqiga qiziqadiganlar kamayib ketyapti. Bu hol milliy iftixor hissining susayishiga olib keladi. Milliy iftixori zaif odam insonparvarlik tuyg‘usidan mahrum bo‘ladi, insonparvarlikdan yiroq odam na o‘z xalqini, na o‘zga xalqlarni sevadi, bunday kimsa vatanparvarlik tuyg‘usidan bebahra bo‘ladi. Vaholanki, Sharqda o‘z vatanining daxlsizligi uchun bir kecha posbonlik qilish bir umr ibodat qilish bilan barobar, degan hikmat bor. Bas, vatanparvarlik ibodat qilish bilan teng ekan, maktablarimizda diniy ta’lim ham yo‘lga qo‘yiladigan payt keldi. Bordiyu bu narsaga jur’atimiz yetmasa, loaqal maktablarda har oyda bir marta diniy arboblar bilan uchrashuvlar, savol-javob kechalari o‘tkazib turish lozim. Biz yetmish yildan beri barcha targ‘ibot va tashviqot vositalari bilan qoralab kelgan dinning asl mohiyati endilikda ma’lum bo‘lib qoldi va odamlarda ilmdan yiroq, bir yoqlama gaplarimizga qiziqish so‘nib boryapti. Qur’oni karim o‘zbek tilida chop etildi, payg‘ambarning hadislari tarjima qilindi, islom dinining mohiyatidan xalq xabardor bo‘ldi va shu paytgacha olib borilgan targ‘ibot, tashviqot ishlarimiz savodsizlikning, ko‘r-ko‘rona ijrochilikning oqibati ekani fosh bo‘ldi. Mamlakatimizda shu paytgacha hamma narsani sir tutish, xaspo‘shlash, yolg‘on ma’lumot berish, bilmagan va aqli yetmagan narsalarini nodonlik bilan rad etish siyosati yuritilgan edi. Bu qanday fojeiy oqibatlarga olib kelgani hammaga ayon. E’tiqodsizlik tufayli yoshlar o‘rtasidagi jinoyat, nashavandlik, fahsh tobora avj olib bormoqda. Odamlarni imonga, insofga keltirish uchun Moskva televideniyesida dindorlarning muntazam chiqishlari tashkil etilgan. Biz orzu qilgan har tomonlama barkamol insonni voyaga yetkazish uchun tarbiyaning hamma vositalaridan, jumladan, diniy tarbiyadan ham samarali foydalanmoq lozim. Men sizning aqlu zakovatingizga ishonganim uchun murojaat qilyapman.

Muhtaram vazir, xuddi shunday tajribani rassomlar, bastakorlar o‘rtasida ham qo‘llash mumkin. Ijodkorlar o‘tgan ochiq darslar darslik va qo‘llanmalar bilan cheklanib qolgan o‘qituvchilarnikidan samaraliroq bo‘lishi shubhasiz.

Endi tarixni o‘rganish milliy mahdudlik, o‘z urf-odatlaridan faxrlanish millatchilik sanalmay qo‘ydi. Afsuski, ijtimoiy voqelikda yuz bergan bu o‘zgarish qanuzgacha bizning ongimizga, fikrlash tarzimizga ta’sir qilgani yo‘q. Aks holda, mana shu ma’naviy halokatni bartaraf etish uchun uringan bo‘lar edik.

Yozuvchilar uyushmasining tashabbusi bilan maktablarda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishga xalq ta’limi Vazirligidan biron kimsa qatnashgani yo‘q. Bu yozuvchilarga oshkora behurmatlikmi yoki adabiyotimizga nisbatan nopisandlikmi? Men bu qimmatli tashabbusni vazirlik nega qo‘llab-quvvatlamaganiga hanuz tushunib yetolmayman. O‘sha yig‘ilishda adabiyot darsliklarining saviyasi pastligi aniq misollar orqali ko‘rsatib o‘tildi. Biroq hammani tashvishlantirayotgan bu ahvol sizlarni bezovta qilmagani kishini g‘oyat ajablantiradi.

Men Sizga hammani birdek tashvishlantirayotgan masalalarni qo‘zg‘ab murojaat qilyapman. Keling, bu dolzarb muammolar haqida birgalashib o‘ylaylik, ularni to‘g‘ri hal etish choralari haqida ko‘plashib bosh qotiraylik. Oqibati o‘ylanmagan buyruqlarga shoshmashosharlik bilan imzo chekavermaylik. Zero, bolalar tarbiyasi, ularning kelajagiga faqatgina Siz emas, hammamiz birdek mas’ulmiz.

“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 5-son