1988 yilning 18 oktyabri kechasi Samarqand rayon, Ulug‘bek qishlog‘idagi xonadonlarning birida fojia yuz berdi. Oysara Nazarova eri Mirzakarim Nazarovni o‘ldirdi. Voqeadan hamma larzaga tushdi. Odamlar birinchi bor eshitishganda, yo‘g‘-e, deb yoqalarini ushlashdi. Axir u juda muloyim, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan ayol edi-ku, deganlar ham bo‘ldi. Ammo faktdan ko‘z yumish qiyin. Oysaraning o‘zi ham o‘sha kuni kechasi erini elektr moslama yordamida o‘ldirganini tan oldi. Daliliy ashyolar ham buni isbotlaydi.
1989 yilning 4 fevral kuni Samarqand rayon xalq sudining binosida bu ish ko‘rildi. Sud hay’ati Oysara Nazarovani O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 81-moddasi bilan aybli deb topdi va besh yilga ozodlikdan mahrum etdi.
Xo‘sh, shu bilan haqiqat qaror topdimi? Men shu masalada kim bilan gaplashmay, sud qaroridan qoniqmaganligini aytishdi. Ko‘pchilik, Oysara nohaq qamalib ketdi, degan fikr bildirishdi. Nega? degan savol tug‘iladi. Axir u qotillik qildi-ku.
Ha, u qotillik qildi. Nega? Nima uchun oddiy o‘zbek ayoli o‘z erini o‘ldirdi, shuncha yil bir yostiqqa bosh qo‘yib kelgan umr yo‘ldoshining joniga qasd qildi, norasida bolalarini yetim qoldirdi? Men Oysaraning redaktsiyaga yo‘llagan maktubini o‘qiganimdayoq shular haqida o‘yladim. Samarqandga borgach ham, kim bilan gaplashmay shu haqda so‘radim va bunga javob topgandek bo‘ldim.
1981 yilda Oysara Nazarova Baxmal rayon maishiy xizmat uyiga ishga kiradi. O‘zining mehnatsevarligi, ayniqsa chevarligi bilan ko‘pchilikning hurmatini qozondi. O‘sha kunlarning birida u Mirzakarim bilan tanishib qoldi. Mirzakarim Baxmal rayonida taksi haydovchisi bo‘lib ishlar edi. Ular shunchaki do‘st bo‘lishadi Chunki Oysara shu rayoining Uyas qishlog‘ida yashovchi bir yigitga unashtirib qo‘yilgan, rasm-rusumga ko‘ra non sindirish va fotiha to‘yi bo‘lib o‘tgan edi. Oradan kunlar, oylar o‘tadi. Oysara birdan turmush qurishdan bosh tortadi. Sababi… Mirzakarim uni bir kuni aldab chaqirib, nomusiga tegadi. Voqeaning bunday chapga burilib ketishidan Oysaraning ota-onasi tashvishga tushib qoladilar. Bundan tashqari unashtirib qo‘yilgan qiz bolaning birdan aynib qolishi qishloqda har xil mishmishlar tarqalishiga sabab bo‘ladi, ota-ona og‘ir ahvolda qoladi. Ammo mojaro bu bilan tugamaydi. Quda tomon ketgan harajatlarni to‘lashni talab qiladi. Natijada Oysaraning ota-onasi qarz-havola qilib, sobiq qudasiga 3200 so‘m pul qaytaradi. Men Oysaralarning uyida bo‘lganimda onasi yig‘lab hamon shiferlanmagan uyining tomini ko‘rsatdi:
— Otasi shifer olib qo‘ygan edi. Ularni sotib, to‘y harajatlarini to‘ladik.
Bir qarashda bu voqeaning qotillikka hech aloqasi yo‘qdek. Ammo yaxshiroq o‘ylab ko‘rsangiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligini sezasiz. Xuddi shu voqea Oysarani doimo oilasida bo‘layotgan mojarolar haqida hech kimga, hatto ota-onasiga ham og‘iz ochmaslikka, barcha alam, g‘am-anduhlarni ichiga yutishga majbur etar edi. U oilasining tinchi buzilganda ko‘p marta yuragini onasiga yorgisi kelar, shu bilan biroz dardini yengillatishni istardi. Ammo unday qilishga haqi yo‘q edi. Ota-onasi, o‘zing pishirgan oshni o‘zing ye, desa nima degan odam bo‘ladi. Chidashi kerak, yorug‘ kunlar ham kelib qolar…
Sud hujjatlarida, haqiqatan ham, Mirzakarim Oysaraga shunday yo‘l bilan uylangani ta’kidlangan. Ammo kimlardir hamon bu faktni inkor etishga harakat qilayapti. Go‘yoki ikkovi bir-birini yaxshi ko‘rib turmush qurishgan, bu haqda ikkovi ham 1982 yilda respublika prokuraturasidan borgan vakilga yozma ko‘rsatma berishgan emish. To‘g‘ri, shunday tushuntirish xati yozilgan. Lekin uni boshqa birov yozgan, Oysara faqat qo‘l qo‘ygan. Balki erta-indin kimdir kelib bizga qo‘l qo‘ygan bo‘lsa bo‘ldi-da, demak, bu tushuntirish xati Oysaraniki deyishlari mumkin. Men buni inkor etmayman. Ammo tushuntirish xatini nega Oysaraning o‘zi yozmadi? Sevodsizmidi? Yo‘q. O‘rta maktabni yaxshi baholar bilan tugatgan. Bundan tashqari o‘sha paytlarda Baxmal maishiy xizmat uyida talabalarga dars berar edi. Axir o‘zi yozishi va tagiga imzo chekishi mumkin edi-ku. Lekin unday bo‘lmagan.
Oysaraning gapiga qaraganda, bu tushuntirish xatini Mirzakarimning opasi Mamlakat Abdumavlonova olib kelib qo‘l qo‘ydirgan. O‘sha paytda Oysaraning yangi kelin ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, uning bu xatga imzo chekishdan bosh tortishi aslo mumkin emasligini tushunish oson. Chunki bizda hali o‘zbekchilik, kelinlik hayosi, ibosi kabi tushunchalar unutilgani yo‘q. Unutilmasligi ham kerak. Balki qonun bu tushunchalar bilan hisoblashmas. Ammo zamon qonunlarni xalqchillashtirishni talab etayapti. Qonun har bir xalqning xarakteri, urf-odatlaridan kelib chiqib tuzilmas ekan, huquq posbonlari xatoga yo‘l qo‘yaveradilar, odamlar nohaq jazolanaveradilar.
Mirzakarim bilan Oysara doimo janjallashib yashadi desak xato bo‘ladi, albatta. Ular dastlab yaxshi, bir-birini tushunib yashashdi. Mirzakarim to‘ydan so‘ng biroz o‘tgach, Oysaraning ishlashiga monelik qila boshladi. Opasining yumushlariga qarashib turishni talab qildi. Oysara ishni yig‘ishtirib, uy yumushlariga qaraydigan bo‘ldi. Asta-sekin Mirzakarim o‘zgara boshladi. Oysara bilan tez-tez janjallashadigan odat chiqardi. Shu orada ular uchta farzandli bo‘lishdi. Oysara chidadi. Farzandlarini deb hamma xo‘rliklarga chidadi.
Ular 1985 yilda Samarqandga ko‘chib kelishdi. Oysara bu yerda endi yaxshi yasharmiz, deb umid qilgan edi. Ammo umidi puchga chiqdi. Mirzakarim taksoparkda ishlar edi. U ba’zida kechki smenada ishlaganini, ba’zida boshqa bahonalar bilan uyga kelmay qoladigan odat chiqardi. Oysara erining bu ishidan goho xafa bo‘lardi, goho esa indamay tishini-tishiga qo‘yib chidardi. Uyda ba’zan non bo‘lmay qolardi, Oysara qo‘shnilardan pul so‘rab chiqardi. Ayrim paytlarda qarzini vaqtida qaytara olmagani uchun uyalib yurardi. Mirzakarim uyga kelgan kunlari ayoli pul so‘rardi, ammo pul olish o‘rniga so‘kish eshitardi. Eri doimo sen bilan yashamayman, seni o‘ldiraman der edi. Bu gaplarni men to‘qiyotganim yo‘q. Voqeani o‘rganish jarayonida aniqlangan, tergov ishlarida qayd etilgan faktlar bu.
O. Nazarova Samarqandga ko‘chib kelgandan so‘ng ham ancha vaqt ishlamagan. 1987 yilning yozida esa rayondagi 20-bolalar bog‘chasiga ishga kiradi. Kirq kunlar ishlagach, Mirzakarim kelib bog‘cha mudiri Muhabbat Sayfiyeva bilan xotinimni ishdan bo‘shat deb janjal qiladi. M. Sayfiyevaning gapiga qaraganda, Oysara bir kuni unga badanini ko‘rsatgan. U juda ko‘p joyda pichoq izlarini ko‘rgan. Shuning uchun qonunga xilof bo‘lsa-da, ishdan bo‘shatib yuborgan.
1987 yilning boshlarida Mirzakarim Nazarov Samarqand shahridagi magazinlarning birida sotuvchi bo‘lib ishlaydigan Saodat ismli qiz bilan tanishgach, oilasi va bolalarini butunlay unutadi.
Saodatning sudda va tergovda bergan ko‘rsatmasicha, haqiqatan ham, ular 1987 yilning boshlarida tanishishgan. Mirzakarim har kuni uni ishdan chiqishini poylab turgan. Unga sevgi izhor qilgan, uylariga eltib qo‘ygan. Xotinimni qo‘yib yuborib, senga uylanaman deb va’da bergan. Hatto, Saodatlarning uylariga kelib o‘z rejasini uning otasiga ham aytgan. Buni Saodatning otasi ham sudda tasdiqlagan.
Shu yerda bitta savol tug‘iladi. Xo‘sh, Mirzakarimning xotini va uchta farzandi borligini Saodat bilarmidi? Bilardi. Sud hujjatlari buni tasdiqlaydi. Ammo Saodat buni bila turib o‘zi qilayotgan ishning oqibatini o‘ylamadi. Hatto to‘y qilishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
«Mening ukam Mirzakarim, haqiqatan ham, Saodat ismli magazinda ishlaydigan qizga uylanmoqchi bo‘lib yurganligini bilardim. Menga doimo ukamning o‘zi, opa men Oysara bilan yashay olmayman, deb aytar edi. Oxirgi vaqtlarda Saodatga uylanaman, to‘y qilamiz, deb aytgan edi. Shuning uchun mendan 2500 so‘m pul so‘ragan edi. 17 oktyabr kuni kechqurun ukam Mirzakarim kelib mendan 2500 so‘m (25 dona 100 so‘mlik), pullarini bir narsaga kerak, deb olib ketdi. Ukam vafot etgach, Saodat kelib 2500 so‘m pulni qaytarib berdi. To‘y qilamiz deb, Mirzakarim unga bergan ekan».
Mamlakat Abdumavlonova (marhumning opasi).
17 dekabr 1988 yil. (Jinoyat ishi. 388-bet).
Ko‘rinib turibdiki, agar Mirzakarim vafot etmaganda yaqin orada Saodatga uylanishi kerak edi. Xotini, farzandlari-chi? Ularni nima qilmoqchi edi?
«16 oktyabr kuni Mirzakarim aka bizni otamnikiga olib bordi. Yo‘lda menga seni o‘ldiraman, ota-onangdan rozilik so‘ra, dedi. Urishga harakat qildi. Ammo bolalarim yig‘lab menga tarmashib olgani uchun ura olmadi. Uyimizga borgach, onam va singlimga yig‘lab bo‘lgan voqeani aytib berdim. Keyin tezda yana Samarqandga qaytdik. Yo‘lda erim albatta o‘ldirsa kerak deb o‘ylagan edim, ammo bolalarim saqlab qoldi…»
(O. Nazarovaning redaktsiyaga yozgan tushuntirish xatidan.)
Ayrimlar, yagona guvoh Mirzakarim vafot etgan bo‘lsa, Oysara har xil gaplarni aytaveradi-da deyishi mumkin. To‘g‘ri. Ammo bundan tashqari ham Mirzakarim xotiniga pichoq o‘qtalgani to‘g‘risidagi faktlar sud protokollarida qayd etilgan.
Meni bir narsa hayratga soladi. Bir oilaning inqiroziga yuz tutib borayotganini ko‘pchilik — Oysaraning ota-onasi ham, Mirzakarimning opa-ukalari ham bilgan. Lekin oldini olish to‘g‘risida hech kim o‘ylamagan. Bu yerda Saodatning ham aybi katta. Ammo bizning qonunlarimizda bunday ayollarni qoralovchi bironta modda yo‘q.
Saodatga o‘xshaganlar birovning oilasini buzsa ham, bolalarning yetim bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lishsa ham, ularni hech kim javobgar qila olmaydi. Keyingi yillarda bunday zotlarning ko‘payib ketishiga xuddi shu javobgarlikning yo‘qligi sababchi bo‘lmayaptimikan?
Saodat hozir ham o‘zini aslo gunohkor deb hisoblamaydi. Bir onaizorning baxtiga zomin bo‘lganini tan olishni istamaydi. Bu o‘tar dunyoda yashagan har bir kunim g‘animat degan tushunchali bunday kimsalar, afsuski, kundan-kunga ko‘payib borayapti.
Yaqinda bir sudya bilan shu masalada suhbatlashib qoldim:
— Rayonimizda har haftada ikki, uchta ajralish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqamiz. Bir-biriga juda mos yosh oilalarni ajratishga to‘g‘ri keladi. Hammasiga sabab bitta. Yo er yoki xotin xiyonat yo‘liga kirgan. Umuman hozirgi ajralishlarning 60—70 foizi shu tufayli bo‘layapti, — deydi sudya.
Uning gapida jon bor. O‘zingiz hisoblab ko‘ring. Agar o‘rtacha bir yilda bitta rayonda yuzta oila buzilsa, shularning oltmishtasi xiyonat tufayli sodir bo‘layapti. Har oilada o‘rtacha ikkitadan farzand bo‘lsa, 120 go‘dak tirik yetimga aylanayapti. Respublikamizda bir yuzu ellikka yaqin rayon borligini hisobga olsak, yiliga 18 ming bola yo otasiz, yoki onasiz qolayapti. O‘n sakkiz ming bola kimgadir zor bo‘lib o‘sayapti. Yildan-yilga respublikamizda bolalar uylarining ko‘payib borayotgani ham shundan emasmikan?
Oysara Nazarova Samarqand rayonidagi 20-bolalar bog‘chasidan zo‘rlab bo‘shatib olingandan so‘ng ancha payt ishlamay yurdi. Bu vaqtda oilada qanday janjal bo‘lgani-yu, boshiga qanday tashvishlar tushganini faqat Oysaraning o‘zi biladi. U uzoq tortishuvlardan so‘ng 1988 yilning boshlarida rayon markazidagi 27-bolalar bog‘chasiga ishga kiradi. Chunki ular bu paytga kelib Mirzakarimning opasini uyidan ko‘chib ketgan, rayon markazidan ijaraga kvartira olib yashayotgan edi. Mirzakarim uyga kam kelar, bolalarning yeyishiga hech narsa yo‘q edi.
Men 27-bolalar bog‘chasida bo‘lganimda, hech kim Oysaraning sha’niga biror og‘iz yomon so‘z aytmadi. Qizlar biri qo‘yib biri Oysaraning o‘sha paytlardagi ahvolini tushuntira ketdi:
Dilshoda Karimova: — Oysara opa uch bolasi bilan biznikida turar edi. Eri oilasiga umuman qaramasdi.
Hafiza Fayziyeva: — Men Oysara bilan qo‘shni edim. Juda nochor yashardi. Ilgari eri qaramay qo‘ygani, kaltaklashi haqida hech narsa demasdi. Ko‘pincha yuzlari ko‘karib kelardi. Lekin yashirardi. Bir kuni eri taksida kelib Oysaraga, opam yuklaringni tashqariga chiqarib tashlabdi, kvartira topib olib kel, dedida qaytib ketdi. Keyin zavxozimiz borib yuklarni ortib keldi, biz o‘zimiz tushirishga yordamlashdik. Shundan so‘ng u eri oilasiga qaramay qo‘yganini aytadigan bo‘ldi.
Bir kuni qo‘shnimiz yonib ketdi. Hammamiz chopib bordik. Qaytib kelayotib, Oysara men ham o‘zimni yoqib o‘ldiraman, besh litr benzin yashirib qo‘yibman, dedi. Men to‘kib tashlang, bolalaringizga achinmaysizmi, deb urishdim.
Mavluda Ahmedova: — Bir kuni Oysaraning uyida yeyishga hech narsasi qolmapti. Keyin uyiga bitta xat qoldirib, bolalari va o‘zini poyezd tagiga tashlamoqchi bo‘lib poyezd yo‘liga chiqibdi. Ammo bolalariga rahmi kelib, bu ishni qila olmabdi. Buni menga o‘zi aytib bergandi.
Umuman, bog‘chaning barcha xodimlari Oysara doimo qiynalib yashaganini, bozor-o‘char bilan ham doimo o‘zi shug‘ullanganini aytdi. Bundan tashqari Oysara doimo ulardan qarz so‘rab turgan. Bu faktlar Mirzakarim, haqiqatan ham oilasini tashlab qo‘yganini, butunlay Saodat bilan bo‘lib bolalarini ham unutib yuborganining isboti emasmi? Jinoiy ishning 255, 256, 257-betlaridagi uchta xat ham bog‘cha xodimlarining gaplari to‘g‘ri ekanligiga guvoh bo‘la oladi.
BIRINChI XAT:
«Mirzakarim aka, meni va bolalarimni izlasangiz poyezd yo‘ldan topasiz. Men bu yo‘qsizlikka boshqa chiday olmayman. Bitta nonga zor bo‘lib yetti yil yashadim. Endi bardoshim tugadi. O‘lsam ham uch bolamni hech kimga bermayman. U dunyoga ham olib ketaman».
IKKINChI XAT:
«Mirzakarim aka, bayram kunlari ham kelmadingiz. Iltimos, juda bo‘lmasa bolalar uchun kerakli narsani, ya’ni oziq-ovqatni olib berib keting. Chunki uyda yeyishga nondan boshqa hech narsa yo‘q. 8 oktyabr 1988 yil».
UChINChI XAT:
«Mirzakarim aka, Xondamirning mazasi bo‘lmay qoldi. Uning ustiga 8 oktyabr kuni ham bordim, lekin bir keldingiz-u, yana kelmay ketdingiz. Axir meni o‘ylamasangiz, bolalaringizni o‘ylang. Uyda na pul, na yeyishga nondan boshqa hech narsa yo‘q. Iltimos, bir kelib keting. 13 oktyabr, 1988 yil».
Shu xatlarni hayajonsiz o‘qish mumkinmi? Men bu xatlarni o‘qiganimda, rosti yuragimning bir yeri uzilib ketgandek bo‘ldi. Ammo Mirzakarim bu xatlarni ochib o‘qib ham ko‘rmagan.
«Bir kuni o‘ttiz yoshlardagi ayol keldi. Mirzakarimni so‘radi. Marshrutda ekanligini aytdim. Unda shu qog‘ozni berib qo‘ying, deb qo‘limga konvert uzatdi. Siz kimsiz, deb so‘radim. Xotiniman dedi. Mirzakarim kelgach, konvertni berdim. U konvertni ochib ham ko‘rmadi. Faqat menga qarab, ikki kun uyda bo‘lmagandim, deb kulib qo‘ydi».
(Samarqanddagi 4-taksi parki dispetcheri Anaid Osipova bilan suhbatdan.)
Samarqanddan qaytgach, bir necha kun o‘ylanib yurdim. Menga bir savol sira tinchlik bermasdi. Nega Oysara eri bilan ajralib ketmay qotillik qildi? Men bu savol bilan rayon sudi raisi A. Shukurovga ham, tergov ishlarini olib borgan tergovchi A. Yusupovga ham murojaat qilgandim. Ammo jo‘yali javob eshitmadim. Aksincha ular ham Oysara erini o‘ldirish o‘rniga, ajralib ketishi kerak edi degan fikr bildirishdi. To‘g‘ri, lekin baribir u ajralib ketmagan, aksincha erining qotiliga aylangan. Nazarimda tergovda ham, sudda ham shu faktga ko‘proq e’tibor berilishi kerak edi. Ayol uzoq yillar davomida xo‘rlanib keladi-yu, lekin erini tashlab keta olmaydi. Nega? Shu savolga javob izlab ayollar koloniyasiga bordim. Ayollar koloniyasida Oysara bilan suhbatlashdim. U ko‘zlarini yerdan uzmaydi. Balki qilgan ishi uchun ich-ichidan ezilayotgandir, balki bolalarini sog‘ingandir.
— Nima qilgan bo‘lsam, bolalarimni deb qildim, — dedi asta boshini ko‘tarib. — Meni o‘ldirib qo‘ysa, bolalarim birovning qo‘lida xor bo‘ladi deb o‘yladim. Bolalarim bunday sarson bo‘lib qolishini bilganimda… Axir meni sakkiz yildan buyon xo‘rlaydi, ular. Sen past tabaqadansan deydi. Ota-onam pensioner bo‘lsa, qishloqda yashasa, bu past tabaqa degani emas-ku, axir.
— Axir, undan ajralsangiz bo‘lmasmidi?
— Erim mendan ajralishni istamasdi. Sababi, Samarqandda opasi va pochchasining hashamatli uyi bor edi. Men unga qancha harajat qilinganidan xabardor edim. Chunki ikki yil ishlamasdan uyni remont qilgan ustalarga ovqat pishirish bilan band bo‘lganman. Shuning uchun erim seni qo‘yib yubormayman, faqat o‘ldirib qutulaman, agar haydab yuborsam, opam bilan pochchamning oyog‘iga bolta urasan, der edi.
— Bu haqda siz sudda aytganmisiz?
— Aytganman, lekin eshitishni istashmagan.
Men bu suhbatni aynan keltirish bilan Oysaraning gapi birdan bir to‘g‘ri gap demoqchi emasman. Balki rostidai yolg‘oni ko‘pdir. Ammo bir narsa haqiqat. Oysaraning ikki yil o‘sha uyda yashagani haqiqat.
Men Samarqand rayonida bo‘lganimda ayrim faktlarni aniqlash uchun shu xonadonga bordim. Aylanib suhbat mavzusi shu uyga keldi. Shunda Rustam Davronov menga uyning hamma hujjatlari bor, ko‘rasizmi, deb qoldi. Hujjatlar borligiga shubha qilmayman. Lekin men u yerlarga birovlarning uyini hujjatlarini tekshirish uchun emas, bir bechora ayol izlagan haqiqatni topishga yordam bergani borganman. Haqiqatning qadri bunday uylarning bahosidan yuz chandon qimmatroq turadi.
Oysaraning va guvohlarning gapiga qaraganda, Mirzakarim doimo xotiniga seni o‘ldiraman, Saodatga uylanaman, bolalaringni unga cho‘ri qilaman deb kelgan. Bunday haqoratga qanday ona dosh bera oladi, axir.
Fojia ro‘y bergan kuni ham Mirzakarim soat uchdan so‘ng kechki smenani tugatib uyiga qaytadi. So‘ng uni kutib o‘tirgan Oysaraga yomon munosabatda bo‘ladi, unga seni o‘ldiraman deb, do‘q uradi. Bolalaringni Saodatga cho‘ri qilaman, deb haqoratlaydi. Hatto uni o‘ldirish uchun pichog‘ini o‘tkirlaydi.
«Ayam bilan dadam urishishdi. Keyin dadam pichoqchasini o‘tkirladi. Ayamga seni pichoq bilan o‘ldiraman, deb aytgan edi.
Xondamir Nazarov» (Jiioyat ishi. 202-bet).
«Dadam uyga kelganda hamisha janjallashadi. O‘sha kuni ayam bilan dadam qattiq baqirib urishishdi. Shundan biz uyg‘onib ketdik.
Behzod Nazarov». (Jinoyat ishi. 203—204-betlar).
«Mirza tog‘am bilan kennoyim urishishganidai uyg‘onib ketdim. Nima deb urishishganinn bilmayman. Mirza tog‘am pichog‘ini o‘tkirladi. Kennoyimga seni o‘ldiraman, dedi».
Avaz, marhumning jiyani (Jinoyat ishi 205-bet).
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bolalar marhumning ukasi Sunnat ishtirokida so‘ralgan.
Demak, Mirzakarim Oysarani o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Uni urgan. 1988 yil 28 oktyabr kuni qilingan sud-meditsina ekspertizasi haqiqatan ham Oysaraga o‘sha kuni tan jarohati yetkazilganini tasdiqlaydi. Ikkovi ham kechasi bilan uxlamaydi. Oysarani bir o‘y qiynaydi: Meni erim o‘ldirsa, bolalarim nima qiladi? Uning xayoliga shunday fikr kelganiga ishonchim komil. Axir o‘lim bilan uning orasi bir qadam. Mirzakarim pichog‘ini o‘tkirlay-o‘tkirlay bir qadam narida turibdi. Bugun bo‘lmasa ertaga o‘ldiradi. Bolalarni ham o‘zi aytgandek Saodatga cho‘ri qilar. Bu xayollar uni so‘nggi yo‘l — qotillik qilishga majbur etgandir ehtimol.
Yana bir gap. Oysara erini o‘ldirgan elektr moslamani qayerdan olgan? Barcha uni mahsus tayyorlanganini ta’kidlashdi. Oysara Nazarovaning gapiga qaraganda, uni eri o‘sha kuni sandiqdan olgan va rozetkaga tiqib qo‘ygan. Balki u Oysarani shu yo‘l bilan o‘ldirmoqchi bo‘lgandir?
Xullas, Oysara Nazarova jinoyatining kelib chiqish sabablari qisqacha shunday. To‘g‘rirog‘i, guvohlar, hujjatpar, suhbatlar natijasida paydo bo‘lgan fikrlar shu.
Endi yuqorida tilga olingan Oysara nohaq qamalib ketdi degan fikrga qaytsak. Tergovda ham, sudda ham O. Nazarova O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 81-moddasi bilan ayblangan. Bu moddaga binoan jinoyat qasddan qilingan bo‘lishi karak. Ammo voqealar rivojiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, bu arda aslo qasd yo‘q, shunchaki insoniy kamsitilishga qarshi og‘ir iztirobli kurash bor. Bu esa O‘zbekiston SSR JKning 82-moddasiga to‘g‘ri keladi. Ammo qonun bo‘yicha jinoyatni kuchli his-hayajonda qilingan deyish uchun, odamni larzaga soladigan biron-bir voqea sodir bo‘lishi va jinoyat shu daqiqaning o‘zida ro‘y bergan bo‘lishi kerak ekan. Agar biz Mirzakarimning pichoq o‘qtalishini odamni larzaga soladigan voqea desak, Oysara oradan bir-ikki minut o‘tmasdan uni o‘ldirsa, 82-modda bilan jazolanar ekan. Ammo men bunga mutlaqo qo‘shilmayman. Xo‘rlangan, kamsitilgan, necha yil davomida muttasil tahqirlab kelingan inson uch-to‘rt minut yoki yarim soat ichida darrov o‘zini bosib oladimi? Bunga qodirmi?
Deylik sizni nohaqdan so‘kishdi, bo‘yningizga siz qilmagan qator jinoyatlarni yuklab partiya safidan o‘chirishdi. Kuchli his-hayajonga tushasizmi? Tabiiy. Ammo o‘sha hayajonni yarim soatdan so‘ng unutib yubora olasizmi? Ishonchim komilki, ikki sutkadan so‘ng ham o‘zingizni bosib ololmaysiz. Qaytanga nohaq tahqirlanganingizni o‘ylaganingiz sayin, hayajoningiz ortib boradi.
Mening shaxsiy fikrimcha, oradan o‘tgan yarim soat yoki o‘n besh minut hech narsani hal qila olmaydi. Qaysi ona o‘z farzandini erining jazmaniga cho‘ri bo‘lishini xohlaydi. Mushtdek go‘dakligidan odam qilgan farzandi ustidan hukm chiqarib qo‘ygan erga qaysi ayol yaxshilik qilishni istaydi.
Mayli, jinoyat sodir bo‘lgan vaqt va er-xotin janjali o‘rtasida ancha vaqt o‘tgan, deylik. Bunday paytda jinoyatchi O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 81-moddasi bilan ayblanadi. Mayli, Oysara Nazarovaga qo‘yilgan ayb moddasini ham to‘g‘ri, deb hisoblaylik. Lekin sud hukm chiqarishdan oldin barcha uzluksiz davom etgan holatlarni hisobga olishi kerak edi.
Oysara Nazarova jinoyat qilgan. Lekin qanday holatda? Nima uchun? Uning uchta voyaga yetmagan bolasi bor. Sud jarayonida bular hisobga olinishi shart edi. Qonun 71-moddadagi ko‘rsatilgan og‘ir jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan ham 42-moddani qo‘llashga yo‘l qo‘yadi. O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 42-moddasida esa shunday deyilgan: «Sud ishning alohida holatlarini va aybdorning shaxsini e’tiborga olib hamda unga shu jinoyat uchun qonunda ko‘rsatilgan eng kam jazodan ham kamroq jazo tayinlash yoki boshqa yengilroq turdagi jazoga o‘tishni zarur deb topganda, uning sabablarini albatta ko‘rsatib, bunday yengillikka yo‘l qo‘yisha mumkin».
Oysara Nazarovaning jinoiy ishida xuddi shu sabablar bor. Ammo negadir sud buni hisobga olishni istamagan. Bir xo‘rlangan insonga nisbatan nohaqlik qilingan.
Endi bolalar taqdiri haqida ikki og‘iz so‘z. Bolalar hozir Mirzakarimning opa-ukalari qo‘lida. Sudning talabiga qaramay, Nazarovlarning farzandlari Behzod va Zebunniso sudga olib borilmagan, Xondamir esa sudda onasini tanimagan. Ko‘zlari jovdirab, onam o‘lgan-ku, degan. Demak, unga shunday tushuntirishgan. Sudda bolalar taqdiri haqida umuman gal bo‘lmagan. Bu grajdanlik ishini jinoiy ishga aralashtirmaslik uchun qilingan, albatta. O. Nazarovaning ota-onasi farzandlarni o‘zyariga olishni istaydi. Hatto hozir bolalar yashayotgan Yangiyo‘l rayon sudiga ariza ham bergan. Bolalarning kelajakda onasi bilan qolishi kerakligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu eng to‘g‘ri yo‘l.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 14 aprel