Azim Suyun. Taraqqiyot talabi (1990)

Bugun onda-sonda bo‘lsa ham «biz huquqiy davlat tuzmoqchimiz», «jumhuriyatimizning to‘la mustaqilligi uchun kurashamiz», «yagona Turkiston xalq jumhuriyati tashkil etish masalasini ko‘tarib chiqish davri yetdi» kabi iboralar tez-tez quloqqa chalinmoqda, davriy matbuot sahifalarida ko‘zga tashlanmoqda.

Bu tabiiy hol. Muhit, ma’naviy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyot shunga olib keldi.

Bir asrning nari-berisida xalqimiz nimalarni boshidan kechirmadi. Bobolarimiz ko‘kragi chor Rossiyasi hukumati (rus xalqining emas) qo‘shinlarining nayzalariga nishon bo‘ldi, qonlar daryo bo‘lib oqdi. Erk huquqi yer bilan yakson qilindi, g‘ururi, nomusi toptaldi. Savodxon o‘lka savodsizlikka yuz tutdi. Axloqiy, ma’rifiy-madaniy qashshoqlik odatiy holga aylandi. Bosh ko‘targanlar dorga tortildi, «Sibir» qilindi, turmalarda chiritildi.

1917 yil fevral oyida Rossiyada burjua-demokratik inqilob amalga oshirildi. Bu inqilobga katta umid bog‘langan mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy «Ulug‘ Turkiston» gazetasida: «Bilmoq kerakki: haq olinur, berilmaydur. Har bir millat va mamlakat xalqi o‘zini huquqi, diniya va siyosiyasini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi. Dunyo jihodgardir. Jihod-jahd va jihodni shakli har zamonda boshqa bo‘lur… Hozir bizni jihodimiz fikr gazet va basirat hamda ittifoq ila bo‘lur. Biz musulmonlar, xususan, Turkiston musulmonlari istaymizki, hech bir kishi bizning din va millatimizga zulm va tahdid qilmasin va bizni ham boshqalarg‘a tahdid qilmoqqa aslo fikr va niyatimiz yo‘q», — deb yozdi. Ammo Kerenskiy hukumatining Turkistonga muxtoriyat bermoqchi bo‘lgan va’dasi qolib ketdi… Lenin inqilobi esa yo‘lni olti-etti yil o‘tmasdan boshqa izga solib yubordi…

Xalqimiz nimalarni boshidan kechirmadi. U o‘z uyi o‘lan to‘shagini, oilasining or-nomusini, kindik qoni to‘kilgan tuprog‘ini, ota makonining daxlsizligini deb «bosmachi» — tamg‘asini ajinlar ariq qilib yuborgan peshonasiga bostirib oldi. Zamon daryosining to‘lqinlarida gangib qolgan dehqon «quloq» bo‘lib ketaverdi. Mudhish ocharchilik yillari sun’iy ravishda uyushtirilganligi bugun hammaga ayon. Bovurim qozoq xalqining uchdan ikki foizi shu yillarda o‘limtikxo‘rlarga yem bo‘lganligi haqiqat. Istiqlol (milliy mustaqillik) yo‘lini tanlagan yuzlab ziyolilar, el sarvarlari ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan azob-uqubatlarga duchor qilinganligi, qatag‘on etilganligi dunyoga ma’lum. Markaziy matbuotning xabar berishicha, O‘rta Osiyodan 46 ming kishi qatag‘on qilingan, shundan 25 mingi O‘zbekistondan ekan. Avstriya adibasi Ebner Eshenbex «Ezgulik, saxovat niqobi ostida yovuzlik qilinmaganda edi, dunyoda bu qadar vahshiylik bo‘lmasdi» deb yozganda qanchalar haq edi.

Yo‘q, biz bugun «aybdorlar»ni izlamoqchi emasmiz. Lekin unutish, xotiralardan chiqarib yuborish ham mumkin emas. Xiva xoni Isfandiyor Xorazmdagi Sho‘rko‘l tepaligiga chiqib, «O‘, mening yurtim shuncha kattami?..» deb hayratda qotgan ekan. Ehtimol, xalqimiz boshiga shuncha kulfatlar, balo-qazolar yog‘ilganligiga qadamidan narini ko‘rolmagan ba’zi kaltafahm xonlar, beklar aybdordir. Ehtimol, urug‘chilik, qavmchilik, elatchilik, tarafkashlik singari azaliy davom etib kelayotgan buzg‘unchilik holatlari aybdordir. Ehtimol, fikr avji, hayot, tabiat taraqqiyoti gunohkordir. Balki, xudo irodasi shundaydir… Biroq, yodda tutmoq — zaruriyat: barcha yovuzliklar, vahshiyliklar boshida, XX asr iborasi bilan aytganda, «hazrati inson» turibdi. Ha, Alisher Navoiy yozganidek:

Vayronadur maskanim, andin menga bisyor g‘am,
Ohim bila eshikta o‘rt, ashkim bila devor nam!

Xo‘sh, Ulug‘ vatan urushidan keyingi «tinchlik yillari»da xalqimiz ahvoli tubdan o‘zgardimi? Nega saksoninchi yillarda «kommunizm»da yashamadik? Nega Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Turkiya, Janubiy Koreya mamlakatlaridan suruvidan ayrilgan aylanmabosh qo‘y kabi orqada qolib ketdik? Nega Shvetsiya, Avstriya, Norvegiya, Finlyandiya, Kanada, Ispaniya yanglig‘ davlatlar ishchilari bizning ishchilarimizga qaraganda 4—5 marta ko‘p maosh olib yashaydi? Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda, «Ularning iqtisodiy himoyalanganligi, mehnatkashlarining turmush darajasi faqat tushimizga kirishi mumkin». Nega? Nega yakkayu yolg‘iz zangori qozonimiz — Oroldan ayrilib o‘tiribmiz? Nega havomiz, suvimiz, tuprog‘imiz — zaharzaqqum? Nega buncha qalbimiz qashshoqlashib ketdi? Nega yuragimizda bunchalar loqaydlik; ko‘zlarimizda o‘t so‘ngan? Keksalarimizning donishmandligi, ayollarimizning nafosati, yigitlarimizning sog‘lomligi qayoqda qoldi? Ma’naviy qadriyatlarimiz qayga yo‘qoldi? Nega? Nima sababdan boshqa xalqlar qiladigan ishlarni biz qilolmaymiz? Nega ham ruhiy, ham jismonan majruh bo‘lib qoldik?

Bu «Nega?», «Nima sababdan?», «Nima uchun?», «Boisi nima?», singari tuman-tuman savollarning javobi bitta: Mustaqil rivojlanmagan mamlakat, el turmushi hech qachon farovon bo‘lishi mumkin emas!

O‘z-o‘zidan yana savol tug‘iladi. Mustaqil mamlakat — mustaqil jumhuriyat, birinchi galda, nimalarga tayanishi, nimalarga kuch-g‘ayratini sarf etishi kerak?

«Mamlakat mustaqilligi, taraqqiyoti, ummatlar va millatlar baxt-saodati shu yurt yerlarining kattaligi, odamning ko‘pligiga emas, balki ularning ilmiga, san’atlarining qay yo‘sinda taraqqiy qilgani va xalqning madaniyati, siyosiy ongi qay darajada ekanligiga bog‘liq», — degan gapni o‘qidim bir qo‘lyozmada. Oqilona, topib aytilgan!

Menimcha, bizda birinchi navbatda maorif va madaniy-ma’rifiy sohalari avjiga butun diqqat-e’tiborni qaratmoq lozim. Milliy bog‘chalarni ko‘paytirish, tarbiyalanuvchilar tarbiyasiga urf-odatlarimizga ko‘ra jonbozlik qilish, maktab qurilishlarini tubdan izga solish, o‘quvchi-o‘smirlarni milliy shart-sharoitdan, adab-axloq, bir so‘z bilan aytganda, milliy ruhiyatdan kelib chiqqan holda o‘qitish, tarbiyalash zarur. Angliyada bir sinfda 5—6 o‘quvchi o‘qiydi. Bizning bir sinfga esa 50 ga yaqin o‘quvchi joylashtiriladi. Muallimlar ahvoliga nima deysiz?..

Maorif ishlarini — hayotga esh qilmoq kechiktirib bo‘lmas vazifadir! Zero, ojizlarga kuch-quvvat baxshida etguvchi kuch — ma’rifat, degan donishmandlar.

Maktablarimizda, albatta, ingliz, rus, arab tillarini, oliy o‘quv yurtlarida shularga qo‘shimcha ravishda turk, xitoy, fors, yapon, hind tillarini o‘qitish ishlarini tartibga solish joiz, deb bilamiz. Koshkiydi, bolalarimiz chet mamlakatlarda o‘qishsa, kelib o‘z vataniga xizmat qilishsa…

Shuni yodda tutish kerakki, asrimiz boshida Yaponiya barcha sa’y-harakatini maorif ishining yuksalishiga sarfladi. Natijasini esa butun jumlai jahon ko‘rib turibdi. Holbuki, o‘sha yillarda Turkiston shart-sharoiti, rivojlanishi orasida Yaponiyadan ko‘p ham farq qiladigan jihatlari bo‘lmagan.

Buyuk hind adibi Tagor «Rossiya haqida maktublar» essesida bizga saboq bo‘larlik bir xabar beradi: «Bizning kunlarimizda Turkiya dahshatli og‘ir yuk bo‘lgan diniy fanatizmdan ozod bo‘lish yo‘lidan qadam tashlab bormoqda. Turkiya tez sur’atlar bilan maorif ishlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Faqat Hindiston uyquda…»

Bu satrlar bizni sergaklantirishi, tag‘in uning «… xuddi shu maorif vositasi bilan qisqa muddat ichida o‘z vatanining ishlab chiqarish quvvatini oshira oldi, davlatning sa’y-harakatlarini butun xalq intilishlari va orzu-niyatlari bilan birlashtirdi» kabi misralar o‘yga toldirishi lozimga o‘xshaydi.

Buyuk Tagor bizning maorif sohamizdagi tanazzulimizni avvaldan ko‘rgani kabi shunday yozadi: «Bularning xatolari yo‘q deyolmayman, jiddiy bir xatolari bor. Bir kun borib u bir baxtsizlikka sabab bo‘ladi. Qisqacha aytganda, bu xato shundan iboratki, maorif ishlari bir andozada olib borilmoqda, biroq andozaga solingan inson mohiyati barqaror bo‘lmaydi, chunki bilim jonli aql-farosat bilan ulanmasa bir kun borib bu andoza tilka-pora bo‘ladi, yo bo‘lmasa inson aqdi tor bir doira ichiga olinsa, borib-borib yo‘qqa chiqadi yoki odam bolasi muruvvatli qo‘g‘irchoqday bo‘lib qoladi».

Ikkinchidan: SSSR tarkibidagi «mustaqil jumhuriyat» nomini olar ekan, milliy sanoat taraqqiyoti bilan bog‘liq masalalarni ham kechiktirmasdan hal etish — zaruriyat ekanligi barchaga ma’lum haqiqat, deb o‘ylayman. Sanoatimizda texnik jihozlash darajasi g‘oyatda past, majruh. Asosiy tarmoqlar esa Markazga bo‘ysundirilgan.

Bizda ishchilar sinfi shakllanmagan, deyishadi. To‘g‘rirog‘i, shakllantirilmagan. Yanada to‘g‘rirog‘i, ular paxta maydonlari uchun «jonli temir»larga aylantirilgan.

Tub aholini sanoat korxonalari joylashgan kentlardan har xil usullar bilan surib chiqarish shakli mavjud, deb bilaman. Aytaylik, yerni jon-dildan sevgan milliy ishchiga — «shahardagi uyingni topshir, dehqonchilik senga qulay-ku…» degan «ajoyib» taklif tavsiya etiladi yoki oddiygina «hali-beri turar-joy bo‘lmaydi», deyiladi. Bechora ishchi yoki bo‘lajak ishchi yukini orqalab, «otam ishchi o‘tmaganku…» deya dalaga yo‘l oladi… Propiska masalasini aytmay qo‘yaqolay. Shunday ekan, bizning ishchi sinfimiz, qolaversa, har bir sohada milliy kadrlarimiz qanday shakllansin?!

Uchinchidan: jumhuriyatimiz iqtisodiy mustaqillikka o‘tar ekan, u qishloq xo‘jaligi sohasida juda katta islohotlar qilishi darkor. Bizning qishloq xo‘jaligimizda paxtaning yetakchi tarmoq ekanligi yetgi yoshli go‘dakdan, yetmish yoshli keksaga ham ayon. Paxta yakkahokimligi haqida gapirilmagan gap qolmadi.

Paxta… Paxta boshqa xalqlar tarixida qanday rol o‘ynaganligini bilmaymanu, ammo o‘zbek xalqi tarixida u unutilmas. Oddiy bir misol: paxta chiroqqa pilik bo‘lib bizning kunlargacha yetib keldi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi O‘zbekiston hududida bundan ikki ming yil avval ham paxta tolasidan ip yigirilgan, gazlama to‘qilgan.

Qiziq bir misol: bundan rosa 430 yil oldin Yevropada oddiy chit zig‘irpoya, jun, hatto ipakdan to‘qilgan matolardan qimmatroq bo‘lgan. XVI asrda Angliya qirolichasi Yelizaveta juda katta bayramlardagina chit ko‘ylak kiyib yasangan. Paxta dengizning nariyog‘idagi uzoq o‘lkalardan keltiriladigan noyob narsa hisoblanardi. Xuddi o‘sha vaqtlarda paxtaga inglizlar «oq oltin» deb nom qo‘yishgan. Yevropa davlatlari ana shu oq oltinni zabt etish uchun harbiy ekspeditsiyalar yubora boshlagan. Oq oltin uchun inglizlar Misr va Hindiston xalqlarini asoratga soldilar. Xitoy xalqi ustiga qo‘shin yuborganlar. Ayni paytda Amerika janubiy shtatlarida eka boshlaganlar. Ular paxta maydonlarida ishlatish uchun Afrikadan qullar keltirisha boshlaganlar. Amerikaliklar paxtani «oftob bolalari» deb ataganlar.

O‘rta Osiyo paxtasi uchun o‘nlab ingliz josuslari har xil niqoblar ostida o‘lkamizning turli tumanlarini aylanib qaytganlar. Bu borada, albatga, chor Rossiyasi yutib ketdi.

San’atshunoslik fanlari nomzodi Abdumannop Nazarovning yozishiga ko‘ra: «Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufmanning besh yillik muntazam hisobot ma’ruzalarida (q. Proyekt otcheta gen.-ad’yutanta K. P. Kaufmana po grajdanskomu upravleniyu i ustroystvu v oblastyax Turkestana. 1881. Spb. 1885.), N. S. Likoshinning Turkiston iqtisodiga bag‘ishlangan qator tadqiqotlarida (N. S. Likoshin, Pereseleniye i pereselentsы Istoriko-ekonomicheskiy ocherk. Samarqand, 1892) keltirilgan aniq va batafsil ma’lumotlarga qaraganda, Turkiston shahar va viloyatlari iqtisodiyoti ushbu davr va muhit talablariga mos ravishda uyg‘un rivojlanib kelgan. Masalan, qator oltin, mis qayta ishlash kombinatlari, ko‘n va boshqa zavodlar (albatta, Yevropa tushunchasidagi «kombinat» va «zavod» emas) mavjud bo‘lib, paxta esa yetakchi rol o‘ynamagan. Chor ma’muriyati Turkistonda boshqa sanoat jabhalarini bo‘g‘ib qo‘yib, asosan paxtachilikni rivojlantirish va o‘lkani Rossiyaning asosiy paxta bazasiga aylantirishni mo‘ljallab qator tadbirlarni amalga oshira boshladi. Jumladan, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish plani Kaufman davrida tug‘ilib, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida hayotga joriy qilina boshlandi. Soldatskoye, Slavyanka va boshqa aholi punktlari shu asnoda paydo bo‘ldi. Paxta tozalash zavodlarini qurish, Rossiyaga yetkazib beruvchi savdo shirkatlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ayni vaqtda Rossiyadan keltirilgan mashinasozlik, metallurgiya va boshqa sanoat mahsulotlari bilan arzon narxlarda mahalliy bozorni to‘ldirish va uni shu yo‘l bilan boshqa mahalliy sanoat sohalarini bo‘g‘ib qo‘yish mo‘ljallangan «monokultura» siyosatiga olib keldi. Albatga, bundan maqsad nafaqat Rossiyaning to‘qimachilik sanoatini xom ashyo bilan ta’minlash, balki mahalliy aholini paxtaga zanjirsiz «zanjirband» qilib, uning boshqa boyliklarini talon-toroj qilinishidan fikru zikrini chalg‘itish edi. Stalinizm bu siyosatga yanada keng yo‘l ochib berdi.

Paxta… So‘nggi paytlarda ba’zilar ongida paxtani qishloq xo‘jalik tarmoqlari orasidan butkul chiqarib tashlash tamoili paydo bo‘ldi. Men bunga qo‘shila olmayman. «Paxta yakkahokimligini» chiqarib tashlash boshqa gap…

Dehqonni pastdan — yerdan yuksaklikka ko‘tarish lozim, yuksaklikka ko‘tarish uchun pastdan — yerdan joy berish zarur! Yer bo‘lganda ham Mir Alisher Navoiy aytmoqchi:

Xirad dehqoni mundog‘ nuktai der:
«Ki dona sochqoli yaxshi kerak yer».

Erk, huquq berish zarur. «Dunyoda odam bo‘lib yashov uchun huquq — erk, ham yer kerak. Erksiz, yersiz odam dunyoda yashay olmaydir» (Olimjon Tirkishev. «Sho‘ro» jurnali, Orenburg. 1917 yil, 17-son).

Dehqon yetkazadigan boshqa ne’matlarning ta’riftavsifiga qalam ojiz. Hatto… O‘ttiz besh yil Turkistonda yashab, Samarqand gubernatori bo‘lgan N. S. Likoshin (Mashrab «Devon»i bilan qiziqib, uning ijodi haqida yozib, g‘azallarini rus tiliga tarjima qilib — birinchi bo‘lib o‘rus o‘quvchisiga yetkazgan o‘sha Likoshin)ning ko‘rsatishicha, 1872 yil Toshkentda vabo tarqalgan. El qiriladi. Shunda «et (go‘sht) yemas» deb laqab olgan Bobo Oxun Shodmonxo‘ja eshon faqat ho‘l meva-chevalar yeb tirikchilik qilib, sog‘ qoladi. Sog‘ qoladigina emas, balki Chimkent-Turkiston-Toshkentda odamlarni ho‘l mevalar yegizib davolagan ekan…

Va nihoyat, jumhuriyatimizni to‘la, mustaqil idora qilish huquqi — zaruriyat, tabiiy, ijtimoiy taraqqiyot talabi. Mustaqil idora mas’uliyati g‘oyat muhim. Oqil milliy kadrlar idoralarda xizmat qilishi muhim. Tokim xalq ular bilan bevosita va bilvosita gaplasha olsin.

Mustaqil jumhuriyat huquqiy islohotlar o‘tkazishga erishishini ta’minlash kerak. Ukraina, Belorussiya kabi Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘z vakillari bo‘lishi, rivojlangan davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishi darkor!

O‘zbekistonning Davlat bayrog‘i, Gimni va Gerbini xalq ruhiga xosu mos qilib yaratishni ta’minlash kerak.

Kishilarning so‘z erkinligini, matbuot erkinligini amaliyotda qonunlashtirish darkor. Asrimizning ulug‘ donishmandi Rasul Hamzatov aytganidek: «Biz olislarni ko‘rmog‘imiz kerak, bizni ham olis-olislardan ko‘rishsin; vazifamiz olisroq suzish, yerni chuqurroq haydash va jonajon xonadonimizni unutmaslikdir».

Jumhuriyat mustaqilligi — xalq mustaqilligi. Bu mustaqillik uchun har bir azamat o‘z hissasini donolik bilan qo‘shishi farz va qarz! Va ayniqsa, bu borada jumhuriyat Oliy Kengashi rahbarlari ham, uning fuqarolari ham O‘zbekiston xalq deputatlariga qattiq suyanadi.

«Yosh leninchi», 1990 yil 4 aprel.