Abduqodir Hayitmetov. Maftunkor g‘azallar (1990)

Adabiyotimiz tarixida bitta ham yirik asar yaratilmagan davrlar bo‘lgan. Lekin lirik she’riyat, lirik shoirlar doim bo‘lgan. Bunday shoirlar o‘z she’rlari bilan badiiy ijod olovini o‘chirmay, uning cho‘g‘ini o‘zlaridan keyingi avlodlarga meros qoldirib kelganlar. Zero, she’riyat hamisha zamon va inson xizmatida bo‘lgan. Badiiy adabiyotning bu ishchan turi yaxshilikni alqashga, yomonlikni qoralashga harakat qilgan, odamlarga mashaqqatli kunlarda ruhiy madad berib, ularni qiyinchiliklarni kurashib yengishga, yashashga ilhomlantirgan, olg‘a undagan. Hayot hodisalari, ularga munosabat avvalo lirikada goh yuksak, shoirona, goh tajriba shaklida o‘z badiiy ifodasini topgan.

XV asrdagi adabiy hayotning muhim fazilati shundaki, bu davrda Xuroson va Movarounnahrda epik, ya’ni voqeiy she’riyat ham, lirik she’riyat ham baravar rivojlangan bo‘lib, bu janrlar taraqqiyotiga Abdurahmon Jomiy o‘zining alohida ulushini qo‘shdi. Ammo lirika uning ijodiy faoliyatida alohida o‘rin tutgan, desak xato qilmaymiz. Chunki ulug‘ shoir lirika bilan o‘z ijodining ilk davridan boshlab, hatto keksayganda ham faol shug‘ullandi va o‘z avlodlariga bu sohada mislsiz boy meros qoldirdi. Jomiy, mutaxassislar hisobiga ko‘ra, 1805 g‘azal, 274 ruboiy, 137 qit’a, 53 qasida va yana boshqa she’riy asarlar (jam’i — 2340) yozgan bo‘lib, ular uch devon («Fotihatush-shabob», «Vositatul-iqd», «Xotimatul-hayot»)ga jamlangan.

Shoirning bunday ulkan lirik merosi haqida bir maqola doirasida ayrim mulohazalarnigina aytish mumkin. Bu sohada bizning mamlakatimizda, chet ellarda, xususan Eronda yuzlab maqola va kitoblar yozilgan. Lekin men filologiya fanlari doktori A’loxon Afsahzodning 1988 yil Moskvada nashr etilgan «Lirika Djami» ilmiy tadqiqotini ulug‘ shoir lirik merosini o‘rganishda sovet sharqshunosligining jiddiy yutug‘i deb hisoblayman. Bu kitobida muallif Jomiyning boy va murakkab lirik ijodining ko‘p masalalarini matniy-mazmuniy va she’riyat nuqtai nazaridan to‘g‘ri hal qilib bergan.

Nazarimda, Jomiy lirikasi haqida gap borganda avvalo janr xususiyatlarini ko‘zda tutish, shoirning janr qonuniyatlarini qanchalik to‘g‘ri tushungani va bunga amal qilganini aniqlashga alohida e’tibor berish darkor. Jomiy qarashicha, lirika, xususan uning g‘azal, ruboiy, qasida, qit’a kabi turlari davr talabiga to‘la javob bergan. Shuning uchun Jomiy bu janrlarda hech ikkilanmay qalam tebratgan. Masalan, Jomiy: «Hunarlardan she’r fanidan eng yaxshisi g‘azaldir…» («Az funini she’ri fan behtarin omad g‘azal…») deb yozar ekan, bu bilan g‘azalning shu davrda kishilar qalbiga eng yaqin she’r turi ekanini to‘g‘ri ko‘rsatgan. U bir qasidasida shunday deydi:

Muntashir az nasri man hazor sahifa,
Muntazam az nazmi man hazor jarida.

Zodai tab’i man astu sahrai kilkam
Fardu g‘azal, qit’a, masnaviyu qasida.

Silki ruboy zi man nizom girifta,
Fanni muammo zi man ba nom rasida.

Mazmuni:

Mening nasrlarim minglab sahifalarda yoyildi.
Nazmlarim minglab to‘plamlarda tartibga keltirildi.

Iste’dodim farzandi, qalamim sehridan
Fardlar, g‘azallar, qit’alar, masnaviy va qasidalar yuzaga keldi.

Men tufayli (she’rning) ruboiy turi nizom topib,
Muammo san’atiga men shuhrat bag‘ishladim.

Jomiy doim mas’uliyat hissi bilan qalam tebratdi. Bu fikrning isboti uchun shoirning quyidagi g‘azalini ko‘zdan kechirish kifoya:

Man on nayam, ki zabonro ba harza oloyam,
Ba madhu zammi xason no‘gi xoma farsoyam.

Hadisi sifla xazaf, iqdi gavhar ast suxan,
Zihi safah, ki man inro ba on biyorayam.

… Zi sha’ri she’r, k-az in pesh yoftam, imro‘z —
Chuz obi didavu xuni jigar napoloyam.

Fazoi mulki suxan garchi Qof to Qof ast,
Zi fikri qofiya har lahza tang meoyam.

…Kasham zi tab’i suxansanj ranj, ruxsat deh,
Ki sar ba jaybi xamushi kasham, biyosoyam,

Javob dod, ki Jomiy tu ganji asrori,
Ravo mador, k-az in ganj qufl nakshoyam.

Mazmuni:

Men tilimni har qanday behuda narsalarga tekkizib bo‘lg‘aydiganlardan emasman,
Yaramas odamlarni maqtab, qalamim uchini urintiradiganlardan emasman.

Pastkashlar haqidagi gaplar sopol sinig‘idir, so‘z esa gavhar shodasidir.
Unisini bunisi bilan aralashtirib yuborsam, bu nodonlik bo‘lur edi.

…She’rimdagi oldin paydo bo‘lgan tuklarni bugun
Ko‘zyoshlarim va jigar qonlarim bilan tozalayapman.

So‘z mamlakatining fazosi Qof tog‘idan Qof tog‘igacha keng bo‘lsa ham,
Lekin qofiya haqida o‘ylaganimda doim tang ahvolda qolaman.

… So‘zga san’atkorlik tabiatimdan ranj chekkanim chekkan, ruxsat ber,
Boshimni xomushlik ko‘yniga yashirib, orom olay.

Bu gapimga javob keldi: — Ey Jomiy, sen sirlilik xazinasisan-ku!
Bu xazinaning qulfini ocholmaslikni sen bizga ravo ko‘rma.

Bu g‘azalning har baytida bir olam ma’no bor. Uni Jomiyning ijodxonasiga kirish uchun kalit deb qarash ham mumkin. Shoir, demak, nihoyatda gapga chechan, buyuk so‘z san’atkori bo‘lsa ham, lekin har bir so‘zni o‘ylab ishlatgan, har bir g‘azalini, har bir she’rini o‘z farzandlaridek («zodai tab’am») ko‘rib, uning har tomonlama mukammal bo‘lishini, muallifga hurmatsizlik keltirmasligini o‘ylagan. Bu o‘rinda uning dunyoda so‘z ko‘p bo‘lsa ham, lekin kerakli so‘z, yaxshi qofiya bo‘ladigan so‘zni topish qiyin! — degan fikrini ham shu ma’noda tushunish kerak, deb hisoblayman.

Jomiy she’riyatining birinchi qimmati, albatta, uning mazmunida. Jomiy lirikasidagi, xususan, g‘azaliyot olamidagi bosh g‘oya muhabbat, insonni sevishga, ardoqlashga chaqirish, hayotning mazmunini sevgida, sadoqatda deb bilish.

Dini mo ishq ast, ey zohid, magu behuda pand,
Mo ba tarki dini xud guftan naxohem yuz gazof, —

deb yozadi ulug‘ shoir o‘z g‘azallarining birida (Abdurahmoni Jomy. Osor, childi duyum, s. 55). Mazmuni: Bizning dinimiz ishqdan iborat; ey zohid, behudaga nasihat qilaverma; biz o‘z dinimizni asossiz ravishda tark etish haqida gapirishni ham istamaymiz.

Shu mavzu, shu g‘oyalar tufayli Jomiy lirikasi har tomonlama insoniylik kasb etgan. Bu mavzu va g‘oyalar boshqa shoirlar tomonidan ham kuylangan. Shuning uchun Jomiy lirikasi ma’lum darajada an’anaviy xususiyatlarga ega. Lekin u bu mavzu orqali inson yuragini yangidan kashf etishga, uni o‘z qalb harorati bilan ilitishga harakat qilgan va bunga erishgan. Bu mavzuga Jomiy nihoyatda katta samimiyat bilan munosabatda bo‘lgani tufayli uning bu xil she’rlarini avvalo zamondoshlari, qolaversa, keyingi asrlardagi muxlislari ham yaxshi qabul qildilar. Jomiyning o‘zi ham bu mavzudagi she’rlarining ko‘p vaqt muvaffaqiyatli chiqqani, sevib o‘qilgani bilan faxrlanib, bir g‘azalida quyidagi baytni yozgan edi:

Jomi az on lab suxan og‘oz kard,
Shud laqabash to‘tiyi shirinmahol

Mazmuni:

Jomiy u go‘zalning labidan so‘z ochishi bilan
Uning laqabi «to‘tiyi shirinmahol» bo‘lib qoldi.

Sharq adabiyotshunosligida chindan ham Jomiy she’riy uslubining «shirin»ligi tan olingan hodisa. Buni o‘z davri adabiyotshunoslari bolaligida Jomiyning mashhur mutasavvuf Muhammad Porso qo‘lidan novvot olib yeganida, deb izohlashlari ham bejiz emas.

Zahiriddin Muhammad Boburning xabar berishicha, kunlarning birida o‘z davrining taniqli shoirlaridan biri bo‘lgan Shayxim Suhayliy o‘zining:

«Shabi g‘am gird-bodi oham az jo burd gardunro,
Furu burd ajdahoyi sayli ashkam rub’i maskunro»

Mazmuni:

G‘amli kechalarda ohimning quyuni osmonni o‘rnidan qo‘zg‘otib yubordi,
Ko‘z yoshim selining ajdahosi esa yer yuzini yutib yubordi, —

degan baytini baland ovoz bilan o‘qiganda Jomiy unga: «Mirzo, she’r aytasizmi yo odam qo‘rqitasizmi?» degani xarakterlidir. Ya’ni, Jomiyning fikricha, lirik she’r odamni behuzur qiladigan uslubda yozilmasligi va o‘qilmasligi kerak. Jomiyning bu gapi bizning ba’zi zamonaviy shoirlarimizga, klassik she’rimizni buzib, baqirib o‘qiydigan she’rxonlarga ham taalluqli, deyish mumkin. Lirik she’rga xos xususiyat uning dilbarligi, yoqimliligida. Har qanday ma’no badiiylik libosining tashida emas, ichida bo‘lishi kerak.

Albatta, Jomiyning ham ishq va muhabbatni kuylashida uchraydigan ikkinchi ma’no-mazmun, ishoralarni ham nazardan qochirmasligimiz kerak. Masalan, Jomiy bir g‘azalining matlaida quyidagilarni yozadi:

Ba azmi Ka’ba safar go‘ftam ixtiyor kunam,
Bad in bahona guzar bar diyori yor kunam.

Mazmuni:

Dedimki, Ka’bani ziyorat qilish uchun bir safarga chiqsam,
Shu bahona bilan sevgili yorimning diyorini ham ko‘rsam.

Bunda Jomiy oddiy insoniy muhabbat haqida yozayotgan bo‘lishi ham mumkin. Shu bilan birga shoir Ka’bani ko‘rishdan maqsad xudoni eslash, demoqchi desak ham bo‘ladi. Odatda, har bir masjid xudoning uyi hisoblanadi. Jomiy Ka’bani ham xudoning uyi, vatani deb qarayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Demak, bu xil g‘azallardan bir necha ma’noni uqish xato emas.

Jomiyning lirik she’riyatiga xos muhim xususiyatlardan biri undagi erkin fikrlilik, jur’atkorlik, shoirona istehzo, hajviyotga moyillikdir. Shu bilan birga erkinfikrlilik shoirni jamiyat masalalari haqida jiddiy o‘ylashga, bu haqdagi o‘z fikrlarini lirik she’rlarida ifodalashga, lirik she’riyatning ijtimoiy mazmundor bo‘lishiga olib kelgan. Ayrim she’rlarida Jomiy, A. Afsahzod yozganidek: «U dunyodagi mavjud tartib-qoidalarni o‘zgartirishni, oshiq o‘z ko‘nglidagi istaklariga osonlik bilan erishadigan jamiyatni orzu qiladi. Jomiyning ilg‘or siyosiy, falsafiy va estetik qarashlari umuman uning g‘azallaridagi lirik qahramon va uning romantik dostonlarida qahramonlari tilidan aytilgan» (Abdurahmon Jomy. Osor, dildi shashum, s. 93).

Jomiyning lirik merosi haqida ayrim hozirgi zamon Eron olimlari aytgan salbiy fikrlarga aslo qo‘shilib bo‘lmaydi. Masalan, katta shoir va olim Malikushshuaro Bahor Jomiy devonlaridagi she’rlar yuzasidan bir o‘rinda shunday degan: «Qisqacha qilib aytganda, Jomiy g‘azaliyoti hajman juda katta bo‘lishiga qaramay, u bo‘yicha o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy hayoti qiyofasini ham, uning shaxsiy falsafiy va so‘fiyona qarashlarini ham tiklash qiyin; chunki uning she’rlarini she’riy to‘qimalar shunchalik egallagan va turli ta’sirlarga berilgan hamda xayollarga ko‘milganki, natijada o‘z fikrlarini, fikrlar tiniqligini va adabiy jur’atkorlikni ifodalashga o‘rin qolmagan».

Sovet olimi A. Afsahzod zikr etilgan o‘z kitobida bu xil yanglish qarashlarni to‘g‘ri tanqid qilgan va ularga to‘g‘ri munosabat bildirgan. Jomiy g‘azallarining birida shunday bir bayt bor:

Dil na xurram, sabzau gul dar nazar xurram, chi sud?
Dar daruni jon jarohat, bar birun malham, chi sud?!

Mazmuni:

Dil xafa bo‘lgach, sabza va gullar ochilib turganidan nima foyda?
Jon ichi jarohat bo‘lsayu tashqaridan malham qo‘yishdan nima foyda?

Mazkur g‘azalning boshqa baytlari ham shu mazmun va shu uslubda yozilgan. Bunda ko‘zga tashlanayotgan xususiyat shundaki, Jomiy voqea va hodisalarning tashqi tomoniga emas, ichki tomoniga, mohiyatiga e’tibor bermoqda.

Abdurahmon Jomiyning ijodi fors-tojik she’riyatining eng yaxshi g‘oyaviy va badiiy an’analari asosida shakllangan. Ulug‘ shoir o‘z she’rlarida Shayx Sa’diy, Amir Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy kabilarning tajribalariga suyanadi. Masalan, u bir g‘azali maqtaida o‘z ijodiga Kamol Xo‘jandiy qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatgani haqida shunday degan edi:

Yoft kamole suxanat to girift —
Joshniye az suxanoni Kamol.

Mazmuni:

Kamol so‘zlarining mazasini totib,
Shening so‘zlarim kamol topti, rivojlandi.

Bu gapni Jomiy o‘zidan oldin o‘tgan boshqa fors shoirlari haqida ham aytishi mumkin edi. Jomiyning lirik shoir sifatidagi kamolotida faqat salaflari emas, zamondoshlari ham muhim rol o‘ynagan edilar. Ularning avvalo Jomiy she’riyatini to‘la qabul qilganlari, har bir asarini ma’qullaganlari, uning asarlariga yuzlarcha tatabbular bitganlari tahsinga sazovordir. Qolaversa, Jomiy ham ulardan uzilib ijod qilmagan. Masalan, shu davrda ijod qilgan shoirlardan biri Sayfiy Buxoriy bo‘lib, u o‘zining turli kasb egalarini ulug‘lagan, shu kabi xususiyatlarini hurmat bilan tasvirlagan g‘azallari bilan mashhur. Uning nog‘orachi, xonanda va boshqalar haqida yozgan she’rlari ma’lum. Uning uslubida Jomiy esa g‘ijjakchi to‘g‘risida maxsus g‘azal yozgan.

Jomiy taniqli o‘zbek shoiri Mavlono Lutfiyning:

Gar kori dili oshiq bo kofiri Chin aftad,
Beh z-on ki ba badxuyi bemehri chunun aftad,

degan matla’ bilan boshlangan, lekin tugallanmagan g‘azalini, uning vasiyatiga ko‘ra tugallab, o‘z devoniga kiritgan edi. Bu hodisa esa, o‘zbek-tojik adabiy aloqalari tarixidagi muhim belgilardan biridir.

Jomiyga zamondosh shoirlar orasida Alisher Navoiy alohida o‘rin tutadi. Navoiy Jomiy she’riyatini, shu jumladan, uning lirik ijodini nihoyatda sevgan, bir umr undan lirik ijod sirlarini o‘rgangan edi. Navoiy Jomiyni Amir Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziy bilan bir qatorga qo‘yib, unga shogird, do‘st, hamma sohada hammaslak bo‘lgani bilan cheksiz faxrlanar, «Xazoyinul-maoniy», «Devoni Foniy» devonlaridagi bir qancha g‘azallarini uning g‘azallari ta’sirida yoki ularga tatabbu shaklida yozgan edi.Navoiy Jomiyning ayniqsa orifona g‘azallarini yuksak baholar edi. Shu bilan birga Jomiy ham uni barcha sohalarda qo‘llab-quvvatlagan edi.

Jomiy lirikasi faqat forsiy xalqlarning emas, barcha xalqlarning ham ma’naviy boyligidir. XV asrdan keyin yashab ijod etgan Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Solih, Shermuhammad Munis, Muhammadrizo Ogahiy, Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy, Nodira, Uvaysiy, Zokirjon Furqat kabi o‘nlab o‘zbek shoirlarining Jomiyga chuqur ixlosi va muhabbati shundan.

Abduqodir Hayitmetov, filologiya fanlari doktori, professor

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son