Fikrning onasi fikr degap bor. Gapdan gap chiqib jumhuriyat Fanlar baytulhikmasining muxbir a’zosi Abdulahad Muhammadjonov bilan ko‘hna Toshkentimizning ma’muriy markazlari — O‘rdalari haqida suhbatlashib qoldik.
Toshkentning O‘rdalari beshta bo‘lgan ekan. Birinchi O‘rda Xadraning g‘arbi-shimolidagi sobiq Toshtram binosi o‘rnida, ikkinchisi birinchisidan janubroqda, hozirgi Benkov nomli bilim yurti yaqinida, eski Qoratosh mahallasining bir tomonida joylashgan ekan. Bilim yurtiga poydevor qo‘yish paytida yer ostidan chiqib qolgan XV asrga oid eski hammom binosi ham ana shu ikkinchi O‘rda qo‘rg‘oniga qarashli bo‘lgan. Ikkinchi O‘rdaning aynan shu yerda joylashganini tasdiqlovchi yana bir dalil shuki, uning shimol tomonidagi — Xadra tarafidagi mahalla Qo‘rg‘ontegi deb atalgan, demak, ilgari bu yerlarda Qo‘rg‘on — O‘rda bo‘lganidan darak beradi.
Joy nomlari tarixini o‘rganishda hamisha xalq tarixini va turmushini, urf-odatlarini va til madaniyatini yaxlit holda o‘rganmoq kerak. Afsuski, har doim ham ana shu oddiy haqiqatga amal qilinmaydi. Har kim o‘z holicha — qadimshunos (arxeolog)lar o‘zlaricha, tarixchilar o‘zlaricha, tilchilar yana o‘zlaricha ilmiy ish qilaverdi, natija esa ma’lum… Nafaqat Toshkent, balki butun bir o‘lka tarixi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qoldi.
Shunday qilib yana mavzuga qaytsak. Uchinchi O‘rda Anhorning o‘ng qirg‘og‘ida, sobiq hukumat uyining, yanada aniq qilib aytsak, «Ministrlar Sovetining oshxonasi» qarshisida bo‘lgan ekan. To‘rtinchi O‘rda hozirgi Qishloq xo‘jaligi ministrligining binosi o‘rnida, beshinchisi esa, Lenin maydonining shimol tomonida qad ko‘targan yangi teatr binosi o‘rnida bo‘lgan ekan.
Mahmud G‘aznaviyning otasi Sabuktakin Toshkent bozorida qul sifatida sotilgan yoki Mahmud Qoshg‘ariy «Devon-ul-lug‘atit turk» asariga ma’lumot yig‘ib yurgan, yo bo‘lmasa Alovuddin Xorazmshoh saltanati davrlaridagi Toshkent haqida so‘z borsa, unda Toshtram o‘rnidagi O‘rdani nazarda tutish lozim. Mirzo Ulug‘bek 1425 yili Toshkentga kelganida uning O‘rdasi Qoratosh mahallasi yaqinida bo‘lgan ekan. Olimxon, Umarxon, Muhammad Alixon (Nodirabegimning o‘g‘li) davrlarida Toshkent O‘rdasi anhorning o‘ng sohilida, ya’ni Qishloq xo‘jaligi ministrligi o‘rnida, Xudoyorxon zamonasida esa Anhorning chap sohilida, ya’ni hozirgi yangi teatr binosi o‘rnida bo‘lgan ekan. Shu o‘rinda qurilayotgan yangi teatrga «O‘rda» nomi berilsa tarixiylik nuqtai nazaridan ham adolatli bo‘lardi. O‘z madaniyatiga mehr qo‘ygan xalqlar hamisha shunday yo‘sinda ish tutishgan. Uzoqqa bormaylik, rus xalqi Moskva aeroportlariga nom berishda shu yo‘ldan borishgan: Domodedovo, Bikovo, Vnukovo, Sheremetevo; metro bekatlari, studiyalar, teatrlar va hokazolarga ham shu tariqa nom qo‘yilgan: Izmaylovo, Ostankino, Taganka…
Toshkentning o‘n ikkita darvozasi bo‘lgani haqida ham ko‘p gapirilgan va gapirilmoqda. Lekin darvozalarni ramziy bo‘lsa ham tiklash, o‘sha joylarda biror yodgorlik lavhalari o‘rnatib, belgi qo‘yish haqida ko‘zga ko‘rinadigan ish qilingani yo‘q.
Saqlanib qolgan dalillarga ko‘ra, qadimda har bir darvozani himoya qilish o‘zbek xalqi tarkibiga kirgan qabila vakillari zimmasiga yuklatilgan, hatto qo‘riqchilarga mazkur darvoza yaqinida boshpana ham ajratishgan. Masalan, qiyot qabilasi Qo‘ymas darvozasini himoya qilganlar va shu nomli mahallada yashaganlar. Bu mahalla hozirgi O‘rda bekatining janub tarafida zargarlik buyumlari do‘konidan tortib, to Oktyabr nohiya firqa qo‘mitasigacha bo‘lgan o‘ramni o‘z ichiga olgan. Taxtapul darvozasini o‘zbekning turk qabilasi o‘z qaramog‘iga olgan va hozirgi Ishchilar shaharchasidagi Kaykovus arig‘iga tutashgan mahalla ham Turkyangishahar mahallasiga qaragan. Ko‘kcha darvozasini yobu qabilasi vakillari qo‘riqlashgan, shu darvozaning Sharq tomonidagi mahalla Yobunazar deb atalgan. Chig‘atoy darvozasi aslida Qo‘shchi ota darvozasi deyilgan, uni muhofaza qilish 93 qabilani birlashtirgan o‘zbek xalqining bir bo‘lagi bo‘lmish chig‘atoy qabilasi zimmasiga tushgan va shu qabila vakillari mazkur darvoza yaqinida yashashgan, bu yerlar bora-bora, «Chig‘atoy mahalla» deb atala boshlangan. Toshkentning bu darvozasiga ham shu nom berilgan. Shu o‘rinda bir chalkashlikka aniqlik kiritib o‘tish kerak. Ko‘pchilik Chig‘atoy nomini Chingizxonning o‘g‘illaridan birining nomi bilan bog‘lashadi. Bu noto‘g‘ri, aslida bu nom o‘zbek xalqining shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan chig‘atoy qabilasi nomiga mansubdir. Chingizxonning o‘g‘li Chig‘atoy XIII asrda yashagan bo‘lsa, turkiy chig‘atoy qabilasi bundan ko‘p asrlar ilgari ham mavjud edi. Shuningdek, Chig‘atoy adabiyoti atamasi ham turkiy qabila nomi bilan bog‘langan.
O‘rta asrlarda zobitlik (ofitserlik) unvonlaridan biri — chig‘atoybegi deyilgan. Shu o‘rinda hayotiy bir misolni keltirish joizdir: Nizomiddin Mir Alisher Navoiy Samarqanddagi tolibligi kezlarida Samarqand hokimi Ahmad Hojibek tomonidan chig‘atoybegi unvoniga manzur ko‘rilgan. Bunday unvonga loyiq ko‘rilgan shaxslarga saroy eshigi hamisha ochiq bo‘lgan va oy sayin xazinadan maosh to‘lab turilgan. Buning ustiga davlat himoyasiga olinib, ta’minoti yaxshilangan. Demak, chig‘atoybegi unvoni Alisher Navoiyning birinchi harbiy unvoni hisoblanadi. Keyinchalik 1470 yili u amirlik (generallik), 1473 yili esa bosh amirlik (marshallik) unvonlariga sazovor bo‘ladi.
Yaqin-yaqinlargacha ham Toshkentning Hoji Malik mahallasidan shimoli-g‘arb tomonga yo‘nalish Chig‘atoy ko‘chasi deb atalardi. Shu yo‘l yoqasidagi qabriston ham Chig‘atoy qabristoni deyilishi bejiz emas. Chig‘atoy nomi Chingizxon avlodiga mansub degan fikr chiqqanu ma’murlarimiz darhol ko‘chaning nomini Forobiy deb o‘zgartirishdi. Qabriston ham bir muddat «Forobiy ko‘chasidagi qabriston», deb atalib yurildi. Yo‘q, xayriyat yana eski nomi tiklandi. Biroq ko‘chaning nomi o‘zgartirilmay qoldi. Tarixiy haqiqat bilan yuzma-yuz turganimizda adolat yuzasidan ish tutishimiz kerak. Toshkentning asosiy va markaziy ko‘chalaridan birortasiga buyuk olim Forobiy nomi berilsa arziydi, eski shaharning ko‘hna ko‘chasini kelajak uchun ham Chig‘atoy nomi bilan saqlab qolishimiz zarur. Demak, Toshkentdagi Chig‘atoy darvoza, Chig‘atoy chaqari (bu yerda oltin, kumush, jez tangalar zarb qilingan) va Chig‘atoy qabristoni degan atamalarning tarixi uzoq va Chingizxon avlodi nomi bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Asrimizning boshida tuzilgan «Chig‘atoy gurungi» adabiy uyushmasi tashkilotchilari ham chig‘atoy atamasini turkiy kalima sifatida xalqimizning o‘rta asrlardagi umumiy nomiga qiyoslagani bejiz emas.
Toshkent tarixini o‘rganar, yozar va tiklar ekanmiz, moziyga oid asarlar bilan birga tarixiy mavzuda qalam surgan adiblarimizning badiiy, xotiraviy asarlariga ham murojaat qilsak foydadan xoli bo‘lmas. Shu o‘rinda Zayniddin Vosifiy, Almaiy, Avloniy asarlarini, Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» romanlarini, G‘afur G‘ulomning «Shum bola»si va «Hasan kayfiy»sini, Oybekning «Qutlug‘ qon», «Ulug‘ yo‘l», «Bolalik»larini, Maqsud Shayxzodaning «Toshkentnoma»sini, Rahmat Fayziyning «Hazrati inson»ini, Mirmuhsinning «Tungi chaqmoqlar», «Degrez o‘g‘li»ni, Hamid G‘ulomning «Mash’al», «Mangulik» romanlarini va boshqa adiblarimizning Toshkent va toshkentliklar hayotini tasvirlovchi ko‘pgina asarlarini ko‘zda tutmoqdaman. Zotan, ularda tasvirlangan qanchadan-qancha mahallalar bugungi kunda yo‘qolib ketgan, endi loaqal ularning nomlarini saqlab qolish zamondoshlarimizning burchidir.
Jumhuriyat firqa va davlat tashkilotlarining Toshkentning eski shahar qismini obodonlashtirish, ko‘hna mavzelarda yashovchi aholining turmushini farovonlashtirishga doir ko‘rsatmalarini amalga oshirish uchun tarixni chuqur bilish, undan xulosalar chiqarib ish tutish zarur. Masalan, odam o‘zining kimligini anglash uchun loaqal ota-bobosining qanday kishilar bo‘lganini bilmog‘i shart. Yuqorida chig‘atoy atamasi misolida uni qayta tiklashga xalqning sayi-harakat qilganini ko‘rib o‘tdik.
Toshkentni chindan ham o‘zbek jumhuriyatining, o‘zbek millatining haqiqiy poytaxtiga aylantirish uchun birinchi navbatda shahar chekkalariga — Qurbaqaobod, Birlik, Beshqayrog‘och, O‘rikzor, Kalinin, Yangi ToshMI, Yunusobod, Qorasuv, Qo‘yliq, Chilonzor yoqlarga tarqab ketgan tub toshkentliklarni yana markazga olib kelish choralarini ko‘rish darkor. 1966 yilgi zilziladan keyin Qashqar mahallayu Qaymoq bozoridan tortib O‘qchigacha, O‘qchidan tortib Beshyog‘ochgacha, Beshyog‘ochdan tortib Xadrayu Chorsugacha, Chorsudan tortib Sebzorgacha, Sebzordan to Labzakkacha, Labzakdan to O‘rdagacha bo‘lgan joylar — Toshkentning qoq markazidagi tub aholi sharqi-janubda Yangiobod tomonlarga, G‘arbda esa, Yangi Labzak yoqlarga tarqatib yuborildi, ularga o‘z mahallalari joylashgan yerga yangi uy qurib berilmadi yoki bo‘lmasa, uy qurish uchun shu joydan yer ajratib berilmadi, balki imorat qurish uchun shahar markazidan 10-15-20 chaqirim naridagi joylar bo‘lib berildi. Natijada shahar markazida o‘zbek aholisi juda oz qoldi. Masalan: Markaz I—V dahalarida o‘zbek aholisi ikki-uch foizni tashkil etadi, xolos. Umuman olganda, zilziladan keyin qurilgan ko‘p qavatli uylardan turg‘unlik yillarida o‘zbeklarga xonadon ajratishda ancha-muncha adolatsizliklarga yo‘l qo‘yilgani endilikda hech kimga sir emas. Yaqinda mavridi kelib, Toshkentning shimoliy temir yo‘l vokzali qarshisidagi ko‘pqavatli ikkita binoda kimlar istiqomat qilishayotgani bilan qiziqdik. Ikki yuzga yaqin xonadon yashayotgan bu ikki uyda hammasi bo‘lib uchta o‘zbek oilasi yashar ekan, xolos. «Paxtakor» stadioni qurilishi bahonasida stadion o‘rnida va uning atrofidagi mahallalarda yashovchi necha ming o‘zbek aholisi shahar tashqarisiga — Shofayziquloq tomonga ko‘chirib yuborildi.
Toshkent ko‘chalarida aylanib yurib «Chindan ham men o‘zbek jumhuriyatining poytaxtida yuribmanmi yoki Ovrupodagi biror shahardami?» degan o‘yga boraman va qardosh jumhuriyatlarning Tbilisi, Yerevan, Boku, Kiyev, Moskva kabi poytaxtlarining qoq markazida asosan tub xalq yashashini eslab, Toshkent ham ana shularning safida bo‘lishini, o‘z yuzi, o‘z ko‘rinishiga ega bo‘lishini juda orzu qilaman. Tbilisining gruzinlar poytaxti, Kiyevning ukrainlarning poytaxti ekanini qulog‘ingizga eshitilayotgan gap-so‘zlardan ham sezib turasiz, adolat yuzasidan bizda ham shunday bo‘lmog‘i kerak!
Abduqahhor Ibrohimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son