Movarounnahrning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Shosh (Toshkent) o‘zining uzoq va qiziqarli tarixida o‘zaro feodal urushlar hamda xorijiy bosqinchilar istilosi natijasida necha bor buzilib, necha bor qayta tiklangan. Sharq mamlakatlarida, jumladan, O‘rta Osiyoda yirik shaharlar qo‘rg‘on bilan o‘rab olinganligi, ularning bir necha darvozasi bo‘lganligi bizga qadar yetib kelgan tarixiy ma’lumotlardan ayon. Biz quyida ko‘hna Toshkentning maxsus nomlar bilan atalgan darvozalari haqida fikr yuritmoqchimiz.
704 yili Arab xalifaligi tomonidan Qutayba ibn Muslim Xuroson amiri qilib tayinlangach, unga O‘rta Osiyoda arab xalifaligi hukmronligini o‘rnatish topshirilgan. O‘rta Osiyoning bir qator shaharlarini bosib olgan Qutayba ibn Muslim 713—715 yillarda Shosh (Toshkent)ni istilo qildi. Bu davrda shahar Salor bo‘yiga joylashgan bo‘lib, har tomonlama rivojlanayotgan edi.
Arablar tomonidan istilo qilingunga qadar Toshkentda qancha darvoza, necha qator mudofaa devori bo‘lganligi noma’lum. Salor atrofida amalga oshirilayotgan qazish ishlari vaqtida yer qa’ridan chiqayotgan turli-tuman ashyoviy topilmalar Toshkent eramizning boshlaridagi ancha nomdor, rivojlanish jarayonidagi shahar bo‘lganligidan darak bermoqda.
Demak, VIII asr oxiriga kelib, Salor bo‘yi ko‘chmanchilarning tinimsiz xuruji natijasida notinch bo‘la boshlagach, aholi bu joyni ham tashlab, jug‘rofiy jihatdan qulay bo‘lgan Bo‘zsuv (Anhor) bo‘yiga ko‘chib kela boshlagan. Yangi shaharchada esa asta-sekin izga tushib, aholisi asosan dehqonchilik, chorvachilik, savdo-sotiq va hunarmandchilik bilan shug‘ullana boshlagan.
Zardushtiylik va buddizm, nasroniylik va islom dinlarining bir-biriga ta’siri tufayli shaharning rivojlanishi uchun o‘ziga xos sharoit vujudga keldi. XIX asr tarixchisi Muhammad Solih Qori Toshkandiy o‘zining «Tarixi jadidi Toshkent» asarida va boshqa o‘tgan asr tarixchilarining yodnomalarida qayd etilishicha, IX asrning boshlarida yangi shahar markazidagi bozor maydonchasida qo‘rg‘on qurilib, atrofi gir aylantirilib bir qator devor bilan o‘ralgan hamda devorning uch tomoniga Abul Abbos, Junayd va Kesh nomli darvozalar qad ko‘targan. Shunday qilib, bu yerda — hozirgi Chorsu va Xadra maydoni o‘rnida shahar markazi vujudga keladi. Bir qancha vaqt o‘tgach, shaharning aholi zich joylashgan qismi ham ikkinchi qator devor bilan, keyinchalik aholi tinchligini cho‘l ko‘chmanchilaridan himoya qilish maqsadida shaharni uchinchi — nihoyatda ulkan va bahaybat sirtqi mudofaa devori bilan o‘raladi. Tashqi tomoniga keng va chuqur — suv bilan to‘ldirilgan zovur handaq qaziladi. Bu handaq ham ayni vaqtda dushman uchun tuzoq hamda to‘siq vazifasini bajargan.
Shahar mudofaa devorlari bilan mustahkamlangan bo‘lsa ham, tashqi dunyo bilan savdo-sotiq aloqalari uzilmagan. Uzoq shahar-mamlakatlardan, vohayu dashtlardan Toshkent bozoriga mol olib kelinadigan katta karvon yo‘llari tutashadigan joylarda maxsus darvozalar o‘rnatilgan.
Darvozalar soni turli davrlarda turlicha bo‘lgan, har bir qator devorning o‘z darvozalari bo‘lgan. Masalan, XVIII asrda sakkizta, XIX asrda esa o‘n ikkita tashqi devor darvozasi bo‘lgan. XVIII asr oxirlarida Toshkentni sakkizta katta yo‘l kesib o‘tgan, bu yo‘llar aslida shaharda bir tomonga ketadigan katta, shoh ko‘chalar edi. Bular asosan, qadimiy karvon yo‘llari bo‘lib, Qozog‘iston va O‘rta Osiyo xonliklarining asosiy mavzelari bilan bog‘langan. Bundan tashqari, o‘sha vaqtlarda Shosh (Toshkent) shahri Osiyo va Ovrupo mamlakatlarini o‘zaro bir-biri bilan bog‘lovchi karvon yo‘llarining chorrahasida joylashgan edi. Bu yo‘ldan uzoq yillar davomida xitoy, hind, mo‘g‘ul, eron va afg‘on savdogarlari o‘z mollarini olib o‘tish bilan birga Toshkentda ham savdo-sotiq ishlarini olib borishgan, buning natijasida shaharning har tomonlama rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Shu davrda shahar to‘rtta dahaga: Sebzor, Ko‘kcha, Beshyog‘och va Shayxontohur dahalariga bo‘lingan. Tarixiy ma’lumotga qaraganda, XIX asrda shaharning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Sebzor dahasi 38 mahalladan iborat bo‘lib, Kaykovus arig‘idan suv ichgan. Bu dahada 3 ta madrasa va 10 ta masjid bo‘lib, aholisi asosan etikdo‘zlik, to‘quvchilik va bo‘yoqchilik bilan shug‘ullangan. Shaharning g‘arbiy qismida joylashgan Ko‘kcha dahasida 31 ta mahalla, 3 ta madrasa va 51 masjid bo‘lib, aholisi ko‘nchilik va etikdo‘zlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shaharning Beshyog‘och dahasida 32 ta mahalla, 3 ta madrasa va 68 ta masjid bo‘lib, u go‘zal bog‘lari va g‘ishtchiligi bilan nom chiqargan. Shayxontohur dahasida esa 48 ta mahalla, 60 ta masjid, 3 ta madrasa bo‘lib, aholisi egarchilik, degrezlik, to‘quvchilik bilan kun kechirgan.
Yuqorida keltirilgan raqamlardan ham XVIII—XIX asrlarda shahar ahlining ilm-fani, madaniyati va manaviyati qay darajada bo‘lganini bilib olish mumkin.
Darvoqe, darvozaga keladigan yo‘llar ham darvoza nomi bilan atala boshlagan. Samarqandga boradigan yo‘lning boshida Samarqand, Qo‘qonga boradigan yo‘lning boshida Qo‘qon, Chig‘atoyga boradigan yo‘lning boshida Chig‘atoy darvozalari qurilgan. Har bir darvozaning tashqi ko‘rinishi esa ushbu shaharlarning o‘ziga xos me’moriy uslubida bezatilgan. Darvozalarning tashqarisida esa keng maydonni egallab, yastanib yotgan, bir qarashdayoq kishi qalbini muzlatib yuboruvchi qabristonlar joylashgan. Masalan, Komolon darvozasi tashqarisida Xo‘ja Alambardor, Ko‘kcha darvozasi tashqarisida Shayx Zayniddin, Chig‘atoy darvozasi tashqarisida Qo‘shchi ota va boshqa bir qator qabristonlar bo‘lib, ulardan ko‘plari shu kunlarga qadar shahrimiz o‘ramlarida saqlanib qolgan.
Bu qabristonlar darvozadan chiqib olis mamlakatlarga ketayotgan yoki shaharga kirib kelayotgan kishilarga ruhiy ta’sir etib, odamlarni bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lishlariga undab turgan. Sababi, sovuq qabristonni ko‘rgan odam oxir-oqibat shu yerga kelib ko‘milishini, panoh topishini ko‘z oldiga keltirib, har qanday yomon niyatdan, yovuzlikdan qaytib insofli bo‘lishga intilgan. Ular qabristonlarga yaqinlashgach, ot va aravalardan asta tushib, ajdodlar ruhiga hurmat yuzasidan qur’on o‘qib, sukut saqlab, mozorlar yonidan yayov yurib o‘tganlar.
Shahar darvozalari haqida tarixchi olimlarimiz va yozuvchilarimiz o‘z asarlarida noyob ma’lumotlaryozib qoldirishgan. Shu jumladan, Abdulla Qodiriy o‘zining tarixiy «O‘tgan kunlar» romanida «… olti gaz yuksaklikda, besh gaz kenglikda, ikki yoki sakkiz gazli qo‘rg‘on devori bilan o‘ralgan, kunbotarga qaratib qurilgan Samarqand darvozasi…» borligi haqida batafsil hikoya qilgan.
1865 yilning 16 iyun kuni bosqinchi Chernyayev qo‘l ostidagi 12 zambarakka, bir necha ming soldatdan iborat otryadga ega bo‘lgan rus qo‘shinlari Toshkent shahrini shafqatsizlarcha o‘qqa tutib, shahar atrofidagi mudofaa inshootlarini, mudofaa devorlarini, shahar darvozalari va boshqa ko‘plab binolarni buzib tashlashgan. Bu obidalarning bir qismi esa keyinchalik turli yillarda bo‘lib o‘tgan kuchli zilzilalar hamda shaharni kengaytirish vaqtida buzilib ketgan. Lekin shaharning ba’zi bir yerlarida shiddatli muhorabalar tufayli shikastlangan qadimiy devor qoldiqlari yaqin kunlargacha ham saqlanib qolgan edi. Ammo ular ham borgan sari yemirilib, yo‘qolib bormoqda. Ularni ta’mirlab yoki shu holicha saqlab qolib, kelgusi avlodga qoldirishni o‘ylab ko‘rish kerak.
Darhaqiqat, o‘tgan XVIII—XIX asrlarda bu shaharning 12 ta darvozasi bo‘lib, bular: Samarqand, Ko‘kcha, Chig‘atoy, Sag‘bon, Qorasaroy, Taxtapul, Labzak, Qashqar, Beshyog‘och, Qo‘qon, Qaymast va Kamolon darvozalaridir. Ushbu darvozalardan kirilgach, eng avval guzarli keng maydonga chiqilgan, bu guzargohlar 1920 yillarning oxiriga qadar juda obod bo‘lgan. Navro‘z va ko‘plab milliy bayramlar, har xil sayllar, xalq yig‘inlari o‘tkazilgan bu maydonda choyxona, oshxona, novvoyxona, sartaroshxona, kosibchilik, karvonsaroy, bozor, qassoblik va baqqollik do‘konlari joylashgan edi. Darvozalardan boshlanib, shahar markazidagi katta bozorga olib boruvchi ko‘chalar yo‘l-yo‘lakay juda ko‘p kichik-kichik ko‘chalarga tarmoqlashib ketardi. Ko‘chalar eltgan shahar bozori faqat savdo-sotiq uchungina xizmat qilib qolmay, balki shahar xalqi hordiq chiqaradigan joy ham edi.
Shahar hokimining turli farmonlari ma’lum belgilangan joylardan tashqari, shu bozorda ham jarchilar tomonidan e’lon qilinardi, bozor maydonida dorbozlik, sarbozlik, o‘yin-kulgi va boshqa turli tomoshalar namoyish etilardi.
Afsuski, shaharning ko‘hna darvozalari shu kunlarda saqlanib qolmagan. Lekin ularning qayerda joylashganligi to‘g‘risida yetarli ma’lumotlar bor. Darvozalar shaharning hozirgi o‘zaro joylashishiga nisbatan taxminan quyidagi o‘rinlarda joylashgan: Kamolon — hozirgi «Baxt» ko‘chasida; Qaymast — O‘zbekiston ko‘chasidan 9 yanvar ko‘chasiga burilish yerida; Qo‘qon — Lenin maydoni yonida; Beshyog‘och — Beshyog‘och kolxoz bozori bilan madaniyat va istirohat bog‘i oralig‘ida; Qashqar — Qashqar mahallasi guzari (hozirgi Markaz — 4 mikrorayonida); Labzak —Xurshid ko‘chasi bilan Anhor kesishgan joyda; Taxtapul — Sobir Rahimov ko‘chasidagi Kaykovus anhoriga qurilgan ko‘prik yaqinida; Qorasoy — Qorasaroy ko‘chasining guzarida; Sag‘bon — Sag‘bon ko‘chasidagi 11-maktab bilan Kaykovus oralig‘ida; Chig‘atoy — Chig‘atoy ko‘chasidagi Chig‘atoy darvozasi guzarida; Ko‘kcha — Ko‘kcha guzarida; Samarqand — hozirgi «Samarqand darvoza» ko‘chasining guzari atrofida bo‘lgan.
Bu darvozalar faqat qamal paytlaridagina emas, balki tinch vaqtlarda ham har kuni qorong‘i tushishi bilan berkitib qo‘yilar edi. Ertalab barvaqt ochilar, karvonlar, sayyohlar va darveshlar, boyonlar va amaldorlar yayov va faytunlarda viqor bilan kech oqshomga qadar kirib-chiqib turganlar. Doimo maxsus soqchi (darvozabon)lar qo‘riqlab turgan bu darvozalarning tarixi «Chortoq» shaklida bichilib, pishiq chorsi g‘ishtdan murakkab qorishmada qurilib, tomi gumbazli qilib yopilgan. Me’morlar uning oldi ko‘rinishiga alohida e’tibor berib, ulkan peshtoqli qilib loyihalashgan.
Kechqurun darvozalar taqa-taq yopilib, shahar ichkarisiga tashqaridan hech kim kiritilmagan. Keluvchilar kim bo‘lishidan qat’iy nazar darvoza tashqarisida tunab qolishga majbur bo‘lishgan. Qadimgi darvozalarga ishlangan eshiklar archa yog‘ochlaridan yasalib, sirtining ba’zi yerlariga bezak sifatida metall ham qoplanar hamda turli xildagi islimiy va girexiy naqshlar bilan milliy shaklda bezatilar edi. Bu eshiklarga yaqinlashgan har bir kishi zahmatkash ustalarning mahoratiga, aql-zakovatiga tahsinlar aytishardi.
Go‘zal shahrimizning o‘n ikki darvozasining o‘n ikki kalit nusxalari hozirgi kunda O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyining ko‘rgazma bo‘limida tartib bilan terib qo‘yilgan. Ularning oltindan yasalgan asl nusxalari esa Moskvada — SSSR Davlat bankida saqlanmoqda.
Mamlakatimizda, jumladan, jumhuriyatimieda qayta qurish, oshkoralik, mustaqillik amalga oshirilayotgan shu kunlarda, ko‘hna Toshkent shahar darvozalaridan boshlanadigan ko‘chalarga shu darvoza nomlari berilib, marmar toshlavhalar o‘rnatilsa hamda shahar darvozalari zamonamizga moslab tiklansa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Abdujabbor Yahyoyev, Madaniy yodgorliklarni ta’mirlash-ilmiy tadqiqot institutt bosh me’mori
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 11-son