Hech kimga sir emaski, ming yildan ortiq davr mobaynida arab tilini bilmasligi, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi salbiy munosabatlar tufayli xalqimizning asosiy qismi Qur’oni karim haqida yuzaki, biryoqlama tushunchaga ega bo‘lgan. Uning ona tilimizga tarjima qilinishi barcha kishilarga qo‘l keldi. Endilikda tarixchilar, adabiyotchilar, muallimlar, faylasuflar va fanning boshqa vakillari muqaddas kitob haqida asosli fikr yuritishlari mumkin.
Kur’oni karimda marjon tizmalariday sharhlangan suralar shu darajada hayotiyki, ular millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar kishilarda mehnatsevarlik va halollik, saxiylik va kamtarlik, muruvvatlilik, birodarlik kabi oliy fazilatlarning shakllanishiga zamin hozirlaydi. Unda hayot hamda odob-axloqning barcha tarmoqlariga oid oyatlar mavjud. Taniqli sharqshunos olim V. V. Bartold: «Islom dini jahon miqyosida asrlar davomida o‘zining hayotiyligini isbotladi va nasroniy diniga nisbatan o‘zida tenglik va birodarliqni ko‘proq aks ettirdi. Islomni hech qanday din jahon davrasidan siqib chiqara olmaydi», — deb ta’kidlaydi. Hozirgi kunda bu dinga e’tiqod qiluvchilar soii dunyo bo‘yicha bir milliarddan oshib ketgan.
Qur’oni karim qadimdan nasroniy dinidagi xalqlar diqqatini ham o‘ziga jalb etib kelgan. Chunonchi, u 1698 yili lotin tiliga, 1770—1828 yillar orasida sakkiz marotaba frantsuz tiliga, 1734—1826 yillarda o‘n marotaba ingliz tiliga, 1946 yili nemis tiliga, rus tiliga esa 1716, 1790, 1792, 1864, 1907 va 1963 yillarda tarjima qilingan. Shunisi diqqatga sazovorki, Qur’oni karim buyuk rus shoiri A. S. Pushkin e’tiborini ham o‘ziga tortadi. Shoir «Qur’ondan iqtibos» degan she’riy asar yaratgan. Bunda u sura va oyatlarni mutolaa qilib, uning mazmunini she’riy yo‘lda ifoda etishni o‘ziga asosiy maqsad qilib qo‘ygan.
Ko‘rinib turibdiki, Qur’on asrlar mobaynida turli tillarga o‘girilgan va ko‘p mamlakatlarda qiziqish uyg‘ongan. Afsuski, u qadimiy Turon zaminida yashayotgan xalqlar tillariga tarjima qilinmagan edi. Bu xayrli tadbirni amalga oshirishga demokratiya va oshkoralik davridagina yo‘l ochildi. Shu o‘rinda «Sharq yulduzi» oynomasining katta xizmatini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Qur’oni karim islom dinining asosini tashkil etadi. U barcha musulmonlarning mo‘tabar va bebaho kitobidir. Mazkur kitobning asl nusxalaridan biri o‘lkamizda saqlanayotganini ko‘pchilik biladi.
Xo‘sh, ushbu nusxa qay tarzda O‘zbekistonga kelib qolgan? Bunga to‘laqonli javob berish qiyin, Chunki uning qayerdan va qanday olib kelingani to‘g‘risida mahalliy manbalarda ma’lumotlar hozircha topilgan emas. Ammo bizning muddaomiz ruscha manbalarga asoslangan holda o‘quvchilarni mavjud ma’lumotlar bilan tanishtirishdir.
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, Chor hukumati askarlari o‘zbek xonliklariga qarshi «zafarli» bosqinchilik yurishlari chog‘ida tub aholining tarixi, til va adabiyotiga, arxeologiya va etnografiyasiga oid yozma kitoblar va buyum-ashyolarni ham qo‘lga kirita borganlar. Masalan, chor qo‘shinlari Xiva shahriga bostirib kirib, xon saroyidan anchagina qo‘lyozma asarlarni o‘lja sifatida olganlar. Bu haqda o‘sha voqealar ishtirokchisi va keyinchalik O‘rta Osiyo tarixini o‘rgangan A. L. Kun: «Xon saroyidagi mol-mulklar musodara qilinayotganda men 300 ga yaqin sharq qo‘lyozma asarlarini oldim. Ularning aksariyati tarixga oid asarlardir. Ular orasida mang‘itlar sulolasi hukmronligi vaqtida forsiydan o‘zbek tiliga tarjima qilinganlari ham bor. Qo‘lyozmalar orasida fors tilida bitilgan nodir asarlarning mavjudligi ular qiymatini yanada oshiradi. Masalan, Mirxondning «Eron tarixi» va Muhammad payg‘ambar hayotiga oid risolalar shular jumlasidandir. Tarjima asarlardan bo‘lak o‘zbek tilida bitilgan Yunus Mirobning «Xiva xonlari tarixi» nomli asari ham bor. Mazkur asarning katta ahamiyatga molikligi shundaki, unda mang‘it sulolasi hukmronlikni qo‘lga kiritgandan boshlab to ruslar kelgunga qadar davr voqealari bayon etilgan», — deb yozgan edi.
Shuningdek, xon saroyidan temuriylar va Xiva xonlari tomonidan zarb etilgan tangalar, davlat hayotiga oid hujjatlar hamda boshqa qimmatli buyumlar olib ketilgan edi. Xiva xonining arxivi Peterburgga jo‘natiladi. Bunday harakat Chor hukumati bosib olgan har uchala xonlikda ham sodir bo‘lgan edi. 1869 yilda Zarafshon okrugi boshlig‘i general-mayor Abramov Xo‘ja Ahror masjidida Qur’onning noyob nusxasi saqlanayotganini eshitib, polkovnik Serovga «ilmiy ahamiyatga molik Qur’onning qo‘ldan chiqib ketmasligi chorasini ko‘rishni buyuradi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur noyob nusxa istilo vaqtida berkitilib, so‘ngra yana Xo‘ja Ahror masjidiga qo‘yilgan ekan. Chor harbiy ma’muriyatining unga bo‘lgan qiziqishidan xabar topgan bir guruh ruhoniylar Qur’onni Buxoroga olib borishni mo‘ljallaydilar. Biroq bu muborak kitob general Abramov tomonidan Xo‘ja Ahror masjidi imomlaridan 125 so‘mga sotib olinadi. Imomlarning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Qur’on Buxoro amirlariga Samarqandga kelgan chog‘laridagina ko‘rsatilgan, xolos. Abduljamol va mulla Mo‘min Muftiyning so‘zicha, ushbu Qur’on nusxasining Samarqandga keltirilishi Xo‘ja Ahror nomi bilan bog‘liq ekan. Bu haqda «Golos» gazetasida (1870, 243-son) shunday yozilgan: Salkam 400 yil ilgari Bahovuddin Naqshbandiy diniy jamoasining piri Xo‘ja Ahrorning muridlaridan biri hajdan qaytayotib Rumda, ya’ni Konstantinopolda to‘xtaydi. Bu vaqtda Rum hukmdori juda og‘ir dardga chalingan ekan. Xo‘ja Ahrorning muridi uni darddan forig‘ etadi. Hukmdor, agar shifo topsam, u nimani talab qilsa, shuni so‘zsiz bajaraman, deb ont ichgan ekan. Murid esa Qur’oni karimni berishni so‘rabdi. Noiloj qolgan hukmdor vaziri va boshqa yaqin a’yonlari bilan maslahatlashib, Qur’onni muridga berishga majbur bo‘libdi. Murid bu noyob asarni darhol Turkistonda istiqomat qilayotgan piriga yuboribdi.»
Qur’oni karim shu tariqa Xo‘ja Ahror masjididan joy olgan ekan. Biroq bu ma’lumot afsonaga o‘xshaydi. Chunki Qur’onning asl nusxasining qandaydir muridga berilishiga ishonish qiyin. Uni faqat zo‘ravonlik bilangina qo‘lga kiritish mumkin edi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Amir Temur mazkur Qur’on nusxasini Turkiya sultoni saroyidan keltirgani haqidagi mulohazalar ishonchliroqdir. Bunga ko‘ra, Amir Temur Turkiya sultoni Boyazidni mag‘lubiyatga uchratgandan keyin uning kutubxonasida saqlanayotgan Qur’oni karimni Samarqandga olib kelgan. Bu nusxa temuriylar davlati ag‘darilgandan keyingina Xo‘ja Ahror masjidiga olingan bo‘lishi mumkin. «Turkestanskiye vedomosti» gazetasida (1870 yil) berilgan ma’lumotda quyidagilarni o‘qiymiz: «Samarqand musulmonlari Usmon Qur’onini «Kalomi Sharif» deyishadi. Bu hamma Qur’on uchun umumiy nomdir. Biroq Samarqanddagi musulmonlardan birortasi Qur’ondagi kufiy xati bilan yozilgan bir satrni ham o‘qiy olmadilar».
Qur’oni karim nusxasining yaratilish tarixi esa quyidagicha kechgan: Muhammad payg‘ambar hayotligi chog‘ida savodli kishilar ozchilikni tashkil etganligi tufayli oyatlar yodlangan. Faqat payg‘ambar atrofidagi savodli kishilargina oyatlarni yozib berganlar. Xalifa Abubakir Siddiq (632—634) davrida payg‘ambar targ‘iblarini to‘plashga kirishilgan. Xalifa Usmon (644—656) hukmronlik qilgan yillarda mavjud barcha oyatlar to‘plamlari taqqoslanib va jamlanib yagona bir Qur’on yaratilgan. Olti nusxada ko‘chirilgan Qur’on nusxalari turli joylarga tarqatiladi. Xalifa Usmon dushmanlari tomonidan o‘ldirilgan vaqtda u qo‘lida xuddi shu nusxani ushlab turgan ekan. Natijada uning qoni Qur’on varaqlariga to‘kilgan. Qur’onning ana shu nusxasi Turkiyadan o‘lkamizga olib kelingan edi. Undagi qon dog‘lari hanuzgacha saqlangan.
Tarixiy manbalarga qaraganda, Qur’oni karim Samarqanddan Toshkentga keltiriladi. Bir gal general-gubernator Kaufman o‘sha kitobni Buxorodan kelgan Yahyo ismli elchiga ko‘rsatganda, u shunday dedi: «Qur’onning bu asl nusxasi xalifa Usmonning o‘z qo‘li bilan yozilgan va uning qoni bilan dog‘langan. Bu Qur’on dastavval yozilgan Qur’on bo‘lib, undan olingan nusxalar butun musulmon olamiga tarqatilgan. U Amir Temur kutubxonasida saqlangan so‘nggi qadimiy qo‘lyozma asardir. U sohibqiron tomonidan olib kelingan va kutubxonaning eng qimmatbaho ziynati hisoblangan».
1869 yili Qur’oni karim Toshkentdan Peterburgga olib ketilib, avval xalq maorifi ministrligiga, so‘ngra hozirgi Saltikov-Shchedrin nomidagi kutubxonaga beriladi. 1873 yilda Qoshg‘ardan Peterburgga elchi sifatida kelgan Targaxo‘ja uni ko‘rib shunday deydi: «Men bu Qur’onni Samarqandda ko‘rganman. U xalifa Usmon tomonidan bitilgan asl nusxadir. U nihoyatda qimmatbaho nusxadir. Uning sahifasidagi dog‘lar Usmonning qonidir».
Guvohlarning ko‘rsatishicha, Qoshg‘ar elchisi katta mamnuniyat va e’tiqod bilan Qur’onni ko‘ziga va labiga surtadi («Moskovskiye vedomosti», 1873, 195-son).
1910 yili «Turkiston kureri» gazetasida bosilgan xabarga ko‘ra, Peterburgdagi musulmonlar «mashhur Usmon Qur’onining shu yerda qurilayotgan masjid ixtiyoriga berilishini hukumatdan iltimos qilishgan. Biroq bu iltimos inobatga olinmagan.
Oktyabr inqilobidan bir necha yil o‘tgach, Qur’oni karim Toshkentga olib kelinadi.
Fursatdan foydalanib shuni aytib o‘tish lozimki, Qur’oni karimning ushbu nusxasini to‘la ravishda suratga olib, uni biron bir muzey yoki ziyoratgohga qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Shunday qilinsa, xorijiy va mahalliy musulmonlar Toshkentga kelganida, Qur’oni karimni ko‘rib, o‘zlariga ruhiy madad olishlari turgan gap.
Ma’lumki, Qur’on haqida turli mamlakat olimlari, shu jumladan, ovrupoliklar tomonidan ko‘p sharhlovchi asarlar yaratilgan. Bunday ish jumhuriyatimizdagi olimlar tomonidan ham amalga oshirilishi zarur. Chunki u qadimiy madaniyat yodgorliklaridan biri sifatida ham diqqatga sazovordir.
Hamid Ziyoyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor
“Sharq yulduzi” jurnalining 1991 yil, 1-sonidan olindi.