Umarqul Egamov. Bolalarimiz pokmi, yaxshilar? (1988)

Bolalar, o‘smirlar, kattalar o‘rtasida bo‘layotgan noma’qulchiliklarni eshitib, guvohi bo‘lib, nega shunday gullab-yashnagan davrda bemaza ishlar ko‘paymoqda deb o‘ylab qoldim. Bu savol bilan o‘zimga ham, boshqalarga ham qayta-qayta murojaat etdim, baholi qudrat mulohaza yuritdim.

Men ko‘pincha ishimga aloqador «sovershenno sekretno» degan xatlar olaman, qarorlar bilan tanishaman, muzokaralarda qatnashaman… Nadomatlar bo‘lsinkim, bolalar orasida bo‘layotgan ishlarni hatto suvga ham aytib bo‘lmaydi. Men bu maqolani katta qozonda qaynash uchun yozmadim yoki og‘izga tushish uchun «zo‘r bilan mushtlashmoqchi» ham emasman. Lekin men oddiy bir o‘zbek farzandi sifatida mahallam, qishlog‘im, respublikam, Vatanim bolalari, o‘smirlari taqdiriga befarq qaray olmayman!

Bola deganida biz murg‘ak qalbni — hayoti nojo‘ya ishlardan yiroq, sho‘xlikka o‘rtoq, quralay ko‘z, tinib-tinchimas, pokiza dilni tushunamiz. Shuning uchun ham ba’zi yaxshi odamlar to‘g‘risida, «Juda bola fe’l-da! Muncha boladay sodda bo‘lmasa!» deb so‘zlaymiz.

Ishdan horib kelayotgan ota darvozada «Dadajon», deb quchoq ochib yugurgan farzandini ko‘rib, charchog‘ini butunlay unutib yuboradi. Bemor ona boshini jajji do‘mbog‘i silab qo‘ysa bas — u sarxush tortib, og‘riqni unutadi: shirini bilan suhbatlashishga tushadi. Bolalar, qanday yaxshi! Oh, qantdek shirin, pokiza ular!

Oblast ijroiya komitetida kengashdan chiqib o‘ylanib qoldim. U yerdagi gaplar menga juda qattiq ta’sir qildi. Nega hayotimiz kundan-kunga farovon bo‘layotgani sari bolalar o‘rtasida jinoyat qiluvchilar, unda qatnashuvchilar kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda? Nega ular bezbet — nafaqat bir-birlariga, kattalarga ham gap qaytaradigan bo‘lib borishmoqda? Nima uchun dilozorlikni kasb qilishmoqda?!

Ular orasida nojo‘ya harakatlar, bolalikka xos bo‘lmagan berahmlik, qo‘pollik odat tusiga kiryapti. Chaqaloqlikda pokizalik ramzi bo‘lgan ohu ko‘zlar shumshukona pirpiraydi. Podvallardan, cherdaklardan qo‘llarida shprits, og‘izlarida papirosu kallalari har xil ximiyaviy moddalardan karaxt holda topilmoqda. Sababi nima buning? Shunday masalalar birgina ijroiya komitetlardagina emas, ko‘plab muassasalarda muhokama etilyapti: kimlardir ishdan olinib, kimlardir ishga qo‘yilmoqda. Bolalar uchun sport klublari, inshootlari qurilmoqda, ishga tushirilmoqda. Boringki, bobolarimiz orzu qilgan tinch osmon, ko‘m-ko‘k dengiz, qumloq qirg‘oq, yorug‘ sinfxonalar, asfalt ko‘cha, tog‘u qirlar, mo‘l dasturxon bolalarning inon-ixtiyorida. Xullas, ko‘ngil tusagan narsalar muhayyo, kiyimlari rang-barang… Nega unda baxtli bolalarimizdan ba’zilari jinoyatchilar ro‘yxatidan joy olishmoqda? Ajabki, ro‘yxat kundan-kunga ko‘paymoqda. Sabab? To‘qlikka sho‘xlikmi?!

Keling, birgalikda o‘ylab ko‘raylik. Bola — bu har bir qarashida qiziqish, hayrat, hadik, harakatida takroriylik, taqlid mavj urgan «nolovoy» organizmdir. Biz kattalar esa bolalar qilayotgan har bir harakat bizlarga taqlid ekaniga e’tibor qilmaymiz. Ayniqsa, «kattalar» nihoyatda ish bilan bandmiz, vaqtimiz tig‘iz. Hamisha shoshilganimiz-shoshilgan. Soat millari bizlarga hukmdor!

— Zamonangga qoyil qoldim, — degan edi amakim In’om bova, — hammangni ish bilan kalla-patra qilib tashladi-ya! Bir minutgayam shiming yer iskamaydigan bo‘lib qoldi baringni.

Ha, asrimiz shoshmakor, tezkor. Uyqisiragan bolamizning yuzini yuvar-yuvmas dasturxonga o‘tqazamiz. Nim qorong‘ida guros-guros maktabga jo‘nashadi. Shu bilan kechgacha xayr. Ular cho‘ntagidagi biz bergan chaqalar bilan ishdan qaytgunimizcha ko‘chada sandiraqlab yurishadi. Ba’zan yaxshi oila farzandining bezoriligini eshitib yoqa ushlaymiz: «Shunday oila farzandi-ya!» deb kuyunamiz. Otasining «qo‘y og‘zidan cho‘p olmaganini», onasining munis-mo‘ta’bar ekanini eslaymiz: «Bolalarga nima bo‘lyapti o‘zi?»

88 yil bolalari… Kattani kichik qilib qo‘ygan shumshik bolalar!

Shanba kuni edi. Tushlikka chiqdim. Yaqinroq oshxonada tamaddi qilish maqsadida Lenin ko‘chasidan eski shahar tomonga sekin ketyapman. Sal oldinda bama’ni bir yigit bilan qiz ketyapti. Yigit qizning yelkasidan ohista ushlab olgan. Xuddi kinolardagidek. O‘ng tarafda ko‘p qavatli uylar. Chapda oblast aloqa bo‘limi joylashgan bino. Yo‘lning ikki chetida avtobus bekatlari. Nariroqda yarmarka. Kichik bozorcha. Odamlar g‘uj-g‘uj, ko‘cha bolalarga to‘la. Noxosdan qiz qoqilib ketdi. Yigit uni ushlab qoldi. Qiz minnatdorchilik ila yigitni astagina o‘pdi. Yigit qizning sochini siladi. Qo‘l sirg‘alib belga tushdi. Yigit yana beadabchilik qildi: pastroqqa… Bolalarning ko‘zi shularda. Kattalar befarq o‘tib borishar, Layli va Majnunlar esa bor dunyoni unutishgandek yalashib-yulqashardi.

Kechki payt ishxonamning derazasidan tashqariga qarab turibman: Lenin maydonidan har kungidek bolalar qiyqirig‘i eshitilyapti, bolalar haykal atrofida quvlashib o‘ynashmoqda.

 

Kattaroq qizlar kolyaskada ukalarini tebratishib o‘tirishibdi: goh-goho oldilaridan yugurib o‘tayotgan do‘mboqchalarga po‘pisa qilishib, hay-haylashadi. Ajoyib manzara. Nariroqda esa yosh o‘zbek yigit bilan qiz ko‘chaga teskari o‘girilib o‘tirishibdi. Dramalardagidek. Ikkalasi ham shaharlikka o‘xshamaydi. Yigitning sochi qirilgan, boshida do‘ppi. Qizning egnida atlas ko‘ylak. Daqiqalar sari ular orasi yaqinlashib bormoqda. Xiyol o‘tmay gavda bir. Qani endi ularni ajratib ko‘r-chi!

Bolalar o‘ynashmoqda, bolalar qiyqirishmoqda. Lekin quvlashganda ham, sakrashganda ham, sirpanishganda ham ko‘zlari — o‘sha yoqda. Kattalar o‘tib borishmoqda. Kattalar befarq…

Ministrlikda kengash tugagach, «Oblremstroytrest»ning bosh injeneri mashinasida Jizzaxga jo‘nadik. U o‘g‘ilchasini ham Toshkentga olib tushgan ekan. «Paxtakor» stadioni to‘g‘risidagi bog‘da to‘xtadik. Favvoralar otilib yotibdi. Yoz kuni emasmi, uyida diqqinafas bo‘lib o‘tirishni istamagan odamlar bolalarini yetaklagancha bog‘da sayr qilib yurishibdi. Skameykalarda-chi?! Skameykalar band! Skameykalarda sochlari yoyiq, yoyilmagan qizlar, jinsi shim kiygan yigitlar: biri — qo‘l silashgan, biri — yalashgan, ba’zilarining qo‘llari bir-biriga chambarak bo‘lib ketgan. Hatto bir qiz uzala tushib yotib ham olibdi: boshini yigitning boldiriga qo‘yib olgan, xo‘roz don cho‘qilagandek yigit har zamonda engashib qo‘yadi… Bola bilan bog‘ga ham kirolmaysan. Chorasiz mashinaga qaytdik.

Xuddi shu holni tramvayda ko‘rib, jahlim chiqqanidan titray boshladim, miyamga og‘riq kirdi. Uch yigit o‘ta madaniyatlidek suhbatlashishar, balog‘at yoshidagi erkakcha kiyingan o‘zbek qiz esa… birining tizzasiga o‘tirib olibdi. Yigit qo‘lini uning qo‘ltig‘idan o‘tkazib «qulflab» olgan: hech nima bo‘lmagandek suhbatlashib ketishyapti. Yana bolalarga tekin tomosha, kattalar esa befarq ketishyapti.

Oqshom payti urush qurbonlari uchun qurilgan G‘alaba bog‘ida sayr etdim. Xayolim parishon. Har yilgi gul qo‘yishlar, mitinglar ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Taqdir taqozosi bilan chet ellarda qolib ketgan o‘zbeklarni o‘ylayman: eh, urush bo‘lmaganida edi!.. Shu payt o‘tlar orasi shitirlaydi. Cho‘chib qarayman — yigit va qiz… Uch-to‘rtta o‘roq ko‘targan bolalar daraxtlar orasidan mo‘ralab, poylab turishibdi. Narigi tomonda o‘t ortishga mo‘ljallangan g‘altaklari, velosipedlari…

Bu holni ko‘rib militsiya serjantiga arz qildim.

—   Ko‘zingizni ko‘r, qulog‘ingizni kar qiling! — dedi u. — Sizga qonun bor, lekin ularga qonun yo‘q. Tag‘in «tuhmatchi» sifatida jazolanib ketmang!

Aslida, qonun yo‘q emas, qonun bor. Faqat ba’zi joylarda o‘sha qonunlarning «ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar», xolos.

Ko‘chamiz burchagida bir uy bo‘lar edi. Ko‘pchilik kirib chiqardi. Ayol qadri bulg‘angan bu xonadon mahalla ahlining boshini egardi. Hech kim tartibga sololmasdi. Kelganlar kaltak yesa ham, uchastkovoy, kolxoz raisiga aytishsa ham yaramas hol takrorlanaverar edi. Uy — otarchilar markazi, buzuq ayollar maskani edi. Bunday «qo‘li kaltalikdan» o‘sha ayolning og‘zi katta, tili uzun: «Nima deysan?! —derdi u nasihat qilganlarga. — Bu ixtiyoriy narsa!» Maishiy buzuqlik bilan pul topishni ixtiyoriylik deb oqlagan o‘sha xonadon endi yo‘q. Ammo xuddi o‘shanday maishiy buzuqlar bolalarga «o‘rnak» bo‘lishmaydimi?! Muhabbatning qadri, sevgining qadri shunchalik xor bo‘ladimi?.. Hayvoniy nafsga ra’y berib, inson farzandi ekanligini unutgan kimsalar ertaga maktab bolasining farzand ko‘rganini eshitib, uni la’natlashsa ajab emas. Yuqori sinf bolalari quyi sinf qizining orzu-havasini zo‘rlik ila chilparchin qilishganini eshitishsa, balkim ular tomog‘lariga ham chang solishar. Lekin o‘zlarining iflos qiliqlari bilan yoshlarni jinoyatga yetaklayotganlarini bilisharmikan?! Hammasini bilishadi. Hammasini sezishadi. Ular hayotda o‘zlaridan boshqa narsani tan olmaydigan tubanlar, inson qiyofasidagi mahluqlardir!

Bola tarbiyasi hozirgi vaqtda bir daqiqa ham bo‘shashtirilmaydigan muhim masaladir. Biz bolalarimizga hamma narsa beryapmiz-u, lekin yaxshi tarbiya bera olmayapmiz. Hozirgi zamon bolasi oilada, maktabda va ko‘chada tarbiya topyapti. Demak, yo oilada, yo maktabda, yo ko‘chada bola tarbiyasiga putur yetmoqda. «Qo‘ziday» bolamiz «bo‘ri»ga, pokiza qizimiz — yengiltak ayolga aylanmoqda.

Mikrorayondagi 2-uy oldida stadion qurildi. Har kuni bolalar gavjum. Futbol o‘ynaydilar. Kattalar tomoshabin. Kattalar u yoq-bu yoqqa o‘tib turishibdi: og‘izda papiros, qo‘lda gazeta. Derazalarda ham tomoshabinlar… Bolalar futbol tepishmoqda-yu, lekin jag‘lari bir-birini so‘kishdan charchamaydi. Yetti mahallaga shang‘illab so‘kinishmoqda: «Turg‘un, onangni palon qilay, baqqa tasha!.. Yura, Yura! Ha-ya, enangni eshshak!..» Bir inson yo‘qki, hoy bolalar, nima deyapsanlar desa! Gol urishsa — qarsak chalishadi, so‘kinishsa — jilmayishadi, mushtlashishsa — teskari burilishib, o‘z ishlari bilan band bo‘lishadi.

To‘yxonadaman. Darvoza oldida sipolik bilan qo‘l qovushtirib qator turibmiz. Bolalar ham ko‘p. Nariroqda potirlashib ikkitasi mushtlashib qolishdi. Kattalarga ermak topildi.

—     Hasanning o‘g‘lini ur! Ahmadning o‘g‘li xom ekan-da hali…

—     Oyog‘idan ushla, tort-tort! Tishlavol, tishla!

Bolada shunday kuch, energiya mujassamki, u go‘yo havo to‘ldirilgan qo‘l to‘piga o‘xshaydi. U energiyasini vaqtida sarflamasa, kasal bo‘ladi. Buni tekshirish uchun bir professor 5 yoshlardagi bola harakatini takrorlaydi: sakrasa — sakraydi, chopsa — chopadi, biror nimaga tirmashsa — tirmashadi, baqirsa — baqiradi. Oqibati… taqlidchi professor 3,5 soatdan o‘tmayoq hushidan ketadi. Biz bolalardagi bu kuch, bu g‘ayrat, bu energiyaga to‘g‘ri yo‘nalish bera olmas ekanmiz, tuzatilmas xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz!

Oilaparvar o‘rtoqlar, siz boadab bo‘lganingiz bilan ko‘chada befarq bo‘lsangiz, bilingizki, ro‘y berayotgan jinoyatlarga siz ham sheriksiz! Bolalar oldida dars-soatni — maoshni ko‘paytirish uchun janjal qilayotgan, islohotni «yoza-yoz» deb tushunayotgan, qo‘lini beliga tirab, barmog‘ini bigiz qilib bir-birlariga «zahar» sochayotgan mo‘tabar o‘qituvchilar, oltin medal bilan o‘rta maktabni bitirgan o‘quvchingizning «qora kursi»da o‘tirganini ko‘rib aslo ajablanmang. Chunki uning shunday kishi bo‘lib «voyaga yetishi»da sizning ham hissangiz katta!

—     Keliningiz bilan bir yosh qiz ham tug‘uruqxonaga borgan ekan. Lekin u farzandi tug‘ilgach, ertasiga bolani tashlab o‘zi qochib ketibdi. — Shofyorim Po‘latning bu gapi yuragimni parmalaydi.

Sababini qidiraman, o‘ylayman. «Hayot kechirish yengil bo‘lgani sari yengiltaklik ko‘payib bormoqda», deb kuyunishadi keksalar.

Xayollar, xayollar… Kitob ochganda, televizor qarshisida, uyda, ko‘chada ham meni xayollar tark etmaydi. Sababi nima? Sabab! Nega?!.

—     Bolalar bilan bir xonada televizor ko‘rgani uyalasan kishi, — deyishadi kattalar.

Keyingi paytlarda inqilobiy mavzudagi filmlarni tez-tez ko‘rsatishmoqda. Vatanparvarlik, qahramonlik haqidagi ko‘rsatuvlar ham ayni muddao, lekin ba’zan o‘zimizning filmlarimiz ham chet elga taqlid bo‘lib ketyapti. Ayniqsa, lirik film qahramonlari kino tugaguncha ham karavotdan tushishmaydi: o‘pishishni-ku boplab ko‘rsatishadi —ayol erkakning sochini silagancha og‘zini baliqday kappa-kappa ochib, yutoqqanday bir-birlariga yelimlanib qolishadi. Ilgari bunaqa emas edi, pesalarimizda ham, videofilmlarimizda ham «aynish» boshlandi.

Ideologiya frontimiz sal bo‘shashar ekan, uning qalqonini bema’ni «o‘qlar» teshib o‘taveradi va bolalarimiz, o‘smirlarimiz, qarib quyilmagan keksa bo‘ydoqlarni qoni qiziyveradi. Oqibatini tushunganimizda esa kech bo‘ladi.

Hamma millatda bo‘lganidek o‘zbek xalqida ham asrlar mobaynida to‘llangan ibratli odatlar juda ko‘p: erta turib yuzingni yuv, kattaga salom ber, kichikka mehribon bo‘l, dasturxondan moldek turib ketma, nonni uvog‘ini ham ko‘zingga surt va hokazo.

Ba’zilar o‘zbek oilalarida bolalarni toza chegaralab tashlaydi deyishadi. Bu noto‘g‘ri! Ota-bobolarimiz hamma narsaning oqibatini o‘ylashgan. Sabr-qanoatni, mehnatsevarlikni, pokizalikni, bilimli bo‘lishni targ‘ib etishgan, o‘rgatishgan. Yaxshi narsa bo‘lsa dushmaningdan o‘rgan, degan maqolga amal qilish, yaxshisini bilib, yomonini itqitish lozim.

Nima, biz kattalar yolg‘iz qolganda ayolga qanday muomala qilishni, o‘pishishni bilmaymizmi?! Bizni «ovuntirish» uchun, madaniy dam olish uchun yengil-elpi ko‘rsatuvlarning nima keragi bor?! Mabodo bolang ikkinchi smenada o‘qisa, qani uni nazorat qilib ko‘r-chi! Ikki televizorli oilalar kammi? Umuman, bolalar bilmaydigan kattalarning sir-asrori qolmadi hisob. O‘zimiz kichkinani katta qilib qo‘yyapmiz.

Natijada muhabbatning shirin sharobi o‘tlar orasida, daraxtlar panasida, mashinada, devor tagida, podvallarda, pod’ezdlarda, parklarda, cherdaklarda, parta ostida, parta ustida, umumiy yotoqxonalarda tatib ko‘rilyapti. Qizlar mayib, chaqaloqlar uvol, yigitlar boshini ushlagan, sudxona eshiklari gavjum, buxgalterlar aliment o‘tkazishdan charchashgan…

Bir marta muhabbatning shirin sharobini tatigan qiz hayoni unutib, ko‘ngli tusagan erkak bilan chinni piyolasini urushtirib ketaveradi. Bolalarining biri qora, biri sariq… Bolalarning ko‘z oldida onasi bir kun Vanya amakisi bilan choy ichishib o‘tiribdi, boshqa kuni «dyadya Ahmed» paket ko‘tarib keladi. Yomon narsani yoritish befarosatlik — bu sezilmagan targ‘ibotdir. Birorta jinoyatni ochsak, ikir-chikirigacha matbuotda yoritamiz: endi jinoyat qilish yo‘lini bilmaganlar bilishadi, bilganlar hushyorroq harakatga o‘tishadi.

Nikoh uzugisiz, yor-yorsiz, oq libosu oq fotihasiz go‘shangaga kirayotganlarni hayotning o‘zi jazolamoqda, ular o‘z xarakterlaridan topishmoqda. Oqibati — ko‘ngillari vayron, ko‘zyoshlari daryo! Tag‘in gazeta va jurnallarga yozishadi, «Nima qilay?» deb.

Samarqandda bir qizni ko‘rdim. Qirq kokili taqimiga tushadi. Boshida do‘ppi, egnida do‘ppi rangidagi harir libos. Bu qiz xuddi ertaklardagi pariga o‘xshardi. Yonida turmush o‘rtog‘i, ikki farzandi. Ular ohista yurishib oldimizdan o‘tib ketishdi. Harakatlari, kiyimlari, sochlari, do‘ppisi biram o‘ziga yarashganki! Yonidagi bolalarini aytmaysizmi! Qani, hamma qizlarimiz ham shunday sipo, bosiq, o‘zini tuta bilgan bo‘lsa!

Beixtiyor jurnalda o‘qiganlarimni eslayman. Kimnidir oti bir yo‘lovchiga yoqib qoladi. «Bir minay», — deb so‘raydi u. Otga mingach: «Endi olib bo‘psan!» — deydi va otga qamchi uradi. «Shoshma, yaxshining bolasi, shoshma!—deb qichqirgancha uning orqasidan yuguradi otning egasi. — Gapimga quloq sol, mayli, ot seniki bo‘la qolsin!» «Xo‘sh, nima deysan?» deya nopok o‘g‘ri otning jilovini tortadi. «Baraka topkur, qilgan ishingni, aldov bilan otga erishganingni birovga aytma! Boshqalarni buzma!!! Otimdan kechdim!», deydi u.

Ha, o‘rtoqlar, «sud ocherk»larida tarbiya kuchi bo‘lmasa, tarbiyaga putur yetadigan bo‘lsa — matbuotlarimizda sensatsion materiallar yoritish kerak emas! Maqsadsiz yozilgan bir jumla ham minglab noxushliklarga turtki bo‘lishi mumkin.

—     Og‘zingni yum! — deyishadi keksalar. — Bola bor, o‘yingga mashg‘ul bo‘lib o‘tirgani bilan qulog‘i shu yoqda. Hamma narsaga aqli yetadi.

Ba’zi xonadonlarda shunchalik befarqlikki, yotish-turish bolalar bilan bir. Er-xotinlik ham bir xonada! Qorong‘i deb hirsingizga erk berib, aqlingizni yo‘qotmang!

Umuman, butun sohada bo‘lgani kabi gazeta-jurnallarda, radio-televideniyeda ham ishimizni qayta qurishimiz kerak. Oldimizda aniq maqsad bo‘lsin, ommani ezgulikka chorlasin, yetaklasin!!!

Ushbu maqolani o‘qigan o‘rtoq, toza noshukr, tili achchiq ekan-da, deyishi mumkin. Nachora, vijdonim buyurgani shu — dilimdagi dardim tilimga chiqdi, xolos. Tilimdagini qog‘ozda ko‘ryapsiz. Kimga qanday ta’sir qiladi — o‘zlariga havola. Men aslo hamma bolalar rasvo bo‘lib ketishyapti demoqchi emasman. Lekin keyingi yillarda bolalar o‘rtasida ham «salbiy holatlar» ko‘zga tashlana boshladi. Yomondan yaxshi chiqdi deb suyinma, yaxshidan yomon chiqdi deb kuyingin. Hayotda yaxshi bolalar juda ko‘p.

Maqsadimiz — bolalarimiz, mevalarimiz toza bo‘lsin, pok bo‘lsin, kelajakka bop bo‘lsin!!!

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 2-son