Hurmatli muharririyat! Qeyingi paytda sobiq Ittifoq markazidagi bir qator oynoma va ruznomalarda O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida, xususan O‘zbekistonda yashovchi slavyan millatiga mansub aholi ommaviy ko‘chib ketayotganligi, shuningdek sobiq Ittifoqni tark etib, chet ellarga ketayotgan kishilar miqdori ham tobora ortib borayotganligi haqida maqola va axborotlar chop etilmoqda. Ularning ba’zilarini o‘qib, rostligiga shubhalansangiz, ba’zilariga ishongingiz keladi. Shu munosabat bilan sevimli oynomamiz sahifasida O‘rta Osiyo aholisi, mintaqadagi migratsiya jarayonlari, bu boradagi gap-so‘zlar haqiqatga qay darajada to‘g‘ri kelishi haqida bir maqola berilishini istar edik.
Sh. Qodirov, Toshkent shahar Sergeli tumani
Aholi deganda keng ma’nodagi odamlar majmui (guruhi) tushuniladi. Demografiya va aholi jo‘g‘rofiyasi fanlari esa aholini hudud tushunchasi bilan bog‘lab o‘rganadi, ya’ni aholi deganda ma’lum bir hudud doirasida istiqomat qiluvchi odamlar majmui anglashiladi.
Aholi, aniqroq qilib aytganda, uning zaruriy tayyorgarlikka va mehnat tajribasiga ega bo‘lgan qismi jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchidir. Mehnatga layoqatli aholining katta qismi moddiy ne’matlar ishlab chiqarishda, qolgani esa xizmat ko‘rsatuvchi sohalarda va ro‘zg‘or ishlari bilan banddir. Kishilar ishlab chiqarish kuchlari, moddiy ne’matlarning yaratuvchilarigina bo‘lib qolmasdan, balki uning iste’molchilari hamdir.
Aholi sonining o‘zgarishi uning ko‘payishi va kamayishi hamda migratsiyasi (hududlar o‘rtasida qayta taqsimlanishi) natijasida yuz beradi. Aholishunoslik ilmida migratsiya jarayoni muhim o‘rin egallaydi. Migratsiya deganda aholining doimiy yashash joyining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘chishi tushuniladi.
Iqtisodiy, siyosiy, tabiiy, etnografik va boshqa omillarga bog‘liq holda o‘zgaruvchi murakkab ijtimoiy jarayon hisoblangan migratsiya aholi turmush tarzining juda ko‘p qirralariga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Odamlarning hududiy harakati bir mamlakat doirasida (ichki migratsiya) yoxud bir nechta mamlakatlar o‘rtasida (tashqi migratsiya) amalga oshishi mumkin. Tashqi migratsiyada biron-bir mamlakatni tark etgan odamlarni emigrantlar, unga ko‘chib kelganlarni esa immigrantlar deb ataladi.
Mamlakatlar, mintaqalar, qit’alar aholisining soni va tarkibi o‘zgarishida tashqi migratsiya yetakchi o‘rin egallaydi. Shimoliy va Janubiy Amerika aholisining aksariyat qismi immigrantlardan iborat. Bu o‘rinda AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa bir qator mamlakatlar immigratsiyaning klassik mamlakatlari hisoblanadilar. Ular aholisining ko‘pchiligini Ovro‘pa, Afrika va qisman Osiyo qit’alaridan ko‘chib kelgan kishilar tashkil qiladi.
Aholi soni ko‘p jihatdan uning yoshi va jinsiy tarkibiga bog‘liq holda o‘zgaradi. Bundan tashqari ayrim hududlardagi aholi milliy, ijtimoiy tarkiblari va boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham farqlanadi. Shu jihatdan Turkiston aholisi tarkibini tahlil etish, unga xos qirralarni ko‘rsata bilish katta ahamiyat kasb etadi.
Turkiston — O‘rta Osiyo hududi o‘zining tabiiy-jo‘g‘rofiy chegaralarida sobiq SSSRning to‘rt jumhuriyati — hozirgi mustaqil O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston jumhuriyatlari hamda Qozog‘istonning janubiy qismini egallaydi. Hozirgi mavjud ma’muriy-hududiy bo‘linish nuqtai nazaridan Turkiston deganda biz yuqorida qayd etilgan to‘rtta jumhuriyatni tushunamiz.
Aholi to‘g‘risidagi statistik va demografik manbalarning kamyobligi, borlarida esa ayrim hududlar bo‘yicha ba’zi bir noaniqliklarning mavjudligi Turkiston aholisining faqat so‘nggi 30 yil davomidagi holatini to‘la va har tomonlama tahlil qilish imkonini beradi.
O‘rta Osiyo mahalliy xalqlari o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklar, turkmanlar va qoraqalpoqlardan iboratdir. Bundan tashqari bu yerda turkiy xalqlardan — uyg‘urlar, tatarlar, boshqirdlar, ozarbayjonlar, qrim tatarlar, turklar, slavyan xalqlaridan — ruslar, ukrainlar, beloruslar, shuningdek nemislar, koreyslar, yahudiylar, armanlar va boshqa millat vakillari istiqomat qiladilar.
Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash lozimki, Sibir, Qozog‘iston, O‘rta Osiyoda XVI asrgacha slavyan xalqlar yashamagan. XVI asr oxirida Yermak boshchiligidagi kazaklar to‘dasi Sibir va Uzoq Sharqning katta hududini istilo qilganidan boshlab, ruslar sobiq SSSRning sharqiy qismlariga gala-gala bo‘lib ko‘chib kela boshladilar. Sharqqa tomon ko‘chish jarayoni XIX va XX asrlarda ayniqsa avjiga chiqdi. Bu jarayonda siyosiy va oddiy mahbuslarni ana shu mintaqalarga surgun qilish ham katta o‘rin egallaydi. XIX asr mobaynida Sibirga 860 ming kishi surgun qilingan. Bundan tashqari chor Rossiyasining siyosati natijasida ming-minglab rus, ukrain va beloruslar Shimoliy Kavkaz, Qozog‘iston va O‘rta Osiyoga ko‘chib keldi.
O‘rta Osiyoda 1865 yilda (ya’ni Turkiston Rossiya tomonidan bosib olingan paytda) jami 5.190 ming aholi yashagan. 1867 yilda Turkiston bosh gubernatorligi tashkil etilib, uning hududi mahalliy xalqlarning milliy xususiyatlari, ularning iqtisodiy rivojlanish va xo‘jalik yuritish xususiyatlari hisobga olinmagan holda bir nechta ma’muriy birliklarga bo‘lib yuborildi. Ulkani milliy hududlarga parchalab yuborilishi chor hukumatiga Turkistonni o‘zining mustamlakasiga aylantirib, boyliklarini talab olib ketishda va mahalliy xalqlarni ezishda juda qo‘l keldi.
Rossiyada 1897 yilda o‘tkazilgan aholi ro‘yxatiga ko‘ra O‘rta Osiyoda (Buxoro amirligi va Xiva xonligining aholisi hisobga olinmagan) 6.171 ming aholi bo‘lib, shundan 954 ming kishi (15,5 foizi) shaharlarda yashagan. 1913 yilga kelib mintaqadagi aholi miqdori 7.274 ming kishiga, shahar aholisining soni esa 1.378 ming (18,8 foiz) kishiga yetgan. 1865-1913 yillar davomida aholining o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 0,7 foizga teng bo‘lgan.
Umuman XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning dastlabki davrida O‘rta Osiyo aholisi soni past sur’atlar bilan o‘sdi. Lekin o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab chor Rossiyasidan uning mustamlakasi bo‘lgan Turkistonga ko‘plab ruslar va ukrainlar ko‘chib kela boshladilar. Tashqi migratsiyaning ta’siri ayniqsa XX asr boshida orta boshladi. Turkistonda yashaydigan Ovro‘pa xalqlarining miqdori 1897-1920 yillar davomida to‘rt baravar o‘sib, aholi umumiy miqdoridagi ulushi 9,5 foizga yetdi. Bundan kutilgan maqsad esa o‘lkani ruslashtirib, Rossiyaning tarkibiy qismiga aylantirishdan iborat edi. Kelgindilarga Turkiston bosh gubernatorligining joylardagi ma’murlari eng yaxshi hududlardan uy-joy va yer maydonlari ajratib bera boshladilar. Ana shu davrda Farg‘ona va Chu vodiylari hamda Yettisuv oralig‘ida ruslar va ukrainlarning yirik koloniyalari tashkil etilib, mahalliy xalqlar unumsiz va kamsuv yerlarga badarg‘a qilindilar.
Sobiq SSSRda 1926 yilda birinchi bor o‘tkazilgan aholi ro‘yxati ma’lumotlariga ko‘ra O‘rta Osiyo aholisi 7.653 ming kishini tashkil etgan. Shundan atigi 477 ming kishi (6,2 foizi) shaharlarda yashagan. Bu davrda aholi sonining nisbatan past sur’atlar bilan o‘sishi 20-30 yillarda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning murakkablashuvi, uning demografik jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvi bilan izohlanadi. Aynan shu davrda boy, bosmachi, deb miyg-minglab mahalliy aholi o‘ldirildi, ko‘plab kishilar ona yurtlarini tark etib, chet ellarga ketishga majbur bo‘ldilar. Bu davrda ayniqsa mahalliy ziyolilar katta talafot ko‘rdilar.
Ikkinchi jahon urushi O‘rta Osiyo aholisining soni va tarkibiga nihoyatda salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Uning umumiy miqdori 1940 yildagi 10.906 ming kishidan, 1945 yilga kelib 8.982 ming kishiga tushib qoldi yoki 1.924 ming nafarga qisqardi. Ayniqsa O‘zbekiston katta talafot ko‘rdi — jumhuriyat aholisi deyarli 1,4 million kishiga qisqardi. Aholining yosh va jinsiy tarkibi ancha vaqtgacha o‘zining urush arafasidagi holatini tiklay olmadi. Shu davrda front oldi hududlaridan keltirilgan korxonalarni tiklash bahonasida necha o‘n minglab aholi mamlakatning Ovro‘pa qismidan O‘rta Osiyoga ko‘chirib keltirildi. Boz ustiga Stalin O‘rta Osiyoni yurtidan badarg‘a qilingan millatlar yashaydigan o‘ziga xos surgun joyiga aylantirdi. Bu yerga urush davrida mesxeti turklari, qrim tatarlari, Volga bo‘yida yashagan nemislar, chechenlar, sal avvalroq esa koreyslar va boshqa xalqlar surgun qilindilar. Kommunist arboblar O‘rta Osiyoni shu yo‘sinda «baynalminal» maskanga, «xalqlar do‘stligi qal’asi»ga aylantirmoqchi bo‘ldilar.
Urushdan keyingi davrda mintaqada aholi jadal sur’atlar bilan o‘sa boshladi. Bunda tabiiy ko‘payish bilan bir qatorda Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish bo‘yicha «baynalminal» yordam qo‘lini cho‘zgan, ko‘pchiligi slavyan xalqlari vakillaridan iborat quruvchilarning aksariyat qismi shu yerda doimiy yashash uchun qolib ketganliklari, shuningdek jumhuriyatda bunyod etilgan yirik rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, qurilish materiallari, energetika sanoati korxonalarini qurish va ishlatish bahonasida kelgan kishilarning yurtlariga qaytib ketishdan voz kechganliklari katta ta’sir ko‘rsatdi.
So‘nggi o‘n yil davomida O‘rta Osiyoda aholi o‘sishining o‘rtacha yillik sur’atlari biroz pasayib, 2,6 foizni tashkil etdi. Jami aholi soni 30 million nafardan oshib, 32.839 ming kishiga yetdi.
Barcha mamlakatlardagi singari O‘rta Osiyoda ham aholi tarkibi va miqdori tabiiy harakat va migratsiya jarayoni ta’sirida o‘zgaradi. Lekin bunda tabiiy ko‘payish yetakchi omil sanaladi.
Tabiiy harakat — tug‘ilish, o‘lish, nikoh va ajralish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Bular orasida tug‘ilish va o‘lish tabiiy ko‘payishga to‘g‘ridan to‘g‘ri, qolganlari nisbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tug‘ilish va o‘lishning ko‘p mezonlari mavjud. Masalan, tug‘ilganlar va o‘lganlarning umumiy soni yoki ularning jami aholining har mingi hisobiga nisbati bilan o‘lchanishi mumkin. (tug‘ilish va o‘lishning umumiy koeffitsiyenti promilleda o‘lchanadi.).
XX asr boshida Turkistonda yiliga o‘rtacha 276,0 ming bola tug‘ilib, 232 ming kishi o‘lgan, 1926 yilda bu ko‘rsatkich 325,0 ming va 164,0 mingni tashkil etgan. Tabiiy ko‘payish hajmi 1900 yildagi 44,0 ming kishidan, 1926 yilda 161,0 ming kishigacha yetdi.
Urush arafasida — 1940 yilda O‘rta Osiyoda aholi tabiiy ko‘payishining mutlaq miqdori 200 ming kishiga teng bo‘ldi. Xuddi shu yili aholi miqdori mamlakatning Ovro‘pa qismidan kelgan xalqlar hisobiga 112,9 ming nafarga ko‘paydi. Urush davrida frontga chaqirilgan mahalliy millat vakillari o‘rniga ovro‘paliklarning O‘rta Osiyoga ko‘p miqdorda ko‘chib kelishi aholi — millatlarning almashuv jarayoniga aylandi.
Urushdan keyingi davrda O‘rta Osiyoda tug‘ilish biroz turg‘unlashdi.
O‘rta Osiyo aholisining soni 1950-74 yillarda migratsiya hisobiga jami 1.366,6 ming kishiga yoki o‘rtacha yiliga 56,9 ming kishiga ko‘paydi. Jumladan, O‘zbekiston aholisi o‘rtacha yiliga 33,8 ming kishiga, Qirg‘izistonniki — 10,0 ming kishiga, Tojikistonniki — 10,9 ming kishiga, Turkmanistonniki — 2,7 ming kishiga o‘sdi.
Oxirgi o‘n yil (1979-89 y.y.) davomida O‘rta Osiyo aholisi o‘sishida tabiiy ko‘payishning ahamiyati sezilarli oshdi. Tabiiy ko‘payish miqdori 1979 yilda qariyb 700 ming kishiga teng bo‘lgan bo‘lsa, 1985 yilda — 880 ming, 1988 yili esa 926,4 ming kishini tashkil etdi. Migratsiyaning ahamiyati esa, aksincha, keskin kamayib, oxirgi yillarda salbiy ko‘rsatkichlar bilan ifodalana boshlandi.
O‘zbekiston aholisi 90-yillar boshida tabiiy ko‘payish hisobiga yiliga 560-580 ming kishiga, Qirg‘izistonniki — 100-108 ming, Tojikistonniki — 160-180 ming, Turkmanistonniki — 100-105 ming kishiga ortib bormoqda.
Tabiiy harakat, ayniqsa o‘lim to‘g‘risida so‘z yuritganda bolalar o‘rtasidagi o‘limni alohida ko‘rsatish zarur. Bu ko‘rsatkichning kattaligi bo‘yicha O‘rta Osiyo jumhuriyatlari jahonda «ilg‘or» hisoblanadilar. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan har 1000 ta bolaning 43-45 nafari bir yoshga to‘lmasdan o‘layapti. Mazkur ko‘rsatkich Qirg‘izistonda 36-43, Tojikistonda 46-56, Turkmanistonda 51-58 nafarni tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlarda esa bolalar o‘limi koeffitsiyenti 10 taga ham bormaydi. Masalan, Yaponiyada tug‘ilgan har ming boladan 5 nafarigina nobud bo‘ladi. Bu faktlarning zaminida juda ko‘p sabablar yotadi. Bular ona va bola salomatligini saqlashga yetarli ahamiyat berilmasligi, tibbiy yordam ko‘rsatishning past darajada ekanligi, ona va bola ovqati sifatsiz va to‘yimsizligi, ayniqsa ekologik vaziyatning buzilganligi kabilardir.
Sobiq SSSR uchun «paxta mustaqilligini» ta’minlagan jumhuriyatlardagi sug‘oriladigan yerlarning har bir gektariga 54 kilogramdan zaharli kimyoviy moddalar solinayapti. Bu zahar yeb, zahar ichish bilan tengdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Go‘daklarning ko‘pchiligi nimjon, kasalmand bo‘lib tug‘ilmoqda. Bolalar ayniqsa surunkali kasalliklarga ko‘p chalinadi. Faqat O‘zbekistonning o‘zida 1988 yilda 30,3 ming go‘dak bir yoshga yetmay nobud bo‘ldi.
Atrof muhitni sog‘lomlashtirish — shaharlardagi kimyo, rangli metallurgiya korxonalarining faoliyatini cheklash yoki ularning salbiy ta’sirini kamaytirishni, paxta yakkahokimligini bartaraf etishni, qishloq xo‘jaligida zaharli kimyoviy moddalar ishlatilishini tartibga solishni hamda ona va bola salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarni hayotga tezda tadbiq etishni taqozo qilmoqda.
O‘rta Osiyoda aholi nihoyatda notekis joylashgan. Iqtisodiy va demografik holati bo‘yicha yetakchi jumhuriyat sanalgan O‘zbekiston aholisining o‘rtacha zichligi Qoraqalpog‘istonda har kvadrat kilometrga 7,7 kishiga to‘g‘ri kelsa, Buxoro viloyatida 12 kishiga, Farg‘ona viloyatida 313,6 kishiga va Andijon viloyatida 427 kishiga to‘g‘ri keladi. Andijon viloyati hududi jumhuriyatimiz hududining atigi bir foizini tashkil etadi. Ammo mana shu kichik maydonda jumhuriyatimiz aholisining 10 foizi — 2 million kishi istiqomat qilmoqda.
Qirg‘izistondagi Chu vodiysi, O‘sh viloyatining vodiy oldi qismlarida aholi zich, tog‘li hududlarda esa siyrak joylashgan. Xuddi shunday vaziyat Tojikistonda ham qayd etildi. Turkmanistonda aholi vohalarda, kanal va daryo bo‘ylarida zich, qolgan hududlarda siyrak joylashgan.
O‘rta Osiyoda aholining joylashishi o‘ziga xos xususiyatlar bilan ifodalanadi. Aholi birinchi navbatda tabiiy sharoiti qulay bo‘lgan joylarda zich yashaydi. Bu o‘rinda o‘lkadagi Farg‘ona, Chu, Hisor, Zarafshon vodiylari, Xorazm va Toshkent vohalari alohida ajralib turadi. Bundan tashqari aholi tog‘oldi zonalarida, daryo, kanal, suv omborlari sohillarida, temir va tosh yo‘llarning yoqalarida keng tarqalgan. Bunga misol tariqasida Mirzacho‘l, Jizzax cho‘llari, Qarshi dashtini va Qoraqum kanali zonasini keltirish mumkin.
Farg‘ona vodiysi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston jumhuriyatlariga qarashli beshta viloyatni o‘z ichiga oladi. Uning umumiy maydoni 110,9 ming kvadrat kilometr bo‘lib, 8.925 ming kishi istiqomat qiladi. Aholining o‘rtacha zichlik ko‘rsatkichi har kvadrat kilometrga 80,5 kishini tashkil etib, bu ko‘rsatkich vodiy markaziga borilgan sari ortib boradi.
O‘rta Osiyo aholisining cho‘l, voha, vodiy tog‘ va tog‘oldi hududlari bo‘yicha taqsimlanishini kuzatganimizda katta qismi voha va vodiylarga, kamroq qismi tabiiy sharoiti noqulay tog‘ va tog‘oldi zonasiga va juda kam qismi cho‘l zonasiga to‘g‘ri kelishini bilishimiz mumkin.
Yirik, katta va o‘rta shaharlarning atroflarida aholi nihoyatda zich joylashgan bo‘lib, u asosan shahar xalqini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, O‘rta Osiyoning hamma joylarida bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham migratsion oqimlar jumhuriyat ichida qishloqdan shaharga qarab yo‘nalgan. Haqiqatda ham O‘zbekiston shaharlari qishloqdagi ortiqcha ishchi kuchlari jalb etiladigan ijtimoiy maydonga aylanishi kerak, chunki hozirgi paytda jumhuriyat sanoat quvvatining 50 foizi Toshkentda va Toshkent viloyatida joylashgan. Bunga Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon, Navoiy va boshqa shaharlarni qo‘shadigan bo‘lsak, jumhuriyat industriyasining asosiy qismi sanoqli shaharlarda joylashganligi ma’lum bo‘ladi.
1989 yilda o‘tkazilgan aholi ro‘yxatiga ko‘ra O‘zbekistonning qishloq aholisi salmog‘i shahar aholisinikidan ancha yuqori bo‘lib, 59 foizni tashkil etdi. Aholi zich yashaydigan Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 71 foizni, Surxondaryoda 81 foizni, Farg‘onada 67 foizni, Namanganda 66 foizni, Qashqadaryoda 75 foizni, Xorazmda 80 foizni tashkil etdi. Buning ustiga aynan shu viloyatlarda ishlab chiqarish va tarmoq tizimlari takomillashmagan va zarur ish joylari yetishmaydi.
Shunga qaramasdan qishloq aholisi kindik qoni to‘kilgan joyda yashashni va qishloq xo‘jaligi mehnatini afzal bilayapti. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki, O‘zbekistonda aholining qishloqdan ketishi yiliga har ming kishi hisobiga 4 kishini, Rossiya, Belorussiya va Litvada esa 24-25 kishini tashkil etadi.
* * *
O‘rta Osiyo ko‘p millatli mintaqa. Uning ko‘p millatli bo‘lishining ba’zi bir sabablari yuqorida aytib o‘tildi.
O‘rta Osiyodagi eng katta millat — o‘zbeklarning soni 1959 yili 5.836,5 ming kishidan, 1989 yil 16.207,7 ming kishigacha o‘sdi yoki 2,8 martagacha ko‘paydi. Sobiq SSSR hududidagi o‘zbeklarning umumiy soni 1989 yili 16.697,8 ming kishiga teng bo‘lgan. Ularning asosiy qismi o‘z jumhuriyatlariga to‘g‘ri kelib, 14.142,5 ming kishini (84,7 foiz) tashkil etadi. Tojikistonda 1.197,8 ming, Qirg‘izistonda 550,1 ming, Qozog‘istonda 332,0 ming, Turkmanistonda 317,3 ming, Rossiyada 126,8 ming, Ukrainada 20,3 ming o‘zbek yashaydi. Bundan tashqari Belorussiya (3,5 ming), Litva (1,4 ming), Ozarbayjon (1,4 ming), Gruziya (1,3 ming), Latviya, Estoniya va Armanistonda ham o‘zbeklar bor.
O‘rta Osiyodagi aholi miqdori jihatidan tojiklar ikkinchi, turkmanlar uchinchi, qirg‘izlar to‘rtinchi o‘rinda turadi. Sobiq Ittifoq miqyosida olinadigan bo‘lsa, 1989 yildagi aholi ro‘yxati bo‘yicha tojiklar 4.215 ming, turkmanlar 2.729 ming, qirg‘izlar 2.529 ming, qoraqalpoqlar 424 ming kishiga yetgan.
O‘rta Osiyoda istiqomat qiladigan rus, ukrain, beloruslar hamda boshqa millat vakillari soni 6 milliondan ziyod.
Bu umumiy raqamlar mazmunida shunday muhim xususiyatlar mavjudki, ular haqida gapirmasdan ilojimiz yo‘q. Mahalliy millat vakillarining asosiy qismi qishloq joylariga, sanoati unchalik rivojlanmagan kichik, o‘rta shaharlarga to‘g‘ri kelsa, slavyan xalqlari, yahudiylar, armanlarning mutlaq ko‘pchiligi katta va markaziy shaharlarda yashaydilar. Masalan, aholisi 2060 mingdan ziyod bo‘lgan Toshkentda 910,3 ming (44,2 foiz) o‘zbeklar bilan bir qatorda, 701,3 ming (34,0 foiz) ruslar, 60,0 ming (2,9 foiz) ukrainlar, 129,2 ming (6,3 foiz) tatarlar, 43,1 ming (2,1 foiz) yahudiylar, 20,5 ming (1,0 foiz) armanlar istiqomat qiladilar. Farg‘ona shahrida ruslarning ulushi 37,9 foizga, o‘zbeklarniki esa atigi 33,7 foizga teng. Bishkekda slavyan xalqlarining ulushi bundan ham yuqori.
Tog‘-kon va qayta ishlash sanoatining yirik shaharlari — Navoiy, Zarafshon, Angren, Chirchiq va boshqa shaharlarda ham slavyan xalqlarining ulushi katta. Ayrim shahar tipidagi posyolkalarning aholisi asosan chetdan kelgan xalqlardan iborat. 1989 yildagi ma’lumotga ko‘ra Chirchiqda jami aholining 43,2 foizi, G‘azalkentda 30,6 foizi, Yangiobodda 50,8 foizi, Angrenda 30,5 foizi ruslardan tashkil topgan.
Umuman O‘zbekistonda shahar aholisining 40 foizini, Qirg‘izistonda yarmidan ortig‘ini slavyan xalqlari tashkil etadi.
Uy-joy va propiska masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya raislarining aksariyati rus va boshqa millat vakillaridan iborat bo‘lganligi sababli Toshkentda mahalliy millat vakillarining asosiy qismi shaharning chekka mavzelarida yashamoqdalar.
O‘rta Osiyoda boshqa mintaqalardan farq qiladigan urbanizatsiya jarayoni yuz bermoqda. 1989 yil ma’lumotiga ko‘ra jumhuriyatlardagi jami aholining 40 foizi shaharlarga to‘g‘ri kelgan (sobiq SSSRda 69,8 foiz). So‘nggi yigirma yil mobaynida mintaqadagi shahar aholisining soni salkam ikki martaga o‘sdi. Lekin uning jami aholi sonidagi ulushi 38 foizdan 40 foizga ko‘paydi, xolos. Buning asosiy sababi qishloq aholisining tez sur’atlar bilan o‘sishidadir. 1970-89 yillar mobaynida O‘rta Osiyo qishloq aholisining soni 12.261 ming kishidan 19.816 ming kishiga yoki 61,6 foizga ko‘paydi.
Mintaqadagi shaharlarning asosiy qismi kichik va o‘rta shaharlardan iborat, katta shaharlar esa barmoq bilan sanarlidir. Shunga qaramasdan, shahar aholisining asosiy qismi shu shaharlarda mujassamlashgan. Bu o‘rinda poytaxt shaharlar (Toshkent, Dushanbe, Bishkek, Ashgabad) va «ikkinchi» shaharlar (Samarqand, O‘sh, Xo‘jand, Chorjo‘y) alohida o‘rin egallaydilar. Mazkur sakkiz shaharda O‘rta Osiyo shahar aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiladi.
Shaharlarning asosiy qismi voha va vodiylarda, ya’ni turmush uchun qulay bo‘lgan hududlarda joylashgan. Shaharlar tarmog‘ining nisbatan rivojlangan darajasi O‘zbekistonga xos. Bu yerda 1 24 shahar va 97 shahar tipidagi posyolka mavjud.
O‘rta Osiyodagi urbanizatsiya jarayonining rivojlanishi umuman shahar aholisining ko‘payishi bilan emas, balki yirik va katta shaharlardagi aholining o‘sishi bilan bog‘liq.
O‘rta Osiyoning qishloq joylariga 20.806 ming kishi yoki mintaqaning 60,0 foiz aholisi to‘g‘ri keladi. Qishloq aholisining asosiy qismi Farg‘ona, Zarafshon, Xisor, Chu vodiylarida, Toshkent vohasi, Quyi Amudaryo va Qoraqum kanali zrnasida yashaydi.
70-80 yillarda olimlarning aksariyat qismi O‘rta Osiyo jumhuriyatlaridagi urbanizatsiya darajasi nihoyatda past, uni ko‘tarish zarur, degan xulosaga kelgandilar. Uni sobiq Ittifoqdagi urbanizatsiyalashgan jumhuriyatlar darajasiga ko‘tarish lozim, aks holda mintaqada sanoatni rivojlantirishga erishish mumkin emas, deb ta’kidlashgan. Aslida bu masalaga bir tomonlama yondashish kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Eng avvalo urbanizatsiya darajasini ko‘tarish xalq xo‘jaligiga, aholining turmush farovonligiga qay tarzda ta’sir qilishini bilish lozim. Ikkinchidan, Jumhuriyatlar urbanizatsiya darajasini ko‘tarishga qodirmilar?
Bizning fikrimizcha, urbanizatsiyaning hozirgi kundagi darajasi O‘rta Osiyo siyosiy, iqtisodiy va demografik xususiyatlariga to‘liq mos keladi va ularning ob’ektiv aksi hisoblanadi. Mazkur jarayonni tezlatish bo‘yicha har qanday harakat jumhuriyatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hozirgi murakkab vaziyatda asosiy e’tibor siyosiy mustaqillikka erishgan jumhuriyatlardagi mavjud shaharlarning xalq xo‘jaligi tizimlarini takomillashtirishga, birinchi navbatda sanoat korxonalarini hozirgi zamon talablariga javob beruvchi yangi uskunalar bilan qayta jihozlashga, aholining uy-joy bilan ta’minlanishini yaxshilashga, umuman ulardagi ijtimoiy infrastrukturani kuchaytirishga qaratilishi lozim. Bu o‘rinda tog‘-kon, energetika, metallurgiya, kimyo va neft kimyosi sanoati markazlari hamda yangi o‘zlashtirilgan yerlardagi shaharlar alohida o‘rin tutadi.
Shu bilan birga qishloq joylardagi aholi sonining uzluksiz ravishda ko‘payishi, har bir kishiga to‘g‘ri kelayotgan yer hajmining kamayishi O‘rta Osiyo va unga kiruvchi har bir jumhuriyatga xos jarayon bo‘lib, u ijtimoiy-iktisodiy, siyosiy, demografik muammolarning keskinlashuviga olib kelmoqda. Mazkur muammolar qatorida aholini ish bilan ta’minlash, fuqarolar va ularning oila a’zolariga normal turmush sharoiti yaratib berish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. 1991 yili O‘zbekiston qishloqlarida jon boshiga atigi 0,33 gektar sug‘oriladigan yer to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich jumhuriyatimizning aholisi eng zich bo‘lgan Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 0,16 gektarni, Qirg‘izistonda 0,38 gektarni, Tojikistonda 0,19 gektarni, Turkmanistonda 0,61 gektarni tashkil etib, u ham yildan-yilga qisqarib bormoqda. Sug‘oriladigan yerlar hajmining suv tanqisligi tufayli deyarli o‘zgarmayotganligi, aholi sonining esa uzluksiz ravishda o‘sishi natijasida mintaqaning aholisi zich hududlarida tang ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yuzaga kelmoqda.
Jon boshiga ishlab chiqarilgan milliy daromad 1985-90 yillar davomida deyarli barcha O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida kamaydi. Shu davrda mintaqada aholi soni 16,1 foizga o‘sib, 34.202 ming nafarga yetdi. Ishchi va xizmatchilarning miqdori esa 5,5 foizga o‘sib, 8.432 ming kishiga yetdi. Bu esa mehnatga layoqatli yoshlarning aksariyati mehnat kuchlari keragidan ortiqcha bo‘lgan qishloq joylarda qolib ketayotganliklarini bildiradi. Masalan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida ishlayotganlar xalq xo‘jaligida band bo‘lgan aholining 39,3 foizini tashkil etdi, bu 1985 yildagi ko‘rsatkichdan 2,1 foiz ortiqdir. Vaholanki, AQShda qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ishchi kuchlari mamlakat aholisining uch foizdan sal ko‘prog‘ini tashkil etadi.
O‘zbekistonda qishloq joylarida jumhuriyat hukumati qarori bilan aholiga qo‘shimcha tomorqa maydonlari berilganligi qishloqlardagi ortiqcha ishchi kuchlari muammosini qisman hal etish imkonini berdi. Masalani uzil-kesil hal etish uchun esa qishloq joylarida xom ashyoni birlamchi qayta ishlovdan chiqaradigan kichik va o‘rtacha sanoat korxonalari tarmoqlarini ko‘paytirish kerak.
Sobiq SSSRda har ming aholidan 160 nafari sanoatda band bo‘lgani holda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 61 nafarni tashkil etadi. Jumhuriyat xalq xo‘jaligida band bo‘lgan 5.281,6 ming o‘zbekdan 708,8 mingtasi (13,4 foizi) sanoatda band. Ularning ham aksariyat qismi sanoat ishlab chiqarishidagi yuqori malaka talab etmaydigan ishlarni bajarishadi. O‘rta Osiyoning boshqa jumhuriyatlarida ham shunga o‘xshash manzarani kuzatish mumkin.
Jumhuriyatimiz sanoatida band bo‘lgan o‘zbeklarning aksariyat qismi Toshkent shahrida jamlanganligini hisobga olsak, viloyatlarda mehnat qilayotgan mahalliy millat vakillari miqdori yanada kam ekanligini bilish mumkin.
Jumhuriyatimizda mehnat qilayotgan ruslarning har mingtasidan 302 nafari sanoatda band. Ukrainlarda bu ko‘rsatkich 260 nafarni, tatarlarda 274 nafarni, o‘zbeklarda 134 nafarni, tojiklarda 146 nafarni tashkil etadi. Demak, O‘rta Osiyo jumhuriyatlari mahalliy xalqlarni keng ko‘lamda industrial tarmoqlarga jalb qilmasdan iqtisodiy mustaqillikka erishishlari nihoyatda qiyin. Mintaqadagi hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy va demografik vaziyatni hisobga olgan holda bu muammoni quyidagi vazifalarni amalga oshirish bilan hal etish mumkin:
Aholisi zich bo‘lgan hududlarda mehnatni ko‘p talab qiluvchi sanoat tarmoqlarini — elektrotexnika, elektronika, mashinasozlik, ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni;
xom ashyoga boy hududlarda (Janubiy Turkmaniston, Quyi Amudaryo, Janubiy O‘zbekistonda) zamonaviy to‘qimachilik korxonalarini;
deyarli barcha jumhuriyatlarning tuman markazlarida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini birlamchi qayta ishlovdan chiqaradigan, konserva zavodlarini qurish kerak.
Katta shaharlarda mavjud zavod va fabrikalarni yangi uskunalar bilan jihozlab, ikki-uch smenada ishlashini ta’minlash ham ularga qo‘shimcha ishchi kuchlarini jalb etish imkonini beradi.
* * *
So‘nggi vaqtlarda Moskvadagi axborot vositalari rus tilida so‘zlashuvchi aholining O‘zbekistondan ko‘chib ketishi to‘g‘risida har xil mish-mishlar to‘qimoqdalar. Bunda «Literaturnaya gazeta» ayniqsa katta «g‘ayrat va shijoat» ko‘rsatmoqda. Mazkur ro‘znoma o‘tgan yili noyabr oyida «Vozmi nas k sebe Rossiya» deb nomlangan xatni chop etdi. Mazkur xatning mualliflari: «Pensiya yoshidagilarning ko‘pchiligi Rossiya madad bera olmasligini tushunsa ham, rus tilida so‘zlashuvchi mehnatga layoqatli barcha aholi O‘zbekistondan ko‘chib ketmoqchi», degan fikrni bildiradilar.
Sarosimaga tushgan odamlarning ahvolini tushunish mumkin. Lekin shunday qolipga tushmaydigan arizalarni chop etuvchi hurmatli haftanoma nuqtai-nazarini qanday anglamoq darkor? Bizning fikrimizcha, buni jumhuriyatdagi rus tilida so‘zlashuvchi xalqni ham, mahalliy xalqni ham besaranjom qiluvchi, tinchini buzuvchi, oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ochiqdan-ochiq ig‘vo deb tushunish mumkin.
Biz O‘zbekistondan u yoki bu sabablarga ko‘ra ko‘chib ketgan kishilar jumhuriyatni qanday hijron azoblari bilan tark etganliklarini bilamiz. Ularni bu ayriliq azoblari qay darajada qiynashini tushunamiz.
To‘g‘ri, bugungi kunda jamoatchilik joylarida, mehnat jamoalarida umumiy bezovtalik va asabiylashish ta’sirida ba’zi millat vakillari o‘rtasida nizolar, ayrim to‘qnashuv va hatto jiddiy janjallar yuz berishi mumkin. Biroq bu ayrim siyosatchi shaxslarning ommaga uqtirayotganidek o‘zbek xalqining g‘ayridinlarga bo‘lgan millatchiligi ifodasi emas. Mazkur «siyosatchiilar ma’lumotlarni buzib ko‘rsatishmoqda, O‘zbekistondan aholini ko‘chib ketish jarayonini tamomila noto‘g‘ri tahlil qilishmoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi falsafa va huquq ilmgohining olim va mutaxassislari o‘tkazgan sotsiologik tadqiqotlarning ma’lumotlariga ko‘ra sanoat korxonalaridagi rus ishchilari, muxandis-texnik xodimlari, rahbarlari va yordamchi ishchilarining katta ko‘pchiligi jumhuriyatda yashash va ishlash uchun qolish istagini bildirgan, 16,9 foizi esa O‘zbekistonni o‘zining tarixiy vatani deb hisoblaydi. Bunday holatni bizning tadqiqotlarimiz ham tasdiqlamoqda.
Rus tilida so‘zlashuvchi aholining O‘zbekistondan ko‘chib ketish istagini keltirib chiqaruvchi nozik masala — bu davlat tilini o‘zlashtirish jarayonidagi qiyinchiliklardir. Lekin bu masalada orqaga yo‘l yo‘q, davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan, uni jumhuriyatning barcha fuqarolari bilishi shart.
Rossiya jurnalistlari rus tilida so‘zlashuvchi xalqlarning O‘zbekistondan gala-gala bo‘lib ko‘chib ketishayotganligi haqida ko‘p yozishmoqda. Ammo bu holatni tasdiqlayotgan dalillar yo‘q. To‘g‘ri, so‘nggi ikki-uch yil davomida O‘zbekistondan ko‘chib ketayotgan kishilarning soni oshmoqda. Lekin ular orasida ruslar bilan bir qatorda boshqa xalqlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. 1989-1990 yillar mobaynida O‘zbekistondan 193,3 ming kishi ko‘chib ketdi, shu vaqtning o‘zida jumhuriyatga 159,6 ming kishi ko‘chib keldi. Ko‘chib ketganlar bilan ko‘chib kelganlarning orasidagi farq 33,7 ming kishini tashkil etdi. Odamlar asosan Rossiyaga, Ukrainaga, Qozog‘istonga, Ozarbayjonga ko‘chib ketishmoqda.
Chet elga ko‘chib ketayotganlarning umumiy soni sezilarli ravishda o‘smoqda.
O‘zbekistondan 1989-1990 yillarda ko‘chib ketganlar orasida ruslar 27,7, tatarlar — 11,8, yahudiylar — 9,5, qrim tatarlar — 9,2 foizni tashkil etdi. Jumhuriyatga ko‘chib kelganlar orasida o‘zbeklar salmog‘i 33 foizga, ruslar — 27,6, qozoqlar — 8,3, tatarlar salmog‘i 7,3 foizga teng.
1990 yili rus millatiga mansub 59,7 ming kishi O‘zbekistondan ko‘chib ketdi, 20,9 mingi esa jumhuriyatimizga ko‘chib keldi. Natijada jumhuriyatdagi ruslarning umumiy soni 38,8 ming kishiga kamaydi, xolos. Buni yalpi ko‘chib ketish yoxud ruslarning jumhuriyatdan «qochishi» deb baholash mumkinmi? O‘ta murakkab ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sharoitda normal migratsiya jarayoni amalga oshmoqda, xolos.
Ko‘chib ketishning yalpi ko‘rsatkichi bo‘yicha ruslardan keyingi o‘rinlarda tatarlar (20 ming kishi), yahudiylar (20 ming kishi), qrim tatarlar (19,1 ming kishi), ozarbayjonlar (9,9 ming kishi) turadi. O‘zbekistondan chet elga asosan yahudiylar, nemislar, va greklar ko‘chib ketishmoqda. Ikki yil (1989-1990 y.y.) mobaynida horijiy mamlakatlarga 20 ming yahudiy, 7,4 ming nemis, 2 mingga yaqin grek va 3 mingdan ortiq rus ko‘chib ketdi. Yahudiylarning deyarli hammasi Rossiya yoki boshqa «qashshoq» jumhuriyatlarga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Isroilga, Amerikaga ko‘chib ketishmoqda.
Ko‘pchilik yahudiylar, shu jumladan o‘zbekistonlik yahudiylarning horijiy mamlakatlarga ko‘chib ketishi uchun «to‘rva-xaltasi» tayyor turibdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi a’zolari bo‘lgan jumhuriyatlardan yaqin yillar davomida 15-20 millionga yaqin kishi xorijga ko‘chib ketadi.
Koreyslar to‘g‘risidagi masalaga alohida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. «Literaturnaya gazeta» bu borada ham masalani o‘ta keskinlashtirishga harakat qilmoqda. Haftanomada Mixail Loginov deb atalmish kimsa «Tretya Koreya» deb atalgan maqolasida shunday yozgan: «Mesxeti turklari so‘yilganidan so‘ng, O‘zbekistondan koreyslar ham ko‘chib keta boshladilar». Bu esa g‘irt bo‘htondir.
Bugungi kunda koreyslarning jumhuriyatimizdan ommaviy ko‘chib ketayotganliklari to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. 1990 yilda O‘zbekistondan 3081 koreys ko‘chib ketgan bo‘lsa, 2.305 koreys ko‘chib keldi. Jumhuriyatimizda jami 200 mingdan ziyod bo‘lgan koreyslarning miqdori 776 kishiga kamaydi, xolos. Yoki jumhuriyatda mavjud har mingta koreysdan atigi ikkitasi ko‘chib ketdi.
Ko‘pchilik koreyslar O‘zbekistonda tinib-tinchigan, tilimizni yaxshi bilishadi, ular bu yerdan ko‘chib ketishni xayollariga ham keltirishmaydi. O‘zbekistonning barcha viloyatlari va yirik shaharlarida koreyslarning madaniy markazlari barpo etilgan u bo‘lib, ular jumhuriyat koreyslar madaniy markazlarining uyushmasiga birlashtirilgan. Mazkur maskanlarda koreyslarning madaniyati, tili, an’analari va urf-odatlari tiklanmoqda.
Bu o‘rinda masalaning muhim bir tomonini alohida ta’kidlash kerak. Jumhuriyatimizdan aholining ko‘chishi bugun ham, kecha ham emas, balki ancha ilgari boshlangan. Bunday jarayon mutaxassislarimiz tomonidan ilk bor 1976 yilda aniqlangan. Ya’ni 16 yil ilgari jumhuriyatimizda ko‘chib ketganlar soni ko‘chib kelganlarnikidan ortiq bo‘lgan.
Mamlakatdagi turg‘unlik sharoiti va umumiy iqtisodiy inqirozga xos bo‘lgan bu holat O‘rta Osiyoning mehnat kuchlariga boy va ko‘p bolali oilalar keng tarqalgan jumhuriyatlarida ham ilk bor o‘sha yillarda sezila boshlandi. O‘rta Osiyo mintaqasida, shu jumladan O‘zbekistonda turg‘unlik yillari boshlangan iqtisodiy inqiroz chuqurlashgan sari, jumhuriyatimiz ko‘chib kelmoqchi bo‘lganlar uchun o‘zining iqtisodiy jozibasini tez yo‘qota boshladi, shundan keyin odamlar bu yerlardan turmush sharoiti yaxshiroq bo‘lgan joylarga ko‘chib keta boshladilar.
Keyingi yillarda migratsiyaning iqtisodiy sabablariga ijtimoiy, ekologik va siyosiy omillar ham qo‘shildi. Bu o‘rinda jumhuriyatimizda migratsiyaning kuchayishini millatlararo munosabatlar bilan asoslashga urinish o‘ta mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas. Mazkur masalani qayta-qayta ko‘tarish esa g‘irt ig‘vogarlik bo‘lib, bundan kutilgan maqsad odamlarni bir-biriga gij-gijlashga, millatlararo janjallarni keltirib chiqarishga qaratilgan.
Rus tilida so‘zlashuvchi aholiga ko‘p e’tibor berib, biz undan ham muhimroq muammoni — o‘zbeklarning O‘rta Osiyodagi boshqa qardosh xalqlar bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlarini e’tibordan chetda qoldirmayotganmizmikan? Gap shundaki, so‘nggi yillarda boshqa mintaqalardagi o‘zbeklarning jumhuriyatimizga ko‘chib kelishi sezilarli ravishda ko‘payib, ularning jumhuriyatdan ko‘chib ketishi qisqarmoqda. Bunday holat O‘rta Osiyoning barcha jumhuriyatlarida ham kuzatilmoqda. Mahalliy xalqlarning o‘z milliy jumhuriyatlariga ko‘chib kelishi ma’lum darajada mintaqadagi millatlararo nizolar bilan bog‘liq bo‘lganligi bois bu jarayonga e’tiborni ko‘chaytirish talab qilinadi. Bugungi kunda qo‘shni xalqlarni do‘stlikka chorlovchi dabdabali sun’iy tadbirlardan tiyilish, o‘z milliy jumhuriyatlaridan tashqarida istiqomat qiluvchi O‘rta Osiyo mahalliy xalqlarining huquq va erkinliklarini amalda muhofaza qilishga o‘tish darkor. Xususan, O‘rta Osiyoning barcha jumhuriyatlari va Qozog‘istonda fuqarolarning huquqlarini muhofaza qiluvchi tadbirlar majmuasini ishlab chiqish va ularni hayotga tadbiq etish juda zarur. Sovet hokimiyati yillarida O‘zbekistonda migratsiya jarayoni sobiq SSSRning barcha jumhuriyatlaridagi kabi talab va istaklarni hisobga olmagan holda amalga oshar edi. Boz ustiga rus tilida so‘zlashuvchi aholining milliy jumhuriyatlar tomon maqsadli va betartib migratsion oqimi ko‘p jihatdan imperiya maqsadlariga mos tushar edi. Shunday siyosatning amalga oshirilishi natijasida malakali ishchi kadrlari va mutaxassislariga haligacha ega bo‘lmagan O‘rta Osiyo jumhuriyatlari o‘z mustaqilliklari arafasida mustamlaka tipidagi xomtalash, qotib qolgan, agrar xom ashyo yetkazishga moslashtirilgan iqtisodiy asos bilan qoldilar.
Shuning uchun ham bugungi kunda mustaqil O‘zbekiston umummilliy davlat siyosatining tarkibiy qismi hisoblangan jumhuriyat aholisini rivojlantirish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha milliy siyosatni ishlab chiqish va hayotga tadbiq etish juda zarurdir. O‘zbeklarning o‘z jumhuriyati, mintaqa doirasidagi hududiy harakatlari va ayniqsa ularning xorijiy mamlakatlarga bo‘lgan rag‘bati milliy siyosat in’ikosidir. Bu o‘rinda ishchi kuchlarining migratsiyasiga hamda iste’dodli yoshlarni xorijiy mamlakatlarga o‘qishga yuborishga katta e’tibor berish lozim. Bu yo‘lda talay ishlar qilinmoqda. Mutaxassislarning fikricha, kelajakda xorijga yuboriladigan ishchi kuchlaridan paxta eksportidan tushadigan foydaga nisbatan ko‘proq daromad olish mumkin ekan.
Jumhuriyatda mahalliy aholining xorijiy mamlakatlar bilan bo‘lgan migratsion aloqalari bilan bog‘liq muammolar endi-endi o‘rganilmoqda. Shuning uchun ham u o‘z millatini rivojlantirish va milliy kadrlarni jahon talablariga javob beruvchi hozirgi zamon texnologiyasini o‘zlashtirish maqsadlariga muvofiq bo‘lishi kerak. Ayniqsa boshqa mustaqil jumhuriyatlardan malakasi past aholining jumhuriyatga ko‘chib kelishiga chek qo‘yish kerak. Bu o‘rinda O‘zbekiston Konstitutsion nazorati qo‘mitasining propiska muassasalarini bekor qilish barvaqt ekanligi haqidagi qarorini hamda mazkur qo‘mitaning fuqarolarning pasport sistemasini tuzish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish va propiska qilish haqidagi fikrini juda to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Bu O‘zbekistonning migratsion aloqalarini tartibga solishga, nomuvofiq kishilarning jumhuriyatga ko‘chib kelishini cheklashga imkon beradi. Barcha taraqqiy etgan mamlakatlarda zaruriy mutaxassislarni tanlab olish maqsadiga xizmat qiluvchi aholining hududiy harakatini tartibga tushirish bo‘yicha migratsiya qonunlari mavjud. Jumhuriyatda aholi migratsiyasi va fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunlarni ishlab chiqish va ularni qabul qilishni tezlashtirish lozim. O‘zbekiston aholisining qay darajada rivojlanganligini ifodalovchi migratsion va umuman demografik siyosatni davlat miqyosida ilmiy asoslangan holda boshqarish uchun bu murakkab va serqirra jarayonlar hokimiyat bo‘linmalarining doimiy diqqat markazida turishi kerak.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 10-son