Omina Tojiboyeva. Baholashdagi oshkoralik (1992)

Ma’lumki, 1984-1985 yillarga qadar jumhuriyatimiz pedagoglari ham turg‘unlik yillarini boshdan kechirdilar. Pedagog ahlining qadr-qimmati tushib, faoliyatlarida ko‘p o‘rinlarda qotib qolgan uslubga amal qilishga majbur bo‘ldilar. Ba’zan uni hatto pedagog deyishga ham til bormasdi. Sababi, yuqori rahbarlardan tortib, to brigada, hatto zveno boshliqlari buyrug‘ini ham bajarganining, paxta terishda qatnasha olmagani uchun ta’qibga uchragan onlarining guvohi bo‘ldik. Shunday paytlarda biron mard chiqib: «Men besh-olti yil institut tuprog‘ini yalab, o‘qituvchilikka o‘qidimmi, yo paxtakorlikkami?» deya olmasdi. Degan taqdirda uning holi voy edi.

«Biz «2»siz ishlaymiz!» shoiri ham pedagog qadrini yerga urdi. Chunki, nochor, harf tanimaganiga ham «3» baho qo‘yilishi o‘quvchilardagi loqaydlikni kuchaytirib yubordi. Buning natijasida, ulardagi dars tayyorlashga, sinfdan tashqari o‘qish va muhimi, o‘qituvchiga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Turg‘unlik iillaridagi xatolar bugungi kunda o‘z «samarasi»ni ko‘rsatmoqda. «Yara» izlarini yo‘qotish ancha mushkul bo‘lib, pedagoglardan ko‘p ishlashni va mahoratni talab etmoqda.

Qayta qurish, oshkoralik va demokratiyaning shamoli maorif sohasida ham esa boshladi. Lekin, qayta qurish, oshkoralik va demokratiya nima ekanligini hanuz tushunmay, an’anaviy usulda dars o‘tib kelayotgan pedagoglarimiz ham hali anchagina. Hamon bema’ni qog‘ozbozlikdan voz kechmagan rahbarlarimizning va qog‘ozdagina ishlari «besh» bo‘lgan ayrim pedagoglarning oshig‘i olchiligi har bir vijdonli kishini haqli ravishda tashvishlantirayapti. Hamon ko‘pgina maktablarimizda puxta bilimi bilan kishini hayratga soladigan o‘quvchilar yo‘q hisobida. Axir ustoz siyqasi chiqqan pedagogik tadbirlardan boshi chiqmaydigan «robot» bo‘lsa, uning qo‘lida ta’lim olgan o‘quvchining ahvoli nima kechardi? Bunday o‘qituvchida yangi romanlar, hikoyalar, qissalar she’rlar uqish uchun vaqt umuman bo‘lmaydi. Axir busiz ham uning tashvishlari yetarli: Konspekt yozishi, tarbiyaviy reja asosida qilingan ishlarni qog‘ozga tushirishi, daftar tekshirishi, «Kundalik daftar»larni nazoratdan o‘tkazishi kerak. Xullas, u yoniq hislari so‘nib, dunyoqarashi «zanglay boshlagan» va kunda bir xil yumushni bajarishga odatlangan «robot»ning o‘zginasi.

Ha, qayta qurish maorif sohasida juda kam narsani o‘zgartirdi. Faqat olimlarimiz reja va darsliklarni biroz takomillashtirdilar, xolos. Shunday bo‘lgach, har bir pedagog yuqorining to‘g‘ri-noto‘g‘ri buyrug‘iga qo‘ymijozlik bilan itoat etavermay, o‘z ishini o‘zi qayta qurmog‘i, izlanmog‘i, o‘quvchilarni darsiga qiziqtira bilmog‘i lozimdir. Bunda esa bola bilimini baholashning ahamiyati katta. O‘quvchi maktabga olgan bilimining mezonini bilgani keladi. Mezon o‘lchovi — bu baho. Ba’zi pedagoglar haqida shikoyatlar ko‘pincha baho ustida bo‘lganligi uchun, bu masalaning tomonlari haqida fikr yuritmoqchiman. Avvalo, ikki og‘iz so‘z o‘qituvchilar haqida. Men ularni shartli ravishda uch toifaga bo‘laman. Birinchi toifaga tug‘ma pedagogik qobiliyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar kiradi. Bu toifaga kiruvchi pedagoglar o‘z kasblariga nihoyatda qiziqadilar. Yurak qo‘rini, mehrini bolalarga bag‘ishlaydilar. Ularni o‘zlariga ohangrabodek tortib turadilar. Qisqasi, bular o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan, pedagoglik nonini oqlab yeyayotgan kishilardir. Andijon tumanidagi 33-o‘rta maktab jamoasidagi «O‘zSSR xalq maorifi a’lochisi», maktab direktori Tursunboy Ahmadaliyev, «Metodist» unvoni egasi bo‘lgan Hafiza Niyozova, Klara Madixonova, Valya Gavrilova, katta o‘qituvchi Mo‘tabar Xoliqovalarni shunday pedagoglar desak xato qilmaymiz.

Ikkinchi toifadagi o‘qituvchilar mas’uliyatni his qiladilar, atrofdagilardan uyalib ishlaydilar. Ularda nom chiqarish, mukofotlarga intilish tuyg‘usi kuchliroq bo‘ladi. Ammo ishining avj pardasida pedagogik qobiliyatga ega emasligi sezilib qoladi. Ularning bir qismi hujjat-qog‘oz ishlarini io‘lga qo‘yishga chaqqon va harakatchan bo‘lsa, ikkinchi qismi hujjat-qog‘oz ishlariga toqati yo‘q, amalda barcha ishlarni qotirib bajaruvchilardir.

Uchinchi toifadagilar esa o‘qituvchilik kasbiga adashib kirib qolgan kishilardir. Baholashdagi noroziliklarni ko‘proq aynan shu toifadagi pedagoglarimiz keltirib chiqaradi, natijada birniki mingga, mingniki tumanga, deganlaridek, bularning ish faoliyatidagi kamchiliklar butun pedagogik jamoa ish natijalarini pasaytiradi. Ochig‘ini aytganda, bu toifadagi pedagoglarning 80-90 foizi o‘rtacha o‘qiydigan o‘quvchilardan ham past bilimga ega. Ular orasida, masalan, tarixdan dars berib, O‘zbekistonning chegarasini xaritadan ko‘rsatib berolmaydiganlarini uchratish mumkin.

Men bir muallimni bilaman. U yuqori sinfning a’lochi o‘quvchilariga matematikani ishlatib, quyi sinfda gruppa o‘qitadi. Bu ham yetmagandek, parallel sinf o‘qituvchisi tuzgan konspektdan ko‘chirib kun ko‘radi. Uning serbyulletenligiga, «shaxsiy shifokori» borligiga nima deysiz? Bunday kishilar «kun u yoqqa — pul bu yoqqa» qabilida ishlashga odatlanishgan. O‘zlaridan ayb qidirmaydilar, doimo o‘quvchilardan nolib yuradilar. Darsni bir amallab o‘tkazadilar. Men bu toifadagi o‘qituvchilarni maktabning erkatoylari degim keladi. Zero, maktab ma’muriyati ularning biron komissiya kelsa qovun tushirib qo‘yishidan, yo darsni tashlab qochishidan hadiksirab, turli yo‘llar bilan himoyalab yuradilar. Ularning nega shunday qilishlari ham tushunarli. Komissiya «tog‘ chumchug‘iday» kelib ketadigan narsa, noshud-notavon o‘qituvchi bilan direktor esa bir qishloqda, hatto bir mahallada yashaydi, shuning uchun ham qadrdonining «burni qonashini» istamaydi. Bu toifa pedagoglar seminar, sektsiyalarga ham kam qatnashadilar. Taajjublanarlisi, seminar, sektsiya rahbarlari ham «tirik o‘qituvchilar» bilan ishlashni xush ko‘rishadi. O‘quvchilar faoliyati bilan qiyoslaganda, bu kabilar zo‘rg‘a o‘rtaga ilashadigan o‘qituvchilar hisoblanadi. Maktabda bu toifadagi pedagoglar bo‘lishining o‘zi jamiyat taraqqiyotini bir qadar orqaga sudraydi. Kulgili yeri shundaki, attestatsion komissiya bundaylarning boshini silab, xuddi go‘dak bolaning qo‘lidan ushlab, yo‘lning u chetiga o‘tkazib qo‘yganday, attestatsiyadan o‘tkazib qo‘yishadi. Ortiqcha savol ham, topshiriq ham bermaydilar.

Yana meni ayrim pedagoglar faoliyatidagi baholash usuli taajjublantiradi. Negaki, ularda qaysi bir o‘quvchi yil boshida qanday baho olsa, unga yil yakunigacha shunday baho qo‘yiladi. Bunday o‘qituvchilar dars beradigan sinf jurnalini varaqlab, «nahotki bular hech boshqa baho olishmagan?» deb so‘rasangiz, «choraklik va yillik baho chiqarishda qiynalishimni o‘ylab, bir xil baho qo‘yaman», deb javob beradilar. Nahotki o‘quvchi bechoraning qobiliyati o‘qituvchining daqiqa qiynalishining qurboni bo‘lsa? O‘qituvchi o‘z rohatini deb, o‘quvchini bir qolipga solib qo‘ysa? Axir bu usul bolaning darsga qiziqishini so‘ndiradi, fikrlashini susaytiradi-ku. O‘qituvchi hech qachon bahoning quli bo‘lmasligi kerak. O‘quvchi har doim qanday javob bersa, shunga yarasha baho qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Bola bir qadar hiylagar ham bo‘ladi. Bugun yaxshi tayyorlanib besh oldimi, ertaga so‘rasang lom-lim deyaolmaydiganlari bor. Ana shundaylarga ham baho qo‘ymoq zarur. Agar, avvalgi besh bahosini yuz-xotir qilib, keyingi navbat baholamasangiz ham xato qilasiz. O‘quvchining muntazam ravishda dars qilishi uchun o‘qituvchi yo‘llanma berib turishi lozim. Bu yo‘llanmaning biri va asosiysi baholashdir.

Masalan, bizning maktabimizdagi 9 «A» sinfda uchta komissiya bor:

  1. Orfografiya va imlo uchun baho qo‘yuvchi komissiya.
  2. Chiroyli yozish san’atiga baho beruvchi komissiya.
  3. Nazariyani amalda qanday qo‘llanilayotganini baholovchi komissiya.

Mana shu uch komissiya raisi fikriga tayangan holda yakuniy baho qo‘yiladi. Demak, bir o‘quvchi doskaga chiqdi, misol yozib ishladi, qoidani aytdi. Qo‘shimcha savollarga ham javob berdi. Ammo xato yozmadi — «5»; chiroyli yoza olmadi — «3»; nazariyani amalda qo‘llay oldi — «5». O‘quvchi chiroyli yozish san’atini egallay olmagani o‘quvchi — o‘qituvchi tomonidan izohlanib, yakuniy «4» baho olgani ma’lum qilinadi. Bu usulda baholash aynan oshkora va ko‘pchilik fikrini hisobga olgan holda bo‘ladi. Faqat o‘qituvchi tomonidan yakunlansa, ehtimol «5» baholanishi mumkin. Chunki, o‘quvchidagi bilim hamisha o‘qituvchi ko‘ziga boshqa nuqsonlarini ko‘rsatmaydigan asosiy parda bo‘lib, xalaqit berib kelgan. Shu tufayli, ilg‘or pedagoglar baholashida ham ayrim paytlarda norozilik tug‘ilib kelgan va kelmoqda.

Men ayniqsa, chorak baho chiqarayotganda o‘quvchiga yakuniy baho qo‘yishda hamma o‘quvchilar diqqatini tortaman. Chunki, mendagi eng yaxshi o‘rta o‘qiydigan o‘quvchilarda ham bahoning hamma turi bor bo‘ladi: «1», «2», «3», «4», «5». Indamay baho qo‘yishga odatlanmaganim va oshkoralikka qat’iy amal qilganim uchun o‘quvchilar bu sohada hech qachon mendan norozi bo‘lgan emaslar. Agar o‘qituvchi eng a’lo o‘qiydigan o‘quvchiga, dars tayyorlamay kelib, zo‘rg‘a o‘rtaga javob bergan vaqtdayam a’lo baho qo‘ysa, o‘zi bilmagan holda o‘qituvchi bola shaxsining sig‘inuvchisiga, ochig‘i, quliga aylanib qoladi. Bunday qilganda, birinchidan, o‘quvchida muntazam dars tayyorlash odati susayadi, ikkinchidan, xarakterida manmanlik paydo bo‘ladi, uchinchidan, o‘qituvchi o‘quvchilar oldidagi hurmatini yo‘qotib qo‘yadi.

A’loga o‘qiydiganni taltaytirish yoki o‘rtacha o‘qiydiganga hadeb tanbeh berish usuli nobop usul. Chunki, bolaning qay holda o‘qishi qobiliyatining mahsulidir. Ana shu qobiliyatga qarab yo‘naltirish esa bizning vazifamizdir va aynan islohning talabi ham shundan iboratdir. Ba’zilar, «bahoda gap yo‘q, kallasida bo‘lsa bo‘ldi», deb o‘zini yupatgan bo‘ladi. Bu ham xato. Axir bola o‘rta maktabni bitirib, biron oliy o‘quv yurtiga kirib, o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lsa, kirish imtihonida albatta attestatidagi bahoga ham qaraladi-ku. Agar attestatida baho o‘rtadan iborat bo‘lsa, «kallali bola» deyilgan baho bilan hech qachon uni oliy o‘quv yurtiga qabul qilmaydilar.

Bu borada sinfdan tashqari o‘qishni baholash haqida ham ayrim fikrlarni aytmoqchiman. Ba’zi hamkasblardan bu sohadagi baholashni so‘rasam, «alohida daftar tutib, o‘shanga qayd qilib boramiz», degan javobni berishdi. Menimcha, bu noto‘g‘ri. Bola davlat hujjati bo‘lmish jurnal bilan o‘qituvchi yon daftarining farqini, mas’uliyatini juda yaxshi anglaydi.

Sinfimdagi o‘quvchilar har safar ro‘znoma, oynoma va kitoblardan she’r yodlab keladilar. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi taniqli shoirlar bilan birga Muhammad Yusuf, Zulfiya Mo‘minova, Mirzo Kenjabek, Xurshid Davron singari iste’dodli shoirlar she’rlaridan ham yodlab kelib, dars boshida, yo oxirida aytib beradilar. Albatta olgan baholarini jurnalga qo‘yaman. Bunda bola, birinchidan, she’riyat olamining ranglarini his qiladi, ikkinchidan, xotirasi o‘tkirlashadi; uchinchidan, insho yozayotganda epigraf tanlashda qiynalmaydi, to‘rtinchidan, nutqi ravon, tili burro bo‘ladi.

Nasriy asarlarni o‘qish uchun esa o‘zim juda qisqa va qiziqarli qilib turtki beraman. Bir kun sovrindor asarlar yuzasidan munozara bo‘lishini aytib, quyidagicha izoh berdim: «Bu yilgi Hamza nomidagi jumhuriyat Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan asarlar orasida yozuvchi Nosir Fozilovning «Ustozlar davrasida» asari bor. Bu asar qozoq va o‘zbek adiblari haqida yodnoma bo‘lib, ikki buyuk xalqning madaniyati, san’ati va adabiyotining rivojlanishida, do‘stligida misoli bir «ko‘prik» vazifasini o‘tashi mumkin.

Yana biri Halima Xudoyberdiyevaning «Muqaddas ayol» she’riy to‘plami. Mazkur to‘plamni o‘zbek she’riyati osmonidagi yangi yorqin yulduz deyish mumkin.

«Temir xotin» spektakli haqida o‘ylaganda o‘z onalaringiz, opalaringiz mehnatini ko‘z oldingizga keltirsangiz, bas.

Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romani. Uslub jihatidan boshqa romanlardan farqlanib turadi, yozuvchi voqea-hodisalarning hali u yoniga, hali bu yoniga o‘tib yozadi. O‘qib chiqib, «XX asrning «Zarbulmasali», deya baholadim.

Bolalar ushbu asarlarni topib, o‘qishga kirishdilar. Muhokama paytida esa «Lolazor»ni o‘qib tushunmaganliklarini tan olishdi. Shundan keyin doskaga roman syujet liniyasini chizib, markaziga Nazar Yaxshiboyevni qo‘ydim. So‘ngra, voqeaning qoq tepasida turib tasvirlagan, go‘yo uchqur otni mingan chavandoz misol, ma’no, g‘oya va manzaralarni lo‘nda beraolgan, sevimli yozuvchimiz Said Ahmadning «Jimjitlik» romanini o‘qisangiz… deya qo‘shib qo‘ydim. Kutilmaganda g‘alati hodisa ro‘y berdi. «Bobur» videofilmini ko‘rgan o‘quvchilardan biri «Boburnoma»ni tatalab o‘qibdi. Bu o‘rinda bir narsani tan olib aytamanki, ayrim til-adabiyotchilar, hatto taniqli, unvondor o‘qituvchilarimiz ham ushbu mashhur asarni o‘qib, tushunmaganliklarini tan oladilar.

— Videofilmda bir joyi noto‘g‘ri berilibdi, — dedi B. Nizomova, — o‘n yillik ayriliqdan so‘ng Bobur emas, aksincha Xonzodabegim tanimas ekan.

— Romanni o‘qib chiqinglar, — deb topshiriq berdim o‘quvchilarga, — chunki film roman asosida yaratilgan.

Xullas, mustaqil fikrlar ayta olgan va ba’zi mulohazalari tahsinga loyiq o‘quvchilarni nega a’lo baholab, jurnalga qo‘yish mumkin emas?! Albatta, Barno Nizomovaning yuqoridagi kuzatishlari asosida aytgan fikriga, baho mezoni o‘ngacha bo‘lganda edi, «10» qo‘ygan bo‘lardim.

Demak, sinfdan tashqari o‘qishda o‘quvchilarning qiziqishini oshirish, fikrlashga o‘rgatish uchun o‘qituvchi avval o‘zi yangi asarlarni o‘qib chiqmog‘i, o‘zicha baholamog‘i va izohlamog‘i lozim. Agar o‘qituvchining o‘zi biron olim, yo adabiyotshunos tahlilidan chiqmay, o‘sha doirada fikr bildirsa, o‘quvchi ham tayyor manbalarni qidirishga va «qolpaki» fikrlashga o‘rganib qoladi. Demak, yoshlarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish haqiqiy talant egalarini tarbiyalashning muhim omilidir. O‘quvchining bu boradagi izlanishlarini qayd qilib borish esa uning faolligini oshiradi. Qisqasi, o‘quvchilar bilimini baholashda biz yuqoridagi shartlarga amal qilsak, bolaga ko‘p yaxshilik qilgan bo‘lamiz.

Xulosa qilib aytganda, o‘quvchi qobiliyatini o‘stiradigan ham, yo‘qotib yuboradigan ham o‘qituvchi hisoblanadi. Bunda ayniqsa uning bilimini to‘g‘ri baholash muhim mezonlardan sanaladi. Bola bilimini baholashda adashmaslik uchun esa oshkoralikka qat’iy amal qilish lozim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 1-son

O‘xshash maqolalar: