Abdulla Oripov. Insof va diyonat izlab (1992)

Ba’zi kitoblarimning nashr qilinishi — men uchun katta tuhfadir. Ushbu to‘plamim ikki bo‘limdan iborat. Ularda turli mavzudagi she’rlar jamlangan. Albatta, men ularning har birini sharhlab o‘tirmayman. Shiddat bilan o‘zgarayotgan davr hech birimizni befarq qoldirayotgan emas. Jumladan, “Adolat oftobi” she’rim O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi e’lon qilingan kuni yozilgan bo‘lib, men uni ilk marotaba Oliy Kengash minbaridan o‘qib berganman. Boshqa she’rlar xususida ham shunga o‘xshash izohlar berishim mumkin. Biroq, hozirgi asosiy gapim to‘plamning birinchi bo‘limi — “Hikmat sadolari” haqidadir.

Keyingi yillarda Qur’oni Karim hamda Hadisi Sharif tarjima qilindi. Kishi haqiga xiyonat qilma, deyiladi. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Zino qilma, yetim-esirning boshini sila, ota-onang qadriga yet, nafsingni tiy, haromharishdan hazar qil, o‘tkinchi dunyoga ortiqcha hirs qo‘yma, deyiladi. Xo‘sh, bularning nimasi yomon? Odam bolalari birbirlarini ayovsiz qirayotgan, o‘g‘rilik va fahsh, aldamchilik va kibr avjiga chiqqan, xullas, odam bolasi vahshiy hayvonga aylanib ketayotgan makruh davrlarda insof va diyonatta chorlash, nahotki, qoloqlik va madaniyatsizlik hisoblansa?

Bir qism mutaassiblar quyidagi savolni ham berishadi. Ya’ni, biz yaxshimizmi yoxud yomonmizmi — barchasi Ollohdan-ku! Demak, ayb bizda emas! Holbuki, Islom tariqati uqdiradiki, Olloh bandasiga hidoyat yo‘lini ko‘rsatgan. Bu yo‘ldan u yuradimi yoki yo‘qmi — bu masala bandaning ixtiyoridadir. Ya’ni, u shaxs sifatida erkindir. Lekin u yomon qilmishlari uchun oqibatda javob bergusidir (“Hidoyat yo‘li” she’ri). O‘ylaymanki, insoniyat texnikaviy jihatdan nechog‘lik yuksaklikka ko‘tarilmasin, u axloqiy tubanlikdan qutulmog‘i uchun bashariyatning asrlar mobaynida to‘plagan ma’naviy tajribasiga tayanmog‘i shart. Shu o‘rinda men Payg‘ambar alayhissalom fazilatlari haqida qisqacha suxan aytmoqchiman. Chunki baytlarimizning mag‘zi asosan u zoti sharifga qaratilgandir. Muhammad alayhissalom nainki payg‘ambar, ayni vaqtda nihoyatda saxovatli dunyoviy inson, sohib xonadon, sadoqatli va odil do‘st, pokiza va kamtar shaxs, beqiyos va komil faylasuf bo‘lganlar. Bizgacha yetib kelgan hikoyatlarga ko‘ra Rasulullohning yashash tarzi, fikr yuritish yo‘sini oddiylik va suyuklikning betakror timsoli hisoblanadi (“Hordiq” she’ri).

“Hikmat sadolari” qirq she’rdan iborat. Albatta, bu sanoq ramziydir. Biz she’riy hadislarni davom ettirish niyatidamiz. Ushbu she’rlar turli manbalardagi hikoyatlar, lutflar ta’sirida yozilgan. Biroq eng muhim ta’sir qalbga bo‘lgan ta’sirdir. Boshqa biror dinga mansub bo‘lgan shoir ham bu hikmatlardan hayratga tushmog‘i muqarrar edi. Biroq bu hikmatlar mening uchun tamomila o‘zgacha ziyoratgohdir. Ular mening e’tiqodimdir. Men ularni zinhor-bazinhor qayta so‘zlab bergan emasman. Takror aytaman, ular menga turtki bo‘ldi, xolos. Shu o‘rinda Gyote, Pushkin kabi ulug‘ shoirlarning Qur’onga iqtibos yozganlarini eslab o‘tish joizdir. Turkumdagi ba’zi she’rlarning mazmuniy, shakliy qurilmasini o‘zim topganman. Masalan, “Shoh va gado”, “Farzand”, “Mavhum zot” va hokazolar. Biroq ular Qur’on suralariga muvofiqdir, ular Payg‘ambar alayhissalom pandu nasihatlariga sira ham zid kelmaydi. Bir qator she’rlarni esa qisman bo‘lsa-da izohlab berishga to‘g‘ri kelar. Chunonchi, Oyisha onamiz Rasulullohning umr yo‘ldoshi (“Oyisha” she’ri). Bilol Habashiy tarixiy shaxs, u habash millatiga mansub bo‘lib, Muhammad payg‘ambarimizning sahobalaridan biri. Birinchi azonni ham hazrati Bilol aytganlar (“Bilol Habash” she’ri).

Vujudning alal-abad qismati haqida, ya’ni, shuningdek, Qur’on tafsirlarining o‘zbek tilida paydo bo‘lishi g‘oyat katta hodisaga aylandi. Ushbu durdonalar, ulardagi ajoyib tashbehlar nafaqat mo‘min-musulmonlar, balki jami bashar farzandlari uchun beqiyos ibrat maktabidir. Attang, necha-necha o‘n yillar mobaynida bu xazina ham bekitib kelindi. Go‘zal rivoyatlar, mukammal hikoyatlar majmuasi bo‘lmish Rabg‘uziy kitobi, Imom at-Termiziy singari mo‘tabar zotlarning payg‘ambarnomalari, tarixnomalari ham nashr etilmadi. Ularning barchasiga birvarakayiga bid’at, xurofot tamg‘asi bosilgan edi. Holbuki, ularning xurofotga hech qanday aloqasi yo‘q. Asl diniy dunyoqarash tirik tafakkurning hayotdagi jonli qo‘llanmasi hisoblanadi. Bid’at va xurofot esa taraqqiyotni sira ham tan olmaydigan, joyidan jila olmaydigan xarsang toshdir. Xurofot nainki din atrofida, balki dunyoviy fanlar atrofida ham paydo bo‘laveradi. Hayotshunoslik — irsiyat (genetika) ilmining boshiga tushgan qora kunlarni eslang. Butun jahonda irsiyat yuksak ilm darajasida o‘rganilib turgan bir sharoitda sobiq tuzumimiz genetikachi olimlarning kallasini olib tashladi. Yoxud Michurin singari telbavash zotlar atrofida zamonaviy xurofot yaratildi.

Islom diniga qarshi kurash ikkita yo‘nalishning murodu maqsadlari tufayli paydo bo‘lgan edi. Birinchisi, mustamlakachilik siyosatini omma orasida ma’naviy jihatdan o‘rnatish bo‘lib, u bechora xalqqa: “peshonangda borini ko‘rgaysan” singari qotib qolgan aqidani singdirar edi. Bu o‘rinda o‘zimizning chalamulla baloxo‘rlarimiz ham haybarakallachilik qilib turdilar. Ikkinchisi, marksistik ilmiy dunyoqarash bo‘lib, u hech bir o‘ylab o‘tirmasdan diniy tafakkur ilmini afyun deb atadi. Moziyning ulug‘ allomalarini ko‘knori xayolga chiqardi. Holbuki, tarix buning aksini isbotladi. Ya’ni, marksist mutafakkirlarning o‘zlari xayolparast ko‘knorilar bo‘lib chiqdilar. Ular o‘ylab topgan notabiiy jamiyat qurilmasi axloq qasrlarini vayron qildi, insonni orzularidan ayirib, ularni poda yanglig‘ temir qafaslarga haydadi. Men albatta biror din sohasida mutaxassis olim emasman. Biroq, Islom tarixi, ayniqsa Qur’on hamda Hadislarni birmuncha o‘rganib, shunday xulosaga keldimki, har qanday olijanob va ezgu tuyg‘ular Islomga ham xosdir, ayni vaqtda Islom har qanday olijanob va ezgu tuyg‘ularga mos keladi. Muhammad alayhissalomning so‘nggi hamda eng komil payg‘ambar deb hisoblanishining tub sababi shunda emasmikan! Bordi-yu, endi boshqa bir payg‘ambar chiqqan taqdirda ham u insoniyatga Muhammad alayhissalomdan ortiq yana nimani hadya eta olardi! Olijanob insoniy tuyg‘ular xususan Hadislarda g‘oyat go‘zal tashbehlar vositasida bayon qilinadiki, biz ularni badiiy kashfiyotdek qabul qilamiz. Masalan, hadischi bobolardan biri, sahobalar Payg‘ambar alayhissalom o‘gitlarini xuddi boshiga qush qo‘nib turgan kishi kabi ehtiyotlik va ziyraklik bilan tinglar edilar, deydi. Hadislarda yuqoridagi singari o‘xshatishlar, tashbehlar son mingta. Biroq, eng muhimi, gap moddaning ikkinchi shaklga o‘tish dialektikasi xususida ko‘pdan-ko‘p shohona baytlar yozilgan. Jumladan, Umar Xayyom ruboiylarida, inson tanasining tuproqqa aylanishi, tuproqdan esa kulollar ko‘za yasashlari dohiyona zukkolik bilan tasvirlanadi. Holbuki, bu hikmat Iso payg‘ambar nomi bilan bog‘liq bo‘lib, juda uzoq tarixga borib taqalar ekan (“Jon achchig‘i” she’ri). Demak, bu ko‘hna dunyoda yangi gap aytdim, deya iftixor qilish mutlaqo o‘rinsizdir. Shuningdek, rivoyatga o‘xshash ba’zi she’rlarni o‘qiganda ularning tarixiy manbasini axtarish kerak emas, ular umumiy kayfiyatning ayni paytdagi juz’iy shaklda ko‘rinishidir (“Hasad” she’ri). Ushbu gaplarni astoydil uqtirayotganimizning, albatta, sabablari bor. Bir yoqlama fikrlashga o‘rganib qolgan guruhbozlar bizning kabi kimsasiz odamlarni kamsitish yoxud ayblash uchun hamisha payt poylab turadilar. Ular o‘z manfaatlari yo‘lvda hech narsadan toymaydilar. Eslab ko‘ring, “O‘zbeklar ishi” munosabati bilan minglab yurtdoshlarimiz hibsga olinganda, hech bir gapni surishtirmasdan, bu juda ham to‘g‘ri ish bo‘ldi, deya ayyuhannos solgan o‘zimiz emasmidik? (“Mavhum zot” she’ri.) Xullas, dunyoda gap ko‘p ekan. Insofni esa, avvalo, har kimning o‘ziga bersin.

1992 yil.