O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ulug‘ eposimiz — “Alpomish” dostonining katta to‘yini nishonlash to‘g‘risidagi tarixiy qarori xalq og‘zaki ijodiga, buyuk merosga yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi. Ushbu qarorda “Alpomish” dostoni ajdodlarimiz ijodiy dahosining ulkan badiiy yodgorligi sifatida jahon xalqlari etnik ijodiyoti namunalari ichida munosib o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, mazkur epos Vatanning mustaqil rivojlanish davrida millat birligi va ma’naviy uyg‘onish, milliy g‘urur va o‘z-o‘zini anglash ramziga aylangani rost. Qolaversa, doston to‘yini nishonlash YuNESKOning 1999 yildagi tadbirlari rejasiga kiritilganligi ham bejiz emas. Ha, barcha sa’y-harakatlarimiz folklor merosini avaylab-asrash va avlodlarga to‘la yetkazishga qaratilgandir.
Shu boisdan ham butun xalqimiz, ayniqsa, biz, ijod ahli shoirlaru adiblar, tanqidchilaru adabiyotshunoslar, xususan, folklorshunoslarimiz katta tashkiliy va ijodiy ishlarni boshlab yubordilar. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari xalqimizning Alpomishdek suyukli va ardoqli qahramoniga bag‘ishlab turkum she’rlar, balladalar, badiiy filmlar, sahna asarlari yaratdilar va yaratmoqdalar. “Alpomish” ning yuksak badiiyati, unda aks etgan milliy va umumbashariy qadriyatlar, dostonning hozirgi yeshlar ma’naviyati, ma’rifati va axloq-odobida tutgan o‘rni kabi qator masalalar bo‘yicha ilmiy, ijodiy tadqiqotlar olib borilmoqda, kitoblar chop etilmoqda. Ana shu kitoblarga joylardagi Alpomish avlodlarining homiylikni o‘z zimmalariga olib, saxovatpeshalik ko‘rsatayotganliklari har qancha tahsinga loyiq.
Ma’lumki, respublika Yozuvchilar uyushmasining faol a’zolaridan bir guruhi fidoyi alpomishshunos va alpomishxonlar bilan hamkorlikda uch yo‘nalish hamda uch bosqichdan iborat “Alpomishni izlab…” xalqaro muntazam ilmiy safarni tashkil qilgan edi.
Alpomishshunoslikda muhim voqea bo‘lgan bu safarni O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi qo‘llab-quvvatladi va bevosita rahbarlik qildi, unga uyushmaning viloyatlardagi bo‘limlari ham o‘z ma’naviy va moddiy yordamlarini ayamadi.
Mazkur xalqaro ilmiy safarning birinchi — “Alpomish Vatani” deb tan olingan qadimiy Surxondaryo, qolaversa, Qashqadaryo vohasi yo‘nalishida olib borilgan dastlabki izlanishlarda qo‘lga kiritilgan noyob materiallar asosida folklorshunoslar — professor Malik Murodov va dotsent Abduolim Ergashevlar “Alpomishnoma” turkumiga kiruvchi 1-kitobni — “Surxondaryo talqini”ni yaratdilar va bu kitob “Mehnat” nashriyotida mamlakatimiz mustaqilligining 8 yillik to‘yi arafasida bosmadan chiqdi va to‘yga tuhfa etildi. Ushbu kitobga O‘zbekiston Respublikasi Don mahsulotlari korporatsiyasining Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Sharof Rashidov nomli don mahsulotlari hissadorlik jamiyati (rahbari Omonpolvon Beknazarov) homiylik qilganligi g‘oyat diqqatga sazovordir.
Shuni alohida qayd qilish kerakki, xayrli maqsadlar ko‘zda tutilib, o‘z vaqtida tashkil qilingan “Alpomishni izlab…” safari fanga, xususan, folklorshunosligimizga juda ko‘p yangiliklar berdi. “Alpomishnoma”ning “Surxondaryo talqini”da boy va betakror o‘zbek xalq ijodi, jumladan, Janubiy O‘zbekiston folklorining hali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan, ammo elimiz bag‘rida asrlar davomida yetilib, san’atkor, zukko baxshi-shoirlarimiz tili va dilida yashab kelayotgan “jonli” sahifalarni izlab topishga va ularni o‘qishga, yozib olib, oltin fondni to‘ldirishga muvaffaq bo‘lgani bot-bot ta’kidlanadi. Ayniqsa, mazkur kitobda Janubiy O‘zbekiston hududida “Alpomish” eposi bir qancha mustaqil dostonlardan tashkil topgan mukammal biografik turkum ekanligi inkishof etiladi. Vaholanki, biz shu kunga qadar Alpomish haqidagi “Alpomish” va uning farzandi — “Yodgor” dostonlarini hamda ularning bir nechta variantlarinigina bilardik, xolos.
Ma’lum bo‘lishicha, ana shu turkumni tashkil etgan “Beva Barchin yoxud Barchin Bekach” (aytuvchi: Qahhor baxshi Qodir o‘g‘li), “Yodgor” (ikki variantda, aytuvchilar: Chori baxshi Umir o‘g‘li va Qahhor baxshi Qodir o‘g‘li); “Yo‘lchibek yoxud Xudoyor (Alpomishning Tovkaoydan bo‘lgan ikkinchi o‘g‘li haqida, aytuvchi: Chori baxshi Umir o‘g‘li), “Shomurod” (Yodgorning qaynotasi, aytuvchi: Chori baxshi Umir o‘g‘li), “Xursanoy” (Yodgorning singlisi, aytuvchi: Chori baxshi Umir o‘g‘li), “Qo‘ng‘ir yoki Boysari” (aytuvchi: Qora baxshi Umir o‘g‘li) kabi bir nechta mustaqil dostonlar borligi, ular baxshilar repertuarida jonli an’analarda ijro etib kelinayotganligi ilk bor aniqlangan. Shuningdek, “Alpomish” dostoni qahramonlari bilan bog‘liq va faqat Surxondaryo vohasidagina uchraydigan joy nomlari, jo‘g‘rofiy atamalar, yuzdan ortiq rang-barang naql va rivoyatlar, afsonalar, safar tafsilotlari “Kundalik”, “Tundalik” va “Yo‘l bitiklari” shaklida kitobga muhrlangan. Eng muhimi, unda umumiy ilm-fan, xususan, tarix va xalq pedagogikasiga, adabiyotimiz va san’atimiz, folklorlarimiz va etnografiyamizga oid bebaho manbalar — xalqimiz ma’naviyati, ma’rifati va axloqiy-ruhiy tarbiyasiga doir ma’lumotlar o‘z tajassumini topgan. Shuningdek, kitobda “Sherobod dostonchilik maktabi”, “Boysun dostonchilik maktabi”, “Sherna shogirdlari”, “Shernazar Berdinazar o‘g‘lining oilaviy baxshilik shajarasi”, “Mardonaqul Avliyoqul o‘g‘lining ustoz-shogirdlik shajarasi”, “Umir Safar o‘g‘lining ustoz-shogirdlik shajarasi”, ‘Qodir baxshining ustoz-shogirdlik shajarasi”, “Qodir baxshi suv ichgan daryolar” kabi o‘ndan ortiq baxshi-shoirlar shajaralarining berilishi ham katta mehnat, teran ilmiy izlanishlar samarasidir.
Mamlakatimizda ma’naviyat, ma’rifat va mafkuraga juda kagga e’tibor ko‘rsatilayotgan, xalqimiz, xususan, ziyolilarimiz bu da’vatga astoydil javob berayotgan bir paytda Alpomishnoma” kitobining dunyo yuzini ko‘rishi alohida ahamiyat kasb etadi. Zotan, uning nazariy va amaliy samarasi ham ana shunda.
Xullas, “Alpomishnoma”ning birinchi kitobi — “Surxondaryo talqini” xalqimizning badiiy tafakkuri bo‘lgan “Alpomish” dostonini o‘rganishga biryoqlama yondoshish mumkin emasligini ko‘rsatdi. Endilikda uning o‘nlab variantlari chop qilinib, doston qatlaridagi o‘zbekona oriyatni, fikrlashni, oila sha’ni, xalq birligi, Vatan taqdiri uchun kurashchanlik g‘oyalarini va boshqa ko‘plab ibratli jihatlarni targ‘ibu tashviq qilish vaqti yetdi. Bu milliy va ruhiy qadriyatlarimizga, tariximizga, bugunimiz, kelajagimizga umid-ishonch bilan qarash garovidir.
1999 yil