Nazir To‘raqulov. O‘zbek qarindoshlarimizning diqqatlariga (1922)

Otang bolasi bo‘lma, odam bolasi bo‘l. «Oq jo‘l» gazetasining o‘tkan no‘mirlarining uch-to‘rtida Sirdaryo-Ettisuv muzofotlarining Qozoqistong‘a munosabati haqida maqolalar bosilib edi. «O‘yindan o‘t chiqar» deganday bu maqolalardagi bir-ikki qo‘pol iboralar o‘zbek yoshlarining nafsiga tegib ketkanda o‘ylanmag‘an, kutulmagan joydan mayusiyat paydo bo‘lgan. Bu sababdan «Oq jo‘l» idorasi hozirgi muharriri boshida bo‘lg‘an holda ushbu bayonnomani o‘z tomonidan intishor etmakni lozimi farz topdi. Avval bir-ikki so‘z qo‘pol iboralardan: «Jetisuv-Sirdaryoni Qozog‘istong‘a qo‘shuv tarixi durus» (128 no‘mir) ismlik maqolada uchunchi ustun to‘qqizinchi yo‘lda og‘a-inilarga qattiq tekkan bunday ibora bor: «Qozoqding o‘rtaliq hukumati turarliq loyiqti faloni bo‘lmag‘an so‘ng bochkurt, totor ham o‘rus og‘a-inlarimiz O‘rinburg‘dida berib edi. Chirakdan kezding ortiqdig‘i bor. Toshkantdi sart bovurlari qozoqqa bersa g‘ajab emas».

Mana bu iborada «qulaysiz» nuqta bor: birinchi, Toshkant masalasi va ikkinchi, «sart» so‘zi. Toshkant masalasidan boshlasaq maqolaning egasi «Chirakdan kez ortiq» (Choryakdan gaz ortiq), ya’ni atrofida musulmonlar ko‘bchilik tashkil etmagan O‘rinburg‘dan Sharqqa yaqin, ichi, tishi, o‘z elimiz va o‘z og‘aynimiz bilan to‘liq Toshkant yaxshi degan ma’ni chiqar. Sakkiz-to‘qqiz millio‘nlik bir elning birgina bo‘lsun shahri yo‘q. Tabiiy shunday bir elning bir kishisi og‘zidan sofdilona shul so‘z chiqib, ko‘ngli Sharqqa, og‘a-inilariga qaray tortibdir. Maqolaning harfidan, ma’nisidan boshqacha bir fikr chiqarmoq mumkin emas.

Sart so‘ziga kelaylik: bu so‘z o‘n-o‘n besh yildan beri o‘zbek-tatar matbuotida ham mavzui bahs bo‘lub keldi. «Vaqt» gazetasiga o‘n besh yil burun o‘zbek yoshlari tomonidan ul vaqtlarda tatar matbuotida mustamal bo‘lg‘an «sart» so‘zig‘a qarshi protest yozilib bundan keyin «sart» so‘zi ishlatilmasun degan talab qo‘yuldi va bu so‘z Turkistong‘a birinchi o‘rus qo‘shunlari bilan to‘ra-tilmoch bo‘lub kelgan qozoqlarning og‘zidan chiqib yoyilib ketkan edi. Shul zamondan beri necha yil, oy, kun o‘tdi. Turkistonliklar bu muddat ichida xili o‘sdi. Har qaysisi o‘zini-yo‘ldoshini tanidi. O‘zbek Amir Navoiysini topdi, qozoq Oboyni tutdi. Siyosiyot va taraqqiy yo‘llarida bir-biri bilan mahkam qo‘lga-qo‘l berishib o‘rtadagi umumiy dushman bo‘lgan mustamlakachiga qarshi kurashmak, olishmoqning luzumini bildi. Bu taraqqiy va salomat yo‘lida ulug‘ bir hodisaki, hammamizning idrok etmagimiz kerak. Bu kun kelamizki sart so‘zini birar kishi atig‘lab ijod etmagan. Uyg‘ur adabiyotiniig shoh asari bo‘lg‘an: «Qutadg‘u bilig»da, o‘zbek-chig‘atoy adabiyotining muhtaram va biz tomondan ham aziz ko‘rilgan Amir Alisher Navoiyni go‘zal ash’orida, Boburning keng ruhlik o‘z zamoniga ochiq fikrlik «Boburnoma»sida bu sart so‘zini ko‘ramiz.

Turkmanlarda «Tangri bilmayani tot bilar» degan maqol bor. Mojorlar slovak xalqi haqida bunday deydilar: «Bo‘tqa taom emas, tot odam emas». Bu balki sathiy misollarning o‘zidan ham sart so‘zining turk xalqlari og‘zida burundan kelayotkan bir so‘z ekanligi ma’lum bo‘lib ma’nisi, albatta, hammaga majhuldir. Har holda shunisi ma’lumki sart deb aksari (Kaufman) savdogar sinfini demishlar. Kelajaqda ijro etilaturgan fanniy ximmatlar, balki ma’nisini lozim darajada ochiq va aniqligi bilan topar. Lekin hozirgi ma’lumi bu darajada. Asrlardan beri xalq og‘zida kelayotkan bir so‘zni uch-to‘rt kunda bitirmak mumkin emas. Odatga tortib ketaberar. O‘zbekning o‘zida hozirgi shahar xalqini hanuz sart deb to‘lub yotqan maqollar chiqarmish.

O‘zbeklar aksari tojik xalqini sart deydir. O‘ratepa, Samarqand atrofida nim ko‘chma holda qolg‘an nayman, jaloyir, yuz, xitoy, qang‘li, qo‘ng‘irot ismlik o‘zbek ellari orasida yurgan kishilar tasdiq etsalar kerak. Qozoqda, qora xalq o‘zbek ham sart haqida «O‘zbek o‘z og‘am, sart-sadag‘am» deyar. Binobarin masalaning fanniy jihat to‘g‘risida ko‘b va ko‘b xalqlarning adabiyotini, urf va odatini, misol va tamsillarini izlamak kerak, balki bu yo‘l fanniy kashfiyotka ko‘b xizmat beradir.

Kelaylik rasmiy matbuot va istilohotimizga: yuqorida marhum «Vaqt»nida keltirdik va necha va necha uzun, qisqa misollarni o‘rtaga soldiq. Maqsadimiz tatar matbuoti ham bir necha uzun munoqasha, bir necha ko‘ngilsiz siyosatlardan keyin borib boyag‘i so‘zni qo‘ydi, tashladi. Odat insondan zo‘r bo‘lur. Tabi’iy Turkistonning o‘zida ham bu so‘z ko‘b vaqtgacha cho‘zulub yurar. Matbuotlarda ham ko‘b munoqashalarga sabab bo‘lur. Faqat bu munoqashalarni birodarona nasihatlar bilan bir birlariga tushundirmak yo‘li bilan daf qilmoq chorasidan boshqa chora yo‘q. Ma’yusiyatdan orada mustamlakachilik bor, foyda chiqmas, balki necha va necha siyosiy zararlar paydo bo‘lar. Har bir go‘dakka ma’lumdir bu.

«Odat zo‘r, bu eski so‘z» degan fikrlardan «Oq jo‘l» yo bir boshqa gazet va matbuot bu so‘zni iste’mol eta beradir. «Xudoga yig‘langiz» degan bilan natija chiqmaydir. Qat’iyan bu so‘zlar bilan kasalning uzoqdan kelganliginigina ko‘rsatdik. Masalaning surati zuhurini bayon etkanda nafsiga og‘ir tushkan yo‘ldoshlarning jahli bir daraja tushar degan umid bilan yozildi. Boshqa g‘araz yo‘q. Fursatdan istifoda qilib aytamizki: bizning oramizda ham boshqa xalqlar kabi millatchi mutaassiblar bor. Bizning oramizda ham johil va jaholat sinfi bor. Ziyoliklarning safida, yurtning boshchilari orasida o‘nlar kamchilikni tashkil etar. O‘nlarning qozoq yurti ismidan rasmiy suratda so‘ylamakka haqlari yo‘q va hech vaqt umid etmaymiz. Bo‘lmasa-da, o‘nlar yurtni xarobalikka, siyosiy va ijtimoiy falokatlarga boshlar, tariximiz shohiddir.

Bizning e’tiqodimizga, mustamlakachilikka qarshi tanda jon, yurakda dam bor — olishmoq, tortishmoq va shul bechora mamlakatni ulug‘ yo‘lga olib chiqmoqdir. O‘z yurtimizni yaxshi ko‘ramiz. Boshqa yurtlarni-da, shul darajada yaxshi ko‘ramiz. Bu riyokorlik emas, chunki boshqa insonlarnida ehtirom eta bilmagan kishi o‘z yurtinida ehtirom eta bilmas. Kishi qadrini bilmagan o‘z qadrinida bilmas. Bu quruq dasturda emas, balki eng hayotiy, amaliy bir qoidadir.

Turkistonning baxt va saodati turkman, o‘zbek, qirg‘iz va qozoq mehnatkashlarining barobar himoyatlariga, sotsializm va og‘a-inilik yo‘lida harakat qilmoqlarig‘a muvofiqdir. Boshqa yo‘l yo‘q. Hech bir ko‘zi ochiq Turkiston yoshi inkor etmas. Faqat o‘rtada bir dog‘ hasrat qoldirg‘an «O‘shandog‘lar» (173 no‘mir) maqolasi bor. Bu haqda o‘zbek og‘aynilari huzurida ayni samimulqalb bilan e’tizor etarmiz. Idoraning boshliqlari ko‘rmasdan, xususiy bir mas’uliyatsiz bir kishi tomonidan berilgan va bosilib ketgan feleto‘n bo‘lub, bu haqda idora mas’uliyat chekmakka tayyordir. Har bir kishi va har bir muassasa qatorida mas’uliyat chekmak haloldir va bu yo‘l bilan o‘rtadag‘i og‘ayniliq shartini o‘rniga kelturmak nomiga har bir javobgarlikdan qochmas. Idora o‘z tomonidan mazkur kishi tomonidan yana maqola qabul etmayturg‘an bo‘ldi va bundan keyin ma’yusiyatlardan xoli bo‘lmak uchun nozik maqolalar kelgan holda idoraning boshliqlari tomonidan ruxsat bo‘lmay turib bosmayturg‘an bo‘ldi.

Chu uzvi badard ovarad ro‘zgor —
Digar uzvxoro namonad qaror[1].
Sa’diy

«Oq jo‘l» gazetasining vaqtincha muharriri Nazir To‘raqulov (Darvesh)

«Qizil bayroq»

1922 yil, 179-son, 27 may

——————

[1] Og‘riq kelsa biron azoga —
Og‘riq kelar hamma a’zoga.