Abdurauf Fitrat. Ahmad Yassaviy (1927)

Ahmad Yassaviy to‘g‘risida matbuotimizda bir-ikki yo‘la gaplar bo‘lub o‘tgan edi. Lekin, ular quruq maxtashlar ham anchagina falsafalardan to‘ldirilg‘an; shuning uchun Ahmad Yassaviyning hikmatlarini bo‘lg‘ani kabi tasvir qilib berish xizmatidan ojiz maqolalar[1] edilar. O‘zbek adabiyoti tarixini yozib turg‘anim munosabati bilan Ahmad Yassaviy bilan ancha mashg‘ul bo‘lushg‘a to‘g‘ri keldi. Mana shu mashg‘uliyatlarning qisqag‘ina bir xulosasini «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalining o‘qig‘uchilarig‘a arz etishni munosib ko‘rdim.

Tasavvuf to‘g‘risida

Arab bo‘lmag‘an o‘lkalarni din ismidan istilo etgan arablarning diniy ham milliy taassublari, mahalliy din, mahalliy madaniyatg‘a qarshu islom ismidan qattig‘ kurashlari, arab bo‘lmag‘an millatlarg‘a g‘o‘r qarab tahqir qilishlari (ayniqsa, umaviylar zamonida) arab-xalifat saroyining og‘ir isrofli chiqimlari, arab voliylari ham shunlarning dumlari bo‘lub yashag‘an mahalliy xonlar, beklarning og‘ir talablari ostida xalq, ayniqsa, mustamlaka xalqi so‘ng daraja ezilg‘an edi. Mana shu ezilishdan tug‘ulg‘an umumiy noroziliklar islomning to burung‘i zamonlaridan boshlab turli siyosiy, diniy oqimlarg‘a, muxolifatlarg‘a yo‘l ochib, shunlarning kengayishiga sabab bo‘lg‘an. Mana shul muxolifat oqimlarining eng kattasi, eng kengi ham juda ustasi o‘zining asoslarini islom taassubi ostida ezilg‘an mahalliy e’tiqodlardan olib maydong‘a chiqqan tasavvuf oqimidir.

Tasavvuf oqimining ustaligi uning sekinlik bilan, muxolifatni sezdirmasdan yurushidadir. Jomiy, Ibni Arabiy, Abdulkarim xalifa kabi e’tiborli tasavvuf muharrirlarining ko‘rsatganlariga ko‘ra tasavvufning turli darajalari, turli manzaralari bor (yozib turg‘anim o‘zbek adabiyoti tarixida bu to‘g‘rida mufassal ma’lumot bor)[2]. Yuqorida deganim kabi tasavvuf maslagi mustamlakachilarning mahkumlarg‘a qilg‘an adolatsizliqlaridan ham bu adolatsizliqning diniy taassubg‘a, dinga tayang‘anidan chiqg‘an aksi ta’siridir. Shuning uchun tasavvufning yuqori pog‘onalarida, yuqori bosqichlarida diniy taassubg‘a, ding‘a, shari’atga qarshu unsurlarning borlig‘i, ko‘blig‘i aniqdir. Tasavvuf maslakiga kirganlar birinchi bosqichda islomning butun hukmlarig‘a, axloq, ibodat, e’tiqodg‘a oid bo‘lg‘an butun dasturlarini qabul qilib kirganlari holda so‘ng bosqichlarg‘a to‘g‘ri kelgach bularning hammasidan, hech narsa sezmasdan uzoqlashib qoladilar. Qiyomat, me’roj, jannat, jahannam, tahorat, namoz kabi islom dasturlarini ta’vil qiladilar, ularga o‘zlaricha ma’no beradilar. Bu ishlar shuncha ustalik bilan boradirkim, «murid» oxirg‘i manzilga yetkancha qayoqqa borib turg‘anini sezmay qoladi.

Tasavvuf islom o‘lkasida to islomning burung‘i asrlaridan ko‘runa boshlag‘an. Hijriy ikkinchi asrda Shaqiq Balxiy, Ibrohim Adham kabi mashhur tasavvuf namoyandalari Turkiston o‘lkasida yetisha boshlag‘an edilar.

Yassaviy kim bo‘lg‘an?

Hijriy beshinchi asrda Eronning Hamadon shahrig‘a yaqin bir o‘runda tug‘ulg‘an Yusuf Hamadoniy degan bir odam diniy ilmlarni o‘rganib, katta shuhrat egasi bo‘lg‘ach, tasavvufg‘a ham berilg‘an edi. Mana shul mulla-mutasavvif Marv, Buxoro, Samarkent (Samarqand) shaharlarida xonaqohlar qurub shayxliq qila boshlaydi. Bizning Ahmad Yassaviyimiz ham mana shul Yusuf Hamadoniyning muridi, uchunchi xalfasidir.

Ahmad Yassaviy, bir rivoyatga ko‘ra Yassi (bugungi Turkiston) shahrida, bir rivoyatga ko‘ra Sayramda tug‘ulg‘an. Uning qachon tug‘ulishi ma’lum emas. Biroq vafotining hijriy 562 da bo‘lg‘anini hamda «Devoni hikmat»idagi shu:

To‘rt yuz yildan keyin chiqib ummat bo‘lg‘ay,
Necha yillar yurub xalqqa xizmat qilg‘ay —

baytini nazarda tutib, har holda uning hijriy to‘rtinchi asrning ikkinchi yarmnda tug‘ulg‘anig‘a hukm qilish mumkindir.

Yassaviyning otasi Shayx Ibrohim ismli eshon bo‘lub, uning yoshligida o‘lgan. Yatim qolg‘an Yassaviy u zamonning mashhur shayxlaridats Arslonbobdan (boshlang‘ich tarbiya) olg‘an. Arslonbob o‘lgandan keyin bizning Yassaviy pir izlab Buxoroga kelgan, yuqorida yozg‘animiz Yusuf Hamadoniyg‘a uchrab, shunga murid bo‘lg‘an. Yusuf Hamadoniy o‘lgandan so‘ng uchinchi xalfasi bo‘lub shayxliq qilg‘an. Bir ozdan so‘ng Buxoro shayxlignni Yusuf Hamadoniyning to‘rtunchi xalfasi bo‘lgan Abdulxoliq G‘ijduvoniyg‘a topshirib, o‘zi Yassig‘a qaytg‘an. Onda dala xalqidan ko‘b murid yig‘ib, xonaqoh ochib shayxliq qilg‘an. Yassaviyning fors adabiyoti vazn va uslubida emas, turk milliy vaznida, xalq adabiyoti uslubida yozg‘ani mana shul Yassiga qaytib, dala xalqidan muridlar to‘plag‘anidan keyin boshlang‘an bo‘lsa kerak. Yassaviy oltmish uch yoshiga kirgach, xonaqohda yer osti(dan) bir chillaxona qozdirib, shunga kirgan va dunyodan aloqasini kesgan kabi ko‘runub shayxliqni davom ettirgan ham shunda o‘lgan. Vafoti hijriy 562 nchi yildadir.

Hikmatlari

Ahmad Yassaviy she’rlarining har parchasiga «hikmat» unvoni berilgan, to‘planib kitob(ning) shakliga keltirilgan. Bu kun oramizda bu kitobning bir ko‘b qo‘lyozma nusxalari bo‘lg‘ani kabi Toshkent, Istanbul, Qozon shaharlarida bosilg‘an bosma nusxalari ham ko‘bdir.

Ahmad Yassaviyning bu asari hijriy beshinchi-oltinchi asrning adabiy bir yemishi[3], ya’ni mashhur «Qutadg‘u bilig» kitobidan bir asr so‘ngra «Hibat ul-haqoyiq» kitobi bilan bir asrda yozilmish bo‘lg‘ani uchun adabiyot, ayniqsa, el tariximiz uchun katta ahamiyatliq asarlaridan sanalsa kerak edi. Hijriy beshinchi-oltinchi asrda yozilg‘an turkcha asarlarning ozlig‘ini ko‘zga olg‘animizda bu asarning qiymati yana ortg‘an bo‘lur edi. Lekin baxtga qarshu mas’alaning shu tomoni kutganimizdan biroz boshqachadir: «Devoni hikmat»ning bu kun ma’lum bo‘lg‘an nusxalarining hammasi so‘ng zamonlarda yozilg‘an nusxalardir.

Uning Yassaviy zamonig‘a yaqin bir zamonda yozilg‘an bir nusxasi maydonda yo‘q. Bukun «Devoni hikmat»lardag‘i parcha haqiqatan Yassaviynikimi? Undan so‘ngra davom etgan shogirdlari, muridlari uning otig‘a ba’zi parchalar yozib tarqatmadilarmi? Bu kun(gi) «Devoni hikmat»ning hammasi, hech bo‘lmag‘anda bir qismi so‘ng zamonda yetishkan mana shunaqa shogirdlarining asarlari emasmi?

«Bu kun ilm dunyosida ma’lum «Devoni hikmat»larni mana shunday shubhalar ostiga qoldirish mumkin. «Devoni hikmat»ning Yassaviy zamonig‘a yaqin bir zamonda yozilg‘an biror nusxasi topilmaguncha, bu shubhalarni yo‘qotish mumkin emas. Bu shubhalar yo‘qolmag‘uncha, ma’lum «Devoni hikmat»larni til tarixi qarashidan tekshirishdan ilmiy bir natija chiqmaydi»[4].

Yassaviyning ta’siri

… O‘tgan shoirlar, adiblar, so‘filar orasida Yassaviy qadar o‘z ta’sirini kengaytgan bir kishini uchratib bo‘lmaydi. O‘rta Osiyoning shayxlari, eshonlari Yassaviyni o‘zlariga pir, ustoz deb taniydirlar. Ahmad Yassaviydan keyin uning uslubida she’r yozmoq turk shayxlari orasida «mo‘da» shakliga kirgan. Bular uslub, vazn, mafkura yog‘idan Yassaviyni aynan taqlid qilib «hikmat»lar yozgan va bu hikmatlarni machitlarda «jahr»[5] kunlarida o‘qutg‘anlar. Uning maslagida bo‘lg‘an Mansur ota, Abdumalik ota, Toj xo‘ja, Said ota, Sulaymon ota, Zangi ota, Uzun Hasan ota, Ismoyil ota, Ishoq ota, Sadr ota, Badr ota, Ali shayx, Mahdud shayx, Qamol shayx, Xodim shayx, Halil ota kabi shayxlar, ehtimolkim, shu yo‘lda hikmatlar yozdilar. Lekin bularning asarlari bu kun maydonda qolmag‘an. Yolg‘uz hakim Sulaymon otaning hikmatlari mashhurdir.

Ahmad Yassaviyni ta’qib etgan[6] kishilardan bizga ma’lum bo‘lg‘anlaridan biri hijriy 1263 da vafot qilg‘an Azim Xo‘jadirkim, hikmatlari hijriy 1312 da Toshkentda «Hikmati eshoni Azim Xo‘ja» unvoni bilan tosh bosmada bosdirilg‘andir.

«Devoni hikmat»ning Istanbul bosmasida Yusuf Bayzaviy, Qozon bosmasida Qul G‘arib taxalluslari borkim, bular Ahmad Yassaviy maktabida yetishkan shoirlardir. Yolg‘uz O‘rta Osiyoda emas, totorlar orasida ham Yassaviy bilan uning shogirdlari Sulaymon otaning katta e’tiborlari bo‘lg‘an, ularning hikmatlari xalq orasida qo‘ldan-qo‘lga yurub o‘qulg‘an, hatto necha daf’alar bosilib tarqatilg‘an. Totorlar orasida juda mashhur va mo‘tabar bo‘lgan «Badavom»da Yassaviy hikmatlarining shakli ko‘runib turgani kabi Yassaviy ham Sulaymon ota uslublarida xalq she’rlari ham bo‘lub o‘tkan (Totor adabiyoti tarixi. Feo‘dalizm davri. Ikkinchi bosma. A. Rahim, A. Aziz, b. 140). Ozari(y)larning mashhur mutasavvif shoirlari bo‘lg‘an Sayid Imod Nasimiy, turkman xalq shoiri Maxtumqulining, usmonli xalq mutasavvif shoirlarining Ahmad Yassaviydan ta’sirlanganlari ilm dunyosida ma’lumdir.

Bulardan oxirgisini keng bir shaklda izoh qilmoq uchun usmonli olimi Ko‘pruluzoda o‘zining kitobini yozib chiqardikim, adabiyotimizning tarixi bilan qiziqqan kishilarga mutolaasi lozimdir[7].

Yassaviy asarlarining buncha keng doirada yoyilib o‘qulg‘ani ham taqlid etilg‘ani, turkiy xalqlarning ommasi aro hayot va ong tomondan «bir turlilik»ning davom etkaniga dalil bo‘lsa kerak.

Yassaviyning muhiti

Yassaviyning hijriy beshinchi asrning oxirlarida yetishib, oltinchi asrning oxirlarigacha yashaganin yuqorida ko‘rgan edik. Yassaviyning mafkurasini ochiq ko‘rish uchun O‘rta Osiyoning hijriy beshinchi-oltinchi (milodiy 11 nchi—12 nchi) asrlardag‘i hollarining xulosasini qisqacha tasvir etmak lozimdir.

Markazlari Buxoroda bo‘lg‘an somoniylar hukumati hijriy 4-asrning yarimlarida kuchsizlana boshlag‘an. Qashg‘ardag‘i qoraxoniylar hukumati tez-tez O‘rta Osiyog‘a hujumga kirishkan, somoniylar sulolasi tamom bo‘lgandan so‘ng O‘rta Osiyo qoraxoniylar tomonidan idora etila boshlandi. Shul kunlarda Buxoro qashqarliq Ilikxon qo‘lida bo‘lsa ham uning Samarqand, Kesh (Qarshi — Behbudiy)[8] ham Qo‘qon viloyatlaridag‘i hokimiyati hech edi. Munda har bir voliy o‘zboshincha ishlar edi. Ba’zan bu voliylardan to‘rt-beshtalari birlashib, Mahmud G‘aznaviydan yordam olib, Ilikxonga hujum qilar edilar[9].

Qoraxoniy sulolasi zamonida hukmdor bitta emas edi. Ko‘chmanchi, yarim ko‘chmanchi xalqlarning hammasida bo‘lg‘anidek, qoraxoniylar xam boshda muxtoriyati kichkina viloyatlarg‘a bo‘ling‘an, so‘ngralari bulardan har biri mustaqil o‘lkalar sanalg‘an, bularning o‘zaro chegaralari tez-tez o‘zgarib turg‘an, ko‘brak o‘zaro urushlar bilan ham mashg‘ul bo‘lg‘anlar[10]. U zamonlar qoraxoniylar musulmon urug‘laridan edilar. Bular mana shul hollarda yashag‘anda «kofir» turklardan qoraxitoylarning hujumlarig‘a har vaqt uchrab keldilar. Milodiy o‘n ikkinchi (hijriy oltinchi) asrda qoraxitoylar O‘rta Osiyoni istilo qildilar. Qoraxitoylar ham istilo qilg‘anlari o‘lkalarni mahalliy feo‘dallarg‘a topshirib, oliy hokimiyatinigina o‘z qo‘llarida saqlag‘an edilar.

12-asrda Buxoroda eng katta boy va mulla bir oila hukum surardikim, bularga «al-Burhon» yoxud «sadr»lar unvoni berilgan edi[11]. Bular boshda qoraxoniylarg‘a tobe’ edilar. Qoraxitoylar kelgach, «sadr» Hisomutdin Umarni o‘ldurub, bularni o‘zlarig‘a qaratg‘an. Bu «sadr»lar hukumatining yonida qoraxi-toylarning bir vakili turar edi. Beshinchi-oltinchi asrlarda davom etgan bu tortishmalar, janjallarning zarari beklar, aslzoda boylar ham ularning quyruqlari bo‘lg‘anlarg‘a qarag‘anda ko‘brak tuban sinf, qora xalq atalg‘an ommaga zarar berar edi. Uzun surgan urushlarda ekin yerlarning yemirilishi, chorvalarning yoyloqsiz qolishi, bir ko‘b kishilarning yurtidan haydalishi, bir ko‘b oilalarning boshliqsiz bo‘lub qolishlari tabi’iydir. Ancha muddat bu holda qolg‘an ommaning qayg‘ularg‘a botib, hayotdan bezib, qalin bir umidsizlikka tushmag‘anlig‘ini da’vo qilib bo‘lmaydir.

Mafkurasi

Mana bizning Ahmad Yassaviyning adabiy faoliyati shul jabrlanib, hayotdan bezib, umidsizlang‘an sinf orasida bo‘ldi. Yassaviy jamiyatning yuqoridag‘i voqialardan zararlanmag‘an, balki foyda qilg‘uvchi beklar, oqsuyaklar, askar boshliqlari ham shunlarning quyruqlari bo‘lib yashag‘an mulla, eshonlar qatorida bo‘lmadi; mazlum sinfning orasida bo‘ldi. Shularning qayg‘ulari bilan yig‘lashga majbur bo‘ldi ham yig‘ladi. Yassaviy u zamonning hokim sinfini ayrim guruh unvonlari bilan atab, bir guruhning adresiga qattig‘ so‘kushlar taqdim qiladi:

Dunyo manim deganlar, jahon molin olg‘anlar,
Karkas qushdek bo‘lubon ul haromg‘a botmishlar.
Mulla, mufti bo‘lg‘anlar, nohaq da’vo qilg‘anlar,
Oqni qaro qilg‘anlar, ul tomuqqa kirmishlar.

Qozi-imom bo‘lg‘anlar, nohaq da’vo qilg‘anlar,
Ximor[12] yanglig‘ bo‘lubon yuk ostida qolmishlar.
Harom yegan hokimlar, rishvat olib yegonlar,
O‘z barmog‘in tishlabon qo‘rqub, qurub qolmishlar,
Totlig‘ taxtda o‘lturg‘an tufroq aro yotmishlar.

* * *

Domi tasvir qo‘yub xalqni yo‘ldan urduk,
Shayxliq qilib riyo bilan do‘kon qurduk.
Ishrat qilib shayton birla davron surduk,
Diydorng‘a seni ne deb ravo qilsun.

* * *

Eshonu shayx, xo‘ja, mulla dunyo izlar,
Ul sababdin podshohlarg‘a yolg‘on so‘zlar.
Oyat, hadis so‘zin qo‘yub molni ko‘zlar,
(Haq yo‘lida hargiz mehnat tortqoni yo‘q)[13].

* * *

Oxir zamon olimlari zolim bo‘ldi,
Xushomadni aytkuchilar olim bo‘ldi.
Haqni aytg‘an darvishlarg‘a g‘anim bo‘ldi,
Ajab shumlik zamonalar bo‘ldi, do‘stlar.

* * *

Podshohlarda, vazirlarda adolat yo‘q,
Dunyo uchun bir-birig‘a qilmas shafqat.
Zolimlarg‘a asir bo‘lub qoldim mano.
Ul sababdin podshoh qilur menga jafo.

* * *

Oxir zamon bo‘lg‘andir; podshoh zolim bo‘lg‘andir,
Harom, shubha to‘lg‘andir, hayron qolur Xo‘jahmad.

Yassavny zamonining ezilg‘an yo‘qsul sinfiga «g‘arib, yatim, faqir» unvonlari beradi, o‘zini ularning homiysi kabi ko‘rsatishga tirishadi:

G‘arib, faqir, yatimlarning boshin silab,
Ko‘ngli qagtig‘ xaloyiqdin qochdim mano.

* * *

G‘arib, faqir, yatimlarni qilg‘il shodmon,
Xulqlar qilib aziz joning qilg‘il qurbon.

* * *

G‘arib, faqir, yatimlarni har kim so‘rar,
Rozi bo‘lur ul bandadin parvardigor.

Yassaviyning bu mavzudagi parchalari orasida:

Yatimni ko‘rsangiz og‘ritmangizlar,
G‘aribni ko‘rsangiz dog‘ etmangizlar.

Yatimlar bu jahonda xor ekandir,
G‘ariblarning ishi dushvor ekandir.

G‘ariblarning ishi doim sulukdir,
Tirik ermas, yatim misli o‘lukdir.

Ham:

G‘ariblarni ko‘rgan yerda og‘ritmangiz,
Yatimlarga achchig‘lanib so‘z qotmangiz.
Za’if ko‘rub, g‘ariblarga tosh otmangiz,
Bu dunyoda g‘ariblikdek balo bo‘lmas

parchalari kabi samimiy, yoniq fig‘onlar ham bordir. Biz Yassaviyning shu qadrini, albatta, taqdir qilamiz. Yolg‘iz shu yoqdangina qarag‘anda uning o‘z zamonidag‘i yo‘qsullarning qayg‘ularidan xabarli, ular uchun yig‘lag‘an, ularning dushmanlariga so‘kish bilan, nasihat bilan murojaatlar qilg‘an bir yo‘qsullar shoiri kabi qabul qilamiz, albatta.

Lekin u qadar bilan qolmasdan Yassaviyning boshqa yoqlarini ham tekshirishga majburmiz. Bir shoirni, aynuqsa, Osiyoning keng bir qismiga ta’sir qilib, 7 yarim asrdan beri yashab kelgan — bir shoirni tekshirganda, mas’alani bir yoqli qo‘ymoq — to‘g‘ri ilmiy bir natija bermaydi.

Yo‘qsullar uchun qayg‘urib, ularning dardlarini kuylamakchi bo‘lg‘an Yassaviy ularning qutulish, najot yo‘llarini ham izlaganmi, ular(ga) qutulish uchun bir dastur, bir yo‘l ko‘rsatganmi?

Albatta, ko‘rsatgan! Koshki ko‘rsatmagan bo‘lsa edi!

Qo‘limizdag‘i «Devoni hikmat» kitoblarining Yassaviy otidan qilib berganlari ta’limot jamiyatdag‘i ohangsizliqdan, adolatsizliqdan qutulmoq uchun uning ko‘rsatkan choralari shu qadar yaramas, shuncha zararlidirki: unnng ta’limotiga chin ko‘nguldan ishonib, samimiy suratda ergashgan bir millat topilsa edi, u millatning dunyoda «tirik ekan o‘ziga go‘r qazmoq» dan boshqa bir vazifasi qolmag‘an bo‘lur edi[14].

Yassaviyning zolimlarg‘a qarshu kambag‘allarga beradig‘an nasihatlari mana shu yo‘ldadir:

Zolim agar jafo qilsa «Alloh» degil,
Ilking ochib duo aylab bo‘yunsungil.
«Haq» dodingg‘a yetmas bo‘lsa «gila» qilg‘il[15],
«Haq»din eshitib bu so‘zlarni andim mano!

Kim hindustonli Gandining «yaroqsiz, qurolsiz qarshilik» degan shioriga juda o‘xshaydi.

Ahmad Yassaviy bu qadar bilan qolmaydi. U hokim sinfning adresiga yuqoridag‘i qattig‘ so‘kushlarni yubormoq bilan, kambag‘al sinfni hayajonga ke(l)tirgan, qaynatg‘andek bo‘lg‘andan keyin fursatning g‘animat ekanini anglaydi, kambag‘allarning shul choqdag‘i ruhiy holatlaridan foydalanmoqchi bo‘lub, o‘ziga «murid» qilib olish planini quradi. Go‘yo yuqori tabaqaning zulm-adolatsizliklariga sabab kambag‘allarning o‘z gunohlari Xudodan uzoqlashganlaridir. Yassaviy Xudo tomonidan vakil bo‘lub, kambag‘allarga qaratib mana shunday deydi:

Senga jazo yaratganga yolbormading,
«Alloh» debon tunlar turib igranmading.
Haqiqatdan so‘zlar ayttim, eshitmading,
Zolimlarning ilgin uzun qildim mano!

Yassaviy kambag‘al xalqni o‘ziga murid qilib olmoq uchun u qadar hirs ko‘rsatadiki, yuqoridag‘i so‘zlari bilan bu so‘zlari orasida bo‘lg‘an keng, chuqur mantiqsizlikni anglamay qoladi yoki o‘zini anglamaslikga soladi[16].

Haqiqatan, Yassaviyning yuqoridag‘i shikoyat va so‘kushlari bilan bu teran fikri orasida kattakon bir mantiqsizlik bor. Bir kishi turub Yassaviyg‘a: «Modomiki, feo‘dallar ham ularning quyruqlari tomonidan kambag‘allarga qilingan zulmlar Xudoning amri bilan bo‘lar ekan; modomiki, Xudo u zulmlarni kambag‘allarning boshiga «jazo» qilib yuborg‘an ekan, «sen nega boya ularni shuncha so‘kub tashlading? Ularning gunohi yo‘q ekan-ku!» — deb qo‘ysa. Yassaviyning hech bir javob qaytara olmaslig‘i aniqdir. Lekin u zamonlarda Yassaviyg‘a hech bir tomondan munday bir e’tiroz bo‘lmaydi. Kambag‘allar tomonidan shunday e’tiroz bo‘la olmaydi. Chunki u vaqtlarda ularning onglari bu mas’alalargacha yuksalmagan, feo‘dallar, umuman, hokim tabaqa ham bunday e’tirozni qilmoq istamaydi. Chunki Yassaviyning bu mantiqsizligi uning uchun foydalidir. Uning Yassaviyga u tomonidan yordam qilishi kerak (shuni unutmaylikki, bu mantiqsnzlik Yassavnyg‘agina maxsus emas, Xudoga ishonib har ishni undan bilgan har mo‘min bandaga bu e’tiroz tegadi). Yassaviy o‘zining bu mantiqsizlig‘iga qarshu hech bir tomondan e’tiroz bo‘lmasligini bilgani uchun fursatdan istifoda qiladi. O‘zining yuqoridagi mantiqsizlig‘idan o‘ziga keraklik natijalar chiqarishga kirishadi. «G‘arib esang, yo‘qsul, yatim, ezilgan mazlum esang, mana shunday qil!» deydi.

«Zikr»in aygil qonlar oqsin ko‘zlaringdan,
«Hikmat» aygil durlar tomsin so‘zlaringdan —

deydirkim, buning ochiq ma’nosi mening «xalqa»mga kirib hikmatlarimni eshitib, «jahr» qil demoqdan boshqa narsa emasdir.

Saharlari erta turib qon yig‘lagil,
«Piri mug‘on» etagini mahkam tutkil.
Haqqa oshiq bo‘lg‘an bo‘lsang jondin o‘tgil (albatta, moldin ham)

Jondin kechgan chin oshiqlar uryon[17] bo‘lur.
Bu dunyoda faqirlikda odat qilg‘an,
Xo‘rlik tortib mashaqqatni rohat bilg‘an,
(Qul Xo‘jahmad!) yaxshilarg‘a xizmat qilg‘an,
Qiyomat kun andog‘ kishi sulton bo‘lur.

Bundagi «piri mug‘on» so‘zidan maqsad, «pir, shayx, eshon» ekanini aytishga hojat yo‘q, o‘zi anglashiladi.

Demak, kambag‘al sinf haligi zolimlarning zulmlarini Xudodan, o‘zining gunohlaridan ko‘radi. Shuning uchun ularga bo‘yunsunadi. Saharlar turub, qonlar yig‘lab «tavba qiladi, xo‘rlikka odat qiladi; faqirlikka qanoat qiladi; mashaqqatlarni rohat biladi; pir mug‘onning etakini mahkam tutadi (ya’ni Yassaviyga murid bo‘ladi), bo‘lmag‘an joydan «tangri ishqi» ham to‘qub chiqaradi-da, shu bilan yashaydi!..

«No‘vi plato‘nizm» falsafasidan bizning tasavvufga o‘tkan bu ishq mas’alasi Yassaviy hikmatlarida juda katta o‘rnn tutadi. Hikmatning lirika qismi tamoman shul tasavvuf ishqiga boylangandir.

Yassaviyga ko‘ra, bu ishqqa berilib, shu bilan yashamoq uchun pirga inobat qilish, «piri mug‘on»ning etakini tutish, albatta, lozim, chunki:

Qilavuzsiz biyobonda yurganlar,
Muhabbatning qadrini qachon bilur?

Yassaviy mana shu fikrini hammaga taqdim qiladi, uning nazarida:

Ishqsizlarning ham joni yo‘q, ham imoni.

Holbuki, yana, unga ko‘ra, tasavvuf ishqig‘a berilgach, hayotdan aloqani kesish lozim:

Oshiqlarning sunnatidir tirik o‘lmak,
Oqil o‘lsang go‘ristondan xabar olg‘il,
Men ham shundog‘ bo‘lurman deb ibrat olg‘il,
«Mavtu qabla anta mavtu»ga amal qilg‘il[18].

Mana sizga qat’iy bir dastur: «mavtu qabla anta mavtu» — «o‘limningizdan burun o‘lingiz!..» Mana Ahmad Yassaviy tomonidan taklif etilgan «tangri ishqi» ning olib boradigan joyi!

Ahmad Yassaviy shu «dastur»ga o‘zining amal qilg‘anini ko‘rsatmak uchun ko‘b tirishadi. O‘zini juda qiziq so‘zlar bilan tahqir qiladi:

O‘lganimda yig‘ilib uring yuzming tayoq,

* * *

Janozamning orqasidan toshlar oting,
Oyoqimdan tutib, sudrab go‘rga elting.
Haqqa qulluq qilmading deb yanching, teping, —

deydi. Yassaviy o‘lgandan keyin muridlari, albatta, shunday qilmag‘anlar. Uni izzat, hurmat bilan ko‘mganlar[19]. Ishning shunday bo‘lishini uning o‘zi bilmagan emas, bilgan. Biroq dindor, sodda xalqni qaynatmoq, ularning ixlosini ortdirmoq tilagi bilan bularni aytadi.

Ul yuqoridag‘i «dastur»iga sodiq qolg‘aniga bizni ishondirmoq uchun umrining oxirlarida yer ostiga kiradi; xonaqohida yer osti bir hujra qozdiradi, oltmish uchga kirgandan so‘ng shunga kirib go‘yo tashqi dunyo bilan aloqasini kesadi, «o‘lgandan burun o‘ladi!..»

Shul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.

* * *

Subhi sodiq dushanbe kun yerga kirdim.

* * *

Shul sababdin yer ostiga kirdim mano

deganlari shuni ko‘rsatadi. Omma orasida «qudsiy[20] bir e’tibor qozong‘an, dalaning sodda elidan o‘ttuz-qirq minglab kishini o‘ziga murid qilib olg‘andan so‘ng 63 yoshga kirgan bir kishining yer osti bir uy qozib, shunga kirib o‘turushi, uning ta’min etilgan hayotiga zarra qadar halal bermaydi. Hatto bu ish bilan uning e’tibori ortadi.

Shuni qabul qilamizkim, u zamonlar tashkilotdan, birlikdan, sinfiy ongdan mahrum bo‘lg‘an, ezilg‘an, mazlum kambag‘allarga Yassaviyning bu hikmatlari bir oz tasalli bergan, ularni ovutgandir. Lekin mas’alaga hayot nuqtayi nazaridan qaraylik: bir o‘lkada yashag‘an xalqning hammasi yo ko‘bchiligi Yassaviyning shu takliflarini qabul qilib, yer osti chillaxonalari qozib, kirib o‘turg‘anda shu o‘lkaning hayoti nima bo‘lur edi!.. Yaxshiki, Yassaviyga ishong‘anlar bu jinnilikni qilmag‘anlar, qilmag‘anlari bilan ularning miyalarida bu tashviqotning hech bir turli izlari qolmag‘an deb da’vo qilib bo‘lmaydi, albatta, qolg‘an. Tunov kungacha, hatto qisman bu kungacha ham, ayniqsa, kambag‘allarimizning hayotga yaqinlashmasdan «yarim tarki dunyo» vaziyatida yashag‘anlarig‘a Yassaviy ham uning muridlarining ta’sirlari bo‘lmadi, deb kim da’vo qila oladi?!

Tuzuk, Yassaviyning tilga xizmati juda kattadir. U mundan yetti yarim asr burun turkcha she’rlar yozg‘an, kambag‘allarning dardlarini kuylagan. Uning asari tilimizning yetti yarim asrdan qolg‘an bir nishonasi. U asar tilimizning yetti yarim asr burung‘i hollarini, qoidalarini ko‘rsatmak nuqtasidan juda muhimdir. Lekin baxtga qarshu biz bu kun oramizda mavjud bosma, yozma «Hikmat» nusxalari bilan bu mas’alaga yaqinlasha olmaymiz. Yuqorida aytganim kabi Yassaviyning hayotiga yaqin zamonlarda yozilg‘an bir nusxa «Devoni hikmat» topilmaguncha, biz Yassaviy hikmatlarini til tarixi qarashidan tekshira olmaymiz. Lekin uning fikrlari, tirikchilik uchun — to‘g‘risi, o‘lmak uchun!.. xalqqa ko‘rsatgan yo‘llari, buddizmdan olib bizga yutdirmoq istadigi dasturlar(i) qat’iyan, ayniqsa, yigirmanchi asrda zararlidir.

Uning ta’siriga qarshu kurashmak inqilob qarashidan, xalqimizni hayotga aralashtirish qarashidan juda ham lozim.

Yassaviyda tasavvufning darajasi

Maqolamizdagi bahslarning robitasini, bog‘ini yo‘qotmaslik uchun yuqorida tasavvuf to‘g‘risidag‘i muqaddimamizni qisqacha takrorlab o‘taylik: Islomda tasavvuf mustamlakachi arablarning mustamlaka aristokratlari bilan birlashib, ayniqsa, mustamlaka xalqini ezishlaridan va bu ezishlarning islomiy ham arablik taassubig‘a tayang‘anidan chiqg‘an bir aksi ta’sirdir. Shuning uchun tasavvufda islomiyatga qarshu unsurlarning bo‘lushi tabiiydir. Lekin bu unsurlar maslakga yangi kirgan kishilarga berilmagan, tasavvufni darajalarg‘a, bosqichlarg‘a taqsim qilib, birinchi bosqichda islomning amirlariga tamoman sodiq qolishni shart etkanlar.

«Murid» bu bosqichlardan yuqori chiqg‘an sayin islomiy asoslardan uzoqlashib borg‘an, uning nazarida din, shariat, ibodatning ahamiyati qolmay boshlagandir. Masalan, teran bir mutasavvif Abdulqodir Bedil dinlarning ka’basi bilan butxonasini bir-birlarining yoniga qo‘yub so‘kadi:

Gahe ba ka’ba madavamu gah ba suyi debar,
Devonayam zi-har tarafan sang mezanad…
Ka’bavu butxona naqshi markazi tahqiq nest,
Har ko‘jo gum gasht dahe sar manzele orasteand[21]

deydi. Mashhur tasavvuf shoirlaridan Fayziy Hindiy esa:

Bar fatu yil ruhban kaduhi boda bekushim
Isin xiylaki riyi futaxar anashenoskim[22]

deb qichqiradi. Hijriy 297 da dorg‘a osilg‘an Mansur Hallojning voqeasi ma’lumdir.

Tuzuk, Yassaviy hikmatlari orasida Mansur Hallojga bagishlab yozilg‘an bir-ikki parcha bor, unda:

Esiz Mansur xo‘rlik birla bo‘ldi ado,
Bir so‘z birla yoronlardin bo‘ldi judo —

deb qayg‘uradi.

Shoh Mansurning «Anal haq»i bejo emas,
Yo‘lni topqon, bizlar kabi gumroh emas,
Har nojinslar bu so‘zlardai ogoh emas.

* * *

Anal haqni ma’nosini bilmas nodon

deb Mansur Hallojni oqlaydi ham uning dushmanlari bo‘lg‘an, uni kofir deb ostirg‘an shari’at mullalarini so‘kadi. Yana Mansur Halloj voqeasiga ba(g‘i)shlang‘an bir parchada:

Afsonadir shariat, farzonadir tariqat,
Durdonadir haqiqat oshiqlarg‘a munosib

degani kabi boshqa bir hikmatida:

Shariatdir oshiqlarning afsonasi

deb tasavvuf qarashida shariatning bir afsonadan boshqa narsa bo‘lmag‘anini takrorlandi. Lekin, bunday so‘lliklar Ahmad Yassaviyda, umuman, ozdir. Ko‘rsatganimiz misollardan boshqasi yo‘q.

Shuning bilan barobar ul me’rojg‘a ishonadi; jannat, jahannamg‘a ishonadi, odamlarni oxirat azoblari bilan qo‘rqutadi, namoz o‘quydi, ro‘za tutadi:

Ro‘za namoz qazo qilib bo‘ldi kohil[23],

deb o‘kunadi.

Qiyomatni shiddatidan aqlim hayron,
Sirot otlig‘ ko‘prugidin tanam larzon,

deb vahimalar tarqatadi.

Demak: Ahmad Yassaviy so‘filar kabi ta’vilg‘a yonoshmaydi[24]. Islomda bo‘lgan narsalarning hammasini bo‘lg‘an(i) kabi qabul qiladi. U yuqori bosqichdag‘i mutasavviflardan emas, zohiddir[25].

Adabiy qiymati

Ahmad Yassaviy bizning xalq shoirlarimiz kabi mukammal tahsil ko‘rmagan bnr kishi emas. U boshlang‘ich tarbiyani Yassida Arslonbobdan olg‘andan keyin Samarqand, Buxorog‘a kelib tahsil qilg‘an. Shayx Yusuf Hamadoniy kabi o‘z zamonining eng katta din olimi, eng ulug‘ shayxi bo‘lg‘an bir kishiga shogird bo‘lg‘an ham uning uchunchi xalfasi bo‘lub olg‘an. «Hikmat»dagi she’rlarga ishonilsa, Yassaviyning Xuroson, Iroq, Shom kabi u zamonning mashhur ilmiy markazlariga ham borib turg‘ani anglashiladi:

Xurosonu Shomu Iroq niyat qilib,
G‘ariblikni ko‘b qadrini bildim mano.

Shuning uchundirkim, Yassaviyning o‘z zamonida mo‘tabar bo‘lg‘an ilmlarni, adabiyot qoidalarini juda chaynag‘an bir kishi bo‘lg‘aniga hukm qilmoq yanglish bo‘lub chiqmaydi. Shunday bo‘lsa ham uning adabiyotda tutg‘an yo‘li soda xalq shoirlarimizning tutg‘an yo‘llaridir. Unda Navoiyning ingichka istioralari, Bobirning forscha yonishlari yo‘qdir. Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyotn atalg‘an she’rlar bilan barobar yuradi. Xalq adabiyotimizdag‘i dostonlar qismining «Qissai Ibrohim Adham», «Dostoni Zayn ul-arab»[26] kabi mavzu’ e’tibori bilan musulmonlig‘lari bor. Ahmad Yassaviyning hikmatidag‘i «lirizm» (yurakchilik) ulardagi «lirizm»dan kuchsizrakdir. Masalan, «Dostoni Zayn ul-arab» dagi shul:

Sal chekguncha hijron javru jafosin,
Man nega qurboning bo‘lmadim sani?
San ko‘rguncha zindon dardu balosin,
Man nega qurboning bo‘lmadim sani?

parchasi borkim, kuchli «lirik» bir parchadir.

Ahmad Yassaviyning hikmatlarida esa, shunday kuchli parchalarga uchrab bo‘lmaydi.

Shunday bo‘lsa ham Ahmad Yassaviy «lirik» bir shoirdir. Unda ham «Yassaviyning mafkurasi» bahsida ko‘rsatganim:

Yatimlar bu jahonda xor ekandir,
G‘ariblarni(ng) ishi dushvor ekandir.
G‘ariblarni(ng) ishi doim so‘lukdir,
Tirik ermas yatim misli o‘lukdir.

kabi samimiy, yoniq fig‘onlar yo‘q emas, bordir.

–––––––––––––
Maqola matni «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalining 1927 yil 6-sonn (29—35-betlar) hamda 7—8 (bir muqova ostida, 39—44-betlar) sonida e’lon etiltan, ana shu manba bo‘yicha nashrga tayerlangan. Keyingn yillarda ushbu maqolaning qator qayta nashrlari amalga oshirildi; Fitrat. Ahmad Yassaviy, «San’at» j„ 1991, 8-son (nashrga tayyorlovchi S, Ahmedov), Yana kitobda: Yassaviy kim edi? —T. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994. B 18—33 (nashr muallifi B. Do‘stqorayev).

——————–

[1] Fitrat bu o‘rinda quyidagi maqola va tadqiqotlarni nazarda tutadi: A. Sa’diy. Yassaviy kim edi? «Inqilob» j., 1922, 5-son; A. Sa’diy. Imom G‘azzoliy. «Inqilob» j., 1922, 6, 7, 8 va 9— 10-son.

[2] «O‘zbek adabiyoti namunalari» haqida fikr yuritilyapti. Unda jumladan, shunday yozilgandi: «Bilamiz; yassaviylar tasavvuf vakillari. Tasavvufning Ahmad Yassaviydan burun ham O‘rta Osiyoda borligi ma’lum. Biraq tasavvuf maslagi O‘rta Osiyoda Ahmad Yassaviy bilan Abduxoliq G‘ijduvoniyga ergashib ikkiga ajraladir: biri Abduxoliq G‘ijduvoniyga mansub oqim bo‘lib, ikkinchisi Ahmad Yassaviyga mansub oqimdir. Yassaviy oqimi dalada yashagan ko‘chmanchi xalqlar orasida ish ko‘rgan. Bu ikki oqim tasavvuf orasida anchagina raqobat tuyg‘ularining hukm surgani «manoqib» kitoblaridan ma’lum bo‘ladir» (Fitrat. O‘zbek adabiyoti namunalari. I jild, Toshkent — Samarqand, 1928, 74—75-betlar).

[3] Yemishi — mevasi.

[4] Tirnoq orasidagi so‘zlar pro‘fesso‘r Ko‘pruluzodaning fikri bo‘lub, juda to‘g‘ridir — F(itrat).

[5] «Jahr» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «oshkora», «ovoz chiqarmoq» bo‘lib, zikr (sadr) tushish jarayonida oshkora, baland ovozda Allohning nomi tilga olinadi va turli harakatlar bilan qalb tozalanadi. Bu so‘z hozirgi o‘rinda «yassaviya» tariqatining ikkinchi nomi sifatida tilga olinmoqdaki, naqshbandiylar ularga qarshi o‘laroq zikri pinhon yoki qalb zikri bilan shug‘ullanganlar.

[6] Yassaviyning hikmatlarini ta’qib etgan, demoqchi, «hikmatlarini» so‘zi tushib qolgan. Ta’qib etmoq — ergashmoq.

[7] Fitrat tavsiya etayotgan kitob Turkiyada sakkiz marta nashr etilgan bo‘lib, so‘nggi nashriga qarang: Prof., doktor Fuod Ko‘prulu, Turk adabiyotida ilk mutasavviflar. 8-bosqi. (Nashrga tapyorlovchi va sharhlar muallifi doktor O‘rxon F. Ko‘prulu Anqara. 1993, 415-b.)

[8] Qarshi — Behbudiy deb yuritilishiniig sababi Qarshi shahri ulug‘ alloma o‘sha yerda qatl qilingani uchun 1920 yildan 1937 yilga qadar bu shahar Mahmudxo‘ja Behbudii nomi bilan yuritilgan.

[9] Vamberining «Buxoro tarixi». Fotih Karimiy tarjimasi, j. I.

[10] Bartold. Turkiston tarpxi. Fotih Karimiy tarjimasi, 36-b.

[11] «Sadr» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «bosh bo‘lmoq» yoki «boshliq» bo‘lib, tasavvufda shayxlardan keyinti martaba hisoblangan. Bu o‘rinda Buxorodagi al-Burhon, ya’ni burhoniylar xonadoniga nisbatan qo‘llanilyapti. Bu oila Buxoroni idora qilayotgan mo‘tabar xonadon sanalib, biror bosqinchi ularga tegmagan. Uning asoschisi, «Kitobi mullazoda»da ko‘rsatilishicha, Abdulaziz ibn Umar bo‘lib, burhoniylar yoki «sadr» unvoni ularga saljuqiy hukmdori Sulton Sanjar tomonidan berilgan.

[12] Ximor — eshak demakdir.

[13] Bu satr Fitratning maqolasida nimagadir tushib qoldirilgan. Kamol Eraslonnnng 1983 yili Anqarada chop etilgan «Devoni hikmatdan sochmalar» kptobidan olib parcha to‘ldirildi. Qiyoslash uchun qarang: Axmad Yassaviy. Hikmatlar. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, T., 1991. Nashrga tayyorlovchi, so‘z boshi va izohlar muallifi Ibrohim Haqqul.

[14] Maqola ikkinchi qismining uslubidan seziladiki, unda ayrim fikrlarning bayoni avvalgi sondagiga nisbatan keskinroq aytilgan, hatto ularga zid kelishi ham mumkin. Fitrat zamondoshlarining xotirlashicha, maqolaning dastlabki qismi e’lon etilgandan so‘ng, olim ta’qib etilgan va unga «Yassaviyni marksistik ustanovkada turib tekshirish» taklif qilingan. Shuning uchun ayni shu yerdan boshlanayotgan qator munozarali fikrlarni to‘g‘ri qabul qilmoq kerakka o‘xshaydi.

[15] Gila qilmoq — shikva, ya’ni shikoyat qilmoqdir. (G‘iyosul lug‘ot, Dushanbe, «Adib», 1987, jild 2, sah. 197).

[16] Yassaviy hikmatlarida biri ikkinchisini rad etadigan fikrlar bo‘lishi tabiiy. Chunki, bizgacha asarning asl matni yetib kelmagan, u 17-asrga nnsbatan og‘zaki ravishda og‘izdan og‘izga ko‘chgani uchun ham bunday zid fikrlarni kuzatish mumkin. Biroq Fitrat negadir uni mantiqsizlik deb ataydi. Ayni shu fikrni Fitratning o‘ziga nisbatan ham qo‘llash mumkinki, bir o‘rinda shoirning ayni fikrlarini yoqtirsa, keyinroq ularga nisbatan tanqidiy munosabatda bo‘ladi. Buning sababini Fitratga buyurilgan «marksistik ustanovka»dan izlash kerakmikin?

[17] Uryon — yalang‘och.

[18] «Mavtu qabla anta mavtu», ya’ni «o‘lmasdan burun o‘lmoq». Yassaviy taklif etgan bu dasturni Jaloliddin Rumiy shunday sharhlaydi: «O‘limga yuz burgilu pardani chok et. Lekin lahadga eltuvchi o‘limnimas, yangi ruh tug‘diruvchi o‘limni tanla». Qarang: Radiy Fish. Jaloliddin Rumiy. Toshkent, 1986 (ruschadan Jamol Kamol tarjimasi).

[19] Yassaviy o‘lgandan keyin… hurmat bilan ko‘mganlar. Garchi tarixiy voqea bu aytilganga zid kelsa ham, Fitrat bunda qarshilantirish usuli orqali «ko‘mmoqchi bo‘lganlar» o‘rniga «ko‘mganlar», deb aytmoqda.

[20] Quds — muqaddas, pok. Bu o‘rinda poklik bilan nom qozongan, muqaddas deb tan olingan ma’noda ishlatilgan. «Quds» so‘zining ikkinchi ma’nosi «eshitilgan», «ko‘z bilan ko‘rilgan»ga qarshi «eshitilgan» ma’nosi ham bor.

[21] Bedilning ushbu baytini Fitrat «Bedil (Bir majlisda)» risolasida shunday sharhlaydi: «Haqiqatni Ka’ba bilan butxonadan izlab, unga-bunga yugurib yurganlarni har yoqdan tosh bilan urilmoqda bo‘lgan devonalarga o‘xshatadir. Ka’basi-da, butxonasi-da haqiqat uylari emas, yo‘lchilar qayerda yo‘li adashgan bo‘lsalar, shunda bir manzil yasab ketganlar», Fitrat. «Bedil (Bir majlisda)» T., Abdulla Qodiriy nompdagn Xalq merosi nashriyoti, 1996, 23-b. (nashrga tayyorlovchi H. Boltaboyev).

[22] Fayziy Hindiy — Akbarshoh davrida yashagan forsigo‘y tasavvuf shoiri. Bu shoir haqida ushbu manbaga qarang: Dj. Neru. Vzglyad na vsemirnuyu istoriyu. T. I, M., 1989, 60-b.

[23] Kohil — sust, bo‘sh, tanbal.

[24] Ta’vilga yovdoshmaydi yoki tahvilga yondoshmaydi, ya’ni narsalarni o‘zgartirib qabul qilmaydi, ramziy-timsoliy ma’no bermaydi.

[25] Zohid — dunyo ishlaridan voz kechib, taqvo yo‘liga kirgan kishi.

[26] «Dostoni Zayn ul-arab» — Sharqda mashhur «Jangnomayi Imom Xanifa» syujeti, asosan, mana shu doston voqeasidandir. «Zayn ul-arab» mavzusida doston yozg‘an o‘zbek shoirlari orasida Nurmuhammad Andalib va Sobir Sanqaliy Hisoriy (1730—1798) kabilar bor. Quyida keltiralajak parcha Andalib dostonidan olingan.