Abdulla Qodiriy. Tarjimai holim (1924)

Padari marhumimiz Shosh[1] shahrining zabardast ulamolaridan mulla Mirzasalimsoq Oxund domlai hojiul-haramayn ash-sharifayndirlar[2]. Marhum padari buzrukvor allomai zamon va mashhuri jahon bo‘lub, ul janobning halqai tadrislaridan[3] behisob ulamo va fuzalolar yetishub, ba’zilari qoziliq mansabiga va ba’zilari mudarrislik martabasiga va ko‘blari imomat va maktabdorliq vazifasiga ham eng adnolari[4] azayimxonliq kasbiga musharraf bo‘lubdirlar. Alhol bo‘lsa, ul janobning shogirdlarining ko‘blari piri badavlat bo‘lub, uyga kirib qolg‘andirlar.

Marhum buzrukvor Buxorodan xatmi kutub qilub kelganlaridan so‘ng Qambar yasovulboshi degan bir amaldor o‘zining Mahinabonu otlig‘ xushro‘y qizini to‘yu tamosholar bilan padarga nazr tortibdir. Bag‘dazon ul pokdomon birlan nechand fursat umrguzaronliq qilsalar ham, ammo farzandlari bo‘lmabdur.

Padar bul boisdin benihoyat ma’luli xotir[5] bo‘lub, doyim zori va tazarru’ aylab, Xudoyi taolodan bir farzandi solih talab qilur erkanlar. Shul ahvolda necha fursatlar o‘tub va yana buzrukvor ko‘b mozorotlarni tunab va yana jonliqlar so‘yib, nihoyat xomtalash aylar ekanlar[6], padar qirq besh yoshg‘a borg‘anlarida Xudoyi taoloning rahmi kelib, faqir volidai marhumaning rahmlarida qaror topibdirman.

Alo xozal-qiyos[7] to‘qquz oy, to‘qquz kun va to‘qquz soat o‘tub, ro‘zi dushanba yarim kecha vaqti oyning o‘n to‘rtinchi kuni mohitobonning ayni to‘lishkan zamonida yorug‘ dunyog‘a barq urub, qadam ranjida qilinubdirman. Do‘stlar shod, dushmanlar g‘amkin bo‘lub, padari buzrukvor darhol hazrat Bahovaddin yo‘llarig‘a yetti non xudoyi qilubdirlar. Doya bo‘lmish xotun faqirni yerdan olub, yo‘rgaklamakchi bo‘lg‘anida kamina chirqirab, girya og‘oz qilub[8], aslo yig‘idan to‘xtamag‘animdan, padar sezibdirlarki, farzandlari bechiz emasdir. Chunki ul doya bo‘lmish dallai[9] makkora va nopok bir xotun bo‘lub, faqir bul nopokni yoqtirmabdirman. Bag‘dazon ul janob faqirni o‘z qo‘llarig‘a olg‘an erkanlar, darhol giryadan to‘xtab, padarga tabassum qilubdirman…

Bag‘dazon faqirning tarbiyatiga ko‘pgush aylab, yetti kechamni eson-omon o‘tkuzub, sakkizinchi kuni beshikka solubdirlar. Ammo o‘n birinchi kechamda bir oz chalig‘lab[10] o‘tubdirkim, alhol bul ma’nining asorati kaminada boqiydir, ya’ni takallum[11] qilg‘animda «qih-qih» qilub va yana «mosh» deyish o‘rniga «bosh» deb, «mim»ni ayta olmaydirman. Bamisoli hazrati Muso alayhissalomning «sin» o‘rniga «shin» etkanlaridek va yana faqir volidai marhumaga osoyish bermay, doim-ul avqot fig‘on va zori[12] qilur erkanman. Bul boisdin sababi vujudlar benihoyat parishonxotir bo‘lub, hukamo[13] va keksalardan chora so‘rag‘anlarida faqirg‘a ko‘knori bermakka kengash beribdirlar. Bag‘dazon birmuncha ko‘knoridan halvo pishirib, kaminaga iste’mol qildirg‘anlarida faqir qum bosqandek farog‘at qilub, zori va fig‘ondan to‘xtabdirman. Ammo o‘pkam amirkon mahsidek g‘ijirlayturg‘an bo‘lubdir.

Faqir shu yo‘sun ikki yil komil beshikda sirilib yota-yota «Atta jiy, anna oppoq», deyturgan takallumga tilim go‘yo bo‘lg‘ani holda boshqalardek beshikdan qutulib, erkka chiqibdurman. Ammo nazir boshim kesak qisqan qovundak qiyshiq bo‘lub va yana jovdirlag‘an ko‘zim qassobdan et olub, boqqol birlan muomala qilaturg‘an darajaga yetubdir.

Erkka chiqg‘an kunimdan boshlab emchakdan chiqub, non kavshashni ta’lim olubdirman. Fursati kelganda volidai marhuma: «Bolamning chayniy-chayniy jag‘i uzuldi», deb holimga tarahhum[14] aylab, lo‘mba-lo‘mba non chaynab, og‘zimga solur va faqir ham g‘ilqqa-g‘ilqqa yutar erkanman. Ul zamonda padari buzrukvorning davlatlari ko‘lankasida non vajhidan bearmon bo‘lub va yana ertadan-kechgacha non birlan hamnishin erkanman. Ammo faqirning qorni kundan-kunga g‘ovlag‘an tarbuzdek o‘sib, bul ma’nidan padar birlan volida «Bolamiz qorin sola boshladi», deb benihoyat xushnud bo‘lar erkanlar.

Alqissa, faqirni tomoq bosqanlig‘idanmi, haytovur, besh yoshg‘acha oyoqim chiqmabdir. Bul boisdin volidayin muhtaramayin[15] parishon va dilgir bo‘lub, chorasiga kirishib, faqirga g‘altakarava muhayyo qilubdirlar. Ammo faqir g‘altakka tutung‘anim zamon gurs etib ortim bilan yerga yiqilur va g‘altakarava ham faqirga tabi’atsozlik qilg‘andek ikkinchi tomong‘a ag‘nar erkan. Bundan so‘ng kaminani bir savatga solub yetti eshikka olub kirib, «Oyoqsizg‘a oyoq bormi?» deb so‘rabdirlar, «Oyoq bor!» deganlari bilan ham maqsad hosil bo‘lmay, qimirlamasdan farog‘atda o‘ltura beribdirman.

«Mushtum», 1924 yil, 10 yanvar, 19-son.

* * *

Olti yoshqa kirganimda (bunisi esimda bor) o‘ltura-o‘ltura o‘zim ham zerikkan bo‘lsam kerak: nihoyatda ehtiyot birlan devorlarni ushlab, andak-andak sayr va sayohat qilishqa boshladim. Bul ma’nidin volidayin muhtaramayin bisyor xushnud bo‘lub, darhol bir echkuyi bod raftorni[16] bo‘g‘uzlab va uning qonidan bir sopol taboqqa solub, faqirning oyoqimg‘a surdilar. Bag‘dazon mazkur echkuning barcha so‘ngak-sayog‘ini bir qozong‘a solub, faqirning «Oyoq to‘yim» uchun hamma qarindosh-urug‘larimizni chaqiribdirlar.

Qudrati ilohiy birlan o‘shal kun ittifoqo oyoqimg‘a g‘oyibdan bir quvvati kirib, hatto o‘choq boshig‘acha sayohat qilub va yana qozonda pishib turgan etka ko‘nglum ketubdir. Volidai marhuma darhol bir ustixoniki sergo‘shtni olub, faqirning qo‘lumg‘a tutqazg‘anlarida o‘shal o‘choq boshidayoq, joyimdan siljimay pok-pokiza tanovul qilubdirman. Va yana ishtahom ayni junbushqa kirgan ekan, yana qozondag‘i bir ustuxonni ko‘rsatib, olub berishka ishorat aylabdirman.

Xudo volidani rahmat qilsunki, faqirga benihoyat mehribon erdilar. Dar on ra’yimni qaytarmay uni ham qo‘limg‘a tutqazg‘anlarida ishtahoyi tamom birlan buni ham tanovul aylab va yana quruq suyakini qaytadan qozong‘a tashlabdirman. Ammo bul vaqt o‘z oyoqim birlan qaytub ketishga qudratim yetmay, to‘yg‘a kelgan bir zaifaning muovanati[17] birlan bazo‘r manzilga yetub olubdirman. Ammo oyoq to‘yimg‘a yig‘ilg‘an xotunlar faqirning ko‘nglumni olmoq uchun qo‘yunlarida, cho‘nchaklarida nok, qurt, turshak va shularga o‘xshash anvo’i turluk ne’matlardan keltirgan erkanlar: etagimni, qo‘limni va to‘ppimni mazkur nozu ne’matlar birlan to‘ldirg‘anlarida borig‘a bozor qilub va yana nihoyat sarosimalik birlan shoshub-pishub borchasidan andak xo‘rak qilubdurman.

Bag‘dazon mehmonlarga ayni sho‘rba tortilg‘an fursatda faqirg‘a sassig‘ me’dalik yuz berib va yana yuragimda bir bodi paydo bo‘lub va yana quldir-quldir degan ovozlar eshitilub, bul hodisa bora-bora ko‘ngulni behuzur qilishg‘acha yetub va yana ko‘zlarim olayib behud bo‘lub qolubdirman. Bul zamon to‘yimiz azag‘a aylanib, sho‘rba-sho‘rbada, et-etda qolub, kim kinnachiga, kim domlama yugurub, ammo faqirning ham og‘zimdan, ham ortimdan xilt va safrolar keta boshlab, bosh yostiqqa yetub, o‘zim bemorlik darajasiga boribdirman.

Bul hodisani har kim har narsaga yo‘yib, birav kinna kirdi, desa, birav hasan urdi, deb va yana uchinchisi narsa tegdi, deganda, tamin birisi ko‘zikdi, deb. Ammo o‘sha to‘rt ehtimollarning barchasining choralari ko‘rilganda, ya’ni kinna soldirilib, chillayosin qildirilib, ko‘ztumor taqdirilg‘anda ham, bir foydasi ko‘rilmay, faqir shu kasalim bilan olti oy chamasi ko‘b qattiq riyozat[18] chekib yotib qoldim. Bul kasalim asnosida cho‘b-ustixon bo‘lub, ozib, samovorning ichidan ko‘rinaturgan ajiva aksdek bo‘lub, kishilar hazar qilaturg‘an darajalarga yetub, me’dam xazimadan qolub, taom botmay, ammo endilikda volidayin muhtaramayin faqirni yurmasdanoq tinchkina yeguligimni yeb o‘lturishimgagina rozi bo‘lg‘an edilar.

Ammo bul kasali xavfnokdan andakkina sog‘lana boshlag‘animdan so‘ng tabi’atim nihoyatda noziklashib, unday-bunday gaplar qulog‘imga yoqmay, egri degan ham, to‘g‘ri degan ham gunohkor bo‘lub, ammo bul fe’lim padarga nihoyat xush kelib, faqirni «Injiq maxzum» deb xitob qilur erdilar. Va lekin volida bul ma’nidin rozi bo‘lmay, faqirga jinlardan xabar berib, goho ajinalar hikoyasidan so‘zlab xarxasha qila boshlag‘an zamonimda «Ana keldi!» bilan tovshimni o‘churar edilar. Ammo kamina jinlardan bisyor ko‘rqar erdim, qorayib turg‘an devor va yog‘och kavaklarining ichiga ham shu jinlar vahmasi bilan boqolmas erdim. Bir kun emaklab borib, kiyizning tegidan nimadir olmoqchi bo‘lg‘an erdim, «lop» etub bir ajina chiqub qolmasunmi, o‘takam yorilub, big‘illab yiqildim. Bir vaqt yuzimga sepilgan sovuq suv bilan o‘zimga kelib ko‘zimni ochsam, ajina hamon menga qarab turubdir. Darhol o‘zimni volidaning bag‘irlarig‘a olub qoldim.

— Ha, nima bo‘ldi?

Faqir ajinaga ishorat qilg‘an erdim, volida qahqaha birlan kulib, ajinani qo‘llarig‘a oldilar. Faqir diqqat bilan qarag‘an erdim, volidaning taroqdan chiqg‘an sochlari erkan. Ammo faqirning alhol yoshim ellikdan oshqan bo‘lsa ham ajinalardan bisyor qo‘rqadirman. Bul boisdin kechalari yolg‘iz yurolmay va yana bir o‘zim ham yotolmaydirman. Va lekin har kimga ham insu jindan hazar qilmoq lozim va lobuddir.

Alqissa, kaminaga birmuncha quvvat kirib, ohista-ohista hojatimga borib kelaturgan bo‘ldim: bora-bora yo‘laklarga chiqub kasb-havo qilar darajaga yetdim, gohi ostonada o‘lturib, ko‘chadagi bolalarning o‘yunlariga tamosho ham qilur erdim.

Ammo bolalar orasida birar turluk janjal va to‘polon chiqsa, orada mushlash boshlansa faqir chirqirab yig‘lag‘animcha uyga qarab chopar erdim. Garchi bolalar o‘zaro o‘ynab, o‘zaro yoqalashsalar-da, bunda faqirning foyda va yo zararim bo‘lmasa-da, ammo kamina bisyor sulhparvar va janjallarg‘a tobim yo‘qlig‘idan bul ishni qilur erdim, deb o‘ylayman.

Faqirning yoshim sakkizga kirib, andakkina qaddimni rostlab olg‘an erdim, sababi vujudlar ham «Bolamiz o‘sib-undi» deb quvong‘an erdilar. Bul orada falokat bosib, faqirg‘a isitma arz bo‘lub, bir necha kun g‘ingshib yotqanimdan so‘ng har birisi turshakdek-turshakdek bo‘lub chechak toshub ketmasunmi…

Kamina behud bo‘lub o‘zimdan ketibdirman, volidayin muhtaramayin ham «Bolamizning tag‘i qanday ko‘rgulugi bor ekan!» deb, ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lashibdirlar. Kundan-kunga holim og‘irlashur erkan. Ul janoblar faqirdan umidlarini uzib, qo‘llarini yuvib, qo‘ltiqlarig‘a urib, xaltai kafanlarimgacha hozirlab, har bir ishka muhayyo bo‘lub turubdirlar. Ammo o‘n birinchi kun, Xudoyi taoloning qudrati birlan faqirg‘a atsa kelib, ko‘zimni ochibdirman. Ruhsiz tanalarga jon kirib, suyunch-quvonch boshlanibdir. Darhol yetti qadoq bug‘doydan qo‘g‘urmoch qo‘g‘urub, ajib bir xursandliklar qilubdirlar. Ba tadrij-ba tadrij[19] faqirning gullarim to‘kulub, o‘n yettinchi kunda salimul-a’zo[20] bo‘lub, turub o‘lturaturg‘an bo‘ldim.

Lekin bul chechak degan nimarsaning ajab bir husn buzaturg‘an xossasi bo‘lur erkan. Agarda o‘zingizga ham chechak chiqg‘an bo‘lsa, sezarsiz: misoli yuzingiz g‘alvirak bodom… Ammo faqirning yuzimda ba’zi chandiqlar ham zuhurga kelgani uchun go‘yoki husni Yusuf bizda xotima topdi… Agar siz bir hovuch tariqni yuzimizga qaratib sepsangiz-da, bir dona yerga tushsa biz minavat[21]

«Mushtum», 1924 yil, 20 yanvar, 20-son.

* * *

Vaqtiki, faqir ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan anvo’i turluk amrozlar[22] birlan to‘qquz-o‘n yoshlarg‘a yetdim va andak o‘zimni bul bevafo dunyoning isitma va bezgaklaridan, sassiq kekirdak va yurak burug‘laridan forig‘bol[23] va xoli ko‘rdim. Bag‘dazon Xudoyi taolog‘a shukurlar aytib, doimo volidaning oldilarida kamari xizmatni berk bog‘lab, dasti alif lom turar erdim.

Padarning muhabbatlari kaminaga bisyor erdi. Faqirning odob va zakovatimdan nihoyatda xushnud va har zamon muborak qo‘llari bilan orqamg‘a urib navozish[24] bisyor qilur erdilar. Va yana goho ul janob ro‘yimollari birlan og‘zimg‘a oqub tushayozg‘an burnimning obiyatini pokiza aylab va bul ma’niga birmuncha pand va nasihat ham qilur erdilar.

Shul ahvolda volidai mehribonimizning bag‘rilarida qog‘ozda asralgan qantdek parvarish topar erdim. Kunlardan bir kun, faqir volidai marhuma birlan «choriy chambar» o‘ynab o‘lturg‘an erdim, padar bul ma’nidan ranjiyda xotir bo‘lub mehribonchiliq qildilarkim: «Maxdumning bo‘yi cho‘zulib qoldi, emdi andak-andak sabaq boshlasunlar», deb. Bag‘dazon faqir volidadin sabaq olub, benihoyat fayziyob[25] bo‘la boshladim.

Bul miyonada padari buzrukvor faqirning qo‘limni halollamoqqa harakat aylab va yana qo‘llarida dunyo vajhi[26] kaminaning kori xayrimga kofiy[27] bo‘lmag‘ani uchun bog‘imizdan qirq besh tup daraxt sotub va yana bu mablag‘ ham ozliq qilub, boz bog‘imizdan bir andak yer ham furo‘xt[28] aylab, bag‘dazon kori xayrni boshladilar.

Faqirning to‘yimg‘a jami’i olamdin ulamo va fuzalolar, davlatmand va zukkolar chaqirilg‘an erdilar.[29] Bir necha kungacha yurtdagi jami’i xotunlarg‘a bir put zig‘ir moyidan osh berilib, alarni jami’i taom vajhidin serob va mamnun qilindi.

Bag‘dazon to‘rt dona g‘unon qo‘yni zabih[30] aylab va yana botmon birinch va shul miqdor sabzi birlan uch qozon osh damlab, jami’i qurtu qurmisqalarg‘a tabaq-tabaq osh berila boshlandi. Ko‘cha boshidan tortib to manzilimizgacha shaharning kazo-kazolari saf bog‘lab, aso ushlab kelgan-ketkanni kuzatib turar erdilar. To‘y bisyor shukuhlik erdi. Osh ham faqirdek behad shirin bo‘lg‘an va moyi ham shilqillama erdi. (Ammo bul zamondagi to‘y qilayotqanlar ushbu to‘yimizdin ibrat olsalar ko‘b yaxshi bo‘lur erdi.) Kamina kimxob va duxoba sarupolarg‘a o‘ralub yasang‘an erdim, boshimg‘a ajab bir nafis salla o‘rag‘an erdim, har kim kaminaga tamosho qilur erdi.

Alqissa, to‘y asnosida ba’zi bir bexiradlar faqirg‘a dag‘al muomala birlan hazil-mutoyaba qilur erdilar va yana aytar erdilarkim: «Maxdumga bir aroba qayroq buyurildi. Bolta birlan kesamizmi, arra birlan…» Agarchandiki bul gaplarga bovar qilmas erdim va illo ko‘nglimga ko‘b xavotir o‘rnashqan erdi va yana asnoyi zabih, ya’ni xatna zamonida atrofimga yig‘ilg‘an go‘daklarning basharti tig‘ning zahriga chidolmay girya og‘oz qilsam, qahqaha qilishlaridan behad xavotirda erdim.

Bag‘dazon osh xitomig‘a yetub, faqirni chekka o‘ringa olub bordilar. Faqirning atrofimga ko‘b bema’ni yigitlar yig‘ilgan erdilar, yakkash mazkur bir aroba qayroq birlan bir qancha arradan dam urar erdilar, faqir bo‘lsam benihoyat xavf-harosga tushar erdim. Bag‘dazon ul haromzodalar bir chilimga bang (dar istiloh fir’avnning tezagi)[31] to‘ldirib chekishdilar va yana faqirga ham taklif qildilar, kamina bul maniga rizoliq bermaganimda haromzodalardan birisi aydikim: «Ey Maxdum, agar bul taklifga rozi bo‘lmasangiz, asnoyi sunnatda sharmanda bo‘lursiz», deb. Ammo faqir qabul qilmadim, zo‘rlab erdilar, girya og‘oz qildim.

Ammo bir haromzoda bangning tutunidan og‘zig‘a yig‘ub bag‘dazon faqirga damida[32] qilur erdi. Faqir, asnoyi sunnatni ko‘b mulohaza qilur erdim. Haromzodalar aytkandek, gaplar vuqu’ga[33] kelsa, ko‘b yomon bo‘lur edi. Bul xavf-haros birlan agarchandiki fir’avnning tezagi bo‘lsa ham bangdan bir andakni iste’mol aylab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Benihoyat achchig‘ erdi, andak-andak qaqir-quqir qilib tortdim. Bul fursatda yigitlardan biri qo‘limg‘a mushtumdek nabot tutquzdi va yana «Bekor o‘lturmang, taqsir», deb mehribonchiliq qilg‘an erdi, beandoza xursand bo‘lub mazkurni ermak qilub o‘lturdim. Va yana birisi birmuncha magiz in’om qildi. Ul tarrorlar[34] faqirni benihoyat siylar erdilar.

Ishtahoyi tamom birlan nabot va magizlarni tanovul qilub tugatkan erdim, faqirga ajab bir hole yuz berdi. Nafasim og‘zimg‘a tiqilib kelgandek bo‘lur erdi, ko‘zimga ajab bir nimarsalar ko‘rinur erdi. Bul fursatda ul tarrorlardan biri faqirga tabassum qilub va yana barmoqlarini ko‘rsatib: «Bul nechta, Maxdum?» deb maynabozliq og‘oz qilub erdi. Faqir bul zamon ul nabot va magizlarning bang bilan oluda qiling‘an bo‘lg‘anini onglar erdim. Ziyoda mast bo‘lg‘an erdim, ko‘zim odamlarni ilg‘amas, hushim boshimdan uchkan erdi. Arang-arang qulog‘imga childirmaning dangir-dungir qilg‘an nag‘masi kirar erdi, ul tarrorlar faqirni bul ahvolga solub, o‘zlari ajab bir xursandliq qilub raqs aylar erdilar. Bag‘dazon faqir, bangning asorati bilan behud bo‘lub qolubdirman…

Bir zamon ko‘zimni ochsam, boshimda volida birlan padar piq-piq yig‘lab o‘lturibdilar. Faqir ulardan ahvol so‘radimki, bul yig‘ining boisi nimadir va yana to‘ylar tinchlik birlan o‘tdimi, deb. Ul janoblarning so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, faqirning sunnatim bajo keltirilibdi, ammo kamina o‘shal bang asorati birlan behud bo‘lub yiqilg‘animdan buyon to‘rt kecha-kunduz miyonasida behushona yotar erkanman, bul behushlik o‘shal fir’avnning tezagining xosiyati erkan. Bo in hama faqir ziyoda xursand erdim, zeroki, ul bangning asorati birlan go‘daklarning ta’nasidin qutulib va yana asnoyi xatnada girya qilish bu yonda tursun andak betoqatlik ham vujudga kelmabdir. Ammo ul ikki mehribon benihoyat anduh tortibdirlar. Va yana to‘ylari azaga aylanibdir.

Bag‘dazon faqirning ahvolimdan xotirjam’lik aylab, padari buzrukvor faroyiz1 mashq qilub kori xayrga masruf2 bo‘lg‘an mablag‘ni hisoblab ko‘rgan erdilar, yig‘ilg‘an to‘yonalar birlan jam’ul-jam’i to‘rt yuz so‘lkavoy Nikalay aqchasi chiqim bo‘lubdir.

«Mushtum», 1924 yil, 7 fevral, 21-son.

[1] Shosh — Toshkent.

[2] Hojiul-haramayn ash-sharifayn — ikki harami sharifni (Makka va Madinani) ziyorat qilgan kishi.

[3] Xalqai tadris — biror muallimda saboq olgan talabalar doirasi.

[4] Adno — past, quyi.

[5] Ma’luli xotir — g‘amginlik, xafalik.

[6] Xomtalash qilish — bepul ulashish.

[7] Alo xozal-qiyos — shunga o‘xshash.

[8] Girya og‘oz qilmoq — yig‘i boshlamoq.

[9] Dalla — qo‘shmachi.

[10] Chalig‘lamoq — ko‘zikish.

[11] Takallum qilmoq — gapirmoq.

[12] Zori — zorlanish.

[13] Hukamo — hakimlar, tabiblar.

[14] Tarahhum — rahm qilish.

[15] Volidayin muhtaramayin — muhtaram ota-ona.

[16] Chopog‘on echki.

[17] Muovanat — yordamlashish.

[18] Riyozat — azob, mashaqqat.

[19] Ba tadrij — asta-sekinlik bilan.

[20] Salimul-a’zo — sog‘lom tan; sog‘aymoq.

[21] Minavat — vinovat, aybdor.

[22] Amroz — kasalliklar.

[23] Forig‘bol — ozod, tinch.

[24] Navozish — siylash, marhamat.

[25] Fayziyob — bahramand.

[26] Dunyo vajhi — mablag‘.

[27] Kofiy — yetarli.

[28] Furo‘xt — sotish.

[29] Domlaning «jami’i olamdin» deb yuborishlari mubolag‘ai suxandir. Buni ahli donishlar onglasalar kerak. (Mual.)

[30] Zabih — so‘yish, bo‘g‘izlash.

[31] Dar istiloh Fir’avnning tezagi — xalqda nashani Fir’avnning tezagi deb ataladi. Rivoyat qilishlaricha, Misr podshohi Fir’avn o‘zini «Men Xudoman» deb e’lon qilgan ekan. Bir kuni Fir’avn o‘z dushmanini yengmoqchi bo‘lib askarlariga aytibdiki, «Sizlar shu adirning u tomonidan, men bu tomonidan borib dushmanni qurshab yengamiz», deb jangga kirishibdilar. Askarlar mo‘ljaldagi joyga yetib boribdilar, lekin podshohdan darak bo‘lmabdi. Xavotir olib adirning u tomoniga o‘tsalar Fir’avn yozilib o‘tirgan emish. Yozilgan joyidan nasha o‘sib chiqqan emish. Shunda askarlari «Xudo bunday ish qilmaydi-ku, sen Xudo emas ekansan», deb undan yuz o‘girgan ekanlar. Shundan beri xalq nashani Fir’avnning nashasi, tezagi deyar ekan.

Haqiqatda esa qadimgi Misr fir’avnlari o‘ta zulmkor bo‘lgani hatto Tavrotda, Injilda va Qur’onda, shuningdek, islom diniy tarixlarida qayd etilgan. Shuning uchun turmushdagi yomon narsalar, yomon fe’l-atvorlar xalq orasida fir’avnlarga nisbatan aytib kelingan. Masalan, kim ayyorlik yoki takabburlik qilsa, fir’avnmisan, deyishadi.

[32] Damida — dimog‘ga puflash.

[33] Vuqu’ — yuz berish voqe bo‘lish.

[34] Tarror — kisavur, o‘g‘ri; firibgar.