Abdulla Qodiriy. Hoy, yer yutkur (1924)

Xotun-qizlarning baynalmilal kuniga bag‘ishlab

Bu kun xotun-qizlarning baynalmilal bayram kunlari. Albatta, bu «mushtipar»larning ko‘ngillarini olmoq har bir belida belbog‘i bor bo‘lg‘an kishining vazifasidir. Biroq biz hayrondirmizki, qaysi yo‘sun bilan ularning ko‘ngillarini olish kerak? Biz bu nuqtani o‘bdan o‘ylab ko‘rdik. Ammo aqli qosirimizg‘a[1] hech bir epaqalik gap kelmay, miyamiz qotdi.

To‘g‘risini aytkanda (orada eshitkuchi yo‘qmi?), bu sochi uzun, aqli qisqa anav-manavlarga bayram qilishni kim qo‘yubdir?.. Tuzuk, xotun-qizlarning sochlari uzun, aqllari qisqa, bu haqiqat. Ammo o‘zlari Xudoyi taoloning shirin qilub yaratqan maxluqlaridandirki, bu gap ham to‘g‘ri. Binobarin, ularning o‘ynab-kulishlariga rozi bo‘lmag‘an odam xumsadir[2]. Biroq masalaning shu yeriga tushunolmaymizkim, bizning sochlik eshonlarimizga bir yil o‘n ikki oy bo‘lsa, shu o‘n ikki oyning hammasi ham ularning bayramidir. Bahor bo‘lsa, shulon[3] qaynatg‘ali mozorg‘a chiqsalar, hayit kelsa yana ish yirik bo‘lsa, tug‘uriq chiqsa, yana bayram, to‘y bo‘lsa, beshik-belik, upa-elik, to‘y ustiga to‘y… Endi tag‘in nima kerak, bu yer yutkurlarga.

Hukumatchilik bo‘lg‘andan keyin kishining tili qisiq bo‘lub, churq etalmas ekan… Yo‘qsa tunov kun… Xalq qozixonasida rech[4] aytkan «Jujunay so‘fi» og‘amizning so‘zi nax bizning muddaomiz edi:

Xotunlarg‘a huquq, deb xotun-qizlarimizni buzub yubordilar, bu kungacha huquqsiz yashay bilgan xotun-qizlar bundan keyin ham yashay oladirlar. Xotun-qizlarg‘a huquq olub berguchi ta’viyaning keragi yo‘q! — dedi.

Rechni biz, xaloyiq uzoq olqishladik, qozi afandi bo‘lsa ashad ta’sirotidan[5] ho‘ngir-ho‘ngir yig‘ladi. Oradan bitta huquqchi chiqub: «Bul kishi xotunig‘a huquq berib og‘zi kuydi…» deb so‘zlay boshlag‘an edi, urub og‘zini dabdala qildiq. Agarda siz ham huquq tarafdori bo‘lsangiz, sasig‘an og‘izdan achig‘an so‘z chiqar deyarsiz, havola ba Xudo[6]. Ammo sirasini so‘zlab o‘tdik biz. Agarchandiki[7], faqiringiz bu bayramg‘a betaraf qaraydir, shuning uchun betarafona kengashlar berishdan ham toymaydir:

1. Inqilob to‘poloni bilan xotun-qizlarimizning paranjilarini yangilab berilsun.

2. Oshni qirmoch oldirg‘an uchun ham ba’zi bir og‘a-inilar «hasm»larining[8] changini qoqar ekanlarki, bu ish yaxshi emasdir. Ba’zi uncha-muncha ish uchun paxtasavar qilinmasun.

Ixtor: 1. Bundan boshqa mavzularda masalan, so‘zingizni qaytarsa, ijozatsiz ko‘chaga chiqsa, mahsingizni tortmasa va shuningdek, gunoxdar voqi’ bo‘lsa, shundog‘ uringki, badani unniqib, mo‘mataloqqa aylanguncha qo‘ymag‘aysiz.

Ixtor: 2. Xotun-qizlarni uradirgan olat (mizrob) uch turlukdir: a) qamchi; ish vaqtida suvlab olinsa, xotun urish uchun bundan yaxshi olat yo‘kdir; b) musht va tarsak; v) oyoq; bu olat mazrubani yotquzub olg‘andag‘ina ishka yaraydir, ayniqsa, poshnasi baland etik bo‘lsa… o‘tkurrak qayinonalar kelin-kevatka hujum qilg‘anda o‘qlog‘i, o‘g‘uch kabi olatlarni iste’mol qiladirlarki, bu ham yaxshi usuldir.

3. Xotuningizdan achchig‘lansangiz, uni faqat moshxo‘rdaga bog‘lab, o‘zingiz choyxona va oshxonalarda moyliq palovni tushuring. Xotun-qizg‘a odob berishda bul ham yaxshi usuldir (Ammo ba’zi bir akalar xotunlarini umr bo‘yi moshxo‘rdaga bog‘lab, o‘zlari hamisha choyxonada qolur ekanlarki, ayniqsa, bunisi faqirga ko‘b porom[9] keladir). Ana bizning so‘zimiz shul: yoqsa sizga, yoqmasa o‘zimizga.

Hoy, yer yutkur! Kishi-kishi, yuzingni bekit!..

Julqunboy.

«Mushtum», 1924 yil, 8 mart, 24-son, 2-bet.

[1] Qosir — qisqa, ojiz.
[2] Xumsa — xunasa, yaramas.
[3] Shulon — boy, kambagal, beva-bechoralarga beriladigan issiq ovqat.
[4] Rech — nutq, ma’ruza.
[5] Ashad ta’sirot — qattiq ta’sirlanish.
[6] Havola ba Xudo — Xudoga havola.
[7] Agarchandiki — garchi.
[8] Hasm — dushman; bu yerda: xotin
[9] Porom — ko‘ngildagidek, yoqimli, ma’qul.