Abdulla Qodiriy. Har kimdan anov manov (1925)

O‘ShLIK QALPOQBOSh YoZUVChIDAN

— Ko‘chalaring chaqir-chuqur, qurbaqalar baqir-buqir, kafshlaring shap-shapiga pataklaring chapak chalar; kaparatga yugura ko‘rov, xotinga upa olasan, qizingga bo‘lsa iroqi sobun, o‘g‘ulchangga oshiq olasan; o‘chirt turib zerikmag‘il, kutib-kutib savob olasan. Senga savob kerakmas-a boshingga bir shapka kerak, qo‘lingga bir papka kerak, ichkari qarab o‘taberasan, So‘na bibi, Shashanisa jamolini ko‘raberasan o‘laberasan. Azabon bo‘lis choyxonasi: Ashirmatakang o‘g‘lini ko‘r, choyxonag‘a cho‘kkalatkan tannozgina Qumrini ko‘r, tunda kelib bazmini ko‘r, yoshlaringni azmini ko‘r!

Poshshaxo‘ja o‘g‘li yana, volijroqo‘m akang bila xotin-qizning vakilasi, kamsomonning jajjiginasi, kechalari dutor-sator, dimog‘laring mushki ifor. Men yozaman qaqir-quqir, bosaberasiz apir-shupir!

AVLIYaTALIK ChO‘KIChDAN

Mulla Kumush domla to‘ram: Oyoqqa mash tortma[1] harom, degan edi. Avliyataning mullalarin jahli chiqib: Fatvong sening erur shaloq, o‘zing kofir xotin taloq, asling sening chalma qozoq! Munozara-mukolama[2], mubohasa-mujodala[3], ajab shirin muomala, kitob ochib, kitob yopib, bir-birini itdek qopib; natijada ikki tomon, bo‘lib olib qopqora qon, harsillashib-gursillashib murojaat qildi Qozon.

TOShKAND O‘RDA SAMOVORIDAN BIR DEVONA YoZADIR

— O‘zbek qizi ochilibdir, yerga bodom sochilibdir, ochilsa hay ochilibdir, bir xillari shoshilibdir; choyxonada sakkiz yigit, o‘rtasida bitta chigit; kakir-kukir etar chilim, katta-kichik unga yelim! Bu na balo, bu na qazo? Maqsad shumi ochilishdan? Yoxu dedim shoshilishdan!

Ko‘targuchi Dumbul.

«Mushtum», 1925 yil, 20 dekabr. 23-son, 3-bet.

[1] Oyoqqa mash tortish — sunniy mazhabida tahoratsiz oyoqqa maxsus kiyimsiz mash tortilmaydi, shialarda tahoratsiz, oyoq kiyimsiz tortiladi.

[2] Mukolama — suhbatlashish.

[3] Mujodala — bahslashish.