Abdulla Qodiriy. Bir yil (1925)

Jiddiy

O‘ychi o‘yini bitirg‘uncha, ishchi ishini qip qo‘yadi, depti bobolar. Shunga o‘xshash «Ittihodi islom» va «Ittihodi turk»[1] deb jovrab, boshini qovushtirsa oyoqig‘a hayron bo‘lib yurgan axdi ittihodlar[2] istihoradan[3] bosh ko‘targach ko‘rdilarkim, arava laylak! «La havla valaquvvata» o‘qildi va ohistagina savol berildi:

Bu nima degan gap? Xudoyo tavba: qozog‘i o‘z oldig‘a xon, tojiki o‘z boshig‘a sulton, o‘zbegi o‘z jo‘nig‘a[4] bek! Bas, bizning ittihodi falon otliq sassiqpopishagimiz[5] qani? Bu jonivorning qanot-quyrug‘ini qaysi uying kuygur mutadi va uyimizga kim o‘t qo‘ydi?[6]

Qopini yo‘qotqanlarning ishini qip qo‘yg‘an, albatta, biz edik. Zero, ko‘karmagan daraxtni, albatta, kesish va o‘rnig‘a yangisini ekish kerak edi. «Ittihodi falon» deb, do‘koniga viviska qoqqan bu benavolar[7] yuz yillardan beri ko‘bchilikka qurig‘an arig‘dan suv bag‘ishlab, shamoldan luqma berar edilar. Bayi bu dunyo, puli oxirat bo‘lg‘an bu «ittihod» xo‘lyolari[8] xudda vahimaning onasi va lofning ayni bemazasi edi.

Shubha yo‘qkim, o‘sha «ittihod» jinnilari bu kun ham bizga burchak-burchakdan fisq otarlar:

«Millatlarni qirq to‘qquzga bo‘lib, o‘zboshimchaliq ko‘yiga soldingiz va dard desa kuydirgi aytadigan qildingiz», deyarlar. Ushbu burchak ittihodchilarig‘a bizning beradirgan javobimiz bir: «Biz haqiqatni hayotdan oldiq. Hammadan ilgari shaxs o‘zini tanisin, so‘ngra boshqani! Zero, «O‘zini bilmagan o‘zgani bilmas», so‘zi turmush onasining dard chekib tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Biz millatlarni ozod o‘sdirg‘ach, doirasi g‘oyat tor bo‘lg‘an, ittihodi islom va yo turkgina emas, balki butun dunyo mehnatkash va dehqonlari ittihodi; eng avjida butun dunyo insonlari ittihodi vujudga keltiramiz!»

Ozod O‘zbekistonning bir yillik to‘yida oramizdag‘i o‘zbek, tojik va qozoqliq ig‘volarini alangalatib yurgan duvarak[9] odamlarni yo‘qotmoq qasamini ichaylik.[10]

Shilg‘ay.

«Mushtum», 1925 yil, 22-son.

[1] «Ittihodi islom» («Islom birligi») XIX asr oxiri va XX asrning birinchi choragida O‘rta Sharkdagi musulmon mamlakatlarida vujudga kelgan fikr. Asoschisi Jamoliddin al-Afg‘oniy G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining bosqinchilik siyosatiga qarshi kurashda musulmon xalqlarini bir-birlarini himoya qilishga chaqirib, o‘zining «Panislomizm va panturkizm» nomli maqolasida; «Islomga qarshi dushmanlik xristiyon xalqlarining hammasida bordir. Xristiyonlar islomni yo‘qotish maqsadida juda keng bo‘lg‘an bir ittifoq qilishga hozirdirlar. Ushbu ahvollar butun dunyo musulmonlarining o‘z istiqloliyatlarini saqlamoq va Ovro‘poni kuchaytirishka sabab bo‘lg‘an taraqqiyotni hosil qilmoq yo‘lida mudofaa yo‘lluk birlik yasamoqlarini iltizom (majburiyat) etadilar», deb islomchilik g‘oyasini bayon etadi. Bu fikr amaliy tarqalishining oldini olib g‘arb mustamlakachilari tomonidan «panislomizm» atamasi (pan yunon.) qamrab olish ma’nosini ifodalaydi) siyosat maydoniga olib kirildi. Rossiya missionerlari 1908 yildan boshlab bu atamani Rossiya Davlat Dumasiga olib kirdilar va o‘z adabiyotlarida targ‘ib qila boshladilar. Bu voqea 1906 yil 17 oktyabr manifestidan so‘ng ma’lum bir erkinlikka erishgan Rossiyaning musulmon xalqlarini siyosiy jihatdan bosimda ushlash va ularning ijtimoiy-siyosiy faoliyatini to‘xtatish uchun qaratilgan harakat edi.

Ismoil Gaspiralining «Tarjumon» gazetasi chop etilishi va uning Kavkaz hamda O‘rta Osiyoda, shuningdek, tatarlar va boshqirdlar orasida ham keng tarqalishi, unda turkiy xalqlarni ijtimoiy jihatdan uyg‘onishga da’vat qiluvchi maqolalarning chop etilishi munosabati bilan va bir millat sifatida uyushishga intilayotgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tatar, boshqird, qrim-tatar, ozarbayjon va boshqa millatlarning birligini yo‘qotish maqsadida «panturkizm» atamasi siyosat maydoniga olib kirildi. Ammo bu atamalar siyosiy jihatdan g‘alaba qozonmadi. Lekin bolsheviklar hukumati milliy ziyolilarni noqonuniy jazolashlari uchun bu ikki atama nihoyatda ahamiyatli bo‘ldi. 1920, 1930, 1940, 1950 yillar qatag‘oni davrida davlat jazolash tashkilotlari ayblov uchun bu atamalardan juda unumli foydalandilar.

[2] Ittihod — ittifoq.

[3] Istihora namozi — uxlashdan oldin biron niyat qilib istihora namozi o‘qib yotilsa, javobini Alloh kishining tushida ayon qilar ekan, Allohdan ilhom so‘rash.

[4] Jo‘niga — haqida, to‘g‘risida.

[5] Sassiqpopishak — Hudhud (Mual.). Attorning «Mantiq ut-tayr», Navoiyning «Lison ut-tayr» dostonlaridagi yetti vodiydan Ilohning vasliga tomon qushlarni (solih muridlarni) olib o‘tuvchi qush (piri komil, dono yo‘lboshchi) timsoli: bu yerda: ozodlik sari mazmunida.

[6] Bu yerda muallif «Milliy ittihod» tashkilotini kim sotganidan kuyunib yozmoqda. Bu tashkilotning rahbarlari Sadriddinxon muftiy Sharifxo‘ja qozi o‘g‘li va Orif Karimiylar 1921 yilda qamoqqa olinadilar. Gumon qilinib Munavvarqori va boshqa o‘zbek ziyolilari ham qamoqqa olinadilar. Gumon tasdiqlanmagani uchun Munavvarqori yetti-sakkiz oy ushlanib qamoqdan chiqariladi. Sadriddinxon va Karimiy esa qamoqdan qochib Afg‘oniston tomon o‘tadilar. Shundan so‘ng Turkistonda «Milliy ittihod» tashkiloti (1919-1921 yil, yanvar) o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Garchi a’zoligi tasdiqlanmasa-da 37-yilgi ayblovda Qodiriy ham shu tashkilotga a’zolikda ayblangan edi.

[7] Benavo — faqir, qashshoq (g‘oyaviy).

[8] Xulyo — xomxayol.

[9] Duvarak — xom, g‘o‘r; fitna odam.

[10] Muallif so‘z daromadini o‘tgan tarixiy voqealardan olib kelib aytmoqchi bo‘lgan maqsad-fikrini maqolaning oxirgi jumlasida o‘quvchining mulohazasiga tugib beradi. Bu tugunni bu kunda ochiqlasak, kechagi tarixdan ma’lumki, Chor Rossiyasi O‘rta Osiyodagi Qo‘qon xonligi, Buxoro amirligi va Xiva xonligini bosib olgandan so‘ng, keyinchalik esa Lenin boshliq bolsheviklar bu xonlik va amirlik yerlarida Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (1918), Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (1920), Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (1920)ni tashkil qilgan edi. 1924 yilning oxiriga kelib bolsheviklar mustamlakachilikning «bo‘lib tashlab hukmronlik qil» qoidasiga amal qilgan holda bu respublikalardan hozirgi beshta respublikalarni yasagan edi. Muallif maqolasining so‘ngida bu fojiali tanazzulni ochiq aytolmasa-da, lekin azal qadimdan birga o‘tirib, birga yurgan mahalliy millat xalqlarini birdamlikka va ular orasiga nizo urug‘ini sochayotgan millatchi bolshevik ruslardan qutulishga da’vat qilib o‘tadi.