Abdulhamid Cho‘lpon. Tarixning zararlik takarruri (1924)

Dunyoning ketishi, turmushning oqishida shunday voqealar paydo bo‘ladirkim, u voqealarga o‘xshash hollar undan burun ham ko‘rulib o‘tadi.

Ana shu vaqtlarda mahmadona, chechan kishilar chiqib «tarix takarrur qilayotir», deb shovqun-suron qilib yuboradilar.

Men mahmadona ham emasman, chechan ham. Shovqun-suron qilmoq ham qo‘limdan kelmaydir. Men, o‘zing bilgan Farg‘onaning ba’zi bir ahvollarini, eski kotiblarning qalami qanday sekin yursa, shunday sekinlik bilan hovliqmasdan, shoshilmasdan sizga or qilib etmakchiman.

Shu xolos.

Farg‘onaning 1919 va 20-yillari esingizda bordir. Farg‘onada oqqon haqli va haqsiz qonlarning hidi Toshkent, Samarqandlarni emas, Moskva, Leningradni ham tutib ketdi. Shuncha qon to‘kilgan joyda, albatta, voqea emas, hodisalar bo‘lub turadir.

Hodisa va voqealar shu qadar tez va shoshilishliq bilan yuz ko‘rsatadirlarkim, ularni tarix betlariga joylab qolmoq ham juda qiyin bo‘ladir.

Farg‘onada ham shunday bo‘ldi. Kechagi voqealar bugun esdan chiqdi. Ertangi voqea oldida ilgari kungisi hech narsa bo‘lmay qoldi. Aqllar, hatto shu voqealarga guvoh bo‘laturg‘on bir tarix borlig‘ini o‘z doiralariga sig‘dira olmay qoldilar.

Shunday vaqtda bizning buyuk bir hissiyotli adib va shoirimiz chiqib, o‘shal voqealarning hammasini adabiy tomosha, nafis pesa holida tarix betlariga naqsh qilib qolmoqchi bo‘ladir. Jur’atni, jasoratni qarang!

Hamza Hakimzodaning 6—7 bo‘lakdan iborat valuolaliq (sensatsionniy) «Farg‘ona fojealari» ana o‘shal xovliqishning mevalari edi. Tomoshachi muarriximiz o‘z asarlarini o‘shal vaqtda «tarix uchun oddiy bir matiriyol» deb o‘ylagon emas. Hatto, muni da’vo qilib chiqqanlardan juda qattiq xafa bo‘lgon. «Farg‘ona fojealari» muallifining fikricha Shekspirning «Hamlet»» «Maqbet», «Ro‘meo‘ va Julet» larining o‘zbek va Farg‘ona muhitidan yetishganlarigina edi; shuning uchun unda yuksak mafkurali qizlar, yuqori tushunchali allaqanday Tal’at afandilar bor edi.

O‘shal vaqtning ommasi xalqi ham qiziq. «Farg‘ona fojealari» dedimi, 5000 kishi sig‘aturg‘on keng sahnalarga ham odam liq to‘la bergan. Muni ko‘rgan muallif, «qimmatlik, «nafis» asarlarini keng Turkistonning u boshidan bu boshig‘acha ko‘tarib borib, o‘ynatib yurg‘an…

Orag‘a «Chig‘atoy gurungi» degan bir jamiyat chiqib qoldi. U jamiyatga mansub kishilar tilni soddalashtirmak maqsadini asos qilib ushlaganlari holda, o‘zbek adabiyotining tugallanishiga ham katta ahamiyat berdilar. Tugallanadurgon adabiyot chin adabiyot  bo‘lmog‘i kerak. Shuning uchun adabiy asarlarga haqiqiy qiymatini berib, adabiyot kira olmag‘on narsalarni shafqatsiz suratda maydondan hayday boshladilar. Ana shu harakatning zarbiga uchrag‘onlar orasida, Xurshid Sharafning «Kichik askar»i (o‘zicha: «Kuchuk askar») bilan birga bizning «Farg‘ona fojealari» ham bor edi.

«Chig‘atoy gurungi» asosini mahkam qurg‘onlig‘i va chiziqni to‘g‘ri chizg‘onlig‘i uchun — o‘zi yo‘q ketsa ham o‘zbekning yangi adabiyotida yangi, porloq, sharaflik sahifalar ochdi va ochmoqda davom etadir.

Lekin, quruq voqealarni ingichka, nozik adabiy yo‘l bilan ko‘rsatmak istagan «Farg‘ona fojealari» o‘shal vaqtlarning o‘shal vaqtdag‘i xabar (xronika) laridan boshqa narsa bo‘la olmadilar. Shuning uchun 20-yillardayoq motamsizgina ko‘muldilar.

Tarixning takarrurimikan?

Yaqinda Qo‘qon (Farg‘ona muzofotining poytaxti) shaharining ko‘chalarida bir xitobnoma qadar uzun, Buxorodag‘i «Anas» yoki «Ulug‘ Turkiston» gazetasining tilidek «qurama» bir e’lon o‘qudim. E’londa: bir-ikki soatlik muqaddima (to‘g‘risi, reqlam!) dan so‘ng «Farg‘ona fojealari»ning sahnaga qo‘yilg‘usi xabari berilgan. Hayron bo‘ldim, shoshdim. Nima uchun shoshding deysizmi? Bu dunyoda «o‘liklarning qaytadan tirilishiga» ishonmag‘onim uchun! Shu uchun hayron bo‘lib shoshqon edim, lokin «Rahimboyev» tiyotrining pardasi ochilib, «bosmachi» va «doshnoq» so‘zlari eshitilgandan so‘nggina «o‘liklarning tirilmagi mumkin bo‘lg‘onlig‘iga» ishondim.

Pesadan gapirib o‘lturmayman. Pes va moxov qilib o‘ynolg‘onidan ham so‘z ochmayman. U kungi o‘ying‘a o‘shal o‘zingiz bilgan «atoqli aktrisa» Kuznetsova ham oralashg‘on edi. Ovrupo asarlarida bir ovrupoli qiz ro‘lini qanday o‘ynash lozim bo‘lsa bir o‘zbek qizi ro‘lini Farg‘ona sahnasida shunday o‘ynag‘on Kuznetsova u kun sahna oldig‘a chiqib gapirgan bir o‘rtoq tomonidan juda ko‘b maxtaldi. Shu joyni sizga bildirib o‘tmasam bo‘lmaydir. O‘zi oddiy bir xizmatchi bo‘lg‘oni holda, «Istambul dorilfununi muazzinlari»dek gapiraturg‘on bir doshnoq armani ro‘li ham bor. Bu ro‘lni o‘ynagan «Usta» artist arman-ozarbayjon tillarining xususiyatidan shu qadar xabarsiz ediki, o‘shal vaqt doshnoqlarining zulmlarini ko‘rsatmak bilan emas, tillarini buzub, masxara qilib gapirmak bilan ularning adabini bergan bo‘ldi… Barakalla, bu ham katta hunar! Men, u to‘g‘rida ko‘p gapirmoqchi emas edim. Ba’zi bir udur-budur yerlarini ko‘rsatib o‘taman deb, xiyla vaqtingizni oldim. Menim asl to‘xtalmoq istagan no‘qtam shudirkim, shu pesani shu holda o‘ynamoq bilak ishga kirishgan shu teatr to‘dasi, mahalliy mablag‘ning ta’minotiga o‘tkazilar emish degan gap bor. «Fojealar»ning muallifi va to‘daning ruhi bo‘lg‘on Hamza Hakimzoda o‘rtog‘imiz, atay shu ish uchun Xevadan chaqirilib keltirilgan. Hamza o‘rtoqning o‘zi ham xususiy bir gaplashish vaqtida «shu to‘g‘rida 20—30 kishilik ismeta tuzib muzofot ijroqo‘mig‘a topshirmoqchi bo‘lg‘onini» aytib o‘tdi.

O‘zbek teatrini tirgizmak, o‘zbek san’atini yashatmoq yo‘lida Farg‘ona muzofot ijroqo‘mining jiddiy harakat ko‘rsatishi — olqishga loyiq ish. Lekin shuni bilmak kerakkim, o‘zbek teatr va san’ati bu xil san’atdan yiroq asarlar va san’atga 1919 yil ko‘zi bilan qaraydurg‘on to‘dalar tomonidan tirgizilib, yashatila olmas. Bu muhim ishni yosh kuchlarga, san’atni to‘g‘ri ko‘rib taniy oladurg‘on kuchlarga topshirmoq kerak.

Shubhasiz, Hamza o‘rtoq o‘zbek teatrining, o‘zbek san’atining yuksalishida muhim bir omil bo‘la oladir, uni bu sohada ishlatmak kerak. Lekin unga bildirmak, tushundirmak kerakkim, o‘zbek teatrini, Turkistonning markazida sobiq «Karl Marks» to‘dasi boshlag‘on to‘g‘ri yo‘l bilan olib bormoq kerak. Bu to‘g‘ri yo‘lga tushgani unamasalar tarixni quramasliq bilan «takarrur» qidirmoqchi bo‘lsalar, sahnani voqealarning quruq bir xabarlar bobidan iborat qilmoq istasalar— ularga xoh mahalliy mablag‘ va xoh boshqa mablag‘dan bir chaqa berish kerak emas.

19-yilning «fojeafurushliq» davri o‘tgan va tarixning bu «takarruri» biz uchun zararlik!..

________________

Tarixning zararlik takarruri. — «Turkiston» gazetasining 1924 yil 14 oktyabr sonida e’lon qilingan. Garchi maqolada sahna asari haqida gap ketsa-da, unda muallifning adabiy-estetik qarashlari yorqin ifodasini topgani uchun mazkur bo‘limga kiritdik.

Takarrur — arabcha, takror so‘zining ko‘pligi.

«Farg‘onaning 1919 va 20-yillari esingizda bordir» — Qo‘qon muxtoriyatining qonuniy hukumati bolsheviklar tomonidan mahv etilgach, Farg‘onada birin-ketin dahshatli xunrezliklar sodir etildi: Qo‘qonning vayron qilinishi, dashnoqlar qirg‘ini, milliy g‘ururini va milliy erkini himoya qilib chiqqan erksevarlar (ya’ni bosmachilar) bilan urush, dahshatli ocharchilik… Cho‘lpon ayni shu narsalarpi eslatmoqchi bo‘ladi.

Voluolalik — sensatsion, shov-shuvga sabab bo‘luvchi.

Xurshid Sharaf — asl ismi-sharifi Shamsiddin Sharafiddinov (1892—1960), Xurshid taxallusi bilan ijod qilgan, shoir, dramaturg, tarjimon, teatr tashkilotchisi. O‘zbek muzikali dramasining asoschilaridan.

«Buxorodagi «Anas» yoki «Ulug‘ Turkiston» gazetasining tilidek «qurama» bir e’lon o‘qudim» — eslatilayotgap gazetalarning birinchisida tojik, ikkinchisida tatar tiliga xos so‘z va so‘z formalarshshig ishlatilganiga ishora qilinmoqda.

«Atoqli aktrisa Kuznetsova» — Mariya Kuznetsova (1899—1956), o‘zbek teatrining birinchi aktrisalaridan, O‘zSSR xalq artisti. 1918 yildan Hamza boshchiligidagi «O‘lka sayyor siyosiy truppasi»da o‘ynagan. 1921 —1925 yillarda Qo‘qon teatrida, 1925 yildan to umrining oxiriga qadar hozirgi Hamza teatrida ishlagan.

«Istanbul dorilfununi ma’zunlaridek gapiraturg‘on…» — dorilfunun lektorlaridek gapiradigan.