Abdulhamid Cho‘lpon. Men sevgan azamatlar (1934)

Hozir «Qizil O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalarining e’lonlari qismini o‘qiganlar «Hamza» tiyotri e’lonlariga har kun duch keladilar. Tiyotrning dam olish kunlaridan boshqa har kuni tomosha bor. U e’lonlarni o‘quvchilar bizning tiyotrimizda ham boshqa madaniy xalqlarning tiyotrlari singari bir asarni bir mavsum ichida qayta-qayta qo‘yilganini ko‘radilar. Agar hafsala qilib bir asarning bir necha qo‘yilishiga kelsalar, tiyotru zalini hech vaqt tomoshachidan xoli ko‘rmaydilar. O‘zbek tomoshabin ommasi har qanday tiyotru asarini hozir Ittifoqning boshqa hamma tomoshabinlari singari tegishli diqqat va ixlos bilan qarshilaydi. Tomoshaning o‘zini tayyorlash har narsadan qiyin bo‘lgan. «Padarkush» (Mahmudxo‘ja Behbudiy) davrlarida emas, hatto «Shayx San’on»day narsalar sahnaga chiqarilgan Karl Marks to‘dasi davrlarida va hatto mundan 7 – 8 yillar ilgari ham yuqorida aytilgan holni faqat shirin xayol qatorida tasavvur qilish mumkin edi. Mana shu kichkinagina masalaning o‘zi ham tiyotrimizning shu qadar oz fursat ichida hatlab o‘tgan uzun masofani ochiq ko‘rsatadir.
Tiyotrumiz Maskovning birinchi istudiyasini tugatgan o‘rtoqlardan iborat o‘laroq, mundan yetti yil burun (1927 da) Samarqand shaharida tuzildi. Unga qadar o‘tilgan davrni qoldirib turib, undan keyin o‘tgan shu 7 yil ichida mening ko‘z oldimda o‘tgan go‘zal badiiy obrazlarni bir eslab va eslatib o‘tmoqchiman.
So‘z akto‘rlarning ayrim go‘zal o‘yinlari ustida.
«Turondod» istudiyaning maktab kitobi qatorida bo‘lganidan, tabiiy, so‘z o‘shandan boshlanadi. Unda ko‘zga eng ilgari kelib to‘qtay turgan badiiy o‘yin Abrorning Kalafi, Soraning Adelmasi edi. Hatto Maskovning o‘zida Turondodning so‘z mashqi (qiroati) ketarkan, Soradagi dramatik quvvat vaxtangovchi muallimlar bilan birga hammamizni darrov o‘ziga jalb etgan edi.
Sora qiroat chog‘ida ro‘lni to‘la ma’nosi bilan dramatik qilib o‘qidi. Shu uchun Adelma ro‘lida Soraga erkinlik berish, ya’ni dramatik qilib o‘ynashni qabul qilish istaklari ham sinalar edi. Faqat shu narsa qo‘yilmaning tub yo‘liga zid bo‘lganidan Soraning ipini tortishga to‘g‘ri keldi. Shunda Sora tor chorcho‘plar ichinda siqila-siqila yana ro‘lning dramatik jihatlarini bo‘rttirdi, mumkin qadar qavartirdi va kuchli olqishlarni ham shuning uchun oldi. Esimda, O‘zbekis­ton kommunistlarining sinoqta rahbari Akmal aka shu tomoshadan keyin Sorani chaqirtirdi va bir-ikki tashviqlovchi so‘z aytdi. O‘zbekistonga kelgandan keyin ham Soraning individual qimmati – Adelma ro‘lini dramatik asoslar ustida olib borishga zo‘r berdi. Shu uchun qo‘yilmaning asoslaridan kelib chiqqan holatlar bilan Soraning ruhiy mayllari o‘rtasida kurash chiqar edi. Natijada qo‘yilmaning asosiy yo‘li zo‘r kelar va Soraning ta’sirli monologlari niqobdorlarning sho‘xlik shovqinlari ostida ko‘milib ketardi.
Men Adelma ro‘lida Soradan keyingilarni ham ko‘rdim. Bugungi Adelmada ham dramatik mayllar yo‘q emas. Faqat Adelmani yana ham shiddatli va o‘tkir qilib ko‘rsatadigan bu kungi obraz Soradagi qadar charxlanib qayralgan va egovlangan emas. Unga, albatta, vaqt kerak.
Soradagi mayl Abrorda yo‘q edi. Kalafning Turondod suratiga oshiq bo‘lishi chog‘larida, so‘ngra zindon pardasida Abror ham asarni jiddiy dramatik relslarga solib ko‘rdi. Faqat Abror, o‘zimizning eski Abror, uni Soradan ko‘ra ustaroq va epchilroq qilardi. Turondod surati ustida bir oz vaqt juda yaxshi va tamom dramatik o‘yin bergandan keyin u birdaniga uyg‘onganday bo‘lar va buyuk Vaxtango‘fning kuchli afyuniga berilib yana o‘yinga, hazilga qaytardi.
«Turondod»da Abrorning qo‘liga dutor berganlar. Abrorda bo‘lgan boyagi mayldan bexabar bo‘lsalar kerak.
Ikki og‘iz so‘z Turondod xususida. Marhum Tursunoy talantli artistkamiz bo‘lsa ham, Turondod ro‘liga singishmagan edi. Tursunoydan so‘ng o‘ynovchilar orasida undan durustlari bo‘ldi. Faqat Turondod haligacha o‘z kishisini topolgani yo‘q.
«Yorqinoy» piyesasi ustida qancha tanqid qilinmog‘i mumkin. Yozuvchi ko‘nadi. Faqat Yetim tomonidan yaratilgan Kal ro‘liga indamasdan qo‘l ko‘tarishdan boshqa chora yo‘q. Yetim «Yorqinoy»­da o‘zbek sahnasida tengi yo‘q bir obraz yaratdi. U obrazning o‘zi ustida mubohasa bo‘lishi mumkin. Eski dostonlardagi Dog‘uli obrazini Yetim Amerika kino‘studiyalaridagi tez sur’atli o‘g‘ri yoki josuslarday berdi. «Muncha tezlik va chaqqonlik», – deganlar bor. Men bu janjallik masalani muzokara qilmoqchi emasman. Men faqat shunigina deymanki, o‘sha e’tirozchi o‘rtoqlarim Yetimning to‘la va mukammal Kal yaratganini inkor qilmaydilar. Darhaqiqat, uni inkor qilib bo‘lmaydi. So‘ngra men Yetimni «Bag‘ovat»da ko‘rganman. Qamchi bilan etigiga urguvchi boybachcha ofitser. U o‘zining yurishi bilan o‘sha ofitserga boshqacha bir xarakter beradi.
«Qarol»da Yetim berilib, astoydil o‘ynamadi. Chunki qo‘­­yil­ma unga yoqmasdi. Shu uchun bu mohir akto‘r unda o‘zini ko‘rsatolmadi. Uning Brigellasi xom uzilgan nonga o‘xshardi. Ayb o‘zida.
Hozir Yetim rejisso‘rlikka ketdi. Men tiyotrimizning baxti uchun Yetimni akto‘rlikdan bergim kelmaydi.
«Hujum»ni Yan va men bilan birga Lutfulla yaratgan desam xato bo‘lmaydi. Nima desa desinlar, parda ochilgach, sahnadan akto‘rdan boshqa hech kim qolmaydi. Muharrirlar birinchi qatorda (zalda), qo‘yuvchi direktsiya lojasida, rassom kulis ketida qoladi. Sahnaga akto‘r chiqib, tomoshachiga akto‘r ko‘rinadi. Tomoshachi asarni akto‘rdan oladi.
Lutfullaning Eshoni turmushdagi eshonlardan emas. «Hujum»ning o‘z qo‘yilmasi ham turmushdan nusxa olmaydi. U turmushdan kuladi, turmushning yomon taraflarini masxara qiladi. Shu qarashdan qaraganda, Lutfullaning Eshoni tengsiz asarlardan. Boshqa bir fursatda Lutfullaga alohida bir-ikki bet bag‘ishlaydurgon joyim bor. Shu uchun uni faqat zikr qilibgina o‘taman.
Sa’dixonning jiddiy ro‘li «Tergovchi»da Bobchinskiy edi. Keyin «Portfelli kishi»da katta bir ro‘l oldi. Ikka­la ro‘lni ham Sa’dixon berilib, astoydil o‘ynadi. Faqat uning yulduziga to‘g‘ri kelgan asar yana «Hujum» bo‘ldi. Sa’di­xonning Tabibi (ayniqsa, mastlik pardasi) butun va mukammal asardir. Uning boshqa birov tarafidan takror qilinishi mumkin emas. Bu obraz yaxshi iqlim singari Sa’dixonga yaqin va uning mahoratlarini ochib beradi. Tabib obrazi bilan sahnamiz Sa’dixonni qozongan bo‘lsa, Sa’dixon ham o‘z shuhratini o‘sha obraz bilan topgan.
Tobora o‘sayotgan bu akto‘rga «Hamlet»da juda dadil bir narsa taklif qilganlar. Ko‘raylik, nima chiqar ekan. Men Sa’dixonning kuchiga shak keltirmayman. Faqat unga beriladigan ro‘lning xarakteriga qarab deymanki, Maskov vaxtangovchilari tomonidan qilingan muvaffaqiyatsiz va kelishmagan ta’bir bizning sahnamizda ham vaxtangovchilar erishgan salbiy natijaga olib bormasin.
Bu sinalgan akto‘r va aktrisalar qaysi bir madaniy tiyotrning yaxshi akto‘rlari qatoriga qo‘yganingizda ham yuz qizartmaydigan kuchlarimiz. Bularni shu qisqa muddat ichida ulug‘ inqilob yetishtirdi. Inqilob kechagina sahnada o‘ynab yotgan akto‘ri, zaldagi xalq chuvillashsa, zalga qarab «chuvillashmang» degan bir xalqning orasidan shunday katta va mukammal, butun ma’nosi bilan madaniy akto‘rlarni yetishtirdi. …Milliy siyosatning shubhasiz yutuqlari orasinda bizning shul tiyotrimiz eng katta va ko‘zga ko‘rinarlik yutuqlardandir. Bunga yuqorida sanalgan azamatlarning har biri jonli guvoh. Shu tiyotrning tuzilishida bir oz aralashib qolganim uchun bugun o‘zimni ham eng baxtli kishilardan sanayman.
Yosh tiyotrimizda juda mustaqil, qobil yosh kuchlar bor. Biz, yozuvchilar, ular uchun shirali va to‘la mazmunli obrazlar yaratib bermak bilan birga ularning portretlarini ham yozib keng mehnatkash ommalariga tanitaylik. Men o‘zim shaxsan bir necha kishining portretlarini ishlab turibman.
Boshqa yozuvchilarimiz ham shu ishga aralashsinlar.

___________________
Cho‘lponning 1934 yil dekabrida yozgan maqolasi, noma’lum sabablarga ko‘ra o‘z vaqtida e’lon qilinmagan. 1955 yilda San’atshunoslik institutining zaxira fondidan san’atshunos olim Toshpo‘lat Tursunovning sa’y-harakati tufayli topilgan va ilk bor «Guliston» jurnalining 2001 yil 2-sonida e’lon qilingan.
«Guliston» jurnali matni asosida chop etilmoqda.
Maqolada tilga olingan hozirgi Milliy teatrning artistlari haqida avvalgi izohlarda ma’lumot berilgan.
«Portfelli kishi» – A.Fayko asari. 1930 yil 2 yanvarda P.Alekseev sahnalashtirgan.