(Artist G‘ulom Isomov)
Yong‘oq singari chanog‘idan bo‘rtib chiqib turgan ko‘zini menga tikib yonimda o‘lturadi. Juda kam kuladi bu yigit. O‘ltirgan joyida bir tizzasini balandrak ko‘taradi-da, uni ikki qo‘li orasig‘a olib, ikki qo‘lining barmoqlarini biri-biriga kirgizish bilan tizzasini bir nav’ kishan orasiga oladi. Sahnada ko‘p yillik xizmati bor emasmi? Omonsiz «grim» o‘z ishini qilg‘an: yuzida yuqoridan quyig‘a tomon zo‘r-zo‘r uzun-kalta ajinlar… Yuzining o‘zi ham grimga qobil: keng, tekis, uchlik va keng burni Qafqasiya odamlarinikiga o‘xshaydi. O‘ziga juda kelishib tushgan… Tiyotr ishlaridan va o‘z ro‘llaridan to‘xtab-to‘xtab menga gapiradi va gapirganda o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ini qur-qur ko‘tarib qo‘yadi. Sirk san’atkorlarining suyaksiz gavdasi kabi juda egiluvchi barmoqlari bor. Mayin ipakday gapiradi. Yengil xirgoyilarini aytmaysizmi. Ayniqsa, Qafqasiya xalqlarining kuylari tamoman deyarlik aksentsiz chiqadi. Suhbatbobligi ma’lum.
Men uning ro‘l tanlab rejisso‘rlardan xafa bo‘lganini eslayolmayman. Bu yigit «katta-kichik ro‘l yo‘q, yaxshi-yomon akto‘r bor» degan hikmatli gapni yaxshi bilaturg‘ang‘a o‘xshaydi. Rejisso‘rlar ham sahnada uning kim ekanini yaxshi biladilar, uning sahnaviy «maska»si ravshan. Shu uchun ro‘llar, aksari, o‘ziga bob chiqadi. Agar bob bo‘lmaganda ham, u o‘zi ishlab boblaydi. «Mushtumzo‘r»* piyesasida juda epizodik bir ro‘l berdilar, yozuvchi u ro‘lni mensimagan, ya’ni unga hech narsa bermagan. Nihoyati bir qishloq muallimi yoniga kirib bir ariza yozdiradi, tamom. So‘z juda kam. G‘ulom Isomov ro‘lni ishlaydi, usta bir san’atkor kabi unga eng yaxshi bo‘yoqlarni beradi. Bir-ikki cho‘tka urish bilan bir qishloq choli yaratiladiki, u ko‘rganning esidan sira chiqmaydi. Chol juda qarig‘anidan miyasi aynib, aljirab qolg‘an. Uning shu xususiyatini Isomov taqlid qilib bo‘lmaslik darajada to‘la go‘zal va to‘g‘ri beradi.
Past rutbali Buxoro amaldorlaridan oqsoqol tipini bizning sahnamiz to‘la ma’nosi bilan Isomov orqali ko‘rgan bo‘lsa kerak. («Arslon» piyesasida.) Isomovning u oqsoqolini inqilobdan burung‘i hamma oqsoqollarning tipik bir namoyondasi qilib olganimizda ham yutqizmaymiz. Haqiqatda biz «Arslon»da to‘la bir oqsoqol tipini ko‘ramiz.
«Na’rangni tort, Xitoy»da qayiqchi cholni o‘ynaydi. Men u asarni ustoz Meyerxo‘ld tiyotrida ham ko‘rganman. Shuncha ko‘b massali ko‘rinishlarda Isomovning qayiqchisi o‘zini ajratib ko‘rsata oladi.
Xullas, sahnamizda epizodik va xarakter ro‘llar yetarlik darajada ko‘p, G‘ulom Isomov shu uchun mijoziga bob kelgan ro‘llarga boy (usta Marayim – «Rustam»da*; Marayim tajang – «Yondiramiz»da*; Markiz de Furlen Popoli – «Musofirxona bekasi»da*; Pochta boshlig‘i – «Tergovchi»da; Kozimbek – «Tarix»da*, Mister Gavker – «Shodlik ko‘chasi»da*).
Yaxshi tiyotrlar yolg‘iz «katta» ro‘llarda o‘ynovchi akto‘rlar bilangina yashamaydi, ayniqsa, bizning buyuk elimizda!.. G‘arbda san’atkor taqdir etilmak uchun mutlaqo «yulduz» bo‘lishi kerak yo go‘zal xotin… Bizda esa har kimning quvvati va qudrati, iste’dod va hunariga yarasha joy va hurmat ta’min etilgan. U hurmatga sazovorlar orasida Isomov va uning qatoridag‘i san’atkorlar ham yaxshi va qiziqarli o‘run olganlar.
Epizodik deb atalgan ro‘llarda sahnaga bir nafas chiqib ko‘rinib, yana qaytish bilan butun piyesaga jon berib yuboradurg‘an ustalarni biz taqdim etamiz.
_____________________
Maqola «Mash’ala» jurnalining 1934 yil 4-sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan bosilgan. Keyin «Adabiyot nadir» maqolalar to‘plamida qayta nashr etilgan.
«Mash’ala» jurnali asosida nashrga tayyorlandi.
«Mushtumzo‘r» – Cho‘lpon pesasi. 1928 yili sahna yuzini ko‘rgan.
«Rustam» – U.Ismoilov asari. 1926 yili sahna yuzini ko‘rgan. Aniq bo‘lmagan ma’lumotlarga qaraganda, Cho‘lpon «Rustam» dramasining maydonga kelishida faol ishtirok etgan.
«Yondiramiz» – K.Yashin asari. 1932 yili sahna yuzini ko‘rgan.
«Musofirxona bekasi» – K.Goldoni asari. 1934 yili sahna yuzini ko‘rgan.
«Tarix»da – Ziyo Said va Nazir Safarovning «Tarix tilga kirdi» dramasi nazarda tutilmoqda.
«Shodlik ko‘chasi» – N.Zarxi asari. 1933 yili sahna yuzini ko‘rgan.