Tarjima ilmi va amaliyotida o‘girish qiyin bo‘lgan so‘zlar bir talay. Ularning asosiylari milliy o‘ziga xos so‘zlar bo‘lib, xalqaro terminda realiyalar deyiladi. Realiyalar deganda ma’lum bir millat va elatga xos narsa-hodisalarni ifodalovchi so‘zlar va tushunchalar anglashiladi. Ularni boshqa tilga o‘girishda tarjima tilining taraqqiyot darajasiga qarab katta-kichik muammolar paydo bo‘ladi. Bu muammolarning yechimi, ularning tasnifi va tavsifi tarjima nazariyasida o‘rganilmoqda. Umumiy qonun-qoidalar bilan birga har bir til juftligida maxsus qoidalar ishlab chiqilmog‘i lozim.
Chet tillardan o‘zbek tiliga o‘girilayotgan asarlarda ana shu muammolar hanuzgacha tarjimonlar va muharrirlarning boshini qotirib kelmoqda; bir nomning o‘zini bir necha xil yozish va talaffuz qilish hollari har qadamda uchramoqdaki, bu yakdillik talab qiladi. Ushbu maqolada asosan boshqa tillardagi atoqli otlar toifasiga kiruvchi kishi nomlari tarjimasi va o‘zbek tilida yozilishi haqida fikr yuritamiz.
Ozodlik xalqimizga barcha sohalarda mustaqil va dadil qadam tashlash, rivojlanish imkonini berdi. Yangiliklar osongina amalga oshirilmaydi, albatta.
Biz nafaqat o‘zimizga, balki boshqa xalqlar va ellarga, ularning qadriyatlari va o‘zliklariga ham yangicha qarashni, o‘rganishimiz kerak. Jahon xalqlari qadriyatlarini yangicha idrok va e’tirof etsakkina, bizni ham ular etirof etadi, yangidan kashf qiladi va ana shu ma’naviy e’tiroflar siyosiy e’tiroflarga quvvat bo‘ladi; bu esa, o‘z navbatida, chet elliklarga yurtimizga nafaqat mehmon yoki sayyoh ko‘zi bilan, balki iqtisodiy hamkor va istiqbolli investor ko‘zi bilan ham qarashga yo‘l ochadi.
Olmon va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yigirmanchi yillarda madaniy hayotimizning muhim omili bo‘lmish tarjima jarayoni boshlab bergan bo‘lsa, hozirgi kunda bu aloqalar, albatta, tillarimizda o‘z aksini topmoqda. Jumladan, ona tilimizda 300 dan ortiq olmoncha so‘zlar faol iste’molda ekanini olimlar isbot qilishgan ( O. Jumaniyozov). Ammo ana shu borada – chet el, jumladan, olmon xalqiga xos milliy koloritni o‘zbek tilida qayta yaratishda jiddiy muvaffaqiyatlar bilan birga juz’iy kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilmoqda.
Shunday muammolardan biri olmonlarning ism-familiyalarini o‘zbek tiliga to‘g‘ri “tarjima qilish” va “imloviy o‘zlashtirish” bilan bog‘liq.
Oilada tug‘ilgan har bir go‘dakka ota-onasi shirin orzular, yorug‘ niyatlar bilan yaxshi ism qo‘yishga harakat qiladi. Go‘dak ismini taniy boshlar ekan, faqat o‘z ismini aytib chaqirganlaridagina qayrilib qaraydi. O‘z ismini minglab ismlar orasida ajratib oladi. Ya’ni, u o‘z ismi orqali o‘zligini – o‘z olamini kashf etadi. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashadigan bo‘lsak, tarixdan munosib o‘rin olgan barhayot siymolarning ismlari boshqa halqlar tillari va dillarida aynan o‘z xalqi tilida jaranglaganday yangrashi – Yohain Volfgang Gyote, Haynrih Hayne, Haynrih Mann, Hermann Kant, Friydrix Hegel, Ludvig Foyerbax, Artur Shoppenhauyer, Albert Aynshtayn, Ernest Hemengvay, Gi do‘ Mopassan shaklida o‘zbek imlosiga uyg‘unlashishi ayni muddao bo‘lur edi. Biroq chet elliklar, jumladan, olmonlarning nomini to‘g‘ri aytish va yozish tarjimachiligimizda hanuzgacha muammoligicha qolmokda.
Ma’lumki, bir tildagi ism-shariflar va joy nomlari ikkinchi tilga asosan ikki usul – transliteratsiya yo‘li bilan (ya’ni o‘z tilida qanday yozilsa) va transkriptsiya usuli bilan (ya’ni qanday talaffuz qilinsa) o‘zga tilga shundayligicha o‘tkaziladi, iloji boricha asliyatga yaqin shakl va ohangda o‘tishiga harakat qilinadi. Bunda chet tilining tovush tizimi, alifbosi, imlo qonuniyatlarini ona tili tovush tizimiyu imlo imkoniyatlari asosida adekvat (muqobil) tarzda qayta tiklash muammosi paydo bo‘ladi. Mushkullik, avvalo, shundan iboratki, dunyodagi bir-biriga fonetik va orfoepik jihatdan to‘la mos keladigan ikkita bir xil til yo‘q. Masalan, olmon tilidagi ch tanglayoldi tovushi boshqa ko‘p tillarda, xususan, rus va o‘zbek tillarida yo‘q. Demak, ismlarda uchrovchi va ularning oxirgi bo‘g‘inini yakunlovchi shu yumshoq tanglay undoshini rus tilida qattiq “x”, o‘zbek tilida yumshoq “h” tovushi bilan qayta tiklashdan o‘zga chora yo‘q: Heinrich – Xaynrix – Haynrih. Rus va o‘zbek tillaridagi tarjimalarda esa bu ismning birinchi bo‘g‘ini butunlay o‘zgarib, negadir Genrixga aylanib qolgan. Muammoning ikkinchi muhim va qiyin, ammo hal qilsa bo‘ladigan tomoni hammaga ma’lum quyidagi fakt bilan bog‘liq: deyarli ko‘pchilik olmoncha ismlar rus tiliga o‘tayotganda shu til tovushi va alifbosi imkoniyatlari va imlo xususiyatlariga bir karra moslashib, til osha uchinchi til – o‘zbek tilida paydo bo‘lganda, ko‘pincha xuddi o‘rischaday ko‘rinishi yoki yana bir bor “o‘z to‘nini yangilash”i kerak bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda professor I. Mirzayevning quyidagi fikri masalaga oydinlik kiritishga yordam beradi: “Bizga rus tili orqali kirib kelgan G. de Mopassan, O. de Balzak, F. de Sossyur kabi familiyalarni istiqlol bergan imkoniyatdan foydalanib, to‘g‘ri talaffuz kilish va yozish vaqti yetdi. Ruslar bu familiyalarni o‘zlaricha, ya’ni shunday o‘qish va yozishni xohlaganlari uchun emas, balki ob’ektiv sabablarga ko‘ra – tillarida “o‘” tovush-harfining yo‘qligi uchun yozib keladilar. Bizning tilimizda esa bunday tovush, harf bor”. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, faqat bevosita tarjima orqaligina ikkinchi “filtr”ni bartaraf etish mumkin. Bugungi kungacha olmon-o‘zbek tarjimachiligida deyarli barcha badiiy asarlar rus tili (tarjimasi) orqali o‘girilgan.
Til osha tarjima natijasida esa kuyidagicha noxush manzara paydo bo‘lganki, bu hol bilan murosaa qilish aslo mumkin emas:
Asliyatda | Ruschada | O‘zbekchada |
Adelheid | Adelxeyd, Adelgeyd | Adelxeyd |
Auerbach | Averbax | Averbax |
Bernhard | Berngard | Berngard |
Chomsy | Xomskiy | Xomskiy |
Dietrich | Ditrix | Ditrix |
Einstein | Eynshteyn | Eynshteyn |
Goethe | Gete, Gyote | Gyote, Hyote |
Hauf | Gauf | Gauf |
Hemingway | Xeminguey | Xeminguey |
Hessling | Gesling | Gesling |
Hans | Gans | Gans |
Hegel | Gegel | Gegel |
Heinrich | Genrix | Genrix |
Heine | Geyne | Geyne, Heyne |
Hermann | Germann | Germann |
Hitler | Gitler | Gitler |
Hofmann | Gofman | Gofman |
Hugo | Gyugo | Gyugo |
Jakob | Yakob | Yakov |
Johann | Iogann, Yogan, Ivan | Iogann, Ivan |
Josef | Iosif | Iosif, Yusuf |
Feuerbach | Feyerbax | Feyrbax |
Freud | Freyd | Freyd |
Wilhelm | Vilgelm | Vilgelm |
Yuqoridagi misollarda keltirilgan olmoncha ismlarning ruscha va o‘zbekcha variantlarini xato deb o‘ylaymiz. Chunki rus va, ayniqsa, o‘zbek tilida shu nomlarni asliyatiga yanada yaqinroq keltirish imkoniyatlari bor.
Masalan, Adelheid ni ruschaga “Adelxayd” deb o‘girish mumkin. chunki rus tilida yumshoq “h” tovushi bo‘lmasa-da, “ay” diftongi bor, masalan: may, ray, lay va hokazo; o‘zbekchada esa originalga muqobil, rus tilida yo‘q imkoniyat – yumshoq “h” va “ay” diftongi bor, Adelheid ni “Adelhayd” deb o‘girsa bo‘ladi. Xuddi shunday imkoniyatlardan boshqa ko‘p nomlar, masalan, joy nomlari (Leipzig – Leyptsig – Layptsig va hokazo) va kishi nomlari “tarjimasi” uchun foydalansa ham bo‘ladi, ya’ni quyidagi olmoncha Auerbach, Bernhard, Einstein, Hans, Hegel, Johann, Feuerbach, Schoppenhauer, Hessling, Heine, Goethe kabi nomlarni Auyerbax, Bernhard, Aynshtayn (Eynshteyn emas), Hans (Gans emas), Hegel (Gegel emas), Haynrih (Genrix emas), Hayne (Geyne yoki Heyne emas), Yohan yoki Yohann (ammo zinhor Iogann emas), Foyerbax (Feyrbax emas), Gyote (Hyote emas) va hokazo. Frantsuz tilidagi Gi de Mopassan emas, Gi do‘ Mopassan, de Balzak emas, do‘ Balzak, de Sossyur emas, do‘ Sossyur deb, Hemingwayni Xemenguey emas, Hemingvay tarzida yozish va, o‘qish asliyat ruhi va mohiyatiga mos. Bu bizning istagimiz emas, balki ona tilimizning butun salohiyatini namoyon etish va, shu bilan birga, chet el olim, adib va boshqalarning ism-familiyalarini o‘zlarida qanday bo‘lsa, shunday yozish, o‘qishga da’vatdir, xolos.
Bu imkoniyatdan foydalanmay kelinayotganini tushunish qiyin (I. Mirzayev). Hatto bevosita tarjimalarda ham ruscha variantni qo‘llash hollari ko‘p uchrashiga hayron qolasan kishi.
Keltirilgan misollar va o‘rganib chiqilgan materiallardan shunday xulosa chikadiki, nomlar tarjimasi, ularni bir tildan ikkinchi tilga o‘tkazish ishi muhim va mushkul masala hisoblanadi. Bu muammoni hal etish bir qancha faktlarga bog‘liq, jumladan:
Kishi nomlari – antroponimlar va joy nomlari – toponimlar tarjimasiniig umumilmiy asoslarini alohida tillar juftligi materialida ishlab chiqish.
Tarjima nazariyasi va amaliyotiga tayangan holda ikki tilli va ko‘p tilli realiyalar lug‘atlarini yaratish.
Bevosita tarjima ishini kengaytirish va rag‘batlantirish.
Chet el adabiyotidan qilinayotgan til osha tarjimalarni albatta mutaxassis tilshunos-germanist, romanist va sharqshunoslarning jiddiy taqrizi, tahlili va tahriridan o‘tkazish kabi qator chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.
Bu borada qiyinchiliklar, “chet tilidan o‘zbek tiliga kirgan so‘zlarning hozirgi zamon imlosi ananaga aylanib qolgan-ku” qabilidagi e’tirozlar bo‘lishidan qat’i nazar, shuni ham e’tirof etish kerakki, keyingi paytlarda kishi nomlari va joy nomlarini yanada aniqroq va asliyatga imkon qadar yaqinroq tarjima qilish tendentsiyasi rivojlanib, davlat miqyosida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tilda o‘rnashib, qo‘llanishi odat va an’anaga aylanib qolgan chet tildagi ismlar va nomlarning xato transliteratsiyasi – yozuv shaklini o‘zgartirish, albatta, qiyin, ammo zinhor amalga oshirib bo‘lmaydigan yumush emas.
Xuddi shu masalaga to‘xtalib, bolgar tarjimashunoslari S. Vlaxov va S. Florinlar shunday deydilar: “Ism-shariflarning eng g‘aliz chiqqan taranskriptsiyalarini asta-sekin o‘zgartirish zaruratini keskinroq qo‘yish kerakligini ta’kidlash lozim, qani endi, masalan, ruscha yozilib kelingan Geyne va Gyugo o‘z ism-shariflari bo‘lmish “Hayne” va “Yugo”day yozila boshlasa; turli millatlar – ingliz, frantsuz, olmon, shved va boshqa millatlar qirollari umumiy Karl degan shaklda emas, balki inglizcha Charlz, fransuzcha Sharl, olmoncha Karl, shvedcha Karlos va Karli kabi shakllarda yozilsa. Hozirgi Uilyamlar rus tilida Vilyamlarga, Helmutlar Gelmutlarga aylanib qolmasa, ayni muddao bo‘lardi. Bu xil jarayon boshlanganiga ishoralar bor-u, biroq ular juda ishonarsiz hamda izchil emas”.
Naqadar adolatli, qonuniy umid, talab va xolis fikr. Bu borada olmon-o‘zbek tarjimachiligida tetapoya qadamlar qo‘yilmoqda. Masalan, olmon yozuvchisi B. Apitsning “Qashqirlar changalida” romanini o‘zbekchalashtirgan tarjimon Yanglish Egamova asar qahramonlarini o‘zbekchada ham olmon tiliga muqobil ohanglarda qayta nomlagan. Ammo mashhur shoir Heinrich Heine ning ismi-sharifi o‘zbek shoiri Abdulla Sher qalamida yana avval Genrix Geyne, keyin Henrix Heyne bo‘ldi va nihoyat bizning mulohazalarimizdan so‘ng Haynrih Haynega aylandi.
Kuzatishlardan ma’lumki, olmon ismlarini o‘zbekchalashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar bir tomondan ei, ie, au, a, u, kabi unli tovushlar va diftonglar, ikkinchi tomondan g, h, ch, sch, sh, tsch kabi undosh va afrikatlarni qayta tiklash jarayonida sodir bo‘lmoqda.
Bizningcha, olmoncha – ei, eu, ai, ay diftonglarini o‘zbekcha – ay bilan, olmoncha au ni au, av bilan, äu, yeu ni o‘zbekcha – oy bilan, h ni h, ü ni yu yoki uy, iy va ie ni – iy, iye bilan, ch ni so‘z boshida x, so‘z (bo‘g‘in) oxirida h bilan o‘tkazish shu unli va undoshlar uchragan olmoncha ismlarning o‘zbek tili alifbosida qayta yozilishiga – tarjimasiga asos bo‘ladi.
Yuqorida aytilgan fikrlar masalaning asosan bir tomoni, ya’ni ismlarning imlosi va talaffuzida milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolishiga tegishli. Bu shunchaki oddiy masala emas, chunki imlo va talaffuzning buzilishi ismlar ma’no va mazmuniga ham putur yetkazadi. Chunki shakl va mazmunning o‘zaro dialektik aloqadorligi ismlar va ularning tarjimasidagi qonuniyatlarni namoyon qiladi. Masalan, o‘z ona tilimizda qizlarga ezgu niyat bilan qo‘yilguvchi Gavhar ismini olaylik. Naqadar go‘zal, nafis va purma’no ism. Shu o‘zbekcha ismni o‘zbeklarimizning o‘zlari ham doim to‘g‘ri aytavermaydilar: yo erinadilar, yoki sheva ta’sirida “Govxar” deb talaffuz qilishadi. Shunday talaffuzli ism qulog‘iga chalingan tojik va fors tillari vakillari nima deb o‘ylashini bir tasavvur qilib ko‘ring-a (“gov” sigir, “xar” esa eshak manosini anglatadi). Ko‘rdingizmi, o‘zbek ismidagi bor-yo‘g‘i bir unli a – o ga va bir undoshning qattiq yoki yumshoqlik belgisi h – x ga o‘zgarsa, ma’noning qanchalar o‘zgarishiga olib keladi.
Ismimizni o‘z tilimizda va boshqa xalq tilida to‘g‘ri aytilishini istar ekanmiz, keling, yaxshisi, o‘zga xalqlar ism-shariflarini ham tilimiz imkoniyatlaridai kelib chiqib asliyaticha saqlashga harakat qilaylik. Macalan, nemischa Reinhold (Raynhold) – “Azizlarning azizi” demakdir. O‘zbek tilidagi “Azizxo‘ja” ismi shu niyatda qo‘yilsa kerak. Bu ismni agar Rayngold deb o‘girsak – “sof oltin” ma’nosi paydo bo‘ladi. Tarjimalarda esa ko‘pincha “Reyngold” shakliga duch kelamiz, ya’ni oltinning sofligi yo‘qolib, azizlik tillaga aylanib qoladi va ism butunlay o‘zgaradi, ma’nosiz bo‘lib qoladi. Xuddi shunday holat mashhur olmon faylasufi Ludvig Foyerbax ismini rus tili orqali o‘zbekchalashtirganda ham sodir bo‘lgan. Rus traditsiyasi ta’sirida olmon allomasi Ludwig Feuerbach Lyudvig Feyerbaxga aylangan. Feuer – foyer “olov, o‘t, yonmoq” ma’nolarini, Bach esa “buloq, ariq” ma’nolarini anglatadi. “Feyerbax” da olov, o‘t, yonish ma’nolari yo‘qolib qolgan. Foyerverk nimaligini bir eslang. Xullas, “yonarbuloq”dan hech narsa qolmagan. O‘zbekchada Ludwig ismini ham Lyudvig emas, Ludvig deb berish to‘g‘riroq bo‘lardi.
Shuningdek, olmon fizik olimi Georg Simon Ohm ning ism-sharifini rus tili orqali o‘zbekcha Georg Simon Om deb o‘tkazishgan. Vaholanki, asliyatga, olmoncha qomuslarga murojat qilib, Georg Simon Oum tarzida o‘girish ayni muddao bo‘lur edi.
Masalaning yuridik tomoniga ham e’tibor berish kerak. O‘z ism-familiyasi yordamida kishilar turli xil yuridik va ijtimoiy munosabatlarda muomalada bo‘ladilar. Ammo ijtimoiy munosabatlarning shunday jabhalari borki, ism va familiyalar alohida konunlar bilan muhofaza qilinadi. Ilmiy va badiiy adabiyot vakillari, san’at namoyandalari, ixtirochilar, ratsionalizatorlarning ism-familiyalari ana shunday nomlardan hisoblanadi. Ularning nomini na o‘z tilida, na o‘zga tilda buzib aytish va yozish mumkin.
Ko‘ramizki, kishi nomlarini bir tildan ikkinchi tilga o‘tkazish – “tarjima“ qilish nihoyatda muhim va ko‘p qirrali masaladir. “Narsalarni o‘z nomi bilan atang” degan naql bor. Keling, do‘stlar, ana shu narsalarning ijodkori bo‘lmish insonlar nomini to‘g‘ri aytish, to‘g‘ri tarjima qilishni ham unutmaylik. Tarjimachiligimizda ko‘tarilayotgan muammolarni hal etish madaniy-ijtimoiy hayotimizdagi yangilanish jarayoniga kamtarin ulush bo‘lishiga ishonchimiz komil.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 3-son
____________________
Xurram Rahimov, filologiya fanlar nomzodi. 1951 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat chet tillar pedagogoka instituti(hozir O‘zDJTU)ning olmon tili fakultetini tamomlagan.
Aka-uka Grimmning 100 dan ortiq ertaklarini, 50 dan ortiq olmon xalq ertaklarini (“Etti yulduz” to‘plami), o‘zbekchaga o‘girgan. 70 ga yaqin o‘zbek ertaklarini olmon tiliga tarjima qilib, Olmoniyada (“Märchen aus Samarkand”) va O‘zbekistonda (“Feuermädchen aus dem Feuer”) chop ettirgan.