2012 yilda “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Guliston”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “O‘zAS” singari nufuzli adabiy nashrlarda chop etilgan hikoyalar soni ellik ikkitani tashkil etadi. Ma’suma Ahmedova, Luqmon Bo‘rixon, Isajon Sulton, Axtamqul Karimlarning shu yili nashr qilingan hikoyalar to‘plamlaridan oltmish yettita hikoya joy olgan. Bunga adabiyotga bevosita aloqador bo‘lmagan davlat nashrlari, xususiy gazeta-jurnallar, viloyat vaqtli matbuoti materiallarini ham qo‘shadigan bo‘lsak, o‘tgan yili eng kami ikki yuz ellik, uch yuzta hikoya e’lon qilingani ma’lum bo‘ladi.
Mazkur yilda e’lon qilingan hikoyalarning mavzu va mundarijasi, umuminsoniy qamrov ko‘lami, badiiyligi – strukturasi, obrazlari va uslubi keyingi ellik yillarda yozilgan hikoyalarnikidan sezilarli darajada farq qiladi. Ularda xalq hikoyachiligi tajribalarini ham, mumtoz adabiyot an’analarini ham, jahon, jumladan, turk, yapon, rus, Lotin Amerikasi, ingliz, frantsuz, Amerika prozasi unsurlarini ham kuzatish mumkin. Muhimi, bugungi hikoyalarimizda mana shunday ulkan tajriba omillarini adabiyotning tuganmas manbai, Yaratganning san’ati – hayot voqeligi bilan sintezda ifodalashga urinishlar bor.
2012 yil hikoyalarini kuzatish, bundan bir necha yillar burun boshlangan, voqelikni istioraviy ifodalash jarayonining bugunga kelib muayyan bosqichga kirganini ko‘rsatadi. Ushbu yil hikoyalarining bir qismi istioraga (metafora) qurilgani fikrimizni to‘la tasdiqlaydi.
O‘tgan yilda chop etilagan hikoyalarda istioraviylikning ikki shaklini uchratamiz. Ularning birinchisi, butunicha istioraga qurilgan kichik epik janr namunasi – hikoya-istioralardir. Bunday hikoyalarda yozuvchi tomonidan tanlangan biror mavzu hamda voqea bir butun istiora tizimiga aylantiriladi. Syujet va obraz umumlashma (tipologik) mohiyat kasb etadi. Hikoya tili ramzlar silsilasiga quriladi. Asar kompozitsiyasi o‘rnini istiora qolipi (metaforik model) egallaydi. Natijada hikoyaning makon-zamon qamrovi ulkanlashadi. Ma’no ko‘lami universallik kasb etadi.
Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxoning 2011 yilda chop etilgan “Etakdagi kulba” hikoyasi hikoya-istioraning yorqin namunasidir. Shunga yaqin hikoyalarni 2012 yil hikoyachiligida ham kuzatish mumkin. Mazkur yozuvchining “Oddiy haqiqat”, Ne’mat Arslonning “Tumanli mintaqa”, Luqmon Bo‘rixoning “Temir sandiq”, Rahimjon Rahmatning “Adashvoy”, U.Hamdamning “Safar”, Isajon Sultoning “Suvdagi kosa” asarlarini hikoya-istiora sirasiga kiritish mumkin. Nurulloh Muhammad Raufxon hikoyasidagi ko‘cha, kasalxona, mirshabxona, yo‘l chizig‘i, ro‘molcha, hatto qahramon shoshilinchda oyog‘iga ilib chiqqan shippak ham istioraviy tizim bo‘lagi sifatida “oddiy haqiqat”ini ochishga xizmat qilgan. N.Arslon metaforik makonning kutilmagan, istioraviy xaritasini chiza olgan. Ayniqsa, undagi “tuman” metaforasining mazmuni juda chuqur. L.Bo‘rixoning “Sandiq” hikoyasida ulkan madaniy-psixologik tarix yagona qahramon (obraz-istiora) va sandiq detal-istiorasi atrofida umumlashtirilgan. “Adashvoy” hikoyasida esa makon-zamonning yangi istioraviy shakli ko‘zga tashlanadi. Hikoya qahramonining ismidan tortib, boshqa personajlargacha, muloqot shakllaridan turli inter’erlargacha istioraviy mohiyat kasb etadi. “Safar” hikoyasi assotsiativ badiiy makon vositasida odam “ego”si haqidagi sinoatni tushunishga qaratilgan bo‘lsa, “Suvdagi kosa” istiorasi beixtiyor yodimizga Ernest Xemenguey asarini yodga soladi. Ammo aytish joizki, bu tur hikoya mualliflarining deyarli barchasi tor ijtimoiy muammolar doirasida o‘ralashib qolishgan. Holbuki, adabiyotning, qolaversa, istioraviy talqining qamrov ko‘lami bugina emas.
Ayni tur hikoyalarning ikkinchi ko‘rinishini istioraviy hikoyalar deb nomlash maqsadga muvofiqdir. Bunday hikoyalar to‘lig‘icha istioraga qurilmaydi, balki ulardagi biror motiv, obraz yoki detal istioraviy funktsiya bajaradi. Yozuvchi badiiy niyatini namoyonlashda, asar badiiy g‘oyasini yorqin ifodalashda hikoyaga kiritilgan mana shunday istiora bo‘laklari muhim rol o‘ynaydi. Xurshid Do‘stmuhammadning “Shabada”, Nodir Normatovning “Guldurak dashtlarida”, Norto‘xta Qilichning “Zilzila”, U.Hamdamning “Pillapoya”, I.Sultoning “Avliyo”, “TODD”, Baxtiyor Nuriddinovning “Musavvir”, Muhammad Sharifning “Kuldirgich”, Gulnoz Avezovaning “Kutish” hikoyalarida shunday xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Yozuvchi X.Do‘stmuhammad o‘z hikoyasini boshdan-oxir “Oila barbod bo‘lsa, Ollohning arshi larzaga keladi”, degan yagona samoviy aqidaga quradi. Bu ildizi teran sharqona tezis orqali bugungi dunyoning barcha hududlarida kechayotgan ma’naviy inqirozdan o‘quvchini ogohlantiradi. Hikoyadagi olov detali, istiora elementi sifatida, badiiy-psixologik ta’sir sub’ekti vazifasini bajaradi.
Uchinchi tur hikoyalarni shartli ravishda mistik hikoyalar deb olamiz. Hikoyaning bu shakli, umuman, jahon adabiyoti tajribasida bor. Ayni shakl keyingi yillarda bizning adabiyotda ham uchrayotgan ekan, buni tabiiy bir jarayon deb qabul qilish kerak. Bunday asarlar sirasiga shartli ravishda: N.Arsloning “Soyada uxlayotgan tole’”, Nazar Eshonqulning “Sibizg‘a volasi”, Sobir O‘narning “Safura xolamning siri”, I.Sultoning “Qismat”, “Bog‘i eram”, “Oydinbuloq” hikoyalarini kiritdik. N.Eshonqulning “Sibizg‘a volasi” asari nashr etilgani zahoti yengil-elpi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Hikoya xalq orasida yuradigan Iskandar haqidagi mistik hikoyat(cho‘pchak)ning badiiylashtirilgan bayoniga qurilgan. Natijada, jo‘n bir mistika ham ma’no, ham xronotop ko‘lami nuqtai nazaridan poetik universaliya kasb etgan. Hikoya syujeti, Iskandar va sartarosh obrazlari tipologik qiyofa olgan. Ammo yozuvchi shu o‘rinda bir nozik masalani – retseptsiya jarayonidagi o‘quvchi assotsiativ qamrovining cheki yo‘q va tizginsizligini, u hamma narsani qo‘yib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hazrat Navoiy “Xamsa”sidagi Iskandarga, qolaversa, “Qur’oni karim”da zikr etilgan Zulqarnaynga qadar dahl qilishi mumkinligini, oqibat o‘laroq, cho‘pchak talqini kechirib bo‘lmas bir yolg‘onga aylanib qolishini e’tiborga olmagan. S.O‘nar hikoyasi badiiy rostgo‘ylik mezoniga qo‘yiladigan bo‘lsa, faqat bolaning xos mistik tasavvuri diapozonidagina o‘zini oqlashi mumkin. Asardagi Safura xola, ota-ona va bola to‘rtligi qondoshlik tizimidagi xarakterlar chambaragini hosil qilgani esa hikoyaning muhim yutug‘i bo‘la oladi. Mistikaga moyillik I.Sulton ijodining dastlabki namunalaridanoq kuzatiladi. Ulardagi pari, jin, dev, arvoh kabi elementlar ko‘pincha muhim hayotiy muammolar yechimiga qaratiladiki, bundan hatto mistika ham, yozuvchi e’tiqodiga ko‘ra, turli yo‘riqlarga yurishi mumkinligi anglashiladi.
Har doimgidek 2012 yil hikoyalarining ham asosiy qismini voqeiy hikoyalar tashkil etadi. Ayni dalil o‘zbek nasrida hamon ushbu an’ana yetakchi maqomda turganidan dalolat beradi. Ammo shuni maxsus ta’kidlash joizki, bugungi ijtimoiy munosabatlar, xalqimiz turmush tarzidagi jiddiy muammolar, globalizatsiya jarayonida paydo bo‘layotgan yangi tip odam obrazi, avvalgi davrlar uchun xos bo‘lmagan tamomila yangi syujetlar, detallar, yangilanayotgan til va uslub elementlari ham aynan shu yo‘ldagi hikoyalarda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Garchi, bu o‘rinda barcha voqeiy hikoyalarni yagona istilohiy tasnif ostida qayd etayotgan bo‘lsak-da, ularning har biri estetik salmog‘i, qo‘yilgan badiiy kontseptsiyasi, tanlangan voqeasi (syujeti), obrazlari, ayniqsa, uslubi jihatidan farqlanadi va shu sababdan jiddiy ichki tasnifni talab etadi. Shu bois realistik hikoyalarni quyidagi ichki tasnifda berishni lozim topdik:
Noan’anaviy syujet, obraz va uslubdagi voqeiy hikoyalar:
Omon Muxtorning “Keksa muallim yoki Napoleon haykali”, Ne’mat Arslonning “Yashash huquqi”, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare”, Dilshod Nurullayevning “Bayramdan keyingi bayramlar” hikoyalarida mana shunday xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Masalan, O.Muxtor hikoyasida badiiy obrazning assotsiativ shakli ko‘zga tashlansa, N.Arslon hikoyasida odamzod turmushi degan real voqelikning botiniy manzaralari tasvirlanadi. A.Yo‘ldoshevning “Puankare” asari chop etilar-etilmas, uch to‘rt maqolada tilga olindi. Asarning ilk talqinlaridayoq fikrlar rang-barangligi kuzatildi. Mana shuning o‘zi ham hikoyaning noan’anaviy yo‘lda yozilganiga dalil. “Puankare”ning goh neorealistik, goh neomodernistik, goh postmodernistik asar tarzida baholanayotgani ham aynan shu noan’anaviylikda bo‘lsa, ehtimol. “Puankare” zamonaviyligi, o‘ziga xos hikoyalash uslubi, badiiy muammoning dolzarbligi va, eng muhimi, asar markazidagi jumboqning antiqaligi, aniqligi, tarixiy-ilmiy asosga ega ekanligi bilan munosib o‘rin egallaydi. Ammo shuncha fazilatlarga ega ekanligiga qaramasdan, bu asarning hech qanday postmodernizmga aloqasi yo‘q. Ehtimol, asarning yangiligi, o‘ziga xosligi ham shundadir.
D.Nurullayev hikoyasi o‘zining uslubiy eksperimentga qurilgani bilan noan’anaviylikka da’vo qiladi. Yozuvchi o‘z asarida fe’lning majhul darajasidan mohirona foydalanadi. Butun hikoya kirish so‘zlar, ajratilgan izoh bo‘laklar va boshqa badiiy til vositalari, takror gaplar tizimi o‘laroq bir jumlaga joylangan. Ochiqdan-ochiq sun’iy unsurlar, ba’zi “adabiy oliftagarchilik”(N.Eshonqul) qusurlaridan qat’i nazar, bu hikoya o‘z muallifining tilbilgichligi, mohirligi, boringki, salohiyatiga dalolat qila oladi.
An’anaviy syujet va uslubdagi hikoyalar:
Nosir Fozilovning “Poliz oqshomi”, Farhod Musajoning “Darz”, Asad Asilning “Tashnalik”, Qamchibek Kenjaning “Lafz”, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Biz izlagan tilsim”, “Dilnoza”, Shodmon Otabekning “Agar oshiqligim aytsam…”, To‘lqin Hayitning “Oshiq”, “Odamning yaxshisi”, Jo‘ra Fozilning “Bolalik bog‘lari”, Ashurali Jo‘rayevning “Oqsoqol”, Luqmon Bo‘rixoning “Qo‘noq”, “Tun qa’ridagi shu’la”, Qo‘chqor Norqobilning “Yangi yil kechasida”, Ma’suma Ahmedovaning “Oftobli kun”, “Markazdagi qiz”, “Billur guldon”, Zulfiya Qurolboy qizining “Kelin”, Axtamqul Karimning “Momoqiz”, Xolmuhammad Karimning “Yong‘oqqa tushgan qurt”, Ismoil Shomurodovning “Kultepada kechgan hangomalar”, Gulnoza Ernazarovaning “Olmalar”, Suhbat Aflotuniyning “Gumrohlar”, Ne’mat Rafiqovning “Usta akaning o‘giti”, Tursunboy Boymirovning “Mirzoqul”, Nargiza Jumamurodovaning “Momo duosi”, Ollanazar Abdiyevning “Yrtiq etik”, Vohid Ismoilovning “Qo‘shiq ham so‘nadi”, Muhammad Sharifning “Hirgoyi”, Xolyor Safarovning “Bahor ifori”, Abdujalol Rahimovning “Odamlar” singari hikoyalari shu toifaga mansubdir. Albatta, bir qatorda sanab o‘tilgan ushbu hikoyalarning har biri alohida yondashuvga arziydi. Umumiy holatda maxsus tadqiqotlarga ehtiyoj tug‘diradi. Ammo, yuqorida qayd etganimizdek, ulardagi umumiylik, yagona realistik pafos o‘zbek xalqining bugungi turmushi manzalarini mozaikada ifodalashida ko‘rinadi.
Yana bir umidli yosh yozuvchimiz A.Suyunovning “Ota va o‘g‘il”, “Yo‘qchi”, “Ikki tong orasi” hikoyalarini o‘qib, xayolimdan Vatanimiz manzaralari, odamlarimiz tabiati, nuqtai nazari, eng muhimi, tili va ifoda yo‘sini “naqadar original-a” degan fikr o‘tdi. Ammo yozuvchi hikoyaning qaysi joyida bugungi formal til ta’siriga berilgan bo‘lsa, o‘sha nuqtada asar biz alqab turgan samimiyatdan uzilib qolganki, bu masalani A.Suyunov jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak.
“Ona ko‘kyol”, “Ko‘kko‘l qo‘shig‘i“, “Ko‘ngil toshqinlari”, “Jasorat”, “Chol va qoratosh” kabi hikoyalari bilan nufuzli olimlar e’tiboriga tushgan M.Tilavova qurgan syujetlari nisbatan noodatiyroq, sirliroqligi, uslubining kitobiyligi, personajlarining o‘zgacharoq tabiati bilan ajralib turadi. Ammo shunga qaramasdan, bu hikoyalar milliy manzara, milliy personaj, milliy uslubga rost kelmasligi, ulardan qandaydir sun’iylik, begona ohang, begona odamlar, begona makon-zamoning hidi kelib turishi kishini hayratlantiradi.
G‘arb ma’naviyatini, xususan, adabiyotini yemirib, bugungi ruhiy inqiroz chohiga tashlagan ikki madaniy-falsafiy faktor bor. Ularning biri, hind va xitoyning buddaviy e’tiqodi asosida turuvchi reinkarnatsiya – ruhning bir jonzoddan ikkinchisiga ko‘chishi haqidagi ta’limot bo‘lib, qachonlardir unga ergashgan beqaror G‘arb sinov uchun yaralmish insonning tozarish imkoniyatlari cheksizligiga soddalarcha ishonib qoldi va ko‘p xatolarni xato bilmay qo‘ydi. Bu ishonch F.Nitsshe singari satanaologiya (shaytanat ilmi) vakillari tomonidan yanada rag‘batlantirildi. Odamdagi qon va yovuzlikka bo‘lgan istaklar falsafa yordamida chinakam hayotiy aqidaga aylantirildi. Ikkinchi faktor Z.Freydning psixoanalizi, undagi “Edip kompleksi” nazariyasi bilan bog‘liq. Ushbu nazariya dastlab tibbiyot amaliyotga, bora-bora esa G‘arb ijtimoiy turmush madaniyatining ildiz-ildizlarigacha kirib bordi. Bir so‘z bilan endilikda freydizm psixologiya yoxud tibbiyot sohalari tarkibini emas, balki G‘arb kishilarining qalbini, ruhiy aurasini egalladi, ular uchun yagona “e’tiqodga aylandi” (M.G.Yaroshevskiy ta’biri). Oqibatda, “Madaniy G‘arb” dunyosi insoniy ma’naviyatning ikki buyuk tayanchini boy berdi. Ularning biri OTA degan ma’naviy ustun bo‘lib, freydona afsunlar orqali u o‘g‘ilning potentsial dushmani qilib ko‘rsatildi. Raqib o‘g‘il esa, baxtiqaro Edipga o‘xshab, o‘z onasining xushtori etib “tarbiyalandi”, yagona maqsad – otasini mahv etish sari yo‘naltirildi. Natijada, insoniy turmush uchun muhim ikkinchi buyuk ustun – oila ustuni ham quladi. Oqibat zamonaviy G‘arb freyd afsunlaridan dard chekib, boshini qay tarzda changallamasin, ma’naviy xazinasidan salmoqli qismini boy berib bo‘ldi.
Keyingi yillar o‘zbek nasrini bir kichik mutaxassis sifatida kuzatar ekanman, ijodkorlarimiz orasida shu kabi g‘ayriinsoniy g‘oyalarga, shaytanat afsunlariga bilib-bilmay mahliyo bo‘lish kayfiyati borligini sezaman. Hatto kiroyi iste’dodi, mahorati, o‘z uslubi, qolaversa, shunday ulug‘vor xalqi bor ba’zi tuppa-tuzuk ijodkorlarimizning-da “shu vartaga” (Abdulla Qodiriy) tushib qolganlarini sira tushunolmayman. Taassufki, o‘zining qator hikoya va qissalari bilan kitobxonlaru mutaxassislarda yaxshi taassurot qoldirishga erishgan I.Sultoning, hisobot materiali sifatida mening chekimga tushgan, “Qismat” hikoyasi ham shunday qusurdan xoli emas. Avvalo, hikoya markazidagi o‘lib ketgan ota obrazi o‘quvchi ko‘z o‘ngida odam emas, “tilla baliq” shaklida gavdalanadi. Ammo ushbu tilla baliqni na milliy poetik tafakkur zahirasi, na muallif iyerarxiyasi (grek. hieros – ilohiy va arche – hokimiyat), na hikoyadagi obrazlar ruhiy-madaniy potentsiyasi nuqtai nazaridan badiiy ramz sifatida qabul qilib bo‘ladi. Chunki bunday talqin har qanday holatda, har uchala sub’ekt uchun ham, g‘arbga taqlid o‘laroq, begona, g‘ayrihaqqoniy bo‘lib qolaveradi. Ikkinchidan, hikoyadagi katta o‘g‘ilning o‘z otasi deb bilgan (?!!) baliqni otishi (Qadim hindlarning mifologik e’tiqodida, ma’bud Vishnu baliq qiyofasida kelib, adashgan, och qolgan odamlarni to‘ydiradi, bemorlarga shifo ato etadi, degan botil e’tiqod bor), uni bemor onasi uchun qovurayotib “…Ana endi qozonda jizillab kuyyapsan, ota. Do‘zaxda shunaqa kuyishingni orzu qilgan edim… Mana senga! Jizilla jizillayver!”, deyishi, afsuski, freydizm afsunlariga mahliyolikdan boshqa narsa emas.
Eng muhimi, hikoya adabiy-tarixiy jarayonga doir uch zamon xususiyatini mujassam eta oladigan o‘ziga xos badiiy janr hisoblanadi. Jahon hikoyachiligi kontekstida bunday qarash o‘zini to‘la oqlab kelgan. Ayni paytda, o‘zbek hikoyalari ham shunday fazilatlardan yiroq emas. Bu fikrni o‘tgan yilgi hikoyalar misolida rivojlantiradigan bo‘lsak, quyidagi umumlashma-xulosa hosil bo‘ladi:
1. 2012 yilda nashr etilgan hikoyalar, avvalo, xronologik tartib jihatidan tarixiy, ya’ni o‘tgan zamonga tegishlidir; ikkinchidan, mazkur hikoyalar u yoki bu darajada tarixiy-madaniy, tarixiy-ijtimoiy, tarixiy-maishiy, tarixiy-psixologik jaryonlarni aks ettiradi; uchinchidan, va, eng muhimi, 2012 yil o‘zbek hikoyachiligi turkiy-o‘zbek nasrining ming yillik badiiy an’analari vorisi, Sharqu G‘arb klassik poetikasi hamda zamonaviy prozasining qonuniy bir uzvidir.
2. Universal makon-zamon ko‘lamida olib qaralganda, 2012 yilgi o‘zbek hikoyalari O‘zbekiston degan konkret makon va bu makonda hayot kechirayotgan odamlarining buguni, ya’ni ayni zamon voqeligining badiiy talqinidir. Ta’kidlash lozimki, shu yili yozilgan barcha hikoyalar, hatto tarixiy mavzudagilari ham, istisnosiz tarzda bugunni aks ettiradi. Davrimizning ma’naviy, ijtimoiy, maishiy, ruhiy ehtiyojlari, eng dolzarb muammolarini badiiy aks ettiradi.
3. 2012 yilda yozilgan muayyan hikoyalar (hammasi deb bo‘lmaydi, albatta!) kelajakda yozilajak qissa va romanlarning debochasi, asosidir. Garchi qissa va romanga xos tafakkur qisman o‘zgacharoq shakllarda namoyon bo‘lsa ham, yaxshi hikoya iste’dodli yozuvchi ijodining keyingi bosqichlari uchun bir badiiy-psixologik maqom vazifasini o‘taydi. Odil Yoqubov, Asqad Muxtor, Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad Do‘st, Tog‘ay Murod, Erkin A’zam, Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixon, Ulug‘bek Hamdamlar ijodini birbutun olib tekshirgan adabiyotshunos bu fikrning shunchaki ilmiy gipoteza emasligiga amin bo‘ladi. Shu ma’noda bugun hikoyalarining nasrimiz kelajagiga ham bevosita aloqasi bor.
Xullas, yozganlarimiz hozirgi o‘zbek hikoyachiligi, xususan, o‘tgan yil hikoyalari haqidagi dastlabki fikrlar, xolos. Chunki bir hisobot-maqola doirasida barcha fikrlarni aytish, yil hikoyalarining har biriga maxsus analiz asosida yondashish mumkin emas. Ammo shunga qaramasdan, nashr etilgan hikoyalarga tayanib, bugungi o‘zbek hikoyachiligi o‘zining barcha yutuq va kamchiliklari bilan kelajakdagi ulkan badiiy parvozlardan xabar beryapti, degan xulosani aytish mumkin.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.