Bolaligim o‘tgan Ko‘hna qal’ani hanuz kechagiday xotirlayman. Bir-biriga tutashib ketgan, pastu baland sinch uylardan iborat edi u. Shiftiga qo‘l uzatsa yetguday ikki xonayu bir dahlizdan iborat uyimizning poli o‘rniga pishgan va xom g‘isht aralash terilgan edi.
Otam urush qatnashchisi, yuk mashinasi haydovchisi, onam oddiy uy bekasi edilar. Ular birovning ko‘nglini qoldirishni o‘zlari uchun gunoh hisoblashardi. Shu sababli, yangiariqlik qarindoshlarimizning so‘zini yerda qoldirmay bir xonani ularning pedagogika institutiga o‘qishga kirgan o‘g‘illari – ikki talaba uchun ajratishgandi. Bu albatta, og‘ir sharoitni yanada mushkullashtirdi. Ammo, oxir-oqibat yaxshilikka bo‘ldi. Talaba yigitlardan men shashka o‘ynash va kitob o‘qish “kasalligi”ni yuqtirib oldim.
O‘yin va mutolaa ko‘pincha bir-biriga muvofiq kelmaydi. Ammo mening hayotimda ular bir-birini to‘ldirib bordi. Taxta uzra yutish yo‘llarini izlagan kabi, kitob o‘qib voqea-hodisalarning rivojlanish zanjirini his qila boshladim.
Institutni tamomlagach, yigitlar xayrlashish oldidan, menga oq va qora donalar solingan shashka taxtasi hamda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” kitobini hadya qilishdi.
Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilardim. Ertalab bir muddat Otabek va Kumushning muhabbati haqida o‘qisam, maktabdan kela solib bolalar bilan shashka o‘ynashga kirishib ketardim. Ularning barchasini yutib, yana kitobga sho‘ng‘irdim. Oxir-oqibat kitob hissi ustun keldi. Uni tamoman o‘qib bo‘lmaguncha, o‘yin to‘xtab turdi.
Shashka bo‘yicha shahar va viloyat birinchiligida bir necha bor g‘olib bo‘lib, Respublika musobaqasida to‘rtinchi o‘rinni egallaganim va sport ustaligiga nomzod darajasini qo‘lga kiritganim hamon esimda. 60-yillar oxirlari, 70-yillarning boshlarida viloyat gazetalarida shashka musobaqalaridagi muvaffaqiyatlarim ko‘p qayd etilgan.
Pushkin, Lermontov, Sergey Yesenin, Mayakovskiy she’rlarini juda yoqtirardim va yod bilardim. Navoiyni, Boburni, Fuzuliyni, Ogahiyni o‘qib turardim. So‘ngra zamondoshlarimizdan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon she’rlarini yod olishni boshladim…
Rahmatlik o‘qituvchim Hojar opa Rahmonova mening adabiyotga qiziqishimni doimo rag‘batlantirishga intilardi. Badiiy asarlarni rollarga bo‘lib o‘qirdik. Shunda menga ko‘pincha ijobiy va asosiy qahramon roli topshirilardi.
“Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyati hamda Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi joylashgan muhtasham bino Urganchning qoq o‘rtasida. Shu bino yonidan kunda bo‘lmasa ham, kun ora o‘tib turaman. Unga suqlanib boqib, shu dargohda qanday baxtli, omadi kelgan insonlar xizmat qilishadi deb o‘ylayman o‘zimcha. Ularni hamma taniydi. Yozganlari ketma-ket gazeta va jurnallarda bosilib turadi, kitob bo‘lib chiqadi.
Taniqli shoirlar Egam Rahim, Rahim Bekniyoz, Fozil Zohid, Ro‘zmat Otayev, Ne’matjon Solayev, Ullibibi Otayevalar, aynan shu yerda xizmat qilishardi. Ularning yoniga yaqinlashib she’rlaringni ko‘rsatish oson ish emas. Ayniqsa, gazetada she’ring chiqishi osmondagi oyni uzib olishday gap. Ammo, ko‘ngil shu dargohga, hech bo‘lmasa unda xizmat qilayotgan baxtli insonlarni ko‘rish uchun borishga beto‘xtov da’vat etadi. Bu da’vatga quloq solmaslikning, shu ishni biryoqli qilmaslikning ham iloji yo‘q go‘yo…
Kunlardan bir kuni yurak yutib tahririyat joylashgan to‘rtinchi qavatga ko‘tarildim. Hayajon bosdi. Bir dasta qog‘oz ushlab borayotgan qizdan, she’rlarimni kimga ko‘rsatsam bo‘ladi, deb so‘radim. U ham “bir sen qoluvding she’r yozmagan” degandek boqdi-da: “Rahim Bekniyozga” dedi.
…Rahim Bekniyoz peshonasiga ko‘tarib qo‘ygan ko‘zoynagini tushirib, shoshilmasdan daftarimni varaqlay boshladi. Erinmay beshta she’rimning hammasini o‘qib chiqdi. Bu chinakam e’tibor edi va shuning o‘zi ham men uchun yetib ortardi. Lekin u bu e’tiborning ustiga marhamat ham ko‘rsatdi.
– Tuzuk… Ammo, endi she’rga jilo berish kerak. Ya’ni, yozaverish, yozaverish, keyin badiiylashtirish lozim.
Uning “jilo” degan bir so‘zi xotiramda bir umrga muhrlanib qoldi.
Har safar she’r ustida ishlayotganimda uning jilosi bormi deb o‘z-o‘zimga savol beraman. To shu jiloni she’rga baxsh etmaguncha va uni o‘zim chuqur his qilib, qalbdan e’tirof qilmaguncha she’rim tugal bo‘ldi deb hisoblamayman.
Oradan ikki-uch oy vaqt o‘tdi. Bir nechta yangi she’rlar yozdim. Qofiyai, turoqlarigacha hammasi joyida. Jilo baxsh etsin deya, o‘xshatishlar, istioralar ham qo‘shganman. Ammo Rahim Bekniyozning oldiga borishga biroz istihola qildim. Axir, jilo bunday bo‘lmaydi, desa nima qilaman? Baribir tahririyatga borish istagi g‘olib keldi. Rahim Bekniyoz ta’tilda ekan. Shu sababli she’rlarimni boshqa bir xodimga ko‘rsatdim. U tahririyatda ilmiy va she’riy asarlar tahlili va tahriri bo‘yicha katta e’tibor topgan Otamurod Pirmatov ekan.
U qisqacha salom-alikdan so‘ng she’rlarimni shunchaki o‘qiy boshladi. Bir necha lahzada butun daftarni ko‘rib chiqdi. Nihoyat “qoldirib keting” dedi. Bu menga “yo‘lingdan qolma” degandek tuyuldi. Axir u she’rlarimga shunchaki nigoh tashladi xolos. Endi daftarim tahririyatda oddiy qog‘oz bo‘lib yotaveradi. Hech bo‘lmasa, jilo bering ham demadi-ya. Baribir chiqarishmaydi, degan qat’iy xulosaga keldim.
Oradan ikki haftacha o‘tdi. 1969 yilning may oyi, to‘g‘rirog‘i 1 may kuni “Xorazm haqiqati” gazetasida ilk she’rim bosilib chiqdi. U ancha o‘zgartirilgan, to‘ldirilgan, haqiqatan ham o‘z jilosini topgan edi. She’r uchun “jilo”ning ahamiyatini shu kuni tushundim. Bu Otamurod Pirmatovning ishi ekanligini bildim. U ko‘zimga avliyodek bo‘lib ko‘rindi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, viloyat gazetasi tahririyatida birga xizmat qilgan davrimizda aslida ustozning o‘zi chinakam shoir ekanligini ham anglaganman. U ilmi, idroki ziyoda bo‘lganligi bois o‘zining yozganlarini nuqsonli hisoblab, hech kimga ko‘rsatmasdi. Ammo bir qator ilmiy maqolalarning, tanqidiy-tahliliy ishlarning muallifi sifatida peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelardi.
“Urganch oqshomi” gazetasini tashkil etishda va faoliyatini keng yo‘lga qo‘yishda ham yaqindan yordam ko‘rsatdi. Mushkul tuyulgan ko‘plab masalalarni hal etishda uning tashabbuskorligi, bilimdonligi qo‘l kelgan.
Otamurod Pirmatovning so‘nggi nafaslarida ham qandaydir qalbni titratguvchi ramzlar ko‘rganday bo‘ldim. U mo‘jazgina bog‘chasida ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan daraxtlar ostini yumshatib, qiyg‘os ochilgan gullarning yaproqlarini yuvib, uyiga kiraverishdagi zinaga o‘tirgancha mangu uyquga ketibdi. Daraxtlar bo‘yi egilib, gullar boshlarini sarak-sarak qilib qolishgandir shu onda. Bu uning xotirasi hali ko‘p vaqtlar xira tortmasligidan darakday tuyulsa ne ajab.
Maktabni tamomlash arafasida o‘zimni bir mevasiz daraxtday seza boshladim. Harakat ko‘p, ammo hosili qani? Bu savol meni har xil ko‘rinishda o‘rtar edi. Hazrat Navoiyning “El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam” degan hikmati xayolimdan ketmasdi. Qolaversa, Lermontovning:
Zamondosh naslimga qarayman g‘amgin, Uning kelajagi nursiz, sharafsiz. Dunyo, tanish-bilish, gumonlar yukin, Ko‘tarib keksayar bekor va nafsiz,kabi misralari tinchlik bermasdi. Institutga albatta kirishim kerakligini chuqur his qilardim. Kirolmaslik fojeaga o‘xshab tuyula boshladi.
Birinchi yili institutga kirolmadim. To‘g‘rirog‘i, barcha kirish imtihonlarini yaxshi topshirsam ham “rezerv”ga olib qolishdi. “Rezerv”dan ham o‘tish nasib bo‘lmadi. Xullas, keyingi yili kirdim.
Birinchi kurs. Birinchi semestr. Birinchi imtihon. Bu qil ko‘prikdan o‘tishday gap. Yana ustiga ustak langarsiz holda. Axir imtihonni institut rektorining o‘zi – filologiya fanlari doktori, og‘zingni ochishing bilan o‘pkangni ko‘ra oladigan tilshunos olim Otanazar Madrahimovning shaxsan o‘zlari oladilar.
Imtihon vaqtida domlaning ko‘zlaridagi mayin tabassum katta umid baxsh etdi. Berilgan savolga javoban tildagi assimilyatsiya hodisasini kitobiy qoidalar qolib o‘zim tushunganimcha aytib berdim. Domlaning chehrasi yorishdi.
Domlaning o‘sha kungi gaplari so‘zma-so‘z yodimda turibdi: “Sizga besh baho qo‘ysam, yarim baho haqim ketadi. To‘rt qo‘ysam, sizning yarim baho haqingiz menda qoladi. Mayli, mening haqim ketsa keta qolsin. Lekin sizdan yaxshi tilshunos chiqishi mumkin”.
Rektorning a’lo bahosidan keyin to‘rt yil davomida hech bir domla undan kam baho qo‘yishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Hamisha domlaning bahosiga munosib bo‘lishga va qarzni takror-takror uzishga intildim. Ko‘p yillar davomida bevosita tilshunoslik bilan shug‘ullanmasam ham til ustida, til sohasida ishlab kelayapman. Nihoyat “Madrahim Sheroziy” kitobini Otanazar Madrahimov bilan hammualliflikda yozganda ustoz-shogirdlik ildizlari chuqur ketganligi ko‘pchilikka ayon bo‘ldi.
* * *
Nihoyat orzuimga yetishdim. “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyatiga ishga qabul qilishdi. “Madaniyat va turmush” bo‘limida faoliyat boshladim. O‘tirgan xonamiz hech ko‘z oldimdan ketmaydi. Uzunligi chamamda 3 metr, eni undan sal kattaroq bo‘lgan mo‘jazgina xonada uch kishi o‘tiramiz. To‘rda bo‘lim mudiri Ne’mat Solayev, undan keyin Ullibibi Otayeva va men.
Ullibibi opaning nurafshon chehrasi kichik xonamizga chiroy bag‘ishlab turardi. Uning daryoday qalbi esa odamlarga obihayot tutib charchamasdi.
Tahririyatga eng ko‘p tashrif buyuruvchi va kutiladigan mehmonlardan biri Matnazar Abdulhakim edi. U ohista, go‘yo o‘zining tashrifi hech narsa anglatmasligi va hech kimni bezovta qilmasligini istagandek, tasodifan kirib kelardi. Ohistagina salom-alikdan so‘ng boshini sal quyi eggan holda, eng muhim masalalarni so‘ray boshlardi. Agar xonada bir o‘zim bo‘lsam, u nima o‘qiyotganligimni surishtirardi. Shunda xorij yozuvchilarining asarlaridan gap boshlasam, mavzuni ohista Navoiy yoki Ogahiy g‘azallariga burardi. Boshqa gap-so‘zga mutlaqo o‘rin qolmasdi.
Agar Ne’mat aka joyida o‘tirgan bo‘lsa, ular tezda Navoiy g‘azallari sharhiga kirishib ketishardi. Bir kuni Matnazar Abdulhakim bayt aytdi.
Ko‘ngillar naqdini taroj etarg‘a, yopmog‘ing burqa’ Aningdek turki yuz bog‘lar qaroqchi karvon ko‘rgach.– Voy bo‘y, – xitob qildi Ne’mat aka. – Naqadar aniq va tiniq. Shundan o‘tkazib aytib bo‘lmas.
Matnazar Abdulhakim esa aynan shu gapni chuqurroq o‘zanga burdi.
– Har safar shu baytni o‘qib, yangi ma’no topaman. Ilohiy muhabbatning insoniy muhabbat bilan uyg‘unligi shu daraja bo‘lar. Shoir ko‘ngillardagi mavjud mulkni taron-taroj qilish uchun yuzingga ro‘mol bog‘laganing, qaroqchining karvonini uzoqdan ko‘rib, yuzini yashirishiga o‘xshaydi demoq bilan barcha xatti-harakatlar qismat oldida katta qiymatga ega emas, muhabbatsiz hayot yo‘q. U baribir bir lahzada zabt etguvchidir. Shu sababli, ko‘ngilni ezgu hislarga to‘ldirish umr karvonini yaxshiliklar bilan boyitish lozim, degan. Uning fikridan har kuni yangi fikrlar unib chiqadi.
Agar Matnazar Abdulhakim faqat ilmiy ishlar bilan shug‘ullansa, u falsafa bo‘yicha fan doktori bo‘lishi muqarrar edi deb o‘ylayman, o‘zimcha. Axir uning “Ikkinchi muallim saboqlari” kitobi g‘ij-g‘ij falsafa, ilm. U ilmlar ilmi haqida shoirona fikr yuritar ekan, baribir dunyo e’tirof etgan ilmiy tahlillar, yakun va xulosalar hududlaridan nari ketmaydi. “Ikkinchi muallim saboqlari”ning eng muhim jihatlaridan biri muallif ilm-fanda hali kam qo‘l urilgan, deyarli tadqiq etilmagan sohaga murojaat qilganligidadir. Matnazar Abdulhakim bu asarda Pahlavon Mahmud ruboiylarini ulug‘ Forobiy ilmiy nuqtai nazarlari bilan muqoyasa qiladi. Eng qadimgi yunon faylasuflarining ilmiy asarlaridagi betakror kashfiyotlaru nazariyalar Pahlavon Mahmud ijodida talqin qilinishini chuqur tadqiq etadi.
* * *
O‘zimning eng yaxshi she’rlarimni, nasriy asarlarimni mustaqillik davrida yozganman deb faxrlanib yuraman. Bu bejiz emas. Chunki, yurt istiqloli bilan birga ilmimiz ham, yoshimiz ham ortdi. Juda ko‘p ustozlarning saboqlarini oldik. Ana shunday ustozlarimdan biri Anvar Obidjon bo‘ldi.
Anvar Obidjon bilan birga Ichon qal’adagi Pahlavon Mahmud ziyoratgohini ziyorat qildik. Shu dargohning kiraverishidagi kichik bir hujrani ham ko‘zdan kechirishini so‘radim. U yerda o‘tgan asrning boshlarida olingan Muhammad Rahimxon II Feruz hamda Isfandiyorxonning nabirasi Temirg‘ozi to‘raning odam baravar keladigan fotosuratlari saqlanardi. Ustoz xonlarning suratini shunchaki ko‘zdan kechirdi-yu, Temirg‘ozi to‘raning rasmini ko‘rib, juda hayratlandi. Kichkina to‘ra boshida dubulg‘a, qo‘liga miltiq ushlab, shijoat bilan boqib turardi.
– Bu kim?
– Temirg‘ozi to‘ra, Feruzning nabirasi.
Oraga bir lahza jimlik cho‘kdi. Men uni buzmoqchi bo‘ldim.
– Xorazmning Mo‘min mirzosi…
– Sotimjon, qanday ijodkorsizlar? Shu yigitcha haqida kitob yozmaysizlarmi? Axir bu surat jurnallarimiz, kitoblarimiz muqovasini bezashi kerak emasmi?
Ochig‘i, xijolat bo‘ldim. Ustozning ta’nasi bosh ustiga. Ammo nega endi bu haqda o‘zimiz o‘ylamaganmiz.
– Shu yigitcha haqida bir kitob yozing, sizdan iltimos.
Ko‘p o‘tmay ishga kirishdim. Ammo, Temirg‘ozi to‘ra 12-13 yoshida vafot etganidan boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q. Uni zaharlab o‘ldirishgan degan gumon bor, xolos.
Nihoyat oradan bir necha yil vaqt o‘tib, “Temirg‘ozi to‘ra” qissasi dunyoga keldi. Unda asosan, badiiy to‘qimalarga tayandim. Maqsadim, shu kichkina to‘ra bahonasida davrning taloto‘plarini, ayrim armonlarni ham ifodalash bo‘ldi.
Kitobga ustozning o‘zi so‘zboshi yozdi va u “Sharq” nashriyotida e’lon qilindi.
Ilmu hikmatning chegarasi yo‘q. Har bir joydan, har bir insondan uning ziyosini topish mumkin. Eng muhimi uni topishda. Uning ostonalarini tanishda. Umr bo‘yi ilm izlashga intilib, yanglishmaganimni his qilaman.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.