Oybekning “Navoiy” romani o‘zbek adabiyotida yaratilgan eng sara asarlardan biridir. Romanning 1945 yildagi muhokamasida yozuvchi M.Shayxzoda, I.Sulton, E.Bertelslar roman o‘lmaydigan asar bo‘lishi bilan bir qatorda yirik siyosiy hujjat hamdir, deb ta’kidlaganlar. Oradan bir oz vaqt o‘tgach, ikki rus tarjimoni M.Sale (1945) hamda P.Slyotov (1946)larning romanga murojaat qilishi va bu ruscha tarjimalar asosida Alis Oran tomonidan 1948 yilda frantsuz tiliga o‘girilishi asar o‘zbek adabiyotining yuksak namunasi ekanligidan dalolat beradi.
Asarning frantsuz tilidagi tarjimasini o‘zbek-frantsuz tarjimachiligi taraqqiyotidagi muhim bosqich sifatida baholash mumkin. Xususan, o‘zbek-rus-frantsuz tillari doirasidagi tarixiy asarlar tarjimachiligi silsilasida ushbu asar o‘girmasi katta tarixiy va amaliy ahamiyatga molik.
“Navoiy” romanini tarjima qilish jarayonida tarjimonlar ko‘p o‘rinlarda muvaffaqiyatga erishganlar va shu bilan birga kamchiliklar ham yo‘q emas. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, asarning frantsuz tilidagi tarjimasida yo‘l qo‘yilgan xatolar aksar hollarda ruscha o‘girmasidagi kamchiliklarning takrori sifatida namoyon bo‘lgan.
Oybekning “Navoiy” romani XV asr o‘zbek xalqi hayoti, urf-odati va tabiati milliy zaminda berilgan tarixiy asardir. Oybek “Navoiy” romanini yozar ekan, roman markaziga birinchi navbatda Navoiyning tarix oldidagi, insoniyat oldidagi mas’uliyati muammosini qo‘ydi, shu bois Navoiyning keng qiyofadagi ijtimoiy-siyosiy faoliyati tasvirini birinchi o‘ringa chiqardi. Oybek uchun Navoiyning tarix va insoniyat oldidagi ulkan mas’uliyatini chuqur his qilish, uning insonparvarlik intilishlarini har tomonlama keng va teran badiiy gavdalantirish muhim edi. Oybek qahramoni siymosida zamonamiz uchun hamohang bo‘lgan zarur tomonlarni ko‘ra bildi va to‘g‘ri belgiladi, ayni paytda yuksak darajada bera oldi. Shuning uchun ham “Navoiy” romani sara asarlar qatoridan joy egallagan.
Yozuvchi yaratayotgan obrazining xarakteridagi asosiy xususiyatlarni ilg‘ay oldi va obrazni to‘laligicha kitobxonga yetkazish uchun barcha badiiy-tasviriy vositalardan unumli foydalandi.
Asarda katta mahorat bilan tasvirlangan Navoiy portreti o‘zbek adabiyotida yaratilgan mukammal portretdir. Oybek birinchilardan bo‘lib, qahramonning tashqi ko‘rinishi orqali uning psixologiyasi, xarakteri, ichki dunyosini ko‘rsatishga erishdi. Yozuvchi shoir siymosini quyidagicha tasvirlaydi:
“Shoirning boshida uchli ko‘k taqyaga silliq o‘ralgan ko‘rkamgina salla. Egnida ichidan odmi shohi to‘n, ustidan yalang qo‘ng‘ir movut chakmon… O‘ttizdan oshmagan bo‘lsa ham, Navoiy yoshi ulug‘roqdek ko‘rinardi. Qomati o‘rtadan baland, ingichka, lekin pishiq, barmoqlari uzun va nafis; qora va qisqa soqoli, xushbichim miyiqlari tekis va silliq; yonoqlari chiqiqroq, kenggina yuzida doimiy tafakkurning asl ma’nosi, ma’naviy qudrat va yengil, go‘zallashtiruvchi bir horg‘inlik jilvalanadi. Qoboriqroq qovoqlari ostidagi qiyg‘och ko‘zlarida go‘yo tafakkur va xayol bilan birga qandaydir iroda kuchi ifodalanadi”.
Oybek keng ma’nodagi so‘z san’atkoridir. Yozuvchi Navoiy portretini shunday tasvirlaydiki, beixtiyor ko‘z o‘ngimizda baland bo‘yli, istarasi issiq, irodali va qat’iyatli shoir siymosi gavdalanadi. Adib badiiy mahoratini quyidagi satrlarga singdirgan: “… yuzida doimiy tafakkurning asl ma’nosi, ma’naviy qudrat va yengil go‘zallashtiruvchi bir horg‘inlik jilvalanadi… ko‘zlarida go‘yo tafakkur va xayol bilan qandaydir iroda kuchi ifodalanadi”. Bu narsa portretga “jon kirgazadi”, “jilvalanadi” so‘zi “doimiy” so‘zi bilan bir-biriga hamohang tarzda uyg‘unlashib, portretni “harakatga” keltiradi. Shoirning yuzida aks etib turgan horg‘inlik ham qandaydir odamga og‘ir botuvchi, odamni ezuvchi horg‘inlik emas, balki o‘ziga yarashgan, go‘zal, yengil horg‘inlikdir. Agar e’tibor qiladigan bo‘lsak, san’atkorlar yozuvchimi, rassommi, haykaltaroshmi portret yaratishda obrazning ko‘zlariga diqqatini jalb qiladi. Chunki ko‘zlar insonning butun ichki dunyosi, borlig‘ini o‘zida aks ettirib turadi. Zero, ko‘z ko‘ngil ko‘zgusidir. Navoiy xarakterining muhim tomonlari qat’iyatlilik, sermushohadalik, bilimdonlik kabi xislatlar uning ko‘zlarida o‘z aksini topgan.
Oybek so‘zlarni tanlab ishlatadi. Portret tasvirida ham sallaga ko‘rkamgina, barmoqqa pishiq, nafis, miyiqqa xushbichim, ko‘zga qiyg‘och, horg‘inlikka yengil, yuzga nisbatan esa go‘zal sifatlarini qo‘llaydi. Bularning barchasi arzimas narsadek tuyulsa-da, obrazni xarakterlovchi asosiy qirralarni ochishga xizmat qilgan muhim unsurlar sanaladi.
Tarjimonlar Navoiy portretini quyidagicha o‘girganlar:
“Na golove Alisher vozvыshalas chalma, tщatelno, so vkusom namotannaya na ostrokonechnuyu sinyuyu tyubiteyku. Na plechi bыl nakinut neyarkiy shelkovыy xalat, a poverx nego chekmen iz prostogo temno-serogo sukna.
Navoi bыlo ne bolshe tridtsati let. On bыl vыshe srednego rosta, tonkiy, no krepkiy; chernaya korotkaya boroda i usы bыli tщatelno podstrijenы. Na shirokom litse, s neskolko vыdavayuщimsya skulami, lejal blagorodnыy otpechatok bolshoy duxovnoy silы. V raskosыx glazax pod pripuxshimi vekami otrajalas glubokaya mыsl, mechtatelnost i sila voli” (M.Sale).
“Navoi ne bыlo tridtsati let. On bыl vыshe srednego rosta, tonkiy, no krepkiy; paltsы yego dlinnы i izyaщnы, chernaya boroda i krasivыe usы rovno podstrijenы. Na shirokovatom litse, s neskolko postoyannoy zadumchivosti, duxovnoy silы i legkogo utomleniya, pridavavshego yemu svoyeobraziyu prelest. V raskosыx glazax pod pripuxshimi vekami svetilas mыsl i sila voli. Golova Alishera bыla pokrыta chalmoy; gladko namotannoy na ostrokonechnuyu sinyuyu tyubiteyku, neyarkiy shelkovыy xalat, a poverx nego chekmen iz prostogo temno-serogo sukna” (P.Slyotov).
“Navoi n’avait pas encore trente ans. D’une taille au dessus de la moyenne, il etait svelte, mais vigoureux; ses doigts etaient longs, d’une forme, elegante, sa barbe noire ef sa jolie moustache soigneusement taille’es. Son visage assez large, aux pommettes legerement saillentes, portait la noble empreinte d’une meditation constante, de la force d’ame et d’une legere lassitude qul lui conserait une charme particulier. Dans ses yeux obliques, sous ses poupieres un peu gonflees, brillaient la pensee, le reve et la volonte. Alisher portait un turban soigneussment enroule; sur une calotte bleue pointue, sur ses epaules etait jete un khalat de soie aux couleurs delicates, et par-dessus, un tchekmene de simple drap gris fonce” (A.Oran).
Navoiy portretining ruscha va frantsuzcha matnlari qiyoslanganda go‘yo hamma narsa joyidagidek, rus va frantsuz tarjimonlari o‘zbekcha matnni “qotirib” tarjima qilgan, Navoiy siymosini har ikki tilda ham to‘g‘ri qayta yaratgandek tuyuladi. Biroq matnlarga chuqurroq yondoshadigan bo‘lsak, tarjimalardagi kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, asliyatda Oybek Navoiyni ta’riflab shunday yozadi: “O‘ttizdan oshmagan bo‘lsa ham, Navoiy yoshi ulug‘roqdek ko‘rinadi“. Har ikki rus tarjimoni esa bu jumlani “Navoiy hali o‘ttizga ham to‘lmagan edi” (“Navoi bыlo ne bolshe tridtsati let”, M.Sale; “Navoi ne bыlo tridtsati let”, M.Slyotov) deb oddiygina tarjima qilishgan. Ularning bu xatosi frantsuz tilida ham saqlangan: “Navoi n’aviat pas encore trente ans” (A.Oran). Natijada Navoiyning o‘z yoshiga nisbatan ulug‘roq ko‘rinishi tarjimalarda o‘z aksini topmagan. Buning ustiga har ikkala ruscha tarjimada ham, frantsuzcha tarjimada ham o‘ttizdan oshmagan o‘zbek adibining tabiiy “qora va qisqa soqoli” turlicha talqin qilingan.
E’tibor bering:
M.Saleda: “chernaya korotkaya boroda i usы bыli tщatelno podstrijenы” “qora qisqa soqoli va mo‘ylovi hafsala bilan qirqilgan edi”.
M.Slyotovda: “chernaya boroda i krasivыe usы rovno podstrijenы” “qora soqoli va chiroyli mo‘ylovi tekis qirqilgan”.
A.Oranda: “sa barbe noire et sa jolie moustsche soigneusement taillees” “qora soqoli va chiroyli mo‘ylovi qunt bilan qirqilgan”.
Shu bilan birga har uchchala tarjimon ham shoirning “xushbichim, tekis va silliq miyiqlari” ga aslo e’tibor bermagan, ya’ni ularni tarjimalar matniga kiritishmagan.
Yozuvchi obraz yaratar ekan, qahramonning mayda qusurlarigacha tasvirlashga harakat qiladi. Ba’zida adib shunday unsurlar ishlatadiki, ular qahramonning o‘ziga xos tomonlarini, xarakteridagi muhim qirralarini ochib berishga xizmat qiladi. Oybek Navoiy portreti tasvirida “egnida ichidan odmi shohi to‘n, ustidan yalang qo‘ng‘ir movut chakmon… barmoqlari uzun va nafis” deb tasvirlab o‘tadi. Kitobxon asarning kirish qismidagi suhbatdan hamda Navoiyning egnidagi kiyim-boshidan uning saroy a’yoni ekanligini bilib oladi. Biroq Navoiy shu bilan birga shoir, uning qalam tutadigan barmoqlari ham shu bois uzun va nafis. Rus tarjimoni M.Sale bu narsani arzimasdek qabul qilgan shekilli, tarjima qilmay tashlab ketgan. M.Slyotov esa “paltsы yego dlinnы i izyaщnы” deb o‘girgan. A.Oranning frantsuzcha tarjimasi ham M.Slyotovning ruscha muqobiliga mos keladi: “ses doigts etaient longs, d’une forme elegante”. Bu bilan M.Slyotov va A.Oran Navoiyning jiddiy va jonkuyar davlat rahbari bo‘lish bilan birga nozikta’b va hassos shoir ekanligini o‘z tarjimalarida bera olishgan.
“Navoiy” romanining tarjimasi har qanaqa asarni tarjima qilish uchun zarur bo‘lgan tartiblardan, ya’ni asl nusxa tilini, hayotini, xalq turmushini bilishdan tashqari yana tarixiy hujjatlarni o‘rganishni ham talab qiladi. Yozuvchi Navoiy zamonini, o‘sha davrdagi tarixiy hujjatlarni Navoiy zamondoshlarining fikrlari, Vosifiy va Bobirlarning xotiralarini sinchiklab o‘rgangan. Bu chinakam tarixnavis, izlanuvchan olimning ishi edi. Tarjimalarni yonma-yon qo‘yib qiyoslaydigan bo‘lsak bir-biriga juda o‘xshaydi. Lekin sinchiklab o‘rganilsa M.Sale o‘girmasining ustunligi ko‘zga tashlanadi. Unda tarixiy davr ruhi kuchliroq seziladi. Tarjimon M.Salening hozirgi zamon o‘zbek tilini, qadimgi o‘zbek tili va boshqa sharq tillarini bilishi, muallif fikrini to‘la tushunishi unga bu asarlarni mukammal tarjima qilishi uchun katta qulaylik tug‘diradi. Mutarjim o‘zbek xalqining milliy madaniyati, tarixi va adabiyotidan durustgina nazariy bilimga ega edi. Asarni tarjima qilishga bel bog‘lashdan oldin u arab tilidan “Ming bir kecha”ni ag‘dargan, roman tarjimasi bilan bir vaqtda “Boburnoma”ning yangi tarjimasi bilan ham shug‘ullangan. Bularning bari Salega davr ruhiga kirib borishi, o‘sha zamon ruhini berish va romanda tasvirlanayotgan tarixiy voqealarni o‘quvchi to‘g‘ri his qila olishiga ko‘maklashish imkonini beradi.
Navoiyning jumlalari uzun, ma’nodor va tarixiy kitobiy so‘zlarni ko‘p ishlatadi. Bular kitobxonga notanish bo‘lganligi uchun matn ostiga izohlab boriladi. Tarjimonlarni yutug‘i, ular izohga hojat qoldirmasdan, so‘zlarning ma’nolarini matn ichida ochib borishga harakat qilganlar, jarangdor, ta’sirchanligi Oybek uslubiga mos tushadi.
Lekin tarjimonlar personajlar nutqida qo‘llanilgan tarixiy davr nafasi sezilib turgan so‘zlarni, dialektizmlarni tarjimada zamonaviy, kitobiy so‘zlar bilan tarjima qilganlar. “Ijod etmishdir”, “suratiga chekilmishdir”, “iste’fo qilgay” va shu kabi so‘zlarning ishlatilishi asarni o‘tmishdan olib yozilganligini yaqqol ko‘rsatib turadi. Bu fe’l ko‘rinishini tarjimada berish ancha mushkul.
Asarni rus tiliga qayta yaratishda tarjimon hozirgi zamon rus adabiy tili leksikasi vositalariga tayanib ish ko‘radi. Lekin, ayni vaqtda u Sharq adabiy tili boyliklarini rus tilida muvaffaqiyat bilan bera olgan. Avtor nutqi va ayniqsa, personajlar nutqlari obrazliligida, romantik ko‘tarinkilik, olijanoblik, purviqorlik yaqqol sezilarlidir.
Kechalari turkiy tilda qalam tebratuvchi shoirlar o‘z she’rlarini ona tilida emas, balki fors tilida o‘qir edilar. Bu hol o‘z xalqi, o‘z ona tiliga cheksiz mehr qo‘ygan shoir ruhiy jarohat tug‘dirmasdan qolmasdi.
Romanda shoir forsiyparastlarga qarata shunday deydi:
“ Biz fors tilining qudrat va ahamiyatini, u tildagi asarlarning husni va salobatini hech vaqt inkor etmadik… Ammo tilimizning afzalligi biz uchun ulug‘ haqiqatdir… Biz elimizning zavqini, tabiatini nazarda tutib, … turkona soz bilan tarannum etaylikki, elning yuragi mavjga kelsin… tilimizning forsidan bag‘oyat baland darajada ekani bir haqiqatdir… forsiygo‘ylar bizning tilning vus’ati (izoh: kengligi), husni, zanginligi (izoh: boyligi) oldida so‘z aytishdan ojiz qolurlar!” (165)
Oybek bevosita asar tili orqali ham, obrazlar nutqidagi fikr-mulohazalar asosida ham milliy tilga katta e’tibor bilan qaraydi, u bizni bugungi kunda ham ibrat ko‘zi bilan qarashga undaydi.
Navoiyning so‘zlari kinoya va kesatiqdan xoli, o‘z tiliga ishonch va e’tiqodi kuchli, turk tilining afzalligini isbotlashga qaratadi. Mazmunni “Tilimizning forsidan bag‘oyat baland darajada ekani bir haqiqatdir” misralariga singdiradi. Bir qarashda shoir turkiparastdek ko‘rinadi. Adib birgina so‘z bilan vaziyatni muvozanatlaydi. “Ammo tilimizning afzalligi biz uchun haqiqatdir” desa, ikkinchi misrada “Fors ash’ori elimizning zavqi uchun begonaroqdir” deydi. Gapda qo‘shimchalar ham katta rol o‘ynaydi.
Bizda ko‘p hollarda arxaik qatlamini qandaydir keraksiz, ba’zan, hattoki zararli, ortiqcha narsa deb qaraladi. Vaholanki, bu tamomila to‘g‘ri emas. Arxaik so‘zlar “haqiqiy bebaho xazinadir”. Chunki ular vositasida lug‘atning ko‘p ma’nolik xususiyati oshadi hamda maxsus she’riy ma’no va lisoniy muhit yaratish uchun katta imkoniyat yuzaga keladi.
Ma’lumki, frantsuz tilining bobokaloni lotin tili hisoblanadi. Holbuki, hali qadimiy frantsuz tili qaror topgan davrdayoq lotin tili o‘lik tillar qatoriga o‘tib ulgurgan edi. Shuning uchun ham M.V.Lomonosov o‘z ajdodlarining tilini tushunmaydigan xalq deganda frantsuzlarni nazarda tutgan. Shu tariqa frantsuz tili o‘zining negizi bo‘lmish lotin tilidan batamom uzilib qolishi oqibatida unda arxaik so‘zlar soni ham juda kam miqdorni tashkil etadi, borlari ham faqat maqol, matal, idiomalar tarkibidagina shartli timsol sifatida saqlanib qolgan, xolos. Demak, frantsuz tilida arxaizm faqat leksikologik plandagina o‘rganilib, uslubiy ma’noga ega emas.
“Navoiy” romanining rus va frantsuz tarjimonlari ham tarixiy romanda tasvirlangan davr ruhini berishda arxaik va kitobiy leksikadan ko‘ngildagidek foydalana olmaganlar. Ularning tarjimalarida kitobiy leksika jonli so‘zlashuv leksikasi bilan, qadimgi til leksikasi esa hozirgi leksika bilan almashtirib yuborilgan. Masalan, yosh olimlar Sultonmurod bilan Zayniddin Alisher Navoiyning Hirotga kelishini hozirgina eshitishadi.
“Istiqbollariga chiqmoq kerak, o‘rnidan qo‘zg‘aldi Sultonmurod”. “Nado poyti yego vstrechat, progovoril Sultanmurad, tut je vskochiv s mesta”.
Romanda Sultonmurod Navoiy haqida III shaxs ko‘plikda hurmat va iltifot bilan gapiradi. Adib “kutib olmoq kerak” demaydi, balki “istiqbollariga chiqmoq kerak” deydi. Ruscha tarjimada Sultonmurodning “Nado poyti yego vstrechat” degan jumlasi frantsuz tiliga o‘girilganda xuddi asliyatdagidek jaranglaydi: “il faut se porter a sa rencontre”. Bu yerda “se porter a sa rencontre” frantsuz turg‘un iborasi aynan o‘zbekchadagi “kutib olgani chiqmoq, istiqboliga chiqmoq” ma’nosini beradi. Taqqoslang: “a la rencontre de… en se trouvant face a face aves qqn qu’on recontre, et mod. En allant vers qqn, au devant de lui” “Kimningdir oldiga peshvoz chiqib, kutib olish”.
“Navoiy” romanining tarjimalari qiyoslaganda bir-biridan juda oz farq qiladi. Lekin sinchiklab o‘rganilsa, ko‘pgina misralar tashlab ketilgani ko‘rinadi. Jumladan, ikkala tarjimada ham Binoiy bilan Navoiy o‘rtasidagi turk va fors tilini chog‘ishtiruvchi parcha aks etmagan. Navoiyning ona-Vatanga bo‘lgan muhabbati ayniqsa uning Xo‘ja Afzal bilan bo‘lgan suhbatida yanada kuchliroq seziladi. Lekin asarning rus va frantsuz variantlarida shoirning ko‘zlarida yongan vatan tuyg‘usi ko‘rinmaydi.
Ayni damda ruscha variantda shoirni Hirotda qiynagan tuyg‘ular, bazo‘r salomat qolgan do‘sti bergan ma’lumotlarni g‘azab va alam bilan o‘ylab, ulardan tegishli xulosalar chiqarish bilan mashg‘ul holati tashlab ketilgan. Tabiiyki, bu hol asarning frantsuzcha variantidan ham tushirib qoldirilgan.
Muayyan asarning u yoki bu qismini qisqartirib tarjima qilish orqali ham muallif uslubini to‘g‘ri tiklash mumkin, biroq ma’lum bir parcha yoki jumlalar qisqartirib yuborilar ekan, o‘quvchi asarning asl nusxa uslubi, uning milliyligi haqida to‘g‘ri tasavvur ololmaydi.
Nima bo‘lganda ham, Oybekning “Navoiy” romani nafaqat o‘zbek, balki dunyo xalqlarining sara asarlari qatoridan mustahkam o‘rin olgan. Bunda, albatta, tarjimonlarning hissalari beqiyos, mehnatlari tahsinga sazovordir. “Navoiy” romani asarning jismini emas, ruhini ham ko‘rsata oladigan mutarjim ijodkorlar qo‘lidan o‘tgan. Volter ta’kidlaganidek, “so‘z o‘ldiradi, ruh hayot baxsh etadi” degan gap xuddi shunday tarjimalar uchun o‘rinlidir.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son