Bizning O‘zbekiston dunyoning shunday bir mintaqasida joylashganki, bu yerda butun hayot, butun madaniyat, butun tarix inson va tabiat orasidagi nozik muvozanatni izchil saqlab yashashga asoslangan. Bu muvozanat salgina buzilsa, inson ham, tabiiy mavjudot ham qanchalik zarar ko‘rishi quyidagi oddiy misolda ko‘zga tashlanadi.
Bizni o‘rab turgan butun yashil olam, ariqlardan suv ichadigan bog‘-rog‘lar, ekinzorlar yoz issiqlari sug‘orib parvarish qilinmasa hammasi qurib qoladi. Inson mehnati va aql-zakovati har gal ularni halokatdan qutqaradi. Ayni paytda, insonning o‘zi ham shu bog‘-rog‘lar va ekinzorlarsiz kun ko‘rolmaydi.
Demak, bizning sug‘oriladigan mintaqamizda inson bilan tabiat bir-birlaridan najot topib yashaydi. Bunday hayot tarzi necha ming yillik tarix davomida sayqal topib, yuksak bir muvozanat va madaniyat darajasiga ko‘tarilgan.
Inson irodasiga bo‘ysunib, arig‘u anhorlardan qishloq va shaharlarga oqib borayotgan suvni odamlar bog‘-rog‘lar va ekinzorlarga zargarona me’yor bilan taratmasalar, hammayoqni suv bosib, tabiiy ofat yuz berishi mumkin. Shundan sezish mumkinki, tabiatdagi oddiy suv inson aql-zakovati va sug‘orish madaniyati bilan boyitilgandan keyin najotkor obihayotga aylanadi.
Mintaqamiz xalqlari Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon, Murg‘ob va boshqa daryolar suvidan asrlar davomida tabiiy muvozanatni saqlagan holda oqilona foydalanib, juda ko‘p obod manzillar yaratganlar.
Mana shu, nozik muvozanat qo‘pol ravishda buzilsa, qanday dahshatli ekologik fojia yuz berishini biz birinchi marta tarixda bundan sakkiz asr muqaddam mamlakatimizni vayronaga aylantirgan Chingizxon bosqinchiligi davrida boshdan kechirganmiz. Umrida bir ko‘chat ham ekmagan madaniyatdan mahrum ko‘chmanchilar Sirdaryo, Amudaryo, Murg‘ob va boshqa daryolar o‘zanida qurilgan to‘g‘onlarni buzdirib, Xo‘jand, Urganch, Marv kabi obod shaharlarni suvga bostiradilar. Butun-butun vodiylarda suvsizlikdan hayot so‘nadi, ariqlar, anhorlar quriydi, millionlab odamlar qirilib ketadi. Tirik qolganlar boshqa mintaqalarga qochib ketadi. Faqat oradan bir yarim asr o‘tgandan keyin Amir Temur boshqargan xalq ozodlik harakati tufayli mintaqamiz chingiziylar istilosidan xalos bo‘ladi. Mehnatsevar odamlarimiz qadimgi sug‘orish tizimlarini qayta tiklaydilar. Toshkentda Solor va Bo‘zsuv, Samarqand yaqinida Darg‘om anhorlari yana suvga to‘lib oqa boshlaydi. Amir Temur nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Afg‘onistonda va Ozarbayjon hududida ham katta shohariqlar qazdirib, suvsiz cho‘llarda obod manzillar barpo ettiradi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida qayd etiladiki, Amir Temur Ozarbayjonning Mug‘on dashtiga obihayot beradigan ulkan anhor qazdirgan va unga “Barlos anhori” deb nom bergan. Shunga o‘xshash shohariqni Sohibqiron Kobul yaqinida ham qurdirgan.O‘ttiz chaqirim uzunlikdagi bu anhorda baliqlar ham bemalol yashar ekanlar. Shuning uchun bu shohariqni “Mohigir”, ya’ni “baliq oluvchi” deb atagan ekanlar.
Sohibqiron otasining obodonchilik bobidagi bunday ulkan ishlarini Shohruh Mirzo qanday davom ettirgani Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’yi sa’dayn” kitobida batafsil hikoya qilinadi.Hozir Turkmaniston hududida joylashgan qadimgi Marv shahri va uning atrofidagi yashil voha asrlar davomida Murg‘ob daryosidan chiqarilgan katta anhorning suvi bilan obod bo‘lgan edi. 1230 yilda Chingizxonning o‘g‘li To‘luyxon Shurg‘ob daryosiga qurilgan to‘g‘onni buzdirib tashlaydi. Marvni suv bosadi. Uning atrofidagi obod voha suvsiz qolib, barcha daraxtlar va ekinlar yoz issiqlarida butunlay qurib qoladi. Ko‘p odamlar ochdan o‘ladi, tirik qolganlar bu joylardan bosh olib ketadi. Shundan keyin 180 yil davomida Marv va uning atroflari inson yashay olmaydigan o‘lik makonga aylanadi.
Nihoyat, 1410 yilda Shohruh Mirzo o‘g‘li Ulug‘bek bilan birga Murg‘ob daryosiga qaytadan to‘g‘on qurdiradi. 180 yil davomida qumlarga to‘lib bekilib qolgan anhor o‘zanini va butun sug‘orish tizimini qayta tiklatadi. Uzunligi 72 chaqirim, eni 20 gaz (14 metr), chuqurligi besh gaz (3 yarim metr) keladigan ulkan anhor yana suvga to‘lib oqadi. Natijada Marv shahri qayta tiriladi, uning atrofidagi yuzlab manzillar obod bo‘ladi.
Amir Temur va uning avlodlari davrida tabiat bilan mana shunday hamkorlik qilish yuksak madaniyat darajasiga ko‘tariladi. Samarqand qal’asi atroflarida Amir Temur tomonidan o‘n ikkita ulkan bog‘ barpo etiladi. Bu bog‘lar ilm-fan va me’morchilik san’atining o‘sha davrdagi yutuqlariga asoslanganini ularga berilgan nomlardan ham sezish mumkin. Yazdiy “Zafarnoma” sida tarixiy voqea sifatida qayd etilgan Samarqand bog‘laridan biri “Bog‘i duvozdah burj”, ya’ni osmonning o‘n ikki burjiga moslab barpo etilgan ulkan bog‘ nomini oladi. Osmonning o‘n ikki burji esa falakiyot ilmining diqqat markazida turadigan o‘n ikki yulduz – quyosh taqvimida Hamal, Savr, Javzo, Asad, Mezon va boshqa navro‘ziy nomlar bilan atalgan yulduzlarga qarab belgilanadi.
Bu o‘n ikki yulduzdagi barqarorlik va muvozanatni yer yuzida ham joriy etishga intilgan Amir Temur o‘zi barpo etgan davlatni ham o‘n ikkita tamoyilga asoslanib idora etadi, qo‘l ostidagi odamlarni esa o‘n ikki toifaga bo‘lib boshqarganini “Temur tuzuklari”da maxsus ko‘rsatib o‘tadi.
Tabiiy muvozanatga bu darajada katta e’tibor berish va tabiat qonunlari bilan hisoblashib yashash turkiy xalqlarning qadimiy e’tiqodlari va tarixiy tajribalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan bobokalonlarimiz tabiatni muqaddas deb bilganlar. Osmonni “Ko‘k tangri”, eng baland tog‘ni “Xon tangri” deb atab, ularga sajda qilganlar. Turkiy ellarning bu e’tiqodlari quyosh timsolida nur va olovni ilohlashtirgan Zardushtiylik diniga juda yaqin bo‘lgan. “Avesto” day ulug‘ ma’naviyat obidasi biz yashayotgan zaminda paydo bo‘lganiga mana shu yaqinlikni eng muhim sabablaridan biri qilib ko‘rsatish mumkin.
Amir Temur va uning avlodlari yaratib ketgan bog‘lar eng nufuzli tarixiy manbalarda alohida e’tibor bilan qalamga olinganiga yana bir sabab bor. Bu bog‘lar yer va suv bilan inson hamkorlik qilib yaratgan san’at asarlari hisoblangan. Amir Temur g‘oyasi bilan barpo etilgan bog‘lardan yana biri “Bog‘i naqshi jahon” deb atalgan. Chorbog‘ usulida qurilgan bu bog‘ning ma’lum bir joyida dunyoga dong‘i ketgan mevali daraxtlar, boshqa o‘rinda eng go‘zal gullar, chamanzorlar, yana boshqa munosib topilgan joyda soya beradigan nodir daraxtlar o‘stirilgan. Naqshinkor ko‘shklar, marmar hovuzlar, zilol suvli ariqlar, shovullagan favvoralar bu bog‘larni chindan ham jahonning ko‘rkiga aylantiradi.
Hindistonlik olim M.Randxavaning “Asrlarga tatigan bog‘lar” nomli kitobi ingliz va rus tillarida yuz minglab nusxada chop etilgan. Bu kitobda Amir Temurning Samarqandda bunyod etgan “Bog‘i dilkusho”ga maxsus o‘rin berilgan. Chorbog‘ usulida qurilgan bu bog‘ning to‘rt tomonida to‘rtta muhtasham darvozaxonasi, toq va ravoqlari bo‘lgan. Bog‘ markazida ichki devorlariga rangli suratlar chizilgan ikki oshiyonlik koshinkor qasr bo‘lgan. Ispaniyadan Amir Temur saroyiga elchi bo‘lib kelgan Klavixoning guvohlik berishiga qaraganda, bog‘da nafaqat anvoyi gullar va daraxtlar o‘stirilgan, balki uning hayvonot dunyosiga moslangan qismida go‘zal kiyiklar va kakliklar ham avaylab boqilgan. Bu sohibqironning tabiatni qanchalik e’zozlaganini ko‘rsatadigan yana bir yorqin misoldir.
Tabiatga bunday munosabat Ulug‘bekdan keyin tarix sahnasiga chiqqan Bobur Mirzo faoliyatida ham ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bobur va uning avlodlari Afg‘oniston, Hindiston va Pokistonda bunyod etgan bog‘lar haqida ingliz olimasi K.M.Styuart qiziqarli bir kitob yozgan. Bu kitobda bog‘ me’morchiligi Bobur Mirzo va uning avlodlari tomonidan yuksak san’at darajasiga ko‘tarilganligi ko‘plab dalillar yordamida isbot etiladi. Bobur Mirzo Kobulning baland bir joyida barpo etgan ko‘rkam bog‘ “Bog‘i Boburshoh” deb ataladi. Bobur Mirzo bu boqqa tog‘dagi chashmalardan ariq qazdirib suv keltirgan. Unda besh asr burun ekilgan chinorlar hozir ham osmonga bo‘y cho‘zib turibdi. To‘g‘ri, Afg‘onistonni harob qilgan sho‘ro bosqinchiligi va undan keyingi toliblar urushi Bog‘i Boburga ham katta zarar yetkazgan ekan. Matbuot xabarlariga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda Bog‘i Boburni qaytadan obod qilish va asliga keltirish uchun keng ko‘lamdagi ta’mir ishlari olib borilmoqda. Eng muhimi, Bobur Mirzoning bu bog‘dagi marmar maqbarasi barcha qirg‘in-barotlardan omon qolganligidir.
Bobur Mirzo o‘zi barpo etgan bog‘larni “Boburnoma”da sevib qalamga oladi. Jamna bo‘yida undan yodgor bo‘lib qolgan “Bog‘i orom”, “Bog‘i Zarafshon”, “Bog‘i Nilufar”, Kobulda bunyod bo‘lgan “Bog‘i binafsha” va “Bog‘i Navro‘ziy” shular jumlasidandir. Yoz paytlarida yo‘ng‘ichqaning nafarmon guliga va xushbo‘y hidiga to‘ladigan yana bir boqqa “Bog‘i yo‘ng‘ichqa” deb nom beriladi.
Tabiatdagi nodir va go‘zal jonivorlarga e’tibor nuqtai nazaridan qaraganda, Bobur Mirzo Kobulda bunyod etgan “Bog‘i ohuxona” tarixda yorqin iz qoldirgan hodisalar qatoridan o‘rin oladi. Go‘zallik tuyg‘usi va tirik jonivorlarga shafqati kuchli bo‘lgan Bobur Mirzo go‘zal ohularni ovlab otib olishdan ko‘ra, tirik tutib kelib katta bog‘da parvarish qilishni afzal ko‘radi. Vaqt o‘tishi bilan odamga o‘rgangan bu nodir jonivorlar bog‘da yoyilib yurganda ularni yaqindan kuzatib tomosha qilish ulug‘ ijodkor siymoga qanchalik zavq berganini tasavvur etish mumkin.
Amir Temurdan boshlangan bu ajoyib an’anani Hindistonda Akbarshoh yaxshi davom ettiradi. U kamayib borayotgan nodir jonivorlarni ovlashni man etadigan maxsus farmon chiqaradi. Agra yaqinidagi Skandar degan joyda Akbarshoh atrofi baland devor bilan o‘ralgan yuz ellik gektar kattalikdagi maxsus boqqa “antilopa” deb ataladigan go‘zal kiyiklardan olib keltiradi va ularni avaylab-asraydi. Bu hodisa 1590 yillarda sodir bo‘ladi. Akbarshoh vafot etganda uni ohular yoyilib o‘tlab yurgan mana shu ulkan bog‘ning old tomonida qurilgan maqbaraga dafn etadilar. Oradan asrlar o‘tadi, Hindiston mustamlakaga aylanadi, Akbar maqbarasi e’tiborsiz qolib, bog‘dagi kiyiklar yo‘q bo‘ladi.
Hindiston mustaqilligi davrida Javoharla’l Neru Akbar maqbarasiga katta e’tibor beradi, uni orasta ziyoratgohga aylantiradi. Indira Gandi davlat boshlig‘i bo‘lganda otasi boshlagan ishni davom ettirib, Akbarshoh bog‘iga o‘ta go‘zal antilopa kiyiklardan katta bir to‘pini olib keltiradi va avaylab parvarish qildiradi. Men 1983 yilda Akbar maqbarasini ziyorat qilishga borganimda, bu nodir jonivorlarning o‘ttizga yaqin katta to‘pi ulkan bog‘da o‘tlab yurganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Shundan ma’lum bo‘ladiki, oradan asrlar o‘tgandan keyin ham ulug‘ ajdodlarning tabiiy mavjudotga munosabatdagi olijanob ishlarini mumtoz bir shaklda davom ettirish mumkin ekan.
* * *
Afsuski, o‘tgan asrda bizning mintaqamizda tabiatga nisbatan bepisandlik va zo‘ravonlik mustabid sho‘ro tuzumining boshqa illatlariga qo‘shilib, Orol fojiasini keltirib chiqardi. Michurinning “Tabiatdan ehson kutish kerak emas, undan borini olish kerak” degan aqidasi sho‘ro davrida “pokoreniye prirodы” va “preobrozavaniye prirodы” (“tabiatni bo‘ysundirish”, “tabiatni tubdan o‘zgartirish”) degan hovliqma odamlarga qo‘l keldi. Hali Stalin tirik paytida “Kommunizmning ulug‘ qurilishlari” loyihalari tuzilgan edi. Bu loyihalar orasida “Ulug‘ turkman kanali” deb atalgan va Amudaryoni bo‘g‘ib, shunday katta daryoni Qoraqum sahrosi orqali Kaspiy dengiziga tomon oqizishni mo‘ljallagan reja matbuotda ko‘p targ‘ib qilinar edi…
Stalinning o‘limidan keyin bu rejaning iqtisodiy jihatdan asoslanmagan xomxayol ekanligi ma’lum bo‘ldi va undan voz kechildi. Ammo Amudaryoni to‘sib, uning suvini Qoraqum sahrosi orqali Ashxabodga qaratib oqizish rejasi tuzildi. Daryoning qumlarga ko‘milib yotgan qadimiy o‘zani bor ekan. Bu o‘zan qum barxanlari orasidan egri-bugri jarliklar yasab, Kaspiy dengiziga tomon borgan ekan. Ana shu o‘zan zo‘r ekskavator va buldozerlar yordamida naridan-beri tozalanadi. Uning tagi va qirg‘oqlarini beton bilan mustahkamlamasdan, Amudaryo suvini to‘g‘on bilan to‘sib, cheksiz qum sahrosiga buradilar.
1985 yilda Turkmanistonda adabiyot kunlari bo‘lganda bir guruh yozuvchilar bilan Qoraqum kanali bo‘ylab “Raketa” deb ataladigan tezyurar kemada ikki soatcha suzib, Amu bo‘yidan Marvgacha borganimiz yodimda qolgan.
Bahaybat katta suv, butun bir daryo qum barxanlariga, tuprog‘i to‘kilib turgan jarliklar va qamishzorlarga singib nihoyatda isrof bo‘lib oqadi. Marv vohasiga yetguncha o‘nlab chaqirim masofada birorta bog‘ va daraxtzor ko‘rinmaydi. Har ikki qirg‘oqda ham tagiga suv ketib cho‘kayotgan qumtepalar va jarliklarni to‘ldirib turgan qamishzorlar ko‘zga tashlanadi. Orol dengizining nasibasi bo‘lgan behisob ko‘p daryo suvi shunday shafqatsizlarcha isrof qilinib, Ashxobodgacha olib borilgan ekan. “Ashxobod dengizi” deb atalgan katta suv havzasini ham ko‘rdik. Bu suv havzasi Ashxoboddan balandroqda joylashgan ekan. Shuning uchun suv qumlar orasidan sirqib o‘tib, Ashxobod shahridagi ko‘pqavatli binolarning yerto‘lalarini suv bosadi. Binolarning poydevorlari nurab, falokat holati yuz beradi. Yuzlab odamlar endi yerto‘lalarga quvurlar o‘rnatib, binolarni Amudaryo suvining toshqinidan qutqarishga majbur bo‘ladilar.
To‘g‘ri, Orolga oqib borishi kerak bo‘lgan suvlar faqat Turkmaniston hududida emas, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida ham sho‘ro davrida olib borilgan paxta yakkahokimligi va tabiiy muvozanatning qo‘pol ravishda buzilishi tufayli katta isrofgarchiliklarga duchor bo‘ldi. Bunga misol qilib, Qozog‘istonga qarashli Chordara suv ombori qurilishi paytida yer tuzilishi aniq hisobga olinmagani natijasida oldi to‘silgan Sirdaryoning juda ko‘p suvi Qizilqum sahrosiga toshib chiqib ketadi. Bu yerda bizning Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan Arnasoy orqali oqib chiqqan sizot suvlari Chordaradan qochgan suvlarga qo‘shilib ulkan bir ko‘lni va katta maydonlarni egallagan to‘qayzorlarni vujudga keltiradi. Haydarko‘l nomini olgan bu havzadagi yuz millionlab kubametr suv ham Orolga borishi kerak edi. Orolning nasibasi bu yerda ham ayovsiz uvol qilingani sababli Haydarko‘l o‘rnidagi minglab kvadrat kilometrlik yaylovlar suv ostida qolib nobud bo‘ladi, atrof-muhit esa ortiqcha suvlardan katta zarar ko‘radi.
Tabiiy mavjudotga munosabatdagi eng zo‘r ma’naviy mezon birgina so‘z bilan ifodalanadigan «uvol» tushunchasida ko‘zga tashlanadi. Ota-bobolarimiz «Nonni uvol qilma, uvoli uradi» derdilar. Xuddi shunday toza ichimlik suv isrof qilinsa, «Suvni uvol qilma, uvoli uradi» deyishardi. Mana shu ma’naviy mezon juda katta miqyoslarda buzildi. Suvning uvoli urgani Orol fojiasiga olib keldi.
Hech bo‘lmasa endi ko‘zimizni kattaroq ochib, tabiat bilan munosabatdagi muvozanatni saqlashga yetarlicha e’tibor berishimiz kerak. Bizdan avlodlarga nima qoladi?
«Yaxshidan bog‘ qolar, yomondan dog‘» degan maqol hayotda ko‘p marta o‘z isbotini topgan. Orol dengizining ilgarigi moviy to‘lqinlari o‘rnini sho‘r bosgan taqirlar egallagani – tabiatga yomonlik qilganlardan qanday dog‘ qolishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Ayni vaqtda, Amir Temur va Bobur Mirzo barpo etgan bog‘lar necha asrlardan buyon avlodlar xotirasida ulug‘ bir ibrat tarzida yashab kelayotgani — yaxshilardan qoladigan bog‘lar unutilmas qadriyatga aylanishidan dalolat beradi. Istiqlol davrida xalqimizning tarixiy xotirasini qayta tiklash va uyg‘otishga juda katta e’tibor berilmoqda. Ajdodlarimizning ming yillar davomida tabiat bilan hamkorlik qilib, orttirgan boy tajribasini barcha eldoshlarimizning ongiga va qalbiga yetkazib berish uchun hali juda ko‘p ishlar qilinishi zarur. Bu borada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ibratli ishlar kelajakka ishonch bilan qarash uchun asos bo‘ladi.
Poytaxtimiz Toshkentda amalga oshirilgan katta ko‘lamli obodonchilik ishlari, bog‘ me’morchiligining tarixiy an’analarini zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirib barpo etilayotgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘, Bo‘zsuv bo‘ylarini ulug‘vor maskanga aylantirgan Shahidlar Bog‘i, barcha viloyatlarimizda paydo bo‘layotgan mustaqillik davrining yangi va go‘zal bog‘lari ulug‘ ajdodlarimizning tabiiy muvozanatni saqlashga oid eng yaxshi an’analari hozirgi avlodlar tomonidan bugungi sharoitlarda ham rivojlantirilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Faqat bu ulkan ishni tor doiralardan umumxalq, umumjamiyat miqyoslariga olib chiqish va unga izchil homiylik sifatini berish kerak. Chunki xalqimiz yashayotgan hamma hududlarda katta-kichik ekologik muammolar mavjud. Suv havzalarining ifloslanishi, yerlarning sho‘rlanishi, havoda zararli moddalarning ko‘payishi, turli chiqitlarning yig‘ilib qolishi kabi o‘nlab muammolar borki, ularni o‘z joyida hal qilish uchun har kun, har soatda muntazam ish olib borish talab qilinadi. Buning uchun esa ertayu kech shu sohada ishlaydigan juda ko‘p mutaxassis kadrlar kerak bo‘ladi.
Oliy Majlisimiz tomonidan qabul qilingan «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da inson bilan tabiat hamkorligi masalalariga ham alohida e’tibor berilgan. Bu dasturda «Kadrlarni tabiat va jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi yangi fundamental va amaliy bilimlar bilan qurollantirish» vazifasi oldinga surilgan. Dasturda barcha bosqichlardagi ta’limning asosiy tamoyillaridan biri — «Inson, jamiyat va atrof-muhitning o‘zaro munosabatlarini uyg‘unlashtirish» deb belgilangan.
Tariximizda birinchi marta milliy qonun darajasiga ko‘tarilgan bu dasturni amalga oshirish barcha ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan va ishlayotgan avlodlarning fuqarolik burchidir.
O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetida, Irrigatsiya, Avtoyo‘llar institutlarida ekolog kadrlar tayyorlaydigan bo‘limlar ochilgani bu dasturni bajarish yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘yilayotganidan dalolat beradi. Lekin bu ishlarning ko‘lami ekologik kadrlarga bo‘lgan katta ehtiyojlarni qondiradigan darajada emas. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida barcha bosqichdagi ta’lim muassasalari yoshlarni yangi ekologik bilimlar bilan qurollantirishi kerakligi dolzarb vazifa qilib belgilangan. Bu vazifani bajaradigan mutaxassislar o‘rta va oliy maktablarda ham, litsey va kollejlarda ham yoshlarga ekologiyadan chuqur ta’lim berishlari kerak. Sanoat va qishloq xo‘jaligida ham ekologiya mutaxassislari yetishmaydi.
Shularning hammasini hisobga olgan holda barcha sohalarni ekologik kadrlar bilan ta’min etadigan kollejlar yoki maxsus bir oliy o‘quv yurti ochilishi hayotiy zaruratga aylanmoqda.
Bunday o‘quv yurtlarida faqat tabiatni muhofaza qiladigan kadrlar emas, balki yer-suv bilan hamkorlikda yangi obod manzillar, tarixda qoladigan ulug‘vor bog‘lar yaratadigan ijodkor kadrlar ham yetishib chiqishi kerak.
Bundan 27 yil burun “Olmos kamar” romanida “landshaft arxitekturasi” deb ataladigan bog‘ me’morchiligi muammolariga jamoat fikrini jalb qilishga intilgan edik. Lekin afsuski, bu intilishlar sho‘ro davrida hech bir natija bermadi.
Jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari bo‘lgan Angliyada, Amerikada, Yaponiyada, hatto Bolgariyada landshaft arxitektorlari tayyorlaydigan maxsus institut va fakultetlar ko‘pdan beri bog‘ me’morchiligi bo‘yicha kadrlar tayyorlab keladi.
Bizning sug‘oriladigan mintaqamizda tabiat bilan inson hamkorligini zargarona me’yorlar asosida san’at darajasiga ko‘taradigan mutaxassis me’morlarga ehtiyoj juda katta. Umid qilamizki, o‘rta va oliy ta’lim vazirliklari kelgusi ish rejalarida ekologiya kadrlari va landshaft arxitektorlari tayyorlash masalasiga yanada kattaroq e’tibor beradilar.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 3-son