Nargis Mamatqulova. Modern she’riyat va absurd falsafasi (2005)

Modern atamasining milliy adabiyotimizga kirib kelishi birmuncha munozarali kechmoqda. Bugungi o‘zbek modern she’riyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan hodisa emas. Uning ilk ildizlari Cho‘lpondek ulug‘ she’riyat darg‘alari ijodiga borib taqaladi. Buning uchun Cho‘lponning birgina “Ulug‘ hindiy” sarlavhali maqolasini eslash kifoya: “Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘on sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, g‘arbniki tag‘in — yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin?”

Bugungi she’riyat ham yangi o‘zgarishlar bosqichiga qadam qo‘ydi. Bunda asosiy ikki yo‘nalish mavjud: biri an’anaviy va yana biri modern she’riyatidir. Modern she’riyatda ikki xususiyat ko‘zga tashlanadi. Biri shakl va mazmundagi yangilik, ikkinchisi an’anaviy shaklda mohiyatdagi yangilik. Eng muhimi esa, bizga notanish bo‘lgan ruhning ustuvorligi. “Estetika maktabida modernizm yo‘nalishlarining aynan o‘xshashlarini topish qiyin. Modernizmning ko‘pgina badiiy yo‘nalishlari birdaniga ikki yoki undan ortiq asosga tayanadi. Va har bir badiiy yo‘nalish u yoki bu darajada aniq kontseptsiyaga asoslanadi. Xuddi shu ma’noda modernizmning falsafiy-estetik qurilishi doim an’anaviy (fundament — devorlar — tom) shaklida bo‘lavermay, ba’zan “tomdan” (badiiy—nazariy, estetik g‘oyalardan emas) boshlanadi.

Modernizmning nazariy asosi — XX asr boshlaridagi “falsafiy—estetik g‘oyalarning majmuidir”. Adabiyotshunos olim Yu.Borev ta’kidlaganiday, modernizm alohida bir yo‘nalish emas, balki bir qancha yo‘nalishlarning umumlashtiruvchi nomi. Uning ko‘rinishini badiiyat bilan bog‘liq barcha san’at sohalarida uchratishimiz mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, ustoz O.Sharafiddinov aytganidek, “modernizm jo‘n hodisa emas”, uning falsafiy-nazariy ildizlari mohiyatini anglamay turib, shoshmashosharlik bilan xulosa chiqarishimiz yaramaydi. “Isyonkor modernizmning darg‘asi Eliot: “San’atkorning o‘sishi doimiy tarzda o‘z-o‘zini qurbon qilish, o‘z shaxsiyatini tinimsiz o‘zgartirib borishida ko‘rinadi”, — deb yozadi.

Demak, modernizmning asosiy g‘oyasi san’atkor shaxsiga emas, san’atning o‘ziga e’tibor qaratishdan iborat ekan. Haqiqiy san’at asari esa, san’atkorning yetaklashiga muhtoj emas.

Modernizmning o‘zbek adabiyotiga ta’siri beqiyos, albatta. Negaki, an’anaviy yo‘lni inkor etmagan holda, jahon falsafasi va estetikasi havosidan nafas olish ma’naviyatning boyishiga, tafakkurning kengayishiga xizmat qiladi. Fikrimizning tasdig‘ini ustoz U.Normatovning maqolalaridan birida ham uchratishimiz mumkin.

“… bugungi milliy adabiyotimiz rivoji manzarasi o‘zgacharoq: jamiki qiyinchiliklar, ziddiyatli, ojiz jihatlariga qaramay, hozirgi adabiy jarayon asr davomida milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lida tushov bo‘lib kelgan yakranglik balosidan xalos bo‘lib borayotganligi, yakka metodning davri allaqachon o‘tganligidan dalolat berib turibdi. Asr oxiriga kelib, xiyla kechikib bo‘lsa-da, hushyor adiblarimiz jahon taraqqiyparvar adabiyotlari tajribalariga dadil yuz o‘girmoqdalar”.

Biz o‘zbek milliy she’riyatida modernistik yo‘nalishlardan ekzistentsializm va absurd shakllarini kuzatishimiz mumkin. Bu oqimlar Germaniyada ta’limot sifatida, Frantsiyada adabiyot sifatida yuzaga kelgani ma’lum. Bu falsafa yo‘qlikdan mavjud bo‘lgan emas, albatta. “Uning nazariy va g‘oyaviy asoslari S.Kerkegor va A.Shopengauerning tushkunlik falsafasi, N.Berdyayevning romantik va mistik qarashlari, F.Nitshe va V. Dilteyning “hayot falsafasi”ga asoslanadi.

Bu falsafaning adabiyotga ta’siri masalasini o‘rganish, qanday ehtiyojga ko‘ra frantsuz adabiyotiga kirib kelganini anglashdan boshlanadi. Frantsuz adabiyotiga ekzistentsializmning kirib kelishi Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq. J.P.Sartr va A.Kamyu bu urushda natsizmga qarshi kurashdi. Bu faylasuf ijodkorlar hayot va o‘lim kurashining guvohi bo‘lishdi. Bu voqea ularda tushkunlik ruhini keltirib chiqardi. Mamlakatdagi iqtisodiy, ma’naviy inqirozlar ular tafakkurida hayot ma’nisiz degan fikrning shakllanishiga sabab bo‘ldi. Insonlarning urush tufayli oqibatsizligi, individualizmning kuchayishi ulardagi xudosizlik nazariyasini keltirib chiqaradi. Bu esa ma’lum ma’noda frantsuz jamiyatining o‘sha davridagi ijtimoiy-ma’naviy holati bilan izohlanadi. “Absurd tushunchasi A.Kamyu ta’limotida” absurd mushohada, absurd inson, absurd ijod” shakllarda uchraydi. Og‘ir iqtisodiy sharoit va kuchli ruhiy tanazzul ma’naviyatda ana shunday yangi tizimlar vujudga kelishiga turtki berdi.

Milliy adabiyotimizga bu tushunchalarning kirib kelishiga XX asrning so‘nggi choragidagi ijtimoiy-siyosiy hayot, ijodkor ahlining fikriy evrilishlariga uchrashi sabab bo‘ldi. Sobiq jamiyat tomirlarining uzilishi, ma’naviyatda yuzaga kelgan bo‘shliq she’riyatdagi izlanishlarga yo‘l ochib berdi. Cho‘lponlar ijodidagi kabi bu davrda ham “yo‘lsizlik” muammosi paydo bo‘ldi. Yangilanayotgan jamiyat yangi ma’naviy ozuqaga ehtiyojmand edi. Yangi falsafa yangilanayotgan ijodkorlar ruhiga mos keldi. Ayrim vaqtlarda bu falsafa izlanishlarning yechimidek tuyuldi. Natijada, milliy adabiyotga ushbu falsafa ruhini ma’lum ma’noda aks ettiradigan asarlar dunyoga keldi. Har qanday o‘simlik zamindan unib chiqqanidek, adabiyot ham makon va zamon atalmish jamiyatdan ta’sirlanmay rivoj topishi mumkin emas. Sotsialistik tuzum yemirilishi bilan bog‘liq inqirozlar mafkuraga kuchli ta’sir o‘tkazdi. Bu inqirozni his etish ijodkorlarda ancha avvalroq boshlangan edi. Shoir Faxriyorning “Tonggi Registon”, “Aksilfalsafa”, “Aksilekologiya”, “Hurlik”, B.Ro‘zimuhammadning “Orqaga burilma”, “So‘z”, “Fikr doirasidagi fikr”, A.Qutbiddinning “G‘aribu g‘urabo fursat tilamchi”, “Tazod” kabi she’rlarida jamiyat atalmish makon va zamondan ko‘ngil to‘lmaslik, norozilik hislarida sezilib turadi. “Yo‘lsizlik, umidsizlik, tushkunlik” — absurdning tamal toshini qo‘yadigan asosiy unsurlardir. Bu unsurlar she’riyatimizga absurd kayfiyatning kirib kelishiga sabab bo‘ldi. A. Kamyu “absurd adabiyot “va” absurd tuyg‘u”ni bir-biridan keskin farqlash lozimligini ko‘rsatadi. Hozirgi o‘zbek she’riyatida sof ekzistentsial yoki absurdona asar yo‘q. Lekin bu tuyg‘uning she’riyatimizda aks etayotgani rost.

Daqqiyunusdan qolgan tiriklik
Egamberdidan qolgan qo‘sh
Daqqiyunus dala,
Hay po‘sht, hay po‘sh…

Abduvali Qutbiddinning ushbu she’ri millatning “xalq” deb atalgan qismining iztirobli va alamli kechmishini qalamga oladi. Xalq og‘zaki ijodi ruhi singdirib yuborilgan bu she’r an’anaviy “Qo‘sh qo‘shiqlari”ni yodga soladi. She’rdagi hasratda umrning “rohat-farog‘at” atalgan yorug‘ kunini ko‘rmay o‘tayotgan xalq qismati o‘ziga xos bir usulda ifodalanadi.

Olam mendan-da qariyb qariroq
Kunduzi kecha sidirilgan po‘st:
Bilib aldab kelding
G‘irrom — Hazrat Daqqiyunus!

She’rdagi asosiy g‘oya “bilib aldab kelding” misrasiga yashiringandir. Absurd umrning falsafiy yukini shoir Daqqiyunus obraziga yuklaydi. Xalq dardi, uning barcha azobi “sidirilgan po‘st” sifatlashi mohiyatiga sidiriladi:

Otni-ku qamchilab qavardim,
Shohid:
Daqqiyunus quyosh
Daqqiyunus oy
Qachon haq berasiz, qachon?
Daqqyunusboy.
Hay po‘sht, hay po‘sht.

Umrning besamarligi, hayotning bema’noligini bila turib, unga qarshi yana “Hay po‘sht, hay po‘sht” deya davom etishi A.Kamyu asarlari ruhiga singdirilgan “qasdma-qasd yashash” falsafasini yodga soladi. Ushbu shoirning yana bir she’riga murojaat qilamiz. “She’riyat bo‘limi, 1987” deb nomlanadi:

Shoirlar kelishadi, ketishadi,
So‘kinishadi, kulishadi, pichirlashadi.
Har qalay ketishadi tashqariga
Atigi yagona deraza mavjud,
Har zamon pastga qaraydi besh kishi:
Ko‘rinmaydi biror gul, asalari.
Tashqarida pachog‘i chiqib ketgan fasllar
Ularga taalluqli bo‘lmagan tashqari.

Yoqimsizlik g‘ashlik, umidsizlik. Shoir ushbu kayfiyatni “atigi yagona deraza”, “ko‘rinmaydi biror gul, asalari” kabi unsurlar orqali tasvirlaydi. Biz bu misralarda hayotga nisbatan qiziqishi qolmagan, bir xil yashashdan zerikkan insonning nigohini his etamiz. Ayniqsa, misralar so‘ngidagi “pachog‘i chiqib ketgan fasllar” tashbehi shoirning kayfiyatiga absurdona tashxis qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Ekzistentsialistlar fikricha, inson jamiyatda o‘zining qandaydir rolini bajarib boradi. Bu xilma-xil niqoblar ortida insonning asl qiyofasi yashirinib yotadi. Ushbu asl qiyofa zaminida yotgan inson mohiyati qachon yuzaga chiqadi? Mazkur masala ekzistentsializmni nihoyatda qiziqtirib keldi. Ekzistentsializm falsafasi inson o‘z hayotining mohiyati va ma’nosini anglashi uchun u erkinlikka va erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi kerak, degan fikrlarni ilgari surdi”.

Falsafiy adabiyotlardagi bu fikrlar ekzistentsializm so‘zining ma’nosini yetarlicha ochib beradi. Faylasuflar fikricha, hozirgi jamiyatda insonning hayotga bo‘lgan qiziqishi tobora yo‘qolib bormoqda. Tabiat go‘zalligi, o‘zgalar kayfiyati bilan uning ishi yo‘q. Unda boshqarib turuvchi bitmas-tuganmas manfaatlar dasturi bor, xolos. Ana shu dastur ijrochisiga aylanishi barobarida inson hayrat tuyg‘usini ham yo‘qota boradi. Modern she’riyat ana shu kishilarga xos she’riyat sifatida shakllanmoqda. Modern she’riyatda mushohada uchun imkon his-tuyg‘ularga qaraganda kengroqdir. She’rlardagi olam fikrlar olamiga aylanadi. Bunda vazmin va bosiq lirik qahramonning falsafiy topilmalaridan huzurlanish mumkin. An’anaviy she’riyatdan modern she’riyatning farqi shundaki, odatdagi she’rlarda obrazlar tuyg‘ularga olib borar edi, bunda obrazlar mushohadaga, so‘ng hislarga yetaklaydi. An’anaviy she’riyatda tuyg‘ular tafti sezilib tursa, modern she’riyatda sokin va sovuqqon nigohni uchratishimiz mumkin. Shu sababli, modern she’riyatga bir qancha sovuq jonzotlar timsoli sichqon, qurbaqa, kirpi, chuvalchang, ilon, pashsha, toshbaqa, mushuk kabilar kirib keldi. Shunisi diqqatga sazovorki, modern shoirlar yoqimsiz timsollardan yoqimli mohiyat sari yo‘l topadi. Sobiq mafkura bizni hayotning faqat yaxshi tomonlarini ko‘rishga ko‘niktirgan edi. Ruhiyatning, jamiyatning chirkin tomonlarini sovuq timsollar orqali ifodalash modern she’riyatiga xos xususiyat bo‘lib qoldi.

Daraxtdan barg emas
qurbaqa to‘kildi
daraxtdan to‘kildi musiqa
shuv-v etgan yurakmas suv
do‘rillagan yog‘och parchasi
hurpaygan soch emas qum
menda qasding bormi ninachi
umrning bir qismi
bitta lahzasi

Umr haqidagi ushbu falsafa parokanda timsollarga sochilgan bo‘lib, olamni va fursatni o‘zga bir nigoh bilan ko‘ra olish zavqini beradi.

Tafakkur, ya’ni aql ekzistentsializm falsafasida o‘ziga xos qimmatga ega. Insonning bilimli bo‘lishi, uning gunohkor bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Chunki bu bilim rivojlangan sayin kishida tabiiy tuyg‘ular kamayib boradi. Faylasuflar bilim orqali inson o‘z fojiasiga o‘zi sababchi bo‘ldi, degan fikrni ilgari surishadi. Shoir B.Ro‘zimuhammad ijodida ham shunga o‘xshash xulosani uchratamiz:

Go‘yo keraksizman ortiqcha bir kas,
Ko‘p narsa izladim oz narsa topdim
Dunyoning ko‘ziga cho‘p bo‘lib tushdim,
Tushunganim sari, tushunolmadim.
Bir ketgim keladi etakni silkib,
To‘kilib yoyilib ketgim keladi.

Ekzistentsialistlar fikricha, inson tabiatiga “begonalashish” xususiyati bostirib kelmoqda. Inson tabiatdan, jamiyatdan va hatto o‘z mohiyatidan begonalashib bormoqda. Tabiatdan uzoqlashish insonning tabiatdan madaniyatga yurishi bilan bog‘liq edi. Jamiyatdan uzoqlashish inson o‘z manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu jarayon, nihoyat, inson ichki olami, o‘z hayoti va mazmunidan yiroqlashishi bilan xarakterlanadi. Asrlar davomida vujudi va ruhi yakrang bo‘lgan inson ikkiga ajraladi. Vujudning talablari ruh talabi bilan uyg‘unlashmay, oshib ketdi. Natijada, ruh va tan nomutanosibligi vujudga keldi. Shoir Faxriyor shunday yozadi:

Odamni
Qamab qo‘ysa bo‘lar bemalol,
Surgun qilsa bo‘lar, hattoki…
O‘ziga!

Bu she’rda inson jismini ruh bilan uyg‘unlashtirish falsafasi mavjud.

Sartr ekzistentsializmni insonparvarlik ta’limoti deb aytadi. U insonning imkoniyatlariga katta baho beradi, insonning mavjudligidan tashqarida hech qanday kuch yo‘q deb hisoblaydi. Uning yozishicha, eng qo‘rqoq inson o‘z xatti-harakatlari bilan o‘zini qo‘rqoq qilib qo‘yadi, vaholanki, unda mard — jasur bo‘lish imkoniyati bor. Bu ta’limot bizning barcha narsalar xudodan, undan so‘nggina bandaning harakatiga bog‘liq, degan aqidamizga u qadar mos kelmaydi. Biroq shu fikrning davomidagi “Agar siz o‘z hayotingizga o‘zingiz ma’no bermas ekansiz, u o‘zicha hech qanday ma’no ifodalamaydi”, — degan fikr ayniqsa ahamiyatlidir. Shoir Faxriyorning bir she’rida shunga yaqin mushohadani uchratishimiz mumkin:

Umuman ro‘y bermas voqea
Ro‘y beruvchi menman umuman.

Ob’ektivlikni inkor etib, sub’ektivlikni kuchaytirish modern ruhiga xos xususiyat. Biroq bu xususiyat yangi she’riyatda hammavaqt ham yetakchi bo‘la olmaydi.

Umuman olganda, hozirgi o‘zbek she’riyatiga yangi falsafaning ta’siri katta bo‘lmoqda. Tuyg‘ular, kayfiyatlar holidagi absurdlik esa oqim shakliga yetib borgani yo‘q. Bu she’riyat yo‘lidagi izlanishlar tajribasi bo‘lyapti, xolos. Milliy she’riyat qaysi o‘zandan bormasin, inson ruhiyatini, ko‘nglini yangicha shaklda tadqiq etishga urinmoqda. Adabiyotimiz uchun eng muhimi ham ana shu.

Nargis Mamatqulova, O‘zMU doktoranti.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son