Muso Oybek hayot bo‘lganida 2005 yilda yuz yoshga kirgan bo‘lardi. Axir yuzga kirib, undan ham oshib yashayotgan odamlar bor-ku, olamda!
Oybek butun hayotini respublikamizda adabiyot va ilm taraqqiyotiga bag‘ishlagan va bu sohada o‘z kuch-qudratini ayamasdan ishga solgan, shu yo‘lda ko‘p mashaqqatlar, dardu alamli kunlarni boshidan kechirgan ulug‘ siymodir. Oybek xalq ongiga shu darajada singib ketdiki, kattayu kichik uchun bu nom tanish va qadrli. Uni butun bir asr, ya’ni XX asrning yirik arbobi desak bo‘ladi. O‘lkamizda tug‘ilgan chaqaloqlarning kamida yuztadan bittasiga Oybek nomi qo‘yilgan. Oybek adabiyotimizdan ko‘chib, xalq orasiga keng tarqalganligining belgisidir bu. Ikkinchi tomondan o‘zbek xalqining badiiy ijodga qay darajada yaqin ekanligiga dalil.
Oybekning yosh paytlariga tegishli bir rivoyat bor: U 4-5 yoshlik paytlarida bo‘lsa kerak, qandaydir yumush sabab bo‘lib, oyisi bilan tomga chiqadi. Ma’lumki, u paytlarda tomning usti somon suvoq qilinib yassi va tekis bo‘lgan. O‘sha kechasi osmon musaffo bo‘lib, oy o‘zining saxovatli nurini yerga sochib, charaqlab turgan ekan. Tasavvur qilish mumkin, yerdagiga nisbatan tomda yana ham charog‘on ko‘ringan oyni ko‘rib bola hayratga tushib.
Oyi, oyi! Menga shu oyni olib bering! degan ekan.
Shundan ma’lumki, bo‘lajak adib yoshligidan boshlab go‘zallik shaydosi bo‘lgan. Bu hol unga taxallus tanlashda ham qo‘l kelgani shubhasiz. Oddiy, ma’nodor so‘z Oybek!
Oybek shunday ulug‘ ijodkorlardanki, u nisbatan qisqa umrining bir lahzasini ham bekorga o‘tkazmagan. Yoshligidan ilm negizlarini egallashga harakat qilgan. O‘sha vaqtda savod, ilm uchun zarur bo‘lgan kitoblarni topib o‘qigan, o‘rgangan va har biridan o‘ziga kerakli xulosalar chiqargan. Shunday bo‘lishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Qariyb o‘spirinlik chog‘laridan boshlab she’riyat mashqiga berilgan.
Bugun alohida ta’kidlash kerak bo‘lgan bir masala bor. Bu shundan iboratki, 30-yillarda mafkuraviy tazyiq o‘ta kuchaygan bo‘lib, endi tug‘ilib shakllanayotgan o‘zbek romannavisligi qattiq shikastlandi. Birinchi o‘zbek romannavisi qamoqqa olinib, totalitar mafkura qurboniga aylandi. Uning mashhur romanlari “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” qatag‘on qilindi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, kimning uyida “O‘tkan kunlar” yoxud “Mehrobdan chayon” ko‘zga tashlanib qoladigan bo‘lsa, hech qanday so‘roqsiz hibsga olinib, ozodlikdan mahrum qilinavergan. Shu qatorda Cho‘lpon ham hibsga olinib, uning “Kecha va kunduz” romani mafkuraviy jihatdan zararli asarlar qatoriga kiritildi. O‘sha davrning mashhur romanlaridan biri bo‘lmish A.Qahhorning “Sarob” romani ham qatag‘onga uchradi. Shunday holat ro‘y berdiki, roman yozib uni kitobxonga taqdim qilish o‘ta xatarli ish bo‘lib qoldi. Ma’lum bir davr davomida ijodkorlar bu ishga qo‘l urishga qo‘rqib qolishdi. Bu yirik janrda bir necha yillik jimlikdan keyin Oybekning “Qutlug‘ qon” romani chop etilib, kitobxonlar qo‘liga tegdi. Bu hol musaffo osmonda momaqaldiroqning guldurosidek tasavvur qoldirdi kitobxonlarda. Tabiiy, kitobning maydonga kelishi oson bo‘lmadi. Qator muhokama, bahslar tashkil qilinib, muallif nomiga tanqidiy fikrlar aytildi. Bu fikrlarning bir qismi matbuot sahifalarida ham ko‘zga tashlandi. Romanda maishiy manzaralarning ko‘pligi va Rossiya inqilobchilarining obrazlari asar to‘qimasiga to‘laligicha kiritilmagani tanqid qiluvchilarning asosiy da’vosi edi. Biroq, oddiy kitobxon bu yangi romanni zo‘r ishtiyoq va qiziqish bilan o‘qiy boshladi. Kitob qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi, keng tarqaldi. Bu romanning paydo bo‘lishi shu jihatdan muhim ediki, butun bir yirik janrning uzilgan zanjiri yangidan ulandi. Ijodkorlar roman yozaverish mumkin ekan-da, degan xulosaga kelishdi. Bu hol Oybekka ilhom bag‘ishladi. Uning qalami tezkorlik bilan ishga tushdi. O‘tkir falsafiy ma’nodagi she’rlar bilan bir qatorda qator dostonlar yaratildi. Adib yildan-yilga o‘tib, kuch va g‘ayratga to‘lib bordi. Shikastlangan roman janrining taraqqiyotini yana ham mustahkamlash burchi Oybekning zimmasida edi. Adib ikkinchi jahon urushining ayni avjiga chiqqan yillari Alisher Navoiy hayotini aks ettiradigan “Navoiy” romani ustida ish boshladi. Tasavvur qilish mumkin. Adib “Qutlug‘ qon”da tasvirlangan voqealarni bolalik paytlarida o‘z ko‘zlari bilan kuzatgan bo‘lishi mumkin. Biroq, 500 yildan mo‘lroq vaqt ilgari o‘tgan Alisher Navoiy siymosi bilan bog‘liq voqea va hodisalarni topib, bosh syujet ipiga bog‘lash oson ish emas edi. Buning uchun kutubxonalarda yoki kitobsevarlar javonlarida chang bosib yotgan qo‘lyozmalarni obdon o‘rganish zarur edi. Ijod otiga minib olgan Oybek bu ishning uddasidan chiqa oldi. Romanning yozilishi uzoqqa cho‘zilmadi. Ikkinchi jahon urushining ayni avjiga chiqqan yillari asar chop etildi. Tezkorlik bilan roman rus tiliga tarjima etilib, bosilib chiqdi. Roman Oybekka katta shuhrat keltirdi. Bu kitob ham qo‘ldan-qo‘lga o‘tib o‘qildi. O‘zbek va rus kitobxonlari orasida keng tarqaldi. O‘bekistonda va markazda roman haqida maqolalar e’lon qilinib, uning fazilatlari targ‘ib qilindi. O‘sha yillardayoq Oybek bu roman uchun sobiq SSSRning davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Biroq, kutilmaganda mafkuraviy holat o‘zgardi. Markaziy boshqarmalar tomonidan jiddiy mafkuraviy kamchiliklar topilgan bo‘lib, o‘sha davrdagi ziyolilarning bir qismi yozuvchilar, bastakorlar, hatto ba’zi aniq fanlarning yetuk vakillari qattiq tanqid ostiga olindi. Ma’lum darajada totalitar mafkuraning 1937-38 yildagi kirdikorlari yangitdan ishga tushgandek edi. Turli-tuman tazyiqlar matbuot va nashriyotlarning qattiq nazorat ostiga olinishi, ayrim yetuk arboblarning hibsga olinib, surgun qilinishi boshlab yuborildi. 50-yillarning boshlarida navbat Oybekka ham yetib keldi. 1952 yili O‘zbekiston KP Markazqo‘mi plenumida bir necha yozuvchilar qatori Oybekning nomi ham tilga olinib, u qattiq tanqidga uchradi. Tanqidning ma’nosi shunda ediki, “Oybek go‘yo o‘tmishni ulug‘layapti”, ya’ni o‘rta asrdagi feodal tuzumga xos bo‘lgan hayotni qo‘msayapti. “Navoiy” romaniga nisbatan aytilgan bu tanqidiy fikrlar totalitar mafkura nuqtai nazaridan o‘ta jiddiy va xatarli hisoblanardi. Shunday bir holat yuzaga keldiki, faqat “Navoiy” romani qismati emas, balki roman muallifining ham hayoti qil ustida turgandek bo‘ldi. Voqea Oybekning qattiq betob bo‘lib qolishi bilan yakunlandi. Natijada ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan pallada adib uzoq muddatga safdan chiqdi, tildan ajraldi. Uzoq davolanishlar natijasida adibning ongi, ish faoliyati qayta tiklangan bo‘lsa ham, betoblikning asorati uning tili va umumqiyofasida sezilib turardi.
Bugun “Navoiy” romaniga nazar tashlasak, unda zarracha ham mafkuraviy xatoliklar borligini anglash qiyin. Romanda adibning asosiy maqsadi ulug‘ shoir Alisher Navoiyning keng va ko‘lamli ijodiga xos insonparvarlik g‘oyalarini ochib berishdan iborat edi. Oybek shu vazifani a’lo darajada bajardi.
O‘sha davr nuqtai nazaridan qaraganda ham, bugun “Navoiy” romaniga nazar tashlasak ham asarning asosiy konflikti bir tomondan Navoiy, ikkinchi tomondan Husayn Boyqaro va uning atrofidagi ayrim unsurlar orasidagi qarama-qarshiliklarga bog‘liqdir. Bu ziddiyatlarni Oybek to‘la-to‘kis aks ettirib berdi. Biroq, asl haqiqat birmuncha boshqacha. Yetuk navoiyshunos, professor Abduqodir Hayitmetovning e’tiroficha, Navoiy bilan Husayn Boyqaro oralaridagi do‘stlik rishtalari o‘ta mustahkam bo‘lgan. Aksar hollarda ular bir-birlarini to‘g‘ri tushungan. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyning buyuk shoir bo‘lib yetishishiga xayrixohlik bilan qaragan. Hatto mavjud bo‘lgan manbalarga qaraganda, Husayn Boyqaro she’riyatda o‘zi ham savodxon bo‘lganligidan Navoiy asarlarini tahrir qilishga o‘zini huquqli hisoblagan. Alisher Navoiyning har bir muvaffaqiyati uni quvontirgan. Hatto Alisher Navoiy ulug‘ “Xamsa”ni bitkazib, Husayn Boyqaroga taqdim qilganda, sulton shu darajada xursand bo‘lgan ekanki, Navoiyni oq otga mindirib, otni o‘zi yetaklab saroyni aylantirgan ekan. Ba’zi manbalarga qaraganda, Alisher Navoiy Husayn Boyqaroni o‘ziga pir darajasida ko‘rgan. Bu voqeadan keyin esa, aksincha Husayn Boyqaro Navoiyni pirim deb tan olgan. Bugina emas, Navoiyning o‘limi Husayn Boyqaro uchun katta yo‘qotish bo‘lgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, mamlakatning sultoni bo‘lishiga qaramasdan Husayn Boyqaro Navoiyning janoza marosimlarini o‘zi boshqargan va shoir eshigi oldida bir necha kun o‘tirib motam marosimlarining ishtirokchisi bo‘lgan.
Bular hammasi tarixiy haqiqat. Oybek totalitar mafkura talablarini yaxshi tushungan adib bo‘lganidan bu voqealarni asarga kirita olmagan. Bordi-yu shoir va sultonning oralaridagi bu yaqinlik roman sahifalarida aks ettirilsa, asar balki yorug‘ dunyoni ko‘rmagan bo‘lar edi. Asarga bu voqealar kirib qolgudek bo‘lsa, betob bo‘lishiga qaramasdan, Oybek Sibirning izg‘irinli o‘rmonlarida qolib ketar yoxud Abdulla Qodiriy, Cho‘lponlar qismati yana bir gal takrorlanganday bo‘lardi.
Oybekning “Navoiy” romani “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Sarob”lardan uslub jihatidan farq qiladi. Bu roman ortiqcha to‘qimalardan xoli bo‘lib, tarixan hayotda ro‘y bergan aniq ma’lumotlarni tadqiq qilgan holda yozilgan ilmiy romandir. Shu ma’noda “Navoiy” o‘zbek adabiyotida yaratilgan tom ma’nodagi tarixiy biografik romandir. Shu jihatlari bilan “Navoiy” o‘zbek romanchiligining yangi bosqichi edi, degan xulosaga kelish mumkin.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi adabiy muhitga nisbatan rasmiy doiralarning o‘z “talab”lari bor edi. Ulardan biri “inqilobiy” mavzuni chuqurroq tahlil qilish va shu asosda asarlar yaratish adabiyot oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanardi. Endilikda biz tasavvur qilgan “inqilob” so‘zining ma’nosi o‘zgarib, 1917 yil davlat to‘ntarishi tarzida izohlanyapti. Biroq, Oybek o‘sha davr ijodkori sifatida mafkura talabini hisobga olmasdan iloji yo‘q edi. Shunga binoan adib “inqilobiy” mavzuga tegishli yangi manbalarga asoslangan yirik asar ustida bosh qotirib o‘tirmadi. U “Qutlug‘ qon”ning davomi sifatida “Ulug‘ yo‘l” romanini rejalashtirdi. Bu paytlarda adibning sog‘lig‘i ancha zaiflashgan bo‘lib, romanning tugashi xiyla cho‘zildi.
“Ulug‘ yo‘l”ning markazida Yo‘lchining singlisi Unsun obrazining tasvirini ko‘ramiz. Akasidan ajralib qolgan Unsunning boshiga tushgan mashaqqatli kunlar o‘sha davr talabi asosida uning o‘sha davlat to‘ntarishi harakatiga qo‘shgan hissalari anchagina batafsil tasvirlanadi.
Romanning asl fazilati Unsun obrazi bilangina bog‘liq emas. “Ulug‘ yo‘l”da Oybek “Qutlug‘ qon”da aks etgan an’analarga sodiq qolgan holda oddiy xalq vakillarining turmush tarzini, o‘sha davrga xos bo‘lgan azim shahar oilalaridagi maishiy hayot, hatto bozorchilar va hunarmandlar hayotiga tegishli manzaralar teran va nafis aks ettirildi. Bu xildagi fazilatlarni faqat xalq hayotini yetuk biladigan Oybekdek mohir ijodkorlardangina kutish mumkin edi.
O‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri bo‘lmish Oybek ikkinchi jahon urushining jang maydonlarida bo‘lgani ham ma’lum. Bu voqealarga tegishli uning esdaliklari alohida kitob shaklida e’lon qilingan. Adib bu bilan cheklanib qolmadi. O‘tgan asirning 60-yillarida urush voqealarini aks ettirishga bag‘ishlangan “Quyosh qoraymas” romani ustida ishladi. Uni ham tugatib, chop ettirdi. U jang maydonlarida qisqa muddat bo‘lganligiga qaramasdan, “Quyosh qoraymas”da o‘sha og‘ir janglarning real manzarasini yaratib berdi.
Bulardan tashqari, Oybekning Navoiyning bolaligi haqidagi asari, “Bolalik” deb ataladigan o‘zining yoshlik yillariga bag‘ishlangan qissa kitobxonlarga ma’lum. Oybek qator she’riy to‘plamlarni ham chop ettirgan. O‘tgan asrning 80-yillarida Navoiy nomidagi Adabiyot va til instituti Oybek asarlarining 20 jildlik akademik nashrini tayyorladi va chop ettirdi. Adibning ko‘pgina asarlari chet tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Xulosa qilib aytganda, Oybek A.Qahhor, F.Fulomlar bilan bir safda turib XX asr adabiyotining taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan ulug‘ siymodir. U badiiy ijod bilan barobar ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham band bo‘lgan. Bu jihatini hisobga olganda Oybek tom ma’nodagi akademik ijodkor edi.
Maqolani Oybekning taxallusiga tegishli bir rivoyat bilan boshlagan edik. Matnni shu rivoyatning sharhi bilan yakunlash ma’qul ko‘rinadi. Gap shundaki, Oybek XX asrning boshlarida, ya’ni 1905 yili bamisoli yangi oy singari dunyoga keldi. Vaqtlar o‘tib, u o‘sdi, ulg‘aydi. Umrining ma’lum bir davrida, u yirik adib sifatida shakllanib o‘zbek eliga yorug‘ nur taratdi. Biroq xuddi shu yillari Oybek totalitar mafkura tazyiqiga duch keldi. Tabiatda biz oyning tutilish hodisalarini ko‘rganmiz. Ayrim onlarda oyning bir qismi ba’zan tugalligicha qorong‘ulashadi. Ilmiy ma’noda va xalqda buni oy tutilishi deb ataladi. O‘z adabiy taxallusini “oy” so‘ziga bog‘lab tanlagan adibning to‘lin oydek davriga erishgan paytlardagi qismatini o‘sha oy tutilishiga o‘xshatish mumkin.
Yuqorida aytganimizdek, oyning tutilishi tabiiy hodisa. O‘zbek adabiyoti olamiga to‘lin oydek nur sochib turgan Oybekning mafkuraviy tazyiqqa duch kelib qolishi totalitar mafkura hukmronlik qilgan paytlarda uchrab turadigan ijtimoiy va siyosiy hodisalar bilan bog‘liqdir. Demak, yaxshi niyat bilan tanlangan taxallus bugun bizga go‘yo tabiatda ro‘y beradigan oy tutilishlarini eslatayotgandek ko‘rinadi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son