Ona o‘z bolasini mehr bilan qanday yetaklab yursa, Ona Til ham bizni, aniqrog‘i har birimizning tafakkurimizni shunday yetaklab yuradi. Biz dunyoni, hayotni, boringki, hamma narsaning mohiyatini uning himmati bilan anglaymiz. Tilning tirikligini har kim avvalo o‘z qalbida his etishi kerak. Ona Tilning hujayralari so‘zlardir. Bu hujayralar bizning miyamizdagi hujayralarga ma’no va faoliyat bag‘ishlaydi. Deylik, daraxtning daraxt ekanligini, daryoning daryo, tog‘ning tog‘, osmonning osmon, shamolning shamol ekanligini, xullas, har narsaning aslini Ona Til vositasida bilamiz. Bordi-yu, bu Ona bizga har narsaning aslini va ismini o‘rgatmaganida holimiz ne kechardi?
Ona Til menga ulkan bir yurtga o‘xshab ko‘rinadi va bizning hammamiz uning bag‘rida yashaymiz. U esa bizning bag‘rimizda yashaydi. Bu balandparvoz gap emas. Zero, o‘z tuprog‘ingdamisan, yo Arktikaning muz tog‘laridamisan, qayda bo‘lma, fikrlayapsanmi, o‘ylayapsanmi, demak, sen shu Til bilan birga yashayapsan. Sen uning tirikligini his etasanmi, yo‘qmi, baribir, sening tirikliging uning tirikligidan.
To‘xtamasdan gapirgan odam bir minutda yuzdan oshiq so‘zni ishlatadi. Lekin u o‘zi foydalanayotgan shuncha so‘zlardan birortasini-da chin ma’noda his etmasligi ham mumkin. So‘zni tushunish boshqa, so‘zni his etish boshqa. So‘zni his eta olgan odamga, o‘z sirlarini ochadi. Chunki his etishda fikrni tuyg‘u jonlantirib turadi. So‘zni his eta olgan odam so‘zga his bera oladi.
Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarini o‘qisangiz, har bir so‘zning o‘zi bir mo‘jiza ekanligiga amin bo‘lasiz. Umuman, so‘zning tug‘ilishi, yashashi, o‘zgarib borishi, boshqa tillarga sayohati, vaqti yetganda o‘limi, xullas, so‘zning umri bizni Ona Tilning qiziqarli kechmishlari sari boshlaydi.
Odam anatomiyasi bo‘lgani kabi so‘zning ham o‘z anatomiyasi, o‘z matematikasi bor. Gapni shundan boshlasak…
* * *
S+U+V=SUV
«Yuvmoq» (yuvmoq) fe’lining o‘zagi «yuv». Xo‘sh, bu o‘zakning o‘zi qayerdan kelib chiqqan? Menimcha «yuv» fe’li «suv» so‘zidan kelib chiqqan. Odamlar, qarindoshlar bir-biriga bekorga o‘xshash bo‘lmagani kabi so‘zlar ham bir-biriga shunchaki qofiyadosh yo qarindosh bo‘lib qolmaydi. «Suv» bilan «yuv» ona-bola bo‘lsa ajab emas. «Suv»ning Ona So‘z ekanligi aniq. O‘ylab ko‘ring, mantiqqa ko‘ra har neki yuvilsa, suvga yuvilgan. «Yuv» «suv»dan kelib chiqqan. Alisher Navoiyda «yuv»ning «yuy» shakli ham bor. Lekin u zamonlar «suv»ning «su» shakli ham bo‘lgan. Qadimgi bitiktoshlarda «suv» faqat «suv» shaklida berilgan. Menimcha, yuqorida ta’kidlangan o‘zgarishlar Navoiy davrida arabiy va forsiy til ta’sirida bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
* * *
S+U+Z=SUZ. «Suzmoq» fe’lining o‘zagi «suz» so‘zining paydo bo‘lishida ham Ona So‘z «suv» so‘zidir. Buni ham mantiqning o‘zi asoslaydi. Zero suzilganda faqat suvda suziladi. «Ko‘zni suzish» iborasi ham aynan «suvda suzish» birikmasidan kelib chiqqan.
S+U+T=SUT. «Sut» oti ham menga «suv» so‘zi bilan aloqadorday tuyuldi. Sut ham, suv ham suyuqlik, demak «suyuqlik» so‘zi ham bu so‘zlarga begona emas. Endi quyidagi shajarani faqat fikrlab ko‘rish uchun sizlarga havola etmoqchimiz. Unda bir-biriga shakl jihatdan ham, ma’no jihatdan ham yaqinlashadigan so‘zlarni tanladik.
* * *
Y+E+R=YER. Dastlab, menga «yur» o‘zak fe’li «er» so‘zidan kelib chiqqanday tuyuldi. Chunki, ko‘pincha fe’l paydo bo‘lganda birinchi moddiy manbani ifodalovchi so‘z — ildiz asos bo‘lganini kuzatish mumkin. «Er» so‘zi esa xuddi shu moddiy asosni ifodalaydi. Qolaversa, havoda uchiladi, suvda suziladi, yerda esa, yuriladi. Buning ustiga ikki so‘z ham bir-biriga juda uyqash. Lekin meni uchinchi so‘z o‘ylatib qo‘ydi. Bu «yo‘l» so‘zi… «Yur» bilan «yo‘l»ni ona bola deb aytishga ko‘p jihatdan asos borday… Yerda yuriladi… Yo‘lda yuriladi… Yo‘l yerda yuriladi… Yo‘l yerda bo‘ladi. Har holda, menimcha «er» so‘zi Ona So‘zga o‘xshaydi.
* * *
K+O‘+Z=KO‘Z. «Ko‘rmoq» fe’lining o‘zagi — «ko‘r» «ko‘z» so‘zidan kelib chiqqan. Mantiqqa asoslanilsa, ko‘rish faqat ko‘zga xos. «Ko‘zi ojiz» ma’nosini ifodalovchi «ko‘r» so‘zining manbasi ham «ko‘z» so‘zidir. Qarangki, ko‘z bilan ko‘rish ma’nosini beruvchi «ko‘r» ham, umuman ko‘rmaslik ma’nosidagi «ko‘r» ham bir xil tovushlardan tarkib topgan. Lekin bu hol tasodif emas. «Ko‘zim ko‘r bo‘lsin seni ko‘rguncha mundoq». Shuningdek, osmon ma’nosini anglatuvchi «ko‘k» so‘zi va «ko‘l» so‘zi ham «ko‘z» so‘zi bilan tug‘ishganday tuyuladi. Endi quyidagi so‘zlarga e’tibor qiling. KO‘+Z, KO‘+R, KO‘+K, KO‘+P, KO‘+Ch, KO‘+M. «Ko‘k» bilan «ko‘l»ning «ko‘z» so‘zi bilan aloqadorligini tez ilg‘asa bo‘ladi. Chunki, adabiyotimizning o‘n asrlik tarixida bu so‘zlar bir-birini ramziy ifodalab kelishi bejiz emas. Shu o‘rinda, «ko‘ch» va «ko‘m» fe’llarining «ko‘z» so‘ziga yaqinlashuvi haqida ham farazimni o‘tay. Mening nazarimda «ko‘ch» va «ko‘m» so‘zlari ko‘zdan pana bo‘lish ma’nosini anglatib yasalgan. Zero tilimiz tarixida fe’llarning bunday hodisasi bor. Masalan: «qol» — «qoch», «sol — soch» kabilar. Bunda oxirgi bitta tovush o‘zgarishi bilan so‘zdagi harakat teskari qutbga o‘tib ketadi.
* * *
KE. Birgina «ke» degan ikki tovush qovushishidan qancha so‘zlar paydo bo‘lgani meni hayron qoldiradi. Odatda, xalq tilida «kel»ning o‘rniga «ke» ko‘proq ishlatiladi. Xuddi shu ikki tovushdan tilimizda fe’llar, otlar va sifat vujudga kelgan. Bir-biriga mutlaq qarama-qarshi bo‘lgan «kel» va «ket» so‘zlarining egizaklar ekanligi ajablanarli. Bir qoringa sig‘gan bu egizaklar bitta uyga sig‘maydi. Endi «kes» so‘ziga diqqat qilib qarang. «Kes» hamisha «kel» bilan «ket»ning o‘rtasida paydo bo‘ladi. Masalan, «yo‘lni kesib o‘tdi» deymiz. Holbuki, yo‘ldan kelinadi va ketiladi. Demak, bu so‘zlar og‘a-inilar. Yana «kech» va «kez» so‘zlari ham «kelish» va «ketish» so‘zlari bilan uyg‘unlashadi. «Daryoni kechib o‘tdi», «Dunyoni kezdi». Ko‘rinib turbdiki, keltirilgan har ikki gapda ham kelish va ketish ma’nosi bor. Ammo, «kezmak» fe’lining o‘zagi «keng» so‘zidan olingan bo‘lishi mumkin. Chunki, kezish haqida gapirilganda, unga kenglik yarashadi. Lekin «keng» so‘zida ham kelish va ketish ma’nosi sezilib turadi.
Shu o‘rinda tilimizdagi ko‘rkam va jozibali so‘zlarning biri «kelin» so‘zi haqida to‘xtalib o‘tishni istardim. «Kelin» so‘zi asli «kelgan» so‘zidan kelib chiqqan. Bunda ham «ke» o‘zagidan so‘z yasalgan.
Yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, qadim-qadim zamonlarda, Ona Tilimizning bolalik davrida so‘zlar nihoyatda qisqa bo‘lgan ekan. KE+L, KE+T, KE+S, KE+Ch, KE+Z, KE+(NG), KE+R, KE+K.
Bular mening farazlarim. Ehtimol, xato talqin qilayotgandirman, lekin men so‘zni his etishga, so‘zni boricha ko‘rishga harakat qilayapman. Geyne aytganiday: «Xayolga oshno bo‘l, xatodan qo‘rqma!»
* * *
Endi Ona Tilimizdagi ayrim so‘zlarning asl ma’no ildizlari haqida to‘xtalib o‘tsak. Quyida tahlil etiladigan so‘zlarning aksariyati bugungi kunda ham tilimizda qo‘llanadi. Lekin biz ularning asl ildiziga deyarli e’tibor bermaymiz. Biz foydalanayotgan so‘zlarning tub ma’nisini anglash uchun Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asariga fikran sayohat qilib ko‘rish kerak. Shunda so‘z hayotini va uning tarixini, kechmish-kechirmishini his qilish mumkin.
«SAVChI» («SOVChI»). Bu so‘z aslan «so‘zchi» degan ma’noni anglatgan. Qadimgi turkiy tilda «sav» — «so‘z» degani. Darhaqiqat, birovning eshigiga sovchilikka borgan odam quda bo‘lishni istayotgan tarafning so‘zlarini olib boradi. Shuning uchun ham unga «so‘zchi» — «sovchi» deyilgan.
«ChALG‘AY». Biz qush qanotlarini yaxlit holda qanot deb ataymiz. Lekin qanotning ham qismlari bor: yon qism, uchki qism va yelkaga yopishgan qism. Odamlarda ham shunday: barmoq, kaft, tirsak, bilak kabi qo‘l qismlari bor. Qush qanotlarining uch qismiga «chalg‘ay» deb aytilgan. Hozirgi tilimizda qanot uchini ifodalovchi yaxlit so‘z yo‘q, faqat «qush qanotining uchi» deb aytishimiz mumkin. Nimagadir qanot uchini ifoda qilgan «chalg‘ay» so‘zini ishlatmaymiz. Lekin bu so‘z o‘lmagan. Xalq tilida chopon yoqasining uch qismi hozir ham «chalg‘ay» deb aytiladi. Umuman bu so‘zga bizda ehtiyoj bor. Chunki, «chalg‘ay» so‘zining ma’nosini ifoda etuvchi boshqa ekvivalent so‘z bizda yo‘q.
«DANGAL». Biz «U dangal odam», «Dangal gapni aytdi», «Dangal bo‘ling» degan gaplarga ko‘p duch kelamiz. Bu so‘z asosan odamning qat’iyatini va mustahkam sifatlarini ifodalash uchun qo‘llaniladi. Qadimda «dangal» so‘zining asl ma’nosi shunday bo‘lgan: arpa va bug‘doylar o‘rilgach, ularning dasta-dasta qilib bog‘langan bog‘i «dangal» deyilgan. Shuning uchun bu so‘z qat’iyatli, bir so‘zli, mard, o‘zini yig‘ib ololgan odamlarga nisbatan qo‘llaniladi.
«YaLANG‘OCh». Bu so‘z «yalang» so‘zidan kelib chiqqan. Qadimda «o‘t tushgan joy kabi qora, zarang, giyoh bitmas yer»ga nisbatan «yalang» so‘zi ishlatilgan. Demak, «yalang»+«och»dan «yalang‘och» so‘zi dunyoga kelgan.
«GUNG». — Bu so‘z hozirda eshitmaydigan va gapirolmaydigan nogironlarga nisbatan ishlatiladi. Qadimda «gung» so‘zi «joriya» degan ma’noni anglatgan. Chunki, joriyalar tilsiz va quloqsiz bo‘lishlari kerak edi. Ular eshitmaslikka va gapirmaslikka mahkum edilar. Haqiqiy gunglar esa, ya’ni kar va garanglar «tungu» deb atalganlar.
«BALU-BALU». Qadimgi turkiy tilda bu so‘z Koshg‘ariyning izohiga ko‘ra, «onalar bolasini beshikda uxlatish uchun qo‘llaydigan alla o‘rnidagi so‘z». Bu so‘z ruslarning allasi «bayu-bayu» bilan naqadar yaqinligi ajablanarli. Kim biladi deysiz, balki bu so‘zlarning haqiqatan ildizi birdir.
«KIYIK». Bu so‘zni biz hozirgi tilimizda tor ma’noda, ya’ni faqat kiyiklar ma’nosida tushunamiz. Aslida bu so‘z yovvoyi bo‘lgan barcha narsalarga nisbatan ishlatilgan.
«TO‘P» — koptok, to‘p ma’nosida. Koshg‘ariy izohiga ko‘ra, «to‘p» so‘zi «to‘piq» so‘zining qisqarganidir. Darhaqiqat, to‘piq ham, to‘p ham shaklan yumaloq. «Koptok» balki «to‘p-to‘p» so‘zining o‘zgarganidir.
«ChO‘P» — Bu so‘z iste’molda ko‘p ishlatiladi. Uning asl ma’nosi — har narsaning siqilgandan so‘ng qolgan tashlandig‘i, chiqindisi. Biz bu so‘zni «cho‘p-ustixon» ma’nosida qo‘llaganimizda uning ildiziga yaqinroq boramiz. Gohida esa, xo‘l novdani ham cho‘p deb ataymiz. «Cho‘p» so‘ziga uyqash «cho‘l» so‘zi ham qurigan ma’nosini beradi. Endi «cho‘l» va «chol» so‘zlariga e’tibor bersangiz bu so‘zlar ham bir-biriga juda yaqin. Shuningdek, qarigan so‘zi bilan «qurigan» so‘zi ham aslan bir. Shundan kelib chiqsak, «cho‘p», «cho‘l», «chol» so‘zlari har jihatdan bir-biriga uyg‘un, ya’ni ular «qurigan» ma’nosini beradi.
«TOL». «Tol» deganda biz faqat tol daraxtini tushunamiz. Bu so‘zning asl ma’nosi «ho‘l novda» degani. Koshg‘ariyning aytishicha, nozik va xushqomat kanizaklarni ham tol deb ataganlar. «YoSh» so‘zining ham tildagi hozirgi tushunilishi «tol»ning holatiga o‘xshaydi. Chunki, «yosh» so‘zi «ko‘kat, yangi, sof» degan ma’nolarni bildirgan.
«ChANOQ» — (asl ma’nosi — idish). Qadimda otlar va mollarga suv ichishlari uchun qo‘yiladigan idish. Darhaqiqat, paxta chanog‘i — paxta turadigan idish, miya chanog‘i miya turadigan idish ma’nosida so‘zning asl ildiziga yaqin boradi.
Ko‘ryapsizki, so‘zlarning ham o‘z hayoti, o‘zgarishlari, kechmishlari bor. Har kuni tilimizda qayta-qayta ishlatiladigan so‘zlarga e’tibor bilan qarasak, ularning tarixini, ichki sehrini, ranglari va tovlanishlarini his etamiz. Yuqoridagi kabi misollarni ko‘plab keltirishim mumkin edi. Lekin, shu bir necha so‘zlar tahlili bilan chegaralandim. Chunki, so‘zga diqqat qila oladiganlar kichikroq ishora bilan ham so‘zlarning ildizlarini ko‘ra oladilar. Biz ko‘pincha so‘zni faqat tashqi tomonidan ko‘ramiz. Muhimi, biz so‘zning ichki tomoniga qarashni ham o‘rganishimizda.
* * *
Endi so‘zlarning fe’l-atvori, darajalari haqida ham to‘xtalib o‘tay. Bu dunyoning odamlarga, daraxtlarga, hayvonlarga va boshqa jonzotlarga o‘z o‘lchovi bo‘lgani kabi so‘zlar uchun ham o‘lchovlar mavjud. Har kim so‘zlarni har xil ko‘radi, har xil qabul qiladi. Xo‘sh, men so‘zlarni qanday ko‘raman?
«MA’LUMKI». Bu so‘z doimo keraksiz yuklarni ko‘tarib yuradigan hammoldir. Lekin, olib ketayotgan yukining keraksiz ekanligini o‘zi bilmaydi. Bu so‘zni «to‘tiqushlar» yaxshi ko‘radi va ular doimo shu so‘zning izidan ergashib yuradilar.
«NISBATAN». Garchand bu so‘z kilogramm, metr, pud va boshqa o‘lchov birliklari erishgan aniq darajaga yetisha olmagan esa-da, baribir olamdagi minglab har xillilikning yagona o‘lchovidir. Uning quroli noaniqlikdir.
«TAVAKKAL». Qaysar va o‘jar, anchayin jasoratli so‘z. Lekin uning boshi kal. Bu kallik o‘ylovdan ham, ko‘p o‘qishdan ham emas. Balki u bir vaqtlar boshini yonayotgan o‘tga solib ko‘rib, tavakkal qilgan ekan. Bu so‘zni uning o‘ziga o‘xshaganlar yaxshi ko‘radilar.
«QO‘RQUV». Mijg‘ov va mujmal. O‘zining ismi o‘ziga yoqmaydi. Shuning uchun, ko‘pincha «men andishaman» deb ming‘irlayveradi.
«JAVOB». Savolning xotini. U savolning chizgan chizig‘idan chiqmaydi.
«BAXT». U mukammal so‘z. Uni baxtlilardan ko‘ra baxtsizlar ko‘proq aytadilar. U ko‘rkam va go‘zal. Lekin, bir kami bor — qulog‘i og‘irroq.
«TAShVISh». Uning qulog‘i yo‘q. U eshitish uchun emas, tinimsiz gapirish uchun yaralgan.
* * *
Menimcha, bu olamni va hayotni so‘z ko‘zlari bilan ko‘rish mumkin. Ma’no — so‘z, so‘z — ma’nodir.
Men ko‘zlarning so‘zlarida ko‘rinay,
Men so‘zlarning ko‘zlarida ko‘rinay.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 8-sonidan olindi.