Bugungi kunda Xiva Ogahiy orzu qilgandek obod, go‘zal maskanga aylandi. Istiqlol yillarida shahardagi madrasa va minoralar yangidan sayqal topib, ulug‘ bobolarimiz ruhi poklarini feruza gumbazlar uzra ko‘klarga ko‘tarib, ardoqlab turibdi.
Xivaning Deshon qal’asi darvozasidan chiqib, eski Qo‘shko‘prik yo‘liga qarab 7-8 chaqirim yursangiz, chap tomonda yastanib yotgan Qiyot qishlog‘ini ko‘rasiz. Qishloq yo‘lidan sal uzoqlashsangiz ko‘z oldingizda o‘z o‘rnida qaytadan tiklangan Ogahiy hovlisi namoyon bo‘ladi. Uning oldida 200 yilga yaqinroq umr ko‘rgan, Ogahiy suyib g‘azallarida kuylagan bobokalon tut daraxti yashnab turibdi.
Ogahiy ana shu maskanda 1809 yil 17 dekabrda tug‘ildi. Uning otasi Erniyozbek Xiva xonligida nufuzli Avazbiy mirobning o‘g‘li edi. Avazbiy mirobning Shermuhammad shoir Munis, Ibrohimbek mirob degan o‘g‘illari ham bor edi. Ogahiyning ota-bobolari, amakilari va amakivachchalari mana shu tut atrofidagi ulkan bog‘da, yonma-yon qurilgan hovlilarda yashab, hammalari miroblik qilganlar. Bu miroblar sulolasining eng so‘nggi vakili Sobir mirob bo‘lgan. U 1900 yili tug‘ilib, juda yosh, 1936 yili sho‘rolar hukumati tazyiqlariga chidolmay olamdan o‘tgan.
Hozir Sobir mirobning avlodlari Xivada istiqomat qiladilar. Uning o‘g‘li sakson yoshdan oshgan Qodirbergan ota Sobirovning Ogahiy hovlisi, uning keng sahnidagi bog‘, undagi g‘arq pishgan mevalar, atirgullar, sayroqi bulbullar, mirob bobolari to‘g‘risidagi dilkash hikoyalari bizni ushbu maqolani yozishga ilhomlantirdi.
Otasi Abduqodir mirob, bobosi Tog‘ay mirob obro‘-e’tiborli insonlar bo‘lishgani tufayli Sobir mirob bolaligidayoq Muhammad Rahim ikkinchi Feruz saroyiga borib turgan. Saroydagi oltin, kumush tangalar tayyorlaydigan zarbxona san’atiga juda qiziqqan va bu hunarni o‘rgangan.
Qodirbergan otaning bobolari Abduqodir mirob, Tog‘ay miroblar shoir Ogahiyning amakivachchalari bo‘lib, nihoyatda baquvvat, bahodir kishilar bo‘lishgan. Ular haqida tarixshunos olim M.Yo‘ldoshev «Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi» nomli kitobida shunday yozadi: «Boshqa mansabdorlar singari miroblar ham xon tomonidan ayrim vazifalarni bajarib kelganlar. Chunonchi, Munis va undan keyin Ogahiy miroblar orasida bo‘lganlar… ular saroy tarixchilari hisoblanganlar. 1848-1850 yillarda Tog‘ay va Muhammad Karim mirob 100 tillodan, Muhammad Rizo mirob Ogahiy 40 tillodan maosh olganlar».
Avazbiy mirobning kenja o‘g‘illaridan yana biri Ibrohimbek bo‘lib, u ham to‘xtovsiz davom etgan harbiy yurishlarda halok bo‘lgan. Uning o‘rniga nevarasi Nurullobek mirob etib tayinlangan. Bu haqda Bayoniy «Shajarai Xorazmshohiy» asarida yozadi: «Nurillobek ibni Bobojonbek ibni Ibrohimbek Avazbiy inoq mag‘furni mirob etdilar…».
Yoshligidayoq otasidan, amakilaridan ajralib qolgan Ogahiy ijodida yolg‘izlik iztirobi aniq seziladi. U «Ta’vizul oshiqin» («Oshiqlar tumori») devoni debochasida yozadi:
Kichiklikdan tushub boshimg‘a kulfat,
Zamone bo‘lmadim beranju mehnat.
Qolub yolg‘uz tuman anduh ichida,
Mihandin lashkari anbuh ichida.
Ogahiy ota o‘rnida tarbiya bergan amakisi shoir Munis bilan doimo faxrlangan.
Tong ermas, Ogahiy, fayzi ilohig‘a anis o‘lsa,
Ki, ul bordur nasab ichra burodarzodai Munis.
Afsuski, Ogahiy avlodi — miroblar shajarasi haqida yetarli ma’lumotlarga ega emasmiz. Chunki hanuzgacha uning tarixiy asarlari to‘laligicha chop etilmagan.
Ogahiyshunos olim Subutoy Dolimov 20 yildan ortiq umrini Ogahiy hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishladi. Biroq sho‘rolar davri hukmron mafkurasi unga Ogahiy tarixiy asarlarini to‘laligicha chop etish imkonini bermadi. Natijada, ustozlar Subutoy Dolimov va G‘ulom Karimov Ogahiyning tarixiy asarlaridan namunalar kiritib, shoirning 6 jildli asarlar to‘plamini nashrga tayyorladilar. Bu mustabid mafkura hukmronligi davrida haqiqiy jasorat edi.
1829 yili, Ogahiy endi 20 yoshga to‘lganida Olloqulixon uni amakisi shoir Munis o‘rniga miroblikka tayinlaydi. Biroq 1845 yili otdan yiqilib, oyog‘i singach, u o‘z ixtiyori bilan bu mansabdan iste’fo beradi.
Oradan to‘rt yil o‘tgach, 1855-1856 yillarda Ogahiyni o‘z holiga qo‘ymay, yana miroblik mansabiga qaytarishadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1857 yili u miroblikdan ketadi va o‘zini ijodga bag‘ishlaydi.
Ogahiy poeziyasi bilan tanishar ekanmiz, shoir yoshligidayoq o‘z oldiga juda katta maqsad — so‘z mulkining sohibqironi bo‘lish orzusini qo‘yganini ko‘ramiz. U «Soqiyga xitob» masnaviysida bu haqda shunday yozadi:
Manga ul jomni aylab, karam tut,
Labolab oni dam-badam tut…
Dumog‘im na’sha birla aylabon mast,
Suxan ahli aro bo‘lib zabardast.
Maoniy arsasi ichra urub kom,
Chekib til tiyg‘ini ko‘rguzmay orom.
Ayon aylay rusumi pahlavonlig‘,
Qilay so‘z mulkida sohibqironlig‘.
«Maoniy arsasi» — bu so‘z sahnasi, notiqlar minbari, shoirlar mushoirasi, tafakkurlar jangidir. Ogahiy talqinidagi maoniy arsasi ma’nolar dunyosi, osmon gumbazida, olam bepoyonligida so‘zning tutgan boqiy o‘rnidir.
Shoir hayotbaxsh g‘oya va jonfizo mazmun o‘z ijodining poydevori ekanligini takror va takror aytadi. Uning «So‘z», «Qalamga xitob», «Qog‘oz», «Gavhar so‘z», «Ogahiy, ol maoni mulkini» kabi g‘azallari she’riyatida ma’no va mazmun ustuvorligini ko‘rsatadi. Shoir kalomining teranligi beqiyosligini, uning ilg‘or dunyoqarash sohibi ekanligini namoyon etadi. G‘azallaridan birida u: “Men shunday bir nurafshon, saodatli so‘z aytayki, u dillarni bezasin, ko‘ngillarga orom nurini olib kirsin. Buni ko‘rib hayrat yuzidan niqobini olib hayron boqsin, suxandonlar shohi esa, lol qolsin”, deydi.
Taxayyul uzoridin olib niqob,
Suxan shohidin aylayin behijob.
Deyin ahli so‘z ichra mastona so‘z,
Tabiat pisandu dilorona so‘z.
Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li o‘ziga Ogahiy taxallusini tanlar ekan, unga umrbod sodiq qoldi. U juda ko‘p g‘azallari, qasidalari, muxammas va musaddaslarida el tinchligi, obod va farovonligi shohlarning aql-zakovati, oliy himmatiga bog‘liq, deb qaradi, arkoni davlatni, shohni doimo yaxshilikka, ezgulikka, da’vat etib, jaholat va mazallat botqog‘iga botishdan ogoh etib turdi.
Mulku millatga emin o‘lsa agar ogohlar,
Ikki olam obro‘yin hosil etkay shohlar.
Darhaqiqat, Ogahiy ijodining mundarijasini hayotbaxsh o‘n sakkiz ming olam go‘zalliklari tarannumi, shu olam bag‘rida yashayotgan insonlarning shod va ozod taqdiri, ota makon tinchligini kuylashdek yuksak ma’naviy g‘oyalar tashkil etadi:
Jahd etib emdi havas bandidin ozod o‘loli,
Dayr pirig‘a borib tolibi irshod o‘loli.
Ogahiy asarlarida go‘zal va bepoyon olamda insonning tutgan o‘rni, uning zimmasiga Olloh tomonidan yuklangan burch, vazifa, uni ado etish jarayonidagi achchiq qismat haqida fikr yuritadi. Bu olam ayshu ishrat maydoni emasligi, fozil insonlar, ilmu hunar sohiblari, mehnat ahli el ardog‘ida bo‘lishi lozimligidan ogoh etadi:
Qadni har tun qilib tangri ruquig‘a egil,
Och saharlar oh urub, afg‘on chekib zikriga til,
Ayshu ishrat ermastur bu olam, onglagil.
Devoniga oshiqlar tumori, ya’ni «Ta’vizul oshiqin», deb nom qo‘yar ekan, shoir oila muhabbatning oltin poydevori ekanligini, ishq ko‘chalarining charog‘on va hayotbaxsh nurlarini oshiqona tarzda kuylaydi. Hayotning olmosday o‘tkir tig‘li va chigal chorrahalaridan o‘z sevgisini avaylab, ardoqlab olib o‘tish lozimligini uqtiradi. Sadoqatli insonlar doimo sevgining vafo bog‘larida vafo kamarini beliga mahkam bog‘lab, umr so‘qmoqlarini imon nurlari bilan nurafshon etadilar, deydi.
Subutoy Dolimov suhbatlarida «Ta’vizul oshiqin» devonini Ogahiy hayotligida birinchi bo‘lib Muhammad Sharif Tarrox ko‘chirganini aytgan edi. O‘sha birinchi nusxa chor Rossiyasi qo‘shinlari Xivani bosib olganda Angliyaga olib ketilgan. «Ta’vizul oshiqin»da ona-yurtning naqadar soz, go‘zal maskan ekanligini shoir bir turkum she’rida shunday tasvirlaydiki, o‘qib hayratga tushamiz. Bundan 200 yil ilgari mavjud bo‘lgan daryolar, qal’alar, qavmlar, o‘rmonlar, qishloqlar, sho‘rolar davrida qirib bitirilgan turli-tuman qushlar, hayvonot dunyosi, yo‘qotib yuborilgan bog‘lar, madrasa va masjidlar haqida o‘qib xayolga cho‘mamiz. Ayniqsa, xalqning allaqachon unutib yuborilgan ramazon aytish, turli marosimlar, poyga, sayohat va qiziqarli o‘yinlari, qadimiy qo‘shiqlari, antiqa sozlar turkumi haqida o‘qib ajdodlarimiz hayoti, aqlu zakovati bilan faxrlanamiz.
Ogahiy tinimsiz ijodiy mehnat qilib, o‘z zamonasida talantli shoir, usta tarjimon, yirik muarrix (tarixchi) olim sifatida shuhrat qozondi. U bizga 20 ming misradan ziyod she’rni o‘z ichiga olgan ulkan meros qoldirdi, sharq mumtoz adabiyoti va madaniyatining yigirmaga yaqin namunalarini o‘zbek tiliga nasrda va nazmda tarjima qilib, adabiyotimizni jahon adabiyoti durdonalari bilan boyitdi.
Afsuski, Ogahiyning bu oltin merosi hanuz o‘z tadqiqotchilari, noshirlarini kutmoqda. Uning tarixiy asarlari hozirgacha to‘laligicha nashr etilmagan. O‘rta Osiyo xalqlari tarixiga doir bu asarlardan atigi bir necha parchalar chop etilgan, xolos.
Ogahiy tarixiy asarlarida 1859-yillardayoq Orol dengizida paydo bo‘lgan chor hukumati ayg‘oqchilarining uchta paraxodi (o‘t uchon) haqida yozib, yurtdoshlarini mustamlakachilardan ogoh etgan edi. O‘sha mash’um 1873 yilning 26-28 may kunlari general Kaufman armiyasi Xivani o‘qqa tutganda, Qodirbergan otaning hikoya qilishicha, Ogahiy Ichon qal’aning bog‘cha darvozasi, amakivachchalari Abduqodir miroblar Deshon qal’aning Urganch darvozasi himoyasida turganlar. Ogahiy 29 may kuni ertalab chor qo‘shinlarining Xivaga g‘olibona kirib kelayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Jasadlar qalashib ketgan Xiva ko‘chalarini, bombardimon etilgan ota qishlog‘i Qiyot va vayron bo‘lgan boshqa qishloqlarni ko‘rib, shoir qattiq iztirob chekadi, xastalanib yotib qoladi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas vafot etadi. Bu haqda Bayoniy «Shajarai Xorazmshohiy» asarida shunday yozadi: «Mundin sahal zamon o‘tgandan so‘ng, sana bir ming ikki yuz to‘qsonda tovuq yili va javzoning oxiri erdi, Kavpomon (Kaufman) otlig‘ guburnatur rus lashkari bilan kelib Xorazmni sulh bila oldi… Bu voqeotdin bir yil miqdori o‘tgandan so‘ng, Ogahiy ham rahmli olami baqo bo‘ldi».
Ogahiy 1874 yilda oltmish besh yoshida vafot etgan. Abduqodir mirob boshchiligida qishloq ahli uning mayitini maxsus sandiqqa joylashtirgan. Buning uchun shoirning o‘zi ekkan katta balx tuti kesilib, undan juda uzoq muddat saqlanish xususiyatiga ega bo‘lgan sandiq yasatilib, unga mayit qo‘yilgan. Hozir Ogahiy hovlisida yashnab turgan tut o‘sha kesilgan tutning sherigidir.
Ogahiyning mayiti Qiyotdagi Shayx Mavlon bobo qabristoniga — mirob ota-bobolari gumbaziga qo‘yilgan.
Asrlarni yetaklab asrlar o‘taveradi. So‘z mulkining sohibqironi Ogahiy g‘azallari Xorazm maqomlari sho‘balariga ko‘chib, mustaqil Vatanimiz osmonida baralla yangrayveradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 34-sonidan olindi.