FAXRIY YoRLIQ TOPShIRISh
Imperator Hazrati Oliylaridan olgan Ishonch yorlig‘ini Prezident Karimov Janobi Oliylariga topshirish marosimi O‘zbekistonga kelganimning beshinchi kuni, ya’ni 1999 yil 12 avgustda bo‘lib o‘tdi. Marosim Prezident saroyida tantanali vaziyatda kechdi.
Biz o‘zbek tilida «Oqsaroy» deb ataladigan Prezident qarorgohiga keldik. Protokol boshlig‘i bizni katta zalga taklif qildi. Ushbu tantanali marosimda yapon tarafidan elchi sifatida men, o‘sha paytdagi Elchixona maslahatchisi janob Takaxashi, Elchixonaning birinchi kotibi janob Sesome, o‘zbek tarafidan ham bir necha rasmiy kishilar Prezident chiqishini kutardik.
Xonaning to‘ridagi eshik ochilib, bir necha shaxslar bilan birga Prezident chiqib keldi. U kulimsirab, biz tomonga mehr bilan tikilib turardi. Uning ushbu nigohini ko‘rib, bu mamlakatda ishlash menga oson kechishiga ishondim. Ulkan zalning markazi tomon odimlar ekanman, to‘xtab, sekin-asta so‘zimni boshladim. Janob Sesome menga ergashdi va nutqimni tarjima qilib turdi.
Men nutqimni tugallab, Ishonch yorlig‘ini Prezidentga topshirar ekanman, uning chehrasida tabassum jilvalandi. O‘zimni xuddi qadrdon amakim bilan uchrashgandek his qildim. Prezident bir qarashdayoq odamni ich-ichidan ko‘ra olishini angladim. Bundan ancha xotirjam tortdim. Va yana bir bor bu rahbarga har tomonlama ishonish mumkin degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi. Menimcha, u mening o‘y-hissiyotlarimni to‘liq tushundi.
Prezident huzurida rasmiy uchrashuvdan so‘ng oddiy o‘zbekistonliklar bilan gaplashish imkoniyatiga ega bo‘ldim va shuni bildimki, o‘z ko‘zing bilan haqiqiy vaziyatni ko‘rmaguncha uni tushuna olmaysan. Yaponlar kosa tagidagi nimkosani uqib olishga usta. O‘zbeklar ham gapirishdan oldin ozgina sukut saqlashadi, bu yapon odatiga juda o‘xshab ketadi. Shuning uchun biz bir-birimizni og‘iz juftlamasdanoq tushunamiz. Angladimki, vaziyatga yevropalik yoki amerikalik ko‘zi bilan emas, yapon ko‘zi bilan qarash va bundan munosib xulosalar chiqarish zarur. Nima bo‘lganda ham, bu Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan hudud. Ular hatto yaponlardan ham o‘tkazib suhbat qurishar, aytganimdek, bizdan o‘tkazishar ham ekan. Men Yaponiyadan juda olisda yashaydigan shunday jiddiy, sofdil, iltifotli va xushmuomala kishilar bilan uchrashganimdan g‘oyat xursand edim.
Elchi vazifasidagi vakolatim tamom bo‘lgandan keyin hozirgi kunda ham men Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada qattiqroq bog‘lash uchun bor kuch-qudratimni sarflashga tayyorman.
O‘ZBEKISTONDAGI HAYoT
O‘zbekiston zamini 3 ming, hatto 4 ming yillik qadimiy tarix, boy madaniy an’analar guvohi. O‘zbekiston 1991 yilning 31 avgustida mustaqillikka erishdi. Mustaqillik kuni 1 sentyabr. Shundan buyon 16 yil o‘tdi. Bu unchalik uzoq muddat emas. Qilinadigan ishlar esa nihoyatda ko‘p. Hozir Prezident Karimovning ziyrak rahbarligi ostida xalqning ta’lim darajasini oshirish ustuvor yo‘nalishga ko‘tarilgan siyosat olib borilmoqda. Ko‘plab siyosatchilar, iqtisodchilar, madaniy soha xodimlari mamlakatda barqarorlikni ta’minlash yo‘lida mehnat qilmoqdalar, jamiyat gullab-yashnashi uchun kuch-g‘ayrat sarflamoqdalar.
Mas’ul rahbarlar va hukumat idoralari xodimlari har kuni kechqurunlari ham ishlaydilar, shanba, yakshanba nima ekanini bilmaydilar. Ba’zan biz ularni qabulga, ziyofatga chaqirganimizda, ular 10-15 daqiqa o‘tirib, yana ishga shoshadilar. Talabalar ilm-fanni egallashga qattiq berilganlar. Bu hol Yevropa mamlakatlari va Amerika tarixida bo‘lgan shunday ijobiy belgilarni eslatadi.
Hozirgi paytda mamlakatning asosiy vazifasi – jamiyatni yangilash va iqtisodni liberallashtirish deb o‘ylayman.
Agar ko‘chada yo‘lovchilarni to‘xtatib, bugungi hayot haqida so‘raydigan bo‘lsangiz, ular mamnunlik bilan javob berishadi: Mustaqil davlat bo‘lganimiz qanday yaxshi. “Mustaqillikkacha hamma narsa boshqacha edi. Avval, Ittifoq davrida, jamiyat ichida maxfiy ma’lumot yetkazish odatdagi hol bo‘lib, o‘z fikringni erkin ayta olmasding. Hozir esa hamma narsa haqida xotirjam gapirish mumkin».
Odamni lol qoldiradigan haqiqat shundaki, o‘zbeklar uzoq davom etgan sovet davriga qaramay, o‘z milliy madaniyatlarini, tarixini saqlab qolishning uddasidan chiqishgan, hozir uni sekin-asta zamonaviylashtirishga harakat qilishmoqda. Bu borada namuna sifatida Yaponiyani olishmoqchi. Axir Yaponiya ham o‘z an’analarini saqlagan holda sekin-asta zamonaviylashgan emasmi. Ular Yaponiyaga o‘xshashni istashadi. Ular Yaponiyani sinchiklab o‘rganishadi. Ular Yaponiyada ta’lim olishni xohlashadi. Bu – ko‘plab o‘zbekistonliklarning dil izhori.
AN’ANAVIY JAMIYaT HUDUDI. MAHALLA
O‘zbeklar bilan yaqindan tanishganim sayin bir narsani tushundim, yon-veridagilar bilan biror noxush hodisa ro‘y bersa, ular birgalikda tashvish chekar ekanlar. Hatto xizmat paytida ham ular birovni ortiqcha bezovta qilishga tortinishar, agar kimgadir qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lishsa, avval simning narigi tomonidagi odamning tinchligini o‘ylashar, shundagina qo‘ng‘iroq qilishga jur’at etishar ekan. Ana shunaqa tortinchoq odamlar. Kimdir kulfatga uchrasa, unga ko‘mak, dalda berishga shoshilishar, bu ularning shu kungacha saqlab kelayotgan qadimiy udumi ekan. Ular bir burda nonni bo‘lib yeyishar ekan hatto. O‘zbeklar bir-birlarini samimiy hurmat qilishardi, bu jihatdan yaponlarga juda o‘xshab ketadilar.
Xizmat joyida ba’zan sovet davridan meros bo‘lib qolgan qo‘pol muomala uchraydi, lekin maishiy turmushda oddiy o‘zbeklar yaqin kishilari uchun qayg‘uradilar, bu ular uchun odatdagi hol. Ular ko‘hna tarixga ega ziroatchi millat sifatida shunday ajoyib jamiyat barpo qilganlar.
O‘zbek jamiyatining poydevori – mahalla, u yaponlarning kvartal kengashiga o‘xshaydi. Bu davlat idorasi emas. Har bir mahallaning shu yerda bo‘layotgan barcha voqea-hodisalardan ko‘z-quloq bo‘lib turadigan oqsoqoli (raisi) bor. U mahalladagi hamma narsani ipidan-ignasigacha biladi, kimning qizi qayerda ishlaydi, kimning o‘g‘li o‘qishga kirdi, uylandi, farzand ko‘rdi, biror korxonaga ishga joylashdi. Agar kimningdir boshiga kulfat tushsa, u butun mahallani yig‘ib, unga ko‘mak berishga chorlaydi.
O‘zbekistonda bolalarga alohida e’tibor qaratilgan. Butun jamiyat ularni asrab-avaylashga chog‘langan. Albatta, hozirgi O‘zbekistonning hamma joyida ham katta oilalarni (bu ota-ona, farzandlar va nevaralar bir xonadonda yashaydi degani) uchratish qiyin. Lekin mahallalarda hozir ham ko‘plab oilalar borki, bir tom ostida ota-ona va farzandlar birga yashashadi va agar oilada farzand tug‘iladigan bo‘lsa, unga faqat yosh ota-ona emas, balki bobo, buvi va amaki, ammalar ham qarashadi. Bu – bolalar yo‘rgakdan boshlab atrofdagilarning g‘amxo‘rligini his qilgan holda o‘sib, bunday g‘amxo‘rlikni kattalardan o‘rganib boradi degan gap. Mahallaning kundalik asosiy taomili – bu kattalarga hurmat, yolg‘on so‘zlamaslik, birovning mulkiga ko‘z olaytirmaslik, birovning jonini og‘ritmaslik, ayniqsa, odam joniga qasd qilmaslik.
Agar bolalar ko‘cha-ko‘yda sho‘xlik qilishsa, mahalla ahli ularga tanbeh beradi, tartibga chaqiradi. Katta yoshdagilar bola tarbiyasi bilan astoydil shug‘ullanishadi, ular doim bolalarga ko‘z-quloq bo‘lib turishadi, bu kundalik udumga aylangan, o‘z navbatida bolalar ham bobo va buvilariga quloq qoqmay bo‘ysunishadi.
Mahalla shu kungi zamonaviy Toshkentda ham mavjud. Bir safar Buyuk Britaniyada o‘zbek elchisi bo‘lib ishlagan xodimning ayoli bir mahalladagi mukofotlash marosimiga taklif qildi. Kech kuz edi. O‘sha yili eng chiroyli va shinam uy qurgan (aytmoqchi, meni taklif etgan ayolning eri), yilning eng serhafsala uy bekasi bo‘lgan oilani mukofotlashdi, mukofotni esa mahalla oqsoqoli topshirdi. Marosim juda maroqli bo‘ldi, musiqa yangrar, hamma o‘yinga tushardi.
Yapon elchisining qarorgohi shu mahallada joylashgan. Bizni mahalla bilan bog‘lab turadigan odam xodimimiz Anvar edi. U o‘zi yashaydigan mahallaning oqsoqoli ham ekan.
KEKSALARNI E’ZOZLAYDIGAN JAMIYaT
O‘zbek jamiyatidagi osoyishtalikka asosiy sabab – bu yoshi katta va keksa kishilarga hurmat-ehtirom. Agar mahallada biron masala yuzasidan qaror qabul qilmoqchi bo‘lishsa, oqsoqolning fikri ko‘pchilik tomonidan hisobga olinadi va qo‘llab-quvvatlanadi. Yoshlar kattalarni nafaqat mahallada, balki jamiyatning kundalik hayotida ham izzat-hurmat qilishadi. Keksa kishilar u yoki bu masala yuzasidan o‘zlarining aniq fikr-mulohazalarini bildirishadi hamda jamiyatda anchagina muhim o‘rin tutishadi.
Men o‘zim ko‘rmaganman, lekin aytishlaricha, jamoat transportida, u avtobus yoki metro bo‘lsin, keksa kishi paydo bo‘lishi bilanoq yoshlar darhol turib joy bo‘shatar ekanlar va bu odatdagi hol ekan. Yaponiyada ta’lim olgan bir kishi menga shunday degandi: «Men Yaponiyada poyezd vagonida ketar ekanman, keksa bir kishi kirib, mening tepamda turib qoldi, men darhol turib, unga o‘rnimni bo‘shatdim. Buni ko‘rgan vagonning deyarli barcha yo‘lovchilari menga hayron bo‘lganlaricha tikilishdi, bundan o‘zimni noqulay his etib, boshqa vagonga o‘tib ketdim. Kattalarga o‘rin bo‘shatish O‘zbekistonda kundalik hodisa. Yaponiyada shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylab xato qilibman». Bu gapga javoban churq eta olmadim.
Keksa kishilarga hurmat-ehtirom ko‘rsatadigan jamiyat bu chinakam yaxshi jamiyat. Bu «changalzor qonuni» hukmron bo‘lgan jamiyat emas. Keksa odamlar hamisha diqqat-e’tiborda. Bu ma’naviy boy jamiyat, u foydadan ancha yuksakda turadi. Faqat foyda ketidan quvgan jamiyatda yashash qiyin. O‘zbek jamiyatida saqlanib qolgan va bizning ruhimizga yaqin jihatlardan yapon jamiyati mosuvo bo‘lgan.
YaPONIYa BILAN HAMKORLIK
Markaziy Osiyo mamlakatlari nihoyat mustaqillikka erishgach, o‘z an’anaviy madaniyatlarini jahonga ko‘z-ko‘z qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Hozirgi kunda O‘zbekistonda an’anaviy musiqa, raqs, amaliy san’at buyumlarini yasash yana taraqqiy etmoqda, hukumat bu jarayonga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatayotir.
Madaniy tadbirlarni o‘tkazishda hukumatga Xalqaro hamkorlik Yapon agentligi (JICA), Yapon fondi va Savdoni rivojlantirish Yapon tashkiloti katta yordam ko‘rsatmoqda. Ushbu tashkilotlar faoliyati Yaponiyaga qiziqish bilan qarayotgan O‘zbekiston xalqi tomonidan yuksak baholanmoqda. Iqtisodiy munosabatlar, texnikaviy va madaniy hamkorlikdan maqsad ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi aloqani kuchaytirish bo‘lib, bu narsa Yaponiya va O‘zbekiston orasidagi do‘stona munosabatlarni yanada chuqurlashtiradi.
JICA vakolatxonasi 1999 yil may oyida Toshkentda ochildi, shundan beri JICA ko‘magi bilan Yaponiyadan O‘zbekistonga turli soxa mutaxassislari yuborildi. O‘zbekistondan sinov muddatini o‘tovchi ishchilar qabul qilindi. 2000 yilning dekabr oyida esa Toshkentda Inson resurslarini rivojlantirish Yapon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu markazda yapon tili o‘qitiladi, o‘zbekistonliklarni yapon madaniyati bilan tanishtirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi va aytish joizki, markaz mamlakatlarimiz orasidagi madaniy almashuvni chuqurlashtirishga bebaho hissa qo‘shmoqda.
Toshkentdagi JETRO vakolatxonasi 2000 yil oktyabrdan ish boshladi. JETRO kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekiston hukumatiga har taraflama ko‘mak bermoqda. Tashkilot idorasi yapon korxonalari haqida axborotga qiziqayotgan yosh o‘zbek ishbilarmonlari bilan hamisha to‘la.
YaPON FESTIVALI
O‘zbekistonga kelganimning keyingi yili, ya’ni 2000 yilning bahoridan boshlab biz o‘sha yilning kuzidayoq O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ra boshladik. O‘shanda Yapon fondi O‘zbekistonga yapon qo‘g‘irchoqlari ko‘rgazmasi va «Vadayko» nog‘orachilar guruhini yuborishga qaror qildi. Bular dasturimizning gullari bo‘lishini bilardim va men yana qanday yaponcha dastur bilan o‘zbekistonliklarni tanishtirish mumkin, deya uzoq o‘yladim. Ma’lumki, O‘zbekistonda yapon jamiyati tuzilgan, bu yerda yashaydigan yapon fuqarolari shu jamiyatga a’zo bo‘lib kirishgan. Bir kuni ushbu jamiyat a’zolari bilan uchrashganda ularga shu savolni berdim va bir zumda javob ham oldim: «Yapon festivali o‘tkazsak, nima deysiz?»Lekin bu oson bo‘lmaydi. Buning uchun nima qilish lozim? «Oltin baliqcha», «Tungi bozor», «Do‘koncha», «Bon raqslar festivali». Bu Yaponiyada o‘tkaziladigan festivallar. Bunday festivallarni bu yerda qanday o‘tkazish mumkin, qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?
Shundan so‘ng biz yana uchrashdik va harakat dasturini pishita boshladik. Barcha yaponlar guruhlarga bo‘linib, ushbu madaniy bayramda ishtirok etishga, unga o‘z hissalarini qo‘shishga intildilar. Turgan gap, Elchixona o‘z tarafidan «Yapon festivali»ni Yaponiya madaniyati kunlari doirasida o‘tkazishga qaror qildi. Shunday qilib, bu dastur Yaponiya elchixonasi va O‘zbekistondagi yapon fuqarolarining qo‘shma tadbiriga aylandi.
MIYaDZAKI PREFEKTURASIDAN DO‘STONA TAShRIF
Shu yilning bahorida mening turmush o‘rtog‘im tavallud topgan Miyadzaki prefekturasidan O‘zbekistonga do‘stona vakillik yuborishga qaror qilindi, tuzilgan dastur asosida buning uchun Miyadzaki prefekturasidan Toshkentga uchadigan yollanma reyslardan foydalanishga kelishildi.
Bir samolyotga 180-190 odam sig‘ardi. Miyadzakidan tashqari butun Yaponiyadan bu vakillikka ishtirok etishni istaganlar ko‘p edi. Do‘stona vakillik a’zolarini hafta davomida uch yollanma reys bilan jo‘natishga kelishildi. Barcha reyslar tig‘iz bo‘lib, vakillik a’zolarining jami 500 kishiga yaqin edi.
Yapon qo‘g‘irchoqlari ko‘rgazmasi va «Vadayko» nog‘orachilar guruhini oktyabr oyida jo‘natishga qaror qilindi, shu tariqa O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati kunlari o‘tish muddati oktyabrga belgilandi. Tashrif dasturini tuzishda biz, turgan gap, vakillik ishtirokchilarining istaklarini inobatga oldik. Tashrif dasturi va qatnashuvchilar soni aniq bo‘lgach, biz ulardan «bizga yordam berishga, ya’ni O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati kunlarida ishtirok etishga rozimisizlar» deb so‘raganimizda, ular bir ovozdan: «Albatta yordam beramiz» deyishdi.
Do‘stona vakillik ishtirokchilari orasida choy marosimi, ikebana va kalligrafiya ustalari, musiqachilar, qo‘g‘irchoq yasovchi ustalar, shuningdek, Miyadzaki prefekturasining an’anaviy raqsi «Bokken-odori»ning raqqoslar guruhi ham bor edi. Men xursandligimdan o‘zimni qayerga qo‘yishni bilmasdim.
Men bo‘layotgan ishlardan mamnun edim va do‘stona vakillikni kutib olishga hozirlik ko‘rish qolgandi, xolos. Elchixona attashesi Seya xonim madaniyat masalalariga mas’ul bo‘lib, o‘zbek tomoni bilan kunora bog‘lanib turardi.
Qo‘g‘irchoqlar ko‘rgazmasini O‘zbekiston san’ati muzeyi birinchi qavatidagi katta zalda namoyish etishga qaror qilindi, zalga kiraverishdagi yo‘lak devorlariga yapon plakatlarini osishga kelishdik. Zalning beton devorlarini chiroyli mato bilan bezadik, natijada zal juda shinam xonaga aylandi. Muzey direktori Nasiba Ibrohimova xonim va soha mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda har bir qo‘g‘irchoqni muayyan mato fonida joylashtirdik.
Bu zalda sof yapon ruhi hukm surardi. Uch hafta mobaynida yapon qo‘g‘irchoqlarini umum nazariga qo‘ydik, haftada bir marta miyadzakilik ustalar tomoshabinlarni yapon madaniyati bilan tanishtirib turdilar. Miyadzakilik ustalarning xizmati tekin bo‘lib, ular ko‘ngillilar sifatida ishlashardi. Choy marosimi, ikebana, kalligrafiya, qo‘g‘irchoqlarni namoyish etish uchun zarur bo‘ladigan barcha ashyolar Yaponiyadan keltirilgandi. Ular shuningdek, olti dona «Kato» ko‘ptorli musiqa asbobi ham keltirishgandi
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari qatnashib, nutq so‘zladi, yapon madaniyati bilan tanishib, zavq olish maqsadida ko‘rgazmaga ko‘plab o‘zbek tomashabinlari tashrif buyurishdi.
Choy marosimini ikki usta namoyish qildi. Tomoshabinlar yerga to‘shalgan gilamning husn-tarovatidan zavqlanishardi, ulardan ayrimlari choy marosimi san’atini o‘rganishga havas bildirdilar.
Qo‘g‘irchoqlar namoyish etilganda, ba’zi qo‘g‘irchoqlar yaxshi ko‘rinmayapti, degan shikoyatlar sabab ayrim stollarni chetga surib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Kalligrafiya (husnixat) ko‘rsatilayotgan paytda ko‘plab ayollar va o‘quvchi bolalar to‘plandi, shuning uchun ustalar bu san’at haqida baland ovozda so‘zlashga majbur bo‘ldilar.
Yapon musiqachilari esa shu yerning o‘zida, muzey zalida o‘z san’atlarini namoyish qildilar.
Ikebana O‘zbekistonda ma’lum va mashhur, uning taqdimotiga kelgan bolalar, ota-onalar qiziqib ketishib hatto maslahatlar berishardi: «Kaltaroq qilsa bo‘lmasmikan?» yoki «Agar novdani aniq gorinzontal tarzda qo‘ysa nima bo‘ladi?» Bu kishilar hozir uylarida o‘z ikebanalarini yasayotgan bo‘lsalar ajab emas. Chunki o‘zbekistonliklar, o‘zbek xalqi gulni juda sevadi.
* * *
2000 yil 18 oktyabrda o‘tmishda yapon asirlari ishtirokida qurilgan Alisher Navoiy teatri binosida «Vadayko» yapon nog‘orachilar guruhining ilk kontserti bo‘lib o‘tdi. Ertasi 19 oktyabr roppa-rosa 18.00 da Navoiy teatri oldidagi maydonda «Vadayko» nog‘orachilarining ikkinchi kontserti boshlandi. Maydonga yig‘ilgan tomoshabinlar nog‘orachilarimizni qizg‘in olqishladilar, ulkan nog‘oralar sadosi kechki Toshkent bag‘riga taralib singib ketdi.
«Vadayko» guruhi bilan birgalikda u bilan musobaqalashgan kabi «Abbos» o‘zbek doirachilar guruhi o‘z san’atini namoyish qildi. O‘zbek nayi va tanburining yoqimli yangroq ovozi nog‘oraning shiddatli ohangi bilan uyg‘un jaranglashini tinglash juda maroqli edi. Ko‘nglim sezganidek, shu oqshom yapon va o‘zbek musiqa guruhlari yalakat mag‘iz bo‘lib birlashib ketgandek edilar.
So‘ng Miyadzaki prefekturasining «Bekken-odori» an’anaviy raqs guruhi raqqoslari o‘z chiqishlarini boshlashdi. Ular qadimiy yapon kiyim-kechagi bilan yasangan edilar, aytish joizki, o‘shanda O‘zbekistonda qadimiy yapon raqslari ilk bor namoyish etilayotgandi. Bu qadimgi yaponlarning kundalik kiyadigan liboslari bo‘lib, ust sidra oppoq, boshda va belda gunafsharang belbog‘, belda yana yog‘och qilich taqilgan, ular raqsni o‘ziga xos yaponcha ohangda ijro etishardi. Sahnada mo‘jizakor sehrli kayfiyat hukm surar, miyadzakilik qizlar terlab-pishib astoydil raqsga tushishardi.
Keyin sahnada «Yapon festivali» boshlandi.
Navoiy teatri oldidagi keng maydon odamlar bilan liq to‘lgan, hamma yerda tumanot odam. Tungi savdo do‘konchalari o‘rindiqlarida Yapon jamiyati a’zolari o‘tirishar, do‘konchalar bo‘ylab har bir metrda qo‘lbola «Bon’yari» yapon chiroqlari o‘rnatilgandi.
Bu narsalarning hammasi Yaponiyadan yollanma reys bilan olib kelingan edi.
Toshkentda istiqomat qiluvchi yapon birodarlarimiz uchun maxsus «Yakisoba», «Takoyaki» nomli yapon taomlari tayyorlandi, shuningdek, kaboblar shu yerning o‘zidayoq dasturxonga tortildi.
Ushbu tadbirda toshkentliklardan tashqari yapon tili muallimi Yamamoto yetakchiligidagi Samarqand chet tillar instituti talabalari ham ishtirok etdilar.
Gazetalarning yakshanba sonlarida tadbir keng yoritildi, aytishlaricha, o‘sha kuni maydonda 30 mingga yaqin odam yig‘ilgan edi.
“YuDZURU” OPERASI
«Yapon festivali» o‘tishidan sal oldin, ya’ni 2000 yilning yozida men sobiq Bosh vazir janob Sutomu Xata rafiqasi bilan Navoiy teatriga tashrifi paytida unga hamrohlik qilganman. Bu teatr olis sovet zamonlarida yapon asirlari ishtirokida qurilgan. 1966 yilda Toshkentda ro‘y bergan qattiq silkinishlarda «bino atrofidagi deyarli barcha imoratlar darz ketdi, lekin Navoiy teatri qilt etmay turib berdi» deyishadi yerli aholi. Shu kunlarda ham ushbu teatrda opera, balet asarlari qo‘yiladi, turli kontsertlar bo‘lib o‘tadi, teatr o‘zining husn-tarovati bilan butun Markaziy Osiyoda mashhur.
Teatr binosining chap biqinida lavha o‘rnatilib, unda o‘zbek, rus va yapon tillarida shunday so‘zlar o‘yib yozilgan:
«Alisher Navoiy teatri qurilishida 1945-1946 yillar mobaynida Uzoq Sharqdan keltirilgan bir necha yuz yapon fuqarolari ishtirok etgan».
Ilgari ushbu lavhada «Yapon asirlari» deb yozilgan edi. Lekin Prezident Karimov, O‘zbekiston hech qachon Yaponiya bilan urushmagan va yaponlarni asirga ham olmagan, deya matnni «yapon fuqarolari..» deb o‘zgartirishga buyruq bergandi. Bu O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin Prezidentning Yaponiyaga nisbatan ilk go‘zal diplomatik qadami edi.
«Shunday o‘tmishga ega shunday mashhur teatrda biron bir yapon tadbiri o‘tkazish ayni muddao bo‘lardi»,– dedim men janob Xata va rafiqasiga. Biz lavha bilan tanishib, teatrning orqa tomonida odimlar ekanmiz, janob Xataning rafiqasi shunday taklifni o‘rtaga tashladi: «Shu teatrda «Yudzuru» operasi namoyishini tashkil qilsa qanday bo‘larkan?!».
Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. Shunday qilib 2001 yil 28 va 29 avgust kunlari bastakor Dan Ikuma va janob Sudzuki yordami bilan «Yudzuru» operasi ushbu teatrda namoyish etildi. Bu katta miqyosdagi ilk yapon madaniy tadbiri edi. Tadbir O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligiga bag‘ishlandi hamda O‘zbekistonda Yaponiya madaniyati kunlari dasturiga kiritildi. U yapon jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirildi.
«Yudzuru» operasining birinchi kungi namoyishiga Prezident rafiqasi, talay rasmiy shaxslar, madaniyat arboblari, diplomatik korpus a’zolari tashrif buyurdilar, teatr zalidagi barcha o‘rindiqlar liq to‘la edi. Kelasi kun teatr oddiy tomoshabinlar uchun ochildi va qizig‘i shundaki, bu kun ham teatrga odam sig‘may ketdi. Anchadan buyon odamlarning operaga va umuman madaniy tadbirlarga qiziqishi kuchli bo‘lib, shuning uchun yapon baleti ham qizg‘in qarshi olingandi.
Parda ko‘tarildi, musiqa shunchalik sokin taralardiki, odamlarning nafas olishlari eshitilardi go‘yo. Asarning mazmuni titrda yozilib bordi. Navoiy teatrining Davlat orkestri o‘z o‘rnini egallagandi. Opera boshlanishi bilanoq hammaning nigohi sahnaga qadaldi. Musiqiy asboblar xonishi ajoyib sahna chiroqlari bilan ajib uyg‘unlik kasb etardi. Sahnada o‘zbek bolalari kalta bejirim kiyimlarda yapon tilida kuylashardi. Ular xuddi farishtalarga o‘xshashardi. Bolalar sahnada to‘lib-toshib kuylasharkan, aksar tomoshabinlarning ko‘zlarida yosh qalqidi. Sahna va tomosha zali go‘yo bir butun bo‘lib ketgandi. Bu chinakam muvaffaqiyat edi. Parda tushishi bilanoq tomoshabinlar oyoqqa qalqib, uzoq chapak chaldilar. Sahna yapon tilidagi yozuvlar bilan yarqirab ko‘rinar, qarsaklar betinim yangrardi. Ular hozir ham qulog‘imda o‘sha kungidek jaranglab turibdi.
Shu kuni teatrda yana bir hayajonli voqea sodir bo‘ldi deyish mumkin. Gap shundaki, do‘stona vakillik a’zolari orasida Nagata Ikuo (rafiqasi bilan) boshchiligidagi yigirmadan ortiq kishilar bo‘lib, ular bir paytlar shu teatr qurilishida ishlagan, hozir esa «Yudzuru» operasini berilib tomosha qilardilar. Shu bilan birga ular o‘shandagi og‘ir paytlar birga ishlagan hamkasblari bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lishgandi. Ularning his-hayajonlarini ko‘rsangiz edi…
Bunday marosim jurnalist, «Yaponiya-O‘zbekiston jamiyati» NPO raisi tomonidan uyushtirilgan edi. «Yudzuru» operasi yangragan Navoiy teatri binosi qurilishi haqida ushbu jamiyat tomonidan tafsilotlarga boy «Navoiy teatri qurilishi haqida esdaliklar» degan kitob tayyorlangan edi. Bundan tashqari janob Nagata bir paytlar birga ishlagan hamkasblari haqida esdaliklar to‘plab, uni «Navoiy teatri qurilishi va 4-lager haqida xotiralar» kitobiga kiritgan edi.
Orkestrga rahbarlik qilmoqchi bo‘lgan janob Dan Ikuma, ming afsuski, o‘sha yilning may oyida vafot etgandi. U opera tomoshasida orkestrga shaxsan o‘zim boshchilik qilaman, degandi, baxtga qarshi u bu orzusiga erisholmadi. Bu biz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
Qarorgohimizda ziyofat paytida bir daqiqa sukut saqlash bilan biz janob Dan xotirasiga hurmat bajo qildik. Ziyofatda barcha ijrochilar, musiqachilar va tadbirda ishtirok etgan hamma kishilar yig‘ildilar. Bunda yaponlar va o‘zbeklar birgalikda ulkan muvaffaqiyatdan mamnun bo‘lishib, yarim tungacha suhbat qurdilar. O‘zaro muloqotlar, pianino chalishlarga qo‘shilib ketdi, xullas, oqshomni ajoyib tarzda o‘tkazdilar. Navoiy teatridagi tomoshada bo‘lgan qarorgoh xodimlari mehmonlarni samimiy olqishladilar. Bizning Anvar esa bog‘ o‘rtasida katta gulxan yasab, barchaning ko‘nglini xushnud qildi.
Ushbu madaniy dasturdan keyin O‘zbekistondagi ko‘plab odamlar ancha vaqtgacha: «Siz «Yudzuru» operasini ko‘ra oldingizmi?»,– deb bir-birlaridan so‘rab yurishdi.
YaPON BOG‘I
2001 yilda Yaponiya madaniyati kunlari va «Yudzuru» operasi ko‘rsatilishi arafasida biz Toshkentda yapon bog‘ini ochdik. Yapon bog‘i o‘zbekistonliklarning azaliy orzusi edi. O‘zbekiston hukumati Biznes markazi va bolalar parkiga tegishli bo‘lgan katta maydonning yarmisini bizga ajratdi. Bu bog‘ni yaratishda O‘zbekistondagi yapon kompaniyalarining vakolatxonasi katta yordam ko‘rsatdi, loyihalash va qurilish ishlarini olib borish janob Kishino zimmasiga tushdi.
Yapon bog‘ining ochilish marosimiga Prezident Karimov shaxsan qatnashib, shunday so‘zlarni aytdi: «Bu yerga kelar ekansan, o‘zingni xudi Yaponiyadagidek his qilasan. O‘ylaymanki, endi bu yer Toshkentning eng gavjum joyiga aylanadi, kelgan barcha odam o‘zini yaponcha kayfiyat va yaponcha madaniyat og‘ushida his qiladi». So‘ng bu so‘zlar mahalliy gazetalarda bosildi va televideniye orqali namoyish etildi.
2005 yilning mart oyida, men Yapon bog‘ida edim. Tashqari ancha salqin edi. Lekin shunga qaramasdan, bog‘ bo‘ylab bir kelin-kuyov to‘y liboslarida sayr qilishardi. Shu kunda ham yapon bog‘i yosh kelin-kuyovlar ziyorat qiladigan joy hisoblanib, tashrif dasturidan o‘rin olgan. Yapon bog‘idan tashqari yosh kelin-kuyovlarning suyukli sayrgohi Oliy Majlis binosi yaqinida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ bo‘lib, u yerda hamisha ko‘plab kelin-kuyovlarni uchratish mumkin.
YaPONIYaNING IQTISODIY YoRDAMI
Agar ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlashga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, Yaponiya O‘zbekistondan oltin, to‘qimachilik xomashyosi, va buyumlari – jami 93 mln. dollar miqdorda (2004 yil bo‘yicha Moliya vazirligi manbalaridan), import qilishi, u O‘zbekistonga turli uskunalar, kimyoviy moddalarni umumiy 56 mln. dollar miqdorda (o‘sha manba bo‘yicha) eksport qilishini ko‘rish mumkin. Agar O‘zbekistonning boy xomashyo resurslarini hisobga olsak, bu tovar ayirboshlash juda kam va agar O‘zbekiston tovar sifati ustidan nazorat qilishni kuchaytirsa, kelajakda savdo-sotiqni rivojlantirishning katta imkoniyatlari ochilishi aniq.
Agar iqtisodiy yordamni oladigan bo‘lsak, bundagi ko‘rsatkich boshqa mamlakatlarga taqqoslaganda ancha past. Men kelajakda bizga ancha yaqin regionga ko‘rsatadigan iqtisodiy yordamimiz foizi ko‘tarilishini chin dildan istayman. 2004 yilga qadar bo‘lgan manbalar bo‘yicha iyena bilan beriladigan kredit orqali umumiy miqdori 97,5 mld. iyenaga teng 8 loyiha amalga oshirilgan, badalsiz yordam yo‘li bilan 16,7 mld. iyena, texnikaviy hamkorlik orqali 5,2 mld. iyena, insonparvarlik yordami orqali esa 15 mln. dollar (O‘zbekistondagi Yaponiya elchixonasi manbalariga asosan) ajratilgan. Kredit loyihalari orasidan «Telekommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish loyihasi», «Uch mahalliy aeroportni zamonaviylashtirish loyihasi», «Ta’limni taraqqiy ettirish loyihasi», «Tosh GRESni avvalgi holda tiklash loyihasi», «Temir yo‘lning yangi tarmog‘ini qurish loyihasi»ni alohida ta’kidlash mumkin. Men bu yerda ta’lim sohasiga yordam tariqasidagi «Ta’limni taraqqiy ettirish loyihasi» borasida to‘xtalmoqchiman. Yana kichik miqyosdagi loyihalarga badalsiz yordam ko‘rsatish haqida ikki og‘iz tushuntirish bermoqchiman.
TA’LIMGA YoRDAM
Hozir O‘zbekistonda ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilgan. Turgan gap, ma’lumotlilik darajasi ancha yuqori, mamlakatda 100 foiz savodxonlikka erishilgan, lekin bunga qaramasdan hukumat ushbu darajani yana bir pog‘ona yuksak ko‘tarmoqchi.
Masalan, 2005 yilda Davlat byudjetining 33 foizi ta’lim sohasiga ajratildi. Yosh avlodga yuqori malakali ta’lim berish, ular uchun ish o‘rinlari yaratish, yashash sharoitini yaxshilash – bu O‘zbekiston hukumati o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsad. «Buning uchun balki ancha vaqt zarur bo‘lar, lekin ta’lim mamlakatni himoya qilish va taraqqiy ettirishning asosiy yo‘lidir» deydi o‘zbekistonliklar.
2000 yilning may oyida Yaponiyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri janob Keydzo Obuchi vafot etdi, ta’ziya bildirish uchun elchixonaga ko‘plab kishilar keldi, ular orasida hukumat a’zolari, dipkorpus vakillari bor edi. Shunda biz kutilmaganda elchixonaga Prezident Karimov tashrif buyurmoqchi ekani haqida xabar oldik. Bu Prezident Karimovning elchixonamizga birinchi bor kelishi edi. Janob Obuchi 1997 yil iyul oyida Parlament a’zosi sifatida O‘zbekistonga kelgan va Prezident Karimov bilan uchrashgandi. Aytishlaricha, u Prezidentda xush taassurot qoldirgan ekan. Prezident Karimov ta’ziya kitobi qo‘yilgan xonaga kirib, o‘z ta’ziyasini bildirdi va suhbat chog‘ida janob Obuchi chinakam do‘st bo‘lganini ta’kidlab, uning bevaqt o‘limidan qattiq qayg‘uda ekanini aytdi.
O‘zbekistonda boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘rtasida bo‘linish yo‘q, bolalar 1-sinfdan 9-sinfgacha bitta maktabda o‘qishadi. To‘g‘ri, akademik litseylar ham mavjud, lekin aksar bolalar 9 yil o‘qishadi.
Universitetlar darajasi juda yuqori, o‘rta maktabni tugatib universitetga kiradiganlari ham bor, lekin maktabdan so‘ng bolalarning aksariyati ish topishga harakat qilishadi.
Iqtisodni liberallashtirish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish jarayonida, umuman iqtisodni yalpi taraqqiy ettirishda yosh texnik mutaxassislarning taqchilligi seziladi. Shuning uchun ham ixtisoslashgan o‘quv muassasalari yaratishga ehtiyoj katta. Ana shu talablardan kelib chiqib, 1997 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston hukumati eng muhim davlat dasturlaridan biri «Kadrlarni tayyorlash milliy dasturi»ni e’lon qildi, natijada ta’lim sohasidagi islohotlar boshlandi.
Yuqoridagi suhbatdan keyin o‘sha paytdagi elchixona maslahatchisi janob Makiyadan tortib hamma xodimlar bu taklif qondirilishi zarur, degan fikrda edilar. Men Prezidentning «biz Yaponiyaga ishonamiz» degan gapini esladim va uchrashuvdan keyin zudlik bilan yapon hamkasblarimni bu iltimos haqida xabardor qildim.
Iltimosnomadan keyin bir necha oy o‘tdi, bu orada mas’ul vazirliklar Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda bu muammoni o‘rganib chiqdi. Natijada kredit ajratishga qaror qilindi. Shunday kelishib olindi – OTB sanoat sohasiga, Yaponiya esa qishloq xo‘jalik sohasiga vasiylik qiladigan bo‘ldi.
2001 yil kuzida Yaponiyadan O‘zbekistonga qishloq xo‘jalik bo‘yicha mutaxassislar yuborildi, O‘zbekistondan esa Yaponiyaning turdosh sohadagi oliy o‘quv yurtlariga ko‘plab mas’ul shaxslar malaka oshirishga jo‘natildi. Bizning yordamimiz faqat o‘quv muassasalari ochish bilan cheklanmay, insoniy bordi-keldilarni ham yo‘lga qo‘ydiki, men bundan g‘oyat mamnunman.
UNIVERSITETLARARO AYIRBOShLASh
Yaponiya va O‘zbekiston universitetlari orasidagi hamkorlik yuksak baholanadi va qadrlanadi. Bunday hamkorlik doirasiga o‘zbek talabalarini yapon oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish, shuningdek, o‘zbek oliygohlariga yapon professorlarini yuborish kiradi.
Men O‘zbekistonda bo‘lgan paytimda bu yerga Vaseda universitetining rektori janob Okushima tashrif buyurib, Tashqi ishlar va Oliy ta’lim vazirlari bilan uchrashdi. Bu tashrif ikki mamlakat universitetlari orasidagi ayirboshlashni yanada kengaytirishga kuchli turtki bo‘ldi. Vaseda universiteti jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga, Iqtisodiyot universitetiga, Toshkent to‘qimachilik instituti va Samarqand chet tillar universitetiga o‘zbek tomonidan yuksak qadrlangan 20 ming nusxaga yaqin o‘quv materiallarini taqdim qildi. O‘zbek talabalarini yapon oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish ham yildan yilga ko‘payib borayotganini menga aytishdi.
YaPON TILI
Mamlakatda yapon tilini o‘rganishga qiziqish kuchli. Toshkent va Samarqanddagi universitetlarning ko‘plab talabalari yapon tilini o‘rganishmoqda. Mamlakatdagi yetakchi o‘quv muassasa – O‘zbekiston Milliy universitetida yapon filologiyasi kafedrasini ochish ham rejalashtirilgan. Markaziy Osiyoda yapon tili bo‘yicha o‘tadigan konkurslarda ko‘pincha o‘zbek talabalari g‘olib bo‘lishadi. 2001 yilda Moskvada o‘tgan MDH mamlakatlari o‘rtasidagi yapon tili konkursida o‘zbekistonlik talaba bosh sovrinni qo‘lga kiritdiki, bu bejiz emas.
O‘zbekistonda yapon tilini o‘qitish borasida mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Toshkentda ish olib borayotgan Reyko Sugano xonim faoliyati muhim o‘rin tutadi, shuningdek, undan boshqa ko‘plab yuqori malakali yapon o‘qituvchilari bu sohada xizmat qilishmoqda. Bu yerda yapon o‘qituvchilari ko‘ngilli sifatida ishlab, o‘zbeklar bilan birga yashab, bir havodan nafas olmoqdalar va yapon tilini alifbodan boshlab sidqidildan o‘rgatmoqdalar.
Farg‘ona viloyatidagi Rishton shahrida esa yapon tilidagi maktab «Noriko gakkyu» ish olib bormoqda. Bu maktab «Komatsu» fabrikasi Rishtonda ish yuritayotgan paytlari janob Ozaki va uning rafiqasi Noriko xonim tomonidan ochilgan bo‘lib, bu ishda ularga o‘sha yerdagi odamlar ham yordam berishgandi, albatta. «Noriko gakkyu» maktabida qiziqish bilan ta’lim olgan bolalar Yaponiyaga ham o‘qishga borishmoqda. Qisqasi, «Noriko gakkyu» maktabining imkoniyati benihoya katta. Aytishlaricha, yaqinda ushbu maktab haqida film yaratilar ekan.
* * *
Biz o‘zbek tuprog‘iga sakura ko‘chatlarini o‘tqazar ekanmiz, mezbonlar bilan bir narsaga kelishdik. 15 –20 yil o‘tgach, ko‘chatlar voyaga yetib, ulkan daraxtlarga aylanadi. Bizda sakuraning gullash mavsumi bayram qilinadi. Ko‘plab yaponlar daraxt yoniga to‘planib, sakura gullariga tikilganlaricha uzoq-uzoq xayol suradilar.
Donishmandimiz Dogen yozganidek, «Sakura gullashi qalbimiz tabassumiga yo‘lak emasmi?» Biz, nasib etsa, 20 yildan so‘ng, aytaylik, 2022 yilda Toshkentda to‘planib, shu go‘zal manzaraga birgalikda tikilamiz.
Yigirma yil oz fursat emas, albatta, hech qursa, o‘n yildan keyin men bahorda, albatta, Toshkentga kelaman. Mutaxassislar fikricha, o‘zbek sakurasi avvalroq, mart oyi o‘rtalarida gullar emish. Demak, sakura gullashidan zavq olmoq uchun avval O‘zbekistonga kelish, keyin Yaponiyaga qaytib, zavqli tomoshani davom ettirish mumkin. Shunday kun kelishini orziqib kutmoqdaman.
Men O‘zbekistonda ko‘p do‘stlar orttirdim, ular menga hamma sohada, jumladan, sakura nihollarini o‘tqazishda hamjihat bo‘lishdi. O‘ylashimcha, bu ko‘chatlar barchamizga o‘z bolalarimizdek aziz bo‘lib qoldi. Ularni birgalikda parvarish qilamiz, zero ular allaqachon Yaponiya va O‘zbekiston do‘stligi ramziga aylanib qolishdi.
Yapon tilidan Behzod Gulmetov va Suvon Meli tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son
* * *
Kioko Nakayama 1940 yil Tokio shahrida tug‘ilgan. 1963 yil Tokio dorilfununini tugatib, ish faoliyatini Yaponiya moliya vazirligida boshlagan. Moliya va iqtisodiy tadqiqotlar sohasida turli vazifalarda xizmat qilgan. Dunyoga mashhur Yapon fondining ijrochi vitse-prezidenti bo‘lgan. K.Nakayama shu kunda Yaponiya parlamenti Yuqori palatasining deputati va Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisidir.
K.Nakayama 1999 – 2002 yillar mobaynida Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi vazifasida ishlab, mamlakatimiz madaniy hayotida faol ishtirok etgan. Nakayama xonimni O‘zbekistonning haqiqiy shaydosi deyish mumkin.