Barcha adabiyot muhiblari singari bolaligimdan kitoblarga oshno edim. O‘quvchilik yillarimda Jyul Vern, Daniyel Defo, Jonatan Svift kabi adiblarning asarlarini sevib mutolaa qilganman. Shu bilan birga mumtoz adabiyotga ham ishtiyoqmand edim. Xususan, hazrat Navoiyni o‘qigim, uqqim kelardi.
Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. O‘shanda Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» kitoblari nashr etilgandi. Majmuani xarid qilayotganimda sotuvchi ayol: «Bu kitob sizga og‘irlik qilmaydimi?» deb so‘radi. Men darrov kitobning salmog‘iga qaradim. To‘plam katta-katta harflar bilan qalin muqovada chop etilgani bois anchagina og‘ir edi. Men sotuvchi ayolga: «Yo‘q, menga og‘irlik qilmaydi» dedim. Oradan yillar o‘tgach, sotuvchi ayol kitobning vaznini emas, undagi fikrlar zalvorini nazarda tutganini anglab yetdim. Ha, hazratning asarlari zalvorini yelkalamoq har kimga ham nasib etavermas ekan.
Kitobga bo‘lgan hayrat va havas yillar o‘tishi bilan meni ijodga yetakladi. Bir paytlar shoir Ma’ruf Jalil aytganidek, she’r yozish uncha mushkul ish emas ekan-u, ammo shoir bo‘lish og‘ir ekan.
Namangan Davlat pedagogika instituti talabasi edim. Ilmgoh devoriy gazetasida «Ajdodlarim – suyanch tog‘larim» nomli she’rim e’lon qilindi. U Robert Byorns ijodi ta’sirida yozilgandi:
Tog‘larim, o, mag‘rur tog‘larim, Sizga nigoh tikkan chog‘larim, G‘animlarga sajdani bilmas, Irodasi sinmas, bukilmas, Vujudimda yashovchi omon, Ajdodlarim ruhin ko‘raman…Shu she’r chiqqach, ertasigayoq negadir gazetadan olinib, o‘rniga boshqa matn qo‘yildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, matbuotda ancha-muncha ko‘rinib qolgan yuqori kurs shoirlari devoriy gazetadagi she’rni olib dekanimiz huzuriga kirishibdi. Sababi, gazetadagi she’rlar davr mafkurasiga to‘g‘ri kelmas ekan.
Keyinchalik professor Odiljon Nosirovning (domlamizning oxiratlari obod bo‘lsin) tavsiyalari bilan shahar gazetasida ilk bor she’rim bosildi. Buni qarangki, bu she’rlar ham kimlargadir yoqmabdi. Domlamizni shahar partiya komitetiga chaqirishdi. Ustozimiz yigirma qator she’rga o‘n varaq sharh yozib berishga majbur bo‘ldilar. Darvoqe, xuddi shunga o‘xshash voqea 1983 yilda «Yoshlik» jurnalida «Gamletsiz tragediya» nomli she’rim bosilganida ham takrorlandi.
Darhaqiqat, odam yoshligida el sevgan insonlarga havas qiladi, ularga o‘xshashga intiladi, bu harakat uning umr kemasini ezgulik sohiliga yo‘naltiradi. Taqdir menga Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, Omon Muxtor, Tursunboy Adashboyev, Muhammad Ali, Dadaxon Nuriy singari bag‘rikeng ustozlarning nazarlariga tushish baxtini nasib etdi. Respublika matbuotidagi dastlabki chiqishim Erkin akaning yordamlari tufayli yuz berdi. Shuning uchun ham o‘tgan asrning saksoninchi yillarida qator majmualarim nufuzli nashriyotlarda chop etildi. U paytlarda viloyatda yashaydigan muallifning «Lirika», «Hozirgi zamon o‘zbek she’riyati» seriyalarida kitob chop qilishi ancha mushkul edi. Bu xayrli ishlar ijodkor do‘stlarimizning xayrixohliklari bois amalga oshdi. «Hozirgi zamon o‘zbek she’riyati» seriyasidagi kitob yozuvchi Asad Dilmurod va shoir Xurshid Davron tomonidan nashrga tayyorlandi. «Sardoba shotutlari» to‘plami shoir Azim Suyunning sa’y-harakatlari natijasida nashriyot rejasiga kiritildi. Bu kitob to bosilib chiqqunga qadar shoir Muhammad Yusuf (ukamizning joylari jannatda bo‘lsin!) nazoratida bo‘ldi.
Ammo o‘rni kelganida shuni ham aytishim kerakki, hozirgacha o‘zim niyat qilgan darajadagi kitobni yozolmadim, biroq:
Elga uchgan bo‘lsa umring oh-u vohdan biror naf yo‘q, Vaqt sarboni boshlab ketgan karvonni qaytarib bo‘lmas.Adabiyot millat tomiridagi qonga o‘xshaydi, agar qon toza bo‘lsa vujud sog‘lom bo‘ladi. Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy singari zotlar nazarida adabiyot eng pok, eng go‘zal san’at edi. Shoir odam «Hofiz yoki Boborahim Mashrab hozir hayot bo‘lganida menga o‘xshab nimanidir ta’ma qilib she’r yozarmidi?» deb o‘ziga o‘zi savol bermog‘i darkor.
Er qa’ridan bitta shoir qilar xitob: “Umrim bo‘yi tinmay yozdim jild-jild kitob. Ammo achchiq qismatimdan yongum o‘qtin, Ijodkorlar olamida o‘rnim yo‘qdir. Ketsa hamki o‘z umrining bahorida, Bayron turar Gyotelar qatorida. Nasimiylar Haq yo‘lida qurbon bo‘ldi, Mening dardim mukofot-u unvon bo‘ldi. Gulni ko‘rib, ko‘rolmadim xazonlarni, Doston qildim men o‘tkinchi yolg‘onlarni. Adashibman, chuchvarani xom sanabman, Na Hofizga, na Mashrabga o‘xshamabman. Men kabilar tirigida o‘lar ekan, Haqgo‘y shoir el yodida bo‘lar ekan”.Mening nazarimda, ijodkor avvalo, komil inson bo‘lmog‘i darkor. Adabiyot daraxtining ildizi adabdir, bejizga yozuvchilar «adib» deb atalmaydi. Biz xokdan yaralganmiz va bir kuni unga qaytamiz. Kabirlik faqat Yaratganga yarashadi. Taniqli adib Gabriel Garsia Markesning vafotidan avval dunyo ahliga yo‘llagan maktubida shunday so‘zlar bor: «Men, kishi o‘zga kishining oyoqqa turib olishi uchun yordam qo‘lini cho‘zayotgan chog‘idagina unga yuqoridan qarashga haqli ekanini angladim». Kibr hatto farishtalar maqomiga yetgan shaytonni ham Iblisga aylantirgan. Shunday ekan, kibr odam bolasini bemalol o‘zligidan mahrum etishi mumkin.
Insonga yarashadigani, har bir ishga adolat bilan yondoshmoqdir. Shu nuqtai nazardan aytsam, bugungi adabiy maydonda noxolislik holatlari ko‘payib borayotgandek. Men hozirgi tanqidchilarni shartli ravishda to‘rt toifaga ajrataman. Birinchi toifaga saviyasi yuksak, halol, vijdonli munaqqidlar kiradi. Ikkinchi toifadagilar maddoh maqolanavislardir. Ular o‘zlari ta’sir doirasiga tushib qolgan bir-ikki ijodkorning reklama agentiga o‘xshaydilar. Uchinchi toifaga mansub tanqidchilar hissiyoti noxush, ohuni so‘yib, terisini ajratib «Buning nimasi go‘zal?» deydigan sayyodni eslatadi. To‘rtinchi toifadagilar esa Aziz Nesinning mashhur hikoyasi qahramonlari kabi u yoki bu shoirning qayerda, qachon tug‘ilgani haqida bahslashib umrguzaronlik qiladilar. O‘tgan asrning 70-80 yillarida shoir Boborahim Mashrabning qayerda dunyoga kelgani xususidagi bahs-munozaralar avj olgandi. O‘shanda «Boborahim Mashrabning tug‘ilgan joyi» nomli ushbu she’r yozilgandi:
Tug‘ilgan makonin anglamoq bo‘lib, Xayolan Mashrabni ayladim tavof. Mening savolimga alamli kulib, Yurtdoshim qaytardi xo‘p qiziq javob: «Bil, tirik chog‘ida xor bo‘lgan zotlar, Odatda, ko‘z yumgach bo‘ladi aziz. Ortidan nechalar yig‘lashar dodlab, Shoniga topilar qirq mingta voris. Meni ham quvdilar toshlarni otib, Yurtma-yurt sudraldim, yurak-bag‘rim qon. Fojialar evazi o‘lmas shuhratim, Ne ajab, talashsa ushbu kun jahon? Yaxshisi sen bunga qilmagin parvo, O‘zimni tinch qo‘y-u, o‘rgan ijodim. Kimki dong taratib o‘lsa mabodo, Erning har burchidan chiqar avlodi.Taassufki, yaqinda o‘sha bahs yana boshlandi.
Ajdodlarimizning mehroblari doim bir tomonda bo‘lgan, vaqt zayliga qarab, uni uyoqdan buyoqqa olishavermagan. Ba’zi bir adabiyotshunoslarni tushunib bo‘lmaydi. Avvallari Boborahim Mashrabni dinning ashaddiy dushmaniga, dahriyga chiqarib qo‘yishgan edi. Keyinroq «Ishq ahlining sultoniman» deb yozgan ijodkorni zohid sifatida talqin eta boshlashdi. Aslida u dahriy ham, zohid ham emas edi, u xalq dardida Qaqnusday yongan bir shoir edi.
Oxirgi paytlarda yana bir tashvishli holat kuzatilayotir: ayrim maqolanavislar adabiyotning zamonlar osha yashab kelayotgan durdonalariga tosh otmoqdalar. Bu ham mutaassiblikning bir ko‘rinishi. Badiiy asarning zohiriga emas, botiniga ko‘proq e’tibor berish darkor. Qaysidir jihatidan bir-biriga o‘xshab ketadigan «Ming bir kecha» va «Dekameron» kitoblari noyob asarlardir. O‘zini adabiyotga daxldor sanagan shaxs Jovanni Bokkachchoni De Saddan farqlay bilishi lozim.
Italyan mutafakkiri o‘z kitobini behayolikni targ‘ib qilish maqsadida yozmagan, jamiyatni axloqsizlikdan himoya etishga mas’ul ayrim rohiblarning munofiqliklarini kinoyaviy tarzda tasvirlab bergan.
Va nihoyat, mulohazalarim intihosida berilgan imkoniyatdan foydalanib, bir gapni aytmoqchiman: men bir muxlis sifatida «Yoshlik» jurnalini doim mutolaa qilib kelaman. Jurnal ilk sonidan boshlab navqiron ijodkorlarga bag‘rini keng ochdi, ularga namuna sifatida jahon adabiyoti durdonalarini berib bordi. Jurnalda dastlabki asarlari bosilgan ko‘plab ijodkorlar bugungi adabiyotimizning zabardast namoyandalariga aylandilar.
«Yoshlik»ni hech qachon yoshlik shijoati tark etmasin!
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 4-son.