Inson taqdiridan qiziq taqdir bormikan? Yo‘q, deydi shoshqaloq odam. Men ham shunday derdim qog‘oz-qalamdan yiroq paytlarim. Sal o‘tib – qog‘oz qoralab, So‘z deb atalmish ne’matning ortidan kun ko‘ra boshlaganimdan beri yuqoridagi savolga hazir bo‘lib javob beradigan bo‘ldim. Javobim shu: inson qismatiday ajib qismat, ajab taqdir So‘zda bor. Nega qiziq bo‘lmasin?! Yetmish-sakson yil umr ko‘rib, turli savdolarga yo‘liqqan odam taqdiridan ajablanamiz-u, ming yillik tog‘u toshlar nurasa ham, hanuz yashab kelayotgan so‘z taqdiri qiziq bo‘lmaydimi!?
Eshitgansiz, avvali So‘z bino bo‘lgan. Xilqatlarning Xoliqi “Bo‘l” degan bir so‘z bilan butun borliqni yaratdi. Hazrat Navoiy aytadi:
So‘z kelib avvali jahon so‘ngra,
Ne jahonki, kavn ila makon so‘ngra.
Chunki mavjud bo‘lsa nuktai “kun”,
Bo‘ldi mavjud toza, yo‘qsa kukun.
Ya’ni, agar “Kun!” – “Bo‘l!” amri bo‘lmaganida edi, biz bilgan va bilmagan butun yaratiqlar toabad kukun – zarraligicha qolardi. O‘zbek tili bir necha daryoning suvi bilan to‘yingan dengizga o‘xshaydi – birda to‘ldi, birda kamaydi. Chetdan so‘z kirib kelishi natijasida ko‘pgina o‘z so‘zlarimiz iste’moldan chiqib ketdi. Yoxud avval boshqa ma’noda ishlatilgan so‘z bir asr o‘tar-o‘tmas boshqa mazmunda qo‘llana boshladi. Lisoniy xazinamizda turkiy so‘zlardan tashqari, arab, fors, mo‘g‘ul, rus va boshqa tillardan o‘zlashgan bir necha minglab so‘zlar borki, ular ham o‘z so‘zimizga aylangan. Buning natijasida tilimiz eng boy tillardan biri bo‘ldi. Ayrim tillarda bir tushunchani nari borsa ikki-uch so‘z bilan ifodalash mumkin bo‘lsa, bizda ko‘p so‘zlarning o‘nlab ma’nodoshlari bor.
Til taqdiriga befarq bo‘lmagan millatgina uzoq yashaydi. Lekin bugungi kunda tilimizga, kundalik turmushda ishlatayotgan so‘zlarimizga e’tiborsiz bo‘lib qolganimiz ham rost. Faqat til bayramidagina (shu kunning borligiga ham shukr!) “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” singari maqollarni takrorlaymiz-u, ammo tilning sof yashashi haqida o‘ylamaymiz. Oddiy xalq-ku, mayli, hatto ayrim tilshunos olimlarimiz ham tilimiz taqdiriga befarq qarayotir. So‘zlarimiz tarixi va taqdiri, taraqqiyoti va tanazzuli haqida Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy kabi ulug‘lardan keyin sanoqli kitob yaratildi. Bular – tilshunos olim Alibek Rustamovning “So‘z xususida so‘z”, atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Til va el”, sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “So‘z latofati” hamda olimlarimiz Nizomiddin Mahmudov va Shavkat Rahmatullayevning ayrim risolalari. Holbuki, hozirgi yoshlar – ijodkor tengdoshlarimiz orasida so‘z etimologiyasi, uning ma’no qirralari haqida bilim tanqisligi sezilayotgan paytda bunday kitoblar judayam zarur. Tilimiz tabiati va sofligi borasida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh tilshunoslarning nihoyatda ozligi esa kishini o‘ylantiradigan yana bir katta masaladir…
Ustozlarga havas qilib, anchadan beri o‘zim uchun qiziq bo‘lgan ayrim so‘zlar tarixi, ba’zilarining bugungi kunda anglatayotgan ma’nolari xususida nimadir yozishni niyat qilib yurgandim. Quyidagi bitiklarimni ana shu havasu niyatning mahsuli sifatida qabul qilgaysiz.
* * *
Oxirgi bandni o‘qib, kimdir “Shuncha gap bejiz gapirilmagan ekan-da”, deb aytishi mumkin. Lekin aytayotib bejiz so‘zi nima degani, deb o‘ylab ko‘rmagani aniq. Be– fors-tojik tilida biror nimaga ega emaslik ma’nosini bildiradi. Bu qo‘shimcha o‘zbek tilidagi -siz qo‘shimchasining o‘rindoshi: beumid – umidsiz. Qolgan qism aslida chiz bo‘lib, tojik tilida “narsa, biror predmet” ma’nolarini anglatadi. Bizning talaffuzimizda ch harfi j holida talaffuz qilinadi. To‘liq tarjima qilinganda bu so‘z narsasiz deganidir. Bu gap bejiz aytilmadi degan gapda endi ma’no sal kengayadi – bekorga, biror sababsiz aytilmagandir degan ma’noni ifodalayapti…
Do‘stingiz sizga bejiz kelma desa, u sizning bo‘sh qo‘l bilan kelmasligingizga ishora qilayotgan bo‘lishi ham mumkin…
Bolalikka qaytargan so‘z
Buxoroda bolalarning “kunjak oldi” degan o‘yini bor. Besh ishtirokchi qatnashadi. Yer yuziga katta to‘rtburchak chiziladi. Uning to‘rt burchagida bittadan ishtirokchi bo‘ladi. O‘rtada esa bitta o‘yinchi qoladi. U o‘zini chalg‘itib, bir-birining joyiga sakrab o‘tayotgan ishtirokchining joyini epchillik bilan egallashi kerak. Joyidan ayrilgan ishtirokchi ham xuddi avvalgi qatnashchidek bo‘sh qolgan burchakka ega chiqquncha ularning joy almashishlariga diqqat bilan qarab turadi.
Maktabni tugatib, to‘rtinchi urinishdagina talaba bo‘lgan men qishloqi bola birdan shaharlikka aylandim: bolalik paytlari qishloq ko‘chalarida o‘ynaganimiz o‘yinlar esdan chiqa boshladi, sheva so‘zlarni deyarli ishlatmay qo‘ydim… Ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimizda hazrat Navoiyning hayoti va ijodiga doir ma’ruzalar o‘qildi. Ustozimiz maktab darsliklariga kirmagan kamida yigirmata g‘azal yodlashni tayinladi. Men Milliy kutubxonaga qatnab, Navoiy hazratning o‘n jildlik kitobining avvalgi to‘rt qismidagi g‘azallaridan yondaftarimga yozib olib, yodlay boshladim. Jumladan, “Oshiq bo‘ldim, pand bermang…” deb boshlanuvchi mashhur g‘azalda shunday misralar bor edi:
Durd kelturding debon, yozg‘irmangiz, ey, ahli zuhd,
Bok yo‘q, zuhdim ridosin kunjiga solib suzing.
G‘azalni yodlash bilan birga uni imkon qadar tahlil qilish vazifasi ham topshirilgan edi. Avvalboshda tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlarni lug‘atdan topib, yozib oldim. Ushbu so‘zlar orasidagi kunj so‘zi o‘sha paytda menga qandaydir qadrdon so‘zday tuyuldi. Bir muddat xotiramni “titdim”. Ma’nosini topolmadim. Noiloj lug‘atga qaradim. Karasam – bu so‘zning ma’nosi burchak ekan. Shu so‘z orqali bir muddat olis bolalikka qaytdim…
O‘zimcha tusmolladim: demak o‘yinimizdagi kunjak so‘zi shu kunjdan yasalgan. Shunday ham bo‘lib chiqdi. Adabiy til va ko‘p shevalardan chiqib ketgan so‘z biz tomonlarda bor ekan, deb faxrlangan bo‘ldim. Lekin baytda boshqa ma’noda qo‘llanilyapti. Kunj so‘zining burchakdan tashqari, og‘ush, quchoq, ich kabi ma’nolari ham bor. Shoir Habibiy bir she’rida shunday deydi: “No‘sh etarman achchig‘-achchig‘ hajru furqat kunjida, Ko‘zlarimning kosasida lab-balab qon, kelmasang”. Bu yerda kunj so‘zi dastlabki ikki ma’noda qo‘llangan, deyishimiz mumkin. Ammo furqat burchagiga chekinib, lab-balab qon yutayotgan oshiq bu fikrni inkor etishi ham mumkin…
Kiprik va tipratikan
Qishloqda yoz mahali kechki ovqatni oilamiz bilan hovlida, so‘ri ustida tanovul qilardik. Hovlimizning ikki tomonida ariq bo‘lar, ariqning atrofida turli o‘tlar o‘sib yotardi. Deyarli har kuni shu o‘tlar orasidan tipratikan biz o‘tirgan so‘ri tomon pildirab kelayotganini ko‘rardik. Qo‘rqmasdi, xuddi it-mushuklardek biror nima berarmikan, degan ilinjda qarab turaverardi. Bizda tipratikanni kirpi deyishardi. Nega shunday, deb so‘rardik. Bilmadim, bizning shevada shunaqa bo‘lsa kerak, deb javob berardi kattalar. Rostdan ham, kitoblarda, radio va televideniyeda bu jonzotni faqat tipratikan deb atashardi.
Universitetning birinchi bosqichida tahsil olib yurgan paytlarimiz. Adabiyot tarixi fanidan “Devonu lug‘otit turk”ni o‘qish vazifa qilib berildi. Toshkentning Beshyog‘och dahasida joylashgan Respublika xalq ta’limi markazining yaxshigina nodir kutubxonasi bor. “Devonu lug‘otit turk”ni izlab shu kutubxonaga bordim. Kutubxonachi ayol yarim soatcha qidirib, uchta katta kitobni olib chiqdi. O‘qish tugul, anchadan beri changlardan tozalanmagan lug‘atni asta varaqladim. Varaqlayotib, kirpi so‘zini uchratib qoldim. Qarasam, tipratikan deb izoh berilgan ekan. Demak, sof turkiy so‘zni biz ishlatar ekanmiz-da, deb quvonib ketdim.
Lug‘atda kirpi so‘ziga “ko‘p tikan” degan izoh berilgan. Demak, sanchiladigan tikani bo‘lgani uchun tipratikan shunday atalgan ekan. Hozir kiprik degan so‘zimiz ham aslan shu so‘z – kirpi bilan o‘zakdosh.
Hazrat Navoiy bir o‘rinda shunday deydi:
Vahki, har kirpigi bir nishtar erur zahrolud,
Garchi bor ul iki nargisda shakarxob to‘la.
Vaqt o‘tishi natijasida so‘zda metateza hodisasi (tovushlarning o‘rin almashishi) yuz bergan: kirpik – kiprik. Qozoq qardoshlarimiz hozir ham kirpik deyishadi. Demak, kipriklarimiz ham tikanga o‘xshagani uchun shunday atalgan bo‘lishi haqiqatga yaqin.
Vazni o‘zgargan vazmin
O‘zbek tilida tovushlarning bir-biriga ta’sir ko‘rsatishi ko‘p kuzatiladi. Ayrim hollarda yonma-yon kelgan tovushlar moslashadi. Yigitcha so‘zini yigichcha deb aytamiz, uch so‘mni usso‘m deymiz. Ayrim so‘zlarda ketma-ket kelgan, joylashuvi talaffuzimizga noqulay bo‘lgan tovushlarni darrov o‘zimizga moslashtiramiz: qulf (aslida qufl), teskari (aslida tersaki), kift (aslida kitf), yomg‘ir (aslida yog‘mur) va hokazo…
Vazmin so‘zi peshonasiga ham shunday taqdir “yozilgan”. Aslan og‘irlik, o‘lchov kabi ma’nolarni anglatadigan vazn so‘zi vazmin so‘zining asosi. Ammo davrlar o‘tishi bilan n harfi m ga joy bo‘shatib bergan – aslida vaznin bo‘lishi kerak. Ammo shakl o‘zgarishi mazmunga ta’sir qilmagan. Asl ma’nodagi og‘irlik o‘z semasi (ma’no-mazmun)ni yo‘qotmagan holda, bugungi kunda ko‘chma ma’noda og‘ir-bosiq, o‘ylov bilan ish tutadigan, salobatli degan mazmunni ifodalaydi.
Paqirning misi chiqdi
Ushbu ro‘zg‘or buyumi chelak, satil ham deyiladi. Paqir so‘zi haqida bir kun bir davrada bahs ketib qoldi. Bir kishi paqirni faqir so‘zi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, chunki, bolapaqir deymiz, avvallari asosan yosh bolalar suv olib kelgan, deb qoldi. Davrada kulgi ko‘tarildi. Kimdir ma’qullagan bo‘ldi…
Shunday odatim bor, biror so‘zni eshitib qolsam, tarixini qidiraman, turli viloyatlardan kelgan tanishlarimdan ularning shevalarida qanday atalishini so‘rayman. Yig‘ilgan so‘zlarni qarasam, o‘ndan oshgan bo‘ladi. Tarixi va asl ma’nosini topolmay, chalkashib ketaman-da, qo‘l siltayman. Lekin baribir xotiraning qaysidir burchida o‘sha so‘z sirligicha qolib ketgan bo‘ladi. Keyin kutilmaganda o‘sha sir ochilib qoladi…
Paqir so‘zi ham shunday ochilmagan qo‘riq edi. Hozirgi chelaklar asosan tunuka yoki sirlangan temirdan yasaladi. Ilgari-chi? Qadimgi turkiy xalqlarda chelakka o‘xshash ichi chuqur idishlar asosan misdan yasalgan shekilli, ajdodlarimiz ularni baqыr deyishgan. Avval mis, keyinchalik misdan yasalgan idishlar baqыr deb ifodalangani Koshg‘ariy bobomiz lug‘atida ham, 1989 yili nashr qilingan “Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazыkov” kitobida ham qayd etilgan.
Juvon – yigit degani…mi?
Biz tomonda to‘ylarda xirom qiladigan raqqosa – o‘yinchini negadir juvon deyishadi. Adabiy tilda turmushga chiqqan yosh ayol ma’nosida qo‘llanuvchi bu so‘z nega aynan o‘yinchilarga nisbatan aytilishiga negadir hayratlanganman. Ammo hozir gap bu haqda emas…
Juvon so‘zi fors-tojik tilidan o‘zlashgan bo‘lib, 1954 yili nashr qilingan «Tadjiksko-russkiy slovar»da bu so‘z so‘zlashuv tiliga xos deyilgan va javon so‘ziga havola berilgan. Bizning tilga har ikkalasi ham qabul qilingan. Juvon mazkur lug‘atda ikki ma’noda – sifat tarzida «yosh» va ot tarzida «yigit» degan ma’noda izohlangan. Javonmardlik deganda yosh va navqiron yigitlarga xos oliy himmatlilik, saxovatpeshalik tushunilgan. Yoshligida umri poyoniga yetgan yigitga nisbatan juvonmarg (yoki javonmarg) bo‘libdi deyilgan.
O‘sha lug‘atda javonduxtar yosh qiz, javonzan esa erga tekkan yosh ayol ma’nosida qo‘llanishi ham qayd etilgan. Demak, javon so‘zi duxtar (qiz) va zan (ayol) so‘zlari bilan birga qo‘llangandagina xotin-qizlarga nisbatan yoshlik ma’nosini ifodalagan. Bora-bora bu so‘zlar talaffuzida qisqarish yuz berib, duxtar va zan so‘zlari tushib qolgan – qisqagina qilib ayolga ham juvon deyishgan. Taqdirni ko‘ringki, borini ayolga baxshida etib kelgan oliyhimmat yigit – javonmard bitta so‘zni ham «hadya» qildi. O‘zi mardligicha qoldi, ayoli juvonga aylandi.
So‘zning olov degan ma’nosi ham borligini bilasiz. Haqrost! Bu ruhimizga quvvat beradi. “So‘zning gulxanida ruhim isindi”, degan edi Rauf Parfi. Ayrim so‘zlarning yillar shamolida o‘chib qolishi ham bor gap. Faqat tilshunos olimlar emas, o‘zbekman degan har bir odam o‘z tilimiz, o‘z so‘zlarimizni ardoqlab, ularning yo‘qolmasligi va kelajak avlodga yetib borishi yo‘lida vijdonan xizmat qilishi kerak. Shundagina ota-bobolarimizdan qolgan ma’naviyat alangasi hech qachon so‘nmaydi.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 11-son