XX asrning boshlarida yurtimizda yangicha ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy harakat – jadidchilik vujudga keldi. Ushbu harakatning ishtirokchilari – shoir, yozuvchi, mudarris yoxud tarixchi bo‘lib, ular xalqni ma’rifatli qilishga, o‘tmishdan xulosa chiqarib, kelajakka o‘zgacha nazar bilan qarashga undashgan. Buning uchun esa birinchi galda tafakkur va dunyoqarashni o‘zgartirish kerak edi. Shu bois jadidlar, avvalo, ziyo maskanlari – maktab va teatrlar ochishgan, bir necha gazeta va jurnallarni ta’sis qilishgan, maxsus darslik va o‘quv qo‘llanmalari tuzishgan.
Millatparvarlarning yirik vakillaridan biri Abdulla Avloniy haqida o‘qir ekansiz, uning dastur va darsliklari gumanistik va erkin tarbiya asosiga qurilgani, eng avvalo, dunyoviy va ilg‘or ilm-fanni bolalarga o‘rgatish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy qobiliyatini shakllantirish kabi ulkan maqsadlar qo‘yilganiga guvoh bo‘lasiz.
Bugun-chi? Bugun ham millat ziyolilari ta’lim va tarbiya yo‘lida bir dam to‘xtagani yo‘q. Innovatsion oqimlar inson ongu shuurini zabt etishga ulgurgan bir pallada hech bir kishiga oson tutib bo‘lmaydi. Ammo gap o‘quv kitoblari, xususan, adabiyot darsliklari haqida borar ekan, arzimas ko‘ringan zarraday kamchiliklardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, bugungi kundagi adabiyot darsliklari qay ahvolda? Ular davr talabiga javob bera oladimi?
Darsliklar yaratish mas’uliyatli va murakkab ishligini hisobga olsak, uzluksiz ta’lim tizimi uchun tayyorlangan darsliklar bir-birini takrorlamasligi, aksincha mazmunan to‘ldirishi, o‘quvchi bilimini bosqichma-bosqich yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. Hozirgi davr maktab darsliklari katta fundamental ish sifatida e’tirofga loyiq. Lekin darsliklardagi ayrim o‘rinlar xususida mulohazalar borki, ularni aytib o‘tishni lozim topdik.
Amaldagi 5-9-sinf adabiyot darsliklarida o‘quvchilar 67 nafar o‘zbek hamda jahon adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodi, shuningdek, turli adabiy janrlar, badiiy tasvir vositalari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishadi. Har bir mavzu oxirida keltirilgan savol va topshiriqlar o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga undaydi.
Avvalo, adabiyot darsliklari o‘quvchilarning yosh xususiyatlari va ruhiy dunyosiga mos bo‘lmog‘i kerak. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, 5-6-sinf o‘quvchilari hali turli o‘yinlarga qiziqadigan, har xil sarguzashtlarga boy ertak va rivoyatlarni eshitishni xush ko‘radigan, multfilmlarni tomosha qilib charchamaydigan yoshda bo‘ladi. Maqolani yozish jarayonida chet el adabiyot darsliklarini o‘rganib chiqdik. Masalan, 5-6-sinf rus bolasi A.Dyuma, J.Vern, M.Tven, E.Seton-Tompson, A.Gofman, L.Tolstoy, A.Pushkin kabi adiblarning bolalarbop sarguzasht asarlarini o‘qiydi. O‘zimizdagi adabiyot darsliklariga ham o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olib, ertak va afsonalar, bolalar yozuvchilari tomonidan yaratilgan sarguzasht asarlar kiritilishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.
To‘g‘ri, 5-6-sinf darsliklarida shunday asarlar bor. Ammo ularning safini kengaytirish lozim. Shu maqsadda, ushbu sinflarda o‘zbek yozuvchilaridan Nosir Fozilov, Erkin Malik, Anvar Obidjon, Qambar Ota hamda jahon adabiyotidan L.Tolstoy, A.Pushkin, I.Krilov, J.Vern, Lafonten, aka-uka Grim kabi ijodkorlarning bolalarga atalgan asarlaridan namunalar berish ayni muddao bo‘lardi. Yuqorida nomlari zikr etilgan ijodkorlar haqida o‘quvchilar eshitgan bo‘lishi mumkin, ammo ular bu adiblarning ijodi bilan tanish emaslar.
To‘g‘ri, bu ijodkorlarning kitoblari nashr etilmoqda, balki maktab kutubxonlariga ham yetib borgan. Ammo o‘quvchilar ularning asarlari haqidagi ma’lumotlarni eng avvalo maktab darsligi orqali bilib olishlari kerak emasmi?
Adabiyot darsliklarida berilgan ijodkorlarning tarjimai holi haqidagi ma’lumotlar xususida to‘xtalib o‘tsak. Ayrim shoir-yozuvchilarning hayot yo‘li bayonida faqat ma’lumotbozlik bo‘y ko‘rsatadi. Ijodkor hayoti va ijodiga oid matnlarda sanalar, joy hamda asarlar nomi ko‘pligidan, nafaqat o‘quvchi, hatto o‘qituvchi ham shoshib qoladi. Masalan, 5-sinfda Maqsud Shayxzoda, 6-sinfda Turob To‘la, 7-sinfda Mirmuhsin va O‘lmas Umarbekov, 8-sinfda Fitrat, 9-sinfda Furqat kabi ijodkorlar hayoti haqidagi ma’lumotlar shu qadar ko‘p va quruq holatda berilganki, bu o‘quvchini toliqtirishi, chalg‘itishi tabiiy.
Quyidagi iqtibosga e’tibor bering: “…yoshlar gazetasida adabiy xodim, O‘zbekiston Davlat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va suxandon, O‘zbekiston Davlat nashriyoti (O‘zdavnashr) muharriri, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida stsenariy bo‘limi mudiri, Respublika Kinochilar uyushmasida kotib, Madaniyat vazirligi san’at ishlari boshqarmasi boshlig‘i, Hamza nomidagi teatr direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiyotni targ‘ib etish markazi rahbari” (6-sinf, 1-qism, 27-bet). Bu – shoir Turob To‘laning tarjimai holidan parcha. O‘quvchiga ijodkorning qaysi mansabda ishlagani emas, qanday asar yozgani, uning mazmun-mohiyati ahamiyatli (aslida, bu yoshdagi bola bu lavozimlarning farqiga bormaydi ham).
Ayrim ijodkorlar haqidagi mavzular sinfdan sinfga o‘tarkan, hech o‘zgarishsiz, qo‘shimcha va to‘ldirishlarsiz ko‘chiriladi. Masalan, 6-sinfda keltirilgan Muqimiy hayoti haqidagi ma’lumotni olaylik. Shoirning vafotidan keyin, uning 4-5 ta to‘plami nashr qilingani haqida aytmasak, 5-sinf darsligida berilgan ma’lumotlar shundayligicha takrorlangan. Shuningdek, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov kabi ijodkorlarning ham tarjimai hollari o‘zgarishsiz, yangi ma’lumotlarsiz darslikdan-darslikka ko‘chib o‘tavergan.
Hazrat Alisher Navoiy – ma’naviyatimiz quyoshi, ulug‘ mutafakkir. Ul zoti sharifning ibratlarga to‘la hayot va ijod yo‘li maktabgacha ta’lim muassasalari hamda boshlang‘ich ta’lim jarayonidan yosh avlodga o‘rgatilib kelinayotgani tahsinga loyiq.
Ammo darsliklarda Navoiy ijodi haqidagi mavzular, bizningcha, tizimli ravishda berilmagan. Masalan, 5-sinfda ulug‘ shoir hayoti va ijodi haqida ikki sahifa, 6-sinfda esa bir sahifagina ma’lumot berilgan bo‘lib, barchasi umumiy gaplardan iborat bo‘lib qolgan. Vaholanki, 6-sinfda o‘quvchilar Alisher Navoiy haqida avvalgi sinfda berilmagan ma’lumotlarni o‘qishlari, ul zotning hayoti va ijodiga taalluqli yangi bilimlarga ega bo‘lishlari kerak edi.
Ayni shu 6-sinfdagi Alisher Navoiy mavzusidan keyin berilgan savol va topshiriqlar qismida “Alisher Navoiy siymosi aks etgan qanday badiiy kitob va boshqa san’at asarlarini bilasiz?” degan savol bor. To‘g‘ri, 5-sinfda adib Mirkarim Osim qalamiga mansub “Zulmat ichra nur” qissasidan parcha berilgan. O‘quvchilar, agar yaxshi o‘qigan bo‘lishsa, shuni aytishlari mumkin. Ammo 6-sinfning o‘zida shoir tarjimai holida bu haqda biror gap aytilmagan. O‘quvchi bu savolga qanday javob berishi mumkin?! Darslikning keyingi nashrlarida Alisher Navoiy siymosi aks etgan badiiy kitob va boshqa san’at asarlari haqidagi ma’lumotlar ham kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shuningdek, 6-sinf darsligida xuddi quyi sinfdagidek Navoiy haqida yozilgan biror asarni berish foydadan xoli bo‘lmaydi. Masalan, Oybekning “Alisherning bolaligi” asaridan parchalar berilsa, buyuk bobokalonimizni quruq faktlar bilan emas, badiiy tasvir orqali yaxshiroq tanitgan va o‘quvchilarda ul zotga nisbatan mehrni yanada oshirgan bo‘lardik.
Hozirgi o‘quvchilardan hazrat Navoiyning qaysi g‘azallarini bilasan, deb so‘rasangiz, “Kecha kelgumdir debon…”, “Ko‘rgali husnungni zoru…” kabi g‘azallari, “G‘urbatda g‘arib…”, “Zohid sanga huru…” singari ruboiylarinigina aytishadi, xolos. Afsuski, buning asosiy sababi bir necha yildan beri o‘zgarmasdan, shunda ham faqat 8-sinf darsligidagina berib kelinayotgan “dejurniy” she’rlar. Aslida, darsliklarda Alisher Navoiy ijodidan namunalarning berilish tizimi ham munozarali. E’tibor bering: 5- va 6-sinflarda hazratning “Hayrat ul-abror” va “Mahbub ul-qulub” asarlari, 7-sinfda “Sab’ai sayyor” dostonidan parchalar, 8-sinfda bir turkum g‘azal hamda qit’alari, 9-sinfda esa “Farhod va Shirin” dostonidan parchalar berilgan. Nahotki, butun bir yosh avlod faqat 8-sinfda akasi, opasi, amakisi, xolasi yodlagan g‘azallarni yodlashi kerak!? Axir, hazrat Navoiyning o‘zbek tilida yozilgan 2600 dan oshiq g‘azali bor-ku!
Shu maqsadda har bir sinf darsligiga shoir g‘azallariyu ruboiylaridan, qit’alari va tuyuqlaridan namunalar hamda ularning tahlillarini kiritish lozim.
7-sinfda “Sab’ai sayyor” dostonidan parcha berilgan. Bizningcha, birinchi galda asar nima uchun “Etti kezuvchi” deb nomlangani, uning asosiy syujeti va mazmun-mohiyati haqida o‘quvchiga tushuncha berilishi kerak edi. Ammo bu asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, tuzilishi haqida bir jumla bo‘lsa-da, ma’lumot berilmagan. Shoir hayoti tugaroq, “Beshinchi iqlim yo‘lidan kelgan musofirning doston orolig‘i”, deb Mehr va Suhayl haqida voqealar boshlanib ketgan. Aslida bu asar shoh Bahrom hamda uning husn va tafakkurda tengsiz bo‘lgan yori Dilorom haqida bo‘lib, Bahromning shoshqaloqligi va kaltabinligi oqibatida Diloromdan ayrilgani, Bahromni chalg‘itish uchun turli rangdagi yettita qasr qurilib, yetti kecha unga turli rivoyatu afsonalar aytilgani, Mehr va Suhayl haqidagi rivoyat beshinchi kecha – chorshanba kuni moviy qasrda bir jahongashta sayyoh tomonidan aytilganini o‘quvchilar bilmay ulg‘ayishmoqda. Shunday ekan, “Sab’ai sayyor” qanday asar, deb so‘raganingizda, Mehr va Suhayl haqida deyishsa, hech ajablanmang…
Darslik yaratish mushkul ish. Buning uchun katta bilim va salohiyat, mehnat qilish kerak. Shu bois kitoblar bir nechta muallifdan tarkib topgan jamoa tomonidan yozilgan. Amaldagi darsliklarning mualliflari ham taniqli, chuqur bilimga ega bo‘lgan adabiyotshunos olimlar. Darsliklar 4-5 yilda yangilanadi (oxirgi o‘n yillikdagi yangilanishlar unchalik farq qilarli darajada emas). Ammo mualliflar o‘zgarmaydi. Bizningcha, maktab darsliklarini tuzadigan mualliflar tarkibini qayta shakllantirish, to‘ldirish kerakday. Bu bilan hozirgi darsliklarning muallifi bo‘lgan hurmatli olimlarimizni qatordan chetlatish kerak, demoqchi emasmiz. Faqat kitoblarning saviyasini va mavzu mundarijasini yana yuksaltirish uchun mualliflar safini kengaytirish tarafdorimiz, xolos. Dunyoni teran anglaydigan, uyg‘oq fikrli kitobxonlarni tarbiyalab voyaga yetkazish adabiyot ta’limining kechiktirib bo‘lmas birlamchi vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari, adabiyotshunoslikning yangi so‘zi asosida zamonamizning yuksak sur’ati va shiddatli tafakkuri darajasiga munosib bo‘lgan, mukammal darsliklar yaratish lozim. Bu ishga millat bolalarini sevgan, ularning kelajagi va ma’naviy dunyosi uchun o‘zini javobgar deb biladigan har bir ezgu niyatli kishi daxldor bo‘lishi kerak.
Shu maqsadda, darslik-majmualarda adabiyotning turli sohalari – nasr, nazm va dramaturgiya yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borayotgan, turli oliy o‘quv yurtlarida adabiyot ilmi bo‘yicha saboq berayotgan, adabiyot o‘qitish metodikasi bilan muntazam shug‘illanayotgan yuksak salohiyatga ega fan doktorlari va professorlarni ham jalb qilish lozim. Bunday deyishga ham sabab bor. 9-sinf adabiyot darsligida mumtoz adabiyot vakillaridan Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Furqat kabi ulug‘ shoirlar bor. Ammo darslik mualliflari safida na navoiyshunos, na boburshunos, na ogahiyshunos, umuman olganda, mumtoz adabiyot olimlari bor. Agar ushbu darslik mualliflari navoiyshunos olimlarni ijodiy hamkorlikka chorlab, birga ishlaganlarida edi, “Farhod va Shirin” dostonidagi “Mashaqqatdin yigitni el qori der/ Ki, qozilmish iki-uch yuz qori yer” bayti “Mamlakatdin yigitni el qari der/ Ki, qozilmish iki-uch yuz qari yer” deb tushunarsiz holda darslikka kiritilmasdi. Yoki bo‘lmasa, 5-sinfda Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi mavzuda shoirning “Hajringda bu tun ko‘ngilda qayg‘u erdi / Vaslingg‘a yetishmadim, jihat bu erdi / Ohim tutuni birla ko‘zimning yoshidin / Yo‘l balchiq edi, kecha qorong‘u erdi” ruboiysining oxirgi ikki misrasi shunday izohlanadi: “Keyingi ikki satrda shoir hazil-mutoyibaga o‘tadi. Fojia hazil bilan beriladi…” Bizningcha, bu yerdagi holatni fojia deyish va shoirning izohini mutoyibaga yo‘yish to‘g‘ri emas. Oh tutun kabi atrofni tuman kabi zim-ziyo qilishi, ko‘zidan oqqan tinimsiz yosh sabab hammayoq loy-balchiq bo‘lishi – bu mubolag‘a, bo‘rttirish san’atidir.
Shuningdek, darsliklarda berilgan xalq og‘zaki ijodiga doir namunalar – turli xalq qo‘shiqlari, maqol va topishmoqlar, dostonlarning tahlilida ham folklorshunos olimlarning ko‘magidan foydalanish mumkin edi…
Adabiyot darsliklarida bir qancha ilmiy-uslubiy, imloviy xatolar ham mavjudki, ularni tuzatish maqsadga muvofiqdir. Quyidagilarga e’tibor bering:
- 5-sinf darsligida Imom al-Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” kitobi to‘g‘risida fikr yuritilib (31-bet), ushbu kitobga 600 ming hadisdan 7397 ta hadis kiritilgani aytilgan. 7-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 102-betida “Al-jome’ as-sahih”ga kiritilgan hadislar soni 7275 ta deb ko‘rsatilgan. Bir necha yil bo‘ldiki, bu tafovut hech kimning e’tiborini tortmadimi, shundayligicha qolib ketayotir. Faraz qiling, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonidagi abituriyentga ona tili va adabiyot, tarix hamda chet tilidan iborat testlar to‘plami keldi. Ikki fandan tuzilgan testlarda ham bir xil – Imom Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” kitobiga qancha hadis kiritilgan, degan savol berildi deylik. O‘z-o‘zidan ma’lumki, abituriyent ikkala fan kitobida qanday yozilgan bo‘lsa, o‘shani belgilaydi.
Xo‘sh, o‘quvchilarni chalg‘itayotgan ma’lumotning aslida qaysi biri haqiqatga yaqinroq? Bu savolga to‘g‘ri javobni 2017 yili “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr qilingan “Islom” entsiklopediyasidan topamiz: “Undan (“Al-jome’ as-sahih” – H. M.) Imom Buxoriy tomonidan to‘plangan 600 mingga yaqin hadis orasidan ishonchli hadislar sifatida tanlab olingan 7275 hadis (takrorlanadiganlari bilan birga) joy olgan. To‘plamda takrorlanmaydigan hadislar soni 4000 dan iborat” (415-bet). Ushbu entsiklopediya bir necha tarixchi olimlar, islomshunoslar, diniy ulamolar tomonidan tayyorlangan. Demak, hadislarning 7275 taligi haqiqat. Shunday ekan, 5-sinf adabiyot darsligining keyingi nashrida bu ma’lumot to‘g‘rilanadi, degan umiddamiz.
– 5-sinf adabiyot darsligining 2-qismida Alisher Navoiy 90 yoshli Lutfiy bilan ko‘rishganida 12 yoshda ekani aytiladi. Hazrat Navoiyning tug‘ilgan yilidan kelib chiqsak, bu voqea 1453 yilda yuz bergan. 8-sinf adabiyot darsligida Lutfiyning tug‘ilgan sanasini 1366 yil deb ko‘rsatilgan. 1366 ga 90 ni qo‘shsak, 1456 hosil bo‘ladi. Demak, bu ma’lumotda ham tafovut bor.
– 5-sinfda turli afsona va rivoyatlardan iborat hind eposi sifatida “Panchatantra” va “Kalila va Dimna” alohida asarlar sifatida sanab o‘tilgan. 8-sinfda esa u bitta asar sifatida izohlangan: “…sanskrit tilida mashhur “Panchatantra”, ya’ni keyinalik “Kalila va Dimna” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan buyuk didaktik asar dunyoga keladi” (72-bet).
8-sinfdagi ma’lumotga tayanilsa, ikkala asar bitta ekanligi oydinlashadi. Ko‘rinib turibdiki, ma’lumotlar bir-birini inkor qiladi.
– 6-sinfning 1-qismida Turob To‘laning “Etti zog‘ora qissasi” asaridan olingan “Do‘nan” nomli hikoyaning hajmi to‘rt sahifa. Ammo hiqoya haqidagi tahlil undan katta – olti sahifani egallagan. Bizningcha, tahlilning haddan ziyod ko‘pligi o‘quvchining fikrlashi uchun imkon qoldirmaydi.
– 6-sinfda G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi berilgan bo‘lib, mavzu oxirida shunday savol keltirilgan: “Adabiy asar asosida yaratiladigan kinofilm yoki spektakllar o‘sha asar bilan bir xil bo‘lishi kerak, deb hisoblaysizmi? Kinofilm va qissaning o‘ziga xos hikoya yo‘sinini solishtirishga harakat qiling”. 12 yoshli bolaga bunday savol bilan murojaat qilish to‘g‘rimikan?!
– 9-sinfda berilgan “Farhod va Shirin” dostonida ham mazmunga putur yetkazadigan bir qancha imloviy xatolar bor. Masalan: “Bu farni hodiyi baxt yetgach irshod, Ravon shahzoda otin qo‘ydi “Farhod” (aslida “Bu farni hodiyi baxt etgach irshod, Ravon shahzoda otin qo‘ydi “Farhod”); “Bu jalvalkim, chekibdurlar aroda, Ariq qozmoq qilibdurlar iroda” (aslida “Bu jadvalkim, chekibdurlar aroda, Ariq qozmoq qilibdurlar iroda”); “Ne imkonim qaror o‘lg‘ay ko‘ngulga, Tasalli oshkor o‘lg‘ay ko‘ngulga” (aslida “Ne imkonkim qaror o‘lg‘ay ko‘ngulga, Tasalli oshkor o‘lg‘ay ko‘ngulga”).
– Yana shu sinfda mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti haqidagi mavzuda “Shoirning to‘yi”, “Chapaklar va chalpaklar mamlakatida” nomli asarlar muallifi sifatida “A.A’zam” degan ism-sharif ko‘rsatilgan. Zamonaviy o‘zbek adabiyotidan boxabar bo‘lgan kishi bu asarlar Ahmad A’zamga emas, Erkin A’zam qalamiga mansubligini biladi.
– 5-sinfda Sa’diy Sheroziy hayoti va ijodidan keyin berilgan topshiriqlarda shunday savol bilan murojaat qilinadi: “Tab’i aybjo‘ylik bo‘lsa agar bas, Tovus oyog‘idan boshqasin ko‘rmas” satrlari ma’nosini tushuntirib bering”. Xo‘sh, 12-13 yoshli bola shu savolga javob topa oladimi? Aslida, Shayx Sa’diyning asarlaridan olingan she’riy parchalarni birinchi galda tahlil qilish, o‘quvchilarga soddaroq tilda tushuntirish lozim edi. Ammo mualliflar bundan chekinib, yuqoridagi kabi savollar bilan o‘quvchini o‘ylantirib qo‘yishmoqda.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga to‘xtalsak. Til va adabiyot sohasining ham ilmiy, ham amaliy jabhasi bo‘lgan muassasalar – O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tasarrufidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nega darslik yaratish jarayoniga jalb qilinmaydi? Kelajak egalarining tafakkurini rivojlantirish va ularning ko‘ngliga ezgulik hamda to‘g‘rilik urug‘larini qadashda, nahotki, sanoqli mutaxassislarning maqolalariyu taqrizlari yetarli bo‘lsa?! Bizningcha, bu ishda ko‘pchilik bo‘lib, bahamjihat ishlagan ma’qul. Shu boisdan ham, yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlarni darslik yaratish jarayonida bevosita ishtirok etishlari, o‘z fikr-mulohazalari bilan darsliklarning yanada mukammalroq bo‘lishiga hissa qo‘shishlari kerak.
… Yaqinda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun repetitorga qatnaydigan bir yigit bilan suhbatlashib qoldim. Adabiyot sohasiga yaqinligimni bilib, “Hozir ham tirik shoirlar bormi?” deb qoldi. Daf’atan kulib yubordim. Kulganimdan xijolat bo‘ldimi, “To‘g‘ri-da, darslikdagi hamma shoirlar vafot etgan. Hozir ham yashab ijod qilayotganlari kiritilmagan, demoqchiman”, dedi. Bu gapdan keyin esa kulolmasdim, aksincha, ich-ichimdan xo‘rsindim. Negaki, bu yigit darslikka qarab, bugungi kunda adabiy asarlar yaratilmayapti, boshqa shoir-yozuvchi yo‘q ekan, degan xayolga borayotir.
Afsuski, bunday yoshlar (abituriyentlar) ko‘plab topiladi. “Bularning hozirgi adabiy jarayondan uzoqligiga o‘zlari aybdor, gazeta-jurnal o‘qishmaydi, televideniyedagi badiiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarni ko‘rishmaydi”, deydiganlar ham topilsa kerak. Balkim.
Yaxshiyamki, oliy o‘quv yurtlaridagi kirish imtihonlarida ona tili va adabiyot fani qo‘yilgan ekanki, ko‘pchilik yoshlar test uchun bo‘lsa-da, shoir-yozuvchilarimizning hayoti va ijodini o‘qib, yodlashmoqda.
Shu ma’noda, adabiyot darsliklari bugungi adabiy jarayon darakchisi bo‘lishi ham kerak. Omon Matjon, Muhammad Ali, Halima Xudoyberdiyeva, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, Yo‘ldosh Eshbek, Usmon Azim, Xurshid Davron, Azim Suyun, Mirza Kenjabek, Xurshid Do‘stmuhammad, Eshqobil Shukur, Sirojiddin Sayyid, Nazar Eshonqul, Iqbol Mirzo, Shoyim Bo‘tayev, Luqmon Bo‘rixon, Isajon Sulton, shuningdek, marhum ijodkorlardan Muhammad Rahmon, Matnazar Abdulhaqim, A’zam O‘ktam, Ravshan Fayz kabi shoir-yozuvchilarning borligi, ularning ajoyib asarlari o‘zbek adabiyotining eng yaxshi namunalari ekanligidan bexabar avlodning ko‘pligiga ham ayni shu hol – maktab darsligida zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakillarining, “tirik” ijodkorlarning yo‘qligi sabab bo‘layotir. Bundan tashqari, Shukur Xolmirzayev, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon kabi ijodkorlarning yurt va millatni sevishga undaydigan, erk va ozodlik kabi muqaddas tuyg‘ularni o‘z asarlarida bosh g‘oya sifatida aks ettirgan asarlari negadir darslikdan tushib qoldi… Ularning o‘rniga kiritilgan Saida Zunnunova, Xayriddin Saloh, Turob To‘la, Mirmuhsin kabi ijodkorlarga ehtirom ko‘rsatgan holda ismlari avvalroq keltirilgan shoir-yozuvchilar haqida ham o‘quvchilar bilishi, asarlarini o‘qib o‘rganishlari lozim, deb hisoblaymiz.
To‘g‘ri, 9-sinf darsligining oxirgi mavzusida mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti haqida muxtasar ma’lumot berilgan. Ammo ushbu mavzu may oyining oxirlariga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, bu mavzuning o‘tilishi gumon (ushbu mavzu matni mustaqillik davridagi o‘zbek adabiyotining ahvoli haqida xorij jurnalida e’lon qilish uchun yozilgan taqrizga o‘xshaydi: muallif va asar nomlari ko‘p, umumiy gaplardan iborat). Qolaversa, o‘quv yili oxirida darslar ta’til kayfiyatida o‘tilishi sir emas. Ayniqsa, 9-sinf o‘quvchilari bitiruv imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rib, nafaqat adabiyot, balki boshqa fanlarni ham diqqat bilan o‘qib, o‘zlashtirishmaydi. Shuning uchun hech bo‘lmaganda 7-, 8-, 9-sinflarda yuqorida nomlari sanab o‘tilgan ijodkorlarning hayoti va ijodini yoritish ayni muddao bo‘lar edi.
Shu o‘rinda yana bir narsani eslab o‘tish kerak. Akademik litseylarning 3-bosqich adabiyot darsligining oxirgi bo‘limida mustaqil o‘qish uchun hozirgi adabiy jarayon vakillari asarlari berilgan. Ammo bular ham o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan o‘qilmaydi. Sababi bo‘limning nomidan bilinib turibdi: mustaqil o‘qish uchun! Shuning uchun ham hozirgi davr ijodkorlarini maktab darsliklariga kiritish zaruriy holga aylandi.
Yuqoridagi barcha fikrlar oddiy bir kitobxonning mulohazalari deb qaralishini istardik. Biz darsliklar mualliflarini tanqid qilish yoki ularga aql o‘rgatish iddaosidan yiroqmiz. Istagimiz, ushbu fikrlar taklif sifatida qabul qilinib, agar ma’qul bo‘lsa, keyingi nashrlarda e’tiborga olinsa…
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 3-son