“Diniy ilm” deymiz, “dunyoviy ilm” ham bor. “Siyosat” deymiz, lekin bunda, negadir, “dunyoviy siyosat”ni tushunamiz, vaholanki, “diniy siyosat” ham bor, faqat, biz shu atamani ishlatmaymiz xolos.
Xuddi shu tushunchalar singari, “diniy ekstremizm” bor bo‘lsa, “dunyoviy ekstremizm” xam bor-da! Axir, “ekstremizm” so‘zini ishlatgan nazariyotchilar bekorga “diniy” demaganlar-ku! Ularning ongidan “dunyoviy ekstremizm” tushunchasi ham o‘tib turgan bo‘lishi kerak, lekin lom-mim demaganlar, uni boshqacha tushuncha bilan ataganlar (bu haqda quyiroqda to‘xtalamiz).
Aytilgan ikkita tushunchani yonma-yon qo‘ygan odamda, “Ekstremizm nima, o‘zi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Lotincha “ekstremum” so‘zining lug‘aviy ma’nosi – biror narsani tavsiflovchi ko‘satkichning eng kichik va eng katta qiymati demakdir. Masalan, muayyan bir jug‘rofiy makonga xos havo haroratining ekstremal qiymatlari bor, oraliq qiymatlari bor. Bunday bilim o‘rta maktabning yuqori sinflarida, matematika fani bo‘yicha o‘rgatiladi.
Demak, matematika nuqtai nazardan qaraganda, ekstremum tushunchasi eng katta yoki eng kichik qiymatni yoki ikkovini birvarakayiga anglatsa, hayotiy nuqtai nazardan “biryoqlamalik” (eng chekka) degan ma’noga ega. Masalan, kimda-kim, hayotiy bir muammoni hal etishda nuqul biryoqlama ketaversa, ya’ni eng chekka holatni yoqlab, “Mana shunday bo‘lishi kerak, tamom-vassalom!” deb turaversa va bunday holat muttasil davom etaversa, u odamga ekstremist deb baho bersa bo‘ladi. Bir-ikki martagina shunday bo‘lsa, ekstremist deb bo‘lmaydi, balki “qat’iylik” deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Qur’oni karimda odamzod o‘z jamiyatini qaysi shaklda boshqarishi kerakligi aytilmagan, lekin bor-yo‘g‘i bittagina so‘z shunga aloqador, u ham bo‘lsa – Zakot! Mabodo, bir jamiyat Zakotni mahkam tutib, uni amalga oshirishga kirishsa, davlat strukturalari o‘z-o‘zidan kelib chiqaveradi. Bunda mahkamalarni ko‘plab variantlarda tashkil etish imkoni bo‘ladi. Buyog‘i, jamiyatning o‘ziga, ya’ni odamlarning e’tiqodiga, iymoni, halolligi, intizomi va shu kabi xislatlariga bog‘liq. Diniy davlat bo‘ladimi, monarxiyami, yarimmonarxiyami, respublikami, bari bir!
Alloh Qur’onni nozil qilib qo‘yib, bandalarini ekstremizmdan qaytargan, ya’ni kofir bo‘lib qolmang (eng kichik qiymat) ham, juda berilib ham ketmang (eng katta qiymat), o‘rta yo‘lni tuting (o‘rta ummat, o‘rta millat bo‘ling) degan (Baqara, 143-oyat). Buning sababi – eng chekka qiymat (holat)lar turli ta’sirlarga berilib, buzilib ketish ehtimoli bor ekan. O‘rta qiymat (holat) tashqi ta’sirlarga duchor bo‘lganda ham, ekstremal qiymatlar oralig‘ida qolaverar ekan (Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tafsiri Hilol, 1-jild, 121-bet).
Islom dini hamma hayotiy masalalarda o‘rtacha yo‘l tutishni maslahat beradi (“vasatiya”). Ekstremal qiymatlar orasida boshqa (oraliq) qiymat (holat)lar juda ko‘p, shulardan qaysinisi o‘rta qiymat (holat) bo‘ladi? Eng kichigiga yaqinrog‘imi yoki eng kattasiga yaqinrog‘imi yoki qoq o‘rtasidagimi, degan savollar tug‘iladi. Bu – qiyin masala, har bir odam o‘zining saviyasiga qarab mo‘ljal olishi kerakka o‘xshaydi. Nima bo‘lganda ham, ana o‘sha “o‘rtacha yo‘l” yoki “vasatiya” (o‘rtacha holat, daraja, miqdor va hokazo) hozirgi dunyoviy ilmlar tilida “maqsadga eng muvofiq” yoki “optimal” (holat, daraja, miqdor va hokazo) deyiladi.
Alloh mo‘minlarni ekstremizmdan qaytargan ekan, demak, islom dini ekstremizmni keltirib chiqaradi, deyish, islomni bilmaslik yoki g‘arazli munosabatdan boshqa narsa emas. Mabodo, dindor odamlar ekstremistik harakatlarga qo‘shilib ketsa, bu hech qachon diniy masalalar va muammolar bilan bog‘liq bo‘lmaydi, balki adolatsizlik va moddiy manfaatlardan kelib chiqishi mumkin.
Diniy ekstremizm tushunchasiga ozmi-ko‘pmi yondoshib, izoh berdik. Xo‘sh, dunyoviy ekstremizm nima ekan? Qanaqa misollar keltirish mumkin?
Diniy ekstremizm qanchalik muqarrar bo‘lsa, dunyoviy ekstremizm ham shunchalik mavjud. Tabiat jarayonlarida ham, ijtimoiy jarayonlaru ishlab chiqarish va iqtisodiyotda ham ekstremal va oraliq holatlar bor. Olimlarning vazifasi ulardan maqsadga eng muvofig‘ini, ya’ni “optimal holat”ni topib, hayotga joriy qilishdan iborat. Ba’zan “eng kichik qiymat (holat)” optimal bo‘lib chiqsa, boshqa masalalarda “eng katta qiymat (holat)” yoki “oraliq qiymat (holat)” shunday bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy hayotda bo‘ladigan dunyoviy ekstremizm uchun sho‘rolar tuzumidagi mafkuradan misollar keltiramiz.
Kommunistik mafkura kuchayib ketgan bir davrda (o‘tgan asrning 60-yillari) “Kommunizm quruvchisining ma’naviy kodeksi” ishlab chiqildi va odamlar ongiga singdirildi. O‘n ikki banddan iborat bu kodeksning to‘rtta bandida murosasizlik, toqatsizlik degan ekstremistik so‘zlar ishlatilgan. Kimda kim kommunizm g‘oyalarini yoqtirmasa, dushman hisoblangan, shuning uchun bironta odam bunday fikrini ochiq aytolmagan.
“Dushman” so‘zini har kimga nisbatan ishlataverish to‘g‘ri emas-da! Deylik, kimdir kommunistik g‘oyalarni yoqtirmaydi. Nima bo‘pti?! Shuning uchun uni dushman hisoblab, toqatsizlik, murosasizlik, ayovsizlik qilish kerakmi? Hayot o‘zi shunaqa – odamlarning tabiati har xil bo‘lgani kabi, dunyoqarashi ham o‘ziga xos. Murosa qilib, odamgarchilikni unutmasdan muomala qilaverish yaxshiroq emasmi? Agar ilgari surilayotgan g‘oyalar hayotiy, ayni muddao bo‘lsa, amalga oshsa, kommunizmni yoqtirmaganlar o‘z-o‘zidan safga kelib qo‘shilaveradi, bo‘lmasa – yo‘q.
Kommunistik mafkura, uni qo‘llab-quvvatlamagan odamni ezib-yanchib tashlar edi. Hamma birdek fikrlashi talab etilar edi. Mana bu – dunyoviy ekstremizmning eng cho‘qqisi bo‘lgan.
Agar, ongli hayoti sovet hokimiyati davrlarida o‘tgan odam, mustaqillik davrida, qonunda tarif berilganidek, ekstremist bo‘lib chiqsa, bunga islom dinini emas, kommunistik mafkurani aybdor qilib ko‘rsatish kerak. Shu adolatliroq hukm bo‘ladi.
Garchi kommunistik mafkuraning umri tugagan bo‘lsa-da, u davrlarda yashab, o‘sha mafkura ostida tarbiyalangan, o‘sha ekstremistik g‘oyalarni o‘z ongiga singdirgan odamlar hali ham ko‘p. Ular ichida ekstremistik odatlardan qutulganlar bor, qutulolmasdan, o‘sha odatlarini turli-tuman shakllarda namoyon qilayotganlar ham topiladi. Masalan, diniy ekstremizmda ayblanib, kamoqqa tashlanganlar ustida sotsiologik, psixologik tadqiqotlar o‘tkazilsa, kommunistcha ekstremistik odatlardan qutulolmaganlar ko‘plab topilishi mumkin.
Kommunistik mafkura yo‘q bo‘ldi, shu bilan dunyoviy ekstremizm ham tugadi hisobmi?
Yo‘q, biz istaymizmi, istamaymizmi, ekstremizmning bunday turi bari bir mavjud. Bunga hozirgi hayotimizdan minglab misollar keltirish mumkin, biz ularni aytib o‘tirmaymiz, jamiyat hayotiga oid har qanday masalaga doim biryoqlama munosabatda bo‘lish (“ekstremum”ning lug‘aviy ma’nosini eslang!) “dunyoviy ekstremizm” ga tortib ketadi. Bu tushuncha hech tilga olinmaydi, lekin uning muqobili – “maksimalizm”ni siyosatchilar bilibmi, bilmaymi, ba’zan tilga oladilar, baribir, bu “izm” bee’tibor qolaveradi.
Qudrat Do‘stmuhammad
2016 yil, 3 dekabr
e-mail: [email protected]