[Mutlaqo maxfiy emas] Dadaxon Nuriy. Yadro bombasi bizga kerakmi?

– Toshkent shahri atrofida radioaktiv chiqindilar ko‘milganmi?
– Buxoro va Qizilqumdagi ulkan gaz zaxirasi Rossiyaga tashib ketilganmi?
– 1966-1979 yillar orasida Buxoroda 4 marta yadro portlashlari bo‘lganmi?
– Gazli zilzilasining asl sababi nimada?
– Orol dengizidagi orollarda biokimyoviy qurollar sinalganmi?
– Toshkent zilzilasi uyushtirilganmi?
– Bizga AES kerakmi?

Mashhur yozuvchi, publitsist Dadaxon Nuriyning inkor etib bo‘lmas fakt, dalil-ashyolar va guvohlarning so‘zlari hamda o‘z ko‘rganlari asosida ko‘targan mulohazalari qalbi ochiq har bir o‘quvchini mushohadaga chorlaydi.

“Vijdon hayqiriqlari” triptix-romanining ikkinchi fasli hisoblanmish ushbu kitob muallifi bundan sal kam 50 yilcha muqaddam Buxoro va uning uzoq-yaqin sarhadlari bo‘ylab qilgan ijodiy safari paytida “qadimiy shaharga bomba qo‘yib portlatish” maqsadida, uning karta va chizgilarini qog‘ozga tushirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan, qo‘poruvchi “shpion”ning sherigi deya gumonsirab, qo‘lga olish chog‘ida pistoletdan otilgan o‘qdan tasodifan omon qolgan unutilmas kundan boshlab (bu haqda yozuvchining sarguzasht qissasi bor) hozirgacha yig‘ib, o‘rganilgan dalil va hujjatlar asosida asl qo‘poruvchilar kim ekanligini ochiq bayon qilgan. Adib mazkur asar mavzusi bilan bog‘liq paydo bo‘ladigan har qanday savolga javob berishga tayyor.

DADAXON NURIY

YaDRO BOMBASI BIZGA KERAKMI?

(“Vijdon hayqiriqlari” nomli triptix-romanning ikkinchi qismi)

Toshkent – 2018

Dadaxon Nuriy dastlab lirik qissa, romanlari orqali tanilgan. So‘ng “A. Qahhor maktabi”da olgan saboqlar ta’sirimi, jiddiy publitsistik asarlari bilan maydonga chiqa boshladi.
Adib tomonidan inkor etib bo‘lmas fakt, dalil-ashyolar bilan ko‘tarilayotgan muammolarning deyarli hammasi tasdig‘ini topar, albatta hal etilardi. Hukumat Qarori chiqqan paytlar ham bo‘lgan. Uning ijodiga munaqqidlar “Mudrab yotgan publitsistika janri g‘aflat uyqusidan uyg‘ondi” (O.Sharafiddinov) deya, baho bera boshladilar.
Ayniqsa, o‘tgan asr 80 – yil o‘rtalaridan e’lon qilina boshlagan O‘zbekistondagi achinarli ekologik ahvolga doir “Bizga bomba kerakmi?” nomli turkum maqolalari ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ustoz Abdulla Qahhor qismati uning boshiga ham tushdi; qo‘rqituv, ta’qib, “ogohlantirish”larning keti uzilmay qoldi. Davlat “Axborot” Agentligi respub­likadagi barcha matbuot sahifalari orqali yozuvchini “Harbiy sirni ochib yuborgan”likda ayblab, “trubunal” oldida javob berishi kerak”ligi haqida rasmiy xabar tarqatdi. Va unga qarshi uzoq muddatli sud “protsessi” uyushtirildi. Biroq, adib qalamiga xiyonat qilmay, o‘z so‘zida sobit turgani, “yutib” chiqqani hanuz ko‘pchilikning yodida.
Demak, muallif tomonidan ko‘tarilayot­gan “Bomba” muammosi tasodifiy emas, sho‘rocha davrning asoratlaridan biridir.

* * *

Yaratganning in’omi – tabiat olamini taraqqiyotning temir qadamlari ostida payxon qilinayotganini ko‘rib turib, befarq bo‘lish gunohi azimdir.
Lev Tolstoy

Arz-dodimizni eshitsinlar deb, ovozimizni qattiqroq chiqarib gapirishga majburmiz.
Rabindranat Tagor

IQTIBOSLAR

Dadaxon Nuriy Shveytsariyaga qiyoslagudek Bo‘stonliqning ekologik “fronti”da dunyoni tit­ratib turgan “SSSR” degan mamlakat Harbiy Vaziri bilan olishib, quturgan buqaning dumiga chelak bog‘lagan yozuvchidir.

Ozod ShARAFIDDINOV,
O‘zbekiston Qahramoni.
“Ijodni anglash baxti”. 1998 y. 27 aprel.

* * *

Dadaxon yozayotgan gaplar hammamizning ko‘nglimizda allaqachon yetilgan, bong urib aytish kerak bo‘lgan gaplardir. Uning har bir asarida quruq gap yo‘q, insofga da’vat bor. Unga quloq solmoq kerak.

Erkin VOHIDOV,
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri.
“Insofga da’vat”.1988 y. 15 may.

* * *

Dadaxon bilan Qahhor domla huzuriga kirib, u kishining oq fotihasini olganmiz. Shundan beri bu ukamning har bir yozgan asarini kuzatib boraman. Unga havasim keladi. Ayniqsa, “Qulatilgan chinorlar panohi” kitobi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

To‘lepbergen QAIPBERGENOV,
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi.
“Yozuvchi ukamga maktub”dan 2007 y. 24 iyul.

* * *

Amerikani kashf etganlar ko‘p. Lekin, Dadaxon Nuriy o‘zbeklardan birinchi bo‘lib Amerikani o‘zining qariyb sakkiz yuz betli “Niqobsiz Amerika va boshqa manzilgohlar” degan romani, ma’rifiy romani (!) bilan kashf etgan adibdir. Bu romanda qalamga olingan keng miqyosli mavzu – dunyoda kechayotgan talato‘pli voqealar, siyosiy o‘yinlar bir o‘zak atrofiga birlashtirib, shunchalik mahorat bilan, yorqin bo‘yoqlar orqali tasvirlanadiki, o‘qib, hayratga tushasan, kishi.
Men bu kitobni ikki marta o‘qib chiqdim. Boshqalarga ham o‘qishni maslahat berardim. Chunki, bu asardan juda katta informatsiya olish mumkin. U – kishining fikrlash dunyosini kengaytiradi, hozirgi globallashuv davrida olamda kechayotgan voqealarga hushyor bir nigoh bilan qarashga undaydi.

Ibrohim G‘AFUROV,
Munaqqid. 2012 y. 30 mart.

* * *

Bugungi o‘zbek adabiyotida Dadaxon Nuriyni eng faol essechi deb bilaman. Bir nechta esse kitoblari chiqdi. Ammo, matbuotda uni durustroq maqtalganini bilmayman. Holbuki, bunaqangi jonkuyar, yurtparvar adibni topish qiyin.

Shukur XOLMIRZAEV,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi.
“O‘zAS” gazetasi, 2003 yil, aprel

* * *

Dadaxon Nuriy qalami nurli, tili ravon ijodkor hamda dilbar inson. Men u kishini o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim qatorida ko‘raman.

Doktor Abdul QODIR XON.
Pokiston yadrosini yaragan mashhur fizik olim.
Adib asariga yozilgan “So‘zboshi”dan.
18 may.1998 yil. Islomobod.

* * *

Muhtaram Dadaxon Nuriy janoblari!
Bizda – urdu tilida bosilib chiqqan asaringizni qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Bu xalqlarimiz orasidagi do‘stlik rishtalarining mustahkamroq bog‘lanishiga katta xizmat qo‘shishiga aminman…
Xatim so‘ngida muxlislaringiz qatori Sizga sihat-salomatlik va ijodiy omadlar tilab;

Muhammad Navaz ShARIF,
Pokiston Islom respublikasi Bosh vaziri.
Islomobod, 1999 y. 25 fevral.

* * *

Dadaxon Nuriy asarlarida kitobxon diqqati­ni darrov o‘ziga tortib oladigan sehrli jodu bor deb, bemalol ayta olaman.

Qamar RAIS,
Dehli universiteti professori.
“Adib ijodiga chizgilar”dan.
“Dharmyug” jurnali, 1998 y. Iyun. Hindiston

O‘tgan zamonlarda haq gap uchun Nasimiyning tilini kesib, terisini shilganlar, yetmish yoshli Mashrabni dorga osganlar. Hozir zamon o‘zgargan, boshqacha. Nimalardir degan bo‘lsam, unchalik qattiq jazoga loyiq gunoh qilmagandurman.
Abdulla QAHHOR

Yozuvchini Moskvaga, davolashga olib ketishlaridan oldin yaqin do‘stlari va shogirdlari bilan xayrlashuv paytida aytgan so‘zlaridan. 1968 yil 5 aprel.

(Dadaxon Nuriy tomonidan chizib olingan ustozning so‘nggi “qoralama” surati.)

MUALLIF IZOHI

2014 yil boshlaridan AQSh bo‘ylab “Jon Steynbek izidan noma’lum Amerikani izlab” qilgan navbatdagi ijodiy safarim chog‘ida Nyu-Jersi shtatida joylashgan, yer qurrasida ro‘y beruvchi zilzila va boshqa favqulodda hodisalarni o‘rganish va oldindan tahlil qilish Markazi – Ramapo Oliygohida bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida uzoq yillar ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan, shu soha bo‘yicha Xalqaro miqyosda taniqli olim, avvaldan tanishligimiz bor (bundan bir necha yil oldin Toshkent seysmologiya Markazining direktori, chet ellarda ham nomi taniqli, o‘z sohasining bilimdoni, yon qo‘shnim Zufar Boqiyevning xonadonida ko‘rishgandik), professor M. Uilson janoblari bilan uchrashgandim. O‘shandagi o‘zaro gurungda u kishining:
– Orol qurib bo‘ldi. Hozircha undagi tuz va qumlarni bir necha metrli namlik ushlab turibdi, yaqin yillar ichida namlik bug‘lanib bo‘lgach, misli ko‘rilmagan quyunlar “mavsumi” boshlanadi… Buxoro, Qizilqum atroflaridagi yeros­ti “bo‘shliqlari”da ham “to‘rtinchi o‘pirilish”lar bo‘lish ehtimoli yo‘q emas, – degan so‘zlari avvaliga menga “shunchayki”ga o‘xshab tuyulgan bo‘lsa-da, keyin o‘ylantirib qo‘ydi.
Alla mahalgacha uyqum kelmadi. Soatga qarasam – yarim tun. O‘zbekistonda esa, quyosh terak bo‘yi ko‘tariladigan payt.
Amerika safarida bo‘lgan ko‘pchilikka u yerdan turib, dunyoning istalgan joyi bilan gaplashish, bizdagi yon qo‘shniga qo‘ng‘iroq qilishdan ham osonroq ekanligi yaxshi ma’lum…
Beixtiyor, hamqalam do‘stim, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonovni eslab, “raqami”ni terdim.
Biroz vaqt o‘tgach;
– Allo, – degan javob eshitildi.
– O‘rozboy oshna, bu “Amerika ovozi” emas! AQShdan, men gapiryapman. Sizga taalluqli yangilikdan xabardor etib qo‘ymoqchiman, – dedim-da, Amerikaning taniqli olimidan eshitganlarimni qisqacha gapirib berdim. So‘ng, sal uni “shashti”dan tushirmoqchi bo‘lib, – ha, endi kim nimalar demaydi; “oxir zamon” bo‘lishini yili, oyi, kun va soatigacha bashorat qilganlarning qanchasini ko‘rmadik. Avvali – Xudo! Vahimaga berilmaslik kerak, – deb qo‘ydim.
Bunga ham to‘rt yildan oshay deb turgan kunlarning birida O‘rozboy menga telefon qilib qoldi:
– Amerikadan turib qilingan “bashorat” haqiqat bo‘lib chiqdi. Bizda butun borliqni “tsunami”ga o‘xshash quyun o‘z zaptiga olib, hovlidagi kichkina bog‘imiz ustiga tuz aralash qum yog‘ilmoqda…
Orolda yuz bergan fojia butun dunyoga tarqaldi. Hatto, ayrim hind gazetalari sahifalarida Gang daryosida “sho‘rlanish” kuzatilyapti, degan xabar paydo bo‘lgani haqida mish-mishlar ham quloqqa chalinib qoldi.
Bizda, sho‘ro davridan qolgan, hamon patos bog‘lab yotgan, tuzalmas dardu bedavo bor. Undan qutulib ololmagan amaldorlar anchagina. Ular xuddi o‘t o‘chiruvchi kasbini shifokorlikka almashtirib olgan kishilarga o‘xshashadi. Bemor talvasa holatiga tushgandan keyingina jon-jahd bilan “jonlashtirish” harakatiga tushib qoladilar.
Navbatdagi Orol “talvasasi” ham uncha-munchaga hushyor tortavermaydigan mamlakat tabiatini muhofaza qilish sardorlarini oyoqqa qalqitib yubordi.
Zudlik bilan Toshkentda Orol muammosiga bag‘ishlangan Xalqaro Anjuman chaqirildi.
Qizig‘i shundaki, qariyb yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida “Orolim” deya, aziyatlar chekib, fidoyilarcha kurashib kelayotgan, ijodining asosiy mavzui Orol qismati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan Qoraqalpoq xalqining mashhur yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonov negadir shu tadbirga taklif etilmadi.
Hatto, adibni Toshkentdan tashrif buyurgan mehmonlar uchun jafokash Oroldagi “Kemalar qabristoni”da uyushtirilgan “marosim”ga ham tak­lif etish “unutib” qo‘yildi.
Nima bo‘lsa ham bu Xalqaro Anjuman tinchgina imi-jimida o‘tishini istovchi vallomatlar yo‘q emasdi.
Shu kecha-kunduzda prezidentimiz tomonidan kuyinchaklik bilan “endi avvalgi aqidalar asosida yashash davri o‘tdi” deya, ta’kidlab, biz ijodkorlar oldiga ko‘pdan beri yig‘ilib qolgan har sohaga doir dolzarb muammolarni ochiqchasiga, dadillik va halollik bilan ko‘tarib chiqish vazifasini dasturilamal qilib qo‘yilayotgan bir paytda, rahbarimiz yo‘riqlariga hamon to‘g‘anoq bo‘lish davom etayotganining belgisi emasmi, bu!
To‘g‘anoqchilar ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov yozganidek, “sho‘ro davridan qolgan aravaning ko‘ndalangiga o‘rnatib qo‘yilgan beshinchi g‘ildiragidir”. Ulardan qancha tezroq qutulsak, el yurtimiz gullab-yashnashi, baravj bo‘lib rivojlanishi uchun shuncha yaxshi.
Darvoqe, hozir bizdagi ekologik holat shuncha yillar gulchambarga burkab kelinganidek, bekamu-ko‘st darajada emas. Tahlikaliroq ham!
Bularga javobni “Vijdon hayqiriqlari” nomli triptix-romanning ikkinchi qismini alohida kitobcha holida taqdim etilayotgan ushbu asardan topish mumkin. Va bunda ko‘tarilgan mavzu yuragida milliy tuyg‘u va g‘ururi bor har bir kishini befarq qoldirmasligiga ishonaman

* * *

“1966–1979 yillar orasida O‘zbekiston hududida Moskva tomonidan o‘ta yashirin suratda to‘rt marotaba yadro portlashlari amalga oshirilgan.
Bular bizga oshkor bo‘lgani xolos. Bunday o‘ta mudhish, jinoyatkorona qilmishlarning yana qancha-qanchasidan hamon ko‘pchilik bexabar”.
“Ogonyok” jurnali, №23. 2010 y.
Moskva.

Debocha

Qo‘shnimiz Qozog‘istonda amalga oshirilgan atom bombasi sinovi – “Semipalatinsk fojiasi” nomi bilan fosh etilib, jahon jamoatchiligi tomonidan mintaqamiz aholisi, tabiat olamiga qilingan vahshiyona tajovuz – genotsit deb, baholangani sir emas. U hamon o‘z asoratini namoyon etib turibdi.
“O‘zbekistonda … Xirosimadan keyin yadro bombasi portlatilganmi?!”… Eshitgan quloqqa ancha noxush chalinuvchi bu savolga javob izlab, ko‘pdan beri xayolim faromush edi.
Bahorning tarovatbaxsh yomg‘irli oqshomlari-dan birida tasodifiy voqea ro‘y berdi-yu, yaqin “o‘tmish”ning ma’lum va noma’lum so‘qmoqlari bo‘ylab kezib chiqishimga to‘g‘ri keldi.

Kutilmagan uchrashuv

Bo‘stonliq tumani kasalxonasining bosh shifokori Ja’farali Qurbonov telefon qilib qoldi:
– Nanaylik otaxoningiz Oynatog‘ning ho‘, Axsarsoy degan joylaridan pichan o‘rib, biroz charchabdilar. Uch kundan beri bizda davolanmoqdalar. Shu bahonada bir kelib ketarsiz.
– Yaxshi aytdingiz, endi bormasam bo‘lmas. O‘zimam anchadan beri xabar ololmagandim, – dedim.
Tillaxon buva qariyb yuz chaqirim, to Qorong‘ito‘qaygacha ichkarilab boruvchi Pskom vodiysiga kiraverishdagi daryoning shundoq o‘ng yonboshida joylashgan Nanay qishlog‘ining yoshi ulug‘ qariyalaridan. Tug‘ilgan yilini so‘rasangiz, “o‘shanda Nikalay poshsho davri ekan” deydi.
Otaxonning “shaharlik o‘g‘li”man. Qirq yillik tanishligimiz bor. Meni Abdurahim, Madrahim, Abdurasul degan uch o‘g‘illari qatorida ko‘radilar.
Shanba kuni kechga tomon Bo‘stonliqqa qarab yo‘lga tushdim. Shig‘alab yog‘ib turgan yomg‘ir Toshkentdan uzoqlashganim sari avjga chiqib, sharros jalaga aylandi. Tuman markazi G‘azalkentga Chirchiq shahri orqali o‘tib boriladigan masofa ancha olis. Yo‘l ham doim tiqilinch bo‘ladi. Shuning uchun uncha tep-tekis bo‘lmasa ham, “qishloq yo‘li”ni tanladim.
Sal uzog‘i bilan yarim soatcha vaqt ichida Abay, Qo‘shqo‘rg‘on, “Qizil Tu”, Dumaloq qishloq-ovullarini ortda qoldirib, yog‘ingarchilik paytlari to‘lib-toshib oqadigan Oqsoqota daryo­si qirg‘og‘iga yetib keldim-u, unga qurilgan ko‘prik bir tomonga qiyshayib, buzilib yotganini ko‘rdim.
Soyning suvi yoyilib oquvchi sal nariroqdagi yonlama kechuv joyidan ham odam bo‘yi barobar to‘lqin pishqirib, vahima solar, bunday paytda undan narigi qirg‘oqqa o‘tib olishning iloji bo‘lmasdi.
Jala battar avjga chiqdi. Soatga qaradim, to‘qqizga yaqinlashib qolibdi. Andargumon bo‘lib, orqaga qaytdim. Bir chaqirimcha yurib-yurmay, boya shoshganimda ko‘rmagan ekanman, shundoq katta yo‘lning o‘ng tomonidagi past yalanglikda atrofiga gullar ekilgan, bir nechta simyog‘ochdan taralayotgan elektr shu’lalariga cho‘milib yotgan bir qavatli oppoq binoga ko‘zim tushdi. Darrov esladim: xo‘jalikning yangi idorasi, o‘tgan yil uning ochilishiga taklif etishgandi, biroq vaqtim bo‘lmay, kela olmagandim.
Bir payt idora yalangligi tarafdan ustiga jigarrang brezent tortilgan “Gaz-53” mashinasi varang‘laganicha ovoz chiqarib, ko‘tarilib kela boshladi. U katta yo‘l bo‘yiga yaqinlashgach, to‘xtab, to‘g‘ridan chiroqlarini yoqib kelayotgan mening mashinamga yo‘l berdi. O‘n-o‘n besh qadam nariga o‘tib, ulovimni to‘xtatdim. “Gaz” mashinasining eshigi taraqlab ochilib, undan dumaloqdan kelgan, g‘o‘labirgina, 50-55 yoshlar chamasidagi kishi epchillik bilan sakrab, pastga tushdi.
– Hay-hay, sizni ko‘radigan kun ham bo‘larkan-ku, qaysi shamol uchirdi? – deya quchog‘ini katta yozganicha men tomon kela boshladi u.
– E, Fozil og‘a, Oqsoqota tomondan esayotgan shamol yo‘l bermay, orqaga qaytarib, shu tarafga uchirdi. Ko‘prikka nima bo‘ldi?
– Kuni kechagi qattiq sel buzib ketsa bo‘ladimi! Bilasiz, bizda bir-bir shunday yog‘ingarchiliklar bo‘lib turadi. Lekin orqaga qaytganingiz yaxshi bo‘pti. Mana, bahonada ko‘rishib turibmiz. Yangi idoraning ochilishiga kelolmagandingiz. Viloyatda bunaqasi yo‘q. Yuring, bir tanishtiray.
Katta kutubxona yonida “Kolxoz tarixi”ga oid muzey, qariyb uch yuz odamga mo‘ljallangan “Majlislar zali”, “Partkom”, “Profkom”, “Buxgalteriya”, “Kassa” kabi qator xonalarning hammasi did bilan yaxshigina jihozlangan edi. Ayniqsa, rais “Qabulxona”sidagi stol-stul, mebellarning shohonaligi meni hayratlantirdi.
– Raykom sekretarining qabulxonasi ham bunchalik bo‘lmasa kerak! – deb qo‘ydim.
– E, uka, nimasini aytasiz. Yetti uxlab tushga kirmagan ishlar bo‘lib ketdi, – deya hikoya qila boshladi rais, – kolxozimizning nomi Frunze emasmi, o‘sha kishining Leningraddagi qaysidir universitetda o‘qituvchilik qiladigan qizi bor ekan, O‘zbekistonga keladigan bo‘lib qolibdi. Buxoro, Samarqand kabi shaharlar ro‘yxati yoniga bizning kolxoz ham tushib, butun oblast quruvchilari shu yerga yopirilib kelishsa bo‘ladimi?! Yo‘l qurilishi, energetika ministrini umrimda ko‘rmagandim, tanishib ham oldim. Ikki oy qiyomat-qoyim bo‘lib, butun kolxoz o‘zgarib ketdi. Yo‘llar bo‘yiga deng, shahardan keltirib, turli gullar, daraxtlar ekildi. O‘zimizning tog‘larda archa to‘lib yotibdi-yu, shaharniki boshqacha bo‘larkanmi, undanam o‘tqazishdi. Har donasining bahosi kolxozchining bir oylik mehnat kuniga teng kelib qoladigan “beryoza” degan daraxtni ham qayerdandir topib kelishdi. Lekin ko‘pi qurib ketdi… Xullas, mehmonni bir hafta kutamiz, ikki hafta kutamiz, undan darak bo‘lavermadi. Oxiri, vaqti yo‘q ekanmi, kelmaydigan bo‘pti. Shunday qilib, bu koshona o‘zimizga qoldi. O‘tgan yil kuzda kolxoz hamma sohalar bo‘yicha planni bajargan kuni ochilishini qildik. Negadir kelmadingiz… Endi sizga o‘xshash mehmonlar uchun jihozlab qo‘yilgan qo‘noqxonaga o‘tamiz. Uyga, kechki ovqatga “Beshbarmoq” qilinglar deb, aytib qo‘ygandim. Sizning nasibangiz ham qo‘shilgan ekan, shofyor yigit olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Uzun koridor to‘ridagi mehmonxona ikki kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, “sarkarda”ning qizi “otajonim nomidagi shu kolxozda tunab ketaman” deb, xohish bildirib qolishi ham hisobga olinganmi, ajabtovur qilib jihozlangan, kiraverishiga Frunze portreti bilan devorning ikki yonboshiga Leningrad manzarasi tasvirlangan suratlar osilgandi. Biz ichkariga kirib kelganimizda qorovul chol bilan haydovchi yigit dasturxonga meva-cheva qo‘yish bilan band edilar. O‘rtaga hovuridan ishtahani qitiqlovchi hid taratib turgan taom to‘la katta lagan qo‘yildi.
Men biroz o‘ng‘aysizlanib:
– Fozil og‘a, bunday ovoragarchilikning keragi yo‘q edi, – deb qo‘ydim.
– Nega ovora bo‘lar ekanmiz. O‘zbeklarda “qaynonasi suygan yigit palov ustiga”, biz qozoqlarda “beshbarmoq ustiga keladi” degan maqol bor. Bir kelib qolibsiz. Sizning menga qilgan yaxshiliklaringiz uchun e-ha, qo‘y so‘ysam-da, oz!
Ha, bir paytlar shu kolxoz raisi Fozil Razov uchun nohaqlik bo‘lganini eshitib, qo‘limdan kelganicha bir “yaxshilik” qilgandim: o‘sha paytlar respublikaning “aytgani – aytgan, degani – degan” matbuot organi hisoblanuvchi “Qizil O‘zbekiston” gazetasida o‘z tanqidiy maqolalari bilan nomi tanilgan jurnalist, gazetaning “ijtimoiy-siyosiy bo‘limi” mudiri Ne’mat Ulug‘jonov Bo‘stonliq tumanidagi Frunze nomli kolxoz raisi, kommunist Fozil Razov xonadonida bo‘lib o‘tgan oilaviy kichik bir mojaroga bag‘ishlangan katta tanqidiy maqola e’lon qiladi. Va maqola “o‘z oilasidagi muammoni hal etolmagan odam tumandagi katta xo‘jaliklardan birini boshqarishi mumkinmi?” – degan jumlalar bilan yakunlanadi.
Hukmnamo bu so‘zlar tumandagi ko‘pchilik, ayniqsa, xo‘jalik a’zolari orasida norozilik uyg‘otadi. Yozadigan mavzularimning asosiy qismi Bo‘stonliq bilan bog‘liq bo‘lgani uchun maqola meni ham befarq qoldirmadi, chindanam, unda “pashshadan fil yasalgan”day edi.
Ne’mat aka bilan ancha-muncha tanishligimiz bor bo‘lib, ko‘rishib turardik. Vaqt topib, huzuriga kirganimda, u kishi rostdan ham “bir paytlar maqola “qoralama” qilib, g‘aladonga tashlab qo‘yilgani, keyin “gazetachilik” nuqtai nazaridan shunday “axloqiy” mavzu “kerak” bo‘lib qolganda, sahifaga “tushirib” yuborilganini aytib, afsuslandi. “Pashshadan fil yasalgani”ni o‘zi ham tan olib, mardlarcha kolxoz raisi nomiga maktub yo‘llab, kechirim so‘ragandi. Shu xat bahona bo‘lib, raykom byurosida Fozil Razov “masalasi” ko‘rib chiqilmaydi.
Biz rais bilan dasturxon ustida o‘sha voqealarni ham biroz eslab, ancha gurunglashib o‘tirdik.
Birdan mezbonning esiga nimadir tushib qolganday, stolning yonboshida turgan telefon go‘shagini ko‘tarib, qandaydir raqamlarni terarkan, menga qarab dedi:
– “Abay”ning raisi ikki-uch marta sizni so‘ragandi, “ha, nima gap?” – desam, Haydarali qishlog‘ida podalar yaylovdan qayta turib, yomg‘ir yog‘ib turgan paytlarda uning suvidan ichib, o‘lib qolayotganini aytgandi. Yana, keksalar, yosh bolalar orasida uyqusizlik “kasali” anchadan beri davom etib kelayotganmish. Qishloq keksalari, maktab o‘qituvchilari xat yozib, shaharga borib, sizni topolmay kelishgan… Allo, allo… kolxoz idorasida biron tirik jon yo‘q shekilli, hech kim javob bermayapti…
Fozil og‘a nonushtani birga qilishni aytib, men bilan xayrlashdi. Tashqarida tinimsiz yomg‘ir yog‘ardi. Uyqum qochdi. “Nega yomg‘ir yoqqan paytda uning suvini ichib, chorvalar o‘lib qoladi? Keksalar, yosh bolalar orasida uyqusizlik…” shular haqida xayol surib, uzoq vaqt bedor yotdim. Nihoyat, yarim tunga yaqin ko‘zim ilinib qolibdi…
Bir mahal bundoq boshimni ko‘tarib, soatga qarasam, 10 dan oshibdi. Tez o‘rnimdan turdim. Kechasi bilan yog‘ib chiqqan yomg‘ir to‘xtagan, borliq quyosh seliga burkanib yotardi. Qo‘shni xonaga kirib, yuvinib chiqqunimcha qorovul chol dasturxon yozdi. Rais Fozil og‘a ham kelib qoldi. Oqsoqotada suv kamayib, odamlar, mashinalar bemalol u yoq-bu yoqqa o‘tishayotganini aytdi.
– Chirchiqdan aylanib yuramanmi deb, turgandim. Yo‘l ochilgani yaxshi bo‘pti. Endi menga ruxsat bering, oqsoqol, G‘azalkentga borib, otaxondan xabar olib qo‘yishim kerak, – deya mezbonga qaradim.
Dasturxonga fotiha o‘qib, tashqariga chiqqani­mizda, bizni kutib turgan, kostyum-shim kiyib, galstuk taqqan ziyolinamo – biri o‘rta yashar, ikkinchisining yoshi ulug‘roq kishilarga ko‘zimiz tushdi.
Salom-alikdan so‘ng, ko‘ksiga taqib olgan ikki-uchta ordeniga qaraganda, Vatan urushi qatnashchisi bo‘lgan kishi mening qo‘limga konvertga solingan xat tutqazarkan:
– Bu, maktabimiz o‘qituvchilari hamda qishlog‘imiz aholisi, veteranlari nomidan. Bizdan ikki chaqirimcha naridagi “Yovchiqqan” qirlari yonbag‘rida qandaydir yerosti “ombor”lari joylashgan. “Sekretniy harbiy poligon” bo‘lgani uchun u yerga hadeb e’tibor beravermasdik. Hozir ahvol boshqacharoqqa o‘xshaydi, – deb qo‘ydi.
– Raislaringning o‘zi kelmabdi-da, – ularga savol bilan qaradi Fozil og‘a.
– Ozgina ish bilan band ekanlar.
– Ha, u ko‘p ehtiyotkor odam. Gapirib qo‘yadi-yu… bunaqa ishlarga aralashavermaydi. Lekin, sizlar bo‘sh kelmanglar. Mana shu odamni qattiq ushlanglar. Qishloqlaringning yonginasida xavfli bir narsa borga o‘xshaydi. Ikkovlaringiz ham o‘qituvchi bo‘lsalaringiz kerak?
– Shunday. Ximbiologiyadan dars beramiz.

“Yovchiqqan”dan chiqqan yov

Bo‘stonliqqa qilgan bu galgi safarim ham bezovtalik kunlarini boshimga soldi. Chunki Haydarali qishlog‘ida istiqomat qiluvchi ko‘pchilik nomidan yozilgan qariyb olti sahifali xat ancha tahlikali, shu bilan o‘ta “nozik” mavzuga borib taqalardi.
Bekorga Fozil og‘a u yerdagi rais “ehtiyotkor odam”ligiga ishora qilmaganga o‘xshaydi. Bo‘stonliq bilan Chirchiq shahriga chegaradosh Maydontol tog‘lari etagida joylashgan Haydarali qishlog‘idan ikki chaqirim naridagi – eskidan xalq orasida “Yovchiqqan” nomi bilan atalib kelingan qirlar etagidagi “yopiq zona” haqida biron aniq ma’lumot olib bo‘lmadi. U yer harbiylarga qarashli bo‘lgani uchun Moskvadan ijozat olish kerakligini aytishdi.
Buning oson yo‘li topildi. Toshkentning “Oqtepa”sida joylashgan musiqa bilim yurtida o‘qib yurgan kezlarim Yevgeniy Shvarts domlaning fortepyano “klassi”da Volodya degan bola bilan birga saboq olardik. U ham adabiyotga qiziqar, ikki-uch marta Navoiy ko‘chasining “Markaziy telegraf” binosi orqasida joylashgan Abdulla Nabiyev nomli pionerlar saroyida Quddus Muhammadiy boshqaradigan “Adabiyot to‘garagi”ga uni o‘zim bilan olib borgandim. O‘zbek, rus tillarida chiqadigan bolalar gazetasiga ham maqola, she’larimizni birga olib borardik.
Qarangki, ikkovimizdan ham musiqa mutaxassisi chiqmadi. Ayniqsa, Volodya Sokolovning “Barxan” degan salmoqdorgina kitobi Moskvada bosilib chiqqach, nomi Ittifoqqa tanilib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, “Literaturnaya gazeta”ga O‘zbekiston bo‘yicha maxsus muxbir etib ishga olishgan, ayni paytda, Volodya “mashhurlik”da “Pravda”dan ham obro‘yi sarbaland bo‘lib borayotgan gazetaning o‘zimizdagi mas’ul vakili edi.
Haydaraliliklar yozishgan xatda mening nomim yoniga uning nomini ham qo‘shib, bir nusxadan bizga topshirgandilar, tezda “Ruxsatnoma” keldi.
Surishtiruvlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, “Yovchiqqan” “poligon”i bir paytlar Chirchiq shahridagi harbiy garnizon uchun “Oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlari saqlanadigan yerosti ombori”, deb qurilgan. Keyin bu “ombor” “yopiq harbiy hudud” deb e’lon qilinib, u yerga kechalari Chirchiqdagi poyezd stantsiyasi tomondan ko‘rinishi “notabiiyroq” mashinalar kelib-ketib turgan. Haydarali qishloq aholisi ko‘p yillar davomida buning guvohi bo‘lishgan. Odatdagidek, “harbiylarning ishi”ga biron odamning aralashishga haddi sig‘magan. To‘g‘rirog‘i, ortiqcha “g‘avg‘o”ga hech kimning toqati bo‘lmagan.
Nihoyat, qo‘limdagi hujjat bilan “poligon”, “ombor”, “maxfiy zona” degan bir nechta nom bilan atab kelingan “Yovchiqqan” qirlari etagidagi “Yopiq ob’ekt”ga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Meni “Ob’ekt” boshlig‘ining o‘rinbosari Baranov familiyali kishi kutib oldi-yu, “Rahbarimning ruxsatisiz biron-bir ma’lumot berishga haqqim yo‘q”, deya so‘zida qat’iy turib oldi.
Bosh rahbarning “Ob’ekt”dagi “ish joyi”ga kirib kelishini Haydarali qishlog‘ida uch kun “poyloqchilik” qilib, kutishga to‘g‘ri keldi. Boshliq F. Saidahmedov meni yaxshi kutib oldi. Hatto, har kimga ham ochilavermaydigan darvoza qanotlarini keng ochdirib, mashinam bilan ichkariga taklif etdi. Uncha ham shinam bo‘lmagan kabinetida choy, qahva bilan siyladi. Biroq, “xo‘jaligi” haqida biron gap aytishga kelganda, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlayverdi, biron-bir aniq ma’lumot berishni istamayotganday edi.
Men qaysi gazetaning tavsiyasiga ko‘ra, ushbu masala bilan shug‘ullanayotganligimni aytib, obdon “tushuntirish” berdim. Bu yerda ko‘pchilikning hayot-mamoti, ertangi kungi taqdiri bilan bog‘liq jiddiy muammo yotgani, endi uni yashirib bo‘lmasligini aytdim.
Mezbon bir daqiqa o‘ylanib qoldi. Nima bo‘lganda ham shu zaminning farzandi ekanligi uni hushyor torttirdimi:
– Mayli, Sizning hurmatingiz uchun aytaman. Ammo daftar-qalamni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yasiz. Gap oramizda qolishi kerak! – dedi.
Saidahmedovning lo‘ndagina qilib aytgan gap­lariga qaraganda, bu “ob’ekt” yetmishinchi yillardan beri faoliyat ko‘rsatib keladi. Uning norasmiy nomi “Radiatsion chiqindilar mozoristoni” bo‘lib, “uncha xavfli bo‘lmagan chiqindilar” Rossiyaning Chelyabinsk kabi shaharlaridan, “qo‘shni” respublikadagi Chkalovsk “yopiq korxona”sidan o‘ta mustahkam, bir necha yuz yillarga chidamli po‘lat kapsula ballonlariga zirhlangan holda keltirilib, yeros­ti shaxtalariga joylashtiriladi.
– 1985 yildan boshlab, yuqori idoralarning ko‘rsatmasi bilan Elektron sanoat ministrligining “chiqindisi” Podmoskove va uning atrofidagi shaharlardan keltirib ko‘milgan… Buyruqni bajarishga majbur bo‘lganmiz…, – dedi u so‘zini tugatarkan.
Salkam bir soatcha davom etgan qiziqarli suhbat uchun Saidahmedovga minnatdorchilik bildirdim. Gurungdoshim ham qandaydir mamnun bir kayfiyatda:
– Gap oramizda qolishi kerak. Bosh ketadi-ya?, – deya men bilan xayrlashib qoldi. Lekin o‘ta xatarli bo‘lgan bu “ob’ekt” boshlig‘i gap “orada” qolmay, kichkina magnitofonning ohanrabo tasmasiga yozib olinganidan bexabar edi.
“Intervyu”ni tinglab ko‘rgan Volodya:
– Bu yerdan yana bir kelajak Chernoblining hidi anqiyotganga o‘xshaydi, juda ehtiyot bo‘lish kerak. Bu “noxush xabar” tarqalib ketmasligi uchun mahalliy rahbarlar ham, Moskva ham qattiq qarshilik qilishi aniq. Biroq, bizda butun bir qishloq ahlining xati turibdi. Uni e’ti­borsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bu o‘ta mas’uliyatli ish bilan shug‘ullanishni davom ettirishing kerak. Bo‘stonliq misolida ko‘p yillik “tajribang” bor. Shu sohaga daxldor olimlar bilan uchrash, ahvolni tushuntir. Kerak bo‘lsa, fanlar akademiyasiga xat bilan murojaat qilamiz. Lekin bu muammoni mutloq yopdi-yopdi qilib bo‘lmaydi. Bir kunmas-bir kun “burqsab”, sir ochilib qolishi muqarrar…
Bir paytlar “Bo‘stonliq himoyasi” uchun nimaiki yozsam, to‘xtovsiz e’lon qilib turgan matbuot organlari “Yovchiqqan” haqida biron narsa bosishga jur’at etolmasdilar. Hatto, Bo‘stonliq uchun deb, bir necha bor “boshini kundaga qo‘ygan” “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev ham:
– Bu ikkinchi “yadroviy” bomba bo‘pti. Ehtiroslar og‘ushidan chiqib, endi tinchib turgan Bo‘stonliqqa hozircha uni “tashlamay” turaylik. Yana to‘polon boshlanib ketishi mumkin. Mavridi kelib qolar, – deya meni “ovutgan” bo‘ldi.
Qiziq, gazeta rahbarining “ikkinchi “yadroviy” so‘zini ishlatib yuborganiga o‘shanda men uncha e’tibor bermagandim. Ahmadjon janoblarining o‘zlari ham “shunchaki aytib yuborilgan gap” deb o‘ylashlari mumkin. Biroq, chin ma’nodagi “yadroviy bomba”ning azobini o‘zimiz “totib” ko‘rganimiz yillar o‘tib, ochiq-oydin bo‘lib qolishini o‘zimiz bilmasdik…
Hozircha “Yovchiqqan” mavzuini davom ettirib turaylik-da, undan keyin aytiladigan gapning mavridi kelib qolar…
Ha, kechagi kun shunday edi: Semipalatinsk poligoni, Chernobil fojiasidan keyin uning yaqin atrofidagi hududlarda ro‘y bergan va davom etayotgan ko‘rgiliklar haqida biron so‘z aytish uchun ma’lum idoralar og‘ziga qarab turilardi.
Bugun esa, bor haqiqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytil­moqda, yozilmoqda. Qo‘ying-chi, “oshkoralik” shabadalari “Yovchiqqan” qirlari ustida ham esa boshlab, “Yovchiqqan”dan yov chiqdi” maqolasi matbuotda e’lon qilinishi bilan respublika va oblast rahbarlari orasida sarosima boshlanib ketdi.
Chernobil radiatsiyasi azobini tortib yotganlarning oh-vohi avjga chiqib turgan bir paytda, endi “o‘lganning ustiga tepgan” bo‘lib, “Yovchiqqan” paydo bo‘ldimi? “Shundoq Chirchiq bilan Toshkent shaharlari ustiga xavf solib yotgan “ajal o‘ralari” qaydan paydo bo‘lib qoldi? Uning o‘zi haqiqatan bormi? Bor bo‘lsa, nega shu paytgacha hech kim bilmagan?”
Mana shu xil savolllarga zudlik bilan javob qaytarib, aholi orasida tarqala boshlagan sarosima oldini olish zarur edi. Shu “xizmat”ga tayyor odam ham topila qoldi: bu “ustasi farang”likda hammaning og‘ziga tushib bo‘lgan, Bo‘stonliqda boshlab yuborilgan o‘ta xatarli “qurilish”ni “himoya” qila-qila, oxir-oqibat sharmandasi chiqqan O‘zTAGning (Moskvaning ham) “ishonchli” muxbiri Yuriy Krujilin edi.
U avval o‘zimizda, so‘ngra markaziy matbuot “Pravda” (1989 y. 4117 soni)da “Atom uchun maxfiy joy” degan maqola e’lon qilishga ulgurdi… Va shu yo‘l bilan har qandoq aql-hushi noqis bo‘lmagan odamda ajablanish uyg‘otuvchi “Yovchiqqan”da xavotirlanadigan joyning o‘zi yo‘q. U yer haqida O‘zbekiston matbuoti orqali nimaiki yozilgan bo‘lsa, hammasi yolg‘on, uydirmadir” degan o‘z fik­rini Butunittifoq gazetxonlari ongiga singdirishga urindi.
Yana, shuni ham aytib o‘tish kerakki, obro‘li hukumat “Agentligi”ning “maxsus muxbiri” mavqeiga ega bu kimsa, kerak bo‘lsa “ho‘kiz bola tug‘di” deb xabar yozib, bir nechta matbuotda ketma-ket e’lon qildirishdan toymaydigan sermahsul “ijodkor” edi.
Bo‘stonliqdagi shov-shuv bo‘lgan harbiy “quri­lish” butkul to‘xtatilganligi haqida mahalliy matbuotda rasmiy xabar e’lon qilinib, tog‘lik­larning tarang tortilgan asablari ancha bo‘shash­gan bir paytda Krujilin qitmirona yo‘l tutib, “Izvestiya” gazetasi muxbiri bilan “Bir hovuch “mahalliychilik” yo‘liga o‘tib olgan kishilarning qarshiligiga munosib zarba berib, Bo‘stonliqni zamonaviy sanoat markaziga aylantirish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda” degan maqola e’lon qilgan, shundan keyin G‘azalkentda yana to‘s-to‘polon boshlanib ketishiga oz qolgandi.
Uning navbatdagi “Yovchiqqan”ga daxldor maqo­la­sida ham ko‘pchilikni chalg‘itishga bo‘lgan urinish yaqqol ko‘rinib turardi. Maqolada yozilgan quyidagi tumtaroq, shu bilan o‘zini-o‘zi fosh etib qo‘yuvchi jumlalarga e’tibor bering: “Aholi yashaydigan joydan yiroq, maxsus qurilgan yo‘l olib boradigan qir orasida uddaburronlik bilan barpo etilgan o‘ralarda abadul-abad uyquga ketgan radiatsion chiqindilar mozoristoni, g‘ayritabiiy korxona” (?) yoki “radiatsion chiqindilarni ko‘mish punkti…”
“Atom uchun maxsus joy” muallifi shuncha “ma’lumot”ni oshkor qilib qo‘ygach, hushyor tortib ketadi, chog‘i, quyidagi “Korxona qayerda joylashganligini aniq aytolmaymiz” degan dudmalroq jumlalarni yozadi. Shundan keyin “vaqti-vaqti bilan noroziliklarga sabab bo‘layotgan” “punkt” tomonlarga “hali bironta reportyorning qadami yetib kelmagan” deya maqtanchoqlik qiladi. Ya’ni, salgina oldin “korxona qayerda joylashganini aytolmayman” deb turgan odam birdan birinchilardan bo‘lib, “Yovchiqqan”dagi haqiqiy ahvol bilan tanishdim, degan mazmundagi so‘zlarni yozadi. “Butunittifoq” miqyosida tarqab, ko‘pchilik o‘qiydigan gazetaning bunday poyintar-soyintar maqola e’lon qilishiga ishonging ham kelmay qolardi, ba’zan.
Aslida “Yovchiqqan” haqida xabar tarqalib ketgach, bu “maxfiy poligon”dan ommaviy axborot vakillari, respublika teleradio muxbirlarining oyog‘i uzilmay kelayotganini ko‘pchilik yaxshi bilardi.
Hatto, bir necha oy muqaddam “Ogonyok” jurnalining maxsus muxbiri Aleksandr Minkin Moskvadan kelib, “Yovchiqqan”dagi ahvol bilan tanishgani, Chirchiq shahar temir yo‘l stantsiyasining katta ochiq maydonida jazirama quyosh nurlaridan qizib yotgan, qayerlardandir tashib keltirilgan “radiatsiyali” cho‘yan ballonlarni ko‘rib, yoqa ushlagani… va shulardan olgan o‘z “taassurotlari”ni mahalliy matbuot vakillari bilan suhbatda “Bu yerda har qanday odamda vahima uyg‘otadigan taraqqiyotning makkor badaviylashgan qiyofasi yashirinib yotganga o‘xshaydi” deya bayon qilganini ham eslaydiganlar ko‘p.
Bo‘stonliq tumani rahbari Akbarali Yo‘lchi­ev markaziy gazetalarda paydo bo‘lib qolayotgan maqolalarga quyidagicha munosabat bildiradi:
– “Yovchiqqan”dagi hozirgi ahvol kattayu kichik, hammaga ma’lum. Uni yashirib, yolg‘on xabar tarqatishning nima hojati bor? Axir, Bo‘stonliq ahlining ko‘zlari ochiq, hamma narsadan xabardor, ko‘rib-bilib, anglab turishibdi-ku…
“Radiatsion chiqindilar mozori”ga aylantirilgan “Yovchiqqan” va u yerdagi ahvolga ko‘pchilik hamqishloq quroldoshlari fikrini bayon etib, Vatan urushi va mehnat veterani To‘qsonboy ota Qalimbetov shunday ta’rif beradi.
– Nimaiki ko‘rgilik bo‘lsa, “Yovchiqqan” qir etaklaridan chiqqan. Biz bolalik paytlarimizda u yerga yolg‘iz borishdan qo‘rqardik ham. Sel, ko‘chki deysizmi, zilzilami, o‘sha yerda tez-tez yuz berib turgan. Ayniqsa, Surunota tog‘lari etagidan yopirilib keladigan sel ko‘p ofatlarga sabab bo‘lgan. Keksalarning aytishlaricha, avvallari “Yovchiqqan” atrofida bir nechta qishloq-ovul bo‘lgan. Qattiq zilzila yuz berib, hammasini “er yutgan”. “Yovchiqqan” nomi ana shundan keyin paydo bo‘lgan, deyishadi. Bizning qishloq chetroqda bo‘lgani uchun saqlanib qolgan. Endi uning ustida yangi xavf paydo bo‘lib qoldi. Ko‘pdan beri azobini chekardik. Arzimizga binoan, nihoyat gazetada maqola chiqqach, bu yerga har xil rahbarlar, turli idoralarning kattalari kelishadi. Ahvolni ko‘rib, bosh chayqashadi-yu, biron gap aytishmaydi. Muxbirlar, televizorchilar kelishadi, bizlarni gapirtirishadi, kinoga olishadi. Lekin, natija yo‘q.
Otaxonning bu so‘zlariga qishloqdagi Jambul nomli 31-son o‘rta maktab o‘qituvchilari qo‘shimcha qilishadi. Joldasov Jilqiboy:
– Yomg‘ir yog‘ayotgan paytlar yaylovga haydalgan chorvamiz “Yovchiqqan” qirlari oralab qishloqqa qaytardi. Ana o‘sha paytlar har yoqdan oqib kelayotgan jilg‘alar suvini ichgan qo‘y-echkilarning o‘lishi, ayniqsa, keyingi ikki-uch yil ichida ko‘payib ketgan. Hatto, bitta echki bolasining o‘sha “Yopiq zona” darvozasidan beriroqda suv ichib, salgina yurmay yumalab tushganini televizorga ham olishgan.
Norbekov Xudoyqul:
– O‘sha yerning atrofiga borib qarasangiz, o‘lib yotgan qushlarning murdasiga ko‘zingiz tushadi.
Abduraimova Tursunoy:
– Gazetada maqola e’lon qilingandan keyin ham shundoq yonginamizga radioaktiv moddalarni olib kelib ko‘mishayotganiga toqat qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, keyingi paytlar bu radioaktiv moddalar emas, Chirchiqdagi “Kaprolaktam” zavodining zararsiz chiqindilari, deb aldaydigan bo‘lib qolishgan. Sinf to‘la bola shu to‘g‘rimi, deb mendan so‘raydi, nima deyishimni bilmay qolaman…
Gapga maktab direktori qo‘shimcha qiladi:
– Bizga-ku, mayli…, qaranglar, oldimizda Chirchiq shahri! Hov ana, kaftda turgandek Toshkent ko‘rinib turibdi, “Yovchiqqan”da biron kutilmagan tabiiy ofat ro‘y berib qolsa, nima bo‘ladi? To‘g‘ri, yaqinda u yerda shoshib-pishib qandaydir ta’mir ishlari qilindi. “Zona” atrofini tikanak sim bilan o‘rab chiqishibdi, darvozani ham ko‘rimli qilib yangilashibdi.
Shu gurunglardan so‘ng biz Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi vakillari bilan “Yovchiqqan”ga borib, chindan ham “zona”ning kattagina hududi sim bilan qo‘ralanganini ko‘rdik. Darvoza ham qayta ta’mirlanibdi. Peshtoqida “Respublika radioaktiv chiqindilar ko‘mish punkti” degan yozuv ko‘zga tashlanardi. Oshkoralik bo‘lsa, shunchalik bo‘lardi!
Bizni kutib olgan “Punkt” mutasaddilaridan biri V. Morozov hujjatlarimizni ko‘rgach, ichkariga taklif etdi. Suhbat asnosida uni savolga tutdik.
– Bu yerdagi “chiqindilar” faqat o‘zimizga “qarashlimi?”.
– Ha, o‘zimizdan. “Chet”niki emas. O‘n yetti yildan beri shu yerda ishlayman. Bunga o‘zim guvohlik beraman.
– Hozir bu yerga keltirilayotgan “chiqitlar” orasida “Kaprolaktam”niki ham bor emish, to‘g‘rimi?
– Avvalo, bizga keltirilayotganlari haqida gapiradigan bo‘lsam, ular kes­kin kamaygan. Yana kamaytirmoqchimiz. “Kaprolak­tam”ning esa, bizga mutlaqo aloqasi yo‘q. Uning “chiqitxona”si ho‘, anavi yoqda! Katta-katta qilib kovlangan “hovuzlar”da achib-bijib yotibdi. Hidiga chidab bo‘lmaydi. Yaqinlashmasingizdan turib boshingiz aylanadi. Mana, ko‘rib turibsizlar, bizda hamma yoq top-toza.
Lekin suhbatdoshimizning ko‘zi qo‘limdagi kichkina diktofonga tasodifan tushib qoldi-da, birdan aytib turgan gaplarining shashti pasayib, mavzuni boshqa yoqqa burib yubormoqchi bo‘lgandi, uni yana savolga tutdik:
– O‘n yetti yildan beri shu yerda ishlayotgan bo‘lsangiz, qani ayting-chi, nahot “omborxona”ngizda saqlanayotgan barcha radiatsion chiqindilar “O‘zbekistonniki” bo‘lsa! Biz boshqacharoq gap eshitgan va yozgan edik-ku!
Men diktofonni yaqinroq tutib turganimni ko‘rib, Morozov bunday o‘ng‘aysiz vaziyatga tushib qolishini o‘ylamagan ekanmi, ko‘pchilikning oldida nima deyishini bilmay, biroz esankirab qoldi.
Keyin:
– To‘g‘risini aytsam, Semipalatinsk, Chelyabinsk tomonlardan ham radioaktiv ballonlar keltirilgan, – deya rostini aytishga majbur bo‘ldi.
– Yana qayerlardan keltirilgan?
– Bunga javob berolmayman.

“Kasalni yashirsang – isitmasi oshkor qiladi”

O‘sha kecha-kunlar turli darajadagi rahbarlarning oromlari buzilib, ancha bezovta bo‘lib qolishgandi. Chunki ular “Yovchiqqan”ga uzoq yillar davomida shunday xatarli bo‘lgan radioaktiv “chiqindilar” qayerdan, nimalar sababli keltirib ko‘milayotganiga bu darajada befarqlik qilib kelganliklari ko‘pchilikni qiziqtirardi, albatta.
Rahbariyat mana shu xildagi gap-so‘zlar qo‘zg‘alib ketishidan xavotirga tushib, masalani “tinchitib” yuborishga har xil yo‘llar bilan urinishar edi.
Aslida, bunday urinishlar xuddi mana shu Bo‘stonliq misolida avval ham bo‘lgan, biroq sharmandalik bilan yakun topgandi.
O‘shanda O‘zbekistonning eng noyob tabiat go‘shalaridan hisoblanmish bu go‘zal maskanni “Harbiy poligon”ga aylantirish uchun boshlangan “shubhali qurilishlar”ga qarshi butun Bo‘stonliq ahli oyoqqa qalqqan, Toshkentda norozilik yig‘inlari ham boshlanib ketgandi.
Zero, “ittifoq” deya nomi ketgan butun mamlakat hududi bo‘ylab “tabiat himoyachilari – ekologlar”ning xatti-harakati xuddi o‘rmonga tushgan yong‘inday hamma yoqqa tarqab, avj olgandan olib borar, buni kun sayin televideniye hamma yoqqa ovoza qilardi.
Nihoyat, Kreml rahbariyati o‘ta dolzarblik ahamiyatiga molik deb hisoblangan ekologik muammolarni yig‘inlar o‘tkazish orqali ko‘pchilik “ovoz” bilan xalqning o‘zi hal etishi uchun ruxsat berdi.
Uning aks-sadosi, shubhasiz, bizga ham yetib kelib, Bo‘stonliq tumanining markazi G‘azalkentga yaqin joy, eng katta qishloqlardan biri Soyliqning ochiq maydonida “qurilishga qarshilar” hamda “tarafdorlar”ning bir necha ming kishilik yig‘ini o‘tkazildi. Ular ichida yozuvchi, jurnalistlar, shu sohaga uzviy aloqador taniqli olim va mutaxassislar ko‘pchilikni tashkil etardi. Tepalikning bag‘irliroq yeriga sahnanamo qilib yasalgan minbarga chiqib, mik­rofon orqali har ikki “tomon”ga ham o‘z fikrini aytish huquqi berildi. Voizlar ko‘p bo‘ldi.
Va ovoz berishga kelganda, “qarshi” taraf 99 foiz ovoz oldi. “Yutqazganlar” asosan hukumat “odamlari” bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlagan “mahalliy”lar qirq-o‘ttiz kishidan oshmadi. Rasmiylar bunday bo‘lishini aslo kutmagandilar chog‘i, shosha-pisha mashinalariga o‘tirib, jo‘nab qolishdi.
Xuddi o‘sha kuni kechga tomon Markaziy televideniyening O‘zbekiston bo‘yicha maxsus muxbiri Irismat Abduxoliqovning Bo‘stonliqdan yuborilgan qariyb o‘n minutlik reportaj ko‘rsatuvi “Vremya” dasturi orqali namoyish etildi. Va “respub­lika rahbarlari juda ko‘pchilikni tashkil etgan o‘z fuqarolarining istak-xohishlarini hisobga olishlari kerak” degan jumlalar bilan mavzu yakunlandi.
Bundan g‘azabi junbushga kelgan O‘zkom­partiya Markazqo‘mining sekretari Anishchev zudlik bilan “O‘zTAG”ning majlislar zalida matbuot, televideniye va radio xodimlari uchun “favqulodda” press-konferentsiya uyushtirdi. Moskva televideniyesi ko‘rsatuvini “Yolg‘on”, “Tuhmat” deb e’lon qildi. So‘ng tap tortmay “Bir to‘da ig‘vogar yozuvchilar Bo‘stonliqda bir guruh odamlarni to‘plab, yig‘ilish o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Lekin xalq ularni qabul qilmadi. Munosib zarba berib, haydab yubordi” deya “bayonot” berdi.
Bu O‘zbekiston ijodkorlari sha’niga tarqa­tilayotgan birinchi bo‘hton emasdi. Soyliqdagi o‘sha yig‘ilishda ishtirok etib, qoyillatib o‘zbekchasiga nutq so‘zlagan O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining kotibi Yevgeniy Berezikov to‘g‘ri Anishchev oldiga kirib, “O‘zbek xalqi – juda madaniyatli, o‘qimishli xalq, ayniqsa, o‘z shoir, yozuvchilariga bunday hurmatsizlik qilmaydi, siz bu chinakamiga “yolg‘on”, “tuhmat” gaplaringiz uchun kechirim so‘rashingiz kerak”, deydi qat’iy talab ohangida.
Butun respublikada o‘zini “hokimi mutloq” deb biluvchi odam uchun bu gaplar qattiq haqoratday bo‘lib tuyuladi. Nima qilishini bilmay, rang-ro‘yi gezarib, bir necha daqiqa qotib qoladi. So‘ng:
– Biz sen bilan maslakdoshlik qilolmas ekanmiz! – deya u yozuvchini kabinetdan haydab chiqaradi..
Qizig‘i shundaki, Anishchevning o‘zi ko‘p o‘t­may O‘zbekistondan badarg‘a qilinadi.
Afsus, respublikaning butun taqdirini hal etishga da’vogar bo‘lgan bu sobiq “amaldor”ning “Chapayevcha ish yuritish uslubi” u, O‘zbekistonni tashlab chiqib ketgandan keyin o‘zimizdan chiqqan kimlargadir “meros” bo‘lib qolgan shekilli, hamon ayrim matbuot sahifalarida yurtimiz dardini tirnaydigan, ba’zan o‘ta mas’uliyatsizlik bilan yozilgan maqola, xabarlar paydo bo‘lib turardi.
Darvoqe, rasmiyona uydirmalardan iborat bunday yolg‘on-yashiq aldovlarning har doim ham adog‘i ishkal bo‘lib, xalq boshiga ko‘p kulfatlar solgan. Chernobil voqeasi buning yaqqol dalil-isboti bo‘la oladi.
Matbuot tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, Chernobil AESida ro‘y bergan portlash-avariya oqibatida yaqin-atrofdagi tuman hududlariga tarqalgan radiatsion nurlanish miqdori Moskvadan berilgan buyruqqa binoan aholidan mutlaqo sir tutilgan. Hech qanday xatar alomati yo‘q, bemalol yashayverish mumkin, deb yuz minglab kishilar ishontirilgan.
Eng yomon tomoni, bunday “ishontirish” ittifoq Sog‘liqni saqlash ministrligi tomonidan 1986 yil, 27 iyun kuni berilgan “Avariya tafsilotlari mutlaqo sir saqlansin!”, “AES avariyasida ishtirok etganlarning nurlanish miqdori qat’iy oshkor etilmasin!” degan maxsus ko‘rsatmalar asosida olib borilgan.
Hatto, ko‘pchilik orasida ruhan “bardamlik” kayfiyatini saqlab qolish, “vahimaga berilish”ning oldini olish maqsadida o‘ta xavfli radiatsion “g‘ubor” o‘z qa’riga torta boshlagan Kiyevning markaziy “Qizil maydoni”da ko‘pming kishilik maktab o‘quvchilari ishtirok etgan 1 may namoyishi uyushtirilgan.
Uch yil davomida maxfiylashtirib kelingan bu “tantanalar” siri endi oshkor etilib, u yosh avlod hamda millionlab fuqarolar hayotiga qilingan suiqasd deb, baholanmoqda, aybdorlarni jazoga tortish kerakligi haqida talablar o‘rtaga qo‘yilmoqda edi.
Xuddi mana shu paytlar Aleksandr Minkinning “Yovchiqqan” tashrifidan so‘ng kattagina “tahlikali” maqolasi dovrug‘li “Ogonyok” jurnalida chop etilgan, bu “noxush xabar” tezda hammayoqqa tarqab ketgandi.
Uni Amerikaning qaysidir matbuoti tarjima qilib bosganligi haqida ham gaplar qulog‘imizga chalinib turardi.
Kaminaga ikki marta “Bi-Bi-Si”dan qo‘ng‘iroq qilishgan, berilgan savollarga og‘ir-bosiqlik bilan “Six ham, kabob ham kuymaydigan” qilib javob qaytargan edim. (har ikki suhbatning matni hanuz menda saqlanadi)
Xullas, “Yovchiqqan” nomi ittifoq chegarasidan o‘tib, chet ellarda ham “yangray boshlagan”i mahalliy rahbarlarimizni hushyor torttirib yuborgani aniq. Endi “Kasalni yashirsang – isitmasi oshkor qiladi” deganlari rost ekanligiga ishonib qolgandilar shekilli, meni ham ba’zan huzurlariga chaqirib qolishardi.
Bo‘stonliq masalasi “ijobiy” hal bo‘lgandan
keyin Ministrlar Sovetining raisi G‘ayrat Qodi­rov bilan – u kishining dastlabki maslahat­lariga ko‘ra, “aka-uka”lashib ketmagan bo‘lsak-da, keyinchalik aloqalarimiz ancha do‘stona bo‘lib qolgandi.
Bir kuni kotiba ayol G‘ayrat aka meni huzuriga chaqirayotganini, tezda yetib kelishimni telefon orqali aytib qoldi.
Rais huzuriga – oldindan tanishligimiz bo‘lgan N.A. Muhiddinov boshlab kirdilar.
– Assalomu alaykum, G‘ayrat aka! – deyishim bilan, odatdagiday “do‘qnamo”:
– Aka dema! – degan javobni eshitdim, – qani, o‘tir, manavi oqsoqol otaxonning qarshilariga, – deya Nuriddin Akramovich yonlaridan joy ko‘rsat­di va so‘zida davom etdi, – gapning qisqasi, indinga, shanba kuni respublikaning barcha mutaxassis olimlarini chaqirib, o‘sha “poligon” masalasiga bag‘ishlangan “Favqulodda ekologik hay’at”ning yig‘ilishi o‘tkaziladi. Moskvadagi o‘rtoqlar oldiga qo‘yadigan talablarga yana bir bor aniqlik kiritib, dushanba kuni Nuriddin Akramovich boshchiligida besh kishilik delegatsiya Moskvaga uchishadi. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun “Yovchiqqan” vahimasini to‘xtatib turaylik. Hozir, o‘zing tushunadigan odamsan, Chernobilniki yetib-ortyapti. Xayr, omon bo‘l! Ha, Nuriddin Akramovich, yig‘ilishda bu “to‘polonchi”ning o‘zi ham ishtirok etishi kerak…

“Favqulodda ekologik hay’at”

Hukumat tomonidan tuzilgan bunday “hay’at” borligi haqida unda-munda eshitib turardim. Soyliq qishlog‘ida bo‘lganidek, bu safar ham yig‘ilish olomon tusini olib ketmasin deyishganmi, unga ro‘yxat bilan ellik kishining nomi kiritilgandi.
Shular ichida “Yovchiqqan”dagi holat bilan jiddiy shug‘ullangan olimlardan: geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Said Mirzayev, akademik olimlarimizdan G‘ani Mavlonov, B.O. Toshmuhamedov, M. Muhammadjonov, Yozuvchilar uyushmasidan Pirmat Shermuhamedov boshliq bir guruh adib va shoirlar (oralarida “norasmiy” vakil Yevgeniy Berezikov ham bor edi) hamda “muammo”ni ko‘targan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev shu yerda ekanliklarini ko‘rib, o‘zimni sal erkinroq his etdim.
Baribir, ko‘pchilikning nazariga tushishni istamay, “Faqir kishi panada” deganlaridek, chekkaroqdan joy oldim. Yig‘ilishni N. A. Muhiddinov boshqarib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshida ekologiya masalalari bo‘yicha tuzilgan ilmiy sho‘ba raisi, meditsina fanlari doktori, professor V.B. Danilovni sahnaga taklif etib, yonlaridagi kursidan joy ko‘rsatdi. Yig‘ilish rasmiy tus berilmay, “oddiy” tartibda boshlandi va davom etdi.
Birinchi so‘z “Yovchiqqan” chiqindilar ombori” direktori F. Saidahmedovga berilgandi, u – bu “nutqi”ni ancha oldin yozib qo‘ygan-u, shu kunning talabidan kelib chiqib, salgina bo‘lsa ham “tahrir” qilishga vaqt topmagan ekanmi, yana “eskicha” gaplarni ayta boshladi:
– Ilgari sir saqlanardi, endi ochiq-oydin gapiryapmiz. Muxbirlar bilan suhbatlar uyushtirib, ba’zi asossiz mish-mishlarga o‘z javobimizni beryapmiz. Avvalo, radioaktiv chiqindilar ko‘miladigan “o‘ra”larimiz o‘ta mustahkam. Qariyb yigirma yildan beri hali biron marta avariya bo‘lmagan. Qolaversa, biz “chet”dan hech qanday zararli “chiqindilar” olib kelib ko‘mmaganmiz. Men bu gapim uchun hammangizning oldingizda javob beraman. Biz faqat respublikamiz “chiqit”larini ko‘mamiz, xolos. Juda kuchsiz radiatsion “chiqitlar”. Ularni tashib keltirishga moslashgan maxsus mashinalarimiz bor. Ularni Qoraqalpog‘iston yo‘llaridan tortib, O‘zbekistonning xohlagan burchagida uchratishingiz, tekshirib ko‘rishlaringiz mumkin.
Men o‘z ko‘zlarimga ishonmay, obbo, bu odam o‘sha Saidahmedovmi yoki boshqasimi deb, hayratlanib turgandim, so‘z payrovini Sog‘liqni saqlash ministr­ligi qoshidagi radiatsion xavfsizlik bo‘yicha Bosh mutaxassis o‘rtoq Vaynshteyn davom ettirib:
– Shuni bilishlaringni istardimki, o‘sha “Yovchiqqan” degan joyda biron marta ham radiatsion nurlanish normadan yuqori bo‘lmagan. Hatto, tekshirishlar olib borib, bir necha marta past ekanligini kuzatganmiz. Xohlaganlar uchun maxsus nazorat qilish asboblari orqali isbotlab berishimiz mumkin, – deya, qandaydir qog‘oz chizmalarini baland ko‘tarib, ko‘rsata boshladi.
Yig‘ilishda “Yovchiqqan” qishloq ahli nomidan vakil bo‘lib qatnashayotgan maktab direktori o‘zini tutib turolmadi.
– O‘sha “ombor”da shuncha yillardan beri biron marta “avariya” bo‘lmaganligi yaxshi! Lekin qachonlardir ro‘y berishini kutib o‘tirish shart­mikan? Chernobil avariyasini ham hech kim kutmagan edi-ku! “Kuchsiz” radiatsion “chiqindi”lar vaqt o‘tgan sari reaktsiyaga kirishib, kuchayib borishi, hatto o‘sha “kuchsiz” miqdordagilari ham barcha tiriklik uchun yanada xatarliroq bo‘lishi ilmiy manbalarda yozilgan, isbotlangan-ku! Nahotki, shu bor haqiqatni, yana deng, xalqning sog‘ligini saqlash bo‘yicha qayg‘urishi lozim bo‘lgan Radiatsion xavfsizlik bo‘yicha Bosh mutaxassis o‘rtoq Vaynshteyn bilmasa, biz arz-dodimizni kimga aytamiz? Shundoq, qishlog‘imiz yonginasidagi o‘ta xatar o‘chog‘ining boshlig‘i Saidahmedovning gap­lari xuddi yosh bolani aldash uchun aytilayotgan cho‘pchakka o‘xshaydi. Nahotki, obro‘li gazetada yozilib, hamma yoqqa tarqab bo‘lgan, o‘z aytganlaridan qaytayotgan bo‘lsa, nega bu gaplarni oldinroq aytmay, mana shu mo‘tabar yig‘ilish minbaridan turib aytmoqda!
Raislik qiluvchi Saidahmedovni savolga tutdi:
– Yana qaytarib ayting-chi, “O‘ra”laringizdagi radiatsion “chiqindilar” faqat O‘zbekiston hududlaridan keltirib ko‘milganmi?
– Ha, o‘zimizniki! Boshqa kim ham o‘z territoriyasiga bunday xatarli narsalarni ko‘mish uchun ruxsat berardi!…
– Bizda “AES”lar yoki boshqa “yopiq korxonalar” yo‘q-ku? Maqolada yoritilgan, o‘zingiz intervyu berib aytgan so‘zlar noto‘g‘rimi, yo?
U bepisandlik bilan:
– Gazeta yozaveradi, – deb yubordi-yu, nogahon ko‘zi menga tushib qoldi. Bir g‘alati bo‘lib ketdi. Xuddi shu payt Ahmadjon Meliboyev sapchib o‘rnidan turdi:
– O‘rtoq Saidahmedov, gazeta “shunchaki” narsalarni yozavermaydi. Sizning “shikoyat xat”ingizga o‘z vaqtida qanday inkor etib bo‘lmas dalil-ashyolarga ega ekanligimizni aytib, javob qaytarganmiz. Kerak bo‘lsa, buni yana bir karra mana shu ko‘pchilik hay’at a’zolari oldida isbotlashimiz mumkin.
Oxirgi kutilmagan bu so‘z ham Saidahmedovni butunlay esankiratib qo‘ydi. Qaddi biroz egilib qolganday bo‘ldi. Keyin boshini shartta ko‘tarib:
– Oshkoralik bo‘lgandan keyin, shunday bo‘la-qolsin. O‘sha maqolada yozilganlarning hammasi to‘g‘ri. Mana shu bugungacha buyruqni bajarishga majbur bo‘lganmiz, – dedi-da, zaldan chiqib keta boshladi.
“Punkt”dagi ahvol haqida aniqroq javob olish maqsadida professor S. Mirzayev V. Vaynshteynga savol bilan murojaat qildi:
– “Yovchiqqan” o‘z nomiga monand “Yovchiqqan”ligi ta’kidlanayotgan ekan, shifokor sifatida ayting-chi, shunday joyga atom asrining eng xatarli “nushxurdlari”ning keltirib ko‘milishi aqlga to‘g‘ri keladimi? Kelajakda biron kor-hol ro‘y bermasligiga kafillik bera olasizmi?
Saidahmedovning “ahvoli”ni ko‘rib, ancha shashti pasayib qolgan Sog‘liqni saqlash ministrligi vakili darrov avvalgi fikridan qaytdi:
– Albatta, men tugul har qanday vallomati ham kafolat berolmaydi. Yana o‘zimiz yashab turgan ko‘pmillionli poytaxt shaharning shundoq ustiga bunday o‘ta xatarli ajal urug‘ini keltirib ko‘milishi katta, kechirib bo‘lmas xatolikdir.
Shu payt zalda o‘tirganlardan kimdir ovozini baland qo‘yib dedi:
– Jinoyat!
Vaynshteyn bir g‘alati bo‘lib ketdi va so‘zida davom etdi:
– Afsus, bizning Sog‘liqni saqlash ministr­ligidagi avval ishlagan mas’ul o‘rtoqlar ham bunday xatar o‘choqlari borligidan xabardor bo‘lishmagan. Axir, O‘zbekistonda, ana, Qoraqalpog‘istonda qanchadan-qancha chegarasiz cho‘l-biyobonlar, sahrolar yastanib yotibdi-ku!
Olim darrov uning so‘ziga qo‘shimcha qildi:
– Millionlab gektar bo‘sh, qarovsiz yotgan, odam oyog‘i hali yetib bormagan Ittifoqning boshqa joylarida, ayniqsa Rossiyada unday joylar kammi?
– Men shularni ham aytmoqchi bo‘lib turuvdim. Gapingiz to‘g‘ri, qo‘shilaman, – “hozirjavoblik” qildi, Vaynshteyn.
– O‘rtoq Vaynshteyn xalq salomatligi yo‘lida qayg‘urish vazifasini o‘z zimmasiga olgan kishi ekan, men uni hushyor torttirib qo‘yadigan yana bir haqiqatni aytmoqchiman, – deya mavzuni davom ettirib, gurungga qo‘shimcha qildi akademik olim B.O. Toshmuhamedov, – bizlar bir necha bor tekshiruvlar o‘tkazib, afsus, Saidahmedov chiqib ketdi, o‘zini bugun g‘alatiroq tutdi, xullas tekshiruvlardan ke­yin kelgan yagona xulosamizga ko‘ra, “Yovchiqqan” qir o‘ralarida “mudrab” yotgan kislotali radiatsion “chiqindi” hamda eng yomon asoratli mishyak moddalari, aytishga ham odamning tili bormaydiyu, butun Toshkent vohasidagi jamiki tirik mavjudotni bir necha marotaba qirib yuborishga yetarlidir. Shuning uchun, mana Nuriddin Akramovich aytib qoldilar, Moskva oldiga qat’iy talablarni tezroq qo‘yishdan boshqa ilojimiz yo‘q! Chunki bu yerda millionlarning hayot-mamoti bilan bog‘liq masala turibdi.
– Bek Oybekovich, bu gaplaringiz juda to‘g‘ri, – deya mavzuni davom ettirdi ilmiy sho‘ba-hay’at raisi, O‘zFA vakili V.G.Danilov, – Shuning uchun ham bugundan kechikmay, Moskvaga, Fanlar akademiyasiga murojaatnoma xati tayyorlashimiz kerak. Lekin masalaning yana bir jiddiy tomoniga ham e’tibor qaratishimiz lozim. Chunki, hozir moskvalik, shuningdek, o‘zimizdan chiqqan ayrim kimsalar xayolida O‘zbekistonda arzon-garovligini maqtab, “AES” – atom elektr stantsiyasi barpo etish g‘oyasi paydo bo‘lib qolgan, bizga “Yovchiqqan” “ob’ekti”ni “zamonaviyroq” qilib, kengaytirish taklifini aytgandilar. Bu, Toshkent boshiga Chernobil fojiasini solishga urinish bilan barobar. Biz, birinchi navbatda, kimlarningdir “chiqindi axlati”ni shundoq boshimiz ustiga keltirib to‘kishlari yo‘liga g‘ov solishimiz, ana undan keyin “ajal konteynerlari”ni – qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha tomonlarga jo‘natib yuborish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz kerak va zarur. O‘zbekistonga ortiqcha “bomba”ning keragi yo‘q.
Eng qizig‘i, shu “favqulodda” yig‘ilishning ertasi kuni “Pravda” gazetasi g‘irt yolg‘ondan iborat “O‘zbekistonda tarqatilayotgan mish-mishlar”ga qarshi “Vahimaga o‘rin yo‘q” degan “raddiya” sifatida yana bir maqola e’lon qildi. Uni yozgan “gazetaning respublika bo‘yicha maxsus muxbirlari” o‘z yolg‘on-yashiqdan iborat to‘qimalariga shunday jumlalar bilan nuqta qo‘yishgandi: “Bizlar, anchagina avval mahalliy bir yozuvchining O‘zbekiston matbuotida e’lon qilinib, hali-hanuz ko‘pchilikni chalg‘itib yurgan maqolasi bo‘yicha Toshkent oblas­tiga qarashli Bo‘stonliq tuman territoriyalarini ko‘p aylandik. Biroq, biron joyda, tog‘ yoki qir etaklarida atrof-muhit uchun xatarli bo‘lgan “radiatsion chiqindilar” keltirib ko‘miladigan “poligon”ni ham, “ob’ekt”ni ham uchratmadik. Demak, vahimaga mutloq o‘rin yo‘q”.
Qiziq davrlar edi. Ko‘r-ko‘rona, savodsizlarcha, g‘irt yolg‘ondan iborat kattagina bu maqolaga O‘zbekiston rasmiylari tomonidan biron-bir “munosabat” bildirilmadi.
Baribir, Moskvadan hayiqishardi.
Shularga qaramasdan, oradan ko‘p o‘tmay, Mosk­vadan SSSR Fanlar akademiyasi tomonidan tuzilgan maxsus komissiya keldi. “Ob’ekt”ga olib boradigan yakka-yagona yo‘lga Haydarali aholisi va tuman ekologlari tomonidan tog‘day qilib bir necha mashina shag‘al uyib tashlangan hamda shlagbaum o‘rnatib qo‘yilgandi. Ularni “eng yuqori”dan kelgan komissiya a’zolariga “ochish” uchun ikki kun vaqt ketdi. Alal-oqibat – buning natijasida “Yovchiqqan”ga hech qanday “chiqindi” keltirib ko‘milmaydigan bo‘ldi.
Xavfli “o‘ra”lar atrofi qalin beton to‘siqlar bilan o‘ralib, xavfsizlik choralari ko‘rildi. Darvoza po‘lat qoplamali qilib, butunlay yangitdan qurildi. Uning ikki yoni gulzorga aylantirildi.
Qir atroflari ham tartibga solinib, dov-daraxtlar ekildi. Ancha naridagi buloqdan qiyalama qilib suv tortib keltirildi. Ozgina vaqt ichida “Yovchiqqan” xuddi G‘azalkentdagi kichkina park qiyofasini olib, butunlay o‘zgarib ketdi. Haydaraliliklarning ko‘ngillari o‘rniga tushganday edi.
Men ham “Yovchiqqan” tomonlarga ikki-uch marta borib, bularni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, taskin topganday bo‘ldim… Baribir, ko‘nglimning bir chetida ahyon-ahyonda “Yovchiqqan” bag‘irlarida mudrab, yashirinib yotgan eng yovuz yov bir kunmas-bir kun bosh ko‘tarib qolmasmikan, degan xatarnok xayol g‘imirlab qolgandek bo‘lardi.
Odam har narsaga ko‘nikadi, deganlaridek, bora-bora xavotirni ham unutdim.

“Amaldorlikni havas qila ko‘rmang”

Bir kuni “yuqori”da yaxshigina amaldorlik vazifasida ishlab yurgan Erkin akam (Vohidov) kutilmaganda shunday deb qoldi:
– Sizni ham ishga taklif qilishmoqchi bo‘lib, “ukangiz ekan, nima maslahat berasiz” deb so‘rashgandi, “U biron kun bir joyda tinchgina o‘tiradigan odam emas, daydib, har qayoqqa ketib qolaveradi. O‘zim ham ba’zan oylab qidirib, topolmay qolaman”, deb, bor gapni aytdim. To‘g‘ri qilibmanmi?! Sizga havasim keladi: istagan paytda xohlagan yeringizga, hali Hindistonu Pokis­ton, Shri-Lankaga ham ketib qolaverasiz. Erkin qushsiz. Qafasga joylab, ip bog‘lab qo‘yishmasin, dedim-da!
Yashirib nima qildim, o‘sha paytlar avval Bo‘stonliqda, keyinroq “Yovchiqqan”dagi “g‘alabalarim” sabab bo‘libmi, obro‘ anchagina oshib ketgan, hatto, obko‘mning ba’zi yig‘ilish­lari­ga chaqirib turishardi.
Navbatdagi tadbir O‘zbekistonga gurra-gurra qilib rahbarlik lavozimlarini egallashga Rossiyadan jo‘natilayotgan “ishning ko‘zini biladiganlar” o‘rniga “javoban” “yosh, malakali o‘zbek kadrlari”dan o‘n besh kishini oilasi bilan turli sohalar bo‘yicha ishlab, “tajriba orttirish” uchun NovoSibirsk, Voronej, Tambov oblastlariga tantanali kuzatishga bag‘ishlangan ekan. Xodimalar ro‘yxatidan o‘tgach, ichkariga kirib, iloji boricha tezroq chiqib ketishni mo‘ljallab, orqa qatorlardan biriga o‘tirdim.
Bir payt yonimga o‘rta yashar bir kishi kelib, boshini eggancha qulog‘imga shivirladi. “Sizni yuqoriga chaqirishyapti”. “Yo‘q, menga shu yerning o‘zi ham bo‘laveradi”, dedim unga javoban past ovozda. “Sizning joyingiz bu yerda emas. Hov, ana “katta”ning o‘zlari kutib turibdilar”. Chindanam uzun bo‘yli, ozg‘indan kelgan “katta” – obkomning birinchi sekretari men tomon qarab turar, hatto, qo‘li bilan ishora qilganday ham bo‘ldi.
“Obbo-o” deya xodimning orqasidan ergashdim. Besh-oltita yoshi o‘tinqirab qolgan, orden taqqan veteran qariyalar yoniga o‘tqazib qo‘yishdi. “Demak, bu kuzatuv marosimida kimlardir nutq so‘zlashi kerak. Ishqilib, mikrofonga meni ham taklif qilib qolishmasaydi, avvaldan gapga o‘ta no‘noqman, qolaversa, nima deyman, bu ham amaldorlikning boshlanishi emasmikan”, deb ming xil xayollarga berilib o‘tiribman.
Xuddi shu payt harbiycha marsh sadolari yang­rab, unga monand soldatcha qadam tashlab, o‘rta yo‘lakdan biz tomon bir xilda kiyingan, qaddi-qomati ham, yoshi ham bir xilga o‘xshash 15 ta “o‘zbek kadri” yaqinlashib keldi-da, shartta to‘xtab, birinchi sekretarga chest berganday o‘rischalab nimadir deb, keyin bir chetda saf tortib, turib olishdi.
Yosh pioner bolalarning xuddi maktablarda o‘tkaziladigan “salyut” yig‘ilishini eslatib yuborgan bu tadbir menga erish tuyuldi, kulib yuborishimga sal qoldi.
“Kadr”larimiz jo‘natilayotgan Rossiyaning o‘sha uchta viloyati yerlarida jang qilgan ikkita Vatan urushi qatnashchisi, bitta paxtakor “Mehnat qahramoni” otaxonlar yigitlarga oq yo‘l tilab, nutq so‘zladilar.
Sekretar Temur Alimov yozuvchi sifatida menga so‘z bermoqchi edi, inkor ma’nosida boshimni sal qimirlatib qo‘ydim. U kishi meni “tushundi”. Bundan uch-to‘rt yil oldin bu odamga biron so‘z “tushuntirish” u yoqda tursin, hatto, oldiga yaqinlashib bo‘lmasdi.
“Bo‘stonliq uchun kurash” eng avjga chiqqan kunlar hech esimdan chiqmaydi. Oblastning dovruqli bosh rahbari tumanga onda-sonda kelib turardi-yu, ishni G‘azalkent va uning atrofidagi katta maydonlarda “Radio-magnitofon ishlab chiqaradigan”, deb atalsa-da, aslida ancha shubhali maqsadlarga yo‘naltirilgan zavodlar kompleksi qurilishiga qarshi harakat qilib yurgan, gazetada ham bu haqda fosh etuvchi maqolalar e’lon qilib ulgurgan biz yozuvchilarni ta’qib qilishdan boshlardi.
Hatto, meni bir kuni “raypotrebsoyuz” raisi Tohirjon Barakayev qabulxonasidan “tutib olib”, tuman militsiyasi boshlig‘i kabinetida o‘tirgan birinchi sekretarga ro‘para qilishganda, u “hozir mana shu yerning podvaliga qamatib, hech qayoqqa chiqmaydigan qilib tashlayman” deya qo‘rqitgan, mashinamning hujjatlarini oldirib qo‘ygan paytlari bo‘lgandi.
Yana bir hayratlanarli tomoni shunda ediki, ahyon-ahyonda bo‘lib turadigan bu xildagi tazyiqlardan so‘ng ko‘p o‘tmay telefon jiring­lar, noma’lum kishining “Bo‘sh kelmalaring, sal bo‘sh kelsalaring yutqazasizlar. Sizlar haq”, degan ovozi eshitilib qolardi. Buni bizning hushyor va ehtiyotkor ijod ahli, “Bu, provokatsiya. “Quda” (xavfsizlik organi) tomonning ishi”: deb baholashar va meni hushyor bo‘lishga undashardi.
Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, bu odam Toshkent oblispolkomi raisi Po‘lat Majidovich Abdurahmonov ekan. Bizning “g‘alaba” haqida gazetalar xabar tarqatgan kunning ertasiga tabriklagan ovozidan tanib qoldim:
– E-e, sizmidingiz, o‘shanda bizni qo‘llab-quvvatlab turganingiz ruhimizni ko‘tarib, ancha madad bo‘lgan. Katta rahmat, sizga, – deyishim bilan:
– Mana, Temir A’zamovich ham mening fik­rimga qo‘shilib, tabriklamoqdalar. Lekin ko‘p yaxshi ish qildilaring. Ha, ezgulik har doim ham osonlik bilan ro‘yobga chiqavermaydi, – degan so‘zlarini eshitib, bu odam ko‘z oldimda ancha ma’rifatli, ziyolidan chiqqan rahbarga o‘xshab gavdalanib ketgandi.
O‘sha kungi “kadr”larni Rossiyaga kuzatish marosimidan so‘ng bir necha oylik ijodiy safar bilan bobomiz “Beruniy izidan” Hindiston bo‘ylab yo‘lga tushdim. Dehlida mening bu xayrli ish-safarimdan yaxshi xabardor, hatto, shunga rag‘batlantirgan, biz o‘zbek hindshunoslarining ko‘p yillik ustozi, Dehli universitetining professori Qamar Rais domla kutib oldilar. U kishi yozgi ta’tilni qarindosh-urug‘lari, yor-birodarlari ichida o‘tkazmoqchi bo‘lib, odatdagiday yaqinda o‘z Vataniga kelgandi.
Ertasiga Qamar sohib bilan eski shaharning eng katta yerosti koppon bozori – “Palika bazar”ni aylanib yurib kutilmaganda Po‘lat akaga ko‘zimiz tushib qolsa bo‘ladimi! Bir hafta bo‘libdi turistlar guruhi bilan bu yerga kelganiga. Ertaga ertalab Agra shahriga jo‘nab, “Tojmahal”ni ziyorat qilib, kechki reysda Toshkentga uchisharkan.
Qamar sohib bilan uch kishilashib bozor aylandik. Po‘lat akani mehmonxonaga tashladik-da, kechga tomon gavjum va shovqin-suronli poytaxt ko‘chalaridan chetroq, o‘zbek mahallalariga o‘xshab ketadigan sokin go‘shada joylashgan domlaning uylariga olib ketadigan bo‘ldik.
Dasturxon ustida uzoq gurunglashib o‘tirish asnosida ertagi rejani ham tuzib oldik: xonadon sohibining jiyani yoshgina yigit No‘monning mashinasida barvaqt yo‘lga tushib, Agra shahridan kech peshinga qolmay qaytib keladigan, so‘ng Po‘lat Majidovichni oqshomgi reys bilan Toshkentga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldik.
Aziz mehmonimiz – ovora bo‘lmasligimizni aytib, ko‘p iltimos qilsa-da, biz o‘z so‘zimizda turdik.
Yaxshi odamni, ayniqsa, qiyin kunlaringda ko‘nglingni ko‘tarib, suyanchiq bo‘lgan insonni qancha izzatini joyiga qo‘ysang, shuncha oz-da!
Men uzoq davom etgan safardan qaytib, Po‘lat akaning yo‘l qurilish bo‘yicha rahbarlikka tayinlangani, ko‘proq viloyatlardan beri kelmay, mas’uliyatli ishlar bilan ovora ekanligini eshitardim. Hatto, bir marta “Toshkent-Qo‘qon” tog‘ magis­tral yo‘lining “Qamchiq” dovonidagi “shtab”ida ekanligini eshitib, yetib kelganimda, “Kecha Qoraqalpog‘istonga ketdilar” deyishdi.
Qariyb bir milliarddan ziyod hindlar orasidan osongina topib olgan Po‘lat Majidovichni o‘zimizda qidirib topolmasdim va hamon izlab yuribman, qayerdasiz, Po‘lat aka?
“Hind sori” safaridan orttirib kelgan “qoralama” yozuv-chizuvlarni tartibga solish asnosida har xil tadbirlardan o‘zimni tortib yurdim. To‘g‘rirog‘i, Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumanidagi ancha ilg‘or kolxoz raisi, bolalik og‘aynim To‘ychivoy Ne’matovning tog‘lar orasidagi kichkina qarorgohida ikki oycha rihlatda bo‘lib, hech qayoqqa chiqmay, ijod bilan shug‘ullandim. “Hindiston ming yildan so‘ng” kitobimni yozib tugatdim.
Toshkentga qaytib kelganimning ertasi kuni uy telefonim jiringladi.
– Ha, qochqoq, qayerlarda berkinib, yuribsan? Baribir topib oldim-a! Mashina yuboraman. Tezda oldimga kel.
Bu Temur A’zamovich Alimov edi.
– O‘zim boraman, bir qadam joy-ku! – dedim.
– Topolmaysan. Adresing o‘sha-o‘sha, Darxonmi?
– Ha.
– Tayyor bo‘lib tur.
Temur aka meni “obkom” binosidan ancha narida joylashgan ko‘p qavatli ma’muriy qarorgohning ikkinchi qavatidagi keng, shinam xonasida kutib oldi. Gap qisqa va lo‘nda bo‘ldi:
– Ilgarigi raqobat endi yo‘q. Zamon o‘zgargan. O‘sha davrning talabi edi. Ekologiyani birgalikda himoya qilamiz. Shu yerga ishlashga kelasan, vassalom. Boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Birdan Erkin akamning gaplari esimga tushdi: chilvir tashlanmoqda, bundan qutulishning yo‘lini izlab, biroz o‘ylanib qoldim.
Va:
– Mening qiladigan ijodiy ishlarim ko‘p. Vaqtim bo‘lmasa kerak, – deyishim bilan:
– Sen qiladigan ishlarni qilib bo‘lgansan. Alohida kabineting bo‘ladi. Hamma shart-sharoitni yaratib beraman. Nima yozsang-yozaverasan! Hindistonda Po‘lat Majidovich bilan uchrashib qolib, mehmon qilganing-u, Tojmahalga olib borib, ziyorat qildirganlaringgacha!.. Ha, xizmat mashinasi masalasini keyinroq hal qilamiz. Ishni yo‘lga solib olaylik.
Men biron so‘z aytolmay qoldim. Temur A’zamovich eshik ro‘yasida paydo bo‘lgan xodimaga qarab:
– Bu odamni taniysiz-a, – deb qo‘ydi-da, ta’kidlaganday, – hujjatlarini keltirib beradi, bugundan kechiktirmay, ishga rasmiylashtirib qo‘ying, – dedi.
Ana, xolos, arzimagan bir soatga yetar-etmas vaqt ichida hali o‘zimga noma’lum bo‘lgan amaldorlik kursisini egallaydigan bo‘ldim.
Qayerimgadir ip bog‘lanadi, shekilli…

Amal ro‘shnoliklari

Qisqa vaqt ichida shunga amin bo‘ldimki, odamlar bekorga kichikroq bo‘lsa ham lavozimlik kursisiga intilishmas, undan ajralib qolmaslik uchun jonlarini jabborga berishmas ekan.
Uning jozibali tomonlarini darrov his eta boshladim: telefon qilib, maqtov so‘zlarini ayamaydigan tabriklovchilarning ko‘pligini aytmaysizmi?! Ularning ichida oldinlari salomimga og‘rinibgina “alik” oladiganlari ham ancha-muncha edi.
Teleradiodan, matbuot organlaridan keladigan muxbirlarning barini Temur A’zamovich menga ro‘para qilardi.
Bir kuni men g‘oyat hurmat qiladigan shoira opaxon telefon orqali yangi ish bilan qutlash asnosida iltimos qilib qoldi:
– Sal erkaroq bo‘lib o‘sgan o‘g‘limiz bor. Iloji bo‘lsa, yoningizga olib, tarbiyalasangiz, uka! Axir, ancha vaqt muallimlik qilgansiz. Lola Hotamova bilan uning singlisi Gulchehralar yaqinda ko‘pchilik oldida sizdan o‘n yil davomida hind tili bilan tarbiya sabog‘ini olishgani haqida g‘ururlanib, gapirib qolishdi.
Ana, amalning sharofati! Ilgari bironta odam bunday iltimos bilan menga murojaat qilgan emasdi. O‘zini olib qochardi. Savob ish qo‘limdan keladigan darajaga yetgan ekanman, o‘zimni u yoq-bu yoqqa tashlab o‘tirishning nima hojati bor.
Opaxonga himmatpesha amaldorlarga xos dangali gapni aytdim:
– O‘g‘lingiz oldimga kelsin. Hozir imkoniyati bor. Albatta, qo‘limdan kelgan yordamni beraman.
– Qachon borsin?
– Bo‘ladigan ish bo‘lgani ma’qul. Bizda soat o‘ndan ish boshlanadi. Ertaning o‘zida kela qolsin!
Ayni aytilgan paytda 23-25 yoshlardagi jingalaksoch, qad-qomati o‘ziga yarashgan, tandirdan yangi chiqqan shirmoy nonday lo‘ppi yuzli yigit xonamga kirib keldi. “Choyxona ko‘rmagan” o‘smirlarga o‘xshab, ovro‘pacha uslubda “quruqqina” qo‘l tashlab, so‘rashdi.
– Qani, marhamat o‘tiring-chi! – degandim, tizzalari ko‘zini ikki tomonga tashlab, qarshidagi divanga cho‘kdi. Men birinchi “saboq” darsini berishga majbur bo‘ldim:
– Uka, oyog‘ingni Qo‘qon aravaning shotisiga o‘xshatmay, to‘g‘rilab o‘tir… Ha-a, manavi endi, boshqa gap! Vaqtida kelib, yaxshi qilding. Men rahbarimizga aytib qo‘ygandim. Hozir oldilariga kiramiz.
Xullas, bo‘lajak yangi xodim bilan bo‘lgan qisqa vaqtli suhbatdayoq har xil toifadagi odamlar bilan muomala qilaverib ko‘zi pishib ketgan Temur aka nimanidir sezganday:
– Endi bu yigitga bizda qat’iy amal qilinadigan tartib-intizom, har xil ish bilan kelib-ketadiganlarni xushmuomalalik hamda odob bilan kutib olish, har bir masalani kollektiv bilan hamkorlikda bamaslahat hal qilish borasida ish o‘rgatish vazifasini o‘z zimmangizga olasiz, bir oylik sinov muddatini o‘tashi kerak, – dedi qat’iy ohangda!
Qabulxonadan chiqqach, o‘zimning xonamga kirib, yangi tanishim bilan ancha vaqt tarbiyaviy mavzuda gurung qildim:
– Ana ko‘rdingmi, ishga qabul qilinding. Bir oy sinov muddati bilan! Men sening oldingga qo‘yadigan, bajarishing lozim bo‘lgan vazifalar juda oson. Soddaroq qilib aytganda, “o‘zbekona” bo‘lishi kerak, xolos. Masalan: albatta, o‘zingdan kattaroq odamga birinchi bo‘lib salom berish va qo‘lni ko‘krakka mana bunday qilib qo‘yish va hokazolar… Shu o‘rgatganlarimni qancha tezroq o‘rganib olsang, o‘zingga shuncha yaxshi. Ungacha men mana bu hujjatlaringda Boriy Alixonov deb yozilgan ism-familiyangga “qofiyadosh” qilib, o‘zaro munosabatlarda seni “Boris Plexanov” deb atab turaman.
Bu hazilnamo gaplarim yigitga yoqinqiramadi, shekilli, bir to‘mtayib, g‘alati qarash qilib qo‘ydi. Biroq, biron norozilik ohangidagi gap aytmadi. Ikki-uch kungacha qovog‘i ochilmay yurdi. Men ham sinash uchun o‘zimni bilmaganga soldim.
Bir kuni shoira opaning o‘zi o‘g‘lini boshlab, xonamga kirib keldi.
– Akasi, sizday odamga jahl qilib, kek saqlab yurganini eshitib, o‘zim xijolat chekib ketdim. Hoy, hazilni bilmagan, qani sal qovog‘ingni och. Qilig‘ingga yarasha, “Boris Plexanov” bo‘lsang, nima qipti! Qani, kechirim so‘ra, hozirning o‘zida!
U qo‘lini ko‘kragiga qo‘yib:
– Kechiring, ustoz, – dedi.
Men:
– Mana bu boshqa gap. Onang ham taxallus bilan she’rlar yozadilar. Sen buni tushunishing kerak. Mayli, sen bu kishi oldida yaxshi imtihondan o‘tganing uchun o‘z ism-familiyang bilan chaqirib ham turaman, – deb, uning yelkasiga qo‘lim bilan asta qoqib qo‘ydim.
O‘rtada yengil kulgi ko‘tarildi.

Amal bilan xayrlashuv

Ustoz Erkin aka to‘g‘ri gapni aytgan ekanlar: “O‘zi yo‘qning – ko‘zi yo‘q” deganlariday, radio orqali “nozikroq” odamlarga tegadigan qattiq-quruq gaplar aytib yuborgan ekanman, ikki-uch bor “ip” tortib qo‘yildi.
Ayniqsa, hech kimdan so‘rab-surishtirib o‘tirmasdan, amaldorlik rusumiga rioya qilma­gan holda navbatdagi “quyushqonga sig‘mas”, anchagina jiddiy mavzuda bo‘lgan maqolani e’lon qilinishi Sirg‘alidan tortib Toshkent shahrini ham qalqitib yuborganday bo‘ldi.
Chunki, bu “Yovchiqqan” mavzuining uzviy davomida bo‘lgan “bomba” naq poytaxt ustiga keltirib tashlanganday, nomi ham “Shaharga bomba kerakmi?” deb, atalgandi-da!
Mushtariylar bu odam hech tinchimas ekan-da, iskovuchday nuqul “janjalli” joylarni qidirib yurarkan, degan xayolga bormasliklari uchun “Bomba”ning yozilishiga sabab bo‘lgan bir voqea haqida to‘xtalib o‘tishimga to‘g‘ri keladi: biz istiqomat qiladigan Toshkentning “Darxon” mavzeidagi katta markaziy ko‘chadan Salor anhori bo‘ylatib, uzunasi salkam bir chaqirim keladigan, paroxodga o‘xshash to‘qqiz qavatli ulkan bino bunyod etila boshladi. Hashamatli bu turarjoy maskani aql bovar qilmas darajada shu qadar tezlik bilan qurib bitkazildiki, yarim yilga yetmas vaqt mobaynida uning yuzdan ziyod xonalari istiqomat qiluvchilar bilan to‘lib toshdi.
Bir kuni nomi dovruqli yosh shoir ukamiz Muhammad Yusufni shu yerda uchratib qoldim.
– Ha, Muhammadjon, bizning mahallada nima qilib yuribsiz?
– Siz Bo‘stonliqdagi dala-bog‘dan yer berganingizdan so‘ng, menga ham mana shu katta binodan kvartira berishdi. Lekin, bir o‘zimman.
– Nima, xotin bilan ajrashdingizmi?
– Yo‘q, boshqa ma’noda gapiryapman. Qo‘shnila­ri­mizning bari boshqa yurtlardan kelishgan. Voronejdan emish. Bitta men deganimning boi­si shuki, bundoq atrofga qarasam, bahaybat imoratda yashash sharafiga muyassar bo‘lgan “mahalliy” fuqarolardan birgina men ekanman. Hamsoyalarim ichida o‘zimni boshqa mamlakatdan kelib qolgan xorijlikday noqulay his etyapman. Ular ham menga xuddi adashib, saflariga qo‘shilib qolgan afrikalik habashga qaraganday nazar tashlab qo‘yishadi.
– Unday bo‘lsa, shoir aytganidek “Sohil bo‘ylab suzib borar tanho bir qayiq” ekan-da!
– Shunga o‘xshab qoldi, aka.
Yangi qo‘shnini uyga taklif etdim. Uning qizi bilan mening kenja qizim bir maktabda, bir sinfda o‘qishardi. Shuning uchun ba’zi-ba’zida chaqirib turiladigan “ota-onalar majlisida” ko‘rishib qolardik.
– Mana endi yonginamizga kelib olganingiz yaxshi bo‘ldi. Dala-bog‘ga ham gurunglashib, birgalikda borib kelaveramiz.
Shu orada eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, ichkariga markaziy televideniye “Vremya” programmasining O‘zbekiston bo‘yicha bosh muxbiri Irismat Abduxoliqov kirib keldi. Nomi el og‘ziga tushib turgan yosh shoir bilan yaqindan tanishganligidan xursandligini aytib, suhbatimiz yanada jonlanib ketdi.
Men Irismatga gap orasida Muhammadjonni yangi qo‘shnilar kimga o‘xshatishayotgani haqida gapirib berdim. O‘rtada kulgi ko‘tarilib, mavzu bahaybat binoda yaqin bir oy ichida osmondan tushganday paydo bo‘lib qolgan shoirning qo‘shnilariga kelib taqaldi.
– Ayollarni dunyoning to‘rt burchagidan keltirib, bir-biri bilan uchrashtirib qo‘ysangiz, ular darrov “til” topishib olishadi, – deya gap boshladi Muhammadjon, – bizning xotinning so‘zlariga qaraganda, qo‘shnilarning hammasi asosan Rossiya­ning Voronej va boshqa shaharlaridan kelgan mutaxassislar, ishchilar va ularning oila a’zolari ekan. Sirg‘alida bir necha mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlaydigan “Ximgorodok” qurilishi boshlanibdi. Hozir unga kerakli bo‘lgan barcha zarur materiallar, qurilish anjomlari, dastgohlar tashib keltirilayotgan emish.
Shoirdan bu “yangilik”ni eshitgan ikki-uch xonadon nariroqda yashovchi qo‘shnim Irismat yalt etib menga qaradi:
– Mana, siz uchun Bo‘stonliqqa tenglashib qoladigan yana bir mavzu! “Ximgorodok” nimaligini bilmoqchi bo‘lsangiz, Qo‘qonning yonginasidagi “O‘lik shahar”ni bir borib, ko‘ring! Xuddi bomba tashlangan Xirosimaday huvillab yotibdi. Bir paytlar markaziy Kimyo sanoati Ministrligi vodiy odamlarini ish bilan ta’minlash bahonasida Rossiyaning qaysidir shahrida qurilishi mo‘ljallangan “Kimyogarlar shaharchasi”ni Qo‘qon yoniga keltirib qurdilar. Biz o‘z vaqtida “Butunittifoq zarbdor qurilish ob’ektlaridan biri” deb, Moskva buyurtmasiga ko‘ra maqtovli reportajlar jo‘natib turganmiz. Ular ichida O‘zbekistonlik olimlardan akademik Said Mirzayev kabilarning bu “qurilish”ga qarshi aytgan intervyulari ham bo‘lardi. Lekin o‘sha joylari ekranga chiqarilmas, “kesib” tashlanardi. Moskvaga telefon qilib, “Hoy yigitlar, nima qilyapsizlar?” deb, so‘rasam, “Bu “yuqori”ning buyrug‘i” deya, javob berishardi… “Ximgorodok” ishga tushirildi-yu, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan odamlar hovlisidagi dov-daraxtlar, atrofdagi xo‘jaliklarning bog‘-rog‘lari, hatto, dalalardagi ekinlar qandaydir ofat tushganday qovjiray boshladi. Yetishtiriladigan hosil mahsulotlarini ham ist’mol qilib bo‘lmasligi aniqlandi, Eng yomoni, odamlar orasida onkologik kasallar ko‘paya boshladi. Ko‘pchilik quduqlar orqali ichadigan yerosti suvlari zaharlanganligi ham ma’lum bo‘lgach, zavodni to‘xtatishga majbur bo‘lishgan. U yerdagi hozirgi ahvolni aytib berdim… Yana bir ajablanarli joyi, bundan uch yilcha avval Voronejda qurilmoqchi bo‘lgan ulkan kimyo korxonasiga qarshi u yerdagi ekologlar tomonidan uyushtirilgan mitinglar bir necha bor “Vremya” orqali namoyish etilganini ko‘pchilik ko‘rgan. Kerak bo‘lsa, murojaat qilib, o‘shalardan nusxa olishimiz mumkin… Endi ma’lum bo‘ldiki, Voronej “kimyo korxonasi”ni bizga keltirib, shundoq Toshkent yonboshiga qurmoqchilar.
Shu gap-so‘zlar bo‘lib o‘tganiga bir hafta bo‘lmayoq “Darxon”ning shundoq yonginasidagi “Salor” poyezd stantsiyasiga kelib to‘xtagan usti ochiq vagonlardan ko‘plab “VVP” (Voronej) davlat raqamli xizmat mashinalari tushirilib, “paroxod” nusxa bino atrofiga keltirib qo‘yildi. Ke­yin ular Sirg‘ali tomonlarga qatnab, o‘z xizmat vazifasini o‘tay boshladi.
Surishtiruvlardan ma’lum bo‘ldiki, bir paytlar Sirg‘alida “Sanoat zonasi” barpo etish rejalashtirilgan, ammo, amalga oshmay, qolib ketgan.
Bu xabarni o‘sha paytdagi respublikaning bosh “hokimi” bo‘lib turgan Anishchev shahar sanoatini rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi Rafiqovdan eshitgach, darrov “Ximprom” bilan aloqa bog‘lab, uni Moskvaga yuboradi.
Masala osonlikcha hal bo‘ladi. “Sanoat zonasi”, to‘g‘rirog‘i yangi “Ximgorodok” uchun Sirg‘aliga qo‘shni “SSSR 60 yilligi” xo‘jaligi, shuningdek, “O‘zgarish” massividagi dala-bog‘ hamda uzumzor yerlardan 270 gektar yer ajratiladi. Zudlik bilan qurilishga tayyorgarlik boshlanib ketadi.
Xullas, men o‘zimga, hatto, ko‘pchilik boshqalarga ham ancha “noma’lum” bo‘lgan “Sirg‘ali sanoat zonasi”dagi ishlar bilan oddiy bir kuzatuvchi sifatida tanisha boshladim.
Chirchiq daryosi suv o‘zanini dambalar bilan ko‘tarib, suv oqimini o‘zgartib, uning yonidan temir yo‘l o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ketardi. “Zona” uchun deb ajratilgan yerlarda ham buldozerlarning shovqin-suroni avjida. Eng qizig‘i, bizning Qo‘mitadagilar bu yerlarda olib borilayotgan ishlardan bexabarday edilar.
Men o‘zimcha bu qurilish “tarixi” bilan yaxshilab tanishib, jamoamiz a’zolari diqqatini kutilmagan “yangilikka” qaratmoqchi bo‘ldim.
Sirg‘aliga navbatdagi qilgan safarim chog‘ida bir ziyolinamo kishidan: “Bu qurilish­ning boshlig‘i bormi?” – deb so‘ragandim, u – yangi asfalt yotqizilgan keng maydon o‘rtasidagi kattagina vagonetkani ko‘rsatib: “direktor Arnold Nikolayevich Pugachyov o‘sha yerda”, dedi.
Direktor endi papkani qo‘ltiqlab, qayergadir shoshib turgan ekan, so‘rashib, o‘zimni “mahalliy” gazeta xodimi deb tanishtirgandim, kutilmaganda orqasiga qaytdi, qarshisidagi stullardan biriga taklif etdi.
Men biroz o‘ng‘aysizlanib:
– Ko‘p vaqtingizni olmoqchi emasman. Shu barpo etilayotgan zavod haqida sizdan ikki og‘izgina ma’lumot olmoqchiman, xolos, – dedim.
Nazarimda, bu odam meni, biz olib borayotgan ishlar haqida mahalliy gazetada maqtovli xabar yozishga kelgan muxbir deb o‘yladi, chog‘i:
– Lo‘nda va qisqa bo‘lsinmi?, – deya o‘zini menga yaqin tutganday ochiq chehra bilan so‘radi.
– Xuddi shunday, Arnold Nikolayevich, hozircha birinchi gurungimiz bo‘lgani uchun shuning o‘zi yetarli deb, o‘ylayman, – dedim men ham o‘zimni erkinroq tutib.
– Bu yerga quriladigan zavodning umumiy maydoni 250 000 kvadrat metr joyni egallaydi. O‘ttiz besh ming kishilik alohida shaharchada yashovchilarning barini ish bilan ta’minlash kerak-da! Bu yerga bizga yordam uchun Omsk, Uralskdan ham quruvchilar kelishadi. Shaharcha O‘zbekistondagi eng katta kimyo sanoati markazlaridan biriga aylanadi.
– Yana bir savolimga javob bersangiz. Siz aytayotgan zavodning ishlab chiqarish faoliyati, asosan, kimyo bilan bog‘liq. Hozir bu masalada tabiat himoyachilari juda qattiq pozitsiyada turishibdi. Mahalliy ekologlarning zavod qurilishiga munosabatlari qanday?
– Bizning faoliyatimiz Butunittifoq ahamiyatiga molik bo‘lganligi uchun masalaga ana o‘sha darajada yondashamiz. Ha, O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘yilgan ekologik normalar Moskvada ko‘rib chiqilgan, chiqilmoqda ham. Biz ana o‘shalar asosida ish olib boramiz.
Sirg‘alidagi “Kimyogarlar shaharchasi” qurilishiga bosh mutasaddi kishining bu so‘zlarini sharhlash uchun O‘zbekistondagi eng ta’sirchan nazorat organi hisoblanuvchi respublika Gidrometeorologiya va tabiatni muhofaza qilish Bosh Boshqarmasiga murojaat qildim. Albatta, men ularga hamkor, yaqin idoraning vakili bo‘lganligim uchun iliqqina kutib olib, dangal gapni ayta qolishdi.
– Biz, u zavodni Sirg‘aliga qurilishiga umuman ruxsat etmagandik-ku?! Avvalo, o‘sha Chirchiq bo‘yi “zonalari”da bir paytlar o‘ylamay qurib tashlangan korxonalarning is gaziga to‘lib-toshgan “chiqindilari” shahar havosini bulg‘ab yotibdi. Endi unga kimyo “shaharchasi” yil davomida chiqaradigan 2490 tonna eng zaharli “qurum”ga chidab yashashning o‘zi muammo bo‘lib qoladi. Undan ham dahshatli tomoni, butun Toshkent va uning vohasi uchun chuchuk suvning yagona manbai bo‘lgan eng katta obihayot zaxirasi aynan Chirchiq daryosi sohili bo‘ylab Sirg‘aligacha cho‘zilib kelgan bir necha yuz metr chuqurlikdagi yerosti “ombori”da saqlanadi. Bir paytlar Qo‘qon “Kimyo kombinati” bog‘-rog‘larni quritib-qaqshatgani yetmaganday, shahar atrofidagi yerosti suvlarini ham zaharlagandi. Endi bu falokat Toshkentda qaytarilmasin deb, qattiq qarshi turganimizdan so‘ng Yangiyo‘l tomonlarga ketishgandi. Nahot, qaytib kelishgan bo‘lsa?!
Xayolimdan “shahar shu darajada bedarvoza bo‘lib qoldimi?” – degan o‘y g‘imirlab o‘tdi-da, beixtiyor Qo‘qon yonidagi Irismat aytgani “o‘lik shahar” ko‘z o‘ngimda gavdalanib ketdi.
Ko‘pchilik orasida “Chinakam bomba”, deya nom qozonib ketgan maqola qariyb 700 000 nusxali adabiy gazetada bosilishi, avvalroq aytganimday, poytaxt rahbariyatini esankiratib qo‘ydi, desam, mubolag‘a bo‘lmas.
Butun bir sahifani egallagan maqolani chop etgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini Sirg‘ali tumani va uning atrofidagi bog‘-rog‘li o‘z tomorqalaridan ayrilayozgan aholining deyarli ko‘pchiligi qo‘lida ko‘rish mumkin edi.
Dala-bog‘, uzumzorlarning bir qismi payhon etilib, “Qurilish shtabi” deb, vaqtinchalik o‘rnatilgan vagonetkalarga tortilgan elektr, telefon simlari uzilib, vodoprovod suvi ham to‘xtatib qo‘yilgandi. “Quruvchilar” vagonetka-qarorgohlariga yaqinlashishga yuraklari betlamay qoldi. Hali davlat raqami almashtirib ulgurilmagan “VVP” mashinalarining qorasi o‘chdi.
Darxondagi “qo‘shnilar” uchun ham hali ko‘nikib ulgurmagan uylarda yashash xuddi chaqirilmagan mehmonlarday, noqulay bo‘la boshladi shekilli, “tashqari”ga kamdan-kam chiqadigan bo‘lishdi.
Lekin, olti oychadan beri “mer” degan yangicha maqom bilan poytaxt shahrini boshqara boshlagan janob Rafiqov hali otdan tushgisi yo‘q edi chog‘i, maqolani bosib chiqargan gazeta tahririyatiga norozilik bildirib qo‘ng‘iroq qilar, uni “tekshirish” uchun qandaydir yurist “mutaxassis”larni yuborar, hatto, menga ham turli yo‘llar bilan tazyiq o‘tkazayotganini sezib turardim. Nazarimda, “mer” shundoq katta ko‘lamli qurilishning bir maqola sabab to‘xtab qolishini aslo tasavvur qilolmasdi.
“Shunday mas’ul vazifada ishlab turgandan keyin sharoitga qarash kerak edi”, deya menga tanbeh beradiganlar ham chiqib qoldi.
Rahbarimiz Temur Alimov sukut saqlagani bilan, baribir, u kishiga kimlardir tazyiq o‘tkazayotgani bilinib turardi. Shu orada kaminani “boshqa ishga” o‘tkazish rejalari borligi haqida uzunquloq gaplar tarqab qolganday bo‘ldi.
Hatto, bir marta shaharning “Tezyakova” bozorida haftaning ikki kuni – shanba, yakshanbasida bo‘ladigan xonaki kuchuklar savdosini nazorat qiluvchi inspektor xodimimiz Yuriy Mitrofanovning kasalxonaga tushib qolganini aytib, uning o‘rniga “ekspeditor” qilib meni yubormoqchi bo‘lishdi. Kimlardir o‘ylab topgan bu “yangilik” jahlimni chiqardi, izzat-nafsimga tegdi.
G‘ururim ustunlik qilib, uning ustiga ijodday muqaddas narsani amal oldida qurbon qilishni istamay yurgandim, shartta ariza yozdim.
Buni kutmagan ukamiz “Boris Plexanov” (uni hamon shu “taxallus” bilan chaqirardim, o‘zi ham, hazil-huzulga “tushunadigan” yigit bo‘lib qolgandi) biroz xomush tortib:
– Ishlab turaversangiz bo‘lardi, ustoz. Bu yog‘iga men endi nima qilay, – deya ma’yus qarash qildi.
– Sen imtihondan yaxshi o‘tgansan. Temur A’zamovichga tayinlab aytdim: mana kalit, mening kabinetimga ko‘chib o‘tasan, – dedim-da, ochqichni uning qo‘liga tutib, xayrlashdim.
Taqdir o‘yinini qarangki, Toshkent “meri” ham – shahar tarixida eng qisqa muddat lavozimda o‘tirgan kishi sifatida men bilan ketma-ket ishdan ketdi. Aytishlaricha, majburlab ariza yozdirishgan…
Voronejliklardan bizga Sirg‘alidagi ikki xo‘jalikka qarashli ancha-muncha dala-bog‘larni payhon qilib, qurilishga tayyorlangan o‘ydim-chuqur xandaqchalar, ular orasida qiyshayib yotgan o‘nlab vagonetkalar va eng ahamiyatlisi, bizning Darxondagi paroxodga o‘xshash uzun ko‘pqavatli bino “esdalik”ka qoldi.
Shoir Muhammad Yusuf ancha vaqt o‘zini shu ulkan qarorgohning yolg‘iz merosxo‘riday his etib, oilasi bilan umrguzaronliq qilib yurdi. Keyin unga qo‘shni bo‘lib, o‘zimizning “mahalliy”lar ko‘chib kela boshlashdi.

“Shogird”ning parvozi

Men o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib yurave­ribman-u, o‘sha, bir paytlar haddim siqqanidan “erkalab” “Boris Plexanov” deb chaqiradigan shogirdimning ishi yurishib, tabiatning jonkuyar qo‘riqchilari qatoridan o‘rin olganini keyinroq televizor, matbuotga bergan intervyularidan bilib qoldim. Ichki bir tuyg‘u bilan g‘ururlanib ham, qo‘ydim.
Omadi bor ekan, ozgina vaqt o‘tgach, xalq noibi degan sharafli nom bilan ekologiyaning sardori sifatida qaysidir katta yig‘ilishda qilgan nutqini televizor olib ko‘rsatdi. Ma’ruzada “yangragan” gaplar ustoz Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda “sovun surtib qo‘yilgan”dek “silliqqina” bo‘lsa ham, meni befarq qoldirmadi.
Akang qarag‘ayning shogirdi shunday martabaga erishadi-yu, quvonmay bo‘ladimi! Uni hech bo‘lmasa, telefon orqali tabriklab qo‘ymoqchi bo‘ldim. Bir nechta raqamni aytishdi. Hatto, “hukumat raqami”ni ham yozib oldim.
Uzoq yil turli lavozimlarni boshqargan bir tajribali faxriydan “biron rahbarlikka tayinlandingmi, to ishni jo‘nashtirib olguncha, bir yil xotin, bola-chaqa bilan oilani unutishingga to‘g‘ri keladi” degan so‘zni eshitgandim. Shogirdim ham shunga o‘xshab ishga sho‘ng‘ib ketgan shekilli, bir necha oy deganda ham u bilan aloqa bog‘lay olmadim.
Hatto, bir marta qabulxonasidagi xonimga o‘zimni tanishtirib, “ikki og‘izgina gapim bor”ligini aytgandim, “Hozir juda bandlar, meni hech kim bezovta qilmasin deganlar” degan “javob”ni eshitdim. Shundan so‘ng uni “bezovta” qilmaydigan bo‘ldim. Nazarimda, men yana biron “janjalli” ishni qo‘zg‘ab, qiyin ahvolga solib qo‘yishimdan cho‘chiyotganday edi. To‘g‘ri-da, “silliqqina” gaplar turgan bir paytda, bo‘g‘izni tikanakday shilib chiqadigan gaplar kimga yoqardi… Eh, Boris Plexanov, Boris Plexanov…
Vaqt o‘tib borgan sari “shogirdim” teleyulduz darajasiga ko‘tarilib borar, chunki ekologiya zamon talabiga ko‘ra dolzarb masalaga aylanayotgani haqida ko‘pchilikni eng tezkor va beminnat minbar – televizor orqali xabardor etib turish lozimligi hadisini olgandi. Lekin respublikada ro‘y berayotgan ko‘plab muammolar chetlab o‘tilar, mavzu tuman, qaysidir qishloq, hatto, mahalla doirasidan nariga chiqmasdi.
Boshqa mintaqalarni qo‘ya turaylik, azaldan Toshkent shahri va butun vohasi uchun yagona obihayot, sof havo manbai bo‘lib kelgan jafokash Bo‘stonliqqa yana tazyiq o‘tkazish, u yerdagi mavjud ekologik muvozanatni izdan chiqaruvchi pala-partish harakatlar avj oldirib yuborilganligini hamma ko‘rib-bilib turardi. Biroq, respub­lika tabiatining dovruqli Bosh himoyachilari o‘zlarini – shundoq ko‘zlari o‘ngida ro‘y berayotgan noxushliklarni ko‘rmayotganday tutishar, xuddi o‘zlari o‘tirgan azim daraxt shoxiga arra tortayotganlardan yuz o‘girishgan-u, ularga e’tibor ham berishmasdi. Qo‘polroq qilib aytganda, o‘sha paytlardagi ekologiya haqida kuyunib aytilayotgan “otashin” gaplar dabdaba-yu, aslida esa, ahvol dabdala edi.
Mustaqillikni qo‘lga kiritgach, hayotimizga “bozor iqtisodiyoti”, degan tamoyil kirib keldi. Buni ko‘pchilik rostmanasiga “hamma narsani pul hal qiladi” degan ma’noda tushuna boshladi. Vaqt o‘tgan sari u “badaviylashganroq” qiyofaga kirib, yangi avlod – “boylar guruhi”ning shakl­lanishiga sabab bo‘ldi. Ilgari boshqalardan sal o‘tkazib, hashamatliroq uy ko‘tarishga yuragi dov etavermaydiganlar endi, xuddi hind kinolaridagidek ko‘p qavatli qasrnamo imoratlar, hatto, shaxsiy to‘yxonayu restoranlar qurishga kirishib ketdilar.
“Puling borligida “ishi yurishmayotgan” qo‘shning­ning hovlisini arzon-garovga sotib ol, ozgina vaqt o‘tgach, uning bahosi bir necha barobarga oshib ketishi aniq. Bu ham “bozor iqtisodiyoti”ning talabi. Zamonaviyroq qilib aytganda, “biznes” deya bir-biriga gap uqtiradiganlar ko‘paydi.
“Ishning ko‘zini bilguvchilar” shahardan chet – ovloq joylarga nazar tashlay boshladilar. Ayniqsa, toshkentlik “boy”larga Bo‘stonliq juda ma’qul kelib qoldi. Ozgina vaqt o‘tgach, odamlar – Qrim, Sochiga emas, mana shu yerlarga oqib kelishini, uning sarzamin tuprog‘ining har qarichi oltinga teng bo‘lib ketishini yaxshi bilishardi.
Kutilmaganda “Milliy bog‘-tabiatning daxlsiz maskani” deb e’lon qilish arafasida turgan Bo‘stonliqdagi 12 ta xo‘jalikning dala-bog‘ yerlari va mol-mulki kim oshdi savdosiga qo‘yilib sotildi – “xususiylashtirildi”. Shunday bo‘lgandan keyin “egalik huquqi”ni qo‘liga kiritgan har kim o‘z bilganicha ish yuritishga haqqi bor edi…
Tog‘lar etagida asrlar davomida suvi sharqirab oqib yotadigan katta-kichik chashmalar ham “xususiylashtirilib” (albatta, “quruqqa” emas), atrofi devor bilan o‘raldi, hatto, it cho‘miltirishga alohida basseyni bilan osmonga bo‘y cho‘zgan oromgoh – qal’a ko‘rinishidagi “qasrcha”lar paydo bo‘la boshladi.
Eng achinarlisi, shundoq Chorbog‘ suv omboridan oqimi boshlanib, G‘azalkent, Chirchiqdan tortib, poytaxt Toshkent va uning millionlab odamlariyu barcha tirik mavjudotni obihayot bilan ta’minlaydigan yagona manba – zilol suvli Chirchiq daryosining o‘ng qirg‘og‘iga, shundoq mavj­lanib oqib turgan suv bo‘yiga yaqinlashtirib emas, hatto ustiga cho‘milish basseynlari va saunalari bor “oromgoh” inshootlari qurilishi boshlab yuborildi.
Eng achinarlisi, “boyvachcha” bo‘ladimi, yoki undan kattarog‘imi, kim bo‘lsa ham ular tomonidan amalga oshirilayotgan bu xildagi o‘ta chidab bo‘lmas, suvga tupurishday, noqis xatti-harakatlar oshgandan-oshib borardi.
Bu, Bo‘stonliqqa salgina oldin “bosqin” uyushtirgan, so‘ng domla Ozod Sharafiddinov yozganlaridek, “dumiga chelak bog‘langan quturgan buqa misol” sharmisor etib, bu go‘zal bo‘stondan haydalgan sho‘ro yugurdaklaridan ham o‘tib tushadigan, gumrohona harom-xarishlikning o‘zginasi bo‘lib, agar bu illatning oldi olinmasa, yomon yaraday tezda patos bog‘lab ketishi aniq edi.
Tumanning past pog‘onali rahbari bo‘lishi bilan birga ekologiyaga mas’ulligi ham bor “yaqin” tanishlarimdan biri mening shashtimni qaytarmoqchi bo‘ldi:
– “Suv bo‘yi” qurilishlari ustida turganlar avvalo hazilakam odamlar emas! juda katta pul sarflab qo‘yishgan. Ularning “ildizi” Toshkentda. “Mol achchig‘i – jon achchig‘i”, deydilar-ku! Hozir davr – siz o‘ylaganday emas! Ularga bas kelib bo‘lmaydi.
– Bas keladiganlar bo‘lsa-chi! – dedim uning yuziga tik qarab, – Mana, o‘zingiz uzviy aloqador “Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi” degan katta nufuzli tashkilot bor. Agar shu ish u yerdagi mas’ullarning qo‘lidan kelmasa, nima qilib, hukumatning katta-katta oyligini olib, shinam kabinetlarda savlat to‘kib o‘tirishibdi? Buning uchun ular oldiga “ichayotgan suvlaring pok, halolmi, kimlarningdir nahs bosgan oqavasi aralashmaganmi?” degan savolni qattiqroq qo‘yib, hushyor torttirib qo‘yishga to‘g‘ri keladi, xolos!
Shu gaplarni aytdim-u, birdan o‘sha, atrof-muhit musaffoligi uchun yuzlab zimmador kazo-kazolarning oliymaqom sardori “shogirdim” ko‘z o‘ngimda gavdalanib ketdi. Uning huzuriga eshigini tepib bo‘lsa ham, kirib borib, qo‘liga qisqagina Bo‘stonliqdagi ahvol haqida yozilgan – uni hushyor torttirib yuboradigan “Xat” topshirishdan boshqa iloji yo‘qligini angladim.
Chunki hozir biron dalil-ashyoing bo‘lmasa, hech qayoqqa so‘zing o‘tmaydi. Quruq gap og‘izdan chiqadi-yu, qayoqqa uchib ketganini bilmaysan. Xat esa, hujjat! Xohlagan paytda “eslatib” qo‘yish mumkin.

“Arramizning tishi yo‘q…”

Umrimda, shuncha qog‘oz “qoralab”, kitoblar chiqarib, birovga arzi hol “xat” yozish bunchalik mushkul vazifa ekanligini birinchi bor his etishim edi. O‘zimni – to‘rt enlik “Ariza” ham bitolmaydigan ojiz banda holiga tushib qolaman deb, o‘ylamagandim.
Nihoyat, bir hafta deganda, ko‘z oldimda ikki voqea gavdalanib ketdi-da, kalavaning uchini topganday bo‘ldim.
Birinchi voqea: mashhur qo‘shiqchi Alla Pugachyova Moskva shahar vodaprovod tizimlari uchun suv zaxirasi hisoblanuvchi yettita daryoning biri qirg‘og‘idan – yarim chaqirimcha naridagi yalang­likka xashamatli qarorgoh qurdiradi-yu, undan foydalanishga kelganda, shahar ekologlarining qattiq qarshiligiga uchraydi. Chunki, tekshirishlar natijasida qarorgoh o‘rasiga yig‘iladigan tashlama suv yerosti sizot suvi orqali daryoga sizib borish ehtimoli borligi aniqlanadi. Ana o‘shandan keyin qarorgohni buzib tashlash haqida shahar ijrokomining qarori chiqadi. Koshona imoratlarining buzilish jarayonini Markaziy televideniye butun mamlakatga namoyish qilgan, biz “shogirdim” bilan shu “manzara”ni ko‘rib, moskvalik ekologlarga havasimiz kelgandi.
Ikkinchi voqea boshqacharoq: Navoiy kutubxonasida “Turkestanskiye vedomosti” gazeta taxlamlarini varaqlab o‘tirib, suv muammosi haqida yozmoqchi bo‘lib yurganimda maqola uchun aynan kerakli bir xabarga ko‘zim tushgan, undan nusxa ko‘chirtirib olgandim. Qarangki, gazetaning 1908 yilgi sonlaridan birida e’lon qilingan kichkinagina xabarchani papkalar ichidan osongina topib oldim.
Unda shunday jumlalar yozilgandi: “Toshkentning aholi suv ichadigan Bo‘zsuv anhori qirg‘og‘iga yaqin qilib bir imoratcha qurgan janobga qoidaga rioya qilmaganligi uchun uch oltin tanga jarima solindi va zudlik bilan imoratcha buzdirib tashlandi” (O‘sha paytlar bir yaxshi otning bahosi bir oltin tanga bo‘lgan).
Bor-yo‘g‘i yarim betcha joyni egallagan shu ikkita dalil-isbotli ma’lumot har qanday tanbal odamni ham hushyor torttirib yuborishi aniq edi. Men “Xat”ni rasmiy yo‘l bilan Markaziy pochta orqali “Buyurtma” shaklida, faqat “shogirdim”ning o‘zi imzo chekib oladigan qilib jo‘natdim. Biroq, oradan oylar o‘tdi-yu, hech qanday javob kelmadi, sado ham chiqmadi.
Baribir, odam, ayniqsa, ijodkor bo‘lganingdan keyin nima bilandir yurakni yozish kerak-ku… Nihoyat, “Hurriyat” gazetasida Bo‘stonliqni “harbiylashtirish”ga bo‘lgan urinishdan keyin qayta paydo bo‘layotgan navbatdagi og‘riqli muammolarni o‘z ichiga olgan kattagina “Yaydoqlik chorrahasidagi o‘ylar” publitsistik maqola ketma-ket ikki sonda bosilib chiqdi. To‘g‘ri, uning ayrim joylariga Qahhor dom­la aytganidek, “sovun surtib”, og‘ir botmaydigan qilingandi. Shunga qaramasdan, ancha-muncha “tanqidiy gaplar” aytib olingan, men mana shundan xursand edim.
Hech bo‘lmasa, gazetani o‘qib, biron yeri “qimirlab” qolar degan umidda, “Hurriyat”ning ikki sonini bir qilib, konvertga joyladim-da, res­publika ekologlari sardorining rasmiy nomini yozib, yana bir bor “Shaxsan qo‘liga tegsin” degan ilova bilan unga jo‘natdim.
Hech bir joydan, na ekologiya qo‘mitasidan, na uning boshlig‘idan, na tuman rahbarlaridan, na hamqalam do‘stlardan – biror munosabat bildirish u yoqda tursin, aks-sado ham chiqqani yo‘q.
“Hurriyat” tahririyatidagilar Chirchiq daryo­sining eniga va uzunasiga qilib, ancha-muncha qasr-koshonalarni tiklab ulgurgan, yana yangi joylarni “o‘zlashtirish”ni boshlab yuborgan “har narsaga qodir” vallomatlardan cho‘chiganday, maqoladagi sal “achchiqroq” jumlalarni bekorga “qirtishlab” tashlashgani darrovoq ma’lum bo‘lib qoldi.
Avvalo, hech kim “Hurriyat”chilar mushugini “pisht” degani yo‘q. Qolaversa, “silab-siypalab” tanqid qilib o‘tilgan “Suv bo‘yi koshonalari” egalaridan birontasining do‘q-po‘pisasi eshitilmadi. Bu toifadagi kishilar ham yo gazetaga umuman qayrilib qaramaydigan, yoki hech narsani nazar-pisand qilmaydigan bo‘lib ketishgan ekanmi, hech bo‘lmasa, ko‘ngil uchun kimlardir orqali po‘pisa qilib ham qo‘yishmagani odamga alam qiladi.
Shunday paytlar bo‘ladiki, arzingni kimgadir aytib, sal bo‘lsada, yuragingni bo‘shatging kelib qoladi.
Shoira opaxonning telefon raqami “yon daftar”da saqlanib qolgan ekan. Xayriyat, o‘zgarmabdi.
Tanish ovoz eshitildi;
– Alo, eshitaman.
– Assalomu alayku-um.
– Kim bu?
Nomimni aytdim.
– Ha, sizmisiz. Tanidim.
– Ukamizning ishlari yurishib ketganidan xursandman. Ko‘pdan beri telefon qilib, hech bog‘lana olmayapman.
– Nima ishingiz bor edi?
– Mening hech qanday shaxsiy ishim yo‘q. Avvallari faxrli lavozim bilan tabrikla­moq­chi bo‘lib, ko‘p harakat qildim. Iloji bo‘lmadi. Endi esa, Sizni bezovta qilayotganimning sababi, u kishini zarur bo‘lgan bir yangilikdan xabardor qilib qo‘yish edi.
– Qanaqa “yangilik” ekan?
– “Hurriyat” gazetasining o‘tgan oy oxirgi sonlarida o‘sha, o‘zingiz bilgan Bo‘stonliq mavzuidagi ancha jiddiy turkum maqola chiqqandi.Tahririyatdan aytishlaricha, Qo‘mita tomonidan biron munosabat bildirilmabdi. Balki, shu gapimni yetkazib qo‘yarsiz.
– Ey, ukamey, men o‘g‘limni haftalab ko‘rmayman. Majlisdan bo‘shamaydi. Gazeta o‘qishga vaqt qayda, deysiz?! Balki, manavi raqamga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zingiz aytib qo‘yarsiz. Yozib oling, qabulxonasida ham kamdan-kam bo‘ladi. O‘zim do‘xtirga shoshib turuvdim. Mazam yo‘q. Ana, mashina keldi, qatnayverish jonimga tegdi.
– Rahmat. Yozib oldim. Sog‘-omon bo‘ling. Vaqtingizni olganim uchun ming bora uzr so‘rayman.
Aslida, bu raqam menga ma’lum edi. Jiringlayvergan-u, biron marta “javob” bermagan.
Odamlarning qanchalik, oddiy muomalani ham toroziga solganday “misqollab” ishlatadigan bo‘lib ketganidan ko‘nglim xira tortib yurgandi, doim mendan “ko‘z-quloq” bo‘lishni kanda qilmaydigan Erkin akam;
– Qalay, Bo‘stonliq “Chorrahasi”da “hormang” deb qo‘yadigan biron odam topildimi? – deb, so‘rab qoldilar.
– “Chorraha” jimjit! Qimirlagan odamning o‘zi ko‘rinmaydi, sharpasi ham eshitilmaydi. Cho‘l-biyobonday yaydoqlik! – dedim.
– Ekologlar ham jimjitmi?
– Ularning gazeta o‘qishga vaqtlari yo‘q, shekilli.
– Buning boisi, matbuot tishsiz, “o‘tmas” arraga o‘xshab qolgan. Uni ming u yoqqadan-bu yoqqa tortganingiz bilan foydasi yo‘q, – deb qo‘ydilar ustoz ma’nodor qilib.
Men ham “hozirjavoblik” qildim:
– Bir paytlar o‘zingiz “Arramizning tishi yo‘q, Uni tortar kishi yo‘q” deb yozganingizdek…

Bo‘stonliq dardi

Shunday qilib, maqolaning biron nafli tomoni sezilmadi.
Bo‘stonliq yerlari qo‘ldan-qo‘lga o‘tar, mahalliy aholining yetti uxlab tushiga kirmagan ajabtovur nomlar qo‘yilgan restoran, yemakxona bilan aralash-quralash qilib, “Vino-vodka” degan kayfxonalar qurilar, tuni bilan shovqin-suron solib, quloqlarni qomatga keltirib “ishlaydigan”, mast-alastlarning baqiriq-chaqirig‘i tinmaydigan diskoteka, klublar ko‘payib borar, xullas, azal-azaldan tinchgina orom og‘ushiga cho‘mib yotadigan, yuraklarga taskin va osudalik baxsh etadigan Bo‘stonliqning tinchi buzilib, nojo‘ya qo‘yilgan oyoqlar ostida toptalib borayotganday edi.
Qayerdaki, bo‘sh joy bo‘lsa, baland beton devorlar bilan o‘rab olinib, talon-taroj qilish hamon davom etardi.
Tog‘liklar hushyor va har narsadan voqif xalq bo‘ladi. Hokimlar tez-tez, hatto, yil o‘tmay o‘zgarar, ba’zilarining ishi sudga ham oshirilar, ularga beriladigan ta’rif, o‘ziga yarasha turfa bo‘lardi: “lekin insofi bor ekan: mozorni pullavormadi-ku!”.
Bunday so‘zlarni eshitish qanchalik og‘ir va alamli. Chunki, Allohning mo‘jizasi qilib yaratilgan, bu jannatmakon o‘lkaga qadam qo‘yganimga – mana, oltmish besh yildan oshyaptiki, o‘zimni shu sarzaminninng kindik qoni to‘kilgan farzandiday his etaman.
Bu go‘zal makonning eng so‘lim va go‘zal dargohlaridan biri, tog‘lar oralab qariyb yuz chaqirim naridagi Qorong‘ito‘qay sarhadlarigacha cho‘zilib ketgan Pskom vodiysining bundan 60 yillarcha oldingi qiyofasi – shox-shabbalarning qalinligidan g‘ira-shira qorong‘ilikka chulg‘anib, yurakka vahm soluvchi cheksiz yong‘oqzor bog‘lardan hozir nom-nishon qolmagan. O‘tinga deb kesilgan. “Davlatga g‘alla kerak” bo‘lib qolgan yillar vodiy dov-daraxtlardan “tozalanib”, bug‘doyzorlarga aylantirilgan… So‘ng, bu yerlarda yetishtiriladigan g‘alladan ko‘ra, Rossiyadan keltiriladigan un “arzon”ligi sabab, Pskom yerlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Mana, bir necha yillarki, huvillib yotibdi… Unda mavjud bo‘lgan durustgina uchta jamoa xo‘jaligi haqida kamdan-kam eslanadi. Bunday “qarovsiz” joylar Bo‘stonliqda anchagina…
Bu o‘lkaning go‘zalligi, latofati, havosining musaffoligi, obihayotning mo‘l-ko‘lligi, bog‘u rog‘larining tarovati faqat bir narsaga – dov-daraxtlarga bog‘liq ekanligini hamma biladi, shu jumladan, bu yerga rahnamo etib tayinlanadigan ko‘pdan-ko‘p hokim janoblar ham!
Lekin shuni bila turib, avvalgi “sekretar”larni qo‘yavering, mustaqillik davri “hokim”laridan birontasining qo‘liga ketmon yoki belkurak olib, “Tumanning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan har bir fuqarosi ikki-uch donadan o‘z mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatini ekib, o‘stirish oyligi” e’lon qilishday eng savobli, ko‘pchilikning bir umrga yodida qoladigan hamda ularning duosiga sazovor bo‘ladigan “hashar” o‘tkazish xayoliga kelmagani meni hayratga soladi.
Yoki, millatimiz udumi – hammaning boshini qovushtirib, ezgulikka chorlovchi bu xayrli an’anani uyushtirish shunchalik qiyin va mushkul ishmi?!
Hozirgi paytda shu befarqlikning doyasi sifatida yana bir buzg‘unchilikka ruju qo‘yish illati bosh ko‘tarayotganga o‘xshaydi; bazan quloqqa chalinib qolayotgan gaplarga qaraganda, “mahalliy” korchalonlar “chet”dan investitsiya kiritib, Bo‘stonliqda sim arqonli “osma yo‘l” (“kanatnaya doroga”), yana qandaydir “ko‘ngilochar” qarorgohlar barpo etib, mo‘may daramad orttirish harakatida yurgan emishlar.
Agar shu rost bo‘lsa, bir paytlar sho‘ro harbiylari tomonidan bo‘stonliqqa uyushtirilgan bosqinga qarshi kurash yo‘riqlarini yana qo‘llashga to‘g‘ri keladi.
Chunki bu – o‘zimiz panohida umrguzaronlik qilib kelayotgan yam-yashil najot daraxtiga bolta urish bilan barobardir.
Chunki buni oddiy fuqaro, har qanday darajadagi amaldorlar bilib qo‘ysinlar: butun poytaxt shahar hamda Vohaning millionlab aholisi – “shoh-gadosi”, muhtaram rahbar janoblar uchun ham hayot-mamot, havo-suv “o‘pkasi” vazifasini o‘tab kelayotgan, ilmiy tilda “rekreatsion zona” deb ataluvchi bebaho tabiat olamiga tajovuz qilishdan boshqa narsa emas.
Mo‘may “daromad” orqasidan quvib, Orolning boshiga yetib, uning jabr-javosini tortayotganimizning o‘zi kammi?
Mana shu haqiqatni anglab yetmay, faqat o‘tkinchi kunlarni o‘ylab yashayotganlarga quyidagi ibrat bo‘larli misollarni keltirib o‘tishga to‘g‘ri keladi: dunyo kurortlari aks etgan xaritalarni ko‘zdan kechirsangiz, undagi oromgohlardan birortasi megapolis shaharlar ustiga yoki yaqiniga qurilmaganligining guvohi bo‘lasiz. Bu bilan u yerda iste’qomat qiluvchi aholi uchun biron muammo paydo bo‘lib qolmasligi nazarda tutilgan.
Yoki tasavvur qiling! Tog‘lar orasidagi kattagina qishloq aholisining hayot-mamoti olisdagi yagona buloqdan oqib keluvchi suvgagina bog‘liq… Biroq qandaydir boyvachcha paydo bo‘lib, chashma atrofini o‘rab, faqat o‘z maqsadlari yo‘lida foydalansa, ahvol ne kechadi?
Mana shu haqda jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak. Bo‘stonliq buloqlari eng avvalo millionlab aholining rizq-ro‘zi, hayot-mamotidir.

O‘tmishni qo‘msash

Qulog‘imga unda-bunda noxushroq bir xabar chalinib qolardi-yu, mish-mish bo‘lsa kerak, deb ishonmay kelardim. Biroq, kutilmaganda “Darakchi” gazetasi o‘zining bayramona ko‘tarinki ruhdagi katta tashviqiy maqolasi bilan bor ishonchimni chilparchin qilib tashladi.
Bizga Rossiya tomonidan “eng arzon, eng qulay” bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Atom Elektrostantsiyasi – AES qurib berilarkan-da, uning nurlaridan butun mamlakatimiz charog‘on bo‘lib, baxt-saodatli kunlarni boshimizdan kechira boshlar ekanmiz.
Butun boshli maqolaning mazmun-mohiyati mana shunga yo‘naltirilgandi.
Avvalo, “arzon go‘shtning sho‘rvasi totimas” degan gap borligini unutmaslik kerak. Qolaversa, hozir butun dunyoda atrof-muhit, shuningdek, inson hayotiga tahdid bo‘lib borayotgan “texnogen” inshootlar qurishdan voz kechib, muqobil elektr manbalari, ayniqsa, quyosh energiyasidan foydalanishga fan-texnikaning bor imkoniyatlari safarbar etilayotgan, ayniqsa uning tuganmas, beminnat manba ekanligi o‘z tasdig‘ini topayotgan bir paytda, nega endi bizga rus birodarlar bunday “ro‘shnolik”ni ravo ko‘rib qoldilar?!
Ularning rag‘batiga uchib, haybarakallachilik qilib yurgan ba’zi mahalliy “ish boshi”larimiz “arzongarov” “yadroviy o‘yin” oxir-oqibat biz uchun juda qimmatga tushishini bilisharmikan?! Aftidan ularni shu kecha-kunduzgi o‘tkinchi “amal ro‘shnoligi” ko‘proq qiziqtiradi, chog‘i?!
Atom elektr quvvati “arzon”ligini aytib, bizni mahliyo qilish odamda shubha uyg‘otadi. Tokni ishlab chiqaruvchi bahaybat inshootlar infrastrukturasini yaratishning o‘zi osonlik bilan kechmaydi. O‘ta murakkab, mas’uliyatli hamda atrof-muhit, insonlar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga to‘g‘ri keladi. Bu masalada mutloqo shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Uning azobini Chernobil misolida butun mamlakat boshidan kechirgan.
Demak, bu “ro‘shnolik”ka erishgunimizcha ancha-muncha vaqt kerak bo‘ladi. Yana, shunisi ham borki, davr shiddati vaqtni bog‘lab qo‘ymagan. Har daqiqasi pul! Taraqqiyot mezoni shuni talab qilmoqda. Chunki, har sohada bir yangilik. Shalog‘i chiqqan 50-60-yillarning aravasiga o‘tirib, uzoqqa borib bo‘lmaydi. Kimki, bunga amal qilmasa, ming “kuch-qudrati-yu qurol-aslahasining tengsizligi” bilan chiranib, maqtanmasin, Afrikadagi Botsvana mamlakati qatoridan yuqoriga ko‘tarila olmaydi.
Aslida-ku, “AES” bir paytlar taraqqiyotning “mo‘jizasi” hisoblangan bo‘lsa-da, hozir “eskirdi”. Ma’lum darajada odamlar hayotiga, atrof-muhitga xavf soluvchi kuchga aylandi. Uning o‘rni­ni uzoq muddat talab qilmaydigan, eng asosiysi, xavf-xatarsiz hamda haddan ziyod chiqimdor bo‘lmagan texnik kashfiyotlar egallab bo‘ldi va bu jarayon rivojlanib bormoqda.
Chunonchi, qisqa muddat ichida barpo etilgach, beminnatgina muqobil elektr quvvati yetkazib beradigan kamtarona yorug‘lik korxonasi qayerda-yu, qurilishi uzoq yillar davom etib “tushovidan to‘qimi qimmat”ga tushadigan “gigantomaniya” davrining “yodgorligi” qayerda?
Shunisi ham borki, “ertaga” hayotga tatbiq etiladigan yangilik raqobatbardoshligi bilan “bugungisi”ni yo‘qqa chiqarishini hayotning o‘zi isbotlab turibdi. XXI asr taraqqiyotining hukmi, bu! Undan hech kim qochib, qutulolmaydi!
Shunday ekan, bu masalada aslo “Yo, eshak o‘ladi, yo, Afandi…” qabilida tavakkalchilik qilib bo‘lmaydi. U davlatimizga ham, xalqimizga ham o‘ta qimmatga tushishi mumkin. Bunaqasini ko‘p ko‘rganmiz.
Biz mana shularni to‘la anglab yetmog‘imiz, qachonlardir osmondan yog‘ilishi va’da qilinayotgan chalpakka o‘xshash “olov”dan yasaladigan elektr quvvatiga mahliyo bo‘lmay, uzoqni ko‘zlab oqilona ish, odilona siyosat yuritayotgan jahonning ilg‘or davlatlaridan o‘rnak olmog‘imiz kerak.
Yaqin-yaqingacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elektr quvvati ishlab chiqarish bilan bog‘liq yoqilg‘i hajmining qariyb 97 foizini “chet”dan, asosan Rossiyadan olishga majbur edilar. Hozir u yerda quyosh energiyasidan foydalanish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Matbuotning yozishicha, 2016 yil davomida Yevropa Ittifoqi bo‘yicha sarflangan jami energiyaning 9 foizini, 2017 yili esa, 15 foizini quyosh batareyalari orqali hosil qilingan elektr quvvati tashkil etgan.
Agar rivojlanish shu darajada davom etsa, Yevropaning 28 mamlakati 5-6 yildan keyin “chet”dan keltiriladigan gaz va neft mahsulotlariga “qaramlik”dan xalos bo‘lishi aniq.
Yoki, shimoliy mintaqada joylashgan, osmoni juda ham “quyoshli” bo‘lavermaydigan Norvegiyani olaylik. Mamlakat neft-gazga boyligi bilan dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Shunga qaramay, beminnatgina quyosh energiyasidan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda. “Evro-Nyus” xabarlariga qaraganda, to‘lqinlar mavj urib turgan dengiz suvi ostiga qoqilgan bahaybat po‘lat qoziqlar ustida quyosh batareyalari o‘rnatilgan “maydonlar”ni ko‘plab uchratish mumkin.
Yana, qiziq tomoni shundaki, yaqinda Moskva nashrlaridan birida qahraton Sibir o‘lkasida quyoshdan quvvat oluvchi qurilma ishga tushirilgani, butun shahar aholisi beminnat elektr quvvatidan foydalanayotgani, hatto, katta maydonni egallagan “teplitsa” – issiqxona ham ishlab turgani haqidagi xabar e’lon qilindi.
Modomiki, og‘alarimiz bizga himmat ko‘rsatishni astoydil istayotgan ekanlar, yilning uch yuz kunidan ortiqroq vaqti mobaynida osmonda oftob charaqlab turadigan O‘zbekistonimizda ham Sibirdagiday quyosh batareyalaridan iborat qurilma qurib bera qolishsa, bo‘lmaydimi?
Yo, bir paytlar juda katta sarf-xarajatlar evaziga ittifoqda yagona deb barpo etilgan va hozirda “Quyosh ilmiy Ishlab chiqarish birlashmasi” nomi bilan ataluvchi Parkentdagi ulkan inshoot imkoniyatlarini hozirgi kun talabiga moslab kengaytirish, shu orqali quyosh energiyasidan keng ko‘lamda foydalanish yo‘llarini bizning mutaxassis olimlarimiz bilan birgalikda ishlab chiqsalar, nur ustiga nur bo‘lardi-ku!
Yoki, og‘alarni hamon o‘zlaridan o‘ta xatarli meros bo‘lib qolayotgan, boshimiz ustida shu kecha-kunduz ham balo-qazoday xavf solib yotgan “Yovchiqqan”ni yanada kengaytirishday eski rejalar ko‘proq qiziqtiradimi?
So‘nggi bu savolga aniq javobni bundan bir necha yil avval Toshkentda “Yovchiqqan” muammosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Favqulodda sho‘ba yig‘ilishi”da jonkuyar olimimiz akademik V.B. Danilovning moskvalik hamda o‘zimizning “mahalliy” korchalonlarni qattiq tanqid ostiga olib so‘zlagan nutqidan topish mumkin.
Demak, oradan shuncha yillar o‘tib, xuddi O‘rta Osiyo mintaqasida asov daryolarni bo‘g‘ib, bahaybat GESlar qurish g‘oyasi kabi endi bu sohada ham “O‘lgan ilonning boshi”ni qo‘zg‘aydiganlar topilib qolganini qarang!

Iddao nima?

Buning sabablarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Suriya bilan bog‘liq voqealardan izlashga to‘g‘ri keladi. Chunki, mana, bir necha oyki, Rossiya telekanallari hamda matbuoti “qardosh” mamlakat janggohlaridan zafar quchib qaytayotgan Harbiy aviatsiya kuchlarining faxri bo‘lgan eng zamonaviy qiruvchi samolyotlar eskadrilyasini bayramona kutib olish, o‘z vatanparvarlik (“internatsionallik” emas) burchini sharaf bilan ado etgan ofitser va soldatlarga orden-medallar topshirish marosimlarini namoyish etish bilan band. Bu, o‘tgan asrning oxirlarida, janob Pozner aytganidek, “bir odamni deb”, uzoq davom etib, sharmandali yakun topgan “Afg‘on urushi”dan qaytganlarni kutib olish marosimiga ham o‘xshab ketadi.
Shuningdek, Moskvaning ayrim gazetalari sahifalarida tajribali siyosatdon va tahlilchilar yangi asr avvalidan boshlanib, hamon oxir-keti tugamay davom etib kelayotgan, ommaviy qurollanishga ruju qo‘yish oqibatida butun mamlakat tanazzul botqog‘iga botib qolgani, shunga qaramay, “Suriya janjali”ga aralashish esa, Ukrainadan keyingi ikkinchi xatolik ekani haqida bong urish bilan birga shundoq ham noahillik oralab qolgan (albatta, “tashqi” kuchlar ta’siri ostida), ikki tariqat yo‘lini tutgan musulmonlarni bir-biriga qayrab, boshlab yuborilgan birodarkushlik urushining hali-veri tugamasligi haqida yozmoqdalar.
Mamlakat fuqarolari orasida esa vatanparvarlik hirsini alangalatib turish uchun – Rossiya qurollarining muvaffaqiyatlaridan dun­yo hayratga tushgani, “raqiblar” esa, esankirab qolgani, hatto, ular “ojiz” ekanliklarini tan olib, intervyular berayotganliklari borasida televizor tinimsiz ko‘rsatuvlar namoyish etmoqda.
Ayniqsa, harbiy ministrining o‘zi Suriyadagi “operatsiya” muvaffaqiyatli tugagan(?)ligi haqida matbuot va televideniye vakillari uchun bayonot berarkan, u yerdagi “jang maydonlari”da 250 turdan ziyod eng zamonaviy, so‘nggi “avlod” qurollarimiz katta muvaffaqiyatlar bilan sinovdan o‘tkazilib, oltmish ming besh yuz (60 500)dan ko‘proq “jangari” yo‘q qilindi, qirq sakkiz ming (48 000) soldat va ofitserlarimiz issiq iqlimli mintaqalarda jang olib borish mahoratini a’lo darajada egalladi, endi ular dunyoning istalgan yerida dushmanga qaqshatqich zarba bera oladilar”, deya aytgan gap­lari hammasidan oshib tushdi.
Endi bir narsaga e’tibor bering: oltmish ming besh yuzdan ko‘proq “yo‘q qilingan” “jangari” qayerdan paydo bo‘lib qoldi?
Bunga aniq javobni BMTning inson huquqi va gumanitar yordam ko‘rsatish guruhi komissarlaridan birining yaqinda Bi-Bi-Si muxbiriga bergan quyidagi intervyusidan topish mumkin:
– 2011 yili Rossiya qo‘shinlari bu mamlakatga bostirib kirgunga qadar osoyishtalik hukm surardi. Hech qanday “ekstremistik” yoki “jangarilar” guruhi bo‘lmagan, biz o‘z xayrli vazifamizni biron moneliksiz davom ettirardik. Shu kunga kelib, bir-biriga qarshi guruhlar shu qadar ko‘payib ketganki, kim-kimga qarshi urishayotganini ham ajratib bo‘lmaydi. Buning jabru jafosini oddiy xalq ko‘rmoqda. Suriya aholisining yarmidan ko‘pi mamlakatni tashlab chiqib ketgan. Besh yuz ming tinch aholi halok bo‘lgan. Ularning har to‘rttasidan biri yosh bolalardir. Butun mamlakat hududining 80 foizdan ortiqrog‘i xarobalarga aylantirib bo‘lingan. Mavjud maktablar, turli o‘quv dargohlarining kuli ko‘kka sovurilganligi sababli 1 300 000 ming bola o‘qish, bilim olishdan mahrum. Mamlakat kelajagi haqida hech kim o‘ylamaydi. Insonparvarlik yordami ko‘rsatishga kelgan xodimlarimizning ko‘pi bu mamlakatdan chiqib ketishgan.
Shu so‘zlarni eshitgan har qanday aqli raso odamda:
– Bunday bo‘lishiga kimlar aybdor? – degan savol paydo bo‘lmaydimi?..
Avvalo, Suriyadagi o‘z haq-huquqini talab qilib chiqqan oddiy xalq birdan “jangari”ga aylanib qolmagandir?!
Muammoni tinch-totuvlik yo‘li bilan hal etish mumkin edi-ku! Yo‘q, amaldan ketishi muqarrar bo‘lib qolgan bitta “qo‘g‘irchoq” kimsaning hayot-mamoti kimlar uchundir yuz minglab (!) qoni to‘kilgan “jangarilar”, o‘n millionlab bor-budidan ayrilib, xor-zorlikka mahkum etilgan insonlarning achchiq taqdiridan ustunroq ekanligi Harbiy ministrning butun dunyoga ovoza qilib aytayotgan yuqoridagi gaplaridan ma’lum bo‘lib turibdi.
Maqtanchoqlikka ham o‘xshab ketadigan bu so‘zlarni eshitib, yetuk siyosatdon Vladimir Poznerning “Afg‘on urushi”ga mengzab aytgan gap­lari qulog‘ing ostida qayta jaranglab ketganday bo‘ladi. Va, beixtiyor, belorus adibasi, Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Alekseevichning Moskva adabiy nashrlaridan biri “Vop­rosi literaturi” jurnaliga bergan intervyusidagi “Bu ashaddiylashgan qonsirashning odamzotni o‘ldirishga bo‘lgan ochiqdan-ochiq ishtiyoqi natijasidir”, degan so‘zlarini eslatib yuboradi…
Xullas, Rossiyaning dunyoda “yagona”ligi tinmay targ‘ib qilinayotgan ajal qurollari millionlab zahmatkashlarning peshona teri mahsuli bo‘lmish mablag‘ va boyliklarni ayamay sovurish hisobiga yaratilganligini rus matbuotining o‘zi ham tinimsiz takrorlab turibdi.
Natijada mamlakat Moliya ministri Anton Seluanovning bir necha bor ogohlantirib aytgan gaplari haqiqat bo‘lib chiqdi: “Xazina bo‘shab qoldi, hatto, “qora kunlar uchun” deb saqlanadigan “zaxira” pullarning ham barakasi o‘cha boshladi. Ekspertlar e’lon qilgan hisob-kitoblariga qaraganda, rus xalqining turmush darajasi yuz yil avval yashab o‘tgan avlod-ajdodlarinikidan ham pastlab ketgan”.
Tuva respublikasidan senator etib saylangan, Federativ hukumatning Konstitutsion Qonunchilik va davlat tuzumi Komiteti a’zosi Lyudmila Nerusovaning “Mir novostey” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusiga ko‘ra, ahvol yuz yil oldingidan ham achinarli. Mamlakatning ko‘plab sovuq mintaqalaridagi o‘quv dargohlarida isitish tizimlari ishlamaydi. Hojatxonalari ham yo‘q. Bolalar 40 darajali sovuqda diydirab, “tashqari”dan hojat joyi qidirib yuradilar. Pul yo‘q emish. Uning yo‘qligi sababini har kim ham bilavermaydi. “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash haqida tinimsiz bong urayotgan mamlakat uchun uyat, bu” deya o‘z so‘ziga urg‘u beradi senator ayol.
Qarang, bir-biriga hamohanglikni; uzoq Suriyada milliondan ziyod bolalar maktab binolari vayronaliklarga aylantirilganidan ko‘chalarda sarson bo‘lib yursa-da, Rossiyaday mamlakatda hojatxonaga pul topilmasa!
Aslida-ku, nega “pul yo‘q”ligi sababini hamma biladi. Lekin, og‘iz ochib, aytilavermaydi. Bunga Bosh “moliyachi” Siluanovning o‘zi ham “noilojlik”dan ishora qilib o‘tadi… Haqiqatda esa… 2000 yillar boshidan harbiy ministrlik maqomidagi “Rosatom” birlashmasi tashkil etilib, uning yelkasiga “qancha kerak bo‘lsa – shuncha mablag‘ sarflab” eng zamonaviy qurol ishlab chiqarishday jangovar vazifa yuklangani, har bir “atomchi” uchun misli ko‘rilmagan barcha “qulaylik”ni o‘zida mujassam etgan jannatga monand shart-sharoitlar yaratib berilgani haqida uncha-muncha xabar tarqab tursa-da, keng omma orasiga yetib boravermaydi.
Buyruq “Rosatom”ga uyushganlarning juda katta jamoasi tomonidan qisqa yillar ichida kutilganidan ham o‘tkazib, “tengi yo‘q” eng zamonaviy qurollar yaratish bilan amalga oshirildi.
Hozir Rossiya matbuoti, ayniqsa, telekanallari orqali sakkiz tur nomdan iborat (ulardan ham “samaraliroq” yana uchta tayyorlab qo‘yilgan qirg‘in quroliga “munosib” nom qo‘yish bo‘yicha fuqarolar orasida mamlakat boshlig‘i tomonidan katta sovrinli konkurs e’lon qilingan. D.N.) yadroviy qurollarga bag‘ishlangan “Tok-shou”lar kunora avj oldirib yuborilgan.
Shulardan eng “qiziqarlisi” deb (2018 y.
22 mart kungi), “Rossiya-1” kanali tomonidan uyushtirilgan “Shou”ni hisoblash mumkin. Unga tak­lif etilgan general ekranda ko‘rsatila boshlagan o‘sha sakkiz tur qurollardan biri “Samoubiyts” (“Xudkush”)ning jangovarlik “fazilatlari” haqida teletomoshabinlarga hikoya qilib bermoqda. Uning aytishicha, “Xudkush” yer yuzidagi okeanlarning istalgan yeriga joylashtirib qo‘yilishi, u yillar davomida dushmanning har qanday sezgir texnika mo‘jizasi ham aniqlay olmaydigan “beozor” ob’ekt sifatida turaverishi mumkin.
Faqat zarurat tug‘ilgan paytda “nazorat punkti”dan turib, tugmacha bosilgandagina bu “afsonaviy” qurol chinakamiga “Xudkush”ga aylanib, o‘zidagi barcha yadroviy torpedo raketalarini okeanning bir necha yuz kilometr uzoqlikdagi hududiga yashin tezligida yetkazib, so‘ng “Xudkush”ning o‘zi portlaydi. Buning natijasida torpedo qurollari o‘rtasida yadroviy “zanjir reaktsiyasi” ro‘y beradi. Bu o‘z yo‘lida butun okean ekvatoriyasida misli ko‘rilmagan, tabiiy tsunamidan bir necha barobar kuchli to‘lqinni paydo qilib, minglab chaqirimga cho‘zilgan ummon qirg‘og‘idagi barcha shaharlar, aholi punktlarini o‘z qa’riga tortadi. Butun bir qit’ani yo‘q qilib, okean o‘rnida yaydoq “quruqlik” hosil qilishi mumkin.
Generalning bu so‘zlaridan ruhlanib ketgan “Tok-shou”ni olib borayotgan yoshgina ayol qo‘lidagi mikrofonni baland ko‘targanicha “Bravo Rossiya! Rossiya!” deb, baqirib yuborgach, zalga yig‘ilganlar uni davomli qarsaklar bilan olqishlashadi.
Aslida, olqishlarga sazovor bunday qirg‘in qurollarini yaratishning o‘zi bo‘lmagan.
Endi, sho‘rolar davridagi “SoyuzMinAtom” zurriyotidan paydo bo‘lgan “Rosatom” oldida qoqlangan xazinani tezroq to‘ldirib, xalqqa ham biroz ro‘shnolik yaratishga hissa qo‘shish vazifasi turibdi.
Davlat rahbarining shaxsan o‘zi “modernizatsiya”dan so‘ng “ortiqcha” bo‘lib qolgan arzon-garov qurollarga bu yil xaridorlar soni ikki marotaba oshganligi, undan ancha-muncha pul tushishi haqida gapirarkan, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, boshqa imkoniyatlardan ham “unumli“ foydalanishga chaqirdi.
Buni yaxshi tushungan “Rosatom” boshlig‘i janob Kirilenko avval munosabatlar biroz rivoj topmay, so‘ng birdan jo‘nashib ketgan O‘zbekistonday ancha nufuzli mamlakat bilan yaqindan aloqa bog‘lash harakatiga tushdi. Kerakli “mutaxassislar”ni bizga yuborib, O‘rta Osiyo mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib (“atom” jabru-jafosini ilk bor “totib” ko‘rgan Qozog‘iston buni rad etib kelmoqda), eng yirik AES inshoati qurishni o‘rtaga qo‘ydi va bu “hamkorlik”ni kimlardur orqali amalga oshirishga erishdi.
Demak, buning zamirida Rossiyada turmush darajasini yaxshilash emas, aholisining 86 foizi olqishlab turgan “Xudkushlik” qurollarining yanada ko‘proq ishlab chiqarilishiga biz ham “ittifoqchilik” nuqtai nazaridan o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozimga o‘xshaydi.
Bundan bir necha yil avval dunyoda avj oldirib yuborilgan qurollanish poygasidan tashvishga tushgan nomi xalqaro miqyosda mashhur fizik olim o‘zaro gurunglaridan birida shunday degandi:
– Endi “Atomni tinchlik yo‘lida xizmat qildirish” degan gaplar o‘z ahamiyatini yo‘qotib bo‘ldi. Bundan yomon maqsadlarda foydalanadigan kuchlar ko‘payib boraveradi.
Shulardan biri “RostAtom”chilar emasmikan degan hayolga borib qolasan.
O‘zim guvoh bo‘lganman, yozganman ham. Bo‘ston­liqda o‘rtamiyona bitta Chorbog‘ GESini barpo etish uchun “Butun Ittifoq zarbdor qurilishi” deb e’lon qilinganligi sabab “chet”dan o‘ttiz ming
(30 000) ishchi kuchi jalb etilgan. Ularning yarmidan ko‘pi sakkiz yildan ziyod qamoq jazosiga mahkum etilganlar bo‘lib, ozodlikka chiqishdan oldin turli kasb-hunarga o‘rgatilib, “majburiy xizmat” vazifasini o‘tash uchun (o‘sha paytlar bunday kishilar ma’lum muddatga o‘z yashash joylariga qaytib borishi taqiqlangan) Bo‘stonliqqa yuborilgan. Buning natijasida ichkilik, o‘g‘irlik avjga chiqib, Chorbog‘ va uning atrofidagi qishloq-ovullarda yashovchilar: “O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma”, degan matalga rioya etib, hovli darvozalariga qulf o‘rnatadigan, uni ochiq qoldirmaydigan bo‘lishdi.
Ha, Chorbog‘da hamon o‘sha yillarning asorati uch ko‘rsatib turibdi. Bu yer ichkilik, turli xil jinoyatlar sodir etilishi bo‘yicha tumandagina emas, viloyat miqyosida “birinchi”lardan hisoblanadi.
Demak, bundan anglab yetaverish mumkinki, “katta og‘alar” bizga o‘z yadroviy “chiqindilari”nigina keltirish bilan chegaralanib qolishmagan.
Endi yana bir elektr ishlab chiqarish manbai – AES qurib berishmoqchi ekan, uni barpo etish uchun oppoq ko‘ylakli, galstuk taqqan mutaxassislar kelishi tabiiy, albatta.
Lekin, ularning soni qancha? Shu qurilishda necha ming odam ishlaydi-yu, bizda shu sohaga “munosib” “ishchi kuchi” bormi? Ular biron joyda tayyorgarlikdan o‘tganmi? Va buning uchun qancha vaqt ketadi?
Bu savollarga kim aniq javob beradi, ko‘pchilik bilmaydi.
Men, Hindistonda Rossiya tomonidan qurib berilayotgan AESni ko‘rib, uning qanchalik katta joyni egallaganidan hayratga tushganman. Ming­lab aholi, ishchi-xodimlar istiqomat qiladigan alohida “Atomchilar shahari”. Mutaxassislarning deyarli ko‘pchiligi Amerika, Yaponiya, Angliya, Germaniya kabi bir qancha mamlakatlarda o‘qib, malaka oshirib kelgan, o‘z sohasining yaxshi bilimdoni bo‘lgan mahalliy “kadrlar” ekanligi haqida menga so‘zlab berishgan. Hatto, qo‘riqlash bo‘limining sipohiylari ham!..
Endi, bizdagi ahvol qanday kechishini o‘ylab ko‘ravering. Bu – masalaning bir tomoni, xolos…
Darvoqe, hind matbuotining yozishicha Hindis­ton muqobil manbaa sifatida quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha hozir dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallash arafasida turibdi. Hatto, Xitoy bilan raqobatlashmoqchi…

Unutilgan imkoniyatlar

Darvoqe, hozir Germaniya, Angliya, Xitoy, Yaponiya, Frantsiya dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari yurtimizdagi o‘ta qulay iqlim shart-sharoitlaridan kelib chiqib, muqobil elektr manbalarini yaratish borasida ko‘pdan-ko‘p tajribadan o‘tgan zamonaviy loyihalarni taqdim etayotgan, hatto AQSh ulkan “quyosh elektrostantsiyasi” uchun bir milliard ikki yuz million investitsiya puli o‘tkazib, ish boshlash arafasida turgan bir paytda, bizda boshqa imkoniyatlar ham borligini eslab o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Mavzuni yana Bo‘stonliqdan boshlamoqchiman. Ma’lumki, bu go‘zal mintaqaning qayeriga bormang, tog‘lar bag‘ri bo‘ylab sharshara bo‘lib oqib kelayotgan katta-kichik daryochayu anhorlarga ko‘zingiz tushadi.
Taxminan, bundan oltmish yilcha avval rayondagi kattagina Nanay qishlog‘i tomon Chotqol tog‘lari etagidan oqib keluvchi Axsarsoyning Pskom daryosiga quyilish joyiga uncha katta bo‘lmagan GES qurish rejalashtirildi. Uni elektrchi mutaxassislar bosh-qoshchiligida qishloq ahli tomonidan uyushtirilgan hashar yo‘li bilan ikki oyga yetar-etmas vaqt mobaynida qurib bitkazishdi. Nanaydagi barcha xonadonlarda o‘sha davr lahjasi bilan aytganda, “Ilich chiroqlari” porlay boshladi. Va bu xayrli tadbir tumandagi deyarli barcha qishloq, ovullarda amalga oshirildi.
Oradan yillar o‘tib, Chorbog‘ GESi qurilib, ishga tushiriladi-yu, birinchi navbatda, yigirma yillar davomida Nanaydagi xonadonlarni baholi qudrat charog‘on etib kelgan inshootning keragi bo‘lmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, “ortiqcha chiqim” bo‘lmasin deb, uni to‘xtatish haqida qaror qabul qilindi.
Shunday qilib, zulmat qo‘yniga cho‘kkan nurxona qarovsiz ahvolga tushdi va tog‘ o‘tlovidan qaytayotgan chorva mollarining biroz to‘xtab, tin olib qaytadigan “qarorgoh”iga aylandi.
Bo‘stonliqdagi qishloq-ovullarda ishlab turgan boshqa “GES”chalar ham shu yo‘sinda “bankrot” ga uchrab turgan bir paytda Moskvadan eng ahmoqona, butun mamlakatni parokanda qilib yuborishiga sal qolgan “kelajagi yo‘q” kichik xutor, qishloq, ovul kabi kamsonli aholi yashaydigan joylarini tugatib, yiriklashtirish, sanoatni keng miqyosda (o‘sha paytlar “gigantomaniya” degan nom olgan) gigant qurilishlar orqali rivojlantirish haqida qaror chiqib qoldi.
Azaldan millionlab aholi yashab kelgan kindik qoni to‘kilgan joylardan qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishga safarbar etildi. Qancha-qancha besh-o‘n xonadon bir bo‘lib, yashab kelgan “kichik” aholi manzilgohlari ham huvillab, qarov-sizlikka yuz tutdi.
Bu o‘ylamay-netmay amalga oshirila boshlagan kompaniyavozlikning xunuk oqibatlari, ayniqsa, elektr quvvati ishlab chiqarish tar­moq­lariga katta zarba bo‘lib urildi.
Rossiyada Sayano-Sushensk, O‘rta Osiyoda Norak kabi “dunyoni hayratga soluvchi” eng ulkan gid­roinshootlar majmuasi barpo etilib, butun-butun mintaqalarni yagona tarmoq tizimi orqali elektr quvvati bilan ta’minlash tartibi joriy etildi. Bu – o‘z yo‘lida, ayniqsa, O‘zbekistondagi “o‘zini oqlamay qolgan” juda ko‘p “mahalliy” kichik va o‘rtamiyona GESlar boshiga xuddi Nanaydagidek ko‘rgilik tushib, ularning barchasi qisqa muddat ichida to‘xtatib qo‘yildi.
Mana, hozirgi kunlargacha respublikaning turli shahar va boshqa aholi zich yashaydigan mintaqalarida daryo, katta anhor va suv havzalari bo‘yiga 50-60-yillar mobaynida qurilgan, hamon o‘z salobatini yo‘qotmagan, ostidan sharillab suv oqib turgan bo‘lsa-da, elektrogeneratorlari yo‘q bo‘lib ketgan yoki chirib ishdan chiqqanligi sabab o‘z vazifasini ado etolmay, “o‘tmish”dan yodgorlik bo‘lib, qad rostlab turgan ko‘plab “tarixiy” GES binolariga ko‘zingiz tushishi mumkin. Bularni ta’mirlab, ishga tushirib, ko‘pchilikka yorug‘lik in’om etishday savobli ishga qo‘l uradigan tadbirkor, biron mard topilmayotganiga hayron qolasan, kishi.
Yoki mamlakatimizdagi – Bo‘stonliqqa o‘xshash tog‘li joylarning minglab qishloq-ovullarida son-sanoqsiz suvli anhor, ariqlar sharsharaday shovqin solib, oqib yotibdi.
Nega hozirgi paytda – Prezidentimiz tez-tez qaytarayotganidek “mini” GES, “gidro” tegirmonlar qurib, oqilona foydalanish mumkin emas?!
Shu yerda tegirmon bilan bog‘liq qiziq bir narsani eslatib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik joylarda g‘alla tortadigan “xitoy tegirmonlari”ni ishlatish odat tusiga kirgan. Avvalo, shu soha bilguvchilarining aytishlariga qaraganda, “xitoyniki”ga qaraganda, suv tegirmonidan “chiqqan” unning “mazasi” xushta’mroq bo‘larkan. Xitoylarning o‘zlariga kelsak, elektr tokini tejash maqsadida, iloji boricha, suv tegirmonidan foydalanishni afzal ko‘risharkan…
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘onidan tortib, to shahar markazining ustki qismigacha cho‘zilib kelgan qariyb 40-50 chaqirimlik qir etaklaridan butun Vodiyning kattagina qismini obihayot ne’mati bilan ta’minlovchi Namangan hamda Shimoliy Farg‘ona deb, atalmish ikki kanal oqib o‘tadi.
1950 yillarning o‘rtalarida Farg‘ona kanalining uch joyida to‘g‘on barpo etilib, o‘sha davr qarichi bilan hisoblaganda ketma-ket uchta kattagina GES inshootlari qad rostladi. Ularning elektr quvvati Namanganning hamma yeridan baralla ko‘zga tashlanib turadigan yuzlab bahaybat temir stolbalarga tortilgan qo‘shqavat simlar orqali oblast, hatto, qo‘shni Qirg‘izistonning ko‘plab shahar va aholi manzilgohlariga uzatilib, uzoq yillar davomida barcha xonadonlarga nurafshon yorug‘lik baxshida etib turdi.
Shu orada yuqorida eslatib o‘tilganidek, “gigantomaniya” vasvasasi avjga chiqib, Markaziy “Minenergo”dagi vallomatlar Farg‘ona Vodiysini yagona elektr quvvati bilan ta’minlashga mo‘ljallangan yirik gidroinshootlardan biri hisoblangan To‘xtag‘ul GESini qurishga kirishdilar.
O‘sha paytlar moskvalik dunyo miqyosida taniqli bo‘l­gan mutaxassis-olimlar tomonidan bitta mana shu inshoot qurilishining o‘zi kelajakda katta tektonik surilishlar hosil qilishi, buning oqibati butun Vodiy uchun katta halokat keltirishi haqida qilingan ogohlantirishlarga hech kim quloq solmadi. Ko‘p o‘tmay, shu ogohlantirishga bepisandlikning dastlabki achchiq mevasini biz totib ko‘rdik. Katta Shimoliy Farg‘ona kanali suvsiz qolib, butun Vodiyga qurg‘oqchilik xavf sola boshladi.
Eng achinarlisi, daryo qurigach, uchta GES ham taqqa-taq to‘xtadi. Qurg‘oqchilik asorati yoniga Namangan viloyati uchun elektr taqchilligi ham kelib qo‘shildi.
Shu yerda – qo‘shnilarning omboriga suv to‘lishini kutib, bir necha yillar davomida daryo va unga qurilgan GESlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymay, shundoq bir chaqirim ham kelmagan oraliqdagi hamon to‘lib oqayotgan Namangan kanali suvini kichkina injenerlik loyihasi orqali Farg‘ona kanaliga tashlash hech kimning xayoliga kelmaganligi kishini hayratga soladi. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. O‘tgan ishga salovot, deydilar.
Xudoga ming qatla shukurki, hozir qirg‘iziston­lik qon-qarindoshlar bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning birodarona oqillik bilan olib borgan muloqotlari tufayli o‘zbek-qirg‘izning azaliy og‘a-inichilik rishtalari yanada mustahkamroq bo‘lib bog‘landi.
Farg‘ona kanalining suvi avvalgiday to‘lib-toshib oqmoqda. Endi bor kuch-quvvatni ancha qarovsiz holga kelib qolgan GES inshootlarini jiddiy ta’mirdan chiqarib, hozir nihoyatda ko‘payib ketgan, istagan hajmdagi tok ishlab chiqaruvchi arzon va qulay elektroagregatlar o‘rnatib, ishga tushirib yuborish qoldi, xolos.
E-ha, bunaqa imkoniyati boy berilgan joylar respublikada qanchadan-qancha!

“MiniGES”

Shu yerda bizga arzimasday bo‘lib tuyuluvchi “katta daryolar ham bir tomchi suvdan yig‘ilib, paydo bo‘ladi” degan hikmatga taalluqli, ancha yillar avval o‘zim guvohi bo‘lgan bir voqeani eslatib o‘tmasam bo‘lmas.
yoshlar gazetasining bosh muharriri ustoz G‘ani Jahongirov huzuriga chaqirib, Yangiyo‘ldagi mashhur makkajo‘xorikor Lyubov Li dalasida bugun birinchi hosil o‘rimi boshlanishini aytib, zudlik bilan reportaj yozib kelish vazifasini topshirdilar.
(Ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak, Xrushchyov AQSh safaridan qaytgach, “Makkajo‘xori yetishtirish bo‘yicha” Amerikadan o‘zib ketish shiorini o‘rtaga tashlagan, shu “jangovar” vazifani fidokorona amalga oshirayotgan Toshkent oblastining Yangiyo‘l tumani xo‘jaliklaridan biridagi makkajo‘xorichilik brigadasi boshlig‘i bo‘lgan komsomol qizning shon-shuhrati Butun ittifoqqa ovoza bo‘lib ketgandi).
Tuman komsomollari sardori Mirzamonov degan yigit bilan – men minib kelgan, o‘sha paytlar endi urf bo‘la boshlagan chexoslovak­larning “Yava” mototsiklida o‘n kilometrcha yo‘l bosib, mashhur brigadirning shiyponiga kelgandik, uning o‘zi yo‘q ekan. Qayergadir chaqirib qolishibdi. Birinchi hosil o‘rimi ham – Moskvadan televizorchilar kelishi munosabati bilan boshqa kunga qoldirilibdi.
Orqaga qaytar ekanmiz, Mirzamonov katta qishloqdan chiqaverish yo‘lining o‘ng tomonidagi hovli qarshisida to‘xtashimni so‘radi.
– Hozir sizga bir yangilikni ko‘rsataman, – dedi va, – Shahardan ovora bo‘lib kelganingizga yarasha “quruq” ketmang-da!”, – deya, qo‘shib qo‘ydi.
Shundoq ko‘cha bo‘yidagi sharqirab oqib turgan ariqchani beton “damba” bilan to‘sib, ancha-muncha suv yig‘iladigan “to‘g‘oncha” hosil qilingan, uning tegirmon noviday qiyalama shovvasi ustiga uncha katta bo‘lmagan “ko‘chma kino”chilarning dvijogiga o‘xshash agregat moslamasi o‘rnatilgandi. Shovqin-suronsiz ishlab turgan agregat yonboshidagi – menga ko‘pdan buyon tanish bo‘lgan “Ijevsk” yozuviga ko‘zim tushdi-da, beixtiyor:
– Ie, bu bizning mahallamizga yaqin joydagi zavod filialining “mahsuloti-ku, – deb yubordim.
– Qaydan bildingiz?, – hayron bo‘lib so‘radi hamrohim.
– Anavi yozuvidan. Bizdan sal nariroqdagi Darxon degan joyda shu zavodning elektrogenerator mahsulotlarini turli idora va xo‘jaliklarga buyurtma bo‘yicha yetkazib beradigan markazi ochilgan. Aytishlaricha, Ijevskdagi o‘sha zavodning hozirgi direktori urush yillari Toshkentga kelib, shu yerda katta bo‘lgan. bizga bir yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan, tagi ukrainalik kishi bo‘lgan ekan.
Hamrohim:
– Ha, men Kiyevda xizmat qilganman, ular yaxshilikni unutmaydigan xalq bo‘ladi, – deb turgandi, generator yonidagi simyog‘och orqali elektr simlari tortilgan hovli darvozasi ochilib, qirq yoshlardagi kishi biz tomon kela boshladi.
– Shu yerdagi maktabning fizika-matematika o‘qituvchisi, kichkina elektrostantsiya qurib, o‘z xonadonini elektr quvvati bilan ta’minlash yo‘lini ixtiro qilgan odam, – deb, uni tanishtirdi sherigim va alohida ta’kidlaganday, – respublika yoshlar gazetasidan! – deya qo‘li bilan men tomonga ishora qilib qo‘ydi.
Bu ixtiro egasi bizni hovlisiga boshlab kirib, u yerdagi elektr chiroqlaridan ikki-uchtasini yoqib ko‘rsatarkan:
– Bemalol o‘zimizga yetib turibdi, – dedi-da, ovozini pastlatib qo‘shib qo‘ydi, – biron joyga yozib yubormang uka, shundog‘am moliyadan kelib, ikki bor ogohlantirib ketishdi. Elektr davlat monopoliyasiga kirarkan…
Baribir, yozdim… Uni o‘qib ko‘rgan bosh muharrir – bolalar uchun yozilgan, ikki-uch tilga tarjima qilinib, ko‘pchilik tomonidan qiziqish bilan o‘qilayotgan “Oyga uchish” fantastik povestining muallifi bo‘lgan G‘ani akaning o‘ziga xos, doim odamning ko‘nglini ko‘taradigan biron-bir tahsinli gap aytish odati bor edi:
– Bu makkajo‘xori muammosidan ham kerak­li­roq maqola bo‘pti. Vaqt o‘tib insoniyat elektr tokisiz yashay olmaydi, uni hosil qilishning eng musaffo va arzon turi mana shudir. Balki, kelajakda har bir kishi o‘zining xususiy gidroelektrostantsiyasiga ega bo‘ladigan davr boshlanar.
Bu misolni keltirishdan maqsad bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishdir; yuqoridagidek, maktab o‘qituvchisi bilan “elektrchi”lar orasidagiga o‘xshash noqulay vaziyat kelib chiqmasligi uchun davlatimiz tomonidan xususiy elektr quvvati ishlab chiqarish tarmog‘ini bun­yod etishday xayrli ishlarga bel bog‘lagan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida xuddi Yevropa mamlakatlaridagiday maxsus Qaror chiqarilishi va shu asosda ularni kerakli mexanik dastgohlar bilan taminlab, joylarda texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari ochilishiga diqqat-e’tibor qaratilishi lozim. Hozirgi zamon talabi shuni taqozo etadi.
Darvoqe, bu borada Italiya tajribasi biz uchun namuna bo‘lishi mumkin. U yerda ham bizdagidek, tog‘li hududlar, ular oralab oqib o‘tadigan kichik daryo, anhor va suv havzalari bisyor. Ko‘pdan-ko‘p beminnat tok ishlab chiqaruvchi mini “GES” chalarni uchratish mumkin.
Yaqinda “O‘zbekminenergo” davlat aktsionerlik kompaniyasi rahbarlaridan biri bilan gurunglashib qoldim.
U kishining aytishicha, bizda “quyosh energiyasi” bilan “shamol energiyasi”dan tok olish imkoniyatlari cheksiz. Shular qatori turli hajmdagi gid­roinshootlar qurib, elektr energiyasi olishga ne yetsin. Agar shu ishga astoydil bel bog‘lab kirishilsa, hozir respublikada ishlab chiqarilayotgan elektr quvvati hajmini birgina GESlar hisobiga roppa-rosa ikki-uch barobarga oshirish mumkin ekan!

Dala-bog‘ga safar

O‘shanda poytaxt Toshkentning “Markaz-1” deb ataluvchi hududiga qaraydigan Darxon mavzeida uchta 4 qavatli, ko‘rinishi boshqalarga nisbatan ancha ko‘rimliroq bino qad rostlagan bo‘lib, norasmiyroq lahjada “Sovmin uyi” deb atalar, aslida esa, hukumatning turli darajadagi amaldorlari yashashlari uchun qurilgandi.
Kutilmaganda, o‘sha qarorgohdan kaminaga ham boshpana tegib qoldi. Keyinroq, bizdan ikki pod’ezd narida yashay boshlagan yangi qo‘shnimiz, taniqli artist Baxtiyor Ixtiyorovning gapiga qaraganda, “Biz oddiy xalqmiz. “Rahbariyat doim xalq bilan birga va hamnafas” desinlar deya, marhamat qilib, ikkimizga shu yerdan joy berishgan”.
Oradan ko‘p o‘tmay, safimizga – amaldor bo‘lmaganlar qatorida Moskva Markaziy televideniyesi “Vremya” programmasining O‘zbekiston bo‘yicha bosh muxbiri Irismat Abduxoliqov kelib qo‘shildi. Demak, kazo-kazo qo‘shnilar ichida “oddiy”lardan biz uch kishi edik, xolos.
Bir kuni ro‘paradagi “dom”dan joy olgan, avvaldan “televizorchi” hamkasb sifatida tanishligimiz bor Irismat:
– Bilasizmi, qo‘shningiz Hoshimov O‘zbekis-tonning barcha yerosti boyliklaridan xabardor, qulf-kalitini ham yaxshi biladigan eng boy kishilardan biri, – deb qoldi.
Men hayrat bilan:
– Yo‘g‘-e, Mirzaahmad aka o‘zimiz qatori odamga o‘xshaydi-ku. “Gazprom”da ishlaydilar, xolos, – dedim.
– Gap ana shunda-da! – so‘zimni “ma’qullagan” bo‘ldi gurungdoshim.
Qirq besh yoshlar atrofidagi qo‘shnimiz o‘ta xushmuomala, iloji bo‘lsa sizdan oldin salom berib, qo‘l uzatadigan kishi edi. Har kuni ertalab kelib, ishga olib ketadigan mashinasining “salobati”ga qaraganda, gaz bilan bog‘liq idoraning kattakonlaridan biri edi.
Baxtiyor aka Ixtiyorov bu odam haqida Buxorodan yangi gap topib keldi: “Mirzaahmad aka yoshligidan yer ostida ilon qimirlasa biladigan haqiqiy “konchi” mutaxassis bo‘lib, respublikadagi qazilma boyliklar yashirinib yotgan ko‘p joylarni yaxshi bilarkan-u, lekin davlat siri bo‘lganligi uchun hech kimga aytmas ekan”.
Irismat “Nima degandim, endi ishongandirsiz!” – deganday menga bir qarab qo‘ygandi, biroz sukut saqlab turdim-da:
– Ha, boy odamlarning shunday kamtarin bo‘lgani yaxshi. Ba’zi qo‘shnilarning savlatidan cho‘chib, “salom-alik” qilishga ham hayiqib turasan, – deb qo‘ydim.
Aslida, Mirzaahmad akaning birinchi qavatdagi xonadoni eshigi doimo ochiq turar, ayniqsa, yaqin-atrofdagi qo‘shni xotin-xalajning oyog‘i arimasdi. Ba’zan, yakshanba kunlari qo‘shnim atayin biz yashaydigan uchinchi qavatga ko‘tarilib chiqib, Irismat bilan Baxtiyor akangizni chaqiring, “jiz-biz” bo‘lyapti, bir gurunglashaylik, deb qolardi.
Dasturxon shohona bo‘lsa-da, uy xonalarining jihozi, qo‘yilgan mebellarning o‘rtamiyona, o‘zimiz qatori ekanligini ko‘rib, endi men Irismatga asta qarab qo‘yadigan bo‘lgandim.
Yillar o‘tib, ko‘p qavatli binolarda istiqo­mat qiluvchilar uchun “mahallaqo‘m” deganday, “domko‘m” – oqsoqol saylash udumi chiqdi. Hamma bir ovozdan Mirzaahmad akani uchta binoga “oqsoqol” maqomi bilan “rahbarlik” amaliga saylagandik, omadni qarangki, oradan ikki kun o‘tmasdan akaxonimiz yana bir pog‘ona balandroq lavozimga, res­publika gaz sanoati Boshqarmasiga ko‘tarilib ketdilar.
“Xudo beraman desa, qo‘shqo‘llab beradi” deyilgan gapning isboti shu bo‘lsa kerak. Tabrik­lovchilarning keti uzilmadi.
Nihoyat, uchinchi kuni kechga tomon biz uchovlon – Irismat, Baxtiyor aka hamda kaminaga navbat tegdi.
“Ulfati chor, anda maza bor” deganlaridek, gurungimiz qizigandan-qizib borardi. Bir payt, sal kayfi oshib qolgan Baxtiyor aka suhbat mavzui­ni kutilmaganda “nozik tomon”ga burib yubordi:
– Kechirasiz, balki xato qilayotgandirman. Men – Buxoroning o‘zini gazsiz qoldirib, ulkan quvurlar orqali minglab kilometr naridagi Uralga tortib ketilayotgani haqida gapirmay qo‘ya qolay. Yaqinda, bizga Moskvadan Chernomirdin kelib, Rossiyada qish qattiq kelganini aytib, gazning oqimini yanada ko‘paytirib ketibdi. Bizdan bironta mard chiqib, O‘zbekistonda ham qish qattiq boshlandi, ayniqsa, Buxoroda ko‘pchilik o‘tin yoqib o‘tiribdi. Cho‘limalik dashtlarida, Tomdining qo‘ra-qo‘tonlarida yuz minglab qo‘y-qo‘zilar sovuqdan qirilib ketdi deb, aytmabdi… Mayli, sizlarga qiyin, bularga ham chidash mumkin. Lekin, qisqagina bitta savolimga javob bersangiz: “Frunze aeroplanlar bilan hammaning yuragini yorib, Buxoroni vayron etib, uni ishg‘ol etgach, xonlik xazinalaridagi barcha tillalaru boy-badavlat, o‘rta hol aholidan talon-taroj qilganlarini nechta qizil vagonlarga joylab olib ketilganining aniq hisob-kitobi bormi? Xudo haqqi, ayting, gap mana shu yerda, oramizda qoladi!”.
Mirzaahmad aka uzoq o‘ylanib qoldi. Nazarimda, u kishi “mana senga “oddiy xalq” – ijod, san’at ahli bilan yaqin bo‘lishning oqibati” deb, o‘ylayotgandek bo‘lib tuyuldi.
Keyin xonadon sohibi asta boshini ko‘tardi:
– Ochig‘ini aytsam, u vagonlar sostavi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Balki bordir, lekin qattiq sir saqlanadi. Nima bo‘lganda ham, olib ketib bo‘lingan. Ularni qo‘zg‘ashdan foyda yo‘q. Hozirgi olib ketilayotganlardan bir misqoli ham o‘zimizga qolmayapti-ku!…
Suhbatdoshimizning oxirgi aytgan bu so‘zlarida qandaydir dardli mung ohangi bor edi.
Irismat Abduxoliqov Mirzaahmad akaning mushkulini yengil etmoq niyatida u kishining so‘ziga qo‘shimcha qildi:
– Moskva tomonlarda onda-sonda “O‘zbekiston dotatsiya, ya’ni qarzga yashayotgani” haqidagi gap­lar quloqqa chalinib qoladigan bo‘ldi. Odatda, bu – odamlarni chalg‘itish maqsadida “kelajak”ni o‘ylab qilinadigan noxushlikning darakchisi edi. Aslida esa, respublikadan tashib ketilayotgan hisobsiz, hatto, qancha ekanligi o‘zbek rahbarlarining o‘zlaridan ham sir saqlanadi­gan oltin, million tonnalab paxta, ko‘plarning orzusi – ko‘pgina o‘zbekistonliklarning haqi-yu, lekin armoniga aylanib qolayotgan “zangori olov” – gaz, sarxil meva-chevalar haqida odamlar ichida gap qo‘zg‘alib qolgan, hatto, ularning evaziga biz nimalarga erishyapmiz, degan savolni ochiqdan-ochiq aytadiganlar ham ko‘payib qolgandi. Shunday bir paytda men Moskvaga qo‘ng‘iroq qilib, “Vremya”dagi hamkasblar bilan kelishgan holda – arman, gruzinlar kabi O‘zbekistonning ham Ittifoqning katta dasturxoniga “baholi qudrat” qo‘shayotgan hissalari haqida bir nechta soha bo‘yicha qisqa-lo‘nda “Vremya”bop ko‘rsatuvlar tayyorlashga kirishdim. Birinchisi, albatta, paxta haqida, ikkinchi va uchinchisi qorako‘lchilik hamda bog‘dorchilik ne’matlari haqida bo‘ldi. Asosiy mavzu – gaz, oltin masalasiga kelganda, juda ehtiyotkorlik bilan ish olib bordik. Ayniqsa, “oltin ishlari”ga aralashishga hech kimning, hatto Markaziy televideniye maxsus muxbirining ham haqi yo‘qligi bizga ma’lum edi. Shunga qaramay, mashinalarda haftalab yurib, samolyot, vertolyotlarda uchib, Navoiy, Muruntov, Zarafshon, Marjonbuloq kabi O‘zbekistonning yana ko‘plab oltin konlaridan – boyitilgan oltin rudalari bilan liq to‘la uzundan-uzun eshelonlar Rossiyaga tomon ketayotganini tasvirga tushirardik. Bir kecha-kunduz davomida “chegara”dan chiqib ketayotgan vagonlarning o‘zini sanab sanog‘iga yetish mushkul edi. Faqat samolyotlarda olib ketilayotganining iloji bo‘lmadi. Qo‘limizda ancha-muncha “jonli” kadrlar yig‘ilib qolgan, eng “nozik” mavzudagi ko‘rsatuvni nimadan, qanday qilib boshlash haqida boshimiz qotib yurgan bir paytda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining sanoat va qurilish masalalari bo‘yicha sekretari Ivan Georgiyevich Anisimkin meni huzuriga chaqirib, “Vremya”ning avvalgi programmalarida ketgan uch ko‘rsatuv hamda keyingi paytlar tasvirga tushirilgan barcha videotasmalarni tezda keltirib, yordamchisiga topshirishimni buyurdi. Bu odam – Moskvaning O‘zbekistondagi eng ishonchli ko‘z-qulog‘i bo‘lib, uning buyrug‘ini bajarmaslikning aslo iloji yo‘q edi. Respub­likaning yerosti va yerusti boyliklari kimlarning qo‘lida ekanligini shundan ham bilib olsa bo‘lardi. Hatto, shu tuganmas boyliklar haqida salgina gap ochib ham, baloga qolishingiz mumkin edi.

Taqdirni qarangki, bir paytlar Toshkentning Ko‘kcha dahasidagi Alisher Navoiy nomli 40-o‘rta maktabda sinfdoshim bo‘lgan (chunki musiqa bilim yurtimiz yaqinidagi maktab “to‘liqsiz o‘rta” edi) do‘stim Nuriddinning ko‘zimiz oldida katta bo‘lgan qizi Barnoxon Mirzaahmad aka xonadoniga kelin bo‘lib tushdi-yu, u kishi bilan yanada yaqin bo‘lib ketdik.
Oradan yillar o‘tib, qo‘shnichiligimiz ham o‘ttiz yilga yaqinlashib qoldi. Doim bardam-baquvvat, mahallaning to‘yu ma’rakasi, yana boshqa yumushlarini yelib-yugurib bajarib yuradigan “oqsoqol” tez-tez “qarilik asorati”dan shikoyat qiladigan bo‘lib qoldilar. Hatto, bir kuni ko‘rpa-yostiq qilib yotib oldilar.
– Bularning hammasiga sabab, – deya, masalani ochiqchasiga qo‘ydim, – ikkita rahbarlik “lavozimi”ni qo‘lga oldingiz-u, shahardan tashqariga chiqmay qolganingizda! Siz, Bo‘stonliq­dagi dala-bog‘imizga bir marta qadam ranjida qilib, o‘shanda ham ro‘paradagi qo‘shnimiz, shahar meri bo‘lmish Adhamjon Mirjalilov Ozod aka Sharafiddinov, Erkin aka Vohidovlar bilan shaxmat surishganda qisqa vaqt “hakamlik” qilib o‘tirgansiz-u, Moskvadan Chernomerdin chaqirib qolib, tezda orqaga qaytgansiz. Mana, endi, kasalingizning davosi – Bo‘stonliqning havosi! Qorovulga aytib, shohona joy tayyorlatib qo‘yaman. Bugun ertalab aytgandilar, kechga tomon Erkin aka ham chiqib bormoqchilar. Polizdagi qovunlar pishib qolgan. Birinchi hosilini birgalikda totib ko‘rib, “Qovun sayli” qilamiz.
Mirzahmad akaning yuzlari yorishib ketdi:
– O‘zi, Erkinjonning suhbatlarini sog‘inib yurgandim. Agar u kishi chiqadigan bo‘lsalar, mening ham borganim bo‘lsin.
Qariyb olti gektardan ziyod dala-bog‘imizning fayzu tarovati Mirzahmad akaga yoqib tushdi.
Atrofga ko‘z tashlab;
– Qanday chiroyli joylar-a! Bu manzaralarni ko‘rib, barcha tashvishlarni unutganday bo‘lasan. Yuraging ham orom olganday, o‘zingni yengil his etasan, – deb qo‘ydi, to‘yib-to‘yib nafas olarkan.
– Tog‘larga, mana shu tomonlarga olib ketay deb, ko‘p marotaba aytganman. Vaqtingiz bo‘lma­gan.
– Gapingiz to‘g‘ri! Ellik yil shu sohada tinim bilmay ishlabman. Ariza yozdim, endi, odamlarga o‘xshab biroz dam olay, deb…

“Eng boy odam”ning yurak dardlari

Kechga tomon ikki yaqin do‘st – suhbatijon
inson, taniqli adabiyotshunos olim Rahmatilla Inog‘omov bilan Erkin akalar kelib qolishdi-yu, davraga fayz kirdi.
Mirzaahmad aka serqalampir qilib, devzira guruchdan “qo‘qoncha” osh damladi. Qorovul O‘tkir dala-bog‘ning bag‘irli joyidagi polizdan endigina band bergan ikkita “Amiriy” qovunni uzib keldi.
Oshxo‘rlik, undan keyin kichkina “qovun sayli”dan so‘ng boshlangan gurungimiz mavzui dala-bog‘ga kelib taqaldi.
– Lekin siz yozuvchilarga qoyil. Hech kim qilolmagan ishlarni amalga oshirib, butun Bo‘stonliqni Moskvadagi eng katta ajdaho changalidan tortib oldilaring-a?! Yo‘qsa, biz mana shu o‘tirgan joylarda allaqachon, harbiy poligon barpo etilar yoki 120 ming kishilik harbiy shaharcha qad ko‘targan bo‘lardi… Ha, bizga Moskvadan Bo‘stonliqqa juda katta sig‘imdagi gaz quvuri tortib borish loyihasi yuborilgandi. “Gazprom”dan kelib, shunga tayyorgarlik ishlari boshlanay deb, turgandi ham…
– Butun Toshkent uchun yagona suv, havo manbai bo‘lib turgan Bo‘stonliqdan boshqa joy yo‘q ekanmi? – deya Erkin aka mehmonimizning gapiga qo‘shimcha qildi.
– Men ruslar bilan uzoq yillar ishlab, shunga amin bo‘lganmanki, Erkinjon, ularda “Sening gapingga biron monelik qilmay, indamasdan bosh egib turibdimi, demak, sen haqsan, istagancha o‘z so‘zingni o‘tkazaverishing mumkin”, degan tushuncha bor. Bizning o‘zimizga xos mentalitet desa ham bo‘laveradigan andishaliligimiz, har gapga qulluq deb, bosh egib turaverishimiz ular uchun juda qo‘l kelgan, boshimizga ko‘plab kulfatlar tushishiga sabab bo‘lgan. Gap kelib qolgan ekan, bir narsani aytay, siz ijodkorlar qanday qaraysizlar bilmadim-u, menimcha, hozirgi prezident “rus xarakteri”ni juda yaxshi biladigan odam. Shuning uchun ular bilan “sen” desa, “sen”lab, “siz” desa, “siz”lashib gaplashib, ustun kelgan paytlari ham bo‘lgan. Moskva esa, turli yo‘llar bilan yana O‘zbekistonga kirib olish payida. Chunki, biz ular uchun juda katta moddiy ham ma’naviy yo‘qotish bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston chin ma’noda Xudoning nazari tushgan yurt. Bizning oltinimiz eng sara hisoblanadi. Shuningdek, Sibirning doimiy muzlab yotuvchi yer ostilaridan qazib olinadigan oltinlarga nisbatan “xarajati” bir necha barobar arzon ham! Lekin, bu sir yetmish yil davomida oshkor qilinmay kelgan. Paxtamiz somon bahosida, meva-chevalarimiz ham suvtekin. Menga eng alam qiladigan joyi shuki, bundoq o‘ylab qarasam, biz butun sho‘ro davri davomida faqat aldoq va firibgarlikning qurboni bo‘lib, bor-budimizni boy berib kelgan ekanmiz. Moskvalik kazo-kazolarning “Yangi yerlarni o‘zlashtirib, olti million tonna paxta yetkazib turinglar, Orol qurimaydi, bir paytlar Ob daryosi unga kelib quyilgan. O‘sha azaliy suv yo‘lini tiklab, yangi loyihalar orqali Orolga oqizamiz. Uning suvi pasayib, o‘rnida paydo bo‘lgan ming-ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilib, paxtazor, bog‘lar yaratiladi”, degan yolg‘on, balandparvoz so‘zlarga mahliyo bo‘lib, “Oq oltin” yetishtirib berish majburiyatini bajaraverdik, Orol ham qurib bo‘ldi. Va’da qilingan Sibir daryolari suvining bir irmog‘ini ham bizga ravo ko‘rmadilar. Orolga suv keladi, deb tayyorlangan loyihalarning hammasi yolg‘on, aldoqchilik bo‘lib chiqdi. Undan ham daxshatli, hali-hanuz sir saqlab kelinayotgan bir voqeadan sizlarni xabarlaringiz yo‘q. Mana, mustaqilligimizning o‘ninchi yiliga qadam qo‘yyapmiz, buning vaqti keladi deb, o‘ylayman… Yer osti qazilma boyliklarimizning eng noyob­laridan biri tabiiy gaz hisoblanadi. Uning “xomashyosi”ni hech qachon, xuddi neftga o‘xshab qazib olingach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatib bo‘lmaydi. Buning uchun eng xavfli oltingugurt kabi turli elementlardan “tozalovchi” zavodlar kompleksi qurishga to‘g‘ri keladi. Bu – yer ostidagi gaz zaxirasini aniqlash, uni parmalab “tashqari”ga olib chiqishga ketadigan xarajatning bir necha barobar ortiqchasini tashkil etadi, deganidir. Tabiatda kamdan-kam uchraydigan gaz bilan bog‘liq mo‘jizaviy hodisa ham bo‘lib turadi. U – eng noyo­b, “sof gaz” hisoblanib, shu soha mutaxassislari uni “oltin gaz” deb ham yuritadilar. Xudoning qudratini qarangki, 1956 yili Buxoro, Qizilqum sarhadlari yerostida xuddi Qoraqalpog‘istondagi Orol dengizi hududiga teng, hatto undan ham kattaroq shakl-shamoili ham o‘xshab ketadigan ulkan gaz “dengizi” topildi. Bu, xalqaro miqyosda ham o‘ta noyob strategik ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun, qattiq sir tutiladi. Uning zaxirasi 500 milliard metr kub, deya hisobotga kiritilgan bo‘lsa-da, aslida, ancha ortiqroq edi. Shuning uchun ham bepoyon Rossiya hududida neft-gaz zahiralari to‘lib-toshib yotgan bo‘lsa-da, “Boshqa bog‘ning mevasi boshqacharoq bo‘ladi” deganday, markaziy “Gazprom” bor diqqat-e’tiborini bizning yoqilg‘iga qaratadi. Oradan yillar o‘tib, undan olinayotgan mahsulot hajmini bir necha barobarga ko‘paytirish harakati boshlanadi. Biroq, barcha urinishlar samarasiz bo‘lib chiqadi. Chunki, boylikning asosiy zahirasi juda chuqurlikda, minglab metr yerostida joylashgan edi. Shunda o‘ta maxfiy suratda, mahalliy rahbariyatni qo‘yaveringlar, hatto Kremldagilarning ham ayrimlarigagina ma’lum bo‘lgan yashirin usul ishga solinadi…
Gurungdoshimizning hikoya qilishiga qaraganda, ana shundan keyin bir-biridan dahshatli voqealar yuz bera boshlaydi. Kutilmaganda juda katta kuchlanishdagi gaz favvorasi otilib, kattagina yer maydonini o‘z domiga torta boshlaydi. U chinakam jahannam oloviday butun borliqqa xavf solib, bir necha oy davomida yonib yotadi. Uni jilovlashga har qanday texnika mo‘jizasi ham ojizlik qilardi.
Nihoyat, Moskvadan yana “mutaxassis”lar jalb etilib, xatarli usulning ikkinchi bosqichi amalga oshiriladi. Zamin qa’ridan gulduros ovoz chiqarib o‘rlayotgan “do‘zax alangasi” o‘chirilib, asosiy maqsadga erishiladi.
Biroq, bu “g‘alaba” uzoqqa cho‘zilmaydi. Oradan arzimas yillar o‘tib, uning yanada asoratli fojiaviy aks-sadosi ketma-ket qaytarila boshlaydi.
1976 yil, 8 mart tongotarida mahalliy vaqt bilan soat 7 dan 41 minut o‘tganda yer yuzi tarixida “eng kuchlilaridan biri” deya, nom olgan “Gazli zilzilasi” ro‘y beradi. Uning markazida magnitatura kuchi 12 balldan oshib ketadi. Bu “silkinish” butun O‘zbekiston hududi bo‘ylab tarqalib, joylarda 6-5, hatto, Toshkent, Farg‘ona mintaqalarida
4 balldan ziyodni tashkil etgan yer silkinishi kuzatiladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning 17 may kuni qaytarilgan zilzila esa, avvalgisidan ham halokatliroq bo‘lib, butun Gazli shahrini vayronaga aylantirib tashlaydi.
Shuningdek, ming yillar sinoviga, hatto Frunzening havo “bombardimonlari”ga ham dosh bergan qadimiy Buxoro qattiq shikastlanadi, aholi ko‘p aziyat chekadi.
Odatdagidek, bu ko‘rgilik ham mutloq sir tutiladi. O‘sha paytlar O‘zbekiston qurilish ministri bo‘lib ishlagan Nazir Rajabovning gaplariga qaraganda, ro‘y bergan ko‘ngilsizlik el orasida ovoza bo‘lib ketmasligi uchun ma’muriy organ vakillari qadimiy shahar ko‘rgan talofatni aniqlab, ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishga ham ruxsat etmaydilar. Nima bo‘lsa-bo‘lsin-u, Rossiyaga yanada ko‘proq gaz kerakligi asosiy o‘rinda turardi…
Ilmiy kuzatuvlar orqali shu narsa to‘la isbotlanganki, Yerning “qon tomiri”ga urilgan har qanday xatarli “nish”ning xunuk asoratlari turli shaklda rivojlanib boradi, ammo pasaymaydi. Bir kunmas bir kun bosh ko‘taradi. Bu insoniyat tomonidan o‘ziga yetkazilgan azob-uqubatlar uchun Tabiat intiqomidir!
1984 yilning 20 mart sanasida navbatdagi, ancha tahlikali vajohatda qaytarilgan yer silkinishi 15-20 chaqirim chuqurlikdagi seysmogen yoriqlar tektonik harakatlar faollashuvining oqibati edi.
Natijada katta maydonni egallagan yer yuzasi tars ikkiga bo‘linadi-da, bir necha kilometrli tubsiz jarlik paydo bo‘ladi. Uning qa’ridan xuddi qiyomat darvozasi ochilib ketgandek, qaynoq suv, qum va tuproq aralash vulqon tusini olgan bo‘tana otilib, osmon yuzini sarg‘ish qurum qoplay boshlaydi.
Shu asnoda yer qattiq chayqaladi. Uning tubida ketma-ket o‘pirilishlar ro‘y berib, daxshatli zilzilaga ulanib ketadi. Shu yaqin atrofdagi ma’muriy binolar va ko‘plab inshootlar yer bilan bitta bo‘ladi. Uzoq cho‘l sarhadlarida kutilmaganda bo‘ron g‘ujg‘on o‘ynab, osmonga o‘rlay boshladi. Hurkib, har tomonga to‘zib ketgan qo‘y-qo‘zi uyurlarining ko‘pi chayqala boshlagan qum barxanlari ostida qolib ketadi.
Bir amallab omon qolgan cho‘ponlarning aytishlaricha, qadim-qadimdan “sahro mo‘jizasi” sanalib, yaqin-atrofdagi jamiki tirik jonni o‘z obi-hayoti bilan siylab kelgan, doim mavjlanib turuvchi ulkan Qaqir ko‘li kutilmaganda yer yorilganday, uning tubi ko‘tarilib, arzimas daqiqalar ichida quruqlikka aylanadi.
Bir necha yuz chaqirim atrofidagi quduq va sardobalardan ham suv qocha boshlaydi. Shundan beri o‘sha tomonlarda qurg‘oqchilik hamon hukm surib keladi.
– Shundan bilaverish mumkinki, moskovlik “uddaburon og‘a”lar Orol bilan gazga aralashtirib, sho‘rimizni ham birga quritishgan. Uning azoblarini hali uzoq yillar tortamiz… Bunda albatta, o‘zimizning ham aybimiz yo‘q emas. Bo‘sh-bayovmiz! Bosh egib, ta’zim qilishga ustamiz. Gapiraversang, gap tugamaydi, – dedi-yu, suhbatdoshimiz Mirzahmat aka ancha vaqt sukut saqlab qoldi.
Keyin u, Buxoro atroflaridagi, qo‘yingchi, butun respublikadagi qishloq-ovullarda yashov­chi bir necha million aholi g‘o‘zapoya, tappi bilan o‘tin-cho‘p terib qozon qaynatayotgan, qahra­ton sovuqda amal-taqal qilib kunlarini o‘tkazayotgan bir paytda yengil mashina bemalol sig‘adigan kattalikdagi ikkita “Buxoro-Ural” deb nomlangan po‘lat quvurlar orqali uzoq yillar davomida o‘zbek xalqining o‘z nasibasi, o‘z mulki bo‘lgan, O‘zbekistondagi har bir xonadonga qariyb yuz yildan ziyod vaqt davomida issiqlik tafti baxshida etishga yetib ortadigan “zangori olov” yoqilg‘isining so‘nggi misqoligacha so‘rib, adoyi tamom qilingani haqida gapirarkan, shunday dedi:
– Odatda gaz yoki neftdan qolgan “bo‘shliq” o‘rnini suv tanqis bo‘lgan joylarda, asosan, qum bilan peshma-pesh to‘ldirib boriladi. Agar shu texnologik amaliyotni bajarishda salgina bo‘lsa ham befarqlikka yo‘l qo‘yilsa, xuddi tuzalmay qolgan yaraga o‘xshab, yillar o‘tgani sayin patos bog‘lab boraveradi. Vaqt o‘tib u “yorilishi” aniq! Buning natijasida juda katta hududlar, hatto mamlakatlar xatarli zilzilalar o‘chog‘iga aylanib qolishi mumkin. Buxoroda esa, hamma yoqni Cho‘lu Malik, Qizilqum barxanlari qoplab yotgan bir paytda, “ortiqcha” xarajatidan qochibmi, yoki “bo‘shliq”ni eng chuqur qatlamda ekanligiga ishonibmi, mana shu bag‘oyat zarur chora-tadbir chalakam-chatti bajarilganligini yuqorida eslatib o‘tilgan, ketma-ket ro‘y bergan uchta zilzila isbotlab turardi. Biroq, unga o‘sha paytlar e’tibor berilmagan. Natijada qadimiy Buxoro va uning tevaragidagi bepoyon cho‘l hududlari ostida har tomonga shox tashlab ketgan, Uralgacha tortib borilgan 4,5 ming kilometrdan ortiq qo‘shaloq cho‘yan quvurlar hajmidan ming-minglab marotaba kattalikdagi (aytishlaricha, to‘lib turgan Orol suvi shu quvurlar orqali Rossiya­ga oqizilsa, 15 yilga yetmay, dengiz hozirgi ahvolga tusharkan) “bo‘shliq”lar paydo bo‘lgan. Ular istalgan paytda katta o‘pirilishlar hosil qilib, kutilmagan, avvalgilaridan ham halokatli fojialar keltirib chiqarishini mutaxassis bo‘lmaganlar, hatto Mosk­vadagi vallomatlar ham yaxshi bilishgan, bilishadi ham… Endi, shuncha vaqtlaringni olib, uzoqqa cho‘zilgan arz-dodimga nuqta qo‘yishdan oldin, anchadan beri ko‘rinmay qolgan, to‘g‘rirog‘i, boshqa “oshiyon”ga “uchirma” bo‘lib (oila qurib) ketgan qo‘shnimiz Baxtiyorjonning artistlarga xos ohang bilan tez-tez qaytarib turadigan “Bu hali hammasi emas, do‘stlarim, Goratsiolar” degan so‘zini Sizlarga eslatadigan bo‘lsam, armonli gaplarimning “Hammasi”ni aytish uchun “Ming bir kecha” ham kamlik qiladi. So‘nggi so‘zim shuki, eshitib qo‘yinglar; Buxoro-yu Sharifday muqaddas zaminni tayanchi bo‘lgan uning ustunlarini qulatib, beadad boyliklarini so‘rib, olib ketishning o‘zi bo‘lmaganligini eshitdilaringiz. Buning uchun o‘ta vahshiyona jinoyat sodir etilgani ham vaqti kelib, agar mustaqillik ahdida qat’iy turadigan bo‘lsak, fosh bo‘lishi muqarrar.
Doim, xoh katta, xoh kamtarona bo‘lsin, har qanday davralarda biroz sipo, kamsuqum bo‘lib o‘tiradigan Mirzaahmad aka negadir bugun o‘zini xuddi qafasdan uchib, ozodlikka chiqqan qushday erkin tutar, ko‘ngli to‘rida cho‘kib yotgan bor gaplarini aytib, yuragini bo‘shatib olishga harakat qilayotganday edi.
U kishining “hammasi emas”dan keyingi aytgan, hanuz “harbiy sir” niqobi ostida yashirib kelinayotgan “vahshiyona amaliyot” haqidagi qisqagina, ammo odam vujudini qalqitib yuboradigan hikoyasi biz “Goratsio”larni chuqur o‘yga toldirib qo‘ydi.
Hatto, bu “yangilik” prezident devoniday mo‘tabar dargohda mas’ul vazifa sohibi bo‘lib ishlovchi Erkin Vohidovdek kishini ham hayratga solgandi.
Inchunin, hammamiz biron gap aytib, munosabat bildirishga ojiz edik.

Yana bir xatar sharpasi

O‘sha kungi Mirzahmad aka aytgan, Buxoro yeros­ti suvlariga daxldor gaplar, mustaqillikdan avvalgi yillar o‘zim guvohi bo‘lgan suhbatni eslatib yubordi.
Ustoz Erkin aka o‘zbek olimlari ichida birinchilardan bo‘lib, Leningradda onkologiya bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yoqlab kelgan, taniqli shifokor, kaminaga ham ancha “yaqin”ligi bor Ulug‘bek Rizayevni g‘oyat hurmat qilardilar. Tez-tez uchrashib, gurunglashib turishardi.
O‘sha paytlar g‘o‘zaga sepiladigan “butefos” dorisining odamlar sog‘ligi uchun qanchalik zararli ekanligi haqida qizg‘in bahslar ketar, matbuotda ham unda-munda maqolalar chiqib turardi.
Gap mavzui “butefos”ga kelib taqalganda, Ulug‘bek aka yana bir “xavf” paydo bo‘layotgani haqida so‘zlab, shunday degandi;
– Buxoro shahrining anchagina qismi, xususan cho‘l sarhadlaridagi qishloq-ovullarda istiqomat qiluvchi aholi asosan yerosti suvlarini istemol qiladi. Keyingi yillar davomida suv zahiralari kamayib borayotganligi kuzatilib, shuning oqibatida unda qandaydir salbiy “o‘zgarishlar” ro‘y berayotgani aniqlangan. Shu sababli odamlar orasida o‘sma kasalligiga chalinish bepushtlik yuqorilab bormoqda. Moskvaga bir necha bor murojaat qilganimizdan so‘ng, maxsus komissiya kelib, o‘zlari tekshiruv o‘tkazib, “hech qanday vahima qiladigan joyi yo‘q” deya, xulosa chiqarib ketishgan. Biz “yuqori”ning hukmiga qarshi fikr aytolmaymiz, keng qo‘lamli ilmiy asosga ega bo‘lishimiz kerak. Buning uchun esa, yana o‘sha “yuqori”dan ruxsat olishimiz lozim… Bemorlar soni esa, oshib bormoqda.
Bu gaplar aytilganiga mana, o‘ttiz yildan oshib bormoqda. Hozir Buxoro “erosti sarhadlari”dagi ahvol qandayligi haqida to‘liq malumotga egamizmi, yo‘qmi, Xudoning o‘zi biladi.
“Sir” saqlashning sho‘rocha “an’ana”laridan butunlay qutulib olganimizcha yo‘q, chamamda.
Axir, bir paytlar shundoq Toshkent yonboshidagi Xalqaro aeroportdan ko‘tarilib, salgina naridan oquvchi anhorga qulab tushgan passajir samolyoti haqidagi xabarni uch kun o‘tib, chet el radiosidan eshitib, bir-biriga aytishdan ham qo‘rqib, indamay yuravergan, ko‘p narsalarda bexabar avommiz-da…
“Ogonyok” jurnali kuyunib yozganidek “O‘zbekis­tonda oddiy xalq ommasidan yashirilgan holda sodir etib kelingan mudhish, jinoyatkorona qilmishlarning juda ko‘pidan hali, bexabarmiz”.
Shu “bexabarlik”ning ayrimlaridan ozgina bo‘lsa ham, bizlarni xabardor etadigan Mirzah­mad akaday qalbi yoniq odamlarning borligi xalqimiz g‘urur va sha’ni barqarorligining nishonasidir.
Afsus, oramizda shunday isonlar qatori yuragida toshday qotib yotgan dardini “Iskandarning shoxi bor” deya, quduqqa qarab aytishga ham jur’at etolmaydigan, umri poyoniga yetib, o‘z “omonati”ni yorug‘ yuz bilan emas, qo‘rquv va talvasa iskanjasida topshiruvchi bandalar ancha-muncha topiladi.
Ularga ham Allohning o‘zi insof bersin.

Etmish yil mobaynida saxovatli zaminimizning juda katta yerosti, yerus­ti boyliklari so‘rib olindi, ayovsiz tashib ketildi, o‘zi abgor holga keltirildi. Dengizimiz quritib, yo‘q qilindi. Shular bizga saboq emasmi?!
Endi buyog‘iga makkorona yolg‘onlardan gulchambar osilgan navbatdagi bo‘yintu­ruqdan nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Erkin VOHIDOV
(Qoraqalpoq yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonov bilan bo‘lgan suhbatdan. 2012 y. 10 avgust)

“Ikkinchi xirosima” sirining ochilishi

O‘sha dala-bog‘da bo‘lib o‘tgan oqshom gurungida Mirzaahmad aka “Bari bir bular oshkor bo‘ladi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmas” deydilar” deya, aytgan gaplari ko‘p o‘tmay, haqiqat bo‘lib, uzoq yillar yashirib kelingan sir ochilib qoldi…
Yaxshiyamki, bunga kutilmagan bir hodisa sabab bo‘ldi: AQShning Kaliforniya ko‘rfaziga yaqin joydagi yerosti konidan juda katta miqdordagi neft otilib chiqib, atrof-muhitga, hatto, yaqin o‘rtadagi daryo hamda katta suv havzalariga xavf sola boshlaydi.
Bu xabar tezda o‘z “texnologiyasi”ni ishga solib, ancha-muncha pul ishlab olish ilinjida yurgan “Rosatom”chilar qulog‘iga yetib, amerikalik “hamkasb”lari boshiga tushgan muammoni oson yo‘l orqali hal etish taklifi bilan ularga murojaat qiladilar.
Amerikaliklar rozi bo‘lishadi.
(Hali-hamon eslaydiganlar bo‘lsa kerak, xuddi shunga o‘xshash, albatta, kichiqroq hajmdagi voqea Namanganning Mingbulog‘ida ham ro‘y bergan, Rossiyadan mutaxassislar “yordam”ga kelib, uni yoqib, tamom qilishgani, yoki qayoqqadir “qochirib” yuborishgani haqida hamon har xil mish-mishlar yuradi)
Ko‘p o‘tmay “Rosneft”, to‘g‘rirog‘i “Rosatom”ning “mutaxassis” vakillari Kaliforniyaga kelishadi. Mehmondorchilik, o‘zaro tanishuvlardan keyin muzokara boshlanadi.
Avvalo, mehmonlar boshlig‘ining qachon­lardir O‘zbekistonda “samarali” amalga oshirilgan loyiha chizgilari asosida qilgan dok­ladi mezbonlarda hayrat va g‘alati taassurot qoldirdi. Tarjimon orqali masalaga aniqlik kirituvchi savollar berildi.
Oqibatda, mehmonlar nima maqsadda kelishgani yig‘ilganlarga ma’lum bo‘lib qoldi.
So‘nggi so‘zni lo‘nda qilib muzokarani olib boruvchi mezbonning o‘zi aytdi:
– Hurmatli hamkasblar. Avvalo oramizda ochiq-oydin, bir-biriga ishonch ruhida o‘tgan suhbat uchun sizlarga ming bora tashakkur bildiraman. Hammaga ma’lumki, biz odamlarga yorug‘lik, mehr-oqibat yog‘dusini baxshida etishday savobli kasb egalarimiz. Shunday ekan, amalga oshiradigan ishlarimiz eng avvalo insonlarga, qolaversa, shu – bizni o‘z quchog‘iga olib, hayot baxshida etayotgan borliq tabiat olamiga zarracha ziyon yetkazmasligi kerak. Biz amerikaliklarning jahon afkor ommasi oldida qilib qo‘ygan bir gunohimiz bor. U ham bo‘lsa, Xirosima fojiasi! Afsus, bu yerda aytilganidek, “tajriba” sifatida O‘rta Osiyoning eng qadimiy, musulmon dunyosi uchun muqaddas shaharlardan biri sanaluvchi Buxoro atroflarida amalga oshirilgan “Ikkinchi Xirosima” fojiasi haqidagi ma’lumotni eshitib, hayratga tushdim. Bizning bir marta og‘zimiz kuygan. Kaliforniyada uchinchi yadro bombasi portlatilishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday “yordam”ga muhtoj ham emasmiz.
Mana shundan keyin bu o‘zaro “hamkorlik anjumani”da hozir bo‘lgan mahalliy muxbirlarning “O‘zbekiston Xirosimasi” haqidagi xabarlari ko‘pgina Amerika matbuoti sahifalari orqali jahonga tarqab ketdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, “dorilomon” sho‘ro davrining bir necha yilga cho‘zilgan “kuni bitish” arafasida O‘zbekiston tabiat olami, uning xalqi kelajagini himoya qilib, “Xlopkorab” (“Paxtaquli”) kabi o‘tkir sotsial mavzudagi (Aleksandr Minkin) maqolalar turkumi bilan bizlarni qattiq turib himoya qilgan va hali ham o‘z so‘zidan qaytmay kelayotgan, Moskvada chop etiluvchi “Ogonyok” jurnalining 2010 yil, 23-sonida quyidagi xabar chiqib qoldi.
“…1966 yilning sentyabr oyi… O‘zbekistonning Buxoro oblasti, Qizilqum sarhadlaridagi katta chuqurlikda kavlangan quvurdan bexosdan yonib ketgan kuchli tabiiy gaz otilib chiqdi. Uning bosimi shu darajada dahshatli ediki, osmonga o‘rlayotgan olov hali zamon butun borliqni o‘z domiga tortib, jahannam o‘chog‘iga aylantirib yuboradiganday taassurot qoldirardi, odamda. Nima qilib bo‘lsa-da, bu falokatning oldini olish zarur edi. Tabiatni (har qanday ofatni ham) “bo‘yinsundirish”da hech narsadan tap tortmaydigan, o‘ylab ham o‘tirmaydigan “qizillar” (sho‘ro hukumati nazarda tutilmoqda.
D. N.) muammoni hal etishning mutloq notabiiy yo‘lini o‘ylab topib, “atomchi”larni yordamga chaqirdilar. Barxanlar qa’ridan otilib chiqayotgan olov favvoralari yonidan parmalash usuli bilan 4 mil chuqurlikka yetib boruvchi yonma-yon quvur shaklidagi bo‘shliq joy ochildi. Va ular orqali 30 kilotonna vazndagi, qudrati bo‘yicha Xirosima shahriga tashlangan, “Kichkina” deb nomlanuvchi atom bombasiga nisbatan bir yarim barobar ortiq kuchga ega bo‘lgan bombalar yer qa’riga tushirib, olov “o‘chog‘i”ning yaqin atrofiga joylashtirildi. Tugmacha bosilgan zahoti ikkita plutoniy katta bosim ostida bir-biri bilan to‘qnashib, Ye-MS-2 formulasi orqali harakatga keladigan uzluksiz termoyadro reaktsiyasi boshlandi va zum o‘tmay yer bag‘rini tilka-pora qilib, qudratli yadro bombasi portladi. Natijada zamin qa’rida xuddi halokatga uchragan shahar imoratlari bir-biri ustiga qulaganday, bahaybat yer qatlamlari surilib, gaz olovlari yo‘lini to‘sdi.
Moskva tomonidan 1966 yildan to 1979 yilga qadar O‘zbekiston hududida to‘rt marotaba yadro portlashlari amalga oshirilgan.
E-ha, bular sizu bizga ma’lum bo‘lgani, xolos. Yana, hech qanday mutaxassislar bilan kelishmay, ekologik ekspertizadan o‘tkazilmay, jamoatchilik, oddiy xalq ommasidan yashirilgan holda amalga oshirib kelingan shu singari mudhish, jinoyatkorona qilmishlarning qancha-qanchasidan bexabarmiz.
Bularning atrof-muhit, tabiat va nabobat olami, kelajak avlodga qoladigan asorati haqida hech o‘ylab ham ko‘rilmagan”.
Shu yerda – jurnalda e’lon qilingan bu xabarga qo‘shimcha “yangilik” kiritib, izohlab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, bandalikni bajo keltirgan (joylari jannatda bo‘lsin) Mirzaahmad aka Hoshimovning o‘sha kundagi so‘zlariga qaraganda, gaz o‘zidan-o‘zi otilib chiqmagan. O‘ta chuqurlikda bo‘lgani uchun “bomba” orqali “yuqoriga” chiqariladi. Katta chaqindan o‘t olib, gaz yona boshlagach, bir necha oydan so‘ng uni ikkinchi bomba bilan “o‘chirishga” erishadilar. Bunga odatdagiday “mutloq harbiy sir” maqomi berilib, hech qayoqqa “ovoza” qilinmaydi.
“Ogonyok”da e’lon qilingan maqola Moskva telejurnalistlarini befarq qoldirmadi. Ular o‘sha “sinov”larning uzviy qatnashchilaridan biri bo‘lgan, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi 12-bosh shtabi boshqarmasining sobiq mas’ul xodimlaridan biri bo‘lib ishlagan Maksim Shingarkinni izlab topib, maqola yuzasidan intervyu oladilar. Va bu intervyu “Rossiya-1” telekanali orqali namoyish etiladi. Unda janob Shingarkinning shunday so‘zlari bor: “Yadro bombasi haqiqatan ham… 1966 yil, sentyabr oyida O‘zbekistonning Buxoro oblasti atrofidagi O‘rtabuloq, 1968 yili Pomuq gaz konida 2400 metr chuqurlikda portlatib, foydalanilgan” (Bu fakt xalqaro telejurnalist I.Abduxoliqovning “Men bilgan Sharof aka” kitobida ham tasdiqlab o‘tilgan).
Biroz kechikib bo‘lsa-da, bizning kelajagimizni o‘ylab, shu maqolani e’lon qilib, ko‘zimizni ochmoqchi bo‘lgan, boshimizga solingan kulfatlarga hamon hamdard ekanligini unutmay kelayotgan “Ogonyok” jurnali tahririyati a’zolariga qancha minnatdorchilik bildirsak, shuncha oz!
Shuningdek, odam xayolida “Ogonyok” maqolasiga Moskvaning bosh telekanali sharhli xabar tarqatadi-yu, bizdagi “O‘zbek milliy telekom­pa­niya­si”dagi janoblar nima sababdan sukut saqlashgan degan, savol paydo bo‘l­maydimi?
Nahotki ular, bundan “bexabar” qolishgan bo‘lsa?! Yoki bu “noxushlik” bilan ko‘pchilik millatdoshlari ko‘nglini “g‘ash” qilishni istashmaganmi, yo bo‘lmasa, uzoqdagi kimlarningdir qosh-qovog‘iga qarab, mudhish bu jinoyatni yana ozgina vaqt xalqimizdan yashirib turishni afzal ko‘rishganmi, tushunolmay qolasan, kishi.
Men mana shular haqida o‘ylayapman-u, bundan bir necha yil avval kuyunchak Qoraqalpoq adibi O‘rozboy Abdurahmonovning Do‘rmondagi Erkin Vohidov qarorgohida shoir bilan oralarida bo‘lib o‘tgan suhbat esimga tushib ketdi.
O‘rozboy yuragini zardob bosib, ko‘pdan beri to‘lib-toshib turgan ekanmi, ustoz shoirga Orol uzra “sochilib” yotgan “borsa-kelmas” orolchalar hududida uzoq yillar davomida sho‘ro hukumati tomonidan o‘ta yashirin suratda kimyoviy hamda bakteriologik qirg‘in qurollari sinovi o‘tkazib kelingani, ularning eng xunuk asoratlari so‘nggi nafasini olib, qurib borayotgan Orol osmonida yana bir baloi azimday bosh ko‘tarib qolishi haqida bor dardini ochib solarkan:
– Oqsoqol, nima uchun Rossiya shuncha ulkan territoriyaga ega bo‘la turib, o‘z o‘lim qurollarini bizning kichkina, shundog‘am Xudoning nazaridan qolgan yerimizni “poligon” qilib, notavonlashib bo‘lgan xalqimizni “qurbonliq”qa qo‘yib, eng vahshiyona “sinov”larini bizda o‘tkazgan?
O‘rozboyning kuyunib aytgan bu so‘zlarida jon bor edi, albatta! Shu kecha-kunduzda dunyoda katta shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan Angliya bilan Suriyada ketma-ket ikki marotabadan qo‘llanilgan, tirik jonni qiynoqlarga solib, hamda sirli suratda “osongina” o‘ldiradigan “zarin”, “malish” kabi kimyoviy hamda bakteriologik o‘lim qurollari bir paytlar Orol dengizi ichkarisidagi “ko‘zga ko‘rinmas” orolchalar (ular 300 ga yaqin) hududida “muvaffaqiyatli” sinovdan o‘tkazilganligi ko‘pchi­lik­ka allaqachon ma’lum bo‘lgan.
Demak, jahon hamjamiyati tomonidan allaqachon taqiqlangan o‘sha vahshiyona qurollarning yaratilishida bizning ham “hissa”miz yo‘q emas!…
Erkin aka gurungdoshi so‘zlarini diqqat bilan eshitgach, o‘ziga xos bosiqlik bilan shunday degandi;
– O‘rozboy ukam! Bizda “sinov” o‘tkazilmagan nima qoldi, o‘zi!? Millionlab gektar dalalarimiz uzoq yillar davomida butefos kabi ko‘plab kimyoviy dorilar bilan zaharlab kelingani sir emas-ku! Bu “ko‘rsatgich” Germaniya, Angliya, Ovrupo mamlakatlarida har gektar yerga 230-250 grammdanga to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda 54 kilogramm(!)dan ortiqdir. Olimlar dunyoda tuprog‘i bu qadar abgor qilingan mamlakat yo‘qligini aytishmoqda. Buning azobini hali uzoq yillar davomida tortamiz. Yani, dalalar sug‘oriladi, yog‘ingarchilik unga qo‘shilib, yer osti suviga aylanadi, bizlar shu suvni ichamiz-da, “xudo bergan dard, yaratganning o‘ziga shukur” deb, yuraveramiz…Boshqa “sinov”lar haqida gapirmay qo‘yaqolay. Meni bir narsa tashvishga soladi. Hali ham bizday laqqa-lahmdan ajralib qolib, alamzadalikdan nima qilishini bilmay, atrofimizda zir aylanib yurganlar bor. Avvalgi hokimi mutloqlik davrlarini qo‘msab, ko‘p hiylayu nayranglarni o‘ylab topishlari mumkin. Ular o‘sha-o‘sha “NKVD”ning qaytadan tug‘ilgan zurriyotlariga o‘xshaydi. Muzlagan baliqnikiday mitti ko‘zlarini lo‘q qilib, tikib olganicha, xuddi begunoh bola qiyofasiga kirib aytayotgan g‘irt yolg‘on gaplariga mahliyo bo‘lib, unga chuv tushayotganlar ham yo‘q emas. Biz endi bu yog‘iga mana shu aldovlar tuzog‘iga ilinib, uchinchi bo‘yinturuqqa duchor bo‘lib qolmasligimiz uchun juda ehtiyot bo‘lmog‘imiz kerak, xolos. Bundan boshqa yo‘limiz yo‘q.
Shoirimiz aytgan bu so‘zlar, ayniqsa, hozirgi paytda bizlar uchun juda zarurga o‘xshaydi.
Shu yerda Abdulla Qahhorday buyuk shaxs alam bilan: “Kolonizatordan ham yolchimagan ekanmiz”, degan so‘zlarini yana bir bor eslaging keladi.
Ha, sho‘rolarning qariyb yetmish yil davomida bizda amalga oshirgan talon-tarojlari har qanday kolonizatordan ham oshib tushadigan darajada vahshiyona bo‘lgan.
Tasavvur qiling, ashaddiy qaroqchi-o‘g‘ri qancha­lik kazzob bo‘lmasin, birovning eshik-qulfini portlatib, hamma yoqni vayron etib (Buxorodagidek), ichkariga bos­tirib kirmagan. Nimaiki bo‘lsa – barchasini o‘marib, uyni ship-shiydam qilib, huvillatib ketmagan. Jabrdiyda egasiga nimadir qoldirgan.
Buyuk adib minba’d haq – biz kolonizatordan ham yolchimaganimiz rost…
Hozirgi kecha-kunduzda jonajon “Milliy televideniye”miz o‘zining Bosh dasturi orqali maxsus tayyorlangan (yoki tayyorlab yuborilgan) antiqa bir reklama diskini namoyish qilish bilan ovora. Bu reklama tantanali musiqa sadolari ostida boshlanib, odam havasini keltiruvchi charog‘on shahar, charog‘on yorug‘likka burkangan neftegaz xomashyolarini qayta ishlovchi zavodlar kompleksi ko‘rsatila boshlaydi. Va shu “kadr ortida”n ko‘rinmas targ‘ibotchining mashhur suxandon Levitan ovoziga monand qilib aytgan so‘zlari yangrab, Rossiya rahbarining “Gazprom” O‘rta Osiyodagi respublikalar ichida O‘zbekistonga alohida qiziqish bilan qarab kelgani va bundan buyon ham shunday bo‘lib qolishi” haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirib, bizlarni yana bir “yangilik”dan xabardor etadi.
Bularni ko‘rib, tinglab, keksa avlod hamon eslab turadigan “Noningni tuya qilib beraymi?” degan “mashhur” gap esingga tushib ketganday bo‘ladi.
Ha, bir marta Buxoro misolida “tuya”ning dumigacha ko‘rsatmay, yamlab-yutib, bizni dog‘da qoldirishgan.
Ishqilib, bu safar ham chuv tushib qolmasak bo‘lgani…
Bundanam shubhaliroq bir “yangilik”ni eshiting: hozir Rossiya matbuotida bir paytlar, yon qo‘shnimiz bo‘lgan qardosh Qozog‘iston hududida barpo etilgan “ob’ekt”lar Rossiya tomonidan qurilgan, u bizniki, deganga o‘xshash da’volar tez-tez qaytariladigan bo‘lib qoldi.
Bundan ruhlangan shu “ob’ekt”larda istiqomat qiluvchi aholi ochiqdan-ochiq “Bu bizning yerimiz, hech kimga bermaymiz, hech qayerga ketmaymiz”, degan da’volar bilan chiqmoqdalar.
Bunday holat bizda ham qaytarilmasligiga kim kafolat bera oladi?..

“Toshkent zilzilasi”ning siri

Shu yerda ustoz shoirning kuyinib aytgan “sinov” haqidagi so‘zlariga yana bir jonli misol keltirib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Avval boshda eslatilganidek, uzoq yillar “Toshkent seysmologiya Markazi” boshlig‘i bo‘lib ishlagan Zufar Boqiyev yon qo‘shnim bo‘lishi bilan birga u kishining rafiqasi Jonon opaning kamina xonadoni bekasiga ona tomonidan qarindoshligi ham bor edi.
Zufar aka o‘ta kamsuqum, kamgap, har kim bilan darrovgina til topishib ketavermaydigan kishilar toifasidan edi. Biroq, “qarindoshligimiz” sabablimi, bazi-bazida jiddiy mavzularda ham guruglashib qolardik.
Bir kuni u kishining 50 yoshligi bilan yaqin-atrof qo‘shnilar tabriklashga chiqib, shu bahonada ancha vaqt gap-gashtak qilib o‘tirdik. Keyin mehmonlar qo‘zg‘alishdi.
Oz-moz kayfi oshib qolgan xonadon sohibi menga qarab;
– Sizga yo‘l bo‘lsin, oramiz bir qadam-ku! Ichmadingiz, durustroq bir narsa yemadingiz ham. Ertaga yakshanba bo‘lsa, qoling, ozgina gurunglashamiz, – degandi, ostonada turgan Baxtiyor aka Ixtiyorov shartta orqasiga o‘girilib;
– Zufarjon, bizni Sizdan oramizda hech qanday olisligimiz yo‘q. Bir podezd naridamiz, xolos. Uning ustiga hamshaharingiz bo‘lsam (ikkovlari “buxorolik” edilar) , nega edi “uchinchisi” bo‘lib qolmasligim kerak? Sizga beradigan savollarim bor edi-yu, anchadan beri mavridini topolmay yurardim, – deb qoldi.
Shunday qilib dasturxon ustida uchovlashib, alla mahalgacha guftigo‘ni qizdirib o‘tirdik… Albatta, yer yuzining turli burchaklarida ro‘y berib turadigan seysmik hodisalar haqidagi mavzu ham chetda qolmadi.
Shundan foydalangan Baxtiyor aka;
– Xudo haqqi, gap shu yerda qoladi. “Buxoro zilzilalari” Olloh tomonidan emasligi haqida mish-mishlar yuradi. “Toshkent zilzilasi” sinov tariqasida “uyushtirilgan”ligi rostmi?! Har qalay biz, Sizdek zilzila ilmining pirlaridan biri bo‘lgan inson bilan yonma-yon yashasak-da, har xil “mish-mish”ga ishonib, haqiqatdan bexabar, omi bo‘lib, yuraversak, yaxshi emas-da!
Baxtiyor aka artistlarga xos monolog o‘qiganday qilib, gurungni nozik joyidan tutgandi.
Zufar aka ko‘zlarini pirpiratib, o‘ylanib qoldi. Biroq bu holat, kayfi anchagina oshib qolganidanmi, yoki “hamshahri”ning javob kutganday tikilib turishidanmi, uzoqqa cho‘zilmadi.
– Bu, hozircha qat’iy sir tutiladi. Parkent tog‘lari etagida “sinov” o‘tkazilgani, lekin kutilgan “natija” bermagani rost! Buni, davlatning har kimga ham aytilevermaydigan “strategiyasi” bilan bog‘lab, talqin qiluvchilar ham anchagina. Men bu gaplarni aytmadim, Sizlar eshitmadim deb, o‘ylayvering…
Oradan ozgina vaqt o‘tgach, ancha shov-shuv bo‘lgan “Shahar o‘rtasidagi bir tup oq o‘rik” maqolasini ko‘pchilik matbuot qatori (hukumat Qarori chiqqach) “Toshkent oqshomi” gazetasi ham o‘zbek va rus tillarida bosib chiqardi.
Shu munosibat bilan gazetaning siyosiy va ijtimoiy bo‘lim mudiri To‘lqin Rasulov meni tahririyatga chaqirib qoldi. U kishining huzurida ziyolinomo, ancha keksa ko‘rinsa ham, yuzlari tiniq, nur yog‘ilib turganday otaxon o‘tirgan ekan, meni ko‘rishi bilan o‘rnidan turib, bag‘riga bosdi. Yelkamga qoqib, “rahmat-rahmat, baraka toping” deya, alqab qo‘ydi.
To‘lqin aka men haqimda ancha maqtovli gaplar aytib ulgurgan shekilli, endi navbat otaxonga kelib, u kishini tariflay ketdi;
– Respublikada yagona deb, atayverish mumkin bo‘lgan aholishunoslik fanining fidoyisi, Toshkentning o‘tmishi haqida katta tarixiy kitob yozgan olim-u ulamo, bu odam. Bizning doimiy faol malliflarimizdan hisoblanadilar. Bir-biridan qiziqarli chiqishlarini o‘qib tursangiz kerak!
Otaxon men bilan g‘oyibona ko‘pdan beri “tanish”ligini aytarkan, mavzuni “Bir tup oq o‘rik”ka burib, “o‘tmishda bog‘-rog‘lari bilan shuhrat qozonib, “Mingo‘rik” deb, atalgan Toshkentday shahri azimning arzimas yillar ichida dendro­logik qiyofasini o‘zgartib, uzoq shimoldan keltirilgan dub, qarag‘ay, akatsiya kabi mevasiz –“manzarali” daraxtlarga to‘ldirib yuborilganligi haqida ancha-muncha misollar keltirib, gapirdi.
Keyin:
– Yana bir eng jiddiy, poytaxt uchun “dendrologik” muammodan ham muhimroq “tirik jon” bilan bog‘liq “demografik nomutanosiblik”ka borib taqaladigan masala borki, buni ham aslo, ayniqsa, siz ijodkorlar unutmasliklaringiz kerak, – deya keksa olim o‘z kasbiga xos kuyunchaklik bilan yurak dardini to‘kib, sola boshladi, – Tabiat olamini butunlay “buzib” yuborish ancha mushkul ish. Malum darajada qiyofasini “o‘zgartirish” mumkin xolos. O‘shanga ham uzoq yillar kerak bo‘ladi. Lekin, bosqinchilik bilan kun ko‘rish qon-qoniga singib, turmush mezoniga aylanib qolgan imperiyalar borki, azaldan ular eng avvalo ishg‘ol qilingan yerlarda “demografik” “muvozanat”ni o‘z foydasiga hal etishning har xil usullaridan foydalangan. Hozir ham shunday. Chunonchi, oltmishinchi yil o‘rtalarida ro‘y bergan, to‘g‘rirog‘i, “uyushtirilgan” “Toshkent zilzilasi” mutloq g‘arazli maqsadlarda foydalanishga turtki bo‘lgani haqiqat… Yirik va o‘z salohiyatiga ega, mintaqadagi eng qadimiy shaharlardan hisoblanuvchi Toshkentda arzimas yillar mobaynida misli ko‘rilmagan “demografik” “g‘alaba” qanday qo‘lga kiritilgani haqidagi malumotni hali ko‘pchilik bilavermaydi. Balki, hozir mavridi bo‘lmasa-da, shu bilan qiziqib ko‘rsangiz, yomon bo‘lmasdi. Buni uddalay olishingizga ishonaman. Bilasiz, biz yozsak, “ilmiy dissertatsiya”ga o‘xshab, hamma ham o‘qiyveradigan, qiziqarli chiqmaydi. O‘zimda mavjud bo‘lgan kerakli faqtlarni mana shu To‘lqinjon ukam orqali Sizga yetkazishim mumkin.
Shu suhbatdan keyin hech kim qo‘l urmagan ilmiy tilda “demografiya” yani, aholishunoslik, deb ataluvchi mavzu menga tinchlik bermay qo‘ydi. Ayniqsa, keksa olimning qisqagina qilib, ikki varaq qog‘ozga yozilgan ma’lumotlari chindanam “qiziqarli” edi.
Voqealarni qo‘shnim ishora qilib o‘tgan “Parkent sinov poligoni”ga borib taqalishi kamina uchun katta “kashfiyot” bo‘lganligi haqida aytmay qo‘yaqolay.
Bag‘oyat jiddiy, shu bilan o‘ta mas’uliyatli (har kim ham ishonavermaydigan, ham “qaltisroq”) mavzuni o‘z ichiga olgan kattagia maqolani mukammal holga keltirgunimcha, ko‘p qiynaldim, bir chetga tashlab qo‘ygan, ikkilangan paytlarim ham bo‘ldi… Nihoyat, so‘nggi nuqtani qo‘ydim. Qani, endi uni bosadigan mard topilsa!
Qalami yozuvchilik hamda publitsistika sohasida ancha o‘tkirlashib qolgan Yoqubjon Xo‘jamberdiyevga “Zilzila”ning ilk qo‘lyozmasini ko‘rsatgandim, uni o‘qib, maqul degandek, jilmayganicha, ortiqcha so‘z aytmay, kitelining yon cho‘ntagiga solib qo‘ygandi.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, chet el safaridan qaytib kelgan kunim menga maqola o‘sha payt ancha o‘qimishli bo‘lgan “Vatan” gazetasida elon qilinganini aytishdi, lekin, gazetaning o‘sha sonini izlab topolmadim. Maqola haqida o‘zim kutgan “shov-shuv” daragini ham eshitmadim.
Keyin, shu fikrga keldimki, “Oshkoralik” boshlanib, “ol bandam deya, qo‘sh qo‘llab berilgan” ro‘shnolikdan foydalanib qolish harakatiga tushgan har bir matbot organi o‘z sahifalarida ikki-uchtadan “bomba” deb ataluvchi maqola e’lon qilaverganidan, nazarimda bu, urug‘i ko‘p bemaza qovundek, hammaning medasiga tekkandi, shakarning ozi yaxshi deganlariday… Mening yozganim ham o‘sha “aralash-quralashlar” ichiga tushib, o‘quvchi diqqatini tortmagan bo‘lishi mumkin.
Nima sababdandir, maqolaning qo‘lyozma nusxasi saqlanib qolmagandi. Qayta yozishga hafsala qilmadim. Lekin, unda ko‘tarilgan mavzu “dolzarb”ligini yaxshi bilardim. Hali ham ko‘pchilikni befarq qoldirmas degan umidda “Toshkent zilzilasi” siri” haqida muxtasargina hikoya qilib o‘tish foydadan holi bo‘lmasa kerak deb, o‘ylayman.
Sovet davlat sistemasida hech qachon oshkor aytilavermaydigan, lekin faqat tor doiralardagina xufya yo‘llar bilan amal qilinadigan “Gosudarstvennoorganizuyushiye naseleniya” ya’ni “Davlat boshqaruvining asosini tashkil etuvchi “aholi”, to‘g‘rirog‘i “millat” degan tushuncha hukmron bo‘lib, unga ichki rejim asosida qattiq rioya qilinardi. (Hozir bu “termin”ni Rossiyaning kamsonli “erli” aholi istiqomat qiluvchi “avtonom” regionlarga nisbatan qo‘llash rasmiy tus olib bormoqda)
“O‘tmish”da shubhasiz “aholi” deganda “buyuk og‘a” deb, ulug‘lanuvchi rus millatiga mansub kishilar tushunilar, milliy respublika, o‘lka yo muxtoriyatlardagi qay darajada bo‘lmasin “birinchi” rahbarning “birinchi” o‘rinbosari qilib, “Umumdavlatboshqaruvi”ga dahldor “aholi” vakilidan qo‘yilardi.
Ayniqsa, O‘rta Osiyo respublikalari poytaxtlari uchun yozilmagan qonunga ko‘ra, u yerlarda istiqomat qiluvchi “mahalliy”lar qancha ozchilikni tashkil etsa, shuncha yaxshi deb, qaralardi.
Shu sohasidagi “ko‘rsatgich” bir-biriga qo‘shni besh respublikaning to‘rttasida kutilganidan ham “alo” darajada edi-yu, negadir “Sharq mash’ali” deb, ataluvchi O‘zbekistonda ahvol nihoyatda “jiddiy”, 7 foiz atrofida ekanligi Kremldagi masullardan kimningdir qulog‘iga chalinib qoldi.
Masala Politbyuroning yopiq majlisida ko‘rildi. Ancha-muncha tanqidiy gaplar aytildi. Ayniqsa, Davlat Xavfsizlik Komiteti boshlig‘ining “O‘zbekistonda ham Boltiqbo‘yi respublikalari, Ukrainadagidek, yoshlar orasida millatchilik kayfiyati yuqori bo‘lib, ularni internatsionallik ruhida tarbiyalash ishlari o‘lda-jo‘lda” ekanligi haqida aytganlari hammasidan oshib tushdi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekistonda, ayniqsa poytaxt shahar Toshkentda hukm surib kelgan bunday nomutanosiblikka barham berish chora-tadbirlari haqida maxsus Qaror qabul qilindi.
Unga ko‘ra, zudlik bilan Toshkentni haqiqiy “Sharq mash’ali”ga aylantirish uchun butunlay qaytadan qurish Bosh loyihasi ishlab chiqildi.
Shahar shundoq Chotqol tog‘lari etagida joylashgani sabab uncha kuchli bo‘lmasa ham, bot-bot qaytarilib turadigan “zilzilalar zonasi” deb, hisoblanar, u yerda biland binolar qurish odat tusiga kirmagandi.
Demak, yuqori balli zilzilalarga bardosh bera oladigan ko‘pqavatli imoratlarni sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon qurishga to‘g‘ri keladi. Ancha masuliyatli hisoblanuvchi bu ishni uddalash vazifasi shu sohaning tajribali harbiy bo‘linma mutaxassislari – “giodezist”lar ixtiyoriga toshirildi.
Ular Bo‘stonliq tog‘lari ortidan “ildiz” otib, poytaxt yerosti “qobiqlari”ga yetib kelgan “razlom” deb ataluvchi “singan” yoriqlardan biri Parkentdagi Guliston kolxoziga qarashli chekka tog‘ etaklaridan o‘tishini yaxshi bilishardi. Xuddi shu yerdan “sinov” xududi uchun joy ajratilib, atrofi tikanli simto‘r bilan o‘raldi. Cho‘ponlar kolxoz podalarini ancha chaqirim naridagi maydonlarga yoyadigan bo‘ldilar.
Arzimas vaqt ichida temir-betonlardan tiklangan, biroq atrofiga “ishlov” berilmagan ko‘p qavatli imoratlar (naqli)dan iborat “shaharcha” qad rostladi. Uning markazidan esa, biron deraza-oynasi yo‘q, usti temir betondan yapaloq gumbaz shaklida yopilgan katta inshoot alohida ajralib, ko‘zga tashlanib turardi.
Nihoyat, borliqni ko‘m-ko‘k o‘t-o‘lanlar bilan lolaqizg‘aldoqlar qoplagan ayni bahor (aprel oyi) kunlarining erta tongida “poligon”da o‘tkazilgan sinovdan hamma yoq titrab, butun Parkent bir qalqib tushganday bo‘ldi. Beton ustun va plitalardan bir-biriga “kashaklab” ko‘tarilgan osmono‘par binolarning uch-to‘rttasigina tob tashlab, mayishib qoldi. Boshqalari qasir-qusur ovoz chiqarib, “beshiktebratar” kabi ancha vaqt chayqalib turdi-yu, qulab tushmadi.
Ayni shu daqiqalarda Toshkentni qiyomat qopib yotardi. Bir balo sodir bo‘lishi oldindan tayinlab, shay turishga buyruq berib qo‘yilgan ekanmi, hamma yoqni o‘t o‘chirish, “tez yordam” mashinalarining quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suronli ovozi bosib ketdi.
Men o‘sha paytlar “zilzila o‘chog‘i” deya, elon qilingan, Toshkentning qoq markazi – “Xadra” maydonidan salgina narida joylashgan, “Qoratosh” mahallasida, G‘afur G‘ulom tug‘ilgan mo‘jizgina xonadon yonginasidagi inqilobdan avval uzunasiga qilib qurilgan oldi baland ravonli uylari to‘kilay deb, turgan hayhotday hovlida vaqtinchalik umrguzaronlik qilar, biron kor-hol bo‘lishidan cho‘chib, karavotimni holiroq joy, yalanglik o‘rtasidagi usti yopiq shiyponchaga o‘rnatib olgandim.
Bu bilan demoqchimanki, o‘sha kungi sahar-mardonda ro‘y bergan zilziladan “Qoratosh”dagi hovlilardan birontasi shikast ko‘rmagan, hatto “ijaraxonam”dagi “qo‘hna” uylar ham qilt etmagandi.
Darvoqe, meni Xadra maydoni tomonidan eshitilayotgan shov-suron uyg‘otib yuborgandi. Saharmardonlab ishga ketadigan “tramvaychi” devor-darmiyon qo‘shnim negadir radioni balandlatib qo‘yib yuborgan, undan diktorning “Diqqat, diqqat! Shoshilinch axborotimizni tinlang!” degan hayajonli ovozi eshitilardi.
“Axborot” so‘nggida motamsarolik bilan “Hozircha qurbon bo‘lganlar soni ikki kishiga yetgani” aytildi.
Tushga yaqin maxsus axborot orqali chindanam zilziladan “talofat ko‘rib, hayotdan ko‘z yumganlar” soni ikki kishidan oshmaganligi, ulardan bir qariya “devor qulashi”, ikkinchisi yurak xurujidan vafot etganligi haqida rasmiy xabar o‘qib, eshittirildi va ko‘pchilik shaharda vaqtincha “Favqulotda holat” elon qilinganligi bilan ogohlantirildi.
Toshkent ko‘chalarida qarashlari jiddiy, ho‘mraygan, ko‘zga begonaroq chalinuvchi harbiy va militsiya formasidagi kishilar ko‘payib qoldi. Keyin shaharga qayerdadir tayyor bo‘lib turgan ekanmi, tanklar kirib keldi. Ular ishni “Skver”dagi eng katta hisoblanuvchi devorlari biroz darz ketib, ichi ship-shiydam qilingan uch qavatli “Markaziy univermag” binosiga “hujum”dan boshladi. Hech qachon tinch-osoyishta ko‘chalarda, ayniqsa ko‘pchilik oldida paydo bo‘lavermaydigan, faqat kinolarda ko‘rsatiladigan bu daxshatli urush aslohalarining bir nechtasi orqasidan qora tutun burqsitib, dushman istehkomiga hamla qilganday yo‘lidagi bor narsani, dov-daraxtlarni ham bahaybat zanjirli “g‘ildiraklari” ostida ezib-yanchar, po‘lat zirxli o‘qotar tumshuqlari bilan qalin g‘ishtin devorlar chang-to‘zonini chiqarib buzar, bunday manzarani ilk bor guvohi bo‘layotgan olomonning ko‘pchiligi “tekin tomosho”dan zavq-shavqqa to‘lardi.
Bir oycha vaqt davomida harbiy aslohalar yordamida “eski” kamqavatli binolar va ko‘plab xususiy xonadonlardan tarkib topgan mahallalarni buzib, “ko‘chirma” qilishda amalga oshirilgan bu puxta tadbir zamirida, avvalo “qudratli” armiya nimalarga qodir ekanligini avomga bildirish, qolaversa, biron norozilik sasi chiqsa, uning oldini olishga tayyor kuchlar borligidan ogohlantirib qo‘yishdek maqsadlar yashiringan edi.
Biroq, har ehtimolga qarshi deb, amalga oshirilgan bu tadbirning aks-sadosi boshqacha bo‘lib, chiqdi. Odamlarda norozilik yoki salgina bo‘lsa ham ranj alomatlari emas, vaholanki ko‘tarinki ruh paydo bo‘la boshladi. Go‘yo, “qattiq zilziladan katta talofat ko‘rgan”ligi hamma yoqqa ovoza qilingan shaharda to‘y-tomosholar bayrami boshlab yuborilgandek, kecha-yu kunduz Ittifoqning har tomonidan tinimsiz yog‘ilib kelayotgan “quruvchilar otryadlari”ni kutib olish tantanalari karnay-surnay, childirmalarning bak-bakabangiga ulanib ketardi.
Aslida “poligon”da o‘tkazilgan “sinov”lar ortida bir-biri bilan uzviy bog‘liq ikki maqsad yotardi. Birinchisi, Urushdan keyin Turkmanistonda ro‘y bergan “Ashxabod zilzilasi”dek, katta vayronaliklar keltiruvchi bo‘lmasa ham, Toshkentda “o‘rtamiyona” tektonik yer qimirlash “tajriba-sinovi” o‘tkazib, shu bahonada shaharni butunlay qurilish maydoniga aylantirish bo‘lsa, ikkinchidan, “yangi poytaxt”da tiklanajak ko‘pqavatli binolarni zilzilaga qay darajada bardosh bera olishini aniqlash edi.
Lekin, Parkent “siniqli” yerosti “yoriqlari” orqali yuborilgan kuchli magnit to‘lqinlari kutilmaganda o‘z yo‘nalishini Ohangaron tog‘lari tomon o‘zgartirib, natija kutilgandan pastroq bo‘ldi. Shunga qaramay, mo‘ljaldagi reja amalga oshdi. Buni bilganlar bo‘ldi, bilmaganlar ham…
(Aytishlaricha, bu xildagi “texnik nosozlik” 1988 yilning dekabr oyi oxirlarida Armaniston tog‘lari orasida o‘tkazilgan “tajriba” paytida ham ro‘y berib, Stepanakert shahri misli ko‘rilmagan talofat ko‘rgan)
Bizdagi “talofat”ning shovqin suroni esa, hali –veri bosilay demasdi. Kamina o‘sha paytlar Toshkent televideniyesining “Yoshlik” studiyasida yetakchi muharrir vazifasida xizmat qilar, tahriyatimiz go‘yo respublika bosh temir yo‘l vokzali hamda aeroportga ko‘chirilgandek, kecha-yu kunduz o‘sha yerdan beri kelmasdik. Vagonlarni to‘ldirib, tinimsiz oqib kelayotgan, ko‘pchiligi garmon chalib, mastona “chashtushka”lar aytib, shod-hurramlik kayfiyatini yashira olmayotgan “yurak amri bilan bizga yordamga oshiqqan” ming-minglab quruvchi yoshlarni tasvirga tushirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ular intervyularini ekranga uzatishga ham ulgurardik.
Xuddi mana shu paytlar “Toshkent zilzilasi” ro‘y berganiga beshinchi oy to‘layotgan kunlaridan birida Buxorodagi maxsus telemuxbirlarimizdan shahar yaqin –atrofida ham “Toshkentdagidan qolishmaydigan” yer sikinishi bo‘lganligi haqida xabar keldi-yu, lekin bu haqda hech qanday malumot tarqatilmadi…
Xullas, uch-to‘rt yil ichida Toshkent qiyofasi butkul o‘zgarib ketdi. Ilgarigi guvala devorli pastak uylar, rejasiz qurib tashlangan mahalla hovlilari (u yerlarda azaldan yashab kelganlar, shahar tashqarisidan mo‘lgina qilib, uch-to‘rt sotiqcha “ortiqchasi” bilan berilgan yerlarda ikki-uch bola-chaqasiga ham yetadigan boshpanali hovli qurish bilan band edilar, o‘zbekka bundan boshqa nima kerak!) o‘rnida misli ko‘rilmagan suratda barcha shart-sharoitlari muhayyo qilib qurilgan osmono‘par imoratlar, qo‘ling o‘rgilsin mamuriy binolar qad rostlab, chindanam O‘zbekiston poytaxti “Sharq mashali” tusini ola boshladi.
Aslida shahar chin manoda “Sharq”lilik mezonidan uzoqlashib borar, hech kim bunga etibor bermas, rahbariyat esa, keng xalq ommasini “internatsionalizm ruhida tarbiyalash” borasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini kundan-kun avj oldirirish bilan ovora edi.
Hatto, bu haqda ommaviy axborot vositalari, televideniye, radioga ham har xil ko‘rsatmalar berilar, uni o‘z vaqtida bajarmaganlarga chora ham ko‘rilardi.
Biz ham “topshiriq”ni bajarishga majbur edik. Shulardan biri “yuqori”ning navbatdagi tavsiyasiga ko‘ra Voronejdan kelib, uch yildan beri fidokorona mehnat qilayotgan “ilg‘or g‘isht teruvchi” yigit va uning oilasi haqida ko‘rsatuv tayyorlash bo‘lib, bunga masullik Rixsivoy Muhammadjonov ikkimizning zimmamizga yuklatildi. Yetakchi rejissyor Mirabbos Mirzahmedov boshliq ijodiy guruh tuzildi.
Maxsus “Qurilish shtabi”ga murojaat qilib, Sidorovni topdik. O‘zining “xalol mehnati tufayli qad rostlagan” yangi binoning ikkinchi qavatidagi shinamgina to‘rt xonali kvartirada xotini, ikki o‘g‘li, yarim yilcha avval ko‘chib kelishgan ota-onasi, singlisi va o‘smir ukasi bilan sakkiz jon bo‘lib yashasharkan.
Senariy bo‘yicha “mohir g‘isht teruvchi”ning to‘kin dasturxon atrofidagi oilaviy hayoti, Toshkent haqidagi fikrlar, “mehnat fronti”da ko‘rsatayotgan jonbozliklarini suratga tushirdik.
Keyin Sidorovlarning barcha xonadon azolari studiyaga taklif etildi.
Birinchi so‘z Vatan urushi qatnashchisi bo‘lgan oila oqsoqoliga berildi.
– Men, O‘zbekistonning to‘kin-sochin bog‘lari, shirin-shakar mevalari, ajoyib kishilari haqida o‘g‘limdan ko‘p yaxshi gaplar eshitardim. Butun oilamiz bilan bu yerga kelishni orzu qilardik. Orzuga yetdik. Mana, to‘kin hayot kechirib, yashayapmiz. Endi O‘zbekistonda xuddi o‘z uyimizdagiday his etib, yashamoqdamiz. Hatto, kampirim bilan ikkovimizga alohida kvartira ham berishmoqchi… Toshkentni sevib qoldik.
Xullas, o‘sha paytlar “Toshkentni sevib qolganlar”ni bu qadar ommaviy darajada targ‘ib qilinishi haqidagi gaplarga hozir hamma ham ishonavermasligi, hatto ular uchun kulgili bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, bular bor haqiqat! O‘sha kunlarni hamon eslab yuruvchilar ko‘p topiladi.
Yana, shuni aytish mumkinki, bunday “demografik urchitish”larga hamma ham befarqlik bilan tomoshobin bo‘lib turavermagan. Buni isbotlovchi hodisalar unda-bunda bo‘lib turardi.
Shulardan biri, butun Toshkentga duv-duv gap bo‘lib, tarqab ketgan, biz “Yoshlik” studiyasi xodimlari o‘zimiz guvohi bo‘lgan voqeani misol qilib, keltirish mumkin.
O‘shanda mamlakatdagi har bir qardosh respub­likalar, hatto “sotsialistik” do‘st davlatlardan yordamga kelgan quruvchilar jamoasi o‘zlari barpo etgan uylar majmuasi kalitini “toshkentlilar”ga topshirish marosimini tantanali o‘tkazish odat tusini olgan, bu xil tadbirlarni gazeta va teleradio orqali keng yoritilar, targ‘ib qilinardi…
Navbatdagi tadbir gruzinlar shahar aeroportiga olib boruvchi katta manistral yo‘lning shundoq chap tomoniga xuddi tog‘ yonboshidagi “zinapoya” shaklida o‘ziga xos loyiha asosida barpo etilgan bir nechta yuz kvartiradan iborat uchta ko‘pqavatli binolar kalitini topshirilishi bilan bog‘liq edi.
Tantana o‘tkaziladigan maydoncha atrofini anvoyi gullar ekib, bezatilgan, minbar ham salobatliroq ko‘rinsin debmi, sal yuqoriroq qilib, o‘rnatilgandi.
Hukumat va shahar ijrokomi rahbarlari, “Glavtashkentstroy”ning bir guruh katta-kichik amaldorlari belgilangan vaqtdan salgina oldin kelib, minbar qarshisiga qo‘yilgan yumshoq kreslolardan joy oldilar. Biroq, oradan o‘n – o‘n besh daqiqalar vaqt o‘tdiki, tadbir tashkilotchilaridan darak bo‘lavermadi.
Nihoyat, ular tushgan avtobus shundoq yig‘ilishga jam bo‘lganlar qarshisida to‘xtab, undan yigirmaga yaqin kishi tushib, saf tortishdi. Ular ichidan, shundoq ro‘parada Kavkaz tog‘lariday savlat to‘kib turgan bino quruvchilarining boshlig‘i shekilli, gavdalikgina, salobatli, o‘rta yashar bir kishi ajralib chiqib, minbar tomon kela boshladi.
Xuddi shuni kutib turganday, dumaloqdan kelgan harbiy formadagi dirijyor qo‘lidagi yog‘ochni havolatib, pastga tushirishi bilan muzika yangray boshladi. Biroq, hali avjga chiqib ulgurmagan orkestr sadosini bosib ketganday, hukmrona, yo‘g‘on “Ne nada, zachem muzika?!” degan ovoz yangradiki, dirijyor nima qilishini bilmay, esankirab qoldi. Kutilmaganda, yelpig‘ichning dastasiday kasb “quroli” qo‘lidan chiqib, yerga tushdi. Muzika ham bir-ikki bor “g‘at-g‘ut”ladi-da, ovozi o‘chdi.
“Mezbon” yig‘ilganlarga qarata alohida urg‘u bilan Irakliy Vissaria-anovich Kakabidze deb, ism-familiyasini aytib, o‘zini tanishtirdi-da, mikrofonga ham qaramay, lo‘nda gap qildi;
– Bizlar ikki yil ichida zaxmat chekib, gruzin xalqi nomidan bu imoratlarni boshiga kulfat tushgan o‘zbek xalqi – toshkentlilar uchun qurganimizni bilasizlarmi? Ko‘pchiligingiz bilmasangiz, bilib qo‘yinglar, – u bir nechta varaqli qog‘ozni boshi uzra silkitib, so‘zida davom etdi, – mana bundagi ro‘yxatda yozilganlar ichida ikki-uchtagina shu yurtda kindik qoni to‘kilganlar nomi bor, xolos! Uning ham rostligiga ishonish qiyin. Biz bu yerga mehmondo‘st o‘zbek xalqiga chin yurakdan yordam berish uchun kelganmiz. Ularning dasturxonini egallab, uyi to‘riga uzala tushib, yotib olishga kelmaganmiz. Hozircha bu uylarning kaliti hech kimga berilmaydi.
Hamma dong qotib qoldi.
Oldingi qatorda o‘tirgan rahbariyat orasida biroz sarosimalik boshlandi. Ammo, beparvogina minbarni tashlab ketayotgan “shakkok” notiqqa qarab, hech kim biron so‘z aytolmadi…
Bari-bir, gruzinlar o‘z so‘zlarida qat’iy turishdi. Ro‘yxatni butunlay o‘zgartirib, qaytadan o‘zlari tuzdilar.
Shundan keyin Toshkentda “Gruzincha kvartira taqsimlash” uslubi ancha jonlanib ketdi.
Bir kuni bosh muharririmiz Elbek aka Musayev Rixsivoy ikkimizni o‘z huzuriga chaqirib qoldi. U yerda 50-55 yoshlarga o‘xshab ko‘rinsada, durkungina bir juvon o‘tirar, yonidan esa, qaysi tomonlari bilan ayolning o‘ziga o‘xshab ketadigan ikki yigit joy olgandi.
– Aksana Krilyuk, – deya, mehmonlarni bizga tanishtira boshladi, rahbarimiz, – Mana bu qarshilaringizda o‘tirgan zabardast yigitlar onaxonning shu yerda qindik qoni to‘kilgan farzandlari. Yani, hamyurtlarimiz. Oilaviy bo‘lib, Zaporoje shahridan bizga yordam berishga kelishgan. Mana endi, shu oyning oxirlarida Aksanaxon boshliq zaporojelik quruvchilar barpo etgan bir nechta turar joy binolari kalitini topshirishga hozirlik ko‘rishmoqda. Hurmatli mehonimiz ajoyib taklif bilan bizning huzurimizga tashrif buyurganlar; O‘zbekistonning deyarli hamma qishloq va shaharlaridan kelib, Toshkentni bunyod etishda fidoyilarcha jon kuydirib o‘z hissasini qo‘shayotgan mahalliy yoshlar juda ko‘p. Birgina Bekoboddan anchagina ekan. Lekin ular ikki-uch yildan beri qurilishda ishlab, qancha-qancha turar joy binolari barpo etadilar-u, o‘zlari shahardan chetda, ijara uylarda yashashadi. Bundan Aksanaxon yaxshi xabardor. Afsus, biz bexabarmiz?… Bu ayolning kuyinib aytayotgan, nega mahalliy aholiga etibor yo‘qligi, ularga kamdan-kam hollardagina kvartira ajratilayotganligi haqidagi gaplarida jon bor. Ming rahmat Sizga, singlim! “Yoshlik” studiyasiga yoshlarimiz tashvishida qayg‘urib kelganingiz uchun tashakkur. Bu borada bizlar bilan hamkorlik qilish haqidagi taklifingiz juda o‘rinli. Biz qabul qildik! Mana shu daqiqalardan e’tiboran Siz bilan O‘zbekiston televideniyesining “Yoshlik” studiyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik “Shartnoma”si kuchga kirdi deb, hisoblayvering! – boshlig‘imiz mehmon ayol qo‘lini qattiq qisib, biz tomon o‘girildi;
– Lekin Sizlar bilib qo‘ying; hamkorlikni Aksanaxon boshliq zaporojelik quruvchilar faoliyatlari haqida hikoya qiluvchi , maxsus ko‘rsatuv namoyish etishdan boshlashimiz kerak. Yana, bir yangilikni ochiq aytib qo‘yay; o‘n yildan beri biz bilan hamkasb bo‘lib ishlayotgan Lyuba Vernayani yaqinda qirq besh yoshi bilan tabrikladik. Shu yerda tug‘ilib o‘sgan. Lekin, haligacha bironta o‘zbekcha so‘zni bilmaydi, bilishni ham istamaydi. Aksanaxon esa, olti yil O‘zbekistonda yashab, o‘rgangan bizning tilimizni oradan yigirma yillar o‘tsa ham, unutmaganiga qoyil qolmoq kerak. Mana, haqiqiy internatsionallik! Shuning uchun intervyuni bemalol o‘zbek tilida olishlaringiz mumkin.
Biz ko‘rsatuv tayyorlash asnosida bosh qahramonimiz boshidan kechirgan ancha-muncha “hayot sinovlari”dan ham voqif bo‘ldik; Aksana otasi “xalq dushmani” “aybi” bilan otilganida 10 yoshlar atrofidagi qizaloq ekan. Ko‘p o‘tmay ocharchilik boshlanib, onasi vafot etadi. Bolalar uyidan boshpana topadi… Keyin “Urush qochqinlari”ga qo‘shilib, Toshkentga kelib qoladi. Qurilish texnikumida o‘qib, diplomli bo‘lgach, Bekobod matallurgiya zavodi qurilishiga ishga yuboriladi. Mehnatchan, tirishqoqligi bilan ko‘pchilik nazariga tushadi. Shu orada taqdir taqozasi deganlariday, urushda nogiron bo‘lib, O‘zbekistonga kelib qolgan hamyurti zaporojelik Taras Krilyuk degan yigit bilan turmush qurib, sal kam uch yil yashaganlaridan so‘ng, turmush o‘rtog‘ining jarohati og‘ir ekan, bandalikni bajo keltiradi. Urush tugab, totuvlik yillari boshlangach, Aksana erining qarindosh-urug‘larini izlab, ikki farzandi bilan kindik qoni to‘kilgan yurtga keladi. Biroq, na eri, na o‘ziga yaqin bo‘lgan kishilardan darak topadi.
Bor kuch-g‘ayratini mehnat, o‘qishni davom ettirish va ikki o‘g‘lining tarbiyasiga bag‘ishlaydi. Ular onalariga o‘xshab, quruvchi injenerlik kasbini egallaydilar.
Katta qurilish Boshqarmasiga rahbarlik qilayotgan Aksana “Toshkent zilzilasi” haqidagi xabarni eshitgan kuniyoq, “suvini ichib, nonini yegan”, yuragida o‘chmas iz qoldirgan, mehribon va mushfiq kishilar yashaydigan, quyoshli shahar Toshkentga qanday yordam ko‘rsatish yo‘llari haqida o‘ylay boshlaydi. Va ilojini topadi…
Zaporojelilar bunyod etishgan binolar majmuasi chin manoda yoshlar shaharchasi nomini olib, unda istiqomat qiluvchilar qo‘liga kalitni Aksananing shaxsan o‘zi topshirarkan moviy ko‘zlarida quvonch alomatlari jilvalanardi.
Biz shu daqiqalarni ertaga namoyish etishga mo‘ljallangan maxsus ko‘rsatuv uchun tasvirga tushirib olish maqsadida, mikrofonni unga tutib, hazilnomo gap qildik;
– Shu kalitlardan bittasini o‘g‘illaringizga topshirsangiz bo‘lardi. Axir, ular O‘zbekistonda tug‘ilishgan. Shu yurt farzandlari bo‘lish bilan birga, mana, yoningizda turib, ikki yildan ziyod tinimsiz mehnat qilishdi.
Ayol biroz o‘ylanib turib, iltimos ohangida so‘radi;
– Sal gapim cho‘zilsa, maylimi?
– Bemalol, nima gapingiz bo‘lsa, aytib oling.
– Bilasizlarmi, o‘g‘ilchalarim yosh, u paytlar “bolalar boqchasi” degan narsa yo‘q, lekin ishga borishim zarur edi. Shunda ularni yon qo‘shnim, ancha keksayib qolgan Xumayraxon degan onaxonga tashlab ketardim. Bolalarimga boshqacha mehr bilan qarardilar. U kishi bilan ona-bola tutinib qolgandik. Vaqt o‘tib, o‘g‘illarim bilan yurtga qaytadigan bo‘ldik. Onaxon oldilariga xayr-xo‘shlashishga kirganimda ko‘zlarida yosh bilan “sen o‘z qizimday, bolalaring nabiramday bo‘lib qolgandilaring. Biroq na qilay, “O‘z uyim-o‘lan to‘shagim” deydilar, o‘z yurtingni sog‘inib, ota-onang orom olib yotgan joyga ketayotgan ekansan, ilojim qancha! Ular ruhi -poklarini shod etgin! Hech bir bandasini xoh tirik, xoh marhum bo‘lsin, rishtalarini bir-biridan uzmasin. Oq yo‘l, senga, qizim” deya, duo-potiha berganlari, hamon kechagiday esimda. Bir umrga unutmasam kerak. Ha, Toshkentga kelganimizning ertasigayoq, o‘g‘illarimni olib, Bekobodga bordim. Shahar butunlay o‘zgarib ketibdi. Go‘zal bir shoxona qasrday bo‘lib, hayolimda qolgan onaxonning pastak paxsa devorli, o‘g‘illarimning beg‘ubor bolaligi o‘tgan hovlini istab-so‘rab, topolmadik. Onaxon qabrlarini ham. Hech bo‘lmasa, ota-onam ruhi poklari hurmati shu ayol hoki-poyi yotgan qabrni ziyorat qilolmay, qaytganimdan afsuslandim. Odamning umri shu ekan-da!… Darvoqe, kvartira haqida gapirdingiz. So‘zim avvalida rahmatli onaxonning dono so‘zlarini bekorga keltirmagandim. Har kimning o‘z Vatani, o‘z uyi – o‘lan to‘shagi, o‘ziga buyursin. Ona yurt ham insonga baxshida etilgan rizq-ro‘zning bir bo‘lagi. Unga ko‘z olaytirib, “egalik” davo qiluvchi ochko‘zlar balosidan Xudoning o‘zi asrasin! Bizga O‘zbekiston uzoqdan bo‘lsa-da, Ona diyorday go‘zal va maftunkor bo‘lib ko‘rinaveradi, – dedi-yu, negadir ko‘zlarida yosh halqalandi…
Aksanani indiniga “Quruvchilar brigadasi” azolari bilan aeroportga kuzatishga chiqqanimizda ham biz bilan xayrlasharkan, shu holning guvohi bo‘ldik. Bu shubhasiz, inson yuragida paydo bo‘ladigan taskinlik va shukronalikning alomati- quvonch yoshlari edi.
Toshkentda esa, hamon qurilishlar davom etar, uning aholisi oshgandan oshib, O‘rta Osiyodagi eng gavjum va “internatsional” poytaxt” nomini olgandi.
Buni shundan ham bilsa bo‘lardiki, yetmishinchi yillar oxiriga kelib, o‘z tilingizda qattiqroq ovoz chiqarib gapirsangiz, dakki eshitardingiz.
Hikoya qilingan bu voqea ham bizda o‘tkazilgan “tajriba-sinov”lardan biri edi, xolos.
“Ogonyok” jurnali yozganidek “Eha, bular Siz-u bizga malum bo‘lgani xolos. Yana, hech qanday qonun-qoidalarga rioya etmay, jamoatchilik, oddiy xalq ommasidan yashirilgan holda amalga oshirib kelingan bu singari mudxish, jinoyatkorona qilmishlarning qancha-qanchasidan bexabarmiz”.
Ha, nadomatlar bo‘lsinki, mustaqillikka erishganimizga mana, chorak asrdan oshgan bo‘lsa ham, “o‘tmish”ning qora pardaga chirmalgan kunlarini eslamaslikka, harakat qilamiz. Hatto, o‘zimizni “bexabar”dek tutamiz.

Kimgadir manfaat, kimgadir kulfat

Endi, yuqorida keltirib o‘tilganlar kamlik qilganday, hali ham “Rosatom”dan ro‘shnolik kutayotganlarning ko‘zini moshday ochib qo‘yadigan ayrim misollarni keltirib o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Avvalo, yana bir bor qaytaramiz; kimlargadir katta manfaat, bizlarga faqat g‘urbat bo‘lib qaytadigan bu shubhali “loyiha”ga qiziqib qolganlar nahotki, bundan 50-40 yillar oldingi “atom mo‘jizasi” deya odamlarni hayratga solgan tushuncha hozirga kelib, insoniyat boshiga yog‘ilayotgan “atom fojiasi”ga aylanib borayotganini bilishmasa, tushunib yetishmasa!
Dunyoning turli burchaklarida atrof-muhitga hech qanday ziyon-zahmat yetkazmasligi kafolatlangan, uning “atom chiqindilari” uchun o‘ta mustahkam qalin beton “devorlar” bilan zirhlab, barpo etilgan yerosti inshootlari ko‘p edi. Biroq, ular “bir umrlik” emasligi ma’lum bo‘lib, arzimas yillar ichida misli ko‘rilmagan “xatar o‘choqlari”ga aylanib, borliqqa, odamlar hayotiga xavf sola boshladi.
Bundan salgina oldingi Germaniyani oyoqqa qalqitgan tahlikali hodisa hali ko‘pchilikning, “Rosatom”chilarning ham esidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Aholisi uncha ko‘p bo‘lmagan shaharcha uchun qurilgan o‘rtamiyona AESning radiatsion “chiqindisi” bir necha chaqirim nariroqdagi tog‘li hududda qurilgan alohida yerosti “ombori” konteynerlariga joylab kelingan. Bu ishlar, albatta, nemislarga xos o‘ta uddaburonlik bilan olib borilgan.
Biroq, kutilmaganda shahar osmonida havoning radiatsion “bulg‘anish” darajasi belgilangan me’yor­dan oshganligi ma’lum bo‘ladi. Bu – tog‘ tarafdan esadigan havo oqimining ta’siri bo‘lib, “chiqindixona”da “nosozlik” ro‘y berayotganini bildirardi. Uni xavfsizroq joyga ko‘chirishdan boshqa iloji yo‘qligi aniqlanadi va Federal hukumat bir necha milliard yevro pul ajratadi.
Yo bo‘lmasa, yaqinda Rossiyaning o‘zida sodir bo‘lib, qo‘shni Yevropa mamlakatlari uzra tarqala boshlagan, xuddi shunga o‘xshash “radiatsion bulg‘anish” bilan bog‘liq ancha bezovtalik keltirib chiqargan “janjalli” hodisalarni eslaydigan bo‘lsak, bizga atom bilan “homiy”lik qilmoqchi bo‘layotganlarning o‘zlarida ish anchagina pachava ekanligini ko‘rsatmayaptimi?
Darvoqe, Xudoning o‘zi asrasin-u, biron tasodifot ro‘y berib, Germaniyadagidek, “Yovchiqqan” yoki qurmoqchi bo‘linayotgan AES ko‘rgiligi boshimizga tushib qolsa, kim milliardlab pul ajratadi? O‘n yillar davomida o‘zining eng xatarli radiatsion “chiqindisi”ni boshimiz ustiga keltirib to‘kkanlarmi, yoki yana bir tahlika o‘chog‘ini qurib bermoqchi bo‘layotganlarmi?
Shu yerda rossiyalik “atomchilar”dan og‘zimiz kuygan bir voqeani ham eslamoq kerak.
Ular Toshkent shahriga yaqin Qibray tumanining Ulug‘bek posyolkasidagi Yadro fizikasi ilmiy tekshirish instituti uchun O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan kichik hajmdagi “Atom reaktori” qurib berishadi. Va kafolatlangan muddati o‘tib ketgan bo‘lsa ham, Moskvadagilar reaktorni “esdan chiqarib” qo‘yganday, e’tibor berishmaydi.
Bu inshoot Ittifoq tasarrufida bo‘lganligi sabab, institut direktori U. G‘ulomov tomonidan – uning ustki qoplamasini yangilab, ta’mirlanishi zarurligi haqida yozilgan bir necha ogohlantirish xatlari ham javobsiz qoldiriladi.
Alal oqibat reaktorda avariya holati ro‘y beradi, atrofga halokatli radiatsiya nurlari tarqala boshlaydi. Yirik fizik olim, institut jamoasining fidoyi rahbari shu nurlanishning birinchi qurboniga aylanadi.
Institut hududi “xavfli zona” deb e’lon qilinib, hatto, yaqin-atrofdagi aholining bir qismi boshqa joylarga ko‘chiriladi. Shu yaqin hududda joylashgan “Yozuvchilar ijod uyi”ga borish muammosi haqida ham gap tarqaladi.
Nihoyat, O‘zbekistonning taniqli olimi P.Q.Habibul­layev moskvalik “hamkasblari” oldiga iltimos bilan boradi, ahvol tahlikali ekanligi haqida tushuntirish beradi.
Shunda uning oldiga o‘ta andishasizlarcha:
– Endi, oldingi Ittifoqchilik yo‘q. Mustaqil davlatsizlar. Shuning uchun… – deya, bajariladigan ishlar mana muncha million dollar turadi degan shartni ko‘ndalang qo‘yadilar.
Buncha miqdordagi pul yosh davlatimiz uchun ancha katta xarajat hisoblanardi.
Xalqda “Uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qo‘shni yaxshi” degan hikmat bor. Bizdagi ahvol jiddiy ekanligidan xabar topgan himmatpesha kishilarlar zudlik bilan yordamga kelishdi.
Yosh davlatimiz boshiga tushgan yana bir “sinovli kunlar”ni eslang; armiyamizning mudofaa tizimi endi shakllanish arafasida turgan bir paytda “chet”dan tahdid alomatlari paydo bo‘lib qoldi. O‘zaro tuzilgan shartnomaga ko‘ra, mablag‘lar o‘tkazib qo‘yilganiga qaramay, negadir bizga qurol-aslaha yetkazib berish Moskva tomonidan orqaga surilaverardi. Davlatimiz rahbarining shaxsan qilgan murojaa­tiga ham bepisandlik bilan qaraldi.
Ana shundan keyin yurtboshimizning – bunday nomardona “hamkorlik”dan qanchalik hafsalasi pir bo‘lib aytgan “achchiq” gaplari hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
Nazarimda, mana shu hayotiy saboqlardan o‘zimizga kerakli xulosalar chiqarib ish tutsak, Olloh oldida ham, bandasi oldida ham yuzimiz yorug‘ bo‘lishi aniq. Axir, mashoyixlarning “Do‘sting kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman” degan dono gaplari, xalqimizning “Sutdan bir marta og‘zi kuygan, qatiqni ham “puflab” ichadi”, degan hikmatli so‘zlari bor-ku!
Shu yerda rus matbuoti orqali tarqalayotgan yana bir xabarni eslatib o‘tishga to‘g‘ri keladi; unga ko‘ra har narsaga qodir “Rosatom” mamlakatning kattagina hududi, shimoliy dengiz qirg‘oqlari hamda suv havzalarini “radiatsion chiqindilar” bilan ayovsiz suratda “bulg‘ab” kelgani “to‘satdan” (!) ma’lum bo‘lib qolgach, Rossiyaning Aleksandr Nikitin boshliq “jokuyar ekologlari” bunga qarshi oyoqqa turib “katta g‘alabalarni” qo‘lga kiritmoqdalar. Hatto bir paytlar “radiatsion sir”ni ochib yuborgani uchun “vatan xoini” aybi bilan qamalib chiqqan janob Nikitin hozir Davlat Atom korporatsiyasi qoshidagi jamoatchilik maslahat kengashining a’zosi ham…
Bu yangiliklarni o‘qib, odam xayolida beixtiyor: “Biz endi nima qilamiz, “Rosatom” avvalgi “hamkasblari” ishini davom ettirib, yeru suvlarimizni battar abgor holga keltirgunlaricha tomoshabin bo‘lib qarab o‘tiraveramizmi?” degan savol paydo bo‘lmasmikan…

So‘nggi nido yoki “Bizdan keyin nima bo‘lsa – bo‘laversin”mi?

Aytiladigan gapning barchasi ipidan-ignasigacha to‘kib solindi, “quyushqondan chiqish”gacha borib yetildi, bas endi deb, yozishga nuqta qo‘ymoqchi bo‘lib turgandim, biri uzoq chet eldan, ikkinchisi Moskvadan tarqalgan xabardan so‘ng mavzuga oz-moz tahliliy qo‘shimcha kiritish zarurati tug‘ildi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bir yildan oshyaptiki, bizda AES inshootini og‘zidan bol tomib maqtaydigan zukkolar ko‘payib qoldi. Hatto, yaqinda akademik maqomidagi bir olimimiz bu masalani xalqaro miqyosga ham olib chiqdi. U xorijiy radio muxbiriga intervyu berib, O‘zbekistonda qurilmoqchi bo‘layotgan Rossiya “AES”ining arzongarovligi, ayniqsa atrof-muhitga mutloq bezararligi haqida xuddi yosh bolani orqasiga cho‘p tiqilgan xo‘rozqandga mahliyo qilganday, shunaqangi tariflab ketdiki, uning so‘zlarini tinglab, beixtiyor Afandi sigirini bozorga olib chiqib, “Kep qoling, arzongarov govmush, sotamanu –ketaman, ovqat yegani bilan “chiqit” chiqarmay, uning o‘rniga serqaymoq sut beraveradi” deya, maqtanchoqlik qilgani haqidagi latifani esga soladi.
Yana, olimimizning gaplariga qaraganda, “bizga tabiatimiz uchun o‘ta zararli bo‘lgan neft-gaz, ko‘mir yoqib, elektr quvvati olishdan ko‘ra, zahirada bekor yotgan uran “yoqilg‘i”laridan foydalinish ancha manfaatliroq” emish.
Gapning indallosidan boshlasak, Afandimizning sigiriga qiyoslanayotgan “AES”ning “arzongarovligi” haqidagi “ta’rif”ni eshitgan daladagi oddiy dehqon ham “yo, piray” deya, ishonmasligi, “bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” degan hayolga ham borishi aniq.
Olim aytayotganday bu inshootga qarashli “yadro materiallar va radiatsion manbalarni saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish uchun” qurilmoqchi bo‘layotgan “punktlar” yetti qavat zamin ostida bo‘lsa ham, u yerga zirhlab, ko‘mib tashlangan balo-qazo “chiqit”lar, bir kunmas-bir kun bosh ko‘tarib qolmasligiga vahilik qilish ham g‘irt yolg‘on, aldamchilikdir.
Qani, akademik janoblari, aytsinlarchi, hozir “chiqit” chiqarmaydigan Atom Elektrostansiyasini kim, qayerda yaratibdi? O‘sha, “chiqindilar”ning o‘zi nima ekanligi haqida durustroq tasavvurga egami, olim janoblari?! Agar ega bo‘lmachalar u kishiga shundoq o‘zlari yashab turgan shahri azim Toshkentdan o‘ttiz chaqirim narida, baralla ko‘zga tashlanib turuvchi “Yovchiqqan” qir etaklariga borishni, u yerdagi “Buxoro yadrosi”dan paydo bo‘lgan yerosti “bo‘shliq”laridan ancha farq qiluvchi, “kamtarona” lahadsimon o‘ralarda mudrab yotgan “Sovet davri” AESlaridan meros – “radioaktiv chiqindilar”ga to‘la minglab “ajal konteynerlari” (ularning anchagina qismi “Ittifoq” parchalanish arafasida Chirchiq harbiy gornizoni sapyorlari tomonidan yashirin suratda Maydontol tog‘lari orasidagi “harbiy mashq poligoni” tomonlarga olib ketib, “yo‘q qilingan”ligi haqida bir paytlar aholi orasida gap tarqagan) ni kasb taqozasi yuzasidan obdan ko‘zdan kechirish, iloji bo‘lsa, silab-siypab ko‘rishni maslahat berardik. Nima qipti, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan zoolog olimlar chayondek gazandalardan ham hayiqmay, ularning xususiyatiyu fe’l-atvorini o‘rganadilar-ku!

Endi asosiy yangilik – Moskvada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Kongress xususida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, hozir, yer yuzi tabiat olamida kishi tasavvur etolmay qoladigan, shunday tahlikali “bezovtalik” yuz bermoqdaki (tayfunlar baland, mustahkam binolarni gugurt qutisiday “uchirib” yurganini teletasvirlarda ko‘rayotganlar bordir!), tirik jon ertaga o‘z boshiga qanday kulfat va baxtsizliklar yog‘ilishidan bexabar, ilojsizlik iskanjasida g‘aflat va tahlika ostida yashamoqda.
Shular yoniga undanam xatarli yana bir ofatni qo‘shish mumkin. Insonni hayvonlardan farqi – uning aqlliroq ekanligidadir deydilar.
Lekin, shu aqlni u nimalarga ishlatmoqda degan savol keyingi paytlar tez-tez qaytariladigan bo‘lib qoldi.
Javobni uzoqdan qidirib o‘tirishning xojati yo‘q. Yaqinda general unvonli, yana bittasi “vatanparvarlik” ruhidagi “Teleshou”da sigareta tutunini burqsitib, ko‘zini lo‘q qilganicha, shunday dedi: “Amerikani qo‘yavering, butun yer yuzini arzimas daqiqalar ichida bir necha marotaba yo‘q qilib yuborishga yetarli eng qirg‘in qurollarga egamiz. “Nashi rebyati” (“yigitlarimiz” demoqchi) undanam daxshatliroqlari ustida izlanish olib bormoqdalar”.
Mirrixdagi jamiyki maymun turlaridan tortib qurt-qumursqalargacha bo‘lgan jonzotlar “jamoasi”dan birontasi o‘zini-o‘zi qirib yuborishday mudhish ishtiyoqni bu qadar ochiq-oydin ovoza qilmagan bo‘lardi.
Bu gaplar birinchi bor aytilayotgani yo‘q. Odamlar esa, kushxona eshigiga to‘g‘rilab qo‘yilgan olamonday jim-jit… Ilgari salgina shunga ishora qilib gap aytganlar tavqi la’natga uchrardi, sharmandasi chiqarilardi. Hozir esa…
Pessimist kayfiyatga moyilroq munajjim, bashoratgo‘ylar bu holatni endi tuzatib bo‘lmasligi, bandasi uchun ato etilgan “HOMO SAPIENS” (“Aqllilik”) davri tugab borayotgani haq gap ekanligini ta’kidlamoqdalar.
Lekin bu, yer yuzini aqli noqis telbalar bosib ketadi degani emas. Bunday xudkushlik balosiga mubtalo bo‘lganlarga Xudo o‘z jazosini berar…
Yaxshiyamki, fikri tiniq, bashariyat kelajagiga ishonch bilan qarovchilar ko‘p. Ular ta­biiy halokatning oldini olish mumkinligi haqida aniq to‘xtamga kelganlar; ya’ni yer yuzida yildan-yil o‘ta xatarli tus olib borayotgan ofatlarning asosiy sababchisi odamlarning o‘zi ekanligi ma’lum bo‘lib, ular o‘z “gunoh”larini tan ola boshladilar.
Zero, o‘tgan asr boshlarida, texnik taraqqiyot­ning avj ola boshlagan ibtidosidayoq, butun borliqqa insoniy mehr-oqibat bilan qarash g‘oyasini e’tiqod deb, bilgan Lev Tolstoy kabi daholar industriyaning temir g‘ildiraklari ostida payhon bo‘layotgan atrof-muhitga qarab, nola chekkanlar, insofga da’vat etganlar. Bu mahzun hissiyotni o‘shanda ko‘pchilik anglamagan, vaholanki, ularni patriarxal tuyg‘ular targ‘ibotchisi deya, ayblab, etibor ham bermagan.
Mana endi, oradan shuncha vaqt o‘tib, o‘z qilmishlarimiz jazosini tortmoqdamiz. Bilaks, millionlab yillar davomida shu mo‘jazgina zamin va undagi jamiyki tiriklikni o‘z bag‘rida saqlab, hayot-mamot baxshida etib kelgan, yaratganning arshi a’lodagi mujizaviy marhamati- haloskorimiz bo‘lmish–azon qobig‘ining 90 foizdan ziyodini arzimas bir asr davomida “kuydirib”, chil-parchin qilib ulgurdik. Yana, nima bilan deng, bizga inom etilgan yerosti yoqilg‘i boyliklarini ayovsiz talon-taroj qilib, yoqish, undan chiqayotgan milliardlab tonna zahar-zaqqumlar bilan yerusti-osmon bag‘rini tilka-pora qilish bilan!
Qayta-qayta o‘tkazilgan ilmiy tahlillar asosida jahonga dovruqli olimlar agar ahvol shu holat davom etaversa, sayyoramizda tirik mavjudot yana qancha yashay olishi mumkin degan savolga javob aytishdan tiyilmoqdalar. Lekin, “muddat” tugab bormoqda. Bunga “kichik” bir misolni keltiradilar; o‘n emas, shunga yaqin yillar ichida ummon va dengizdagi muzlar erib, mirrixdagi aholining qariyb bir yarim milliarddan ko‘prog‘i yashab turgan quruqlik – uy-joyi, mol-mulkidan ajralib qolishi haqiqat. Bu, insoniyat o‘z tarixi davomida kutilmagan fojea ostonasida turibdi, deganidir.
Vaziyat nihoyatda jiddiyligi hisobga olinib, BMT yetakchiligida dunyoning ko‘pgina davlat rahbar va arboblari, millionlab insonlar taqdiri uchun befarq bo‘lmagan turli kampaniya, tashkilot va jamoat vakillari, mashhur ilm-fan nomayondalari tomonidan zudlik bilan muammoni uzil-kesil hal etish “Yo‘riqnoma”si ishlab chiqilib, shuning asosida “Markaziy Xalqaro REN – 21” ilmiy Agenligi tashkil etildi. Yuzdan ziyod mamlakat azo bo‘lib kirgan shu Tashkilotning ilmiy jamoasi oldiga “Qayta tiklanuvchi energiya” (KTE)ning eng mukammal, zamonaviy texnik loyihasini yaratish vazifasi qo‘yildi. “Ko‘pchilikdan quyon qochib qutulmas” deganlaridek, bu sharafli vazifa qisqa muddat ichida bajarilib, uning loyihasi qator mamlakatlarda mutaxassislar tomonidan sinovdan o‘tkazila boshlandi.
Natija yomon bo‘lmadi. Loyiha, hatto “shimoliy mintaqa” davlatlarida ham 2-3 yil ichidayoq yaxshi natijalar bera boshladi.
Endi bu, borliq olamini asrab qolish yo‘lidagi eng samarali kashfiyot – “KTE” nomi bilan atala boshlagan loyihani kengroq targ‘ibot qilish maqsadida Agentlikning “Birinchi Xalqaro Kongressi”ni Moskvada o‘tkazish rejalashtirilib, unda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan vakillar ishtirok etdilar, “KTE” sistemasi bo‘yicha o‘zlarida amalga oshirilayotgan tadbir va amaliy ishlar haqida batafsil hisobot berdilar.
Kongress ochilishida nutq so‘zlagan Bosh notiqning hisobotiga ko‘ra dunyodagi 130 eng yirik elektr quvvati ishlab chiqaruvchi kampaniyalar o‘z faoliyatini yuz foiz (!) asosan “qayta tiklanuvchi”, quyosh nurlaridan energiya olishga yo‘naltirganlar.
Bu masalada chiqish qilgan Hindiston, Janubiy Afrika respublikasi, Meksika, Braziliya, Irlandiya kabi kator mamlakat vakillari katta yutuqlarga erishayotganliklari haqida gapirdilar.
Hatto, “QTE” sistemasini yanada rivojlantirish uchun Xitoy hukumati tomonidan joriy yilda avvalgiga nisbatan uch barobar ortiq mablag‘ ajratishga qaror qilingani shu anjumanda malumot tariqasida aytib o‘tildi.
Frantsiyaning yirik “ENERGIE” Kampaniyasi “QTE”ni yanada rivojlantirish maqsadida shu – 2018 yilning o‘zi uchun 22 milliard yevro investitsiya puli o‘tkazgan.
Anjuman minbaridan turib nutq so‘zlagan Germaniya energetika va iqtisodiyot Vazirligining Xalqaro energetika siyosati bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Ursula Borak xonim o‘tgan yil mamlakatda ishlab chiqarilgan elektr quvvatining 36 foizini “QTE” tashkil etganini aytib, yaqin yillar ichida bu ko‘rsatgich 82-95 foizga oshish imkoniyati mavjudligini malum qildi.
Boshqalarni qo‘yaturaylik, juda ham “quyoshli” bo‘lmagan mo‘g‘ilistonlik mehmonning “ko‘rgazmali qurol” o‘rnida katta ekranda namoyish etilgan (keyin jahonning qator (bizdan tashqari) telekanallari orqali ham ko‘rsatilgan) qisqametrajli film va unga bildirgan izohi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Birinchi kadrda shunday manzara ko‘rsatiladi; cheksiz bepoyon o‘tloqda o‘tlab yurgan qoramol, yilqi uyurlari ko‘zga tashlanadi. So‘ng ekranda cho‘pon oilasi va ularga qarashli ikkita o‘tov paydo bo‘ladi. O‘tovlardan birining tepa “tomi”ga osmonga qaratib, o‘rnatilgan quyosh energiyasini “yig‘ib”, pastdagi batariyaga uzatuvchi, uncha katta bo‘lmagan o‘zimizning bo‘yraga o‘xshash panel yaqqol ko‘rinib turibdi. O‘tovlar ichkarisida va tashqaridagi qo‘lbola simyog‘ochda elektr chirog‘i porillab yonib turibdi. Ikkinchi manzara ham xuddi shunday. Biroq, “bo‘yra-panel” o‘rnida esayotgan epkin shamolda pildirab aylanib turgan parrakchani ko‘rishingiz mumkin. Bu ham “muqobil elektr manbai…”
Eng qizig‘i, ayniqsa bizga tegishli o‘ta muhim masalaga bag‘ishlangan ushbu Halqaro tadbirda O‘zbekistondan vakil qatnashdimi, yo‘qmi, biron joyda e’lon qilinmadi. Balki, qayerdadir eslab o‘tilgandir…
Shu Kongress davomida biron marta ham “AES” so‘zi tilga olinmaganligi mezbon tomonni biroz ranjitgan shekilli, sezgir rus jurnalistlari bunga darrov o‘z baholarini bera boshladilar. “Rossiya o‘zini “Qayta Tiklanuvchi Elektr Quvvati” olishga qaratilgan yangi texnologik loyihaga xayrihoh qilib ko‘rsatsa-da, aslida unday emas. Unga mensimaslik nazari bilan abstrakt hol deb, qaraladi”.
Shunga jonli misol tariqasida, mamlakat energetika Ministrining o‘rinbosari Aleksey Tesklerning matbuotga bergan qo‘yidagi intervyusi keltiriladi.
“– Yirik inshootlar qurib, katta hajmdagi elektr quvvati ishlab chiqarish orqasidan quvish, bizning asosiy maqsadimiz emas. Shundog‘am, neft-gaz, ko‘mir kabi yerosti zahira boyliklarimiz ko‘p. Ulardan foydalanish biz uchun manfaatliroqdir”.
Janob Teskler bilan yuqorida bizning olimimiz ovoza qilgan fikrlarning hamohangligini qarang! Faqat, bizga uran “manfaatliroq”, ularga esa, gaz, ko‘mir…
Mana shu masala bo‘yicha “Mir novostey” gazetasining maxsus muxbiri Georgiy Palashevskiy o‘z fikrini qo‘yidagicha bayon qiladi; “Rahbarlarimiz mamlakatdagi mazut hamda ko‘mirda ishlovchi allaqachon eskib, zamon talabiga aslo javob bermaydigan holga kelib qolgan ko‘pdan-ko‘p “Issiqlik Elektrostansiyasi” – “TES” inshootlaridan tarqalib, butun-butun shaharlar havosini qurum va zahar-zaqqumlar bilan bulg‘ab, millionlab kishilar hayotiga xavf solayotgani haqida o‘ylab ham o‘tirmaydilar. Ular uchun o‘sha-o‘sha, “Bizdan keyin nima bo‘lsa- bo‘laversin” shiori “manfaatliroq”qa o‘xshaydi”.
Bu gaplar bizga ham tegishlikka o‘xshab, tuyulmayaptimi?…
Shu yerda payti kelib qolgan ekan, bir narsani eslab o‘tishga to‘g‘ri keladi; qadim-qadimdan ota-bobolarimizning yuksak salohiyati-yu, dunyo ilm-fan tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissalari haqida bekorga iftihor va g‘urur bilan gapirilmagan. Bu an’ana hamon davom etib kelayotganini ko‘plab aqli zukko millatdoshlarimiz nomlarini keltirish bilan isbotlash mumkin. Shulardan biri eng yosh olim Hayrulla Oripov bo‘lib, u o‘tgan asrning 80 yil o‘rtalarida ilk marotaba serquyosh O‘zbekistonda quyosh nurlaridan elektr quvvati ishlab chiqaruvchi “Yarim o‘tkazgichli” apparat yaratadi. Bu yangilik katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib, uning ovozasi Moskvagacha yetib boradi. Ixtiro shu sohaga aloqador Ittifoq miqyosidagi olimu-mutaxassislar diqqatini tortib, katta sinovdan muvaffaqiyatli o‘tadi. Shundan so‘ng Xayrulla Oripov eng iqtidorli yoshlargagina nasib etadigan “Butunittifoq Komsomol mukofoti laureati” degan nomga sazovor bo‘ladi. Uning yangi “kashfiyoti” kelajak uchun qanchalik zarurligi haqida maqolalar yoziladi.
Biroq, oradan ozgina vaqt o‘tgach, nima sababdandir (keyinroq malum bo‘lishicha, “qaysidir o‘zbek bolasi” o‘ylab topgan ixtiro, “Soyuzneftegaz” xazinasiga tinimsiz yog‘ilib turgan chet el valyutasiga katta zarba bo‘lib urilishidan vahimaga tushgan korchalonlar uni amalga oshirmaslik chorasini ko‘radilar) Moskvaning o‘zida maqtov olgan bu “yangilik”ka birdan hech kim “qiziqmay” qo‘yadi, bora-bora unutiladi, ham…
Tasodifni qarangki, oradan ozgina vaqt o‘tgach, bir guruh o‘zbek telejurnalistlari Gretsiyaga ijodiy safar bilan borishadi. Mamlakatning qadimiy yodgorliklari qatori ular diqqatini o‘zimizning hovlilarni eslatuvchi bazi uylar tomiga osmonga qaratib o‘rnatib qo‘yilgan panel doskalari tortadi.
Ekskursavod berilgan savolga;
– Men bu qurilma haqida yaxshi malumotga ega emasman. Mutaxassisni taklif etamiz. Ular sizlarga batafsil so‘zlab berishi mumkin, – deydi.
Gretsiyaga tashrif buyurgan har qanday turist tomonidan beriladigan savolga to‘la va aniq javob qaytarish majburiyati qonun asosida belgilab qo‘yilgan ekan.
Kechki dam olish payti o‘rta yashar mutaxassis kishi turistlarimiz huzuriga tashrif buyurib, ular qo‘nim topgan mehmonxonaning kichik majlislar zaliga taklif etadi.
– Bizning mamlakat serquyosh o‘lka. Uning yog‘dusini elektr quvvatiga aylantirib foydalanish hozir asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, an’ana tusini olib bormoqda. Ya’ni, shahardagi ba’zi xonadonlar tomiga o‘rnatilgan, Sizlarni qiziqtirayotgan panellar quyosh nurini “yarim o‘tkazgich” apparati yordamida batareyaga yo‘llaydi. U yerda hosil bo‘lgan elektr quvvati butun xonadonni taminlashga yetadi. To‘g‘ri, apparat dastgohlari va ularni o‘rnatish ancha qimmatga tushadi. Lekin, turli kampaniyalarga qarashli “GES” va “GRES”lardan olinadigan elektr quvvatini tejash maqsadida, quyosh energiyasidan foydalanmoqchi bo‘lgan aholi uchun unga ketadigan xarajatni hukumatning o‘zi ko‘taradi. Odamlar bir, bir yarim yil davomida “quyosh elektr quvvati” uchun to‘lagan pullar hisobiga “qarz”dan qutuladilar. Quyosh batareyalari va boshqa dastgohlar yonlariga qoladi. Bundan hukumat ham, aholi ham mafaatdor!
Mutaxassisning bu gaplari mehmonlarda qiziqish uyg‘otib, teletasvirga tushunib oladilar. Chunki ular ichida xuddi mana shunday quyosh nuridan elektr quvvati olish apparati ilk bor O‘zbekistonda, xatto ixtirochi o‘zimidan ekanligi haqida televizorda ko‘rsatuv namoyish etilganidan yaxshi xabardor bir-ikki kishi bor edi.
Ular Toshkentga qaytgach, o‘zimizda tamal toshi qo‘yilgan texnik mujiza gretsiyalilar xonadonini nurafshon qilayotgani xususida ashyoviy dalillar bilan muxtasargina ko‘rsatuv tayyorlab, teleekran orqali namoyish qilmoqchi bo‘ldilar. Biroq, ruxsat etilmadi. Hatto, Gretsiyadan tasvirga tushirib kelingan kasseta ham qaytarilmadi.
Qarang, bir paytlar yosh olimimiz tomonidan yaratilgan ilmiy yangilikka “oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deganlaridek, hamon MUTLOQ qiziqish ham yo‘q.
Shu yerda “mutloq” so‘ziga alohida urg‘u berayotganimning sababi bor. “Atom vasvasasi” tutqanoq dardiday avj oldirib yuborilmasdan salgina oldin qator matbuot sahifalarida Germaniya, Angliya, Yaponiya, Frantsiya kabi mamlakatlar bizdagiday quyoshli maskanda eng yuqori imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, QTE sistemasidan unumliroq foydalanish uchun katta investitsiya puli o‘tkazishga qaror qilganliklari, hatto AQSh hukumati 1 milliard 200 million dollar ajratgani haqida xabarlar tarqagan edi.
Ayni shundan keyin “muqobil quyosh energiyasi” haqida aytib turilgan gaplar taqqa to‘xtatildi-yu, lappakni teskariga aylantirilib, maqtovlar “Atom energiyasi” tomon burib yuborildi.
Buning natijasi shu bo‘ldiki, shu kecha-kunduzda matbotda e’lon qilinayotgan xabarlarga qaraganda, bir paytlar O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi muqobil elektr quvvati ishlab chiqarishga mo‘ljallab tuzilgan, rejalar hozirgi kungacha bir foizga yetib-etmaydigan qilib bajarilgan, xolos.
Bu borada mo‘g‘ilistonliklardan ham anchagina orqada ekanligimiz, uyat emasmi?! Biz qachon o‘ziligini anglab, qadr-qimmatini sarbaland eta oladigan xalq bo‘lamiz? Hech bo‘lmasa, shu yo‘riqlarni boshqalardan o‘rgansak bo‘lmaydimi!.. Mobodo, hozir qayerdadir umrguzaronlik qilib yurgan, Xayrulla Oripovga o‘xshaganlar Ulan Batorda tug‘ilganda bormi, ezgulikning kechi yo‘q deganlariday, mo‘g‘ul birodarlar ularga haykal qo‘yishgan bo‘larmidi…
Yana, dardli bir gapni aytib, yuragingni bo‘shatging keladi. Xudo shohid; mana, bir yilki, “AES” degan so‘zni eshitgan bironta hamyurtimiz yuzida xavotirlik ifodasidan boshqa, salgina bo‘lsa ham “iliqlik” ko‘rganim yo‘q.
Shulardan kelib chiqqan holda xayolingda savol paydo bo‘lmaydimi: “Nima uchun Rossiya cheksiz yerlari, sersuv daryo va dengizlari, to‘lib-toshib yotgan uran zahiralari bo‘laturib, o‘ziga emas, shundog‘am ichimlik suv tanqisligi ortib borayotgan bizning O‘zbekistonga, eng avvalo, obi-hayotning kushandasi bo‘lgan, shuningdek, texniologiyasi “eskib” (“eng zamonaviy loyihasi ishlab chiqilgan”ligi haqidagi maddohlarning gapi omonat ekanligini Yaponiya misolida ko‘rib-bilib turibmiz) bozori kosod bo‘lib borayotgan “AES” inshootini tiqishtirish, sahovatli nurlarini boshimiz uzra tinimsiz sochib turuvchi Quyoshimizdan yuz o‘girtirib, jahannamdan “o‘tqich” qilingan do‘zax olovini qo‘limizga tutishga urunishdan maqsad nima? Yo, bu ham alla qachon parokanda qilib bo‘lingan yerimizda o‘tkazishga mo‘ljallangan yangicha “sinovlar”ga hozirlik ko‘rish debochasimi?!”

Yana, tarqatilayotgan xabarlarga qaraganda, bizda qurilmoqchi bo‘layotgan AES haybarakallachi­lari MAGATE degan mo‘tabar Xalqaro tashkilot atrofida parvona bo‘lib, u yerdagi ayrim amaldorlardan “oq fotiha” olish harakatida yurgan, hatto “xayrxoh”larni ham topgan emishlar.
Kim biladi, hozir zamon shunday o‘zgarib ketganki, birgina Rossiyaning o‘zida millionlab (dollar!) pora olib, pora berish oddiy hodisaga aylanib qolganini hamma yaxshi biladi. Modamiki, taxminlar asossiz yoki “mish-mish” bo‘lishidan qat’iy nazar, “oq fotiha” bir kunmas-bir kun bizga qora kulfat bo‘lib yog‘ilmaslik ehtimoli yuzasidan, MAGATEdagi (Sitnikov boshliq) janoblar oldiga; “Buxoro yadro bombalari”dan qolgan yerosti vayronalik­larining hozirgi ahvolidan qay darajada ma’lumotga egasiz?! Shuningdek, Qizilqum sahrosi sarhadlarida yashovchi aholining qon kasalligidan tortayotgan azob-uqubatlari, bepushtlikdan chekayotgan ruhiy qiynoqlari haqida xabaringiz bormi?! Yo bo‘lmasa, poytaxt shahar ustidagi “Yovchiqqan” ajal chiqindixonasi”da xuddi chorak asr oldingidek, xatarli “favqulodda holat” ro‘y berib qolishi mumkinligini bilasizlarmi?!” degan savollarni ko‘ndalang qo‘yib, ulardan javob talab qilishga, har qanday vallomati ham inkor etolmaydigan, haq-huquqimiz bordir, axir!
Agar bor bo‘lsa, MAGATE ekspertlari aysberning osti qolib, ustiga chiqib olganday, “tekshirish” o‘tkazishni bas qilib, eng birinchi navbatda jinoyat sodir etilgan joylarda keng qo‘lamli ilmiy tadqiqot ishlari olib borib, ularning yakuniy xulosasi asosida yozilgan rasmiy “Bayonnoma”dan O‘zbekiston xalqini xabardor etishlari kerak. Agar o‘zlarining vijdoniy burchi bo‘lgan bu xayrli ishlar qo‘llaridan kelmasa, yoki bajarishdan bo‘yin tovlasalar, bizga bunday Tashkilotni keragi yo‘q. Yuqorida eslatib o‘tilganidek, arz-dodimizga quloq tutuvchi Halqaro huquq-tartibot Markazlari anchagina!
Darvoqe, shuni ham unutmaslik kerakki, hozir “Bizdan keyin nima bo‘lsa-bo‘laversin” qabilida ish tutadiganlar zamoni emas!
2017–2018 y. Iyul.

Kitobni PDF formatda o‘qish