Ilm-adab ahli orasida shunday zotlar bo‘ladiki, ular bir umrga nina bilan quduq qazigandek ko‘hna sarchashmalarni varaqlab, ma’naviyat injularini o‘rganib, saylab-terib tahlil etib, bilganlarini o‘zgalarga, shogirdlarga o‘rgatib yuradilaru, ammo hirs, hoyu havas, boylik-sarvatga, amal-martabaga befarq qaraydilar, barcha yumushlarni xokisorlik va fidoyilik bilan betama’ bajaradilar. Mashhur olim, Sharq adabiyotining nuktasanj donishmandi filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, ushbu satrlar muallifining ustozi Natan Murodovich Mallayev ana shunday donishmandlardan edi.
O‘tgan asrning 50-yillarida adabiyotshunoslik maydoniga kirib kelgan Mallayev umr bo‘yi(1922 — 1996) o‘zbek klassik adabiyotining eng dolzarb masalalarini tadqiq etish, qardosh xalqlar adabiyotlarining muhim jihatlarini o‘rganish, tarjima qilish, o‘rta va oliy maktablar uchun darslik, qo‘llanmalar, dasturlar yozish, majmualar tuzish, ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblar bitish, fan nomzodi hamda doktorlarini tarbiyalab yetishtirish bilan muttasil shug‘ullangan. Professor N. Mallayev ijodiy bisotida Navoiyning hayot yo‘li va merosi tahlili alohida sahifalarni tashkil qiladi.
Ustoz 1963 yili oliy o‘quv yurtlari uchun respublikamizda birinchi bo‘lib «O‘zbek adabiyoti tarixi» darsligini yaratdi. O‘sha kezlari Navoiy «Xamsa»sining ustod Porso Shamsiyev tomonidan tanqidiy matni yaratilgan bo‘lsa ham shoirning ko‘pgina asarlari hali jiddiy o‘rganilmagan va nashr etilmagan edi. Natijada muallif darslikni yozishda shoirning hayoti, faoliyati, ijodiy merosini batafsil yoritishga kirishar ekan, birinchi — qo‘lyozma sarchashmalarga — asl nusxalarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Navoiyning nasriy, ilmiy asarlari, «Xazoyin ul-maoniy» kulliyotidan olingan misollar, namunalar ilk bor ilmiy iste’molga jalb etilgan, keng ilm-adab ahli e’tiboriga birinchi daf’a izchil, teran ilmiy poetik tahlillar asosida havola qilingan edi.
Darslik doirasida Navoiyning lirik merosi janr, mavzu, g‘oyaviy yo‘nalishi, obrazlar silsilasi, eng muhimi, poetik jihatdan jiddiy tahlil etilgani bois u darslik muayyan darjada ilmiy qimmatga ham molik edi.
Ma’lumki, 1965 yili yurtimizda Navoiy tavalludining 525 yilligi munosabati bilan katta ilmiy va amaliy ishlar amalga oshirildi. Professor Hamid Sulaymon tomonidan «Xazoyin ul-maoniy» kulliyoti, «Devoni Foniy» nashr ettirildi; o‘zbek tilida 15 jildlik tanlangan asarlari, rus tilida 10 jildlik saylanmasi chop qilina boshlandi; ayrim asarlarining, shu jumladan, «Xamsa» dostonlarining ilmiy-talqidiy matnlarini tuzishga kirishildi. Navoiyshunos Olim Sharafiddinovning «Alisher Navoiy»(1948) kitobidan so‘ng shu yillari N. Mallayevning «Genial shoir va mutafakkir» nomli ilmiy-ommabop risolasi uch tilda — o‘zbek, rus hamda qoraqalpoq tillarida nashr etildi. Kitobda muallif Navoiyning hayot yo‘li hamda davlat arbobi sifatidagi faoliyatini, badiiy, ilmiy merosini ommabop bir tarzda mukammal bayon qilgan; ularning balog‘at va nafosatini, shoirning ijodiy niyati — asarlarida nafis badiiy pardalarda ifodalangan yuksak g‘oyalarni lo‘nda shaklda teran tahlil etib ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari, professor N. Mallayev Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyini tashkil etishda ustoz Hamid Sulaymonga yaqindan ko‘maklashgan. U kishining bevosita sa’y-harakatlari bilan o‘zlari ishlayotgan Nizomiy nomidagi pedagogika institutida(hozirgi universitet) adabiyot muzeyi tashkil qilindi.
O‘tgan asrning 70-yillarida N. Mallayev “O‘zbek adabiyotida g‘azal va uning taraqqiyotida Navoiyning o‘rni»(1972), «Xamsa» muqaddimoti va na’tlarining mohiyati haqida»(1974), «Navoiy ijodining xalqchil negizi»(1977), «Navoiy va xalq og‘zaki ijodi»(1976), «Asrlar e’tirofi va ta’zimi»(1976) singari bir silsila tadqiqotlar yaratdi, shoir asarlarining ko‘pjildlik nashrlarini chop etishda qatnashib, ayrimlariga so‘zboshi yozdi, adib ijodining eng muhim jihatlari xususida ko‘plab ilmiy maqolalar bitdi. Kommunistik mafkura zug‘umi avj olgan, islomiy ahkomlar haqida gapirish mumkin bo‘lmagan bir paytda Mallayev «Xamsa» hamd va na’tlarini tahlil qilib, ularning ijtimoiy-falsafiy, ilmiy, tarbiyaviy-ma’rifiy qimmatini dadil ayta olgan edi.
«Asrlar e’tirofi va ta’zimi» risolasida zabardast sharqshunos Navoiy asarlarining fors, arab, frantsuz, nemis, lotin, rus tillariga tarjimalarining annotatsion bibliografiyasini yaratgan; dunyo sharqshunoslarining ana shu tarjimalar asosida shoir ijodi haqida yozgan ilmiy asarlarining ommafahm, yaxlit tahlillarini bergan, ma’rifiy, amaliy ahamiyatga molik xulosalar chiqargan. Bu risola dunyo navoiyshunosligi tarixini yoritishga bag‘ishlangan dastlabki ilmiy-ommabop kitobdir. Zero, o‘sha yillari biron olim bunday yumushni o‘z zimmasiga olmagan edi.
Olimning Navoiy ijodi tahliliga bag‘ishlangan asarlari orasida “Navoiy va xalq og‘zaki ijodi» deb nomlangan fundamental monografiyasi alohida zalvorga ega. Zeroki, to‘rt bob va bir necha ichki fasldan tashkil topgan bu asarda Natan Mallayev Sharq qo‘lyozma manbalari, og‘zaki ijod ne’matlariga suyangan, asoslangan, hamkasblarining bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarini e’tibordan soqit qilmagan holda, Alisher Navoiyning «Xamsa»ni yaratishda arab, fors, turkiy xalqlar asotirlari, ilohiy adabiyotidan nechog‘li bahramand bo‘lganini, ijodiy fayz topganligini atroflicha tahlil etgan; folklor va klassik adabiyot muammosining nazariy masalalarini hal qilgan. Masalan, shoirning Bahrom, Farhod, Iskandar obrazlarini yaratishda o‘nlab eng qadimiy yodnomalar, xronikalar, hatto, «Ovicto»dek kamyob sarchashmalardan qay darajada bahramand bo‘lganligi aniq dalillar bilan ta’kidlangan. Buni «Xamsa»ning bir necha o‘rnida Zardusht tilga olingani ham tasdiqlab turibdi. Shu bilan birga, «Xazoyin ul-maoniy»dagi she’rlarda og‘zaki ijod an’anasi, xususan, g‘azallar poetikasida maqol, matal, hikmatli so‘z, xalq iboralari, udumlari, frazeologik birikmalarning, etnografiya, etnologiyaga oid detallarning o‘rni yuzlab baytlarni nuktasanjlik bilan tahlil qilish orqali ko‘rsatilgan, muhim ilmiy-nazariy xulosalar chiqarilgan. Uchinchidan esa, olim bir tomondan, turkman, tojik, o‘zbek xalqlari noqillari hamda roviylari yaratgan Navoiy haqidagi omiyona hikoyatlar, latifalar hamda ertaklarning g‘oyatda tadrijiy takomildagi ilmiy analizini bergan; fanda ularni ilk bor aniq ilmiy tasnif etgan; ayrim hikoyatlarning syujetini tarixiy haqiqatga, Navoiy asarlaridagi mazmunga qanchalik mos kelishi yoki kelmasligini qiyosiy-tipologik usulda tekshirgan.
Shundan so‘ng Navoiy ijodining o‘zbek xalq og‘zaki adabiyotiga ta’siri masalasini tahlil etgan olim dastlab o‘zbek va tojik xalqlari tomonidan «Xamsa» dostonlari mazmuni, timsollari, g‘oyalari asosida yaratilgan ertaklar, dostonlarni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti folklor bo‘limida caqlanayotgan qo‘lyozma manbalar asosida o‘rgangan. Keyin esa, muallif Navoiy va o‘zbek xalq kitoblari muammosini qo‘zg‘ab, ilmda g‘oyatda yangi, dolzarb masalani keng ilm-adab ahli e’tiboriga havola etgan; «Nusxai «Xamsa»i benazir» singari manba haqida ilk bor ma’lumot bergan. Monografiyada XIX asrda yashagan o‘zbek yozuvchisi Umar Boqiyning hayoti va ijodiy merosi adabiyotshunoslikda daf’atan tahlilga tortilgan. Zeroki, Umar Boqiy Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlarining shu nomdagi xalq variantini yaratgan bo‘lsa-da, u hali ilm-fanda maxsus o‘rganilmagan, o‘z bahosini olmagan edi. Ustoz nasr va nazm aralash bitilgan har ikki kitobning mazmuni, tuzilishi, obrazlar silsilasi, Navoiy asarlariga qay jihatdan yaqinligi-yu tafovutlarini ilmiy nuqtai nazardan qiyoslab, tekshirib umumlashtirgan. Eng muhimi, Umar Boqiy mahorati, bu asarlarning o‘ziga xos jozibasi muhim lavhalarning poetik nuqtai nazardan jiddiy tahlili jarayonida asosli ravishda uqtirilgan; xalq kitoblarining tili va uslubi xususida mutlaqo yangi ilmiy-nazariy fikrlar izhor etilgan.
Mallayevning ushbu tadqiqoti o‘zbek adabiyotshunosligida toza yo‘nalish — o‘zbek klassik adabiyoti va folklor muammosini boshlab berdi. Hozir u kishining vorislari, shogirdlari bu yo‘nalishning turli qirralarini o‘z tadqiqotlarida kashf etmoqdalar. Ustoz tomonidan tayyorlangan «Alisher Navoiy. Lirika» deb nomlangan qo‘llanma necha bor qayta nashr qilindi. Chunki unda olim Navoiyning shoh g‘azallaridan bir turkumini to‘plab, ularni qanday o‘qish va sharhlab tahlil etish yo‘lini ko‘rsatib bergan edi. O‘sha kezlari bunday qo‘llanma klassik adabiyot ixlosmandlari uchun juda zarur edi. U hozir ham o‘z ta’limiy va ma’rifiy qimmatini yo‘qotgan emas.
Professor N. Mallayevning buyuk shoir ijodi haqidagi so‘nggi kitobi «So‘z san’atining gultoji»(1992) deb ataladi. Navoiy «Xamsa»siga bag‘ishlangan boshqa bir qancha tadqiqotlardan bu asarning farqi shundaki, uni mutolaa qilgan ilm-adab ahli Navoiyning Sharq xamsanavisligidagi o‘ziga xos o‘rni, bu borada turkiy adabiyotda maktab yaratganligi, har bir dostonning mundarijasi, obrazlar cilcilaci, ularda ifodalangan yuksak g‘oyalar, shoirning can’atkorlik mahorati xucucida bir-biriga uzviy bog‘langan yo‘cinda yaxlit tacavvurga ega bo‘ladi, ma’rifat oladi, ilm o‘rganadi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 34-sonidan olindi.