Badiiy adabiyot zimmasiga hayot haqiqatini, insonning ichki dunyosi, ruhiy olamini butun borligicha, bo‘yoq bilan bezamay ro‘y-rost ko‘rsatish, odamlar xarakteri va jamiyat hayotida yuzaga kelayotgan, kelishi mumkin bo‘lgan bedavo illatlarning oldini olish, urchishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklangan. Faqat shu emas, tili, dini, turmush tarzi, taraqqiyot darajasi va va ong-tafakkuri turlicha millat va elatlarni bir-biriga yaqinlashtirish, ezgu fazilatlarini bir-birlariga o‘rnak qilib ko‘rsatish, yosh avlodni o‘tmish ajdodlarning ma’naviy-axloqiy saboqlaridan bahramand qilish ham zarur. Bu vazifa insoniyat tarixining buyuk ixtirosi, aql-idrokning yozma hosilasi bo‘lmish adabiyot orqali amalga oshadi.
Sobiq tuzum sharoitida “sinfiylik va partiyaviylik” haqidagi mafkuraviy talab bois, adabiyot hayotda uchrab turadigan salbiy hodisalar, nuqsonlarni chetlab o‘tdi yoki ularni o‘quvchiga xaspo‘shlab, pardozlab ko‘rsatdi, madhiyabozlik bilan shug‘ullandi. Tafakkurni cheklash, uni ma’lum mafkuraviy qoliplarga solish yoki moslashtirish, aqidaparastlik, shaxsga qulluq qilish talablari endilikda ortda qoldi. Bugun biz erkin tafakkur, yangi ozod adabiyot, yangi qahramonlar, yangicha talqinlar davrida yashamoqdamiz. Bugungi qahramonlar faqat ijobiy yoki faqat salbiy emas, ular hayotda bor, yutuq-kamchiliklari, orzu-o‘ylari, faol yoki tanballiklari, fidoyi yoki xudbinliklari hayotning o‘ziga o‘xshash, jamiyatda kechayotgan jarayonlarga munosabati turlicha bo‘lgan kishilardir. Kitobxon bugungi adabiyotni shu jihati uchun ham qadrlaydi. Chunki yangi qahramonlar unga deyarli begona emas, ko‘plarini hayotda, ko‘chada, jamoada ko‘rgan, yonma-yon o‘tirgan, muloqot qilgan, ba’zilariga havasi kelsa, ba’zilaridan hafsalasi pir bo‘lgan. Tog‘ cho‘qqilari bir xil balandlikda bo‘lmagani, hayot faqat quvonchu yorug‘likdan iborat emasligi kabi, odamlar ham vijdon, iymon, halollik, insof-diyonat, mehnatsevarlik, qat’iyat, jur’at borasida har xildirlar. Hayot haqiqatiga mos adabiyotning ta’sirchanligi shunda. Zero, tepalik ustida turib, osmon bag‘riga tutashib ketgan cho‘qqining ulug‘vorligini his etamiz, yomonliklarni ko‘rib, o‘zimizni nimalardandir tiyamiz. Zulmat borligi uchun yorug‘likni, o‘g‘rilik borligi uchun halollikni qadrlaymiz.
XX asr adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov asarlarida ayni shu manzara va holatlarga, turfa xil taqdirlarga duch kelamiz, ular ayni shu ikki qarama-qarshi jihatning yonma-yonligiga asoslangani uchun ham e’tiborni tortadi. Ularda “qahr va muhabbat, visol va hijron, sog‘inch va o‘kinch tuyg‘ulari bir-biri bilan murakkab bir tarzda, tasdiq va inkor, e’tirof va e’tiroz shakllarida qo‘shiladi va farqlanadi. Adibning uslubida tasvirlanayotgan voqealarning tabiati va shashtiga qarab mayllik va jo‘shqinlik sezilib turadi, ba’zan oddiy, jo‘n narsalar talqinidan ham katta falsafa va hikmat unadi. U chiziqlari, hajm, vazn, sig‘im, qabat, qatlam va tomonlari aniq ko‘rinib turgan jonli, jonsiz predmetlarnigina emas, balki tamomiy abstrakt tushunchalar, his-tuyg‘ular, rang-bo‘yoqlar, ma’nolar, musiqa, boqishlar, yuz-ko‘z ifodalari, bulutlar, havo, suv, bug‘, tuman, bulut hatto kishilar va hayvonlarning nomlarini ham ajib bir tarzda turlaydi, tasvirlaydi” (G‘.Salomov).
Ne baxtki, bugun milliy adabiyotimiz o‘z nigohini ayni shu jihatlarga qaratmoqda. Beixtiyor Chingiz Aytmatovning bundan ko‘p yillar avval aytgan quyidagi so‘zlari yodga tushadi: “Yoshlar, shuni bilinglarki, jamiyat va adabiyot sizning oldingizga qo‘yayotgan bugungi vazifalar adabiyotimizning katta avlodi oldida bir vaqtlar turgan vazifalardan keskin farq qiladi. Biz bugun tarixning shu choqqa qadar yurilmagan yo‘llaridan ham yurmoqdamiz. Jamiyat, ijtimoiy hayot, adabiyot o‘sib, rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, sizlarga katta ustozlaringiz bosib o‘tgan ijod yo‘lidan ko‘ra murakkabroq yo‘llarni bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Shuning o‘zi sizlarga, hammamizga daxldor mas’uliyat. Bundan keyingi ishlarimiz shu mas’uliyatdan kelib chiqishini anglab yetmog‘imiz zarur… Asar yozish uchun qo‘liga qalam olgan ijodkor gapni uzundan uzoq cho‘zmasligi, bo‘lar-bo‘lmas voqealarni quruq bayon qilish bilan o‘quvchining boshini qotirmasligi kerak, deb o‘ylayman. Buning o‘rniga bugungi kun odamining ruhiy olami, ichki dunyosini ochib beruvchi, falsafiy o‘y-fikrlar bilan sug‘orilgan, chinakam adabiyot talablariga javob bera oladigan, odamlarning qog‘ozdagi nusxasini emas, hayotdagi real obrazini ko‘rsatadigan baquvvat asarlar yaratishga bel bog‘langlar. Bunday asarlar yuksak grajdandik pafosi aks etgan poema, balkim, tragediya, maishiy mavzudagi drama yoki novella bo‘lishi mumkin. Gap janrda emas. Har qanday asar iste’dod bilan yozilgan, o‘quvchini to‘lqinlantira oladigan bo‘lishi zarur”.
Milliy adabiyotimizga ulug‘ ustozning shu muhim o‘gitlari nazaridan ko‘z tashlasak, hayotimizning bugungi nafasi ufurib turadigan, yangi zamonning yangi odamlari qiyofasi, ichki dunyosi, ma’naviy olami, ijtimoiy faolligi yoxud turmush iztiroblari aks etgan ko‘plab yangicha talqinlarni ko‘ramiz. Erkin A’zamov, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Halima Ahmedova, Go‘zal Begim, Eshqobil Shukur, Hakim Sattoriy, Faxriyor, Ikrom Otamurod, Tursun Ali, Abduqayum Yo‘ldoshev, Luqmon Bo‘rixon, Nosirjon Jo‘rayev va boshqa ko‘plab ijodkorlar qalamiga mansub asarlarda buni yaqqol ko‘rish mumkin. Albatta, har bir asarda novatorlikka, yangicha shakl va ifodaga erishish mushkul ish, ammo bugun nasr, nazm, dramaturgiya va badiiy publitsistikada sodir bo‘layotgan fikriy va talqiniy o‘zgarishlarni, milliy taraqqiyotning oldingi saflarida bo‘lish istagini sezmaslik mumkin emas. Bunday asarlarda, ustoz Aytmatov uqdirganidek, gap aslo cho‘zilmagan, mavzuning dolzarbligi qayta-qayta uqdirilmagan, aksincha, o‘quvchi asar mohiyatini, muallifning fikrini dastlabki sahifalardanoq bilib oladi. Yanada muhimi, yangicha talqindagi asarlar mualliflarning dunyo adabiyotida kechayotgan murakkab jarayonlar, yangi oqimlar, yangicha shakl-shamoillardan yaxshi xabardorligi belgisidir.
Badiiy adabiyot, kitobxonlik madaniyati hamma zamonlarda ham milliy taraqqiyotning, ayni chog‘da jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasini, demakki, uning kelajagini belgilab kelgan. Qadim o‘tmishda uzoq-yaqin mamlakatlarda bo‘lib qaytgan sayyohlar o‘z taassurotlarida qadamlari yetgan mamlakatlarda qiroatxonalarning oz yoki ko‘pligiga, kitob rastalarida qanday kitoblar sotilayotganiga e’tibor berganlar, bu xususda to‘lib-toshib gapirganlar. Bu bejiz emas, albatta. Kitob, og‘zaki va yozma adabiyot Sharq tafakkurini ulug‘ maqomga erishtirgani, insoniyat tarixida o‘chmas sahifa bo‘lib kelayotgan buyuk uyg‘onish – Renesans davriga doyalik qilgani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Sharq adabiyoti necha ming yilliklardan beri ta’lim-tarbiya bilan birga, buyuk najotkorlik vazifasini ham o‘tab kelgan.
Faylasuf Konfutsiy yoshligidan yog‘och, shoyi, bambuk parchalariga yozilgan kitoblarni qayta-qayta o‘qib chiqadi, ularda bayon etilgan ma’nolarning mag‘zini chaqishga harakat qiladi. Yigirma ikki yoshida donishmandlik darajasiga yetadi, mo‘tabar muallim, ulug‘ ustoz maqomiga erishadi. Olimning fikricha, inson, eng avvalo, yaxshi xulqi, odob-axloqi, ilm-tafakkuri, odamlarga tegayotgan nafi, ezgu insoniy fazilatlari bilan inson. Bu fazilatlarga u kitob mutolaasi tufayli erishadi.
Davlatimiz rahbarining mamlakatda kitobxonlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori, bu muhim hujjatda qo‘yilgan vazifalarni bajarish yuzasidan belgilangan va amalga oshirilayotgan ishlar, shubhasiz, kitob va kitobxonlik yo‘llarini kengaytirib yubordi. Dastlabki natijalarni ko‘rib turibmiz: bugun jamiyatimizda kitobga, kitobxonlik madaniyatiga qaytish jarayoni borayotir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijod ahliga ko‘rsatayotgan e’tibori, poytaxtimiz markazida bunyod etilgan adiblarning fusunkor xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, adabiy-badiiy nashrlarning samarali faoliyati uchun yaratilayotgan imkoniyatlar qalam ahliga ma’naviy kuch bag‘ishlamoqda. Bunday paytda ilhom bilan ijod qilmaslikning, yurtimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotida, odamlarning ong-tafakkurida yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida yozmaslik mumkin emas. Jamiyat hayotida, odamlarning fikr-o‘yida, orzu-niyatida yangi uyg‘onish fasli, shu farahli kunlarga yetkazgani uchun shukronalik tuyg‘usi shu’lalanmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Dunyo bugun hazrat Alisher Navoiyni, Zahiriddin Muhammad Boburni, Mashrab, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriyni, ularning munosib izdoshlarini zavq bilan o‘qiyotgan ekan, adabiyotimizning mavqeini yanada ko‘tarish, eng sara asarlarni jahon xalqlari tillariga o‘girish, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek adabiyoti targ‘ibotini kuchaytirish, adabiy-madaniy aloqalarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish biz uchun g‘oyat muhim vazifadir.
Shu ma’noda 7-8 avgust kunlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va respublika Fanlar Akademiyasi hamkorligida poytaxtimizda birinchi marta o‘tkazilgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro anjuman adabiyot ixlosmandlari uchun muhim voqea bo‘ldi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan ijodkorlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini baland ruh bilan kutib oldilar. Davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Biz milliy tiklanishdan — milliy yuksalishga erishishni o‘z oldimizga eng muhim va ustuvor vazifa qilib qo‘ydik. Bu ulug‘ maqsadga esa jahon ahli bilan hamjihat va hamkor bo‘lib yashash, ochiq demokratik jamiyat qurish, hayotimizda milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada keng qaror toptirish orqaligina erishish mumkinligini biz yaxshi anglaymiz”, degan so‘zlari anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ozarboyjonlik taniqli adib Anor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan mamnunligini izhor qilar ekan, “Ozar va o‘zbek adabiyotining ulug‘ ustozlari, tili, dili va ildizlari bir. Har bir davlat o‘zining milliy chegaralariga ega, ijodkorlar o‘z asarlari bilan ularni yanada kengaytiradi. Har bir davlat muammolarini ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib hal qiladi, ijodkorlar esa har qanday muammoni so‘zning ulkan kuch-qudratiga suyanib hal qiladilar”, dedi.
Darhaqiqat, hozirgi tahlikali va notinch zamonda insoniyat hayotida yuzaga kelayotgan yangi-yangi muammolar, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ekologik tanazzullarni hal etish, yer yuzida tinchlik-totuvlikni, umuman, inson hayotini, tiriklikni saqlab qolish, bu boradagi niyat va harakatlarni birlashtirish, maqsad-muddaolarni uyg‘unlashtirish, jahon aholisining uchdan birini tashkil etadigan yosh avlod tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda badiiy adabiyot, so‘z san’ati va ma’naviy targ‘ibot imkoniyatlaridan samarali foydalanish g‘oyat muhim. Ikkinchidan, har bir milliy adabiyotda millatning ma’naviy qiyofasi, ezgu insoniy fazilatlari, ong-tafakkuri, oliyjanob maqsadlari o‘z aksini topadi. Shunday ekan, bugun adabiyotimiz ufqlarini yanada kengaytirish, eng sara asarlarni jahon halqlari tillariga tarjima qilish diqqat-e’tiborimizda bo‘lmog‘i kerak.
Dunyo mamlakatlarida yaxshi asarlarni targ‘ib qilish, boshqa tillarga o‘girish, shuningdek, mohir tarjimonlarni tayyorlash, ular bilan ishlash borasida noyob tajriba to‘plangan. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham jahon xalqlari tillarida yaratilgan buyuk asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishda o‘ziga xos mahorat maktablari yaratilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Oybek, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Kibriyo Qahhorova, Mirziyod Mirzoidov, Qodir Mirmuhamedov, Lola Tojiyeva, Erkin Mirobidov kabi zabardast adiblarimiz boshlagan xayrli ishlarni bugun iste’dodli yoshlar davom ettirmoqdalar. Quvonarlisi shuki, endilikda jahon adabiyotining durdona namunalari o‘zbek tiliga bevosita original tilidan o‘girilmoqda. Keyingi yigirma yil ichida birgina “Jahon adabiyoti “ jurnali sahifalarida jahon adabiyotining 300 dan ortiq durdona asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, jurnalxonlarga tortiq qilindi. Jeyms Joys, U.Folkner, H.Hesse, G.Markes, Ya.Kavabata, Frants Kafka, S.Sveyg, A.Kamyu, F.Dostoyevskiy, A.Chexov, B.Pasternak, I.Brodskiy kabi nomdor yozuvchi va shoirlarning asarlari o‘zbek o‘quvchilari dunyoqarashini boyitdi, tafakkurini charxladi, deya baralla ayta olamiz.
Anjuman ishtirokchilari turli shu’balarga bo‘linib, har ikki tajribani uyg‘unlashtirgan holda xalqaro adabiy-madaniy aloqalarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, badiiy tarjimachilik borasidagi ilmiy-nazariy qarashlarni o‘rganish, yutuq-kamchiliklarni tahlilga tortish, tarjimada asar g‘oyasi, muallif fikri va uslubini saqlash, badiiy ifodada milliy va diniy o‘ziga xosliklarni nazardan qochirmaslik, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili va adabiyotini targ‘ib qilayotgan ijodkorlar bilan mustahkam aloqada bo‘lish masalalarini qizg‘in muhokama etdilar.
Afg‘onistonlik taniqli olim Abdulhakim Juzjoniy dunyo mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotgan tariximiz, adabiyot va san’atimizga taalluqli qimmatli qo‘lyozmalarni o‘rganish zarurligi xususida fikr yuritdi. Frantsiyalik Elen Mela xonimning fikricha, tarjimon bir xalq madaniyati va tarixini boshqa bir xalqqa yetkazuvchi tinchlik elchisi, binobarin, u badiiy tarjima bilan shug‘ullanar ekan, zimmasidagi bu mas’uliyatni unutmasligi kerak. Litvalik Sergey Getman anjuman ishtirokchilari e’tiborini adabiyot jug‘rofiy jihatdan bir-biriga uzoq bo‘lgan kishilarni o‘zaro do‘st-qadrdonga aylantiruvchi kuch, ma’naviy vosita ekanligiga qaratdi. Uzoq yillardan beri badiiy tarjima masalalari bilan shug‘ullanib kelayotgan ijodkor va olimlar Saodat Komilova, Xurram Rahimov, Xayrulla Hamidov, Ra’no Azimova, Boboxon Sharipov, Antonina Iplina va boshqalar tarjimachilikda maqsadga to‘la erishish, asosan asl nusxa bilan ishlash, muallif va noshir huquqini hurmat qilish borasidagi muammolar va ularning yechimlariga to‘xtalib o‘tdilar. Qirg‘izistonlik taniqli adabiyotshunos olim, akademik Abdullajon Aqmataliyev O‘zbekistonda ijodkor ziyolilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, mamlakat rahbarining qaroriga binoan buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ko‘lamli tayyorgarlik ishlari, yozuvchi asarlari o‘zbek tilida muttasil chop etilayotgani, teatrlar sahnalarida spektakllar namoyish etilayotgani, O‘zbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot markazi faoliyat yuritayotganidan mamnunligini izhor qildi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida anjumanda ishtirok etayotgan olimlar bilan hamkorlikda o‘zbek adabiyotining xorijiy do‘stlari kengashini tuzish, uning faoliyatini tizimli asosda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi esa barchaning dilidagi gap bo‘ldi.
“Inostrannaya literatura” jurnali bosh muharriri Aleksandr Livergantning fikricha, jahon adabiyoti dunyo xalqlari yozma madaniyatining eng sara namunalaridan tashkil topadi. Yon atroflarimizda, olis-olislarda turli tillarda yaratilayotgan pishiq-puxta asarlardan xabardor bo‘lish, umum adabiyot rivojiga hissa bo‘lib qo‘shiladigan ijod namunalarini tarjima qilish zarur. Shu ma’noda “Inostrannaya literatura” va “Jahon adabiyoti” jurnali o‘rtasida ijodiy hamkorlik memorandumini imzolaganimiz samara berishidan umidvorman”, dedi u.
Turkiyalik noshir Imdod Avshar keyingi yillarda mamlakat nashrlarida o‘zbek adabiyotiga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Tadqiqotchi Barno Oripova Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining nemis tiliga o‘girilishi misolida badiiy tarjima mas’uliyati haqida so‘z yuritdi. Tarjimon Xurram Rahimov Olmoniyadagi “Olmon-O‘zbek ilmiy jamiyati” arxivlarida uzoq yillar davomida o‘zbek tilidan nemis tiliga tarjima qilingan turli janrlardagi asarlar haqida ma’lumotlar mavjudligini ta’kidladi. O‘zbek-olmon tarjimashunosligida uzoq yillar davomida juda katta ilmiy-ijodiy tajriba to‘plangan. Bu ish bilan dastlab Herman Vamberi, Martin Hartmann, U. Braydenbax, Yoxann Avetaranian, keyinchalik A. Fon Gabayn, Nyota Tun, Yoxann Bentsing, Dorits Shults, Ingeborg Baldauf, Yakob Taube, Karl Rayxl, Barbara Xaynkele, Barno Oripova, O‘zbekistonda esa Yo‘ldosh Nurmurodov, Sharif Ro‘ziyev, Ra’no Fayzullayeva, Shavkat Karimov, Otaboy Jumaniyozov, Roviyajon Abdullayeva, Akmalxon Abdullajonov, Shuhratxon Imyaminova, Zohid Jumaniyozov, Musoxon Tojixo‘jayev, Zohidjon Tursunov va boshqalar davom ettirishgan. Bugun esa bu safga har ikki tomonda ham yangi-yangi nomlar qo‘shilmoqda. Bu — yaxshi albatta. Ammo gap safda emas, sifatda. Anjumanda aytib o‘tilganidek, Rasul Gamzatov, Qaysin Quliyev, David Qug‘ultinov kabi so‘z san’atkorlarining dunyo adabiy maydonga chiqishi, nom qozonishi, shubhasiz, tarjimonlarning mahorati bilan bog‘liq. O‘zbek adabiyotining eng peshqadam vakillariga esa bunday omad kulib boqmadi, buni hech kim inkor etmaydi. Shunday ekan, bugun badiiy tarjima to‘g‘risida jiddiy o‘ylab ko‘rmoq, tegishli tashkilotchilik ishlarini amalga oshirmoq zarur bo‘ladi.
Bugun O‘zbekiston ko‘p jihatdan dunyo e’tiborida turibdi. Keyingi ikki yil ichida hayotimizda yuz bergan shiddatli o‘zgarishlar, davlatimiz rahbarining yangi xalqparvar siyosati, “Rahbarlarning bosh va asosiy vazifasi xalqning turmush sharoitini yaxshilash” degan so‘zlari, el-yurt manfaatlari ko‘zlangan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlar, so‘z va amal uyg‘unligiga erishish borasidagi islohotlar jahon hamjamiyatida jiddiy qiziqish uyg‘otdi. Xalqaro anjuman ishtirokchilari bilan suhbatlarda dunyoning AQSh, Germaniya, Frantsiya, Kanada, Italiya, Yaponiya, Koreya, Hindiston kabi mamlakatlarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kun sayin ortib borayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Chunonchi, Hindistondagi yirik milliy universitetlardan birida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda doktor Shohid Taslem har yili o‘ttizdan ortiq talabaga saboq beradi. Ushbu oliy o‘quv yurti hamda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mutaxassislari (M.Abdurahmonova, A.Oripova, Sh.Nurmatova) tomonidan tayyorlangan o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha o‘quv darsliklari ko‘zni quvontiradi. Xorijiy mamlakatlarda tilimiz, adabiyotimiz va madaniyatimizni targ‘ib qilayotgan, bu muhim ishni amaliy natijalar bilan mustahkamlayotgan fidoyi insonlar oz emas.
Adabiyot – katta bog‘, unda uzoq yillardan beri muttasil hosil berayotgan salobatli daraxtlar bilan birga, endi-endi gullayotgan, qaddini rostlayotgan nihollar ham bo‘ladi. Yaxshi bog‘bon ularni mehr bilan parvarishlaydi, hamisha ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Chunki, hayotda bo‘lganidek, bog‘da ham tabiiy almashinuv hodisasi yuz beradi. Ushbu anjuman adabiyotimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlash, nufuzini ko‘tarishga hissa qo‘shayotgan fidoyi olimlar, tajribali va yosh tarjimonlarga e’tiborni kuchaytirish, zahmatli mehnatlarini qadrlash, xorijiy nashriyotlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish zarurligini ko‘rsatdi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son