2020 yilning yanvar oyida internetda g‘aroyib bir xabar tarqaldi: italiyalik fermer Dario Gambarin o‘zining haydov traktori bilan ekin dalasida “KORONAVIRUS” degan surat ishlagan. U bundan ikki yil oldin xuddi shu usulda Rossiya Prezidenti Vladimir Putining suratini chizgan ekan. Yangi asarga kimdir e’tibor berdi, kimdir ajablandi va yana kimdir “Bu ham bir tentaklikdir-da”, deya qo‘l siltab qo‘ya qoldi. Matbuot bo‘lsa tez orada boshqa mavzularga o‘tib ketdi. Traktor g‘ildiraklari bilan ishlangan noyob surat deyarli yoddan ko‘tarilay deb turganida insoniyat boshiga ayni shu suratda tasvirlangan og‘ir falokat keldi.
Bugun Nyu-York, London, Rim yoki Parijning mashhur muzeylarida saqlanayotgan bahosi necha yuz million dollarlik asarlar oradan bir necha yuz yil o‘tibgina mashhur bo‘lgan. Dario Gambarinning “qo‘lbola” asari oradan ikki oy o‘tib-o‘tmas, mashhurlikda “Mona Liza”, “Qora kvadrat”, “Veneraning tug‘ilishi”, “Pompeyaning so‘nggi kuni”dan ham o‘tib ketdi.
Oddiy traktorda ushbu asar chizilayotganida Xitoyda koronavirus kasalligi tarqalayotgani haqidagi dastlabki xabarlar axborot vositalarini deyarli egallab bo‘lgan edi. Savol tug‘iladi: rassomlikka havasi baland Gambarinning bu antiqa ijodi shunchaki ko‘ngil ishimidi yoki dunyoga balo-qazoday yopirilib kelayotgan, bu yorug‘ olamning mavjudligiga raxna solishga qodir ofatga bee’tibor bo‘lmaslikka da’vatmidi?
Bu to‘g‘rida bahslashishga hojat qolmadi. Bo‘lar ish bo‘lib bo‘ldi: koronavirus mislsiz shiddat bilan dunyoni egalladi. Hamma niqobda: yuzda niqob, qo‘lda niqob. “Uyda qoling” degan shior “Yashashni, tirik qolishni istaysizmi?” deganday eshitiladi. Bugungi texnik imkoniyatlar bilan idora ishlarini uyda bajarish, majlisu yig‘inlar o‘tkazish ham mumkin. Ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, ishxonalar berk. Hordiq nimaligini bilmaydigan yo‘llar tin olayotganlaridan o‘zlari ham ajabda. Yirik tadbirlar, sport bellashuvlari, futbol o‘yinlari, kontsertlar bekor qilingan. Har birimizning oramiz ikki metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Keksalar, bolalar va ayniqsa, immuniteti sustlashgan bemorlarni ehtiyot qilish zarur. Davlat va hukumat rahbarlari, koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash komissiyasi, tegishli tashkilotlar, shifokorlar yigirma to‘rt soatlik ish rejimiga o‘tgan. Qisqa vaqt ichida oliy o‘quv yurtlari talabalari va maktab o‘quvchilari uchun uyda qolib ta’lim olish yo‘lga qo‘yildi. Karantin nazorati uchun yirik shifoxonalar qurilishi boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu choralarni millatni asrab qolish darajasidagi kurashga qiyosladi. Xorijda turli sabablarga ko‘ra qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatga qaytarish borasida avvallari hech bo‘lmagan operatsiyalar amalga oshirildi. Viloyat, shahar va tuman rahbarlariga odamlarning sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun hech narsani ayamaslik to‘g‘risida topshiriq berildi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh “Evronyus” muxbiri Izabella Kumarning og‘riqli tagdor savollariga javob qaytarar ekan, bunday falokatli hol 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan ancha xavfli ekanligini tan oldi. Bosh kotibning fikricha, zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rilmasa, taqiq va cheklovlar joriy etilmasa, dunyoda iqtisodiy oqibatlarini hatto tasavvur qilish qiyin bo‘lgan yangi retsessiya yuz berishi mumkin. Kim aybdor, kim sustkashlik qildi, kim xatoga yo‘l qo‘ydi, deya bahslashib o‘tirishning vaqti emas, deb ta’kidladi u.
Bosh kotib ahvolni o‘nglash, qochoqlarga yordam ko‘rsatish, och-nahorlarni qo‘llab-quvvatlash, qonli mojarolarni to‘xtatish kabi maqsadlarga kamida 2–2,5 milliard dollar mablag‘ zarurligini aytdi. Bugun dunyoning yetakchi mamlakatlari harbiy maqsadlarga har yili 2 trillion dollar sarflamoqda. Bunday xavfli poygani jilovlash vaqti keldi. 2 trillion oldida ikki yarim milliard pul nima bo‘libdi? Bundan anglashiladiki, Birlashgan Millatlar tashkilotidek nufuzli hamjamiyat uchun ham murakkab sinov davri keldi.
Insoniyat tarixida turfa xil ofatlar ko‘p bo‘lgan. Surunkasiga yetti yil qurg‘oqchilik hukm surganida, noma’lum kasallik tarqab, odamlar tutdek to‘kila boshlaganida ham odamlar aql-idrok, fahm-farosat, birlik, yakdillik bilan o‘zini va bolalarini omon saqlab qolgan. Koronavirus bois ravshan bo‘ldiki, ko‘pchilik mamlakatlar iqtisodiy jihatdan kuchli bo‘lsalar-da, virusli hujumlarga tayyor emas ekan. Uning zarbalari oldida Amerika ham birmuncha o‘zini yo‘qotganday bo‘ldi. Bugun bu murakkab dunyoda o‘z holicha, bir-biridan uzilgan holda, o‘z oldiga bir-biriga mantiqan zid maqsadlarni qo‘yib yashashning iloji yo‘qligi yana bir bor o‘z isbotini topdi. Koronavirus turfa xil jamiyatlarda umumdunyoviy muammolar ham mavjudligiga ishora bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Siyosatshunos olimlarning e’tiroflariga ko‘ra, dunyoda hozir vaqti-vaqti bilan goh u qit’ada, goh bu qit’ada xuruj qilib turadigan 160 dan ortiq virus mavjud (Bu ro‘yxatga o‘quvchi va talabalar o‘ylab topgan kompyuter viruslari kirmaydi). Ebola virusi, Seul virusi, Onkoviruslar, Xantaviruslar, Andes virusi, Papilloma virusi, G‘arbiy Nil isitma virusi, Epshteyn-Bar virusi… Ularni shunchaki eslashning o‘zi vujudingizni titroqqa soladi. Birgina Vetnam urushida mahalliy aholi istiqomat qiladigan yerlarga 400 kilogrammdan ortiq dioksin sepilgan, 14 million tonnadan ortiq portlovchi moddalar ishlatilgan. Bu qurollar boshqa planetadan olib kelingan emas. Unda ular, harbiy maqsadlarda ishlatiladigan biologik gazlar qanday paydo bo‘lgan, kim tomonidan ixtiro qilingan?
Bu savollarga javob berish qiyin emas: bu ajal vositalari sun’iy yo‘l bilan inson deb atalmish aqlli jonzotning eng iste’dodlilari tomonidan uzoq yillik ilmiy izlanishlar natijasida ixtiro qilingan. Bugun koronavirus hamlasidan boshqalarga nisbatan ko‘proq va ayanchliroq zarar ko‘rayotgan dunyoning yetakchi mamlakatlarida ko‘pdan-ko‘p oshkora-pinhona laboratoriyalar mavjudki, ular asosan tegishli tashkilotlarning maxsus buyurtmasi asosida “mahsulot” yetishtiradilar.
Janubiy Amerikada bundan besh-o‘n yil avval ishtahasi hakalak otgan ba’zi olimlar hozirgiga nisbatan yiliga kamida uch-to‘rt marta ko‘p bol yig‘adigan asalarilarni sun’iy yo‘l bilan yetishtirishga kirishadilar va… bunga muvaffaq ham bo‘lishadi. Ammo quvonchlari uzoqqa cho‘zilmaydi. Sun’iy yetishtirilgan asalarilar gulchang yig‘ish o‘rniga g‘uj-g‘uj bo‘lib odamlarga hujum qiladi, nishlari zahridan ko‘plar vafot etadi. Ularni yo‘q qilishga juda katta mablag‘ sarflanadi.
O‘ylab ko‘raylik. Bugun dunyo mamlakatlarining harbiy-sanoat komplekslarida xizmat qilayotgan qurolsozlar, virusolog olimlar, bomba va snaryadlarning yangi modifikatsiyalarini ixtiro qilayotgan, moviy fazoni dahshatli lazer nurlari bilan to‘ldirayotgan mutaxassislar yer, suv va havoni pokiza saqlash, o‘rmonlarni asrash, odamlarning umrini uzaytirish, bolalar immunitetini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni ko‘tarish bilan shug‘ullanganlarida hayotimiz qanday bo‘lar edi?
Taassufki, inson bugun ilmiy tafakkur bilan birga sun’iylashish, o‘z mohiyatidan uzoqlashish, oyog‘i tiralib turgan zamin taqdiriga bepisandlik yo‘lidan ham bormoqda. Yer tinimsiz burg‘ulanmoqda. Burg‘ulash mashinalari Atlantika muz okeanigacha yetib bordi. Olimlar yirik sanoat majmualarida ish haqi talab qilmay ishlaydigan robotlar yaratish ustidagina emas, uyda kir yuvadigan, bolalarga enagalik qiladigan, taom tayyorlaydigan, musiqa chalib beradigan, muqom qilib raqsga tushadigan, kitob o‘qiydigan, qo‘shiq kuylaydigan, yig‘loqilarni ovutadigan sun’iy yordamchilarni tayyorlash ustida ham bosh qotirmoqdalar. Demakki, robotlarning yangi-yangi vazifalari paydo bo‘ladi, oralaridan zukko ishbilarmonlar, yozuvchi, rassom, har yerda hoziru nozir muxbir, kompyuterda har qanday musiqani bir zumda tayyor qiladigan bastakor yetishib chiqishi ham mumkin. Bu xususda matbuotda xabarlar paydo bo‘lganiga ancha bo‘ldi.
Faqat shu emas, olimlar sabzavot va mevalarning genetikasini o‘zgartirishmoqda. Yopiq ilmiy (harbiy) laboratoriyalarda sun’iy zurriyotlar yetishtirish ustidagi ishlar jadallashmoqda. “Sizu biz bugun sun’iy yetishtirilgan zombilar, kamikadzelar bilan birga yashamoqdamiz, birga nafas olmoqdamiz”, deyayotganlar haq bo‘lishlari mumkin. Buyurtma asosida ikszurriyotlarni (Kassandra tamg‘asini) yetishtirgan olim Filofey kosmik raketa illyuminatorini ochib, samo bo‘shlig‘iga sakrashi bilan o‘z hayotiga nuqta qo‘ydi. Biz qayoqqa sakraymiz? Bunday falokatlardan omon saqlaydigan joy bormi o‘zi bu yorug‘ olamda?
Bir nima deyish qiyin. Biroq, odam odam maqomida qoladimi-yo‘qmi, degan ma’naviy savol savolligicha turibdi. Nahotki o‘z uyimizda, ona beshigimizda ortiqcha bo‘lib qolsak? Ulug‘ adib Chingiz Aytmatov umrining so‘nggi yillarida, “Bugungi eng muhim vazifa – Insonni inson maqomida saqlab qolish”, degan gapni bejiz aytgan emas. Biz bugun kimmiz – hoyu havas, to‘qlikka sho‘xlik qilib, o‘zi tug‘ilgan beshikni buzayotgan, kindik qoni to‘kilgan tuproqni zaharga to‘yintirayotgan, havo va suvni bulg‘ayotgan, ota-bobosi ekkan chinorni qo‘porayotgan, o‘zi o‘tirgan shoxni arralayotgan (Erkin Vohidov) aqli noqisga aylanib qolayotganimiz yo‘qmi? Mantiqsiz xatti-harakatlarimizga ko‘zimiz ochiqligida o‘zimiz baho berishga ulguramizmi yoki bu ishni kelajak nasllarga qoldiramizmi? Kimni va nimani kutib turibmiz? Ko‘z o‘ngimizda kechayotgan g‘ayriinsoniy, g‘ayriaxloqiy voqea-hodisalarga, million yillik muzlar erib, suv sathi ko‘tarilayotganiga nega befarqmiz? G‘arb mamlakatlarida yaratilayotgan ko‘plab filmlarda sun’iy robotlar, “Eshak semirsa, egasini tepadi” deganlaridek, o‘z yaratuvchilariga qarshi bosh ko‘tarib, yer yuzida tiriklik chirog‘ini so‘ndirishga bel bog‘lagani va bunga erishish ostonasiga yaqinlashib borayotgani haqida hikoya qilinadi. Ushbu satrlar qog‘ozga ko‘chayotganida mashhur rejissyorlardan birining, “Bizdan keyingi tsivilizatsiya” nomli filmi kinoteatr ekranlariga chiqdi. Bu shunchaki xayolotmi yo ogohlik qo‘ng‘irog‘imi?
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugun yer yuzida mavjud yadro qurollari ona sayyorani kamida yuz marta butunlay yo‘q qilib, kukun sifatida fazoga sochib yuborishga yetib ortadi. Shu holatda ham bu ajal urug‘ini yanada ko‘paytirish, takomillashtirish rejalari mavjudligini qanday baholash mumkin? Vodorod bombasini ixtiro qilgan akademik Saxarov keyinchalik bu ishidan pushaymon bo‘ldi. Ammo u birgina tazarru bilan ko‘zadan chiqib ketgan jinni avvalgi joyiga qaytarish mumkin emasligini yaxshi bilardi.
Mahatma Gandi “Inson – tafakkur hosilasi, u nimani ixtiyor qilsa, shunga erishishi mumkin”, degan ekan. Yigirma birinchi asr tafakkurining o‘zak maqsadi nima? Ilm yana qanday ixtirolarga qodir? Besh, o‘n, yigirma yoki ellik yildan keyingi ixtirolar kimga va nimaga xizmat qiladi? Sun’iylashish yanada jadallashadimi yoki esimizni yig‘ib aslimizga qaytamizmi?
Uyda o‘tirgan kishining xayoliga nimalar kelmaydi, deysiz. Kimdir kitob mutolaa qiladi, ro‘zg‘or ishlariga qarashadi. Kimdir yonboshlab uzzukkun televizor ko‘radi. Xorijiy seriallar oilaviy munosabatlarning eng nozik jihatlarini oshkora namoyish etish bilan band: er xotinni aldaydi, xotin erni chalg‘itadi, ikkalasi ham pok emas, qaysi birining boshqa bir ayoldan bolasi bor, qaysi birining ikki-uch ma’shuqasi. Ota bolasini, qiz onasini, nabira bobosini tanimaydi. Erkinlik ustiga erkinlik. Ajrashadi, yarashadi, yana ajrashadi. Oila – o‘yinchoqdek gap, qo‘lning kiri. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan nayranglar, fisq-fasodlarni ayting. “Master-klass”ga marhamat. Bu ham o‘ziga xos pandemiya emasmi?!
Koronavirus tufayli yer yuzi aholisining teng yarmi – uch yarim milliard kishi bir muddat uyida jon saqladi. Ammo bu, boshini qumga tiqib turgan tuyaqush xavf-xatardan butunlay qutilmaganidek, pandemiya bilan bog‘liq dahshatli muammoning ham yechimi emas. Majburiy chora: boshqa yo‘l yo‘q. Ammo odam bolasi xonanishin bo‘lib, uyida muqim qolib ketmaydi: ko‘chaga chiqishi, dalasiga suv ochishi, bog‘iga qarashi, mehnat jamoasiga qaytishi, mahsulot ishlab chiqarishi, ochiq havoda bolalari bilan sayr qilishi, ularni bag‘riga bosishi zarur. Bugunning odami bundan boshqacha turmush tarzini qabul qila olmaydi. Shunday ekan, yechimni qayerdan izlagan ma’qul?
Olimlar oddiy asalari hayotini uzoq yillardan beri o‘rganib keladilar. Bu xususda qanchadan-qancha ilmiy risolalar yozilgan. Asalari oilasidagi tarbiya, yuksak intizom, adolatli mehnat taqsimoti, bir-birlariga axborot yetkazish, dushmanga qarshi birgalikda “jang” qilish, ishyoqmaslik, dangasalik, firibgarlik (inga bemaza gulchang olib kelish) uchun jazo choralari, pokiza hayot tarzi, inni toza saqlash, uy ichiga begonalarni kiritmaslik, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish kabi qat’iy tartib-qoidalar hammani hayratga soladi. Asalari qish mavsumida uch-to‘rt oy inidan tashqariga uchib chiqmaydi, ammo axlatini yashayotgan uyi ichiga tashlamay qorniga yig‘adi. Qish cho‘zilib ketsa, qorni shishib halok bo‘ladi.
Pandemiya holatlari (parranda grippi, cho‘chqa grippi) avvallari ham ko‘p bo‘lgan. Boshqa takrorlanmasligiga kafolat yo‘q. Demak, bu ofatlardan saqlanish uchun, hech bo‘lmasa asalarilardan ma’lum ibrat olmog‘imiz lozim emasmi?! Inson faoliyati bilan bog‘liq chiqindilar nainki yer yuzini, okean tublarini ham to‘ldirib yubordi. Noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zini qirg‘oqqa urib halok bo‘layotgan kitlarning oshqozoni plastmassa idishlar omboriga aylanib ketgan ekan.
Aziziddin Nasafiyning komil inson haqidagi kitobida g‘oyat muhim xulosa-ko‘rsatma bor: “Biz (bu) olamda musofirmiz. Olamning ahvoli ham musofirdir. Davlat (boylik) ham, zahmat ham, omad ham o‘tkinchi. Olamning ahvoli bir holatda (uzoq) qolmaydi. U hamisha aylanishdadir, har zamonda boshqa suratga kiradi. Bu holat o‘z mohiyatiga ko‘ra daryoning to‘lqinidir yoki shunga o‘xshash. Oqil kishi hech qachon to‘lqin ustiga imorat qurmaydi”.
Ulug‘ alloma, “Uy-joy qurma, chayla-paylada ham yashasa bo‘laveradi” demoqchi emas, “Bu o‘tkinchi dunyoga ortiqcha havas qo‘yma, boylik yig‘ishga, hoyu havasga berilma, manmanlik tulporiga minma, qo‘ling boshqalarnikidan uzunligini ko‘z-ko‘z qilma”, demoqchi. Insoniyatni balo-qazolarga giriftor qilayotgan, yeru osmonni titratayotgan, imonimizni susaytirayotgan shu illatlar emasmi?! Istiqlol tufayli odamlar mulkka egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdilar. Bu – yaxshi, albatta, ammo mulkka qul bo‘lib qolishdan Yaratganning o‘zi asrasin ekan.
Robiya Balxiy qissasida o‘qiymiz: “Zarb tegmasa sas qayerdan chiqadi? Axir, daf (nog‘ora) ham zarb yeganidan keyin un chiqaradi-ku”. Koronavirus pandemiyasi Dunyoga qaqshatgich zarba berdi. Insoniyat kutilmaganda o‘zining hayot-mamoti bilan chambarchas bog‘liq buyuk Imtihonga duch keldi. Turmush tarzi, kundalik odatlar, yozilgan va yozilmagan qoidalar o‘zgarib ketdi, qarindosh-urug‘chilik, qo‘ni-qo‘shnichilik, do‘st-qadrdonlik munosabatlari boshqacha tus oldi. Dunyo boylari bir hafta ichida yarim trillion dollar mablag‘ yo‘qotishdi. Necha million kishi ish joyini yo‘qotdi. Qancha ming kishi vafot etdi. Neft bozori sindi. Qanchadan-qancha qimmatli qog‘ozlarning sho‘ri quridi. Boyu kambag‘al, mulkdoru tadbirkor, qarzdoru haqdor xavotirda. Jahon hamjamiyatida Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik dunyoviy inqiroz yuzaga keldi. Braziliyadagi yirik “Marakana” stadioni, Nyu-York markazidagi mashhur park kasalxonaga, “Santyago Bernabeu” o‘yingohi tibbiy dori-darmonlar omborxonasiga aylandi. Tobut ishlab chiqaruvchi fabrikalar dam olish kunlarisiz ikki smenada ishladi, ishlab chiqarish hajmi 10 barobarga ortdi. Xorijlik hamkasblarimizdan biri Italiyada koronavirus tufayli vafot etganlarni dafn jiddiy muammoga aylangani haqida yozar ekan, bu holatni Leningrad qamalining qish-qirovli kunlariga qiyosladi.
Faqat shu emas, ofat bois ko‘plarning boshiga tashvish tushdi, imoni sust, ko‘zi och kishilar to‘yqus yuzaga kelgan vaziyatdan “unumli” foydalanib, bir nimalik bo‘lib qolish harakatiga tushdilar. Vahimali uydirmalar urchidi. Bozor va magazinlarda kartoshka mojarosi yuzaga keldi. Yo‘lovchi tashuvchi xususiy tadbirkorlar orasida, “Taka bo‘lsin – sut bersin” qabilida ish tutuvchi, mo‘may daromaddan boshqa hech narsani tan olmaydiganlar oz emas ekan. Yuzga tutiladigan niqob, qo‘lga suriladigan siqma moy bepul berilayotganida yoki qaysidir tadbirkor muhtojlarga bepul oziq-ovqat tarqata boshlaganida odamlar ayrim joylarda olomonga aylandi. Qozoni bir kunda bir marta qaynaydiganlar sabrda turishdi, tinimsiz qaynaydiganlar vahima ko‘tarib, duch kelgan tarafga zir yugurib, qaznoqlarini to‘latib olishdi.
Yaponiyada sodir bo‘lgan Fukusima fojiasi payti uy-joyidan, mol-mulkidan ajragan necha minglab odamlar, asosan, qari-qartanglar, dunyoga yaponlarga xos buyuk bir ibratni namoyon etdilar. Ular hukumat tomonidan bepul tarqatilayotgan oziq-ovqat paketlari ustiga okean to‘lqiniday yopirilishmadi, beshtadan-o‘ntadan olishmadi, bir-birlariga yo‘l, navbat berib, ertangi kunga umid bilan qarab faqat bittadan paket olishdi. Qanchadan-qancha uy-joylar qarovchisiz qolib ketganiga qaramay, birorta ham o‘g‘irlik, talonchilik sodir bo‘lmadi. Eng muhim, vahima ko‘tarilmadi.
Aytish zarurki, poytaxtdan viloyatlarga yo‘lovchi tashiydigan ayrim haydovchilarning diyonatsizligi bizda birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Uzoq yillardan beri muborak Hayitlarimiz, Yangi yil, Mustaqillik bayrami arafasida, taassufki, shunday bo‘ladi. AQSh, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya kabi mamlakatlarda musulmonlarning bayramlari kuni oziq-ovqat mahsulotlari Islom diniga hurmat ma’nosida bir muncha arzonlashadi. Bizda esa… Diniy mavzudagi ma’ruzalarda bunga alohida e’tibor berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Aql-idrok, yaxshi niyat, sabr-qanoat bo‘lsa, hayotning o‘zi hamma narsani joy-joyiga qo‘yadi, turmush yana o‘z o‘zaniga tushadi. Davlatimiz rahbarining qat’iyati, vaqtida ko‘rilgan, pishiq-puxta o‘ylangan chora-tadbirlar, fidoyi shifokorlarning jasoratli mehnatlari samara beradi, albatta. Bunga ishonchimiz komil. Hammamiz ijtimoiy faollikka, ijodiy faoliyatga, ta’lim-tarbiyaga, qadrdon jamoalarimizga qaytamiz. Yo‘llar ochiladi, to‘siqlar olinadi, niqoblardan xalos bo‘lgan chehralarda yana hayot zavqi, yaratish, bunyodkorlik shukuhi, ishonch, muhabbat, kulgu-tabassum jilolanadi, shaharu qishloqlar asalari uyasidek guvillay boshlaydi. Dunyo yana bola tabassumiga to‘ladi. Lekin…
Bu qanday qaytish bo‘ladi? Koronavirus xurujigacha qanday yashagan, kimlardir o‘ylab topgan soxta, mantiqsiz, boshdan-oyoq isrofli, islomiy odob-axloqqa zid qadriyatlar, kimoshdi “poyga”lariga amal qilgan bo‘lsak, yangi holatga ularni ham o‘zimiz bilan birga olib o‘tamizmi yoki vijdonu iymonimizni, aql-farosatimizni, fuqarolik burchimizni ozroq taftish qilib, bugun qanday dunyoda, qanday jamiyatda yashayotganimizni his etib, “ota-bobolardan qolgan urf-odat” niqobi ostida ong-shuurimizga, turmush tarzimizga chirmovuqday o‘ralib olgan, belimizni bukchaytirayotgan, qarzga botirayotgan ortiqcha “udum”larni, dafn marosimini ham “xo‘ja ko‘rsin”ga aylantirish, fotihaga kelganlarning lavozimlari bilan g‘ururlanish kabi yaramas illatlarni ortda qoldiramizmi? Falon joyda muncha tonnalik palov tayyorlandi, sumalak pishirildi, ko‘pkari sovriniga ot, ho‘kiz, mashina qo‘yildi, degan gerdayishlarni-chi? To‘ylarni bugungidek ixcham, kamxarj, qarindosh-urug‘, mahalla bilan dabdabasiz o‘tkazish, uylarni qo‘shnining tomidan baland qilib qurmaslik, ko‘cha haqidan qo‘shmaslik bizni insoniylik sari undaydi. Ortiqcha mol-mulk, zeb-ziynat, qo‘sha-qo‘sha imoratu mashinalar oddiy kartoshka oldida bir pul bo‘lib qolishiga sal qoldi-ya! Bu holatni italiyalik fermer Dario Gambarin traktori bilan chiza olarmikin?
Yo‘q, chiza olmaydi. Bu surat har birimizning qalbimizda imon nuri, vijdon bo‘yog‘i, insoniylik salohiyatiyu qalb ko‘zi bilan chizilmog‘i, kelajak nasllarga ma’naviy meros bo‘lib qolmog‘i kerak.
Gap pandemiya hodisasidan Inson zoti irqi, diniy e’tiqodi, millati, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, ko‘zini katta ochib, aql-hushini jamlab, burnidan ko‘ra uzoqroqni ko‘rib tegishli xulosalar chiqarishiga bog‘liq. Boshqa bir safar Pompeya fojiasi yoki Shohimardon seli paytidagidek, mulohaza yuritib o‘tirishga imkon bo‘lmasligi ehtimoldan xoli emas.
Bu xulosalar qanday bo‘lishi mumkin?
Eng muhim xulosa – ogohlik. Bu – ertayu kech chor-atrofga olazarak qarab turish, hamma narsani shubha ostiga olish degani emas. Shifokorlar ishtaha ochilganida taom tanovul qilishni to‘xtatish kerak, deyishadi. Pandemiya bu gapning to‘g‘riligini amalda isbotladi – ishtahamiz qurg‘ur rosa ochilgan edi-da.
Bu yorug‘ olam hayoti buyuk ilohiy muvozanat asosiga qurilgan. Unda jamiki narsa – kecha va kunduz, nur va soya, orzu-havas, yegulik-ichgulik, mol-mulk, tog‘u tosh, bog‘u sahro, qum va botqoq – hamma-hammasi o‘zaro mutanosib ravishda yaratilgan. Hech kim ovoz chiqarib, “Hoy, inson, bu beshikda faqat sen emas, sening bolalaring ham yashaydi, ularning rizqini qiyma, ortiqcha chiranib belingni mayib qilma, nafsingni jilovla”, demaydi. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy nafsni jilovlash yovvoyi o‘rmonga borib, quturgan sherni tutish va uyga olib kelib jilovlab qo‘yishdan ko‘ra ulug‘roq ekanligini uqdirib ketganlar.
Oliygohdagi saboqlarimda, “Baxt va omad hamisha ham yaxshilik keltirmaydi”, degan gapni tez-tez takrorlab turaman. Istiqlol xalqimizga buyuk baxt, mislsiz omad olib keldi. Pasportlarimizda dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish mumkinligi to‘g‘risida maxsus belgi paydo bo‘ldi. Insof bilan aytganda, biz bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmadik. Ibodat bilan savdo goho aralashib ketgan hollardan xabarimiz yo‘q emas.
Ikkinchi xulosa – ertami-kechmi, Inson yolg‘on balosidan qutulishi kerak. Jurnalistlarning rost, tekshirilgan axborotlarga ega bo‘lish huquqi mamlakatimizda qonun darajasida e’tirof etilgan. Iste’molchilarning haq-huquqlarini himoya qilish haqida ham qonun bor. Ammo odamlarga faqat rost axborotlarni tarqatish, yolg‘onni reklama qilmaslik to‘g‘risida dunyoning hech bir mamlakatida qonun ham, taqiq ham yo‘q. Pandemiya ofatlari payti ko‘p joyda yolg‘on-yashiq urchidi, odamlarni chalg‘itdi. Bundan boshqa misollar ham bor. Ma’lum manfaat evaziga, “Men bu dorini ichib, falon kasallikdan tuzaldim, oyoqlarim yura boshladi, jigarim joyiga tushdi, oshqozonimdagi yara bitdi, saraton alomatlari yo‘q bo‘ldi, orzuimiz ushalib, farzandli bo‘ldik”, qabilidagi yolg‘onlarni to‘qish hech gap bo‘lmay qoldi. Choqqina hovli yerto‘lasida yoki boshqa bir joyda “qo‘lbola” dori tayyorlaydigan tsexlar ochganlar oz emas. Bugun dunyo bo‘yicha iste’mol qilinayotgan jami dori-darmonlarning qancha foizi yaroqsizligi ma’lum. Bu sohada qat’iy intizom o‘rnatilmas ekan, firibgarlik davom etaveradi.
Yana bir xulosa – bugungi dardman, bezovta dunyoni kuchli besh-o‘nta davlat, siyosiy, iqtisodiy birlashmalar, harbiy bloklar emas, insonning chin Insonga xos aql-idroki, pokiza niyati, ertagi yorug‘ kunlarga ishonchi va muborak ibodati qutqaradi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son