Tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan ilk tadqiqotlar o‘tgan asrning 20-yillarida yuzaga kela boshlagan. Ularda hali tarjima nazariyasi fan sifatida e’tirof etilgan aniq fikrlar bildirilmagan edi. Tarjima nazariyasini fan sifatida ta’riflagan dastlabki ilmiy izlanishlar XX asrning 50-yillarida e’lon qilina boshladi. Jumladan, rus olimlari I.Kashkin va A.Reformatskiyning tarjima nazariyasi xususidagi maqolalaridan so‘ng bu sohada bahs-munozaralar jonlandi.
Professor A.Reformatskiy o‘z maqolasida “Tarjima amaliyoti barcha fanlar uchun xizmat qilsa-da, tarjima nazariyasi mustaqil fan bo‘lolmaydi. U tilshunoslikning bir bo‘limigina bo‘lishi mumkin”, degan fikr bilan chiqdi. Tez orada uning bu fikriga qarshi tilshunos A.Fedorov “Tarjima nazariyasi fan sifatida e’tirof qilinishi zarur. Faqat u strukturasiga ko‘ra tilshunoslik yo‘nalishiga vobasta bo‘lmog‘i kerak”, degan g‘oyani ilgari suradi. Bu munozarada T.Savori, E.Kari, J.Ketford, J.Munen, R.Yakobson singari xorijlik tilshunoslar qatori professor G‘aybulla Salomov ham faol ishtirok etib, bahs jarayonida tarjimashunoslik ilmiga kirib keldi.
Olimning rus tilidan o‘zbek tiliga badiiy tarjima qilishning ayrim nazariy muammolari yoritilgan ilk risolasida A.Chexov hikoyalari tarjimasida milliy o‘ziga xoslikning berilishi va frazeologizmlarning o‘girilishi tadqiq etilgan edi. Tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillari xususidagi qarashlarini takomillashtirish jarayonida u keyinchalik rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girilgan tarjimalarda maqol va idiomalarning talqini mavzusida izlandi. Kuzatishlari natijasi o‘laroq, ustoz o‘zining “Maqol va idiomalar tarjimasi” nomli risolasini nashr ettirdi. Unda maqol va matallarning mazmuni hamda shaklining o‘ziga xosligi, ularni so‘zma-so‘z o‘girib bo‘lmasligi sabablari, paremiologiya, frazeologiya va idiomalarning bir-biridan farqli jihatlari hamda ularning tarjimasi yo‘llarini ko‘rsatishga harakat qildi. Bu davrda professor G‘aybulla Salomov safdoshlari J.Sharipov, A.Muxtor, N.Vladimirova, M.Rasuliy bilan yonma-yon turib, o‘zbek tarjimashunoslik fanining shakllanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
O‘sha paytda mutaxassislar o‘rtasida tarjima nazariyasini ikki tomonlama: tilshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi nuqtai nazaridan yondashib talqin qilish muammosi yuzaga kelgandi. Chunonchi, P.Toper, I.Kashkin, L.Sobolev, G.Gachechiladze, Ye.Etkind kabi olimlar tarjima – bu adabiy jarayon va badiiy ijod, tarjima nazariyasi esa adabiyotshunoslikka asoslangan fandir, deyishgan bo‘lsa, A.Kunin, L.Barxudarov, V.Komissarov, Ya.Retsker, A.Shveytser singari tilshunoslar tarjima – bu matn bilan bog‘liq lingvistik jarayon, tarjima nazariyasi ham lisoniy tahlilga asoslangan fandir, degan fikrni ilgari surishgan. G‘aybulla Salomov bu xil qarashlarga o‘z munosabatini aniq bildirib: “Ayrim olimlarimiz tarjima nazariyasi bilan shug‘ullanishning hojati yo‘q, negaki tarjima — sof amaliy ish deb hisoblaydilar. Holbuki, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish ko‘pgina nazariy masalalarni chuqur o‘rganishni talab qiladigan g‘oyat murakkab bir ishdir,” deb yozgandi.
Bevosita G‘aybulla Salomovning tashabbusi bilan chop etila boshlangan “Tarjima san’ati” ilmiy maqolalar to‘plamlarida O.Sharafiddinov, J.Sharipov, Yu.Po‘latov, N.Vladimirova, H.Doniyorov, I.Borolina va boshqalarning tarjima nazariyasi va amaliyotiga bag‘ishlangan maqolalari bosildi. Masalan, 1961 yili nashr etilgan to‘plamdagi ustoz adabiyotshunos va tarjimon Ozod Sharafiddinovning “Badiiy tarjimaning ba’zi printsiplari” sarlavhali maqolasida o‘sha davrda rus tilidan o‘zbek tiliga qilingan tarjimalar tahlil qilinib, qattiq tanqid ostiga olingan edi. Maqolada muallif, jumladan, shunday talablarni qo‘ygan: “Tarjima — originalni g‘oyaviy va badiiy aks ettirish formasidir. U o‘quvchiga originalni mumkin qadar to‘la va chuqur bilish imkoniyatini bera oladigan bo‘lishi kerak. O‘quvchi tarjimani o‘qib, original haqida tarixiy jihatdan to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘la olsin. Buning uchun tarjimada asarning umumiy mazmuni va umuman badiiylikni to‘g‘ri berib qo‘yishgina kifoya qilmaydi. Tarjimon tarjima qilinayotgan asarning o‘ziga xosligini, avtorning individual uslubini ham bera olishi kerak”. G‘aybulla Salomov olimning bu fikrlarni davom ettirib, tarjimaning lingvistik masalalari haqida so‘z yuritarkan, “Tarjimon xalqning tili, tarixi, etnografiyasi, madaniyatidan yaxshi xabardor bo‘lishdan tashqari, so‘z tanlashda o‘ziga xos didga ham ega bo‘lishi zarur”, deydi.
Olim badiiy tarjimaning leksik-frazeologik masalalariga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, uni yanada to‘ldirib, “Til va tarjima” nomli salmoqdor monografiyasini nashr ettirdi. Monografiyada rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishning bir qator muammolari qamrab olingan. Unda tarjimaning asosiy “qurilish materiali” bo‘lgan so‘z, uning fonetik jihati, semantik va uslub xususiyatlari hamda tarjima jarayonida sinonimlardan foydalanish kabi ilmiy mavzularning mufassal tahlilini kuzatamiz. Shuningdek, monografiyada tarjima amaliyotida muallif uslubini aks ettirish, milliy koloritni saqlash masalalari xususida ham qimmatli fikr-mulohazalar ilgari surilgan.
Professor G‘aybulla Salomov o‘z faoliyatini, asosan, oliy o‘quv yurtlarida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fanini o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga qaratdi. Dastlab u oliy o‘quv yurtlari uchun “Tarjima tarixi”, “Tarjima nazariyasiga kirish”, “Umumiy tarjima nazariyasi” kurslari bo‘yicha dasturlar tuzdi. Shuningdek, “Tarjima nazariyasi va adabiy tahrir masalalari” va “Tarjima asoslari” o‘quv qo‘llanmalarini nashr ettirdi. 1978 yili o‘zining uzoq yillik pedagogik faoliyati samarasi bo‘lmish “Tarjima nazariyasiga kirish” darsligini yaratdi. Ushbu darslik o‘tgan yillar mobaynida oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlarida “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fanini o‘qitishda asosiy manba bo‘lib keldi. Yana bir jihati, bu yillarda ustoz ToshDU(hozirgi O‘zMU)da tashkil etgan “Tarjima nazariyasi” kafedrasini respublikada o‘quv-uslubiy va ilmiy markazga aylantirishga harakat qildi. Kafedra qoshida o‘nlab yosh tadqiqotchilar tarjima nazariyasi yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib borishdi. Bu yillarda N.Komilov, K.Jo‘rayev, N.Otajonov, M.Saipova, M.Baqoyeva, O.Kuzin kabi yosh tadqiqotchilar professor G‘aybulla Salomov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. Shu bilan birga, olim ilmiy izlanishlarini izchil davom ettirib, rus tilida tarjima nazariyasi va adabiy tahrir muammolariga bag‘ishlangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmasini nashr ettirdi. Unda tarjimashunoslik tarixi, tarjimaning adabiy janrga munosabati, tarjimada milliy ruhni bera bilish, tarjima birliklari, badiiy asardagi obrazlar tilini o‘girish bilan bog‘liq va she’riy tarjima muammolari, dramatik asarlar tarjimasi kabi ko‘plab masalalar izohlangan. Ayniqsa, tarjima qilingan asarlarga baho berish, ya’ni tarjima tanqidi, tarjimani asliyat bilan qiyoslab tahlil qilish muallif nazarida chetda qolmagan.
Jahon tarjimashunosligi ilmida 80-yillarga kelib tarjima nazariyasining tilshunoslik yo‘nalishi yanada takomillashdi. Adabiyotshunoslik yo‘nalishiga mansub I.Kashkin va G.Gachechiladzening “realistik tarjima nazariyasi” o‘rnini D.Dyurishinning “tarjima xalqaro adabiy jarayon taraqqiyotida muhim o‘rin egallovchi adabiyotlararo kommunikativ vositadir” degan kontseptsiyasi egalladi. Professor G‘aybulla Salomov va shogirdlari D.Dyurishin kontseptsiyasiga monand ilmiy tadqiqotlar olib borishga kirishdilar. Natijada olimning “Adabiy an’ana va badiiy tarjima” nomli tadqiqoti yuzaga keldi. Unda muallif Sharq va G‘arb adabiyotlaridan o‘girilgan tarjimalar o‘zaro adabiy aloqa va ta’sir masalasi doirasida tadqiq etilgan. Shuningdek, tarjimada uslub va uslubiy moslashuv o‘zbek tarjimonlarining ijodiy metodi takomilida orttirilgan boy tajribalar zamirida yoritib berilgan. O‘zining navbatdagi kitobi – “Tarjima tashvishlari” nomli monografiyasida esa ustoz tarjima jarayonining tarjima texnikasi va tarjima san’ati bilan bog‘liq jihatlarini tahlil qilib, tarjimaga ehtiyoj tug‘diruvchi asosiy omillar, pirovard natijada erishilgan hosila, ya’ni muayyan tarjima tufayli vatan adabiyotida paydo bo‘lgan sifat o‘zgarishlari xususida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.
Professor G‘aybulla Salomov rahbarligida tarjima nazariyasi kafedrasida amalga oshirilgan tadqiqotlar nafaqat respublikamizda, balki sobiq ittifoq va xorijiy mamlakatlarning yirik tarjimashunos olimlari diqqatini o‘ziga tortdi. Masalan, rossiyalik professorlar P.Toper, Yu.Levin, slovakiyalik adabiyotshunos olim D.Dyurishin ana shu kafedrada ma’ruzalar o‘qib, yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga taqrizlar berdilar. Natijada, B.Il’yasov, Yu.Nurmurodov, G‘.Xo‘jayev, S.Xaitov, Q.Tojiyev, T.Jo‘rayev, A.Umarov, S.Olimov, Z.Isomiddinov, S.Azimov singari yoshlar nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishdi.
Tarjimashunoslik ilmida boy tajriba va bilim egasi bo‘lgan G‘aybulla Salomov 1982 yili “Adabiy an’analar va badiiy tarjima muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. O‘z tadqiqotida u “An’ana va hozirgi adabiy jarayon”, “O‘zbek adabiyotida Shekspir an’analari”, “Tarjima – ta’sir – tarjima”, “Badiiy tarjimada uslub”, “Milliy-uslubiy o‘ziga xoslik va badiiy tarjimada uslublashtirish printsiplari”, “She’riy tarjimada ritmik transformatsiya”, “Ijodiy bilingvizm an’analari” kabi bir qator dolzarb muammolarning yechimini topishga erishdi. Ishda olim tarjima nazariyasi sohasida uzoq yillar olib borgan kuzatishlarini yakunlab, tarjima nazariyasi mustaqil, ham tilshunoslik, ham adabiyotshunoslikka mansub umumfilologik fandir, degan yakuniy xulosaga keladi.
Ustoz sermahsul ijod sohibi edi. Uning tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjima nazariyasi va amaliyoti hamda ma’naviyat va ma’rifatga doir bir necha kitoblari nashr etilgan. Olim Usmon bilan hammualliflikda chop ettirgan “Tilim – qulfi dilim” (2003) nomli risolasida uning yaxshigina shoir ekanligiga ham guvoh bo‘lamiz. Quyidagi misralari bu fikrimizga dalil bo‘la oladi:
Hofiz kuylamasa ona tilimda, Jirov jirlamasa ona tilimda, Olim o‘ylamasa ona tilimda, Tolib tinglamasa ona tilimda… Yashamoqning bormi ma’nosi?…Atoqli olim umri poyonida talabalarga “Tarjima nazariyasi va amaliyotidan ma’ruzalar matni”ni sovg‘a qildi. Unda tarjimashunoslik asoslariga doir masalalar yoritilgan va test savollari ilova qilingan. Bu kitobida professor G‘aybulla Salomov: “Muazzam istiqlol davrining tarjimalari shu ulug‘vor davrning maqsadi, talabi va vazifalariga mos va munosib bo‘lishi lozim”, deb yozgan.
O‘zbekistonda tarjima nazariyasi va amaliyoti haqida so‘z ochilganda, albatta, atoqli olim G‘aybulla Salomov asos solgan ilmiy maktabning xizmati alohida e’tirof qilinadi. Bugungi kunda ustozning shogirdlari uning ishini davom ettirib, tarjima nazariyasi va amaliyotining yangi qirralarini kashf etish yo‘lida faol izlanishlar olib bormoqdalar.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 50-son